Преподавание зыка и литературы anguage and literature



Yüklə 0,74 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə50/71
tarix30.12.2023
ölçüsü0,74 Mb.
#166038
1   ...   46   47   48   49   50   51   52   53   ...   71
uzb-2019 4-son

Bahodir KARIMOV,
filologiya fanlari doktori
professor
 “O‘TKAN KUNLAR” KO‘RKI
ichikkan, o‘ksigan, tirnalgan, ezilgan yuragi shu sahi-
falarga ko‘chgan. Badiiy ijoddagi bir qonuniyat shuki, 
mujmal tasavvurlar noaniq ifodalanadi; yig‘lab yozilgan 
sahifalar yig‘lab o‘qiladi. Chinakam adibning estetik 
dunyosi, ijodkor qalbi ana shunday sahifalarga muhr-
lanadi. Xo‘sh, Abdulla Qodiriy Kumushni dastlab o‘quv-
chiga qanday so‘zlar bilan tanishtirgan? Jozibali! Juda 
beg‘ubor va begidir! Eslang, roman boshida Kumush 
ruhiyatida ham g‘alati bir o‘ychanlik va parishonlik sodir 
bo‘ladi. U ham Otabekka o‘xshab allatavur-xayolchan. 
Holat juda go‘zal, quyuq obrazli til bilan san’atkorona 
chiziladi: “...uyning to‘riga soling‘on atlas ko‘rpa, par 
yostiq quchog‘ida sovuqdan erinibmi va yo boshqa bir 
sabab bilanmi uyg‘oq yotqan bir qizni ko‘ramiz. U ning 
qora zulfi par yostiqning turlik tomonig‘a tartibsiz su
-
ratda to‘zg‘ib, quyuq jinggila kiprak ostidag‘i timqo-
ra ko‘zlari bir nuqtag‘a tikilganda, nimadir bir narsani 
ko‘rgan kabi... qop-qaro kamon, o‘tib ketgan nafis, qiyig‘ 
qoshlari chimirilganda, nimadir bir narsadan cho‘chigan 
kabi... to‘lg‘an oydek g‘uborsiz oq yuzi bir oz qizilliqg‘a 
aylanganda, kimdandir uyalg‘an kabi...”. Kumush hola-
tini tasvirlashda so‘zlar misoli marjondek teriladi. Yoki 
aynan ana shu obrazning boshqa bir epizoddagi ruhi-
yati tasvirida ham adib bor badiiy mahoratini ishga sola-
di: “...Ariqning musaffo tiniq suvi yovoshg‘ina oqib kelar, 
Kumushbibining qarshisig‘a yetkanda go‘yoki, uning 
ta’zimi uchun sekingina bir charx urib qo‘yar, o‘z usti-
da o‘ltirgan sohiraning sihriga musaxxar bo‘lg‘an kabi 
tag‘i bir kattaroq doirada aylangach, ohistag‘ina ko‘prik 
ostig‘a oqib ketar edi. Ariq suvining nihoyatsiz haraka-
tini uzoq ko‘zdan kechirib o‘turg‘ach qo‘l uzatib suvdan 
oldi va yuzini yuvdi. Uning yuzini o‘pib tushkan suv tom-
chilari bilan ariq harakatka kelib chayqaldi, go‘yoki suv 
ichida bir fitna yuz bergan edi... Nozik oyoqlar toldilar 
shekillik, sadaf kabi oq tishlarini bir-ikki qaytalab chaydi, 
ariq bo‘yini va uning suvlarini tashlab ketdi”. Bunda kel-
gan “sohiraning sihriga musaxxar bo‘lg‘on” birikmasida-
gi “sihrun” o‘zagidan yasalgan ikki so‘zning “bo‘ysundi-
rilgan” ma’nosidagi “musaxxar”ga ohangdoshligi ham, 
“yuzini o‘pib tushgan suv tomchilari” ifodasi ham, “oyoq-
lar toldilar shekillik”dagi ikkita “-lar” qo‘shimchasining 
hurmat va ko‘plik anglamidan o‘zgacharoq nafosati-yu 
“nozik” sifatlashi hamda “sadaf kabi oq tishlar” o‘xshati-
shi ham – barcha-barchasi go‘zallik ifodasiga xizmat 
qiladi. Abdulla Qodiriy sohir qalami ostidan chiqqan 
ko‘plab pokiza qahramonlarning ich-u tashi birdek jozi-
Tahlil


veb-sayt: www.tilvaadabiyot.uz
29
Tahlil
bali, ko‘rkam, suyukli, ta’sirli. Chunki adib so‘z so‘zlash-
da uzoq andishaga boradi; quruq bayon o‘rniga aynan 
voqeaning o‘zini, insonning yurak urishini tasvirlaydi. 
Adibning turli maqolalarida aks etgan adabiy-estetik 
qarashlarida ham o‘sha konsepsiya o‘zining teran ifo-
dasini topgan. “Yozg‘uvchilarimizga” maqolasida: “So‘z 
qolip, fikr uning ichiga qo‘yilgan g‘isht bo‘lsin”, degan 
maslahatni beradi. So‘ng aynan so‘z so‘ylash to‘g‘risida 
zarur gaplar yozadi: “So‘z so‘ylashda va ulardan jum-
la tuzishda uzoq andisha kerak. Yozuvchining o‘zigina 
tushunib, boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Asli 
yozuvchilik aytmoqchi bo‘lgan fikrni hammaga barobar 
anglata bilishda, oraga anglashilmovchilik solmaslikda-
dir. Bundan tashqari, fikrning ifodasi xizmatiga yarama
-
gan so‘z va jumlalarga yozuvda aslo o‘rin bermasligi 
lozim”. Badiiy ijodda so‘z qo‘llashga tegishli bu fikriy 
maslahatlar adabiyotshunoslik ilmida aslo eskirmay-
digan haqiqatlardir.
Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” romanini o‘zbek 
ada biy tili zamonaviy ko‘rinishda qayta shakllanayot-
gan bir davrda yozdi. Adabiy tilning rutbasi, maqomi 
yuksalishida adibning xizmati katta bo‘ldi. Til millatni 
birlashtiruvchilik qudratiga ega qadriyat. Qodiriyshunos 
olimlar fikriga e’tibor berilsa, Abdulla Qodiriy toshkent-
lik bo‘la turib o‘z romanlarida mahalliy sheva unsur-
larini umuman qo‘llamaydi. Hatto qahramonlarining 
nutqini individuallashtirishda ham boshqa badiiy vosi-
talardan foydalanadi. Demak, adib shu zaylda mahorat 
bilan o‘zbek adabiy tilining boyligi, o‘zbek tilining keng 
imkoniyatlaridan saboq beradi. Masalan: “Ul turg‘on 
joyida qoziqdek qoqilib qolg‘on edi”, “Kechaning qa-
rong‘ilig‘i ustiga mevalarning quyuq yaproqlari qo‘shilib, 
bu maydon, ayniqsa, Otabekning hozirgi ko‘ngliga ya-
qinlashib kelar edi” kabi ifodalarda “q” tovushining tak-
roridan, “Kishi Otabekni o‘tquzg‘ach, tokchadan sopol 
lagan bilan qovuqni olib chaqmoq surtdi. Sham yoqildi. 
Bu kishi qirq yoshlar chamaliq, qonsiz yuzlik, siyrak-
kina soqollik, qo‘y ko‘z, ko‘b vaqt madrasa riyozatini 
chekkannamo, qotma, uzun bo‘ylik bir odam edi” kabi 
jumlalardagi keng unli hamda “l”, “q” va “k” kabi un-
doshlar takroridan yuzaga kelgan tabiiy ohang, “Tana 
buzoqning turqi tuqg‘anig‘a tamg‘a” yoki “...oldi dagi 
ovni ko‘rmay, uzoqdagi yovni ko‘radi”, “Xonning qo‘yini 
boqish uchun, qovoqlarni belga taqish uchun...”, “Endi 
ko‘rsam miltiqning o‘qidek, pushti gulning to‘qidek ke-
linim bor ekan” kabi yuzlab xalqona iboralardagi saj, 
ritm va latiflik adib asarlari tiliga, qahramonlari nutqiga 
joziba baxsh etadi. Bir o‘rinda Oftob oyimning egachi-
sini: “Yoshi ellikdan oshqan, kulgusi ichiga to‘lub tosh
-
qan bir xotun...” tarzida saj bilan tavsiflaydi. Abdulla 
Qodiriy bejiz: “O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek 
tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular 
o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”, degan 
fikrni aytgan emas. Aynan o‘zbek tilining qanchalar 
boy tasviriy imkoniyatlarga egaligini asarlari bilan isbot-
ladi. Qolaversa, ma’rifatli bir ziyoli sifatida o‘zbekning 
so‘zi uchun, adabiy tilning kelajagi uchun qayg‘urdi. Bu 
haqiqat aslo unutilmasligi lozim. 
“O‘tkan kunlar” – tarixiy roman; u qayg‘ular va 
tuyg‘ular romani. Bu gap tasvirga ham, tasvirlovchiga 
ham, o‘quvchining tuyishiga ham bab-baravar tegishli. 
Asarda ruhiy-psixologik talqinga obyekt bo‘ladigan yuz-
lab epizodlar bor. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” 
romanidagi ayrim nom va so‘zlar statistik metod asosi-
da tadqiq qilinganida, “Otabek” eng ko‘p uchraydigan, 
salkam ming marta takrorlanadigan ism ekani ma’lum 
bo‘ladi. Hammaning tasavvuriga sevgi dostoni, sevish
-
ganlarning ishq tarixi sifatida muhrlangan romanning 
birorta sahifasida “sevgi” so‘zi deyarli qo‘llanilmaydi; 
ayni so‘zning davr tiliga mos “suyukli”, “suyub” tarzida 
qo‘llanishi ham ko‘pchilikni tashkil etmaydi. “Muhabbat” 
so‘zining jami takrori bir nechta o‘nlikdan oshmaydi; 
“ishq” va “oshiq” so‘zlaridan har birining takrori esa, 
aqalli o‘ntaga ham yetmaydigan ko‘rinadi. Bunday sa-
noqli yondashuvlar so‘z qadrini, so‘zlarni quruq takror-
lagandan ko‘ra uni butun his va tuyg‘ular ko‘lami bilan 
tasvirlash, so‘zni jonlantirish, so‘zga hayot baxsh etish 
muhim ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, roman “hoshiya”- 
sidagi bitiklardan tortib, “Yozg‘uvchidan” berilgan pro
-
log va epiloglar, hatto fasllarning nomlanishigacha – 
barcha-barchasi intertekstual analiz uchun ham manba 
bo‘ladi.
Roman salkam yuz yil yuzini ko‘rdi. Bir asrlik davr 
oralig‘ida o‘zbek adabiyotida bir necha yuz roman-
lar yozildi. “O‘tkan kunlar”dan keyingi ikkinchi o‘ringa 
qo‘yilgan romanlar soni ko‘payib ketdi; taassufki, ik-
kinchi o‘rin imtiyozi va son-sanog‘i ma’lum emas. Bi-
roq voqelikni g‘oyaviy-badiiy tomondan mukammal 
tasvirla gani, barcha turdagi adabiy-nazariy talqinlarga 
bardoshi, shuningdek, kitobxonlar e’tibori va e’tirofiga 
munosibligi jihatidan birinchi o‘zbek romani – “O‘tkan 
kunlar” hamon yuksak maqomida mustahkam turibdi.
Xullas, Abdulla Qodiriy ijodiy merosidan, xusu-
san, “O‘tkan kunlar”dek jozibali romandan bahramand 
bo‘lish bu – doimo davom etadigan, avlodlar nazdida 
yangilanib turadigan sog‘inchli, ayni damda, o‘tmishga 
aylanmaydigan adabiy va abadiy qadriyatlar sirasiga 
kiradi.

Yüklə 0,74 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   46   47   48   49   50   51   52   53   ...   71




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə