5-sinf adabiyoti. 1-bob adabiyot so‘z san’ati



Yüklə 2 Mb.
səhifə452/455
tarix17.12.2023
ölçüsü2 Mb.
#149897
1   ...   447   448   449   450   451   452   453   454   455
5 - 9-SINF ADABIYOT

Bu voqea jungjanglar Sario‘zak dashtlarini egallab olish va aholini qullikka solish maqsadida tub xalqlar bilan tinimsiz urush olib borgan zamonlarda yuz bergan edi. O‘z yerlaridan ayrilishni istamagan mahalliy qabilalar tinimsiz kurash olib borishar, katta-kichik janglar orasida tinch damlar ham bo‘lardi. Nayman ona fojiasi ayni shunday tinch kunlarning birida boshlandi...
Osoyishta damlarning birida naymanliklarning yurtiga karvonda mol ortib kelib qolgan savdogarlar choy ichib, gurunglashib o‘tirarkan, o‘zlari ko‘rib shohidi bo‘lgan bir voqeani gapirib berishadi. Aytishlaricha, Sario‘zak dashtining jungjanglar tomonidagi quduqlar yonidan bamaylixotir o‘tib borayotganlarida yo‘lda kattakon tuyalar podasini o‘tlatib yurgan bir navqiron cho‘ponga ko‘zlari tushib qoladi. Savdogarlar u bilan gaplashmoqchi bo‘lib og‘iz ochganlarida cho‘ponning manqurt ekanini payqab qoladilar. Sirtdan qaraganda, cho‘pon sog‘lom yigitga o‘xshar, boshidan nimalar kechgani hech kimning xayoliga kelmas edi. Balki u ham qachonlardir boshqalar singari esli-hushli, so‘zamol bo‘lgandir. O‘n gulidan bir guli ochilmagan, mo‘ylabi endigina sabza ura boshlagan, kelbati kelishgan, ammo ikki og‘iz gaplash­moqchi bo‘lsang, xuddi kecha tug‘ilganga o‘xshaydi, boyaqish na o‘zining, na ota-onasining ismini biladi: jungjanglar uni qanday ko‘yga solishganini, urug‘-aymoqlari kimligini ham unutib yuborgan. Biron narsa so‘rasang lom-mim demaydi, faqat «ha» yoki «yo‘q» degan javobni beradi, doim boshiga bostirib kiyilgan telpagidan qo‘lini tushirmaydi. Gunoh ekanini bilishsa-da, jismoniy mayib-majruhlarni ham odamlar mazax qilishadi. Shunday manqurtlar ham bo‘lar emishki, ularning boshiga kiydirilgan tuya terisi ba’zan bosh terisi bilan birga qo‘shilib o‘sar emish va h.k., h.k. xususida so‘z yuritib kulishadi. Bunday manqurtlarni, kel, boshingni bug‘lab yumshatamiz, deb qo‘rqitishsa, go‘yo bundan ortiq jazo yo‘qdek, ko‘zlari qinidan chiqib ketar ekan. Asov ot singari depsinib, birovning qo‘lini boshiga yaqinlashtirmas ekan. Bu xil manqurtlar kun-u tun, hatto uxlaganda ham telpagini yechmas ekan... Ammo-lekin, suhbatni davom ettirishardi mehmonlar, manqurt g‘irt ahmoq bo‘lsa ham, ishiga puxta ekan — toki biz uning tuyalaridan uzab ketmaganimizcha ko‘z-quloq bo‘lib turdi.
Gurung payti o‘tovda savdogarlarga choy quyib o‘tirgan bir ayol ham bor edi. Bu Nayman ona edi. Sario‘zak afsonasida u shunday nom bilan qoldi.
Nayman ona yo‘lovchi mehmonlarga sir boy bermadi. Bu xabarni eshitib, nogoh dahshatga tushganini, rangi-ro‘yi o‘zgarib ketganini hech kim sezmadi. U savdogarlardan yosh manqurt to‘g‘risida yana nimalarnidir so‘rab-surishtirgisi kelar, ammo xuddi mana shu narsa — yana ham ko‘proq narsani bilishdan vahimaga tushardi. Nayman ona tilini tiydi. Yaralangan qushning chinqirog‘i singari qalb tug‘yonini ichiga yutdi...
Savdogarlarning karvoni ko‘p o‘tmay o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi. O‘sha kecha tong otgunga qadar turli o‘y-xayollar og‘ushiga cho‘mgan Nayman ona Sario‘zak dashtidagi o‘sha manqurt-cho‘ponni topib, uning o‘g‘limi, yo‘qmi ekaniga ishonch hosil qilmaguncha ko‘ngli tinchimasligini angladi. Ona ko‘nglini allaqachonlardan beri jang maydonida qolgan o‘g‘lining bedarak ketgani g‘ash qilib kelar edi, endi o‘sha sezgi, o‘sha gumon qayta qo‘zg‘alib, uni dahshatga sola boshladi... Bunday qiynoqlar-u azob-uqubatlardan bir umr g‘am chekib, gumonsirab, havotirlanib yurgandan ko‘ra, albatta, o‘g‘lini bir emas, ikki bor ko‘mgani yaxshi emasmi?
Nayman onaning o‘g‘li bir yil oldin halok etilgan otasining o‘chini olish uchun jangga otlanib, Sario‘zakda jungjanglar bilan bo‘lgan omonsiz olishuvda yarador bo‘ladi. Jang suronidan cho‘chigan ot ustidagi chalajon yigitni cho‘l ichkarisi yov tomonga sudrab ketadi. Jang qizg‘in tus olganidan hech kim buni payqamaydi... Jangdan so‘ng naymanlar uni necha kunlab izlashadi. Jangchining o‘ligi bo‘lsa-da, yov qo‘lida qolmasligi kerak edi...
Biroq na jasad, na oti, na tushirib qoldirgan qurol-yarog‘ini, na boshqa biron belgi-alomatni topa oldilar. Uning halok bo‘lgani hech kimda shubha qoldirmagan edi. Boringki, yarador bo‘lgan taqdirda ham oradan o‘tgan kunlar orasida cho‘lda suvsizlikdan yoki bo‘lmasa, qon ketishidan halok bo‘lishi muqarrar. Yosh birodarlarining kimsasiz Sario‘zak cho‘lida dafn etilmay qolib ketgani alamidan hasrat-nadomat chekdilar. Bu hammaga isnod edi. Nayman ona o‘tovida ovoz chiqarib yig‘lashgan xotin-xalajlar erlari va og‘a-inilari sha’niga ta’na toshlarini yog‘dirdilar:
— Uning ko‘zlarini quzg‘unlar cho‘qidi, shoqollar go‘shtini burdalab ketdi, endi sizlar qaysi yuz bilan el orasida bosh ko‘tarib yurasizlar?!..
O‘sha kundan boshlab Nayman ona uchun yer-u ko‘k huvillab qoldi. To‘g‘ri, urush qurbonsiz bo‘lmaydi, buni ona ham yaxshi tushunadi, biroq o‘g‘lining jasadi ko‘milmasdan jang maydonida qolib ketgani unga sira ham tinchlik bermasdi. Achchiq qayg‘u, poyoni yo‘q o‘y-xayollar ona qalbini poralar edi...
O‘y-xayollar girdobida onaning fikri chuvalgani chuvalgan. Axir, jung­janglar Sario‘zak dashtining biron yerida holdan toygan otni ushlab olgan bo‘lishlari mumkin. Yaxshigina egar-jabduqli, yana buning ustiga o‘z oyog‘i bilan kelgan tulpor naqd o‘lja-ku. Unday bo‘lsa uzangida oyog‘i ilinib kelgan o‘g‘lining jasadini g‘animlar nima qilishdi — yerga ko‘mishdimi yo cho‘l darrandalariga yemish bo‘ldimi u? Bordi-yu hali o‘lmagan, falakning gardishi bi­lan tirik qolgan bo‘lsa-chi? Chala o‘lik yigitni ular urib halok qilishgan yoinki yaydoq dalaga quruq jasadini tashlab ketishgan bo‘lishsa-chi? Yo... agar...
Gumon-shubhalarning cheki yo‘q edi. Sayyoh savdogarlar choy ichishib o‘tirishganda, Sario‘zakda uchragan yosh manqurt haqida gap ochib Nayman onaning o‘rtangan yuragini battar o‘rtab, yarasiga tuz sepishganini o‘zlari ham payqashmagan edi. Ona qandaydir falokatni sezib, yuragi orqasiga tortib ketdi. O‘sha manqurt mening o‘g‘lim bo‘lib chiqsa-ya, degan hadik borgan sari kuchayib, uning aql-u hushini, butun vujudini tobora chuqurroq, tobora kuchliroq chirmab ola boshladi. O‘sha manqurtni izlab topib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, uning o‘z pushti-kamaridan bo‘lgan o‘g‘li emasligiga ishonch hosil qilmaguncha ko‘ngli tinchimasligiga ko‘zi yetgan edi.
Nayman ona kecha oqshomdayoq safar jabduqlarini but qildi. Yegulik va ichguligini g‘amladi. Ayniqsa, suvni mo‘lroq oldi. Sario‘zakning cho‘lida quduq topilmay qolguday bo‘lsa deganday, har ehtimolga qarshi, ikki meshni to‘ldirdi... Kecha oqshomdayoq urg‘ochi tuya Oqmoyani shay qilib, qoziqqa bog‘lab qo‘ygan edi. Umidi-ishonchi ham, birdan-bir hamrohi ham o‘sha. Oqmoyaning kuch-quvvatiga-yu yo‘rg‘asiga ishonmaganda Sario‘zakdek soqov cho‘lga yo‘l olishga jur’at eta olarmidi?! Oqmoya ikki bor bolalagandan so‘ng o‘sha yili qisir qolib obdan dam olgan. Uning ayni avji kuchga to‘lib, minishga qo‘l kelib turgan kezlari edi. Ozg‘in, chayir oyoqlari uzundan kel­gan, tovonlari yumshoqqina, qarilig-u og‘ir yukdan hali toliqmagan, qo‘sh o‘rkachli, kamondek egilib kelgan baquvvat bo‘yni-yu boshi kelishimli, kapalakning qo‘sh qanotiday dirillab, yengil yelib, yo‘l-yo‘lakay havoni sipqarib borayotgan Oqmoya bebaho tuya bo‘lib, uning bir o‘ziga butun bir uyurni alishtirsa arzir edi.
Nayman ona erta tongda o‘tovdan chiqdi. «Ashhadu alla ilaha illalahu», — deb pichirlagancha kalima qaytardi. So‘ng tuyasi tomon shaxdam odimlab borib, uni cho‘ktirdi. Oqmoya jahli chiqqanidan emas, balki shunchaki, odatga ko‘ra sekin baqirib qo‘ydi-da, bemalol ko‘kragini yerga berib cho‘kdi. Tuya u yon-bu yon qo‘zg‘alib tura boshlaganda Nayman ona go‘yo qanot bog‘lab zamindan uchib ketganday bo‘ldi. Uzoq safarga yo‘l olayotganlarini Oqmoya endi tushundi...
...Oqmoya necha kundan beri buyuk Sario‘zak dashtining qir-adirlari-yu soyliklari bo‘ylab pishqirganicha, bir maromda yo‘rtib borardi. Ular yo‘lda duch kelib qolgan birorta quduq boshida kechalargina to‘xtashardi. Tong otishi bilan yana oyoqqa turib qat-qat yastanib ketgan Sario‘zak adirlarini kezib, katta tuyalar to‘dasini izlashardi. Haligi savdogarlarning aytishlariga qaraganda, ular tuyachi manqurtni Sario‘zak cho‘lining xuddi mana shu qismida — olis-olislarga cho‘zilib ketgan Malaqumdichop jarligi etagida ko‘rishgan. Nayman ona xuddi mana shu manqurtni izlayotgan edi. Mana ikki kundirki, ona jungjanglarga yo‘liqib qolishdan qo‘rqib, atrofga olazarak bo‘lib qarab, Malaqumdichop jarligining u yoq-bu yog‘ini aylanib yurar, ammo u qayoqqa ko‘z yugurtmasin, qayerni izlamasin, faqat cheksiz dashti-yobonlarga, aldoqchi saroblarga duch kelardi, xolos.
Vaqt o‘tgan sari Nayman ona xavotirlana boshladi, uyurni boshqa tomonlarga haydab ketishmaganmikin, yoki jungjanglar bu tuyalarni ko‘tarasiga sotish uchun Xiva yoki Buxoro bozorlariga haydab ketishmaganmikin? Agar ular shunchalik olis yerga ketishgan bo‘lsa, haligi tuyachi yana qaytib kelarmikin yoinki tuya bilan qo‘sha sotilib nom-nishonsiz ketarmikin?.. O‘g‘limni tirik ko‘rsam, manqurt bo‘lsa ham, aqldan ozib hech nimani eslay olmaydigan merov bo‘lib qolgan bo‘lsa ham mayli, o‘sha cho‘pon o‘g‘lim ishqilib joni omon bo‘lsa, bas... Shunga ham ming qatla shukr — sog‘inch-u gumonlardan joni bo‘g‘ziga kelgan onaning ovuldan chiqish oldidagi birgina umidi shu edi. Biroq ona Sario‘zak sari ichkarilab, haligi karvon tortgan savdogarlar biz tuyachi manqurtni shu yerda ko‘rdik, degan mo‘ljalga yaqinlashib borar ekan, o‘g‘limning o‘rniga ovsar va majruh bir kimsaga duch kelib qolsam, holim ne kechadi, deb dili xufton bo‘laverdi. Shunda u yana xudodan yolvorib so‘radiki, agar unday bo‘lsa, o‘sha manqurtning o‘g‘lim bo‘b chiqmasdan boshqa bir baxtiqaro gumroh bo‘b chiqqani ma’qul, o‘shanda men ham: «O‘g‘lina endi yo‘q, u o‘lgan ekan», — deb taqdirga tan bergan bo‘lardim.
Mana shunday ming xil o‘y-xayollar va shubhalar og‘ushida borarkan, ona yassi qum tepaliklaridan oshayotib nogahon ko‘p sonli tuyalar uyurini ko‘rib qoldi: qo‘ng‘ir tusga kirib, semirib ketgan yuzlab tuyalar mayda butalar-u yantoqlarning uchlarini kemirib, keng maydona bemalol o‘tlab yurishardi. Nayman ona Oqmoyasiga qamchi bosib, choptirib ketdi. Uyurni izlab topganidan quvonchi ichiga sig‘may nafasi bo‘g‘ziga tiqildi. Ammo shu zahotiyoq manqurt qilib qo‘yilgan o‘g‘lini ko‘rishni eslab, qo‘rqqanidan a’zoyi badani muzlab ketdi. So‘ng yuragi yana quvonchga to‘ldi va shu bilan ne ahvolga tushganini o‘zi ham anglamay qoldi. Mana, tuyalar o‘tlab yuribdi, ammo tuyachi qayerda ekan? Harholda, shu atrofda yurgandir. Shu payt yaylovning narigi chekkasida odamning qorasi ko‘rindi. Olisdan uning kimligini tanib bo‘lmasdi. Tuyachi uzun tayog‘iga suyangan holda ortidagi yuk ortilgan tuyasining tizginini ushlab, qosh ustiga bostirib qiygan(kiygan) telpagi ostidan ona­ning yaqinlashib kelayotganini bamaylixotir kuzatib turdi.
Nayman ona tuyachiga yaqin kelib uni tanidi-yu tuyasidan qanday tush­ganini bilmay qoldi. Yiqilib tushdimi, surilib tushdimi — shu topda onaga buning ahamiyati yo‘q edi!
— O‘g‘ilginam, qarog‘im! Seni izlamagan joyim qolmadi! — deya o‘g‘li tomon talpindi. — Men sening onangman!
Biroq onaning kelgani unga go‘yo har doim yonida yurganday, zarracha ta’sir qilmadi. U hatto onadan kimsan, nega yig‘layapsan, deb so‘ramadi ham. Ma’lum lahzalardan so‘ng tuyachi onaning qo‘lini yelkasidan surib tashlab, ustida yuk bor tuyasini yetaklagancha odimlab ketdi: u sho‘xlik qilib bir-birlari bilan o‘ynashayotgan bo‘taloqlar uyurdan uzoqlashib ajralib ketmasin, deb tuyalar to‘dasining narigi chekkasi tomon yo‘l olgan edi.
Nayman ona bukchayib o‘tirib qoldi, xo‘rsinib-xo‘rsinib yig‘ladi va shu o‘tirishda yuzini changallagancha bosh ko‘tarmay uzoq qolib ketdi. So‘ng bor kuchini to‘plab, o‘zini xotirjam ko‘rsatishga urinib, o‘g‘li tomon yura boshladi. Manqurt o‘g‘il hech nimani ko‘rmaganday-bilmaganday, pinagini buzmasdan, bostirib kiyib olgan telpagi ostidan ma’nosiz va loqaydlik bilan qarab turardi. Cho‘l shamolida qorayib, dag‘allashib ketgan yuzida xiyol jilmayish paydo bo‘ldi. Ammo ko‘zlari dunyoni tark etgan kishining ko‘zlariday loqayd boqardi.

  • O‘tir, gaplashamiz, — dedi og‘ir xo‘rsinib Nayman ona.

Ular yerga cho‘kdilar.

  • Meni taniyapsanmi? — so‘radi ona. Manqurt yo‘q deganday bosh chayqadi.

  • Oting nima?

  • Manqurt, — dedi u.

— Seni hozir shunday deb atashadi. Avvalgi oting esingdami? Asli ismingni eslab ko‘r-chi.
Manqurt jim qoldi. U haqiqiy ismini eslashga harakat qilayotgani, qiynalganidan qanshari ustida munchoqdek ter tomchilari paydo bo‘lib, ko‘z o‘ngini tuman qoplaganini ona ko‘rib turdi. Ammo qarshisida qandaydir to‘siq paydo bo‘ldi-yu uni yengib o‘tishga qurbi yetmadi...
— Otangning otini bilasanmi? O‘zing kimsan? Eli-yurting qayerda? Qayerda tug‘ilganingni bilarsan, axir?
Yo‘q, manqurt hech nimani tushunmasdi, hech narsani eslay olmasdi.
— Hali, shunchalik ahvolga solishdimi seni! — deya pichirladi ona.
U najotsizlikdan lablari titrab, g‘am-g‘ussa-yu qahr-g‘azabdan o‘zini tuta olmay yana qaytadan o‘ksinib-o‘ksinib yig‘ladi, tinchlanishga behuda urinar edi, xolos. Onaning ohu-fig‘oniga manqurt pinagini ham buzmadi.
Yerdan mahrum etish mumkin, mol-dunyodan mahrum etish mumkin, hatto insonni yashashdan mahrum etish ham mumkin, — derdi ona o‘z-o‘zicha gapirib, — biroq odamni xotirasidan mahrum etishni kim o‘ylab topdi ekan, bunga kimning qo‘li bordi ekan?! Yo rabbiy, agar olamda bor bo‘lsang, bandalaringga bu yovuzlikni qanday ravo ko‘rding. Yer yuzida usiz
ham yovuzlik kammidi?
Shunda Nayman ona so‘rab-surishtirishlar bilan emas, balki aqlini kovlash, qitiqlash bilan es-hushini o‘ziga keltirmoqchi bo‘ldi.

  • Sening oting Jo‘lomon. Eshitdingmi? Sen Jo‘lomonsan, otangning oti Do‘nanboy. Otangni eslay olmaysanmi? Axir, u seni bolalik chog‘ingdan Kamon otishga o‘rgatgan. Men sening onangman. Sen esa mening o‘g‘limsan. Sen nayman urug‘idansan, tushundingmi? Sen naymansan...

Onasining hamma gaplarini o‘g‘il avvalgiday mutlaqo loqaydlik bilan eshitdi. Ona go‘yo devorga gapirayotganday edi. Onaning so‘zlari karning qulog‘iga azon aytganday gap edi. Nayman ona manqurt o‘g‘ildan so‘radi:

  • Bu yerga kelganingga qadar nimalar bo‘ldi?

  • Hech narsa bo‘lgani yo‘q, — dedi o‘g‘il.

  • Kim bilan gaplashging keladi?

  • Oy bilan. Biroq, bir-birimizning gapimizni eshitmaymiz. U yerda kimdir o‘tiribdi.

  • Yana nimani istaging keladi?

  • Xo‘jayinimning boshidagi singari kokil qo‘yishni.

— Qani, beri kel-chi, boshingni bir ko‘rib qo‘yay, ular nima qilib qo‘yishganini — deb ona unga tomon talpindi.
Manqurt shartta tisarilib, o‘zini olib qochdi, boshidagi telpagini changallagan bo‘yicha qaytib onaga boqmadi. Bosh haqida hech qachon so‘z ochish mumkin emasligini ona endi tushundi.
Shu payt olisdan tuya mingan kishining qorasi ko‘rindi. U shu yoqqa tomon kelayotgan edi.

  • Bu kelayotgan kim? — so‘radi ona.

  • U menga ovqat olib kelyapti, — dedi o‘g‘il.

Nayman ona tashvishga tushdi. Bevaqt paydo bo‘lib qolgan bu jung--jangning ko‘ziga chalinmaslik uchun tezroq g‘oyib bo‘lish kerak edi. U tuyasini cho‘ktirib, darhol minib oldi.
— Sen unga hech narsa aytmagin. Men tezda qaytib kelaman, — dedi Nayman ona.
O‘g‘li lom-mim demadi. Uning parvoyi palak edi. O‘tlab yurgan tuyalar orasidan qochib borayotgan Nayman ona xato ish qilib qo‘yganini tushundi. Biroq vaqt o‘tgan edi. Oq tuyaga minib borayotgan onani jungjang ko‘rib qolishi mumkin edi. Oqmoyasini yetaklab, o‘tlab yurgan tuyalar orasidan berkinib yayov jo‘nagan ma’qul edi.
Yaylovdan xiyla olislab ketgach, Nayman ona chetlarida erman-shuvoqlar o‘sib yotgan chuqur jarlikka kirib bordi-da, Oqmoyani cho‘ktirib kuzata boshladi. Gumoni to‘g‘ri chiqdi, payqab qolgan ekan.
Jungjang u yoq-bu yoqqa zir yugurib hech nimani uchratmagandan so‘ng tezda ortga, tuyalar to‘dasi tomon qaytdi.
Nayman ona bu tunni tanho o‘zi bechora manqurt o‘g‘li yaqinida — dashtda tunab o‘tkazdi. O‘g‘lining yoniga borishga cho‘chidi, haligi xavfsirab qolgan jungjang kechasi uyur oldida qolishi ham mumkin.
O‘g‘lini qullikda tashlab ketmay, bir amallab birga olib ketishga qaror qildi ona. O‘g‘li manqurt bo‘lsa ham, mayli, hech nimani tushunib, anglab yetmasa ham mayli, kimsasiz cho‘lda, jungjanglarning tuyasini boqib xor bo‘lib yurganidan ko‘ra o‘z uyida, o‘z odamlari orasida yashagani yaxshi emasmi? Ona qalbi shuni istardi. Boshqalar taqdirga tan berib ketishi mumkin bo‘lgan holga ona sira ham ko‘na olmasdi. U o‘z qoni va jonini, ko‘z qorachig‘ini qullikda qoldirib ketishni sira-sira istamasdi. Balki bolasi o‘z yerida hushiga kelib, bolalik kezlarini eslab, barcha ko‘rgan-kechirganlarini qayta tiklab olar, deya umid qilardi.
Ertasiga ertalab Nayman ona Oqmoyaga minib yana yo‘lga tushdi. Uyur bu yerdan xiyla uzoqlashib ketgan edi. Izlab, aylanma yo‘llardan ehtiyotkorona o‘tib, uzoq yo‘l bosdi. Tuyalarni ko‘rgandan keyin ham jungjanglardan birontasi ko‘rinib qolmasin, deb uzoq vaqt kuzatib turdi. Hech kimning yo‘qligiga ko‘zi yetgach, o‘g‘lining otini aytib chaqirdi.
— Jo‘lomon! Jo‘lomon! Omonmisan?
O‘g‘li burilib qaragan edi, ona quvonchidan baqirib yubordi, ammo shu zahotiyoq, o‘g‘li shunchaki, ovoz chiqqan tomonga qaraganini payqab qoldi. Nayman ona o‘g‘lining xotirasini tiklashga yana urinib ko‘rdi.

  • Oting nima, eslab ko‘r-chi! — deb yalinib-yolborib inontirishga harakat qilardi u. — Otangning oti Do‘nanboy, bilmaysanmi uni? Sening is-ming manqurt emas, Jo‘lomon. Naymanlarning yayloviga ko‘chib borayotganimizda yo‘lda tug‘ilgansan. Shuning uchun otingni Jo‘lomon qo‘yganmiz. Sen tug‘ilganingda biz o‘sha yerda qolib uch kecha-kunduz to‘y-tomosha qilganmiz. Bu gaplar manqurt o‘g‘ilga zarracha ta’sir etmayotganini bilsa ham, bari bir ona uning so‘ngan xotirasida nimadir yilt etib ko‘rinib qolar, degan umidda behuda urinardi. Ammo u devorga gapirayotganday edi. Shunga qaramay, o‘tgan-ketganlardan gapirib, hadeb o‘zinikini takrorlayverdi:

  • Oting nima, eslab ko‘r! Otangning oti Do‘nanboy!

So‘ng ona o‘zi bilan olib kelgan taomlaridan yedirib-ichirib bo‘lgandan so‘ng, alla ayta boshladi. Alla manqurtga ma’qul kelganday bo‘ldi shekilli, quloq solib tinglab o‘tirdi. Qorayib, uniqib ketgan yuziga qandaydir iliqlik yugurganday bo‘ldi. Shunda ona o‘g‘lini bu yerdan — jungjanglarning izmidan o‘z tug‘ilib o‘sgan qadrdon yeriga birga olib ketishga ko‘ndirishga kirishdi. Manqurt esa tuyalarni qoldirib, qayoqqadir bosh olib ketishni miyasiga singdira olmadi: yo‘q, xo‘jayinim tuyalardan bir qadam ham jilmaysan deb buyurgan, shuning uchun uyurni tashlab biron yoqqa ketmayman...
Chiqmagan jondan umid deganlariday, Nayman ona barbod etilgan xotira eshigini ochib kirishga qayta-qayta harakat qilardi:
— Eslab ko‘r-chi, kimning o‘g‘lisan? Oting nima? Otangning oti Do‘nanboy!
O‘g‘lini hushiga keltirish uchun behuda urinayotgan ona oradan qancha vaqt o‘tganini ham payqamay qoldi, shu mahal uyur chekkasidan yana o‘sha jungjang tuya minib kelayotganini ko‘rib esi chiqib ketdi. Bu safar jung­jang juda yaqin kelib qolgandi, yurishi ham juda ildam. Nayman ona tezda Oqmoyaga mina solib, qochib qoldi. Biroq, yaylovning narigi tomonidan yana bir jungjang tuya yo‘rttirib onaning yo‘lini kesib chiqdi, shunda Nayman ona tuyasida ularning o‘rtasiga qarab soldi. Bedov tuya olg‘a tomon yelday uchib ketdi, ortdan ta’qib ostiga olgan jungjanglar baqirishib-qiyqirishib, nayzalarini siltab, dag‘dag‘a qilgancha uni quvlab borishardi. Biroq Oqmoyaga yetmoq qayoqda?!
G‘azablangan jungjanglar qaytib kelgandan so‘ng manqurtni rosa do‘pposlashganini ona bilmasdi. Ammo do‘pposlashgani bilan manqurt nimani ham bilardi. U hadeb bir gapni takrorlardi:

  • U sening onang bo‘laman, deb aytayapti.

  • Hech qanaqa onang emas u! Senda ona yo‘q! Bu yoqqa nima uchun kelganini bilasanmi? Bilasanmi?! Telpagingni sidirib olib, boshingni qaynoq suvga solgani kelgan!— deb battar qo‘rqita boshlashdi jungjanglar sho‘rlik manqurtni.

Bu so‘zlarni eshitib, manqurtning qoramtir yuzlari bo‘zday oqarib-ko‘karib ketdi, qo‘llari bilan telpagini changallab, bo‘ynini yelkalari orasiga qisib, xuddi yirtqichday ola-kula atrofga qaray boshladi.

  • Sen qo‘rqmagin! Mana buni ushla!— deb jungjangning kattasi manqurtga o‘q-yoy tutqazdi.

  • Qani, moijalga olchi! — kichik jungjang qalpog‘ini osmonga otdi. O‘q qalpoqni teshib o‘tdi.

— O‘h-o‘, — ajablandi qalpoq egasi. — Qo‘lida xotira saqlanib qolibdi! Uyasidan cho‘chitib uchirib yuborilgan qush kabi Nayman ona Sario‘zak cho‘llarida oyog‘i kuygan tovuqday yelib-yugurardi. Endi nima qilarini, nimaga umid bog‘lashni bilmasdi. Jungjanglar endi nima qilisharkin? O‘tovdagi tuyalarni, manqurt o‘g‘lini ona yetib bora olmaydigan boshqa yerlarga, o‘zlarining katta o‘rdalariga yaqin joyga haydab ketisharmikin yoki uni qo‘lga tushirish uchun payt poylab yotisharmikin? Ming xil xayollarga g‘arq bo‘lgan ona boshi qotib, pastqam yo‘llardan o‘tib borib, yaylovni sinchkovlik bilan kuzatarkan, haligi ikkita jungjang uyurni tashlab ketib borayotganini ko‘rdi-da, quvonib ketdi. Ular o‘ng-u so‘liga qaramasdan yonma-yon ketib borishardi. Nayman ona uzoq vaqt ko‘z uzmay turdi, qachonki ularning qorasi ko‘rinmay qolgach, o‘g‘li tomon yo‘l solib qanday bo‘lmasin, uni o‘zi bilan birga olib ketmoqchi bo‘ldi. U kim bo‘lsa ham mayli, taqdir boshiga shunday qora kunlarni solib, dushmanlar shunchalik tahqir etgan ekan, bu — uning aybi emas. Mayli, ovsar bo‘lsa ham o‘g‘lini qullikda, asoratda qoldirib ketmaydi. Bosqinchilar tutqun etilgan farzandlarimizni mayib-majruh qilganlarini, xo‘rlab, aqldan ozdirib notavon bir ahvolga solib qo‘yganlarini naymanlar ko‘rib qo‘ysin-da, g‘azabdan, or-nomusdan qo‘lga qurol-yarog‘ olsin. Gap bosib olingan yerda emas. Yer hammaga yetib ortadi. Ammo-lekin, jungjanglarning yovuzligini sira ham kechirib bo‘lmaydi, ularning xiyonatkorligi yetti yot qo‘shni bo‘lib ham yashash mumkin emasligini ko‘rsatib turibdi...
Ona o‘g‘li tomon borar ekan, shu kechasiyoq bu yerdan ketish zarurligini unga qanday qilib tushuntirsam ekan, deb yo‘l-yo‘lakay o‘ylar edi.
Qosh qoraya boshladi. Qanchalab o‘tgan va o‘tishi lozim bo‘lgan son-sanoqsiz tunlar singari lojuvard-qizg‘ish shu’laga chulg‘angan tag‘in bir tun soyliklar-u vodiylar uzra buyuk Sario‘zak sahrosini bosib kela bosh­ladi. Oqmoya katta uyur tomon bekasini yeldirib borardi. Botayotgan qu-yosh shu’lalari qo‘sh o‘rkach o‘rtasida o‘tirib olgan ona qiyofasini baralla ko‘rsatardi. U jiddiy tusda, yuzlarining qoni qochgan holda hushyor tortib, xavotirlanib o‘tirardi. Sochlari oqarib ketgan, manglayini ajin bosgan, g‘am-g‘ussali ko‘zlariga esa Sario‘zak xuftoni singari g‘am-tashvish cho‘kkan edi... Mana, u uyurga ham yetib borib, o‘tlab yurgan tuyalar orasidan o‘tib kuzata boshladi, biroq o‘g‘li ko‘rinmasdi. Tuyasi esa tizginini chuvalantirib sudra-ganicha bemalol o‘tlab yurardi... Nima bo‘ldi ekan unga?
— Jo‘lomon! Qulunim Jo‘lomon, qanisan? — deb chaqira boshladi Nayman ona.
Qilt etgan jon ko‘rinmadi, hech qanday ovoz eshitilmadi.
— Jo‘lomon! Qayerdasan? Bu men, onang bo‘laman! Qayerdasan?
Ona tashvish ichida atrofga olazarak boqar ekan, manqurt o‘g‘li tuyasining soyasiga berkinib, tizzalab o‘tirganicha kamonni tarang tortib moijalga olayotganini payqamay qoldi. Faqat u quyosh nuri ko‘zini qamashtirayotgani sababli qulay vaziyatni kutayotgan edi.
— Jo‘lomon! Bolaginam! — deb chaqirdi ona o‘g‘lini, biron hodisa yuz bermadimikan deb tashvishlanib. So‘ng egarda o‘tirgancha o‘girilib qaragan edi, o‘zini mo‘ljalga olib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushib qoldi. Shu zahotiyoq Oqmoyani burib chap bermoqchi bo‘lgan ham ediki, vizillab kelgan o‘q uning chap qo‘ltig‘ining ostiga sanchildi. Ona: «Otma!» deyishga ulgurdi, xolos.
Bu o‘lim zarbasi edi. Nayman ona ikki bukildi va Oqmoyaning bo‘yniga yopishgancha shilq etib tushdi. Lekin undan oldinroq boshidan oq ro‘mol uchib ketib, havoda qushga aylanib chirqiray boshladi: «Kimning farzandisan, eslab ko‘r! Oting nima? Otangning oti Do‘nanboy! Do‘nanboy! Do‘nanboy!..»
O‘shandan beri Sario‘zak dashti tepasida har kuni kechasi Do‘nanboy degan qush uchib yuradi, deyishadi, O‘sha qush yo‘lovchiga duch kelib qolsa:
Kimning farzandisan, eslab ko‘r! Eslab ko‘r! Oting nima? Otangning oti Do‘nanboy, Do‘nanboy, Do‘nanboy!..» deb sado chiqarar ekan.
Shundan beri Nayman ona dafn etilgan o‘sha joy Sario‘zak muzofotida Ona Bayit qabristoni — Onaizor makoni deb ataladi...
Oqmoya tuyasidan ko‘p nasllar qoldi. Urg‘ochilari o‘ziga tortib, oqbosh tug‘ilib, nayman eliga ma’lum va mashhur, norlari esa, aksincha, hozirgi Qoranor Bo‘ron singari qoradan kelgan, juda baquvvat bo‘ladi.
Rahmatli Kazangap Qoranor bo‘ron oddiy tuyalardan emas balki Nayman ona o‘lgandan so‘ng Sario‘zak dashtida qolgan mashhur Oqmoyakning naslidan tarqagan, deb har doim gapirib yurardi va buni doimo isbotlab berardi. Mana, endi uning jasadini Ona Bayit qabristoniga olib borishyapti.



Yüklə 2 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   447   448   449   450   451   452   453   454   455




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə