1-Mavzu: Adabiyot –ma’naviyatni yuksaltirish vositasi. Doston va uning turlari Reja


-Mavzu : Abdulla Qodiriy. “O‘tkan kunlar” romani



Yüklə 182,57 Kb.
səhifə19/25
tarix15.02.2022
ölçüsü182,57 Kb.
#83779
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   25
Adabiyot ma`ruza. 2022

11-Mavzu : Abdulla Qodiriy. “O‘tkan kunlar” romani

REJA:


  1. Abdulla Qodiriy tarjimai holidan

  2. Qodiriyning ijodiy merosi haqida

  3. Qodiriy—jurnalist.

  4. Qodiriy va jadidchilik haqida

  5. “O`tkan kunlar” romani

O’zbek tarixiy romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahrida bog’bon oilasida tug’ilgan. U 9-10 yoshlarida maktabga boradi, bir boyga xizmatkor bo’ladi, toqichilik hunarini o’rganadi, bog’dorchilik bilan shug’ullanadi. 1912 yilda Abdulla rus-tuzem maktabini tugatib, ikki yil o’tgach, Toshkentdagi Abulqosim madrasasiga o’qishga kiradi. U 1912 yilda Rasul Muhammad boy ismli savdogarga prikazchik bo’lib ishga kiradi, 1914 yilda boyning katta qizi Rahbaroyga aylanadi va Nafisa, Habibulla, Adiba, Anisa, Mas’ud nomli farzandlarini tarbiyalaydi. Yoshligidanoq Sharq va G’arb madaniyati, adabiyoti ruhida tarbiyalangan, arab, fors, rus va turkiy tillarni puxta bilgan adib uchun Dante, Servantes, Gogol, Chexov kabi buyuk so’z ustalari, shuningdek, turk milliy adabiyotining o’sha davrdagi mashhur nashrchilari Yo.Qodiriy, F.Rafiqiy, R.Ashraf, Ya.Kamollar ijodi yaxshi tanish edi. Qodiriy arab adibi Jo’rji Zaydonni «Roman yozishga havaslantirgan» ustoz deb ataydi.

Abdulla Qodiriy ijodiy faoliyatining boshlanishi 1910 yillarga to’g’ri keladi. «Shu miyonalarda, - deb eslaydi Abdulla Qodiriy, - bozor vositasi bilan tatarlarda chiqadurg’on gazetalarni o’qib, dunyoda gazeta degan gap borlig’iga imkon keltirdi. 1913 yilda «Sadoyi Turkiston», «Samarqand», «Oina» gazetalari yaiqa boshlag’och, menda shularga gap yozib yurish fikri uyg’ondi». «Sadoyi Turkiston» gazetasining 1914 yil 1 aprel sonida Abdulla Qodiriy imzosi bilan yangi masjid va maktab» sarlavhali xabar bosilgan. Shu tariqa matbuotda Abdulla Qodiriy nomi paydo bo’ladi. Oradan ko’p o’tmay, «Millatimga», «Ahvolimiz» she’rlari, «Baxtsiz kuyov» dramasi, «Juvonboz» hikoyasi (1915) chiqadi. Abdulla Qodiriy 1919 yilda «Oziq ishlari» gazetasiga muharrir bo’ladi, so’ngra «Ro’sta» gazetasiga muxbir, «Ishtirokiyun» va «Qizil bayroq» gazetalarida xodim bo’lib ishlaydi. Adib o’z asarlarini «Qodiriy», «Julqunboy», «Kalvak maxsum», «Toshpo’lat», «Ovsar», «Dumbul», «Shig’oy» degan imzo – taxalluslar bilan e’lon qilgan. Qodiriy matbuot, jurnalistika sohasidagi bilim va malakasini oshirish maqsadida 1924-25 yillarda Moskvadagi oliy jurnalistika institutida ta’lim oladi.

Adib 1926 yilda «Sho’ro rahbarlarini matbuot orqali obro’sizlantirdi» degan tuhmat bilan sudlanadi. Maibuotda Qodiriyga yangi hujumlar boshlanadi, ayniqsa, 1937 yilga kelib, bu ish avjiga chiqadi. 1937 yil 31 dekabr kuni Qodiriy xibsga olinadi. To’qqiz oylik qamoqdagi so’roq, qiynoq, xorliklardan so’ng 1938 yil 4 oktyabrda Cho’lpon, Fitrat kabi maslakdoshlari bilan birga qatl etiladi.

Qodiriyning katta o’g’li Habibulla Qodiriy (1919-1987) shifokor, yozuvchi bo’lib yetishib, «0tam haqida», «Abdulla Qodiriyning so’nggi kunlari» kabi asarlar muallifi sifatida tanilgan.

Abdulla Qodiriy «Amir Umarxonning kanizi», «Namoz o’g’ri», «Dahshat» kabi romanlar yozish orzusida ham bo’lgan.

1958 yildan boshlab Qodiriyning qutlug’ nomi, asarlari xalqqa qaytarila boshlandi. Istiqlol davriga kelib, Qodiriyga hurmat –ehtirom yanada ortdi. Ulug’ adib Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti, mustaqillik ordeni bilan taqdirlandi, uning nomida eng yaxshi adabiyot, san’at va me’morchilik asarlari uchun davlat mukofoti ta’sis etildi. Bir qancha madaniyat muassasalariga uning nomi berildi.

Abdulla Qodiriyning «Jinlar bazmi», «Baxtsiz kuyov», «Padarkush» pyesasi, «Juvonboz», «Obid ketmon», «O’tgan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlari, «Yig’indi gaplar», «Kalvak maxsumning xotira daftaridan», «Toshpo’lat tajang nima deydi?», «Uloqda», «Ahvolimiz», «To’y», «Millatimga» she’rlari mavjud.

Abdulla Qodiriyning «Kalvak maxsumning xotira daftaridan» nomli hajviy asari 1923-27 yillar orasida yozilgan. Unda yozuvchi «Ko’pdan haqiqiy hayot bilan aloqasi uzilgan madrasa xurofoti bilan miyasi g’ovlag’on» mahalla imom Kalvakning kulgili sarguzashtlarini hikoya qilib bermoqchi bo’lgan. Asarda ulug’lardan biri vafot etganda Maxsum kechasi maxfiy ravishda marhumga janoza o’qishga beradi. Ertasi esa partiyalilar kelib yangichasiga aroqxo’rlik bilan marhumni ko’mishga hozirlik ko’radilar… Asardagi «Qavoidul - umaro» bobidaadib saltanatini boshqarishda podsho va amirlar, sulton va salotunlar Xudoyorxonning bek va bekzotlari, Nikolay oq podsho mansabdorlarining amal qilgan «Ko’hna va lekin puxta qoidalar» ushbu «Hurriyat, mardikor, sara dehqon, zamona, hukumatdorlari orasida ham» «Kalvak maxsum» asarining «Odamzodning aqli yetmaydi», «Qishloqqa yuzingni o’gir!», «Bachima’ni?», «Qishloqqa qopingni o’gur!» boblari olib borilgan siyosatning ko’ngilsiz oqibatlarini ko’rsatadi, xalqning dindan uzib qo’yilganligi tasvirlanadi.

«Toshpo’lat tajang nima deydi?» asarida muallif bosh qahramonning sarguzashtlari orqali bizni yigirma yillar hayotining ziddiyatli dramatik hodisalariga, davrning o’tkir muammolariga ro’para qiladi. Asar qahramoni Toshpo’lat bolaligida yaxshi tarbiya ko’rmagan, maktabda yolchitib bilim olmagan, savodsiz-omi, ma’rifatdan yiroq, hayotda yo’lini topa olmagan, omadsiz, ishsiz, biti sirka bo’lmagan shu faqirlik orqasida yomon yo’llarga kirib qolib tajanglangan chapani. U dehqonchilik qilib, «Non o’rniga kesak tishlab, yoz bo’yi suv ichib, ishlab, oyog’ida bitta chilim qovoqqa ega bo’ladi».

Xullas, u o’zi aytganidek, «Odami zot farzandining g’aribi». Toshpo’latning o’ziga o’xshash faqir do’sti, soddadil, besh norasida go’dakning otasi Salim so’takdir.

Yozuvchining hajviy-yumoristik mahorati, «Xarakter kulgisi» yaratish san’ati yirik asarida «O’tgan kunlar» romanidagi O’zbekoyim, Xushro’y, «Mehrobdan chayon» dagi Solih Maxdum, «Obid Ketmon»dagi Xatib domla, Mulla Muhsin obrazlarida yorqin namoyon bo’lgan.

Abdulla Qodiriy 1934 yili qishloq hayotidan «Obid Ketmon» romanini yozdi. Asar qahramonlari Obid Ketmon, Berdi tatar, Xatib domla, Mulla Muhsin va boshqa. Obid obrazi o’zbek adabiyotida noyob hodisa Obid obrazini o’zbek xalqining mehnat, dehqonchilik bobidagi yetukligi timsoli deyish mumkin. Asarda Mulla Obid qaynotasi in’om etgan besh tanob yerda tadbirkorlik bilan halol ishlab katta boylik shuhrat topadi. Yozuvchi inson shaxsiga yondashishda o’sha davrda odat tusiga kirgan tor sinfiylik doirasidan ancha chetga chiqib, umuminsoniy qadriyatlarni ardoqlash yo’lidan boradi. Adib xolis turib kollektivlashtrish harakatining bir qancha tomonlarini haqqoniy ko’rsatadi. Ichki muammo va ziddiyatlarni ochib beradi, ehtimol, xatarli oqibatlardan ogohlantiradi, kolxoz tuzumi pirovardida odamlardagi tashabbusni, shaxsiy egalik, manfaatdorlik tuyg’usini so’ndirishini aytadi. Oybek yozuvchining mahoratiga tan berib shunday yozadi: «Domlalarning obrazini yozishda yozuvchi, san’atkor. Domlalarning yurish turishi, fikr yuritishi, xalqni aldashi va hokazo butun sifatlari o’quvchining ko’z oldida gavdalanadi. Asarda domlalarni yozuvchi yetaklamaydi, ular o’zlari domlalarcha yuradilar. Ularning og’ziga yozuvchi o’z so’zlarini tiqmaydi, ular o’zlaricha so’zlay dilar…».

«Obid ketmon» romani ham sho’ro mafkurachilari kutgan asar bo’lib chiqmadi. Buning ustiga mamlakat osmonida Stalin qonli siyosati tufayli qo’zg’algan to’zonlarning qora buluti quyuqlasha boshladi. Shu to’zon qurbonlaridan biri haqiqatgo’y, mardona shaxs Qodiriy bo’ldi.

Abdulla Qodiriyning dastlabki romani «O’tgan kunlar» bo’lsa, ikkinchi romani – «Mehrobdan chayon»(1929), ham o’tmish haqida asar mavzusini yozuvchining o’zi quyidagicha izohlaydi: «Turkiston feodallarining keyingi vakili bo’lgan Xudoyorxonning o’z xohishi yo’lida dehqon ommasi va mayda hunarmand –kosib sinfini qurbon qilishi, mamlakat xotin-qizlarini istaganicha tasarruf etishi, bunga qarshi keluvchilarga, tilasa kim bo’lmasin, rahmsiz javzo berishi – romanning mavzuidir. Xudoyorxonning bu yo’lidagi birinchi istinodgohi bo’lgan ulamolar, ularning ichki-tashki ahvoli, axloqi, madrasa va oila hayoti, ulamoda insoniy his bitganligi va qolgani ham ifloslik pardasi ostida sezilmas darajaga yetganligi mundarija singdirgan qadar bayon qilinadi.

«Mehrobdan chayon»romanida Qo’qon xoni Xudoyorxon, shuningdek, Abdurahmon domla kabi fitnachi nopok shaxslar obrazlari yaratilgan.

Bularga qarama-qarshi holda Mirzo Anvar, Ra’no, Sultonali singari obrazlar samimiy muhabbat va ixlos bilan tasvirlangan.

«Mehrobdan chayon»da sevishganlar muhabbati, ijtimoiy tuzum, saroy hayoti tasviri bilan uzviy ravishda berilgan. Romanning asosiy qahramoni Anvar Xudoyorxonning qilmishlaridan nafratlanadi. U xon saroyidagi adolatsiz siyosatdan norozi. «O’rdadagi to’kilib turgan gunohsiz qonlar, doim tevarakdan eshitilib turgan ohu zorlar menim yuragimni ezadir, tinchligimni oladir», - deydi Anvar.

Abdulla Qodiriy romanda xilma-xil xarakterlar yaratishda zo’r mahorat ko’rsatgan. Ayniqsa, bosh qahramon Anvar obrazi bu jihatdan g’oyat mukammal va tabiiy chiqqan. Anvar – insonparvar, mehnatsevar va iste’dodli yigit. Anvar qashshoq bir oilada dunyoga keladi. Yoshligida ota –onasi vafot etib, boshidan yetimlik azobini o’tkazadi. U avval pochchasi eshigida, so’ngra maktabdor domla Solih Mahdum xonadonida tirikchiligini ko’radi. Shu bilan birga, Solih Maxtumdan ta’lim-tarbiya oladi. Anvar yoshligidanoq o’zining zehni, aqli odobi bilan tanish bilishlarining, xususan, maxdum xonadonidagilarning e’tiborini qozonadi. Anvarning iste’dodini ko’rgan Solih Maxdum unga qizi Ra’noni berib, ichkuyov qilib olmoqchi bo’ladi. Anvarning maktabdagi saboqdosh sherigi, xonbosh munshisi Muhammad Rajabbekning o’g’li Nasim bilan do’stlashishi uning kamolotida alohida ahamiyatga ega bo’ladi. Nasim bevaqt vafot etgach, Rajabbek Anvarga suyanib qoladi va ko’p iltifotlar ko’rsatadi. Ko’p o’tmay, Anvar bosh munshi lavozimiga tayinlanadi. Anvar bu lavozimni istab-istamay, majburiyat orqasida qabul qiladi. O’zining aql-farosati, ilmu donishi va halol mehnati tufayli xon saroyining bosh mirzosi darajasiga ko’tarilgan Anvar to’g’ri ishlaydi, adolat uchun kurashadi. Oqibatda saroy ahlining amalparast va ta’magir qismi Anvarga dushman bo’lib qoladi. Ular Anvarga qarshi fitna –fasod uyushtiradilar. Shu yo’l bilan uni adolatsizlik oldida tiz cho’ktirmoqchi bo’ladilar.

«Mehrobdan chayon»romanida Ra’no obrazi ham yorqin bo’yoqlarda tasvirlangan. Anvar bilan Ra’no o’rtasidagi muhabbat misolida yozuvchi yosh kurtaklarga kuch, jasorat bag’ishlaydigan haqiqiy sevgini ulug’laydi. Ra’no «O’tgan kunlar»dagi Kumush obrazidan farq qiladi. Chunki Ra’no vafodorlik va oqilalik sifatlari bilan Kumushga yaqin tursa ham, u – Kumushga nisbatan jur’atli va jasoratli. Ra’no og’ir ahvolga tushgan paytda xon changalidan qutulish yo’lini qidiradi. Bu yo’lda sevgilisi Anvarga yordamlashadi. Anvar esa o’z harakatlarida Ra’no bilan maslahatlashib turadi. Shu tarzda Ra’no obrazi asarda aql-idrok va mardlik jihatdan erkaklar bilan teng qo’yiladi. Unga oddiygina sevgining kuchi sababdir. Ra’noga xalq, millat qayg’usi emas, o’z sevgisi, sevgilisidan ajralib qolish xavfi jur’atbaxsh edi.

«Mehrobdan chayon» romani – badiiy mahorat darajasiga ko’ra mukammal asar. Uning syujeti qiziqarli va dramatik vaziyatlarga boy bo’lganidek, tili ham puxta va shirali. Qodiriyning har ikkala romanida ham hayot haqiqati katta mahorat bilan aks ettirilgan. Takrorlanmas darajadagi original va yorqin obrazlar orqali hayot haqiqati badiiy haqiqatga aylantirilgan. Abdulla Qodiriy romanlarining syujeti tom ma’noda hayotiy va nihoyatda qiziqarli, ta’sirli bo’lganidek, ular obraz yaratish, til boyliklaridan foydalanish g’oyat go’zal va jozibadordir. Har ikkala romanda Abdulla Qodiriy badiiy mahoratning oliy darajadagi namunasini ko’rsatgan.

Bu izohlardan qat’iy nazar Anvar bilan Ra’nolarning muhabbat to’la hayot qurishlari xonlik davrida ham, undan keyingi barcha tarixiy sharoitlarda ham ibrat bo’lib qoladi. Hayot bor ekan, unda pok sevgi-muhabbat bor, uni amalga oshirishda to’siqlar, ziddiyatlar, kurashlar ham bor. Yozuvchi ana shu muhim hayotiy muammoning ham kishi havasi keladigan darajada badiiy ifodasini berdiki, - bu faqat buyuk san’atkorlargagina nasib bo’ladi. Qodiriy har ikkala romanida bir necha hayotiy muammolar qatorida ularning tarkibiy qismi tarzida – Muhabbat, Oila, Sadoqat, Samimiyat singari eng yuksak insoniy fazilatlarni ko’rsata bildi hamda mavzu materiali, undagi voqyealar, qahramonlar sarguzashtlari, o’zaro aloqalari va kurashlari, ular harakat qilgan joylar, shart-sharoitlar, muhit – hamma hammasi o’zbek xalqi hayotiga oiddir. Romanlardagi folklorlar va adabiy obrazlar, ramzlar, kiyim-kechaklar, asbob-uskunalar, dov-daraxtlar, parrandalar, o’simliklar, kuy-qo’shiqlar, ranglar, inosn qiliqlari va imo-ishoralari- bularning hammasi o’zbek xalqi xarakterini, psixik olamini, ma’naviyatini aks ettirishga xizmat qilgan. Avvalo shuni aytish kerakki, romandagi inson erki uchun kurash g’oyasi adolatli tuzum va odil hukmdor, tinch-totuv ittifoqda yashash orzu-armoni bilan jips bog’lanib ketgan.

Abdulla Qodiriy o’z asarlarida ana shu ezgu niyatni targ’ib qildi. Garchand uning asarlarining voqyeasi va qahramonlari Turkistondan olingan bo’lsa-da, umuminsoniy, gumanistik g’oyalarni olg’a surdi. Fozil davlat tuzumi va shaxs erki masalasi Sharq allomalarining qalbini qanchalik band qilgan bo’lsa, jahonning barcha so’z san’atkorlarining ham diqqat markazida turdi. «Mehrobdan chayon» asarining uzoq-uzoqlarga parvoz qilishining boisi shundaki, Solih Maxdum o’zbek tuprog’ida tug’ilgan xasis, ammo uning xasisligining namoyon bo’lishi – xalq orasida «Zarbulmasal» bo’lishi milliy turmush tarzi bilan jips bog’liq bo’lsa-da, ammo mohiyati jihatidan umuminsoniydir, mushtarakdir (hamma kiyimiga yamoq tushgan bir choponni sakkiz yilda ham tashlamaydi, bir oyda bir kir yuvdiradi, uyda asosan suyuq ovqat qildiradi, sholg’om, lavlagi ishlatadi, hatto, kuyov qilaman deb yurgan Anvar bosh mirzalikka tayinlanganda uni qutlagani keluvchilar uchun yumshoq non olishga ham og’rinadi, xon Ra’noni xotinlikka so’raganda Anvardan voz kechib, unga rozilik beradi). Toshpo’lat tajang obrazida ham shunday mushtaraklik bor. «Mushtum» jurnalida «Toshpo’lat tajang nima deydi?» hikoyasi bilan Toshpo’lat tajangning rasmi ham beriladi. Farg’ona gazetasida bosilgan bir maqolada bu rasm «Mulla nasriddin» jurnalidagi rasmning o’zi demak, «Mushtum» o’g’irlik qilgan deb yoziladi. Shu munosabat bilan Abdulla Qodiriy javob berib bunday deydi: «Kavkaz bilan Turkiston tiplarda va urf-odat bir-biriga juda yaqindir. Buni yaxshi bilish kerak. Shuning uchun Turkistonda tug’ilgan o’zingizning tog’ongiz «Toshpo’lat tajang»dan tonib, uni kavkazlik deyishingiz qalandarona bir so’zdir. Ishonmasangiz «tajang» tog’angizning so’zlariga, qiliqlariga, madaniyat dunyosiga bo’lgan pisandiga bir qarang. Bu tip yolg’iz Turkistonning o’zigagina emas, Turkistonning har bir burchagida ham bor va shuning uchun bir chapaningiz haqidagi sof bir karrikaturani o’z molimiz deymiz. Sizning o’g’ri ushlash nuqtangizga qo’shilishimiz ham bu tip kavkaz turklarida ham bor ekan» deyishdilar.

Abdulla Qodiriy «Mehrobdan chayon»da ham xuddi «O’tgan kunlar»dagi kabi hayot haqiqatiga sodiq qoladi va har bir narsaga xalq ko’zi bilan qaraydi, uning qalbi bilan tinglaydi va shu xalqning milliy xarakteri to’g’risidagi mavjud tasavvuriga suyanadi. Romanning kirish qismida yozuvchining o’zi nomarg’ub va marg’ub qahramonlarni tasvirlashdan maqsaddini aytadi va kambag’allarning «xonlik tuzilishiga, qora kuch – ulamo alayxiga chiqishi, mehnatkash kambag’allarning axloqi, saviyasi, oilasi, turmushi va bir-biriga aloqasi samimiyati» ni berajagini ta’kidlaydi. Yozuvchi o’sha hayotni «tarixning hazmi ko’targancha» berib, soxtalikdan qochganini aytib, e’tiborni quyidagi milliy hayot nuqtalariga qaratadi: «Shu ikki sinf kurashini tasvir qilish vositasida xon harami, xotinlari, qirq qizlar, tarixiy va etnografik lavhalar, o’zbek hayoti, qiziqchiligi, tanqidchiligi, o’zbek xotin-qizlari orasidagi iste’dodli shoirlar, askiyachilar va boshqa yana ko’p nuqtalar qamrab olindi. Yozuvchi romanda butun milliy hayot tasvirini odil hukmdor falsafasini, insonparvarlik, erksevarlik falsafasini ifodalash uchun xizmat ettiradi, yovuzlik, riyokorlik, adolatsizlikni, pastkashlikni fosh etishga yo’naltiradi. Anvar qaynotasining iltimosiga ko’ra Mulla Abdurahmonni o’rdaga ishga oldirgan edi, fisqu-fujurni avj oldirgnai uchun keyincha uni saroydan uzoqlashtiradi. Mulla Abdurahmon Anvardan o’ch olish uchun saroyga hukm surib kelgan razil odatidan foydalanadi, ya’ni Ra’noni xonga maqtab xotinlikka tavsiya etadi. Ikki yosh taqdiridagi alg’ov-dalg’ovlik shundan boshlanadi.

Romanda o’zbek dostonchiligi an’anasi ruhida Anvar – Ra’no hayoti ularning bolaligidan boshlab tasvirlanadi, bu Tohir –Zuhralar sarguzashti va taqdiri xonlik tuzumining chirkin manzarasini to’laligicha ochib tashlaydi. Sharq adabiyotida, shu «Tohir-Zuhro» kabi xalq dostonlarida, Navoiyning «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin» dostonlarida, shuningdek, Nizomiy va Jomiylarning shu tipdagi dostonlarida oshiq-ma’щuqlar visoliga g’ov bo’lgan hajr-hijron inson sevgisini sinovdan o’tkazuvchi, toblovchi va shaxsni kamolotga yetaklovchi kuch sifatida tasvirlangan. Yozuvchining «Mehrobdan chayon»da ham masalaga shu taqlidda yondashadi. Yozuvchi asarida o’z qahramoni tilidan «ishq davomi ovom o’ylaguncha vasl emas – hajrdir. Zero, vasl ish o’tin so’ndiruvchi, hajr esa kamolotga erishtiruvchidir», deydi. Anvar ham Ra’no ham o’tkir zehnli, ilmli, shoirtabiat, odil, yuksak didli yoshlardir. Yosh, yetim yigitchaning bosh mirzolikka ko’tarilishi ham bejiz emas. Ra’’no «she’riy bir husn» egasi, «fa’l va zakovatda ham o’tgan xon zamonlari asarining nodir uchrayturg’on yagona fozila qizlaridir». Xon uni Anvardan tortib olayotganda ertaklardagi qizlardek jasorat ko’rsatadi. Yozuvchining o’zi Ra’noning jasorati xonga qarshi isyoni, hatto, ma’yus qolgan Anvarni yo’lga solishi, o’z zamonasi uchungina emas, bizning hozirgi asrimiz uchun ham tahsinga loyiq va rA’no yosh qizlarimizga ibratdir», deydi. Anvar ham haqiqat uchun fidoyilarcha kurashuvchi inson darajasiga ko’tariladi. Anvar do’sti Sultonalini o’limdan qutqarish uchun o’z boshini jallod kundasiga qo’yar ekan, bu jasoratni yozuvchi o’rda ahli «mujassam bir vijdon, tog’yurak bir yigit va o’lim sari kulib keluvchi bir arslonni o’z tarixida birinchi marotaba ko’rdi va tong ajabda qoldi. Bu ulug’ jasorat bir necha daqiqagacha zulm itlarini sukutga soldi», deb ta’riflaydi.

Yozuvchi o’z qahramonlarini mana shunday ko’tarinki, shoirona uslubda, quyuq yorqin bo’yoqlarda -romantik pardada tasvirlaydi. Ismi jismiga mos Ra’noga ramziylik ma’nosini ham yuklaydi. Ra’no so’zi va qiz taqdiri o’sha tuzumni go’zallik dushmani tarzida talqin qilishga ko’mak beradi. Xon tomonidan Anvar sevgilisining tortib olinayotganligi voqyeasini yozuvchi «shu damda falokat bir necha kun ichida Ra’no gulini so’litayozdi», deb talqin qiladi. Bu yerda asl ma’nosidan ko’ra ramziy ma’nosiga ko’proq urg’u berilmoqda.

Abdulla Qodiriy romanlaridagi milliy ruh tashqi tomondan juda oddiygina bo’lib ko’ringan nuqtalarda, masalan, hatto, qahramonlarning bir-biriga murojaatlarida ham yaqqol ko’rinib turadi. Ingliz, fransuz, nemis xalqlarida odamlar bir-biriga murojaat etganda qo’llanadigan maxsus so’zlar bor (miss, mister kabi). Rus tilida bunday an’ana yo’q (grajdanka, grajdanin, mujchina – jenщina, deb chaqiriladi). O’zbeklar orasida jinsi, yoshi, mavqyeiga qarab murojaat etadigan so’zlar juda ko’p, A.Qodiriy o’z romanlarida bunday so’zlardan ko’p va o’rinli foydalanadi. «O’tgan kunlar»da begim, bek aka, jiyan, opa, singil, amaki, aka, bekachim, mullaaka, usta aka, fuqaro kabi so’zlar uchraydi. «Mehrobdan chayon»dagi shu to’g’rida janobingiz Mirzo Anvardan to’yga urinishingiz uchun bir kalima javob olib bersangiz «taqsirimga ojiza borligini pushti panoh etishgan ekanlar», «bundan so’ng qo’qonlik Miyonfazl Vahob hazratga erga chiqdi», «yo’q, taqsir, yo’q, - dedi dehqon, - taqsirim shu qog’ozni pitib berdilar» kabi jumlalardagi so’zlarda qancha izzat-hurmat bor.

Kitobxon romandagi sotqinlar, qirg’inlar, xiyonatkorlarning qilmishlaridan qancha azob-nafrat, iztirobga tushsa, Otabek, Kumush, Anvar va Ra’nolarning sevgi-muhabbatlari to’la tasvirlangan sahifalarni huzur qilib o’qiganda ko’ngli tog’day ko’tariladi. Ular birga kuladi, birga yig’laydi, birga nafas oladi, qalbi bilan uyg’unlashib ketadi. Mana shu uyg’unlashuv insonda fazilat, kamolot, ya’ni ma’naviy boylik xislatlarini shakllantiradi, rivojlantiradi… Romanlarning biz uchun tarbiyaviy ahamiyati ham, estetik ta’sir kuchi ham xuddi shu nuqtalardan kelib chiqadi.
SAVOLLAR:


  1. Abdulla Qodiriy haqida nimalarni bilasiz?

  2. Jadid atamasini qanday tushunasiz?

  3. Abdulla Qodiriyning qanday asarlari bor?

  4. O`tkan kunlar” romani qanday boshlanadi?

  5. Bu romanning bosh qahramonlarini ayting.


Yüklə 182,57 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   25




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə