Ta’limda ustuvorlik, dolzarblik va samaradorlik


Uzluksiz ta’lim tizimida uzviylikni samarali



Yüklə 480,81 Kb.
səhifə12/29
tarix27.07.2023
ölçüsü480,81 Kb.
#120027
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   29
TA’LIMDA USTUVORLIK, DOLZARBLIK VA SAMARADORLIK

Uzluksiz ta’lim tizimida uzviylikni samarali
tashkil etish: muammo va yichimlar

Ushbu muammolarni bartaraf etish hamda uzluksiz ta’lim tizimida o‘quv dasturlari mazmunida uzviylikni ta’minlash maqsadida Ta’lim inspektsiyasi Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari bilan hamkorlikda 21 ta fan-lardan ta’limning barcha bosqichlaridan 334 nafar tajribali ekspertlarni jalb qilgan holda ular tomonidan amaldagi o‘quv dasturlari tahlil qilindi. Ishchi guruh a’zolari tomonidan uzluksiz ta’lim tizimi uchun konsepsiyalar loyihalari ishlab chiqildi, o‘quv dasturlari bilan birga Ta’lim inspektsiyasi portaliga (http://www.uzviylik.tdi.uz) joylashtirildi. Konsepsiya va o‘quv dasturlari loyihalariga 3 000 dan ortiq taklif va munosabatlar bildirildi. Maktabgacha, umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim tizimlarida uzviylikni ta’minlashga qaratilgan konsepsiyalarda har bir ta’lim yo‘nalishining mavjud muammolari, shu fanni o‘qitishning maqsad va vazifalari, strategiyasi, o‘quv-metodik ta’minotini yaratishdagi uzviylik, fanlararo integratsiya, shu yo‘nalishda kadr tayyorlash, kutilayotgan natijalar aks ettirildi. Ma’lum bir fanning o‘quv-metodik ta’minotini ishlab chiqish uchun didaktik, ilmiy-metodik, pedagogik-psixologik, estetik, gigienik talablar belgilab berildi.


Har bir fanning maqsad va vazifalari bugungi yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qilishi, ta’lim-ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga suyanilishi, jamiyatning barcha jabhalaridagi strategik yo‘nalishlar bilan bog‘lanishiga e`tibor qaratildi. Masalan, tabiiy fanlarning Konsepsiyasi va o‘quv dasturlarida sanoatning bevosita rivojla-nishida ushbu yo‘nalishdagi bilimlar (genetik injeneriya, biotexnologiya kabi fanlar) o‘z o‘rniga ega ekanligi, eng yangi kimyo yoki biologik texnologiyalarining rivojlanishidagi kechikish milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini pasaytirishi, shuningdek, o‘sib borayotgan geosiyosiy raqobat sharoitida uning zaifligini oshirishi mumkinligi kabi asoslar kiritildi.
Mahalliy o‘quv reja va o‘quv dasturlarini tahlili bilan bir qatorda Finlyandiya o‘quv dasturlari ham o‘rganildi. Finlyandiyada o‘quv dasturini tayyorlashda dars mashg‘ulotlarini o‘tish predmetli yoki integral bo‘lishi mumkin. Bizning o‘quv dasturlardan farqli yana bir jihat – bu integral ta’lim. Bunda bir mavzu ma’lum vaqt (soat, kun, hafta) davomida bir nechta fan orqali o‘qitiladi. Masalan, “Vatan” mavzusi, ona tili, adabiyot, chet tilida til va tarbiya nuqtai nazaridan, geografiya, tarix fanlarida joylashishi va o‘tmishi, matematika, iqtisodda mamlakatning real daromadlari, raqamlar bilan bog‘liq jihatlari, tabiiy fanlar o‘z yo‘nalishidagi masalalar doirasida kabi har qanday holatda maktab sifatli ta’lim berishni kafolatlaydi.
Ma’lumki, ta’lim jarayoni - nimani o‘qitamiz (o‘quv dasturi), qancha hajmda o‘qitamiz (o‘quv reja), qanday o‘qitamiz (metodika), kim o‘qitadi (kadr)? kabi savollarga javob topish orqali tashkil etiladi. Shundan qancha hajmda o‘qitamiz degan savolga Finlyandiya maktablarining o‘quv rejasi bilan qiziqdik. Finlyandiya maktablarining o‘quv rejasiga ko‘ra 9 yillik haftalik umumiy yuklama 233 soatni tashkil qiladi, majburiy 224 va fakultativ 9 soat. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda 1-9 sinflarda 246 soatni tashkil etadi (10-11 sinflar uchun 68 soat).
O‘zbekiston Respublikasi o‘quv dasturlarini dastlabki tahlil qilish natijasida 21 ta fandagi kamchiliklar umumlashganda, takrorlangan mavzular soni MTMlarda 30 ta, maktablarda 268 ta, kasb-hunar maktablarida 171 tani, oliy ta’limda 126 tani, uzviyligi ta’minlanmagan mavzular MTMda 72 tani, maktabda 134 tani, kasb-hunar maktablarida 110 tani va oliy ta’limda 78 tani, qisqartirishga tavsiya etilayotgan mavzular maktab o‘quv dasturlarida 184 tani, yangi kiritish so‘ralayotgan mavzular soni umumiy o‘rta ta’limda 601 tani, oliy ta’limda 173 tani, xalqaro tadqiqotlarga bog‘lash lozim bo‘lgan mavzular maktablar uchun 277 tani, boshqa ta’lim turiga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan mavzular professional ta’limda 40 tani tashkil etishi kuzatildi.
O‘quv dasturlarini takomillashtirish jarayoni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan muvofiqlashtirib borildi. Uzluksiz ta’limning o‘quv dasturlari loyihalari quyidagi tarkibda tayyorlandi:
Uzluksiz ta’lim tizimida fan tizimini takomillashtirish konsepsiyasi; Maktabgacha ta’lim tizimi uchun 6-7 yoshli bolalarni maktabga tayyorlashga mo‘ljallangan “Ilk qadam” va “Ilm yo‘li” variativ dasturlari; Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun “Milliy o‘quv dasturlari” (MO‘D); Akademik litseylar uchun o‘quv dasturlar (ALO‘D); Kasb-hunar maktablari uchun o‘quv dasturlar (KHMO‘D); Oliy ta’lim muassasalari uchun o‘quv dasturlari (OTO‘D).
Ushbu jarayonda uzluksiz ta’lim tizimida o‘quv dasturlarini yangilash borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalsak, jumladan:
Maktabgacha ta’lim tizimida. Uzviylik bo‘yicha vazirliklararo hamkorlikning dastlabki kunlaridanoq maktabgacha ta’lim mazmuni hujjatlari boshlang‘ich sinf bilan bog‘lanishiga e`tibor qaratildi. Jarayonda YUNISEF xalkaro bolalar fondi mutaxassislari ishtirokida, Estoniya, Finlyandiya, Janubiy Koreya, Polsha davlatlarining tajribasi o‘rganilgan. 2020 yil 22 dekabrda Vazirlar Mahkamasining 802-sonli qarori bilan «Maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim standarti» tasdiqlandi. Uning tarkibiy qismida maktabgacha ta’limning namunaviy o‘quv rejasi, ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari va maktabgacha ta’lim tashkilotining davlat o‘quv dasturlari ham o‘rin olgan. «Ilk qadam» o‘quv dasturiga qo‘shimcha ravishda 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash uchun «Ilm yo‘li» variativ dastur ishlab chiqilgan va u bolalarga ta’lim va tarbiya berishga, ularni intellektual, ma’naviy – axloqiy, etik, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, shuningdek, bolalarni 1 yil davomida maktabga tayyorlashga qaratilgan. Maktabgacha yoshdagi (6-7 yosh) bolaning umumiy muhim kompetentsiyalari quyidagilardan iborat:

  • kommunikativ kompetentsiya - muloqot vositalaridan turli vaziyatlarda foydalana bilish ko‘nikmasi;

  • o‘yin kompetentsiyasi - bolaning o‘yin jarayoni va uni tashkil qilishda tajriba, bilim va ko‘nikmalardan ijodiy foydalanishi;

  • O‘quv-tarbiyaviy faoliyat uchun asos hisoblanadi;

  • ijtimoiy kompetentsiya - hayotiy vaziyatlarda kattalar va tengdoshlar bilan muloqotda axloq qoidalari va me`yorlariga rioya qilgan holda o‘zini tutish mahorati;

  • bilish kompetentsiyasi - atrofdagi olamni ongli ravishda idrok qilish va olin-gan bilim, ko‘nikma, malaka va qadriyatlardan o‘quv va amaliy vazifalarni hal qilish uchun foydalanish.

Bolaning rivojlanish sohalari quyidagilar:
1. Jismoniy rivojlanish va sog‘lom turmush tarzining shakllanishi;
2. Ijtimoiy-hissiy rivojlanish;
3. Nutq, muloqot, o‘qish va yozish malakalari;
4. Bilish jarayonining rivojlanishi;
5. Ijodiy rivojlanish.
Tarbiyalanuvchilar tomonidan dasturlar sifatli o‘zlashtirilishi va ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish maqsadida mazkur Davlat talablari asosida zamonaviy o‘quv-metodik majmualar, didaktik va ko‘rgazmali o‘quv materiallar, shuningdek, boshqa ta’lim resurslari bosqichma-bosqich yaratilib, o‘rnatilgan tartibda joylarga yitkaziladi.
Prezidentimiz Yangi renessans maktab ostonasidan boshlanishini belgilab berdilar. Bu bejizga emas, inson agar butun umri davomida ta’lim olgan taqdirda ham eng asosiy va katta qismini maktab partalarida egallaydi. Uzviyligi ta’minlanayotgan umumiy o‘rta ta’limning Milliy o‘quv dasturlari (MO‘D) 21 ta fandan ishlab chiqilib, bunda quyidagilarga e`tibor qaratildi:
- boshlang‘ich ta’limni maktabgacha ta’lim tizimi bilan bog‘lash, o‘quvchilarda umumiy o‘rta ta’limni davom yittirish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik, bilim, ko‘nikma va malakalar asoslarini shakllantirish;
- tayanch o‘rta ta’lim uchun o‘quvchilarga bilim, ko‘nikma va malakalarning zaruriy hajmini berish, ularda mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini rivojlantirish;
- o‘rta ta’lim uchun o‘quvchilar tomonidan zarur bilim, ko‘nikma va malakalar o‘zlashtirilishi, ta’limning keyingi turi tanlanishi hamda yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblarni egallash.
Umumiy o‘rta ta’lim Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish uchun 21 ta fandan ijodiy ishchi guruhlar ishladi. Ta’lim inspektsiyasi va Xalq ta’limi vazirligi o‘rtasida qo‘shma buyruq qabul qilindi. Respublika ta’lim markazi YUNISEF bilan hamkorlikda (xalqaro ekspert Metyu Goldi-Skot)da Singapur, AQSH, Angliya (Kembridj), Koreya, Yaponiya, Gonkong dasturlari, Prezident maktablari bilan Kembridj tajribasi, o‘quv dasturlari va darsliklarini o‘rganishdi. Milliy o‘quv dasturining asosiy yangiliklari u 9 yil emas, 11 yillik ta’limga mo‘ljallanganligida bo‘lib dasturning maqsadi o‘quvchilarni hayotga tayyorlash, ta’lim kontentida amaliy ko‘nikmalarni, kompetentsiyalarni rivojlantirish, nazariy bilimlarni 90% dan 50%ga kamaytirishdan iborat.
O‘qitish metodikasi chiziqli o‘qitish - yodlatishdan - spiralsimon, 21 asr ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda. Didaktik ta’minoti ilgari faqat chet tillaridan majmua shaklida bo‘lgan bo‘lsa, endi barcha fanlardan darslik, ish daftari, o‘qituvchi uchun metodik qllanma va multi-mediali ilovalardan iborat bo‘lishi rejalashtirildi. Xalq ta’limi vazirining 2020 yil 9 dekabrdagi 297-son buyrug‘i bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining tayanch o‘quv rejasi optimalashtirilib, tasdiqlangan, variativ o‘quv rejalarga ham imkoniyat yaratililmoqda. 11 yil uchun o‘quv yuklama 11 504 soatdan 10655 soatga (- 849) tushirilgan. Oldingi yildan farqli ravishda, ta’lim o‘zbek tilidagi maktablar uchun alohida, ta’lim rus va qardosh tillardagi maktablar uchun alohida o‘quv reja tasdiqlanib, davlat tili siyosati ustunligi ta’minlandi. Milliy o‘quv dasturlarida o‘quvchilarga qo‘yiladigan malaka talablari sinflar kesimida ishlab chiqilgan, bunda sinflar va fanlararo integratsiya masalalariga e`tibor qaratilmoqda, oldingi o‘quv dasturlarida malaka talablari boshlang‘ich, 4-sinf va 9-sinf bitiruvchilarga nisbatan belgilab berilgan edi.
Boshlang‘ich professional ta’lim kasb-hunar maktablarida o‘qitilishi ko‘zda tutiladi. Kasb-hunar maktablarida to‘qqiz yillik tayanch o‘rta ta’lim asosida ikki yil mobaynida beriladi, ular uchun umumta’lim va mutaxassislik fanlarining ikki yillik integratsiyalashgan dasturlari ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Kasb-hunar maktablarida umumta’lim fanlarining soatlari 10 - 11 sinflarga qaraganda 40% ga kam. Joriy o‘quv yilida ularda 2018, 2019 yillarda 10 - 11 sinflar uchun chop etilgan umumta’lim fanlari darsliklardan foydalanilmoqda, chunki bu darsliklar 5 yilga mo‘ljallab nashr qilingan. Albatta, soatlar hajmining kamligi munosabati bilan qaysidir mavzular o‘qitilmasdan qoladi. Kasb-hunar maktablarida 14 ta umumta’lim fanlari kasblar bilan integratsiyalashgan holda o‘qitish rejasi mavjud, shu asosida integrallashgan o‘quv dasturlari yaratish ishlari davom etishi lozim.
O‘rta maxsus ta’lim ya’ni akademik litseylarda to‘qqiz yillik tayanch o‘rta ta’lim asosida ikki yil mobaynida beriladi va u o‘quvchilarning intellektual qobiliyatlari jadal rivojlanishi, chuqur, tabaqalashtirilgan va shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim olishga qaratilgan. Ushbu toifa bilim oluvchilari uchun ham o‘quv dasturlari uzviyligi ustida ishchi guruhlar ish olib borishdi. Akademik litseylarda jami 2 yillik yuklama 3991 soat bo‘lsa, shundan 2148 soat umumta’lim fanlariga, 1434 soati chuqurlashtirilgan fanlarga, 205 soati unifikatsiya qilingan fanlarga, 102 soati kasbiy fanlarga va 102 soati davlat attestatsiyasi uchun ko‘zda tutilgan. Mazkur o‘quv reja soatlari ham Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2021 yil 1 martdagi 109-sonli buyrug‘i bilan “O‘rta maxsus ta’limning davlat ta’lim standarti” tarkibida, yangilangan malaka talablari bilan birga tasdiqlandi va yangi vazifalar belgilab olindi.
Bakalavriat yo‘nalishlari uchun barcha tegishli fanlardan umumiy o‘rta ta’limning Milliy o‘quv dasturlari bilan uzviyligi ustida ishlandi hamda uning davomi sifatida Magistratura mutaxassisliklari uchun oliy ta’lim o‘quv dasturlari takomillashtirilmoqda.
Yakuniy natija sifatida mamlakatimizda ilk bora 21 ta fan kesimida «Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim o‘quv dasturlari uzviyligini ta’minlash Konsepsiyalari» hamda «O‘zbekiston Respublikasi uzluksiz ta’lim milliy o‘quv dasturlari» nomli majmualar tayyorlandi, tahrir qilindi, taqrizlarga berilib, nashr etildi hamda elektron variantlari Ta’lim inspektsiyasi sayti va maxsus kanallar va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi. 2021 yil yakunida barcha vazirliklar vakillari va ekspertlar ishtirokida uzluksiz ta’lim milliy o‘quv dasturlari taqdimoti o‘tkazilib Ta’lim inpektsiyasi tomonidan Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklariga tajriba-sinovdan o‘tkazish uchun tavsiya etildi.
O‘quv dasturlari va ular asosida yaratilgan darslik – majmualar 2022 yilda 56 ta (5 ta maktabgacha ta’lim, 14 ta umumiy o‘rta ta’lim, 11 akademik litsey, 23 ta KHM va 3 ta OTM) ta’lim muassasalarida bosqichma-bosqich tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2021 yil 24 sentyabrdagi «Umumiy o‘rta ta’limning Milliy o‘quv dasturini tajriba–sinovdan o‘tkazish to‘g‘risida»gi 310-son buyrug‘iga asosan 2021-2022 o‘quv yilining 3-choragidan boshlab o‘quv dasturlari va darsliklar loyihalari 3,6,7,10 –sinflarda sinab ko‘rilmoqda. 14 ta maktabda 21 ta fan bo‘yicha yaratilgan darslik loyihalari eksperimentator o‘qituvchilarga yitkazib berilgan, amaliyotchi o‘qituvchilarga metodistlar va olimlar biriktirilgan. Respublika ta’lim markazi fan metodistlari jarayonni kuzatib bormoqda. Har bir mavzu yakunida o‘quvchilarning o‘zlashtirganlik darajasi tashqi indikatorlar yordamida baholab borilishi ko‘zda tutilgan.
Uzluksiz ta’lim tizimining har bir bosqichi uchun uzviyligi ta’minlangan o‘quv dasturlari va ular asosida yaratilayotgan darsliklarning tajriba-sinovini sifatli tashkil etish, jarayonga tajribali o‘qituvchilar, metodistlar, maslahatchi sifatida shu sohadagi etuk olim, professor –o‘qituvchilarni to‘g‘ri biriktirish;
O‘quv dasturlari va ular asosida yaratilib tajriba – sinovga berilayotgan darsliklarning o‘quvchilar tomonidan qabul qilinishi, materiallarning oson o‘zlashtirilishi, o‘quvchi yoshiga mosligiga alohida e`tibor qaratish;
Tajriba-sinovga berilayotgan darslik va metodik qo‘llanmalarning o‘qituvchilar tomonidan oson qabul qilinishi, mavzularni tushuntirish borasida metodikalarni to‘g‘ri tanlash;
Tajriba-sinovga darslik, ish daftari, o‘qituvchi kitobi mavjud bo‘lsa multime-diali ilovalarini birga yo‘naltirish, aks holda o‘zaro bog‘liqlik susayishi, tayyorlanadigan xulosalarda fanlar kesimida o‘quv dasturlari va darslik majmualariga real, shaffof, tanqidiy-tahliliy fikrlarni berish;
Tajriba-sinov jarayonini faqat o‘qituvchiga tashlab qo‘ymasdan tuman, viloyat, respublika bo‘yicha belgilangan mas`ullar tomonidan vaqti-vaqti bilan jarayonlarni kuzatib, tahlil qilib tavsiyalar berib borish kabi jihatlar alohida o‘rin tutadi, bu bo‘yicha Ta’lim inspektsiya tomonidan mutasaddilarga tavsiyalar berib borilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, yangi O‘zbekiston uzluksiz ta’lim tizimida uzviylikni ta’minlashning ahamiyati shundaki, u ertangi kun egalari barkamol shaxs bo‘lib rivojlanishi, raqobatbardosh muhitda o‘z o‘rnini topa oladigan, mantiqiy fikrlay oladigan, XXI asr amaliy kompetentsiyalariga ega bo‘ladigan yoshlarga sifatli ta’lim va tarbiya berish tizimini yaratishga hissa bo‘lib qo‘shiladi, deb hisoblaymiz.

Yüklə 480,81 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   29




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə