«тасдиљлайман»



Yüklə 5,08 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə25/63
tarix06.05.2018
ölçüsü5,08 Kb.
#42577
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   63

tarbiyasiga jiddiy e’tibor beradi. Natijada Siddixartxa Gautama o‘z 
davrining o‘qimishli kishilardan biri bo‘lib yetishadi. O‘sha vaqtdagi yetuk 
murabbiylarning tarbiyasini olgan o‘smir balog‘at yoshiga yetganidan 
keyin bilimini yanada kengaytirish va ilohiy haqiqatni anglash maqsadida 
tarki dunyo qiladi (o‘sha davrda ilohiy haqiqatga faqat shu yo‘l bilangina 
erishish mumkin degan g‘oya bo‘lgan) va bu davr olti yil davom etadi. 
Benares shahri yonida meditatsiya bilan shug‘ullangan Siddixartxa 
Gautamaga kunlarning birida buyuk haqiqat ayon bo‘ladi va u buddaga 
aylanadi. Shu vaqtdan boshlab u odamlar orasida o‘zining ta’limoti 
(Benares da’vati)ni targ‘ib qila boshlaydi.  
Siddixartxa Gautama asos solgan buddaviylik ta’limoti braxmanizm 
aqidalari negizida ishlab chiqilgan. Bunda, asosan, ruhning abadiyligi va 
tanadan tanaga ko‘chishi – sansara, uning bir tanadan boshqasiga ko‘chishi 
– karma va karmaning qanday bo‘lishi kishining hayot yo‘li, ya’ni 
dxarmaga bog‘liqligi kabi ta’limotlar qabul qilingan. 
Buddaviylik ta’limotiga binoan, cheksiz qayta tug‘ilishlar zanjiri 
(sansara)ni uzib tashlashi mumkin. Sansara zanjiridan chiqib ketish har bir 
dindorning tub maqsadi bo‘lishi kerak. 
Buddaviylik braxmanizm ta’limotining asoslarini qabul qilishi bilan 
birga, unga muxolif din ham bo‘lgan. Birinchi navbatda, buddaviylik 
braxmanizmga xos bo‘lgan boylik, hokimiyat va hayotiy lazzatlarga 
intilishlardan voz kechib, ulardan xalos bo‘lishning o‘rtacha yo‘lini 
tanlagan. Boylik, hayotiy lazzatlarga xirs qo‘yish kabilar tubanlik va 
ma’naviy buzilishlarga olib keladi, uning antipodi jaynizmning ixtiyoriy 
zohidlik g‘oyasi ham insoniylik ruhiga munosib emas deb hisoblangan. 
Braxmanizmda ruhning ko‘chishini faqat braxmanlar to‘xtatishi 
mumkinligi to‘g‘risidagi aqida qabul qilingan. 
Buddaviylikda kishining qaysi tabaqaga mansub bo‘lishidan qat’i 
nazar, ilohiy haqiqatga erishishi mumkinligi qayd etilgan. Shuningdek, 
ilohiy haqiqatga individual asosda erishish yo‘li qabul qilingan. Individual 
xalos bo‘lish yo‘li odamlarning o‘z taqdirini o‘zgartirishi mumkinligiga 
ishonchini mustahkamlaydi, individning ichki dunyosini din talablari 
asosida takomillashtirishga imkoniyat yaratadi. 
Braxmanizm jamiyatning kastalarga bo‘linishini xudo belgilagan 
qonun darajasiga ko‘targan bo‘lsa, buddaviylikda kishilarning tabaqaviy 
tengsizligi inkor etilgan. Har bir inson (tirik jon)da mutlaq ruhning bir 
zarrasi mujassamlashganligi sababli xudo oldida teng hisoblangan. 
Buddaviylikdagi odamlarning xudo oldida tengligi g‘oyasi uning 
keyinchalik jahon dini darajasiga ko‘tarilishi uchun shart-sharoit yaratgan. 
 
75


Budda ta’limoti quyidagi to‘rtta buyuk haqiqatga asoslanadi: 
1) hayot iztiroblardan iborat; 
2) iztiroblarning manbai – ehtiros va istaklarga to‘la hayot; 
3) iztiroblardan nirvanaga (sanskrit tilidan so‘zma-so‘z tarjimasi – 
o‘chish, so‘nish degan ma’noni anglatadi) erishish orqali xalos bo‘lish 
mumkin; 
4) haqiqatni anglash va nirvanaga erishishning yo‘li mavjud. 
Diniy ta’limotda hayotning iztiroblardan iborat ekanligi qayd etiladi. 
Iztiroblar kishini doimo ta’qib qiladi. Odamlar o‘z manfaati va 
ehtiyojlarini ta’minlash uchun doimo to‘siqlar va qiyinchiliklarni yengib 
o‘tishga majbur bo‘ladi. Maqsad sari tashlangan har bir qadam to‘xtovsiz 
ravishda yangidan-yangi iztiroblarni vujudga keltiradi. Kishi iztiroblardan 
xalos bo‘lish uchun ehtiros va istaklaridan voz kechishi kerak. 
Budda iztiroblardan xalos bo‘lish va nirvanaga erishishning sakkiz 
bosqichli yo‘lini ishlab chiqqan: 
1) to‘g‘ri e’tiqod – hayotning iztiroblardan iborat ekanligini idrok 
etish, istak va ehtiroslarni ongli ravishda cheklash; 
2) to‘g‘ri yo‘l – kishi o‘z hayot yo‘lini to‘g‘ri tanlay bilishi
3) to‘g‘ri so‘z – insonning gapi samimiy va adolatli bo‘lishi; 
4) to‘g‘ri ish – kuch ishlatishga yo‘l qo‘yilmasligi; 
5) to‘g‘ri hayot – tinch, pokiza va adolatli yashash; 
6) to‘g‘ri fikr – inson o‘z fikrining to‘g‘ri ekanligini nazorat qilishi; 
7) to‘g‘ri niyat – yomonlikning jismimizda mujassamlashganligini 
bilish; 
8) to‘g‘ri mushohada – meditatsiya va mushohada qilishning to‘g‘ri 
usullarini tanlash. 
Kishi bu bosqichlarni birin-ketin o‘zlashtiradi, bir bosqichdan 
boshqasiga o‘tishi bilan ijtimoiy hayot zanjirlaridan ozod bo‘lib, ma’naviy 
erkinlikka erishadi, nirvanaga yaqinlashadi va mutlaq ruh (xudoning 
jismi)ga qo‘shilishga tayyor bo‘ladi. 
Buddaviylik ta’limotiga ko‘ra, nirvana kishi ichki dunyosining 
shunday holatiki, unda barcha hissiyotlar, hayotiy ko‘nikmalar va dunyoga 
qiziqishlar so‘nadi. Odam ichki o‘zligidan va u orqali yashashga intilish 
asosida ruhning to‘xtovsiz qayta tug‘ilishini hosil qiluvchi sabablardan 
xalos bo‘ladi. Kishi ichki erkinlikka ega bo‘ladi. Bu shunday erkinlik va 
ruhiy holatki, unga erishgan kishiga hatto xudolar ham havas bilan 
qaraydi. 
Nirvanaga erishish yo‘li juda murakkab bo‘lib, tashqi tomondan 
yordam bo‘lmasa, kishi mustaqil ravishda unga erisha olmaydi. Shu bois 
 
76


bu yo‘lni tanlagan kishilarga nirvanaga erishish holatida bo‘lgan, lekin o‘zi 
bosib o‘tgan yo‘ldan ko‘proq odamlarning o‘tishi uchun yordam berishga 
tayyor turuvchi avliyosifat odamlar – bodxisatvalar (sanskrit tilida – 
tabiatan uyg‘otuvchi, ziyo beruvchi kishi degan ma’nolarni anglatadi) 
ustozlik qiladi. 
Buddaviylik har qanday ko‘rinishdagi keskinliklarga qarshi bo‘l-
ganligi sababli, nirvanaga erishish yo‘lini tanlagan kishidan albatta tarki 
dunyo qilishni, hayot quvonchlaridan voz kechib, dunyo kezib yurishni 
talab qilmaydi. Tarkidunyolikni tanlagan odamlar odatda ibodatxona 
jamoalari – sangaga birlashib yashaydilar. 
Buddaviylikda ibodatxonalar (hindularda sangalar deb ataladi) 
ruhoniylarning iyerarxiya prinsipi asosida tashkil etilmagan yagona 
tashkiloti va buddaviylikni tashviqot qiluvchi markazi bo‘lib qolgan. 
Ibodatxonalarda jamoa a’zolaridan shaxsiy gigiyenaga amal qilishlari bilan 
birga, yashaydigan joylarining toza bo‘lishi ham talab qilingan. Erkaklar 
sangalari bilan birga, ayollar sangalari ham tashkil etilgan. Ayollar 
sangalari kam sonli bo‘lib, asosan aholi punktlariga yaqin joylarda 
qurilgan. Bu yerdagi diniy marosimlarni unga yaqin turgan erkaklar 
sangalarining ruhoniylari bajarganlar. 
Ibodatxonalarda ruhoniylar diniy marosimlarni bajarish bilan birga, 
diniy ma’lumot olganlar, muqaddas yozuvlar matnini ko‘chirganlar va 
boyitib borganlar. Ularning sa’y-harakatlari bilan milodiy I asrning 
boshlarida buddaviylikning muqaddas kitobi «Tripitaka» (sanskrit tilida – 
uchta savat degan ma’noni anglatadi) yozib tugallangan. 
Tripitaka uch qismga (pitakka) bo‘linadi va quyidagilardan iborat: 
– «Vinaya pitaka» beshta kitobdan tuzilgan bo‘lib, unda sangalarni 
tashkil etish prinsiplari, jamoaga yangi a’zolarni qabul qilish tartibi
rohiblarning turmushi va dindorlar bilan munosabatlari tartibga solingan; 
– «Sutta pitaka» (sutralar savati) hajmi bo‘yicha eng katta qism bo‘lib, 
diniy ta’limot masalalariga bag‘ishlangan. Budda va uning shogirdlariga 
tegishli hikoyalar, pand-nasihatlar, afsonalar to‘plamidan iborat poemalar 
va ularga berilgan sharhlardan tuzilgan; 
– «Abxidxamma pitaka» (dxarma savati) yettita kitobdan iborat bo‘lib, 
unda diniy-falsafiy va axloqiy muammolar bayon qilingan. U Budda 
vahiylari sifatida talqin qilingan. Lekin u dastlabki ikki qismga nisbatan 
ancha keyin yaratilgan va ayrim buddaviylik mazhablarida muqaddas bitik 
sifatida tan olinmagan. 
Boshqa dinlar qatori, buddaviylik ham oqim va mazhablarga bo‘linadi. 
Buddaviylikda ikkita asosiy oqim mavjud. Ular quyidagilardan iborat:  
 
77


Yüklə 5,08 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   63




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə