5-sinf adabiyoti. 1-bob adabiyot so‘z san’ati



Yüklə 2 Mb.
səhifə455/455
tarix17.12.2023
ölçüsü2 Mb.
#149897
1   ...   447   448   449   450   451   452   453   454   455
5 - 9-SINF ADABIYOT

She’riyat bugungi kunda ham milliy adabiyotimizning yetakchi turi bo‘lib qolmoqda. Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Azim Suyun, Usmon Azim, Ikrom Otamurod, Abduvali Qutbiddin, Farida Afro‘z, Aziz Said, Muhammad Yusuf, Faxriyor, Bahrom Ro‘zimuhammad, Rauf Subhon, Iqbol Mirzo, Zebo Mirza, Tursun Ali, Ulug‘bek Hamdam, Xosiyat Rustamova singari shoirlarning she’rlarida olamni poetik idrok etish yangi oosqichga ko‘tarilgani namoyon bo‘ladi. Bu davr she’riyatida o‘tkir gap aytish, o‘quvchiga aql o‘rgatish emas, balki inson ruhining murakkab manzaralarini aks ettirishga e’tibor kuchaydi. Odam sezimlarining qatlamlarini tadqiq qilish, tuyg‘uning boy va rangin qirralarini poetik kashf etishga urinish kuchaydi. Bu davr she’riyati shakliy izlanishlarga boyligi bilan xarakterlanadi. Endilikda o‘zbek she’riyati bilan tanishish uchun o‘quvchining qulog‘i va ko‘zigina emas, tafakkuri va tuyg‘ulari ham bir qadar zo‘riqishi, she’rdan zavq olish, lazzat tuyish uchun mehnat qilishi lozim bo‘lib qoldi.
Hissiyot qatlamlarini tadqiq etish, odam ruhiyatidagi boy va rangin iqlimlarni poetik kashf etishga urinish kuchaydi.
R. Parfining «Adashgan ruh», «Qora devor», «Munojot», «Sensiz», Sh. Rahmonning «Turkiylar», «Iqror», A. Suyunning «Istig‘for», «Oq va qora», A. Qutbiddinning «Izohsiz lug‘at», A. Saidning «Tush», «Yo‘l», Faxriyorning «Ayolg‘u», «Bo‘g‘zimdan sirqirar tovush - qon...», «Oyloq kecha...» she’riy asarlari mustaqillik davri o‘zbek nazmining yetuk namunalaridan hisoblanadi. Bu davr she’riyati shakliy izlanishlarga boyligi, Chiqish nazmidan ham, Botish adabiyotidan ham samarali o‘rganishga intilish kuchayganligi bilan xarakterlanadi.
Endilikda she’rxonlik ko‘ngil ochar mashg‘ulot bo‘lmay qoldi. She’r bi­lan tillashadigan o‘quvchining tafakkuri ham, qulog‘i ham, ko‘zi ham, hatto tuyg‘ulari ham bir qadar zo‘riqishi, she’r o‘qiyotganda faqat zavq va lazzat tuyibgina qolmay, mehnat qilishi ham lozim bo‘lib qoldi. Rauf Parfining:
Yerga botgan osmonlarni kuzatdim,
Chopilgan oyog‘im bilan chopdim men.
Kesilgan qo‘limni sizga uzatdim,
Bu dunyo gullarga to‘ldi.
Qotdim men
yoki:
Shaftolirang olam nayza uchinda,
Dunyolari yolg‘on, men oidim chindan

singari badiiy qanoatlarini qabul qilish uchun muayyan ruhiy-intellektual hozirlik zarur bo‘lishi tayin. O‘ziga xos shoirlardan biri Faxriyorning mavjud imlo qoidalariga rioya etmay bitilgan:


qobirg‘alar qabarar suyaklarim qadoqdir
qaboqlarim o‘q tugab bo‘shab qolgan sadoqdir
kuyib kuyib kul bo‘lgan nafratlarim adoqdir
chuchmomalar ko‘k kiygan
namozshomgul gul gulim
hey tulugim hey tulum
hey tulugim hey tulum

satrlari orqali ifodalanayotgan badiiy ma’noni ilg‘ash oson kechmaydi.


Milliy poeziyamiz tarixida ikkigina so‘zdan iborat she’r hech qachon bo‘lmagan. Faxriyor shunday she’r yozdi. Quvonarlisi shundaki, bu ikki so‘z yordamida atama yasalmagan yoki axborot berilmagan, balki o‘ziga xos musiqaga ega, muayan kayfiyat ifodalay oladigan, o‘qiganga o‘zgacha ruhiyat baxshida qiladigan tugal she’r yaratilgandir:
oy
bolta

She’r bosh harf bilan yozilmaganligi, unda hech qanday tinish belgisi ishlatilmaganligi muallifning oliftaligi yoxud injiqligidan emas. E’tibor qiling, ajdodlarimiz minglab yillar davomida tinimsiz she’rlar bitib kelishgan. Ular o‘quvchiga ishonishgan. O‘tmishdagi shoirlar zarur o‘rinni belgilash, alohida e’tibor qilinadigan joyni topish ixtiyorini she’rxonning o‘ziga qoldirishgan. Faxriyorning she’ridagi ikki so‘z, tabiiy ravishda, o‘quvchining e’tiborini tortadi, uni bu so‘zlar ustida o‘ylab ko‘rishga, unga turli aspektlarda yondashishga undaydi. Birov oyni boltaga, boshqa birov boltani oyga mengzaydi. Sehrli bu so‘zlar sabab kimdir siqilganlikni, ruhini oyning boltasi qiymalaganini, boshqasi esa sokinlikni oy bolta ruhiyatiga qo‘riqchi bo‘lganini tuyadi.


B. Ro‘zimuhammadning bir she’rida shunday misralar bor:

...bitta so‘z qoldirgim keladi


ruh yerto‘lasidan o‘g‘irlangan so‘z
osmon hidi keladigan so‘z
dunyoning o‘zi qadar
anglab bo‘lmas sir qadar

misralardan suratlanayotgan hissiy holat tugallanmaganligini, shoir hamma gapini aytishga urinmaganligini payqash mumkin. Shu shoirning:


ko‘zdan ichkarida yo‘l yo‘q
so‘zdan ichkarida yo‘l yo‘q
ammo xo‘roz qichqirig‘i
ortiga shafaqrang qishlog‘im bekinib olgan

satrlarida musiqiylik odatdagi she’rlarniki kabi sezilarli emas. Ammo unda ijodkorning chigal kayfiyati bor. Xo‘roz qichqirig‘i tongning belgisi. Xo‘roz qichqirsa, shafaqrang qishloq namoyon bo‘ladi. Qishloqning shafaqrangligi ham bejiz emas. Ehtimol, qishloq endigina ko‘tarilayotgan quyosh nuriga ko‘milganligi uchun ham shunday ta’riflanadi.


Shoir she’riyatning odatiy tartibini inkor qiladigan uslubga murojaat etgan. Uni oddiy mantiqning qoliplari bilan izohlab bo‘lmaydi. Ushbu she’r faqat shu ijodkorgagina taalluqli bo‘lgan badiiy mantiq qonuniga muvofiq yaratilgan. Odatda, chinakam badiiy hodisa o‘ziga xos olam va u o‘zining qoidalarigagina muvofiq keladi. Shu bois asl badiiy hodisa bir bor yaraladi, unda takror yo‘q. Qonuniyat esa takrorni taqozo qiladi. Yuqoridagi parchada shoirning alohida ruhi, o‘zigagina xos nuqtai nazari sezilib turadi. Ayni vaqtda she'r o‘quvchini jalb etadi, uning e'tiborini tortadi, o‘yga toldiradi. Uning tafakkuriga-da nimadir yangilik yetkazadi, ko‘ngliga-da qandaydir yengillik bag‘ishlaydi. Dunyoni shu tarzda ko‘rgan, olam ranglarini shu taxlit tuygan shoirga e'tiroz qilib, tayyor qoliplarni tiqishtirib bo‘lmaydi. Bahrom Ro‘zimuhammad boshqa bir she'rida bejiz yozmagan:
men qanday yashashim lozim
qanday bo‘lsam sizga yoqaman
qaysi usulda yozsam she'rlarimni o‘qiysiz
aruzdami barmoqdami sarbastdami yo

Mazkur misralarni darak, so‘roq yoki undov ohangida o‘qish she'rxonga havola etilgan. Ularning ohangini belgilash izni ham o‘quvchining o‘zida. O‘zbek o‘quvchisi shoirni, she'riy so‘zni boricha qabul etishga odatlanib bormoqdaki, bu hol milliy she'rxonlik saviyasi sezilarli yuksalayotganidan dalolatdir.


Poeziyaning o‘z asl manbasiga qaytganligi, ko‘ngil rozlarini, ruhiy tovlanishlarni nozik ishoralar, nazokatli obrazli ifodalar orqali tasvirlashga o‘tilganligi istiqlol davri o‘zbek she'riyatiga xos asosiy xususiyatlardan bo‘ldi deyish mumkin. Bu davr milliy she'riyatida ommaviylikdan, hammaboplikdan qochishga urinish kuchaydi. She'riyat hamma uchun, omma uchun emas, balki, avvalo, muallifning o‘zi uchun, qolaversa, ijodkorga tuyg‘udosh shaxslar uchun yaratiladigan bo‘ldi. Shu bois, she'rxonlarning poetik so‘zni. obrazli ifodani anglash darajasi ortdi. Chunki baland she'riyat yuksak didli she'rxonni talab qiladi va uni shakllantiradi. Mustaqillik davrida o‘zbek poeziyasi o‘quvchi darajasiga tushish bosqichini inkor etib, she'rxonni o‘z da-rajasiga ko‘tarish pallasiga kirdi. Shu tariqa azaldan she'rparast bo‘lgan millatning badiiy zavqi ingichkalashib, so‘z jozibasini anglash qudrati sezilarli darajada oshib bormoqda.
O‘zbek she'rxonlarida birorta tinish belgisi ishlatilmagan tizmadan ham. murakkab mavhum obrazlilikka to‘la she'riyatdan ham, tasavvufiy ilhom samarasi o‘laroq dunyoga kelgan munojotlardan ham, poetik mim deyish mumkin bo‘lgan ramziy ifodalardan ham, meditativ nazm namunalaridan ham ta'sirlanish, ularni baholay olish ko‘nikmasi shakllanib bormoqdaki, bundan bir qadar qanoat tuyish mumkin.
Nasr bugungi adabiy jarayonning salmoqli va og‘irkarvon turidir. Hozirgi adabiy jarayonda Shukur Xolmirzaev, O‘tkir Hoshimov, Omon Muxtor, Muhammad Ali, Tohir Malik, Tog‘ay Murod, Murod Muhammad Do‘st, Asad Dilmurod, Xayriddin Sultonov, Normurod Norqobilov, Xurshid Do‘stmuhammad, Nazar Eshonqul, A. Yo‘ldoshev, Ulug‘bek Abdulvahob, Luqmon Bo‘rixon, Zulfiya Qurolboy qizi singari ijodkorlar o‘ziga xos yo‘sinda qalam tebratib, milliy nasr taraqqiyotini ta'minladilar.
Ijodiy tajribalar qilish, kutilmagan tasvir yo‘sinlarini qo‘llash, badiiy ifodaning tutilmagan, yangi tamoyillaridan foydalanish o‘zbek nasrining bu bosqichi uchun yetakchi xususiyatlardir. Omon Muxtorning tamomila yangicha ifoda usullarida yaratilgan "Ming bir qiyofa", "Ko‘zgu oldidagi odam", "Tepalikdagi xaroba", "Ffu", "Ayollar saltanati va mamlakati", "Maydon" romanlari, Nazar Eshonqulning jahon prozasining eng ilg‘or tajribalari asosida sof milliy obrazlar yarata olgan "Qora kitob" qissasi, "Shamolni tutib bo‘lmaydi", "Tobut shahar", "Quyun" hikoyalari, Xurshid Do‘stmuhammadning “Bozor”, Luqmon Bo‘rixonning "Jaziramadagi odamlar", Salomat Vafoning “Tilsim saltanati”, A. Nurmurodovning “Qon hidi” romonlari insonga yondashuvning yangichaligi, tasvirning quyuqligi, inson ruhiyati qatlamlarini aks ettirish miqyosining kengligi va ifoda tarzining favquloddaligiga ko‘ra milliy adabiyotimiz uchun yangi badiiy hodisalar bo‘ldi.
N. Eshonqul - milliy istiqlol davri o‘zbek nasriga yangi ohang olib kira oldi. Uning "Shamolni tutib bo‘lmaydi" hikoyasi ifodaning qabariqligi, tas­vir markaziga olingan shaxs tabiatining mutlaqo kutilmagan va yangiligidan tashqari, ohangning o‘zgachaligi bilan ham kishini hayratga soladi. Shu vaqtga qadar bu taxlit ko‘p qatlamli, zalvorli, hikoya maromining o‘zi bilan badiiy kayfiyat hosil qila biladigan nasr namunasi milliy adabiyotimizda yo‘q edi hisob. N. Eshonqul nasrimizni shunday ohang bilan boyitdiki, bu ohang o‘zbek millatiga xos bo‘lgan jihatlarni aks ettirish imkoniyati jihatidan tengsizdir. "Qishloqdoshlari bahor kelishi bilan eski yaylovlarga ko‘chib chiqishar va yer shudgorlar, har kim o‘z tashvishiga berilib ketardi. Qishloqda qolgan Bayna momo esa bu paytda yolg‘izlik dashtini shudgorlar, u yerga har yili Zamon otboqar hukumat odamlari bilan kelib, eri va o‘g‘lini otib tashlagan oqshomni ekar va so‘ng yolg‘iz o‘zi hosilini ham yig‘ib olardi. Bayna momo har kecha ko‘z yoshlari bilan to‘lgan qayiqda yillar qoyalari orasida qolib ketgan eri bilan o‘glining ilma-teshik bo‘lgan murdasi va Zamon otboqarning muzaffar qamchisi yotgan qonli halqob bilan to‘lgan ayvonga suzib borar, ertalablari ho‘l bo‘lib ketgan yostig‘ini xuddi qadim ajdodlarning unut bo‘lgan yaloviday... baland tolga osib oftobda quritardi". Ifodadagi zalvor, serqatlam estetik bosim, ruhiy holat manzaralari tasvirining ayni shu tarzda zanjirsimon va boloxonador qilib berilishi o‘zi hikoyada o‘ziga xos ohang paydo qilgan. Bu ohang momoning yolg‘izligi va baxtsizligi miqyoslarini tuyish va tushinish imkonini bergan.
Ulug‘bek Abdulvahobning “Yolg‘izlik” qissasi, qator hikoyalari qahramonlar ruhiy olamini tadqiq etish ko‘lami va yo‘sinlari jihatidan adabiyotimiz uchun tamomila yangilik bo‘ldi. Ularda bayon, ifoda etish, ko‘rsatish, tasvirlash singari badiiy usullar bir narsaga - tadqiqqa o‘z o‘rnini bo‘shatib bergan deyish mumkin. Yozuvchi uchun qahramonlarining hatti-harakatlarini ko‘rsatish emas, balki sezimlaridagi, o‘ylaridagi tovlanishlarni aks ettirish muhim. Arastu zamonlaridan buyon adabiyotning mohiyati hayotdagi xaosni badiiyatning kosmosiga aylantirishdan iborat deb tushunib kelingan. Voqelikdagi "tartibsizlik"lar muayyan muntazamlik kasb etishi, tartibga tushirilishi bilan badiiy asar yuzaga keladi deb qaralgan. "Yolg‘izlik" qissasida esa aynan shu tartibsizlikning o‘zi, bo‘lganda ham, voqelikdagi emas, inson xayolotidagi, kechinmalaridagi tartibsizlik tasvir ob'yektiga aylangan. Qissada muallif qahramon o‘yu xayollarini uning xarakterini ochish vositasiga aylantirmaydi. Bil'aks, o‘y-xayollarning tartibsiz va noizchil oqimini berishning o‘zi uning badiiy maqsadiga aylanadi. Ma'lumki, inson xayolotida izchillik, muntazamlik bo‘lmaydi. Ko‘p hollarda, odam xayolni emas, xayol odamni yetaklaydi. Shu tariqa milliy adabiyotimizda, sirtdan qaraganda, badiiy maqsadga bo‘ysunmaganday taassurot qoldiruvchi, aslida esa, o‘ychil inson tafakkuri va hissiyoti manzaralarini namoyon etuvchi asar dunyoga kelgan. Risoladagi har qanday odam singari qissa qahramonining o‘ylarida ham tizgin yo‘q, muallif bu xayollarni saralamaydi. O‘ydan o‘yga, xayoldan xayolga ko‘chish jarayoni tasvirining o‘zi qahramon tabiatiga xos xususiyatlarni saralangan badiiy muntazamlikdan ko‘ra yorqinroq namoyon etadi. Odamning ichi bilan sirti, tili bilan dili bir bo‘lgan holatlari nihoyatda kam. U faqat o‘ylaridagina o‘zi bo‘la oladi. Odam tizginsiz o‘y oqimlari bilan yolg‘iz qolgandagina o‘ziga qaytadi. Shunday holatni aks ettiruvchi usuldagina odamni bir qadar to‘laroq ilg‘ash mumkin bo‘ladi. Ulug‘bek Abdulvahobning asarlari milliy nasrning personajlar psixologiyasini chuqur taftish etishga qaratilgan dastlabki namunalaridir.
Shukur Xolmirzayev "Olabo‘ji", "Dinozavr" romanlari, "Bulut to‘sgan oy", “Ozodlik", "Navro‘z, navro‘z" hikoyalarida, Normurod Norqobilov "Oqbo‘yin", "Qoyalar ham yig‘laydi", "Tog‘ odami" qissalari, "Oriyat", "Quvonchli kun" hikoyalarida, Shoyim Bo‘tayev "Sho‘rodan qolgan odamlar" qissasi, "Darvesh" hikoyasida, Tog‘ay Murod "Otamdan qolgan dalalar" romanida nasrning an'anaviy tasvir yo‘sinidan mahorat bilan foydalana bildilar. Bu asarlarda millat vakillarining g‘oyat o‘ziga xos hamda jonli badiiy timsollari yaratildi. Ularda an'anaviy tasvir yo‘nalishi o‘ziga xos badiiy izlanishlar hamda dunyo adabiyotidagi eng so‘nggi ifoda usullarini dadil qo‘llash bilan uyg‘unlashib ketgan. Mustaqillik davri o‘zbek nasrida inson shaxsini xilma-xil rakurslarda aks ettirish, uning xatti-harakatlari va o‘y-xayollari ruhiy asosini tadqiq etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Natijada, nasrda tasvirlanayotgan qahramonlarning geografiyasi kengayib bormoqda. Zamonaviy nasrda millatdoshlarimizni pasportiga qarab emas, balki fikr tarzi, axloqiy qanoatlariga qarab payqab olish mumkin.
— Milliy adabiyotimiz aholisi qisqagina vaqt orasida Bayna momo, Ulton, Gulsara, Tavakkal, Husan polvon, Ernazar polvon, Zuhra, O‘sar, Ko‘klam singari yirik, o‘ziga xos, boshqa adabiy qahramonlar orasida yo‘qolib ketmaydigan qabariq obrazlar hisobiga boyidi.
Milliy tafakkurda yalpi yangilanish boshlangandan beri ko‘pchilik tomonidan anglab yetilgan va tan olingan haqiqatlardan biri shu bo‘ldiki, odamning eng kichigi, eng ko‘rimsizi, eng zabuni, eng noshudi ham odamdir, Yaratganning xalifasidir va shu bois mukarramdir. Binobarin, badiiy adabiyot kichik odamning katta va chigal ichki dunyosidagi behudud poyonsizlikni, turfalikni tadqiq etishi lozim. Bir qator asarlarda sirtdan qaraganda, ko‘zga tashlanib turadigan jihati yo‘q, hamma qatori, ammo botinida ulkan iztiroblar, ruhiy po‘rtanalar mavjud bo‘lgan "kichik" odamlarning ichki dunyosi ham mahorat bilan aks ettirilgan. Nosirlarimizda ma'naviy dunyosi quruqshagan, risoladagi odamlarday fikrlash va o‘zgalarni tuyish saodatidan mahrum bo‘lgan ma'naviyatsiz kimsalarni tasvirlash mahorati shakllanayotganligi ham quvonarli holdir. Sh. Bo‘tayevning "Sho‘rodan qolgan odamlar", qissasi, A. Yo‘ldoshevning "So‘qir" hikoyasida ayni shu xildagi qahramonlar tasvir etilgan. Bu asarlarda ma'naviyatdan mahrum, shaxsligi sindirilgan, shu bois o‘zligi yitgan kishilarning g‘aroyib qismati aks ettirilgan. Ular hamisha ham ojiz, notavon, noshud emaslar. Ba'zan juda ishchan, olg‘ir, uddaburron bo‘lishlari ham mumkin. Lekin bunday kimsalarning umumiy jihati olami kabir — ichki olamning omonatligi, quruqshaganligidadir. Ovro‘po(Yevropa)ning Peter Biksel, Maks Frish, Karl Maksi singari adiblari ham bugungi kunda "kichik" "odamlarning katta hissiyotlarini aks ettirishlari bilan mashhur bo‘lganlar.
O‘zbek nasri qahramonlar tasvirida sxematizmdan qutulib bormoqda. Badiiy asarda odamga ijobiy-salbiy yoki tipik-notipik singari qoliplar orqali emas, balki mavjudligining o‘zi bilan adadsiz siru sinoatlarga to‘la tirik inson tarzida yondashish qaror topib borayotganligi bu davr nasrining umid tug‘diradigan jihatlaridandir. Bu fazilatlar barcha ijodkorlar uchun ham yoppasiga xos deb bo‘lmaydi, albatta. Lekin odamga yondashishda jo‘nlikdan, qolipdan voz kechilganligining o‘ziyoq nasrimiz taraqqiyotida sog‘lom tamoyillar qaror topayotganligidan belgidir.
O‘zbek milliy tafakkuri, estetik qarashlari tizimida sodir bo‘lgan yangilanishlar bugungi dramaturgiya taraqqiyotiga ham jiddiy ta'sir ko‘rsatdi.
Usmon Azimning «Bir qadam yo‘l», Erkin Samandarning «Arabmuhammad Bahodirxon», Ilhom Hasanning «Bir kam dunyo», Abdulla A’zamning «Dugohi Husayniy», «Jek London hikoyasidan so‘ng», O. Yoqubovning «Bir koshona sirlari» kabi asarlari hozirgi o‘zbek dramaturgiyasida erishilgan yutuqlardan bo‘ldi. «Bir qadam yo‘l» dramasida inson ko‘ngli mayllariga e’tiborsizlik, vaqtida odamni qadrlamaslik singari jihatlar keksa kishining murakkab taqdiri misolida aks ettirilgan. Samarqandni ko‘rish, uni ziyorat etishni bir umr orzu qilib yashagan, ammo vaqtida o‘z qo‘lining kaltaligi, keyinchalik turmush tashvishlari bilan ovora farzandlarining e’tiborsizligi sabab yonginasidagi shaharni ko‘rmay o‘tib ketgan qariya va uning atrofidagilar ruhiyati asarda katta mahorat bilan ko‘rsatilgan.
Dramaturgiya shakliy izlanishlar qilish, ijodiy tajribalar o‘tkazish yo‘nalishidagi izlanishlar to‘xtagan emas. U. Azim va A. A’zam qalamiga mansub dramalar sahna asarlari yaratishdagi dadil tajribalarning mahsulidir. Dramaturglar hayotiy holatlar son-sanoqsiz bo‘lishi mumkinligi va undagi o‘zgarishlar ana shu vaziyatda harakat qilayotgan qahramonlar tabiatida ham jiddiy evrilishlar yasashi mumkinligini nozik his etgan holda drama-versiya, drama-vaziyat singari ifoda shakllarni o‘ylab topganlarki, bu hol asarlarning bir qadar muvaffaqiyatli chiqishini ta’minlagan.
E. Samandarning «Arabmuhammad Bahodirxon» tragediyasida esa, insoniyat paydo bo‘lgandan beri hal bo‘lmay kelayotgan yaxshilik va yovuzlik, nafs va qanoat, hokimiyat va farzandlik burchi singari qarama-qarshi qadriyatlar o‘rtasidagi to‘qnashuv bobolarimiz taqdirlari misolida ta’sirli tasvilab berilgan. Harbiy qudrati bo‘lishiga qaramay, o‘zining yovuz farzandlariga qarshi qo‘shin tortishni istamagan Arabmuhammadxon shaxsiyatidagi yuksak sifatlar va o‘z otalarining ko‘zlariga mil tortish darajasida yirtqich bo‘lgan Habash va Elbars timsollaridagi tubanliklar asarda juda ta’sirli yo‘sinda ko‘rsatib berilgan. Ayni vaqtda milliy dramaturgiyaning tilga olishga loyiq badiiy yutuqlar qo‘lga kiritilishi og‘ir kechayotgan soha bo‘lib qolayotganligini ta’kidlash kerak. Dramaturgiya bozor iqtisodi talablariga eng ko‘p berilgan adabiy tur bo‘ldi. Bu hol sahna asarlarining sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmadi, albatta. Aytish kerakki, miqdor jihatidan dramachilik taraqqiyotiga e’tiroz bildirib bo‘lmaydi. Keyingi yillarda dunyoga kelgan dramalar uchdan biri turli yubileylar munosabati bilan yozilganligi aniqlandi. Komediya degan nomga da’vogar sahna asar­larining esa deyarli barchasi teatrlarning buyurtmasi bilan yaratilgan. Albatta, ijtimoiy buyurtma yo‘li bilan ham yetuk badiiy asarlar dunyoga kelishi mumkin. Bunga milliy va jahon adabiyoti tajribasidan istagancha misollar topsa bo‘ladi. Ammo butun boshli milliy dramaturgiyani faqat buyurtma yo‘li bilan taraqqiy ettirishga urinishni badiiyat nuqtai nazaridan sog‘lom hol deb bo‘lmaydi.
Komediyalarning saviyasi kishida haqli e’tiroz va jiddiy xavotir uyg‘otadi. Negaki, o‘zbek komediyachiligining dastlabki qadamlariyoq juda zalvorli va esda qolarli bo‘lgan. Hamza, Qahhor, Sh. Boshbekovlarning teran ma’noli kulgi asarlarini eslashning o‘zi da’vomizning nechog‘liq haq ekanligini ko‘rsatadi. Bugungi komediyalarning badiiyati na ijrochilarga, na tomoshachilarga va na o‘quvchilarga biror estetik ozuqa bera oladigan darajada nochordir. Sahnaviy ijodning komediya deb atalmish bir turiga ko‘cha so‘zlari, hissiyoti, tiyiqsiz chuchmallik, pardasizlik o‘ta surlik bilan kirib kelmoqda. Mualliflar to‘qnashuvlar tarangligi haqida emas, so‘zlarning pardasizligi haqida ko‘proq bosh qotirishmoqda. Bu xildagi bitiklar to‘xtovsiz sahnalashtirilayotganligi, boz ustiga, ko‘plab tomoshabinlarga ega bo‘layotganligi esa jiddiy estetik xavfdir. Chunki millatning badiiy didi shakllanishiga to‘g‘ri yo‘nalish bermay turib, uning ma’naviyatini yuksaltirish, komil shaxsni tarbiyalash haqida gapirish behudadir.
She’riyat va nasr borasida mustaqillikkacha bo‘lgan yaqin o‘tmishdagi estetik yuksakliklarga yetibgina qolmay, undan balandroq cho‘qqilarni egallash imkoniyati yuzaga kelganligi ayon haqiqat bo‘lsa, dramaturgiya bobida shu vaqtgacha erishilgan sahnaviy yuksaklikka yaqin kelinmayotganligini ham bor gapdir.
Davr ahli ruhiyatidagi oshkoralik, sezimlar nozikligi, munosabatlar dramatizmidagi taranglik hali-hanuz pyesalarga ko‘chganicha, sahna realligiga aylanganicha yo‘q. Ehtimol, milliy tafakkurdagi to‘xtamlarning, estetik qarashlardagi qanoatlarning qat’iylashmaganligi, hozirgi voqelikning ijodkorlardan yetarlicha uzoqlashmaganligi, shu hayot tufayli yuzaga kelgan hissiyotlar junbushining tiniqmaganligi, ijtimoiy to‘qinishlar ruhiyatlarda bergan aks-sadoni sahnabop shaklda moddiylashtirish qiyinligi bunday holning ro‘y berishiga sababdir. Holbuki, har qanday keskin ijtimoiy o‘zgarish va yangicha hayotiy vaziyat dramatik turdagi asarlar yaratilishi uchun mo‘l-ko‘l material bera oladi.
Ma’lumki, milliy adabiyotimiz uchun haq gapni aytish badiiy ijodning unchalar muhim bo‘lmagan oddiy talabiga aylandi. Milliy dramaturgiyamiz esa hanuzgacha zarur gapni keskinroq yo‘sinda aytishni fazilat sanab kel­moqda.
Har bir alohida odamda bo‘lgani kabi har bir millatning va har bir davrning ham o‘z mo‘ljallari, egallanishi orzu etiladigan marralari bo‘ladi. Mustaqillikka erishilganidan keyingi davr o‘zbek adabiyoti uchun inson ma’naviyati qirralarini tekshirish, odam ruhiyatidagi ko‘z ilg‘amas sezimlarni tadqiq etishga erishish ana shunday baland marradirki, milliy adabiyotimiz uni egallash sari og‘ishmay borayotir.
Xullas, mustaqillik davri adabiyoti sog‘lom tamoyillar asosida rivojlanmoq-da. Hozir yaratilayotgan turli janrlardagi asarlarda zamondoshlar ruhiyatini tasvirlashning eng ta’sirchan usuliarini kashf etishga jiddiy e’tibor berilyapti.



1Nevchun - nechun, nega.

2Valad - o‘g‘il bola, o‘g‘il.

3Zulhijja - qamariya yil hisobida 29 kundan iborat o‘n ikkinchi oyning arabcha nomi.



Yüklə 2 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   447   448   449   450   451   452   453   454   455




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə