Ta’limda ustuvorlik, dolzarblik va samaradorlik



Yüklə 480,81 Kb.
səhifə1/29
tarix27.07.2023
ölçüsü480,81 Kb.
#120027
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   29
TA’LIMDA USTUVORLIK, DOLZARBLIK VA SAMARADORLIK




ta’limda ustuvorlik, dolzarblik VA samaradorlik
Abdullayev Javohir

vatan nashriyoti



KIRISH
Ta'lim jamiyat hayotining eng muhim sohalaridan biridir. Uning turli xil ijtimoiy institutlar, o‘quv fanlari, ma'lumotlarni taqdim etish va o‘zlashtirish usullari bilan to‘ldirilishi, ta'lim muassasalarini qurish-tuzilishi, xalqning kelajagi va uning ma'naviy va intellektual rivojlanishining yo‘nalishiga juda bog‘liqdir.
Ammo globallashuv davrida jahonda ilm-fan, texnika va texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotganini aslo ko‘zdan qochirib bo‘lmaydi. Bu esa o‘z navbatida ta’lim, ilm-fan oldiga yangi talablarni ko‘ndalang qo‘ymoqda. Ta’lim tizimini muntazam isloh etish, o‘qitishning zamonaviy usul va vositalarini takomillashtirish, ta’lim mazmunini boyitib borish, demak, bugungi kunning ham dolzarb talabi bo‘lib qolaveradi.
Bugun amaldagi ta’lim tizimimiz zamonaviy, rivojlangan davlatlardagi kabi globallashuv talablariga javob bera olayaptimi? Ta’lim tizimida yechimini kutayotgan qanday muammolar bor? Kadrlar tayyorlash milliy tizimining globallashuv jarayonida bozor talablariga to‘liq javob bermasligi, ta’lim tizimida o‘quv jarayonining moddiy-texnika va axborot bazasi takomiliga yetkazilmaganligi, yuksak malakali pedagog kadrlarning yetishmasligi, hozirgi zamon talablariga mos o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlar kamligi, fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro aloqaning zaifligi tizimdagi kamchiliklardan hisoblanadi.
Biz zamonaviy ta'limdagi muammolar haqida uzoq vaqt gapirishingiz mumkin, biroq biz eng muhimlariga e'tibor qaratishga harakat qilamiz.
Asosiy muammolardan biri bu qadriyatlar muammosi. So‘nggi paytlarda inson, jamoalar va jamiyatlarning axloqiy va ma'naviy qadriyatlarining ahamiyati tobora pasayib bormoqda. Ta’lim – ijtimoiy ongni shakllantirishning asosiy omillaridan biri, shuning uchun ham u axloqiy qadriyatlarga ishonchni tiklaydigan ijtimoiy institutga aylanishi kerak.
Ta'lim mazmuni va texnologiyalarining zamonaviy jamiyat va iqtisodiyot talablariga mos kelmasligi ham barcha mintaqalarda ta'lim tizimini rivojlantirishda muammo hisoblanadi. Moliya tarmoqlaridagi ayrim kamchiliklar ta’limni moliyalashtirishdagi sifat passayishiga sabab bo‘lmoqda.
Yana bir dolzarb masala o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabat, ota-onalar ro‘zg‘or tashvishlariga bog‘lanib farzand tarbiyasiga yitarli darajada e`tibor qarataolmayotganidir. Ular nazarida barcha tarbiyaviy jarayonlar faqat o‘qituvchi zimmasiga yuklatib qo‘yilgan deb hisoblashadiganlar soni oshib bormoqda. Bu esa o‘z novbatida juda katta bosimni yuzaga keltirmoqda.
Hozirgi davrda Internet tarmog‘iga ulangan kompyuter, mobil telefonlari deyarli ko‘plab xonadonlarda mavjud. Bundan tashqari, yoshlar internet kafelarda ham tarmoqdan foydalana oladilar. Bugungi kunda axborot texnologiyalari jadal taraqqiy etishi va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalariga joriy etilishi sababli barcha uchun kompyuter savodxonligi dolzarb masalalardan biridir.
Yoshlar ijtimoiy tarmoqlar kengayib borayotgan davrda o‘sib ulg‘aymoqda. Bu quvonarli hol albatta. Biroq har narsaning me’yori bo‘lmog‘i zarur. Yoshlar virtual olamning haqiqiy olam emasligini bilib borishlari shart. Ba’zan bolalar kattalar tomonidan nazoratsiz va ularning ruxsatisiz tarmoqqa tashrif buyurish imkoniga ega bo‘lib qoladilar. Bolalar va o‘smirlar Internet tarmog‘ida sayr qilarkan, ularga umuman kirish mumkin bo‘lmagan saytlarga duch kelishlari mumkin.
Tabiiyki, bunday axborotlar qiziquvchan yoshlarni o‘ziga ko‘proq jalb etadi. Biror harakatni amalga oshirishda bolalarga qanchalik ruxsat etilmasa, ularda shunchalik yuqori darajada qiziqish uyg‘onishi barchaga ma’lum. Yoshlar tarmoqdagi nosog‘lom turmush tarzidan axborot beruvchi ayrim manbalarga duch kelsalar, yanada qiziqib, mazkur axborotlarga alohida e’tibor qaratishlari ehtimoldan xoli emas. Shu sababdan kattalar farzand tug‘ilgan kundan boshlab ulariga issiq choynak, qozonlarga yaqinlashish, pichoq, qaychi kabi o‘tkir uchli narsalarga tegish mumkin emasligini onglariga singdirganlari kabi, tarmoqdagi axborotlar ham xavfli ekanligini tushuntirishlari, ularda axborotlardan to‘g‘ri foydalanish salohiyatlarini shakllantirishlari zarur. Albatta, Internet tarmog‘i manbalari zamonamiz o‘smirlari bilim doirasini, dunyoqarashini kengaytirishi bilan ayrim jihatlariga ko‘ra ularning tarbiyasiga nafaqat salbiy, balki xavfli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ta’lim muassasalari o‘quv jarayonini tashkil etishda yetarlicha mustaqillikka ega emas, ular mehnat bozorining o‘zgaruvchan sharoitlariga yaxshi moslashmagan. Ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish tashkilotlarining malakali kadrlarni tayyorlash, ish bilan ta’minlash jarayonidagi hamkorligi qoniqarli deb bo‘lmaydi. Ushbu xolatlarni bartaraf etish uchun rivojlangan mamlakatlar tajribasiga murojat qilishimiz lozim.
Rivojlangan mamlakatlar tajribalari chuqur o‘rganilib, mamlakatimizga xos xususiyatlar, qadriyatlar, sharoitlar inobatga olingan holda kadrlar tayyorlash tizimini tubdan modernizatsiya qilishimiz lozim. Hozir xalq ta’limi, oliy va o‘rta-maxsus, maktabgacha ta’lim vazirliklari tomonidan malaka oshirish, chet el professorlarini O‘zbekistonga olib kelib kelish, maktab, bakalavr va magistr dasturlarini rivojlangan mamlakatlardagi o‘quv dasturlariga yaqinlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ularning darsliklari, o‘quv standartlari tajriba sifatida qo‘llanilmoqda. Bu albatta, yaxshi tashabbus va shu sohadagi ishlarni yanada rivojlanishiga zamin yaratadi.
Taʼlimning mohiyati va uning asosiy vazifalari

Taʼlimning mazmuni va mohiyati jamiyatning moddiy va madaniy taraqqiyoti darajasi bilan belgilanadi. Ijtimoiy munosabatlar, umumiy maʼlumotga boʻlgan ehtiyoj, kishilarning kasbiy tayyorgarligiga, taʼlim haqidagi pedagogik gʻoyalarga qarab kishilik jamiyati taraqqiyotining turli bosqichlarida taʼlimning mohiyati, metodi, tashkiliy shakllari oʻzgarib boradi.


Taʼlim mohiyat-eʼtibori bilan dars berish jarayonini, yaʼni pedagog (oʻqituvchi) faoliyatini, umuman oʻquvchining bilish, oʻrganish faoliyatiga rahbarlik qilishni hamda o‘qish jarayonini, yaʼni oʻquvchi faoliyatini bildiradi. Taʼlim jarayoni taʼlim beruvchi — oʻqituvchi va taʼlim olayotgan oʻquvchilar faoliyatining yigʻindisidan iborat. Taʼlim va tarbiya jarayonida shaxsning sifatlari, dunyoqarashi, qobiliyati oʻsadi. Taʼlim avlodlar oʻrtasidagi maʼnaviy vorislikni taʼminlaydi. Kishilarning ijtimoiy tarixiy tajribalari yosh avlodga taʼlim orqali oʻtadi. Taʼlimning asosiy vazifalari quyidagilar:

  • bilim berish,

  • malaka va koʻnikmalar hosil qilish,

  • kishini hayotga va mehnatga tayyorlash,

  • jamiyatdagi dolzarb masalarni samarali yechim toppish va bartaraf qilish,

  • axloq, odob qoidalari asosida jamiyatni islox qilish,

  • yoshlarni qadriyatlarga sodiqlik, barkamol sog‘lom avlod bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash.

Taʼlim jarayonida maʼlumot olinadi va tarbiya amalga oshiriladi. Taʼlim tor maʼnoda oʻqitish tushunchasini anglatadi. Lekin u faqat turli tipdagi oʻquv yurtlarida oʻqitish jarayonini emas, oila, ishlab chiqarish. va boshqa sohalarda maʼlumot berish jarayonini ham bildiradi.
Taʼlim haqida turli nazariyalar mavjud. Baʼzi nazariyalar Taʼlimni jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishiga bogʻliq boʻlmagan hodisa sifatida baholasalar, baʼzisi Taʼlimning sinfiy xarakterga ega ekanligini, u jamiyatning har bir aʼzosida muayyan siyosiy, falsafiy, axloqiy, huquqiy qarashlarni shakllantirish maqsadi sari karatilganligini taʼkidlaydi.
Taʼlimning maqsadi obʼyektiv hayot talablariga muvofiq holda oʻzgarib borgani kabi, taʼlimning xarakteri, yoʻnalishi ham uning maqsadiga muvofiq oʻzgarib boradi. Taʼlim dialektik tarzda taraqqiy etib boradigan ichki ziddiyatlar jarayonidir. Taʼlim bilish qobiliyatlari, his-tuygʻular, idrok, shaxsni tarkib toptiruvchi kuchli omildir.
Taʼlim jamiyat qurilishining muhim muammolarini hal qilish — jamiyatning moddiy-texnika bazasini yaratish, ijtimoiy munosabatlarni tarkib toptirish, yangi kishini tarbiyalashga yordam beradi.
Taʼlim oʻquvchining bilish qobiliyatini oʻstiruvchi asosiy omildir. Oʻquvchilar qobiliyatini oʻstirishga qaratilgan tizimlar muayyan didaktik qoidalar tarzida namoyon boʻladi. Didaktik tamoyillarda taʼlimning mazmuni va jarayonlariga qoʻyilgan talablar belgilanadi. Taʼlimning maqsadi va vazifalari ijtimoiy tuzum, shuningdek muayyan oʻquv yurtlari funksiyasiga muvofiq tarixan oʻzgarib boradi. Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 29-avgustda qabul qilingan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuni va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” taʼlim tizimining barcha yoʻnalishlarini takomillashtirish va rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochib berdi. 1996-yildan boshlab lotin imlosiga asoslangan yangi oʻzbek alifbosi joriy etildi va shu yildan boshlab yangi yozuv asosida dasturlar, qoʻllanmalar va darsliklar yaratishga kirishildi, oʻqituvchilar lotin imlosi asosidagi yangi oʻzbek alifbosi boʻyicha qayta tayyorlash kurslaridan oʻtkazildi. Xalq taʼlimi boʻlimlari qoshida bolalarni maktab taʼlimiga tayyorgarligini belgilaydigan “Tashhis markazlari” tashkil etildi. Oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini reyting asosida nazorat qilish, maktab bitiruvchilarini yakuniy attestatsiyasini kompyuter yordamida test orqali amalga oshirish, taʼlim amaliyotini diagnostik taxlil etish, taʼlim muassasalarida marketing tizimidan foydalanish kabi qator pedagogik yangiliklar joriy etildi.
Taʼlim mazmuni uning maqsadiga muvofiq, ijtimoiy shar-tsharoit, fan va texnika, sanʼat holati va shu kabini hisobga olgan holda belgilanadi. Dastlab kasb-hunar kollejlari so‘ngra texnikumlar, oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlaridagi taʼlimning mazmuniga umumiy maʼlumotdan tashqari muayyan kasb va mutaxassislik uchun zarur boʻlgan maxsus bilim, malaka va koʻnikmalar ham kiradi. Taʼlim mazmuni oʻquv reja va dasturlari, darslik va boshqalarda yoritiladi. Taʼlimda qoʻyilgan maqsadga erishish uchun turli metod, vosita, tashkiliy tizim va shakllar (maʼruza, suxbat, tajribalar oʻtkazish, koʻrgazmali qurollarni qoʻllash, kuzatish, mashq va shu kabi)dan foydalaniladi. Oʻquv jarayonida texnik vositalar (kino, televideniye, radio, kompyuter, EHM va boshqalar)ni keng qoʻllash taʼlim metodini ishlab chiqishga katta taʼsir koʻrsatadi.
Taʼlimni tashkil etishning umumiy taʼlim, alohida (individual) taʼlim, tashkiliy taʼlim, sinfdars taʼlimi, kurs tizimi taʼlimi va boshqa turlari mavjud. Hozirgi sharoitda ijtimoiy talablar, oʻquvchilarning imkoniyati va ehtiyojlariga muvofiq taʼlim tobora takomillashtirilib, yangi metod va shakllari ishlab chiqilmoqda. Xususan, taʼlimning keng umumiy maʼlumot asosida kasbiy ixtisoslashishning ahamiyati tobora oshmoqda, ommaviy kommunikatsiya vositalari-radio, televideniye, film, kompyuter, vaqtli matbuotdan, shuningdek, oʻz ustida ishlashning turli shakllaridan foydalanilmoqda.
Ta’limning o‘ziga xos jihatlari va gnoseologik mohiyati

Oliy ta’limga ega bo‘lish tarixiy nuqtai nazardan yuksak ijtimoiy maqomni anglatgan. Masalan, qadimda «madrasa ko‘rgan» iborasi yuksak intellekt va bilim tushunchalari bilan sinonim tarzda ishlatilganligi ma’lum. Bundan yuz yillar avval universitet diplomiga ega bo‘lish nafaqat jamiyatning e`tirofi, balki shaxsning umrbod ma’lum bir kasbda barqaror faoliyat ko‘rsatishini ham kafolatlar edi. Shuning uchun ham birinchi o‘zbek huquqshunosi, shifokori va injenerlari kim ekanligi haqida alohida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilgan va ushbu insonlar ma’lum ma’noda milliy tariximizning bir bo‘lagiga aylandi. Endilikda jahon miqyosida oliy ma’lumotli bo‘lish inson hayotida muhim rol o‘ynamaydigan, maishiy darajadagi bir jarayonga aylanib bormoqda. Birinchidan, oliy ta’lim olish imkoniyatlari kengayayotgan bo‘lsa, ikkinchidan, iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi jadal o‘zgarishlar natijasida olingan oliy ma’lumotlilik tushunchasi ma’lum bir ma’noda eskirmoqda va shaxsdan umri davomida o‘qish va o‘rganishni talab qilmoqda. Endilikda nafaqat shaxs va jamiyat rivoji uchun, balki uning xavfsizligi uchun ham muntazam bilim olish zarur bo‘lmoqda. 2020 yilda dunyo miqyosida tarqalgan COVID-19 pandemiyasi qarshisidagi ilm-fanning ojizligi buning yaqqol isbotidir1.


Endilikda nafaqat shifokorlar, mikrobiolog va epidemiologlar, balki barcha kasblar ham o‘z faoliyatiga boshqacha qarashi zarurligi yanada ochiq ko‘rinib qoldi. Shu bilan birga, pandemiya oliy ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarga juda katta turtki berdi va uning transformatsiyasini misli ko‘rilmagan darajada tezlatib yubordi. Ma’lumki, bilim olish va ilm o‘rganish insoniyat taraqqiyoti davomida uning ma’naviy ehtiyojiga aylanib ulgurgan. Bu esa oliy ta’limda o‘n yillar davomida amalga oshgan o‘zgarishlarning bir-ikki yilda natijasini kuzatish imkonini bermoqda. Ushbu holat esa jamiyat hayotining barcha sohalari kabi oliy ta’lim tizimi ham transformatsiya qilinishi va mavjud jarayonlarga nisbatan tezkor javob qaytara oladigan holatga kelishi zarurligini ko‘rsatib turibdi.
Ta’limning gnoseologik mohiyati nimadan iborat? Hozirgi globallashuv va keng qamrovli xavf-xatalar sharoitida ushbu ijtimoiy institutdan nimalarni kutish mumkin? Ushbu savollarga javob berishdan avval ta’limning falsafiy mazmunini ko‘rib chiqsak. O‘zbek tilining izohli lug‘atida ta’lim tushunchasiga quyidagicha ta’rif beriladi: «Ta’lim – arabcha o‘rgatish, o‘qitish, ilm berish; ma’lumot. 1. Bilim berish, malaka va ko‘nikmalarni hosil qilish jarayoni, kishini hayotga va mehnatga tayyorlashning asosiy vositasi... 2. Ilm-fan yoki kasb-hunar sohalari bo‘yicha egallanadigan, olinadigan ma’lumot va ko‘nikmalar majmui.»2 Insoniyat sivilizatsiyasi to‘plagan ma’lumot, bilim, ko‘nikma va malakaning qadri va qimmati uning yashovchanligi bilan o‘lchanadi. Ya’ni mavjud ma’naviy boylikni saqlash va imkon doirasidagi ijtimoiy ne`matga aylanib ulgurdi. Bu har bir insonning ta’lim olishga bo‘lgan intilishini qondirish uchun tarixdagi eng yaxshi imkoniyatni taqdim etmoqda, inson yaralganidan buyon ta’lim olish uchun tarixda hozirgichalik shart-sharoit bo‘lmaganini anglatadi. Sanoat inqilobi va global miqyosdagi ijtimoiy harakatlar natijasida ma’lum bilim va ko‘nikmalarga ega bir turdagi kadrlarni tayyorlashga bo‘lgan ehtiyojni vujudga keltirib, ommaviy savodxonlik va sifatli ta’limni ta’minlagan bo‘lsa, endilikda internet texnologiyalarining rivojlanishi ta’lim olish uchun ketadigan moddiy xarajatlarni yanada kamaytirib yubordi. Hozirda dunyoning yitakchi oliy o‘quv yurtlari professorlarining ma’ruzalarini tinglab va ushbu oliygohlarning kutubxonalaridan bepul foydalanish imkoniyatini yaratib bermoqda. Bularning barchasi ta’lim jarayonining mazmuni o‘zgarmagan holda shakli o‘zgarayotganligini, unga etishish oson bo‘layotganini anglatadi.
Rus tilidagi ta’limning ekvivalenti «obrozovanie» so‘zi tushunchani qamrab olishda detallashgan tarzda namoyon bo‘ladi. V.I.Dalning lug‘atida ta’lim (obrozovanie) obraz so‘zidan kelib chiqqanligi va ma’lum bir shaklga ega bo‘lmagan narsaning obrazga ega bo‘lib shakllanishiga nisbatan ishlatiladi. Ta’lim jarayoni ob`ekti bo‘lgan ma’lumot, bilim, ko‘nikma va malaka to ta’lim jarayoni sub`ekti bo‘lgan o‘quvchi yoki talaba tomonidan egallangunga qadar mavhum bir holatda turadi. Uning shaklga kelishi va ijtimoiy qoliplar asosida moddiylashuvi ta’lim jarayonining natijasidir. Bu o‘rinda oliy ta’lim avvaldan mavjud bo‘lgan bilimlarning tayyor nusxasini talabaga yitkazib beruvchi emas, balki uni mavjud shart-sharoitlardan kelib chiqib, qayta ishlab, rivojlantirib talabaga havola etishi zarur. Bunda talaba ham bilimning mukammal formasini o‘zlashtirib olmayotganini to‘liq tushunib etishi kerak, chunki u tomonidan olingan bilimlar tezda eskirishi, yangilanishga muhtoj bo‘lishi mumkin. Bu esa ta’limning an`anaviy institutlar bilan birgalikda, nisbatan yangi bo‘lgan ijtimoiy muassasalar –rivojlantirishning asosiy sharti – uning vorisiyligini ta’minlashdir. Empirik va nazariy, ilmiy va falsafiy, ma’naviy va diniy sohada qo‘lga kiritilgan natijalarni saqlab qolish va rivojlantirishning yagona yo‘li – uning ta’lim jarayoni ob`ektiga aylantirishdir. Kelgusi avlod qo‘lga kiritilgan bilimni ta’lim vositasida o‘zlashtiradi va ijtimoiy shart-sharoitlardan kelib chiqib, uni amaliyotga qo‘llaydi. Ta’lim hozirgi kunda global, universal va aksariyat hollarda virtual universitetlar, onlayn kurslar va boshqalar orqali lokal tarzda bilim olish imkoniyatini yaratib beradi. Ingliz tilidagi ta’lim (education) so‘zi etimologiyasiga e`tibor bersak bolani tarbiyalash, o‘qitish ma’nosini beradi. Bu yerda borliqni anglash jarayonida ta’limning o‘rni bilan birgalikda ijtimoiylashtirish masalasiga ham alohida urg‘u berilgan. Tarbiya ma’lum bir ma’noda jamiyat tutumlariga nisbatan ta’lim sub`ektining to‘g‘ri orientatsiyasini shakllantirishga qaratilgan faoliyatdir. Bunda avvaldan mavjud bo‘lgan qoidalarni o‘zlashtirish va uni amaliyotga tatbiq etish g‘oyat muhim ahamiyatga egadir. U yushmagan yoshlar bilan ishlashning eng muhim jihati shundaki, ular tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bilan bog‘liq . Oliy ta’lim tizimidagi eng murakkab masallardan biri ham bu tizimdagi tarbiya jarayonini tashkil qilishdir. Ma’lumki, pragmatik yondashuv ham oliy ta’limga nisbatan neoliberal siyosat natijasida shakllangan paradoks – o‘quv reja kadrlar buyurtmachisi tomonidan, shartnoma OTM tomonidan taqdim etiladi. Kadrlar buyurtmachisi, ya’ni o‘ta umumiylashtirilgan holda ota-ona universitetda tarbiyaga oid bilimlarning berilishini, moddiy tomonlarni ko‘proq o‘ylaydi. Chunki har bir soat o‘tilgan mashg‘ulot oxir-oqibat shartnoma narxida namoyon bo‘lib boraveradi. Bu esa kelgusida oliy o‘quv yurtidagi tarbiya jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Muammoli ta’limning vujudga kelish tarixi

Tibbiyotchilar, psixologlar va pedagoglarning izlanishlari shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘quvchilar tomonidan ma’lumotlarni o‘zlashtirish sifati, bilim olish va ko‘nikma hosil qilish darajasi motivatsiya darajasi bilan aniqlanuvchi, ularning o‘zlarining shaxsiy faolligiga sezilarli bog‘liq ekan. Oliy ma’lumot olishga bo‘lgan ehtiyojning ommaviylashuvi va shaxsiy kompyuterlarning talabalar orasida keng tarqalishi oliy o‘quv yurtlarida matematikani o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini pasayishiga olib keluvchi sezilarli faktorlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bunday sharoitda talabalarning matematik bilimlarni o‘zlashtirishi, malaka hosil qilishi va ko‘nikmaga ega bo‘lishi, fanga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish va matematik madaniyatni shakllantirishda mustaqil fikrlash qobiliyatini faollashtirish masalasi a’lohida ahamiyat kasb etadi. Bu masalalarni hal qilishda esa muammoli ta’lim muhim vositalardan biridir3. Uni o‘rganishni albatta uning tarixidan boshlash maqsadga muvofiq. Shu maqsadda tarixga bir nazar tashlaylik. Birinchi qadimiy sivilizatsiya, bizgacha yitib kelgan aholining matematik bilimlarini baholash imkonini beruvchi ma’lumotlarga ko‘ra, Vavilon va Misr sivilizatsiyalaridir. Vavilon sivilizatsiyasi eramizdan avvalgi uchinchiming yillikdan boshlab Mesopotamiyada yashagan qator xalqlarni o‘z ichiga oladi.


Ularning bosh madaniy markazi Vavilon bo‘lgan. Vavilonliklarning matematik bilimlari pul va tovar almashinuvi, oddiy va murakkab foizlar masalalarida, soliqlar hisoblash va hosilni bo‘lib olish ishlarida qo‘llanilgan. Albatta bunday ishlarda, ya’ni hisob kitoblarda muammoli holatlar yuzaga kelgan va ularni hal qilish yo‘llari izlanilgan. Misr sivilizatsiyasi ravnaqi firaonlar uchinchi dinastiyasi davri (eramizdan avvalgi 2500 yillar)dan boshlangan va shu davrda piramidalar qurilgan. Misrliklar ikki ko‘rinishdagi yozuv tizimidan foydalanishgan4. Ulardan birinchisi ieroglifik ko‘rinish bo‘lib ular haykallar va mozor toshlarida uchraydi, undagi har bir belgi qandaydir predmetni anglatadi. Ikkinchisi ieratik ko‘rinishda bo‘lgan va unda shartli belgilardan foydalanilgan. Oxirgi tizim qo‘lda yozishga moslashgan bo‘lib, papiruslarda uchraydi va u misr matematikasi haqida ma’lumot beruvchi asosiy manba hisoblanadi. Papiruslar ichida “Rinda papirusi” tizimi eng mashhur tizimlardan hisoblanadi va hozirgacha Britaniya muzeyida saqlanadi. U eramizdan avvalgi 1650 yillarda Axmes tomonidan yozilgan bo‘lib, boshlovchilar uchun o‘ziga xos darslik hisoblanadi, unda 85 ta masala jamlangan.
Umuman muammoli ta’lim usullaridan g‘arb ta’limi an`analari va “pedagogika” termini beshigi bo‘lgan Qadimgi Gretsiyada ham foydalanilgan. Matematikani o‘qitishda yunonlar o‘z oldilariga nafaqat “qanday” savolini, balki “nimani” va “nimaga” savollarini ham qo‘yishgan. Masalan “Axilles”, “O‘q-yoy”, “Dixotomiya” va “Stadion” nomlari bilan ma’lum bo‘lgan, bizgacha Aristotelning xizmatlari tufayli yitib kelgan Zenon paradokslari shunday bayon qilinganki, natijada harakat va vaqt tushunchalari orasidagi qarama-qarshiliklar yuzaga chiqqan. Antik dunyoning mashhur muaammolari bo‘lgan burchak trisektsiyasi, kubni ikkilantirish, doira kvadraturasi, Zenon paradokslari, pifagorchilar tomonidan irratsional sonni kashf qilinishi yangi matematik va falsafiy fikrlarni uyg‘otdi, ilm va ta’limga jamiyat qiziqishini paydo qildi(e.a 500-400 yillar).
Platon (e.a 427-347 yillar) asarlaridan bizga ma’lum bo‘lgan o‘qitishning sokrat usuli – ya’ni ma’ruza-suhbat usulida o‘qituvchi tinglovchilarga oldindan tayyorlab qo‘yilgan to‘g‘ri va noto‘g‘ri g‘oyalarni taklif qiladi, talabalar ularni qabul qilish yoki inkor qilish orqali o‘z fikrlarini bayon qiladilar. Sokratning mayevtika deb nomlangan “suhbatdosh fikrini ziddiyatli vaziyatga keltirish”ga asoslangan pedagogik usuli muammoli holatni yuzaga keltirishning asosiy yo‘llaridan biridir.
Eramizdan avvalgi III asrga kelib grek shaharlari o‘z mustaqilliklarini yo‘qotdi. Gretsiya Filipp Makedonskiy tomonidan ishg‘ol qilingandan so‘ng, ular o‘zlarining demokratik printsiplaridan chekinib, shohga itoat etdilar. Filippning o‘g‘li, Aleksandr katta imperiyani o‘z hukmronligiga biriktirib, Aleksandriyani uning poytaxti yitib e`lon qildi. Birinchi Ptolemeylar hukmronligi davrida Aleksandriya antik dunyoning madaniy markaziga aylandi.
Aristotelning o‘quvchisi Straton u yerda Museyon-o‘zlarini ilmiy tadqiqotlarga bag‘ishlagan va buning evaziga shohdan haq oladigan olimlar jamiyatini tashkil etdi. Museyonlar kutubxonasiga tegishli 700000 tomdan ortiq to‘plamlar olimlar va talabalar ixtiyoriga taqdim etildi. Museyonda o‘qitiladigan to‘rtta fan: adabiyot, matematika, astronomiya va meditsina ichida matematika alohida mavqega ega edi. Museyon jamiyati butun dunyo olimlarini o‘ziga jalb etdi. Savdoning rivojlanishi uzoq yurtlar madaniyati bilan aloqada bo‘lish imkoniyatini yaratar edi, savdogarlar ilmiy sohalarni kengayishini ta’minlovchi yangi bilimlarni olib kelishar edi. Aleksandriyada amaliy matematika, mexanika, optika, geodeziya, astronomiya va logistika muvaffaqiyatli rivoj topdi.
Arab sivilizatsiyasi 632-640 yillarda o‘z ravnaqini topdi. Muxammad s.a.v. vafotidan keyin va Aleksandriya zaiflashuvi tufayli Muxammad s.a.v. payg‘ambar davomchilari-xalifalar, qadimiy ko‘chmanchi Arab qabilalarini birlashtirib, Hindistondan to Ispaniyagacha, Shimoliy Afrika va janubiy Italiyani ham o‘z ichiga olgan juda katta erlarni istilo qildi. VII asr oxiri VIII asr boshlarida arablar O‘rta Osiyoni to‘la ishg‘ol qildilar. Bu harakat Xitoy chegarasiga borib to‘xtadi. Natijada poytaxti (Siriyada joylashgan) Damashq bo‘lgan juda katta musulmon imperiyasi tashkil topdi. Arablar bosib olingan mamlakatlar aholisining an`analari, urf –odatlari, fikrlash tarzi, diniy ta’limotlarini tez orada o‘zlashtirib oldilar. Ular qanoatlilik siyosatini yuritib, mahalliy aholi bilan birlashib ketdilar va o‘zlarining madaniyatini qurishga kirishdilar. Shu tariqa katta geografik maydonda 700-1300 yillarda arab sivilizatsiyasi rivojlandi. Arab sivilizatsiyasi ilmi XIV asrda janubiy Ispaniya grenada qirolligida, shimoliy Afrika, Misrdagi mamlyuklar davlatida, ularning asosiy manbai bo‘lgan Maragin observatoriyasi va O‘rta Osiyo, jumladan Samarqandda buyuk o‘zbek olimi Ulug‘bek observatoriyasida gullab yashnadi5.
Musulmon shaharlarida ilm–fan rivojlana bordi, ularning ayrimlari ilm olish o‘chog‘lariga aylandi. Ilmni metsenat (fanga, san`atga homiylik qiluvchi davlatmand odam)lar, xalifalar qo‘llab quvvatladilar. Ular akademiyalarga tamal toshini qo‘ydilar, observatoriyalar barpo qilib, kutubxonalar tashkil qildilar. Aleksandriya maktabining buyuk matematik olimlari hisoblangan Evklid, Arximed, Geron, Diofant va astronom Ptolemoy, asarlari juda ko‘p marotaba mashhur olimlar sharhi bilan arab tiliga tarjima qilindi va chuqur o‘qitildi. Olti-yitti asr davomida arablar donishmandlik va ma’rifatni asrab keldilar. Turli tomonlama qiziqishlar arab sivilizatsiyasi olimlariga xosdir, ular bir paytni o‘zida ham faylasuf, ham matematik, ham astronom, ham fizik, ham tabib bo‘la olishgan. Arablar faylasufi nomini olgan o‘rta asr Sharq faylasufi al-Farobiy (870-950 yillar) va O‘rta Osiyolik ikki buyuk olim ibn Sino (Yevropada Avitsenna, 980-1037yillar), al-Beruniy (973-1048) shular jumlasidandir [3;25b.]. Ular ilmda xindlar erishgan yutuqlarni ham o‘rgandilar va ulardan o‘zlarinig asarlarida, izlanishlarida keng foydalandilar. Shulardan biri o‘nlik sanoq sistemasi bo‘lib, u O‘rta Osiyolik buyuk o‘zbek olimi al-Xorazmiy o‘zining asarlarida mashhur qildi. Ular nafaqat o‘z yurtlari xalqlari uchun, balki butun dunyo xalqlari, hozirda ham hurmat bilan tilga oladigan ilmiy asarlar, darsliklar yaratganlar. O‘z asarlarida ularni o‘qitish usullarini bayon qilganlar.
O‘rta asrlarda Yevropada ta’lim jarayoni cherkov maktablariga qaratilgan. XII asrlarga kelib birinchi universitetlarda “yitti erkin mahorat” darslarining o‘tilishi sekin astalik bilan san`at va keyinroq oliy maktablarning falsafa fakultetlariga aylandi. O‘rta asrlar maktablari va universitetlarida talabalar ularga taklif qilingan savollarga javob topish jarayonida mustaqil bilim olishga asoslangan, o‘qitishning sxolastik usuli rivojlandi. Bu usulni amalga oshirish uchun birinchi darsliklar yaratildi. Ma’lum ma’noda o‘qitishning sxolastik usuli muammoli ta’lim usulining o‘tmishdoshi bo‘lib, uni paydo bo‘lishiga zamin tayyorlab bergan.
Sxolastik usul dunyoqarashning idrok va din, aqliy va hissiy, umumiy va xususiy kabi tushunchalari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning muhim muammolarini yichishda qo‘llanilgan. Ta’limdagi bu jarayonlar jadal sur`atlar bilan rivojlanayotgan savdo ishlari va ishlab chiqarish, kemasozlik va astronomiya, tanobchilik va bank ishlari shart qilib qo‘ygan g‘arb jamiyati ommaviy savodxonligi ehtiyojiga zid edi. Lyuter, Kalvin va shu kabi reformatorlar jamiyatga o‘zlarining g‘oyalarini o‘zlashtirish imkonin beruvchi vositalar bilan ta’minlashga harakat qildilar va shuning uchun maktablarni tubdan o‘zgartirish va yangidan qurishga, ular uchun darslik, qo‘llanma va lug‘atlar nashr etishga kirishdilar. Cherkov maktablari qatorida savodxonlikka, hisob-kitobga va hunarmandchilikka o‘rgatadigan ko‘plab shahar maktablari ochila boshladi. Lekin XVII asrlarga qadar o‘qitish sifati juda pastligicha qolaverdi, o‘qitishning ilmiy asoslangan usullari va darsliklar mavjud emas edi. Yangilanish, Insonparvarlik va Islohat g‘oyalari dunyoni yangicha his qilishni taqazo etgan bo‘lsa, burjuaziya va uning siyosiy g‘alabasi O‘rta asr davridan yangi davrga o‘tishni boshlab berdi.
Yangi davr yangi ijtimoiy talablar qo‘ydi. Shularning ichida eng muhimi ommaviy savodxonlikka bo‘lgan ehtiyojdir. “Barcha xalqlarda maktab ochishga bo‘lgan ishtiyoq paydo bo‘ldi, bunaqasi hech bir tarixiy davrda bo‘lgan emas”. O‘sha davrning ilg‘or mutafakkir olimlari va pedagoglari o‘qitishni mukammallashtirish yo‘llarini izladilar va joriy qildilar. Shulardan biri buyuk chex pedagogi va filosofi Yan Amos Komenskiy (1592-1670) edi. Komenskiyning asosiy maqsadi “hammani, barcha narsaga, mufassal va yutuq kafolatlangan”ligiga imkon beruvchi o‘qitishning universal usulini topishdan iborat bo‘lgan6.
XIX asrga kelib shakllangan ommaviy maktab ta’limi didaktikasi nemis filosofi, pedagog va psixologi I.F.Gerbart tomonidan uning asarlarida konseptual shakllandi. Bu konsepsiyaga ko‘ra, o‘quvchi–o‘qitishning passiv ob`ekti va demak o‘qituvchini o‘quv jarayonini qanday boshqarish bilimlari bilan qurollantirish yitarli, ya’ni ma’lumotni qanday bayon qilish kerak, u qanday talablarga javob berishi kerak, savollarni qanday qo‘yish kerak, o‘quv dasturi qanday bo‘lishi kerak va h.k. Shu bilan birga pedagogik jarayonning Gerbart “bolalarni boshqarish” deb atagan qismi gipertrofiyalangan, ya’ni, o‘ta kengaygan holda edi. Aytish joizki, Gerbart tizimi o‘quvchilarni bilim olishga bo‘lgan qiziqishi va muammoli ta’lim usullari kabi gumanistik printsiplarni inkor etmagan Komenskiy tizimidan anchagina uzoqlashgan va ularga extiyoj qoldirmagan. Gerbart konsepsiyasi juda ko‘p davlatlardagi nazariy pedagogika hamda maktab praktikasiga ulkan ta’sir o‘tkazdi. Avtoritar pedagogika deb nom olgan hozirgacha o‘qitishda hukmronlikni bermay kelayotgan an`anaviy didaktik yondashuv va usullar shakllanishida Gerbart konsepsiyasi asosiy o‘rin tutgan.
Komenskiy, Pestalotstsi va boshqa olimlar tomonidan asarlari orqali yaratilgan ommaviy ta’lim tizimiga qarshi bo‘lgan, uni asossiz individual ta’lim tizimi bilan taqqoslovchi J.J.Russo, S.Frene kabi olimlar bor edi. Ammo ularda o‘qitishni qat`iy tartibga rioya qilinishi va universal darsliklar bolaning mustaqilligi va shaxsiy xususiyatlarini chegaralab qo‘yadi degan jiddiy e`tirozlari ham mavjud edi. XIX-XX asrlar bo‘sag‘asida amerikalik filosof J.Dyui talaba ustunligini tiklovchi didaktik konsepsiyani taklif qildi. Bu konsepsiyada muammoli ta’limning nazariy asoslariga alohida e`tibor qaratilgan. Dyui bolalarning kundalik muammolarini yichishda bilish va faoliyat jarayonlarini birlashtirdi va bunday harakat jarayoni quyidagi beshta ketma-ket bajariladigan pog‘onalarda bolalar tomonidan yangilik ixtiro qilinadi: 1)muammoni his qilish; 2) uni aniqlash va ta’riflash; 3) mumkin bo‘lgan yichimlarni taklif qilish; 4) bu yichimlardan to‘g‘ri xulosa chiqarish; 5)olingan natijani qabul qilish yoki qabul qilmaslikni aniqlovchi keyingi kuzatish va eksperimentlar. Maktabda muammoli o‘qitishga ko‘p sonli psixologo-pedagogik va metodik izlanishlar bag‘ishlangan. Ular maktab amaliyotida ham o‘z o‘rnini topdi. Lekin oliy o‘quv yurtlarida muammoli ta’lim ilmiy metodik izlanishlar va pedagogik amaliyot uchun nisbatan yangi soha hisoblanadi. Buning sababini albatta universitetlar tashkil qilinishi tarixidan izlash zarur.
Cherkov maktablari bazasida tashkil qilingan Bolon, Parij, Oksford va boshqa birinchi universitetlar barcha darajadagi, barcha millat vakillari, turli yosh va tabaqali odamlarga ilm yoshigini ochdi. Universitet ta’lim tizimi ma’ruzalar va ilmiy munozaralardan iborat bo‘lib, talabalar unda qandaydir biror ilmiy holatni yuzaga keltirib himoya qilishi zarur edi. Bunday o‘qitish tizimi butun o‘quv jarayonini shakl, xuddi shuningdek mazmun jihatidan qat`iy tartibga rioya qilinishini talab qilar edi. Lekin taraqqiyot davom etar va asta sekinlik bilan universitetlarda yangi matematika, tabiiy fanlar va tarix fakultetlari ochildi. XIX asr oxirlarida dastlab Germaniya universitetlari, keyinchalik boshqa mamalakatlar universitetlarida ilmiy izlanish, ta’lim va o‘qitish erkinligi negizlari e`lon qilindi va amalga oshirildi. O‘qitishning markaziy tuzilishi ma’ruza, ilmiy munozara avvalgi maqomini yo‘qotdi, deklomatsiya bekor qilindi. Ma’ruzalarning mazmuni ham o‘zgardi: endi ma’ruzachining vazifasi ilmiy xaqiqatni ma’lum qilishdangina iborat emas, balki uni izlashni namoyish qilishi va talabalarni bunga o‘rgatishi ham kerak edi. Bu barcha o‘zgarishlar Vilgelm fon Gumbold tomonidan talabalarni o‘qitish va ilmiy tadqiqot ishlari birgalikda olib borilishi mumkin bo‘lgan universitetning klassik modeli elitar oliy o‘quv yurti sifatida tashkil qilinishiga zamin tayyorladi7.
XIX, ayniqsa XX asrda oliy o‘quv yurtlari soni ortishi va oliy ta’limning professionallashishi munosabati bilan klassik universitetlar Gumbold modeli printsiplarini, avtoritar pedagogika printsip va usullari siqib chiqara boshladi. XX asr o‘rtalariga qadar bu jarayon oliy ta’lim, yuqori saviyada tayyorlangan o‘quvchilar va ularning o‘qishga munosabati, professura ilmiy kompetentligi bilan harakterlanuvchi-ko‘pchilikni tashkil qilmaydigan sondagi odamlar ta’lim oluvchi muassasaga aylandi. Keyinchalik oliy ta’limni ommalashuvi natijasida holat juda yomonlashdi va bu birinchi navbatda abitiruentlarni o‘rtacha tayyorgarligi pasayishi hamda ularni oliy o‘quv yurtlarida o‘qishga bo‘lgan qiziqishini pasayishida namoyon bo‘ldi. Asta-sekin oliy ta’limda majburiy topshiriqlar, andozali hisoblar, o‘quv reja va ishchi dasturlar va shunga o‘xshash talabalarni o‘qishga majbur qilish usullari ko‘rinishida avtoritar pedagogika ustunlikni oldi. Bugungi kunda ushbu holatdan chiqishning qator choralari amalga oshirilmoqda. Shunga qaramasdan, oliy o‘quv yurtlari oldida bu borada qator muammolar mavjud. Bizning nazarimizda bu muammolarni hal qilishda muammoli ta’lim muhim rol o‘ynaydi. Chunki muammoli ta’lim “nafaqat tayyor bilimni o‘zlashtirish, balki talabalar tadqiqot ishlarida olinadigan yangiliklar hamdir”. Shuning uchun, muammoli ta’lim pedagogik tizimni avtoritarlashuvdan asraydi, talabalarni bilishga bo‘lgan extiyojini rivojlantiradi va ijodkor shaxs sifatida shakllantiradi. Bilish jarayonini psixologik qonuniyatlari, muammoli ta’lim metodikasi fundamenti vazifasini o‘taydi.
Ta’limni tashkil etish va boshqarish bo‘yicha xorijiy
davlatlar tajribasi

O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sohasidagi davlat siyosatining mazmuni ta’lim taraqqiyotini yuqori bosqichlar eng ilg‘or xorijiy mamlakatlar ta’limi darajasiga ko‘tarish, jahon tajribasini o‘rganish asosida barkamol shaxs va malakali mutaxassisni tarbiyalab voyaga yitkazishdan iboratdir. Shu nuqtai nazardan ayrim xorijiy mamlakatlar ta’lim tizimidagi ba’zi jihatlarni tahlil qilishga e`tibor qaratilgan. Tayanch so‘z va iboralar: ta’lim sohasidagi davlat siyosati, ta’lim sifati, ta’limni boshqarish, ta’lim indikatorlari, attestatsiya, akkreditatsiya, ta’lim sohasidagi xorij tajribasi, oliy ta’lim muassasalari.


Ma’lumki, ta’lim tizimi deb muayyan jamiyatda ijtimoiy-tarixiy jarayonda tarkib topgan, ma’lum tamo yillar asosida boshqariladigan hamda bir-biri bilan bog‘lan gan barcha tipdagi o‘quv-tarbiya muassasalari yig‘indisiga aytilar ekan, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng barcha sohalar qatori ta’lim tizimini rivojlantirish, uning sifatini oshirish, boshqarish, bu jarayonda rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish masalalariga katta e`tibor qaratila boshlandi.
Ta’lim sifati va uni boshqarish masalalariga ilmiy nuqtai-nazardan yondashish xorijda XX asrning 20-yillaridan boshlangan. Mazkur jarayonda ta’lim sifatini boshqarish samaradorligini oshirish usullarini izlash ishlari dastavval ijtimoiy boshqaruvning umumiy nazariyasi yutuqlari asosida amalga oshirilgan. Shuni ta’kidlash lozimki, ta’lim sifati va uni boshqarish muammolari aksariyat tadqiqotlarda oliy ta’lim tizimi va uni amalga oshiruvchi ta’lim muassasalari misolida tahlil qilingan. Mazkur tadqiqotlarda oliy ta’limdan keyingi ta’lim, xususan malaka oshirish ta’limining muammolari alohida qaralmagan yoki oliy ta’limning mantiqiy davomi sifatida mushtaraklikda o‘rganilgan. Shuning uchun ham ko‘pgina tadqiqotlarda malaka oshirish ta’limi ham oliy ta’lim muassasalari amalga oshiradigan faoliyat tarzida yoritilgan8.
Ta’lim sifati muammolarini muhokama qilishda uning baholanishi, nazorati, monitoringi, sifatning ta’minlanishi va boshqalar haqida so‘z yuritiladi. Bu atamalarning ishlatilishiga aniqlik kiritish uchun ularning ingliz tilidagi ma’nosi va o‘zbek tilida ularga mos keluvchi so‘zlarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Sifat nazorati (quality control) kutilayotgan sifatning muayyan darajasiga erishishga yo‘naltirilgan sifatni baholashning tashqi protseduralarini belgilashda qo‘llaniladi.
Sifat monitoringi (quality monitoring) sifatning u yoki bu mezonlari va indikatorla rini bevosita baholash yoki kuzatish protseduralarini ko‘zda tutadi, sifat «darajasi»ni aniqlaydi, shuningdek, moddiy sarf-xarajatlarning samaradorligini baholash bilan ham bog‘liq bo‘ladi.
Oliy ta’lim sifati muammolariga doir ingliz tilidagi nashrlarda qator bosqichlardan (rejalashtirish, baholash va monitoring, tahlil va boshqa bosqichlar) iborat ham tashqi, ham ichki baholashni – keng ma’nodagi sifatni baholash tizimini anglatuvchi «quality assessment» atamasi ko‘proq ishlatiladi. Tor ma’noda sifatni baholash protseduralarini belgilashda «quality evaluation», «quality audit» , «quality judgement» kabi atamalar qo‘llaniladi.
Shuningdek, Yevropada sifatni ta’minlash yoki sifat kafolati tarzida tarjima qilinishi mumkin bo‘lgan «quality assurance» atamasi ham ishlatiladi. Sifatni ta’minlash tizimi baholash bilan bog‘liq bo‘lgan bosqichlardan tashqari ularni joriy etish bosqichlarini takomillashtirishga doir izlanish va qaror qabul qilish bosqichlarini ham qamrab oladi. Sifatni ta’minlash tizimining eng muhim xususiyati uning davriyligi va takomillashib borishga moyilligidir.
1995 yili YUNESKO tomonidan «Oliy ta’limni isloh qilish va rivojlantirish» nomli dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, unda asrlar almashinuvi davrida oliy ta’limni rivojlantirishning dunyo miqyosidagi tendentsiyasi va vazifalari bayon etilgan9.
Dasturda mavjud 151 banddan 18 tasi bevosita ta’lim sifatiga bag‘ishlangan. Ularda, jumladan, sifat konsepsiyasining «Oliy ta’lim sifati mazkur tizimning mazmun doirasi, vazifalari yoki tizimdagi sharoit va me`yorlarga bog‘liq bo‘lgan ko‘p qirrali tushuncha» tarzida tavsiflovchi keng talqini keltirilgan.
Ta’lim sifatini baholash muammosi hamma vaqt dolzarb bo‘lgan, faqat keyingi yillarda bu masala yichimiga tizimli majmuaviy tarzda yondashila boshlandi. Chet el olimlari va amaliyotchilari ta’lim sifatini tadqiq qilish doirasida ta’lim sifati tushunchasining o‘zini aniqlashtirmoqdalar, baholash mezonlarini ishlab chiqmoqdalar, yuqori sifatni ta’minlovchi omillarni tasniflamoqdalar, ta’lim sifatini boshqarish va monitoringi muammolarini o‘rganmoqdalar.
Ta’limni baholashning o‘zaro tan olinadigan tizimlarini joriy etish orqali taqqoslash imkonini beruvchi ta’lim sifatini ta’minlash Yevropa mamlakatlari yagona ta’lim makonini shakllantirishning muhim shartlaridan biridir. Dunyoda mavjud ta’lim sifatini baholash tizimlarini shartli ravishda ikkita modelga bo‘lish mumkin.
Birinchi model – oliy ta’lim muassasasining jamiyat va davlat oldidagi mas`uliyatini attestatsiya, akkreditatsiya va nazorat qilish vositasida tashqi baholashga asoslangan «fransuzcha» modeli. Bunday model Skandinaviya mamlakatlari, Chexiya, Latviya, Estoniya va boshqa mamlakatlarda qo‘llaniladi. Ushbu mamlakatlarda davlat organlari tomonidan baholashning maqsadi shakllantiriladi, baholashning eng muhim jihatlari belgilanadi, ta’lim jarayonini tashkil etishga doir qarorlar qabul qilinadi.Ta’lim muassasasi tomonidan o‘zini-o‘zi baholashga yuzaki qaraladi, chunki asosiy e`tibor tashqi baholashni samarali o‘tkazishga qaratiladi.
Tashqi nazorat me`yoriy va ilmiy jahatdan ta’minlanish borasida jiddiy muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsa-da, epizodik tarzda miqdoriy ko‘rsatkichlarni aniqlashga asoslangani sababli mavjud muammmo va yutuqlarni aniqlash, ta’lim sifatini oshirishni rejalashtirish imkonini bermaydi.
Oliy ta’lim sifatini baholashning ikkinchi – «inglizcha» modelining asosini ta’lim muassasasi tomonidan o‘zini-o‘zi baholash tashkil qiladi. Bu model Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH, Lotin Amerika mamlakatlarida qo‘llaniladi.
Frantsiyada oliy ta’lim muassasasi (OTM) faoliyatining tashqi nazorati OTMlarni baholash bo‘yicha Milliy qo‘mita tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur qo‘mitaning bosh vazifasi muayyan OTMlar va mamlakatdagi oliy ta’limning holatini davriy ravishda xolis baholashdan iborat. Baholash natijalari axborot va tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, dastlab prezident, parlament va hukumatga, so‘ngra nashrlar shaklida keng jamoatchilik e`tiboriga yitkaziladigan yillik hisobotlar tarzida bayon etiladi.
Germaniya va Buyuk Britaniyada yaqin davrlargacha ta’lim sifatini ta’minlashdagi bosh rol o‘quv muassasalari va bo‘linmalarining rahbarlari va o‘qituvchilar tarkibining kompetentligi va mas`uliyatiga asoslangan ichki nazoratga ajratilgan edi. Germaniyaning oliy ta’lim muassasalarida ichki nazorat asosan fakultetlar, aniqrog‘i ulardagi o‘quv jarayoniga javob beruvchi maxsus komissiyalar tomonidan olib borilar edi. Germaniyada davlat darajasida akkreditatsiya qilish yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lib, davlatga tegishli OTMlar avtomat tarzida akkreditatsiyaga ega bo‘lardi.
Oxirgi yillarda mamlakatda ichki nazoratning yitarli emasligi to‘g‘risidagi xulosaga kelindi va 1995 yildan boshlab OTM rektorlari konferentsiyasi rahnamoligida ko‘p bosqichli murakkab tuzilmaga ega bo‘lgan sifatni tashqi nazorat qilish tizimi joriy qilina boshlandi.
Sloveniyada, aksincha, OTMlar birgalikda oliy ta’limda sifatni baholash Qo‘mitasini ta’sis etadilar va nazorat uchun o‘zlari javob beradilar. Polshada esa amaldagi qonunchilikka binoan OTMlar ta’lim sifatini o‘zlari baholaydilar.
Shunday qilib, G‘arbiy Yevropa oliy ta’lim tizimining kengayishi va uni rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga sarflanayotgan xarajatlarning ortishi ta’lim muassasalarining oldiga mutaxassislarni tayyorlash sifatini namoyish qilish va shu orqali sarflanayotgan mablag‘larni oqlashni dolzarb vazifa qilib qo‘ydi. Shu bilan birga Yevropa oliy ta’limining baynalminallashuvi xalqaro miqyosda ta’lim jarayoni sifatini baholash tizimini yaratishning muhimligi va zaruriyatini belgilaydi.
Shimoliy Yevropa mamlakatlari (Daniya, Norvegiya, Finlyandiya, Shvetsiya) institutlari va universitetlarida tashkil etilgan nazorat va sifat tizimi ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega10.
Norvegiyada asosiy e`tibor ta’lim jarayoni va o‘quv dasturlarini baholashga qaratiladi. Baholash jarayoni hukumat tomonidan moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadigan tashkilotlar orqali amalga oshiriladi. Hozirda ta’lim vazirligi tarkibida nazorat bo‘yicha Kengash tashkil etilgan bo‘lib, u boshqa qo‘mitalardan mustaqil tarzda ta’lim makonining sifatini baholash siyosatini yuritadi.
Finlyandiyada ichki va tashqi baholash birga likda amalga oshiriladi. Daniyada nazorat hukumat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadigan tashqi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda ichki o‘zo‘zi ni baholashda tashqi ekspertlar tomonidan olingan ma’lumotlarga ham tayanadi.
Finlyandiyada oliy ta’lim nazorati vasifati bo‘yicha qo‘mita 1996 yilda tashkil etilgan. Qo‘mitaning bosh vazifasi – oliy ta’lim muassasalari va ta’lim vazirligiga baholash tizimini rivojlantirishga ko‘mak berish. Vazifasiga ko‘ra mazkur qo‘mita nazorat qilishdan ko‘ra ko‘proq maslahat beruvchi organga o‘xshaydi. Uning vazifalari qatoriga ta’lim muassasasi ichida sifatni baholash tizimida ishlash uchun mutaxassislarni tayyorlash, baholash tizimini ham davlat va ham alohida ta’lim muassasalari darajasida ta’minlash, kasbga yo‘naltirilgan institutlarni attestatsiyalash uchun hujjatlarni tayyorlash kiradi. Shvetsiyada oliy ta’lim sohasidagi milliy siyosat darajasida baholashning to‘rtta yo‘nalishi mavjud. Birinchi yo‘nalish ta’lim sub`ektlari va o‘quv dasturlarini mamlakat miqyosida baholash, ikkinchi yo‘nalish – akkreditatsiyalash uchun ta’lim dasturlarini baholash, uchinchi yo‘nalish – bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarlik darajasini aniqlash maqsadida yirik bo‘lmagan ta’lim muassasalarini baholash, to‘rtinchi yo‘nalish – butun ta’lim jarayonini umumiy baholashni qamrab oladi.
AQSHda ta’lim jarayoni sifatini nazorat qilish va baholash tizimi akkreditatsiya deb nomlanadi. Akkreditatsiya AQSH universitetlari va kollejlaridagi ta’lim sifatini baholashning yitakchi shakli sifatida qaraladi. Mazkur tizimda baholash ikkita yo‘nalishda olib boriladi: ichki va tashqi. Tashqi tizimga federal, tegishli shtatning organi, institutni akkreditatsiyalash agentligi, ta’lim muassasasi o‘quv dasturlarini akkreditatsiya qilish bo‘yicha ixtisoslashgan agentlik jalb qilinadi. Ichki baholash jarayoni o‘quv dasturlarining bajarilishi bo‘yicha universitet qo‘mitasining hisoboti, yangi o‘quv dasturlarini rejalashtirish va rivojlantirish, talabalarni ular o‘zlashtirishining natijalari bo‘yicha baholashdan iborat.
Akkreditatsiya natijasida ta’lim dasturi yoki institut faoliyatini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi yoki undan mahrum qilinadi.
Oxirgi yillarda «fransuz» modelini qo‘llayotgan Yevropa mamlakatlarida OTMlar tomonidan o‘zini-o‘zi baholash jarayonlarining joriy etilishi va rivojlantirilishi kuzatilmoqda. Masalan, Skandinaviya mamlakatlarida ta’limni baholash jarayoni ta’lim muassasasi tomonidan o‘z faoliyatini tartibga solish bo‘yicha to‘la javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi tomon siljimoqda va bunda hukumat ko‘makchi rolini o‘ynamoqda. O‘zini-o‘zi baholash tashqi kuzatuvchilarni ishontirish va qo‘shimcha moliyalashtirishni jalb qilishga tayyorgarlik nuqtai nazaridan o‘tkazilib, ta’lim muassasasi tomonidan o‘z faoliyatini takomillashtirish yuzasidan maxsus amalga oshiriladigan jarayon emas. Turli mamlakatlarda amalda bo‘lgan sifatni baholash milliy tizimlari nafaqat maqsadlari, vazifalari, baholash mezonlari va tadbirlari bo‘yicha, balki mazkur jarayonga hukumat (davlat), jamoat va maxsus organlar va muassasalarning jalb etilganlik darajasi kabi ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha bir-biridan farq qiladilar. Hamma joyda sifatni baholashning rasman e`lon qilingan maqsadlari sifatni belgilangan standartlar darajasida ushlab turish yoki undan oshirish bo‘lsa-da, amalda mazkur masalani tushunishning o‘zida (hisobotlarni kengaytirish va takomillashtirish evaziga nazoratni kuchaytirish zaruriyatidan to sifatni baholashni ta’lim muassasasi tomonidan o‘zini-o‘zi baholashga qadar) turli-tumanlik kuzatiladi. Shunga qaramasdan, ta’lim sifatini baholash ikkita tarkibiy qismdan, ya’ni ichki (o‘z-o‘zini baholash) va tashqi baholashdan iborat bo‘lishi lozimligi, shuningdek, mazkur tashkil etuvchilarning aniq mexanizmlari har xil bo‘lishi mumkinligi barcha holatlarda tanolinadi.
Umuman olganda mamlakatimizda ta’limni boshqarish tizimining sifat jihatidan yangi darajasi an`analar, boy tarixiy va ma’naviy merosni hisobga olgan holda rivojlangan mamlakatlar tajribasidan ham keng foydalanish lozim. Ta’limni boshqarish tizimi shakli va mazmuni jihatidan davlat-jamoatchilik tusida bo‘lishi – eng ilg‘or, va fuqarolik jamiyati yutuqlariga kiruvchi yo‘nalishligini tan olish kerak.
Xulosa qilib aytganda, ta’lim boshqaruvi nazariyasi nisbatan yangi va istiqbolli fan tarmog‘i hisoblanib, boshqaruv jarayonining mohiyati va qonuniyatlarini aniqlash, bu jarayonda sodir bo‘ladigan munosabatlarni ochib berish, baholash va boshqaruv sub`ektining aso siy tamoyillarni ishlab chiqish ta’limni boshqarish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’lim tizimini boshqarish pedagogika fanining muhim tarmog‘i bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasidagi ta’lim tizimi organlari va ularning vazifalari, ish faoliyatining mazmuni va metodlarini belgilab beradi, shuningdek, ta’lim muassasalariga rahbarlik qilish tizimini asoslaydi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimini miqdor va sifat jihatidan bundan ham jadal rivojlantirishda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan o‘rinli foydalanishga katta e`tibor qaratilmoqda. Ta’lim-tarbiyani tashkil qilish va boshqarishga doir respublikamizda amalga oshirilayotgan ishlarning hammasi pirovard natijada yagona asosiy maqsadga erishish, komil inson, muayyan darajada umumiy ma’lumot darajasi va kasbiy tayyorgarligiga ega bo‘lgan har tomonlama rivojlangan, iymon-e`tiqodli shaxsni tarkib toptirishga qaratilgandir.

Yüklə 480,81 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   29




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə