10
Iblisning makriga ishongan Odam va Havo qiziquvchanlik qilib man qilingan
mevadan uzib yeb ko’rishibdi. Meva og’zilariga tegishi bilan ularga aql-farosat bitib,
o’z yalang’ochliklarini anglab uyalib, daraxt barglari bilan uyatli joylarini to’sib
qolishibdi.
Odam va Havoga man qilingan meva – aql mevasi ekan...
Har birimizda ikki dunyo mujassam – qalb va aql. Ko’pincha ikkisi ziddiyatda.
To’g’rirog’i – aql qalbga qarshi chiqib qoladi. Qalb – o’z-o’zicha mukammal dunyo. U
ziddiyatga borishni, g’azablanishni, xafa bo’lishni, yomon ko’rishni bilmaydi. U faqat
sevishni va ezgulikka intilishni biladi.
Biroq aql nuqsonlardan holi emas. U g’arazgo’y, arazgo’y, manfaatparast va
kaltabin. Ha-ha – aql oxirini ko’ra bilmay ish qilishga usta. U mudom rejalar tuzadi,
hisob-kitob qiladi, ishonadi, umid qiladi, istaydi, izlaydi – ammo uning aytganlari har
doim ham to’g’ri chiqavermaydi. Chunki u – qalbchalik mukammal emas.
Barchamiz mukammal qalb bilan dunyoga kelamiz. Chaqaloqning aqli – oppoq
qog’ozdek, unga hali hech narsa yozilmagan. Ammo bu uzoqqa bormaydi – yashash
muhiti va ota-ona darhol qo’llariga qalam olib, o’z tushunchalaridan kelib chiqqan
holda, bu oq qog’ozni yozuv bilan to’ldira boshlaydilar. Bu jarayon butun umr davom
etadi – oila, maktab, jamiyat o’z haqiqatlarini kishi onggiga dastur tarzida kiritib
boraveradi.
Siz-u biz shunchalar ishongan aql ana shunday shakllanadi.
Dunyoda bajarilishi shart bo’lgan bir qonun borki, uning oldida barchamiz
ojizmiz. Bu, albatta, muvozanat qonuni. Odamzod ham o’ziga xos qarama-qarshiliklar
to’plami – bir yoqda ezgulik mayog’i bo’lmish qalb tursa, boshqa tomonda manfaat
ta’qibchisi – aql turadi.
Hech o’ylab ko’rganmisiz – nima uchun aqlsiz jonzotlar Oxirzamonda ajrsiz
Jannatga kiritiladi? Nima uchun telba odamni ko’pincha begunoh banda deyishadi?
Chunki ularda aql yo’q. Biz odamlar aqlimizga ishonib, shu darajaga yetganmizki,
o’zimizni
Tangrining
boshqa
mavjudot-u
mahluqotlaridan
yuqori
hisoblaymiz.
To’g’rida, axir, odamni hayvon bilan tenglashtirish – gunohi azim. Shundaymikan?..
Aqlsiz hayvon faqat qorni ochsa yoki o’zi va nasli hayotiga xavf tug’ilsagina
boshqa jonzotni o’ldiradi. Ongli inson esa – shunchaki, maroq uchun ham o’ldiraveradi
(ovga chiqmaganmisiz?). Aqlsiz hayvon faqat mavsumi kelib, nasl qoldirish zarurati
bo’lgandagina jufti bilan qovushadi. Ongli odam bo’lsa istagan paytda istagancha
shahvoniy lazzatga beriladi.
Hayvonlarning, va umuman – har qanday tirik jonzotning ham ruhi – qalbi bor.
Ular ham Tangrining buyuk qudrati mevasi. Dunyoda bir mavjudot qolganlaridan
yuqori qilib yaratilmagan. Muqaddas bitiklarda bu borliqdagi ne’matlar inson hayotini
farovon etish uchun yaratilgani aytiladi. Bunday ta’kidni o’zini “koinot markazi” deb
bilgan odamzod juda xato tushungan. Bunda Yaratganning marhamatini ko’ra bilish va
unga shukr keltirishga ishora etilgan aslida. Buni qarangki, o’sha biz o’zimizdan quyi
deb bilgan mavjudotlar bizsiz yashay oladi (yovvoyi tabiatni nazarda tutsak) – biz esa
ularsiz yashay olmaymiz. Ular bizga emas – biz ularga qay darajadadir tobemiz.
11
Ko’pchiligimiz aql va qalb tushunchalarini farqlashga qiynalamiz. Misol uchun
“aqldan ozgan” iborasini qanday tushunasiz? Sizningcha, aqldan ozgan odam pichoq
olib, o’ng-u so’lda hammani so’yib yurishi mumkinmi?
Aslida bunday odamning aqli ishdan chiqmagan – balki uning qalbi tamoman
ko’mib tashlangan. Odamda uni xatti-harakatga undovchi ikki kuch bor – biri qalb,
boshqasi aql. Ko’p hollarda kishi ko’ngli istagan narsasini aqli xohlamaydi (ko’ngil
muzqaymoq yegisi keladi – ammo aql tomoq og’rib qolishi xavfini sabab qilib buni rad
etadi). Yoki ko’ngil istamagan narsani aql xohlaydi (ko’ngil shu odam bilan baxtli
bo’lolmasligini, uni sevolmasligini his etib, u bilan turmush qurishni istamaydi – ammo
aql bu odamning badavlatligini ko’rib bunga rozi bo’ladi). Bunday mayda va ba’zida,
katta ikkilanishlar hammamizda bo’ladi.
Afsuski, qalb va aql bahsida ko’pincha aql ustun keladi. Ba’zi odamlar
ko’ngillariga qarshi kurashda shu darajaga borib yetadiki, ularning qalbi qattiq arazlab
“o’z g’ilofiga o’ralib” oladi. Bunda aql “yakka hukmron”ga aylanadi va bosar-tusarini
bilmay qoladi. Ruhan hastalar ana shunday yetishib chiqadi.
Bunda taxminan shunday holat ro’y beradi. Aql va qalb degan ikki bolakay bor.
Ular dunyo degan katta uyda yashashadi va har kuni hayot degan o’yin o’ynashadi.
Ammo har kuni bu o’yinning qoidalarini aql belgilaydi. Bo’lmasamchi – axir, u hamma
narsani biladi. Ko’ngil esa o’z istaklarini aql buyruqlariga qarshi aytolmaydi – axir, u
juda ko’ngilchan. Bordi-yu aytsa ham, aql uni darhol koyib beradi. Oxir oqibat aqlning
fe’lidan zerikkan qalb o’ynagisi kelmay qoladi va bir burchakka qisilib, jim o’tiraveradi.
Bekorga psixiatrlar o’z bemorlarini ko’ngliga yo’l topishga harakat qilmaydilar.
Ular o’yin davomida qattiq arazlab yoki qo’rqib ketganidan katta uyning bir burchagiga
berkinib olgan bolakayni topishlari kerak. Agar ular shu bolakayni topib, uni yupatib,
unga shirinlik berib, uni avrab gapirtirib, yana o’yinga qaytara olishsa – bemor tuzaladi.
Yuqorida aytilgan fikrlardan kimdir aql insonni faqat yomon qilmishlarga undar
ekan deb xulosa qilishi mumkin. Men aql buyurgan har qanday ish xato
demoqchimasman. Faqat shuni esdan chiqarmaslik kerakki, aql nimani istamasin,
buning ortida ilojsiz qandaydir manfaat yotadi. Bu qanday manfaat ekanini idrokning
o’zi ham anglamasligi mumkin.
Dunyo shunday ajoyib tuzilganki, unda manfaatga erishishning eng samarali yo’li
– manfaatsiz ish qilish. Qalbingiz doim hech bir manfaat ortidan quvmagan narsani
buyuradi. Yo’q, to’g’rirog’i, uning yagona manfaati – bu uning istagi.
Bunga yana yangi tug’ilgan chaqaloqni misol qilish mumkin. Uning hali ongi
shakllanmagan. U istagan narsasini qiladi – ya’ni ko’ngli istagan narsani. Och qolsa –
yig’laydi, to’ysa – uxlaydi. U o’z qalbi istagidan boshqa narsalarning ortidan quvmaydi.
Shuning uchun unga hamma narsa beriladi – mehr, e’tibor, yashash uchun sharoit.
Bolaligim – podsholigim degani bejiz emas, axir. Bolalikdagi bizning tengsiz
hokimiyatimiz siri – hech bir manfaatsiz, faqat ko’ngil amriga bo’ysunib qadam
tashlashimizdadir.
Ammo kattalar o’zlariga e’tiborni talab qilib o’rganishgan – bunga ularni aqllari
undaydi. To’g’ri-da, ularning bu dunyoda o’z o’rnilari bor, shunga yarasha atrofdagilar