5-sinf adabiyoti. 1-bob adabiyot so‘z san’ati



Yüklə 2 Mb.
səhifə1/455
tarix17.12.2023
ölçüsü2 Mb.
#149897
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   455
5 - 9-SINF ADABIYOT


5-sinf adabiyoti. 1-bob
ADABIYOT - SO‘Z SAN’ATI

Qimmatli farzand, o‘zingizning uch-to‘rt yasharlik paytingizni eslaysizmi? Yodingizda bo‘lsa, u paytlar televizorda beriladigan turli-tuman ko‘rsatuvlar Sizni unchalik qiziqtirmasdi. Agar buni eslolmasangiz, ukalaringizni kuzating. Ular televizor tomosha qilishdan ko‘ra ertak eshitishni ko‘proq yaxshi ko‘radi.


Shunday ham bo‘ladiki, buva va buvilar, ota va onalar har kuni aytaverib, ertaklari ham tugaydi. Eng qiziq ertaklar o‘nlab marotaba qayta aytilsa ham bolajonlar jon qulog‘i bilan eshitaveradi. Ularga ertak voqealari yod bo‘lib ketadi. Lekin, baribir, bolalar ko‘zlarini katta-katta ochgancha, bir nuqtaga tikilib ertak eshitishdan zerikmaydi.
Nega shunday? Nega oddiy gaplar emas, balki ertak va she’rlar odamni bu qadar o‘ziga tortadi, deb o‘ylab ko‘rganmisiz?
Keling, shu savolga birgalikda javob topaylik.
To‘rt yildan buyon maktabga qatnab bilib oldingizki, odam bolasi boshqa mavjudotlardan o‘zining fikrlay olishi bilan farq qiladi. U nafaqat o‘ylaydi, fikrlaydi, balki bu fikr-o‘ylarini so‘zlar orqali boshqalarga ham bildira oladi.
Odamlar fikrlar ekan, bir narsani boshqasiga solishtiradi. Bunda ular nafaqat oqni qoradan, yaxshini esa yomondan ajratadi, balki nar-salar orasidagi o‘xshash, bir-birini takrorlovchi jihatlarni ilg‘aydi. Mana shu solishtirish jarayonida obrazli (timsolli) fikrlash hodisasi yuzaga keladi.
«Obrazli fikrlash» degan ibora Sizga sal og‘irlik qilayotgan bo‘lsa, buni bir sodda misol bilan tushuntiramiz.


Jajji ukalarfingizning tiliga, xatti-harakatlariga e’tibor bering. Ular osmondagi bulutlarga qarab Sizga goh chopib borayotgan otni, goh ulkan odam qiyofasini ko‘rsatadilar. Bir sinchkov bola barg ustida sudralayotgan ipak qurtini har kuni qishlog‘ining chekkasidan o‘tadigan poyezdga o‘xshatsa, boshqa bola bahorda lolaqizg‘aldoq bilan qoplangan Dalalarni qip-qizil gilamga qiyoslaydi. Bolajonlar loydan kulcha, qumdan uy, plastilindan qushcha yasar ekan, yodiga o‘sha narsalarning surati — timsolini keltiradi. Qo‘lidagini xayolidagiga o‘xshatib yasashga urinadi.
Ertaklarda esa mana shunday obrazli fikrlashning rang-barang ko‘rinishlari aks etadi. Ertak qahramonlari so‘z va obrazli ifodalar yorda-mida ko‘z oldingizda jonlanadi, turli sarguzashtlarni boshdan kechiradi. Voqealar shunday qiziqarli hikoya qilinadiki, o‘zingizni xuddi ularning ishtirokchisidek his qilasiz.
Demak, odamlarning tabiatida bir narsani ikkinchi bir narsaga qiyoslash, hamma narsani so‘z yordamida jonlantirishga moyillik, so‘z san’atiga — adabiyotga qiziqish azaldan bor ekan, degan xulosaga kelsak bo‘ladimi? Albatta, bo‘ladi!
Ana endi ertak, she’r, hikoya ko‘rinishida namoyon bo‘ladigan adabiyot — so‘z san’atining o‘zi nima, u qanday ehtiyojdan paydo bo‘ladi, degan savolga javob izlab ko‘raylik.
Suhbatimiz boshida «odam boshqa mavjudotlardan o‘zining fikrlay olishi bilan farq qiladi» dedik. Fikrlaydigan insonga esa xayolga berilish, orzu qilish, agar maqsadlariga erisha olmasa, armon chekish singari juda ko‘p xususiyatlar ham xosdir.
Tarix to‘g‘risidagi hikoyalardan bir narsani bilib oldingiz. Ya’ni ibtidoiy odamlar o‘zini o‘rab turgan tabiat hodisalari qarshisida ancha ojiz edilar. Boshqa mavjudotlarning tabiiy imkoniyatlari odamlarning havasini keltirardi. Inson baliqdek suv ostida suzishni, qushlardek osmonda uchishni orzu qilmasdi, deb o‘ylaysizmi? Albatta, orzu qilardi.
Yoki bo‘lmasa, yo‘lsizlikdan qiynalgan odamlar ko‘z ochib yumguncha o‘zlari intilgan manzillarga borib qolishni juda-juda istardi. Sovuq o‘lkalarda yashaydigan odamlar quyoshning tansiq nurlariga qancha talpinishsa, sahroda hayot kechiradiganlar bag‘rida sharqirab suvlar oqib yotadigan yashil vodiylarni ko‘rgilari kelardi.
Biroq, orzu-xayol bor edi-yu, uni ro‘yobga chiqarish oson emas edi. Odamlar bu orzulariga hayotda yetisha olmasa ham xayolda yetishishga, ular to‘g‘risida turli hikoyalar to‘qib, o‘zlarini yupatishga kuchli ehtiyoj sezardi. Bu orzu-istaklarga to‘la hikoyalar keyinchalik ertak, afsona, rivoyat degan nomlar oldi.
Tabiati va tarixi turli xil o‘lkalar xalqlarining ertak va afsonalari ham bir-biridan yaqqol farq qilishini sezasiz. Masalan, ko‘p bora ocharchilikni boshidan kechirgan o‘lkalarda tarqalgan ertak va afsonalarda nonga yetishish eng katta baxt sanalsa, turli bosqinchilar zulmidan bezgan xalqlar dovyurak, yengilmas, mardona farzandlarni qo‘msab dostonlar yaratgan.
Demak, adabiyot insonning orzu-xayoli, umid va armonlari, odam va olam to‘g‘risidagi tushunchalarini badiiy so‘z yordamida ifoda etishi ekan. Adabiyotning asosiy ifoda vositasi esa badiiy so‘z hisoblanarkan.
Adabiy asarlar bilan Siz ham albatta do‘st tutinishingizga ishonamiz. Chunki adabiyot Sizning didingizni o‘stiradi, fikrlash qobiliyatingizni kuchaytiradi, odob-axloqingizni yanada chiroyliroq bo‘lishiga ko‘mak-lashadi.
Adabiy asarlarni o‘qigach, har kungi ko‘rayotganingiz olamning naqadar rang-barang ekaniga e’tibor bera boshlaysiz. Jonsiz narsalarga jon kirgandek, bir joyda qimirlamay turgan narsalar «oyoq chiqarib yurayotgandek» bo‘ladi. Demak, Siz dunyo nafosat bilan yaratilganiga, undagi har bir narsaga go‘zallik qidirib boqish lozimligiga iqror bo‘lasiz. Estetik (nafosatli) didingiz rivojlanadi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning qo‘shiqqa aylanib ketgan «Vatanim» nomli she’ridagi quyidagi misralarni eslash kifoyadir:

Shodon kunim gul otgan sen,


Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdard-u hamxonam deymi,
Oftobdan ham o‘zing mehri
Ilig‘imsan, Vatanim

Vatanni onaga qiyoslashlarini, uni «ona-Vatan» deb atashlarini ko‘p eshitgansiz. Shoir o‘z she’rida mana shu tushunchaga go‘yo jon baxsh etadi, Vatan suratini farzandiga mehri cheksiz ona siymosida chizadi.


Kimdir ko‘nglingizni og‘ritganida, ko‘zlaringizga yosh to‘lib ko‘chadan kirganingizda onangiz Sizni qanday yupatishini eslang. Shoir uchun Vatan ham xuddi shunday — dunyo tashvishlari uni «nolon» holga solganida - qalbini timaganida Vatan yuzlarini uning yuziga bosadi, yupanch beradi. Bu yupanch:
qudratli xalq bag‘ridan oladigan iliqlik;
yurt quchog‘ida emin-erkin yashash quvonchi;
shoir farzandini ardoqlashga tayyor el ishonchi bo‘lib, unga tasalli beradi.
Bunday misralar bag‘riga jo bo‘lgan badiiy go‘zallik Sizning ham ko‘nglingizga ko‘chishi tabiiydir. Go‘zallikdan bahra olarkansiz, Vatanga bo‘lgan mehringiz yanada ortadi, unga munosib farzand bo‘lish istagingiz qat’iylashadi.
Adabiyot o‘zining nafisligi bilan Sizni dag‘allik, befarqlik, yovuzlik singari yomon odatlarga o‘rganib qolishdan asraydi. U ruhingiz va yuragingizning pok bo‘lishiga, ezgu niyatlarga oshno bo‘lishingizga ko‘maklashadi.
Adabiy asarlar faqat badiiy didingizni o‘stiribgina qolmay, bilimlaringizni kengayishiga, boyishiga ham beminnat xizmat qiladi.
Masalan, tarixiy mavzuda yozilgan asarlarni o‘qib, avvalo o‘zbek xalqi, qolaversa, boshqa millatlar o‘tmishini ham yaqqol ko‘z oldingizga keltirasiz. Bundan ming yillar ilgari yashagan ajdodlarning turish-turmushi, orzu-o‘ylari, hayotiy mashaqqatlarini his qilasiz.
Yoki ilmiy-fantastik yo‘nalishdagi asarlarni olaylik. Ularda insoniyat o‘z hayotini osonlashtirish, yashash uchun qulay shart-sharoitlarga ega bo‘lish uchun qanday izlanishlar olib borgani, bu yo‘lda ne-ne to‘siqlarga duch kelgani tasvirlanadi. Bularning bari bilimingizni ko‘paytiradi, Sizni narsalar, voqealar, eng muhimi, odamlar to‘g‘risida chuqurroq o‘ylashga, hamma narsaning mohiyatini anglab olishga chorlaydi.
Bir narsani yoddan chiqarmangki, odamzod yaralganidan buyon adabiyot unga hamrohlik qiladi. Ijodkor adabiy asar bag‘riga o‘zining fikr-o‘ylari, orzu-armonlarini to‘kib solsa, boshqa bir odam ularni eshitib yoki o‘qib behad ta’sirlanadi. U ham ijodkor dardiga oshno bo‘ladi, o‘zgalar tuyg‘ularini his etishni o‘rganadi.
Badiiy asarlar insonning ma’naviy kamol topishida beqiyos ahamiyatga egadir. Odam onadan tug‘iliboq ma’naviyatli, ma’rifatli bo‘lib qolmasligini yaxshi tushunasiz. Kishi bu fazilatlarga tinimsiz o‘qib-o‘rganish, ustozlar ta’limini olish, hayotni chuqur kuzatib, ibratli tajribalar to‘plash orqaligina ega bo‘ladi. Mana shu jarayonda adabiyotga murojaat qilish nihoyatda katta samara berishi shubhasizdir.
Poytaxtimiz Toshkentning markazida joylashgan O‘zbekiston Milliy bog‘iga ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan. Uni o‘rab turgan moviy gumbaz ostiga shoirning quyidagi misralari bitilgan:
Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizgaki, erur yorlig‘ ish.

Shoir tomonidan bu misralar yozilganiga besh yuz yildan ortiqroq vaqt o‘di. Bugun televizorni qo‘ysangiz, dunyoning hali u, hali bu chekkasida bombalar portlayotganiga, yuzlab, minglab kishilar bir-birlarini ayovsiz o‘ldirayotganiga guvoh bo‘lasiz. O‘sha janglar oqibatida qurbon bo‘layotgan begunoh odamlar ham xuddi Sizdek tirik jon ekanini o‘ylarkansiz, Navoiy bobomiz naqadar haq ekanini ich-ichdan his qilasiz. Toki dunyoda kishilarning bir-birlariga dushmanlik qilishlari to‘xtamas ekan, shoirning bu o‘tli da’vati o‘z ahamiyatini saqlab qolishiga amin bo‘lasiz.


Adabiy asarga bir qiziqib qolgan kishini undan ayirib olish nihoyatda qiyin. Shaharlik bolalar avtobus yoki metroda o‘qishga ketayotganida, qishloqlik o‘quvchilar esa anhor bo‘ylari yoki dala-dashtlarda boshini kitobdan ko‘tarmay o‘tirgan aka-opalarini ko‘p uchratgan bo‘lsalar kerak. Qiziqib ko‘ring-a, ular qanday kitob o‘qishayotgan ekan. Ishonavering, ularning aksariyati badiiy kitoblar bo‘ladi!
Xo‘sh, nega badiiy asarlar kishilarni bunchalik qiziqtiradi?
Gap shundaki, bu kitoblarda xuddi Sizdek, aka-ukalaringiz, opa-singillaringiz, ota-onangizdek odamlarning taqdiri hikoya qilinadi. Dunyoda esa insonning taqdiridan qiziqroq narsaning o‘zi yo‘q.
E’tibor bering: o‘zingiz yo ukangiz eshitayotgan ertakdagi qushlar-u hayvonlar ham xuddi odamdek gapirgani, bir-birlari bilan muomala qilgani, nimalarnidir talashib-tortishgani-yu nimadandir ayrilib jazolangani uchungina Sizga qiziqarlidir.
Masalan, tabiatdagi tulki aslida ayyor bo‘lmasligi mumkin, biroq u ertakda o‘ta ayyor-hiylakor kishilarning timsoliga aylanadi. Xuddi shunday gapni yalqov, tepsa-tebranmas ayiq to‘g‘risida ham, dovyurak, chapdast yo‘lbars haqida ham aytsa bo‘ladi. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, go‘yo hayvonlar to‘g‘risidagidek bo‘lib ko‘ringan ertaklar, masallar ham aslida odamlar haqida ekan. Shu tufayli ham o‘quvchilarni o‘ziga jalb qilar ekan.
Adabiy asarlar turli-tuman shaklda, uslubda yaratiladi.
Katta-kichik she’rlar, she’riy masallar, ballada va dostonlar bir bo‘lib adabiyotning she’riyat degan turini hosil qiladi. Ularning barchasi ohangdor she’riy usulda, shoirlar tomonidan yaratiladi.
Ertaklar, hikoya va ocherklar, qissa va romanlar birlashib, so‘z san’atining nasr deb atalgan turini tashkil etadi. Nasriy asarlarni nosirlar, ya’ni yozuvchilar ijod qiladi. Nasriy asarlar she’riy yo‘l bilan emas, balki oddiy hikoya usulida yoziladi.
Adabiyotning yana bir turi - dramaturgiya deb nomlanadi. Bu turga kichik sahna asarlari bo‘lmish intermediyalardan tortib yirik drama, komediya, tragediya singari sahna tomoshalari kiradi. Muallif -dramaturgning ixtiyoriga ko‘ra bu asarlar she’riy yo‘l bilan ham, nasriy yo‘l bilan ham yozilishi mumkin.
Haqiqiy adabiyot vaqtda ham, hududda ham chegara bilmaydi. Ya’ni qachon va qaysi tilda yaratilgan bo‘lmasin, ezgulikni, so‘lmas go‘zalliklarni tarannum etgan asarlar barcha avlod va xalqlarga birdek qadrli bo‘lib qolaveradi. Deylik, «Alpomish» yoki «Odissey» (qadimgi yunon adibi Homer asari) dostonlari yaratilganidan beri oradan ming yillar o‘tgan bo‘lsa-da, hali hamon o‘quvchilarni hayajonga solaveradi. Nemis shoiri Gyote asarlarini o‘zbeklar qanchalik qiziqish bilan mutolaa qilsalar, Bobur Mirzoning «Boburnoma» kitobini nemislar shunchalik diqqat bilan o‘qib-o‘rganadilar.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, adabiy asarda faqat go‘zal tashbihlar o‘rin olibgina qolmay, balki juda boy ma’naviy-ma’rifiy, hatto ilmiy ma’lumotlar ham istagancha topiladi. Shu ma’noda har qanday xalq to‘g‘risidagi eng to‘g‘ri va ta’sirchan ma’lumotni o‘sha xalqning badiiy adabiyotidan olsa bo‘ladi. Demak, adabiyotni, hech ikkilanmasdan, millatning tarjimayi holi deb e’zozlasak ham arzir ekan.
Siz, muhtaram o‘quvchi, bugundan boshlab mana shunday muhim va mo‘tabar san’at turining mo‘jizakor olamiga sayohatga chiqasiz. Yozuvchi-shoirlar hayoti hamda ularning asarlari bilan tanishish orqali o‘zbek va boshqa qator xalqlarning taqdiri, ko‘hna va yaqin tarixi, madaniyati, urf-odatlarini yaqindan bilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Hozirgacha Sizga tanish bo‘lmagan yuzlab qahramonlar juda yaqin kishingizga, do‘stingizga aylanishi mumkin. Ishonamizki, Siz bunday noyob imkoniyatdan albatta foydalanasiz va adabiyot atalmish so‘z san’atini o‘zingizga doimiy hamroh qilib olasiz.


Yüklə 2 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   455




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə