5-sinf adabiyoti. 1-bob adabiyot so‘z san’ati



Yüklə 2 Mb.
səhifə454/455
tarix17.12.2023
ölçüsü2 Mb.
#149897
1   ...   447   448   449   450   451   452   453   454   455
5 - 9-SINF ADABIYOT

Nazariy ma’lumot
BADIIY ASAR PAFOSI HAQIDA
Pafos yunoncha «ehtiros», «hissiyot», «iztirob» ma’nolarini anglatuvchi Pathos» so‘zidan olingan. Adabiy atama sifatida esa asarga singib ketgan, undagi badiiy tasvirning yo‘nalishini belgilab beradigan jo‘shqin tuyg‘u va ko‘tarinki ruhni anglatadi. Bu tuyg‘u va ruh ijobiy xarakterda bo‘lib, xayrixohlikni, salbiy tabiatga ega bo‘lib, inkorni bildirishi ham mumkin. Pafos bilan yozilgan asarda adib o‘z nuqtai nazari va qarashlarini berkitmaydi. Aksincha, o‘zi ilgari surgan va o‘tkazmoqchi bo‘lgan hayotiy-estetik fikrni kuchli hayajon hamda jo‘shqin ehtiros bilan yoqlaydi. Shu tariqa, pafos bilan yozilgan asarning o‘quvchisi ko‘pincha yozuvchi qarashlarining tarafdoriga aylanadi. Chunki asarning pafosi uni xolis kuzatuvchi emas, balki astoydil tarafdor bo‘lishga undaydi.
Pafos badiiy asarning ifoda tarzinigina emas, balki uning ma’no mohiyatini ham belgilab beradi. Chunonchi, «Asrga tatigulik kun» romanida oddiy temiryo‘lchi Edigeyning o‘ylari, so‘zlari, qilgan ishlari kuchli pafos bilan tasvirlangani uchun ham kitobxonni o‘ziga rom etadi. Ayni paytda, Sobitjonning xatti-harakatlari, gaplari, tutumi adib tomonidan jo‘shqinlik bilan inkor etilgani uchun o‘quvchi bu timsolni yomon ko‘rib qoladi. Shu tariqa asarning pafosi uning o‘quvchisiga o‘z nuqtai nazarini aniq belgilab olishda yordam beradi.
Asar pafosi, ayniqsa, Nayman ona timsoli tasvirida yaqqol bo‘y ko‘rsatgan. Manqurt haqidagi afsonada insonning asosiy belgisi bo‘lmish o‘zlikdan ayirish, odamni xotirasidan mahrum qilish cheksiz nafrat bilan tasvirlanganki, o‘quvchi beixtiyor Ch. Aytmatovning qizg‘in tarafdoriga aylanganini bilmay ham qoladi(qayta-qayta murojaat qilishni istayveradi).


MUSTAQILLIK DAVRI O‘ZBEK ADABIYOTI
O‘tgan asrning 90-yillaridan e’tiboran o‘zbek xalqi o‘z tarixining yangi bosqichiga kirdi. Va millat holatining estetik ifodasi o‘laroq istiqlol adabiyoti deb atalmish badiiy hodisa yuzaga keldi. Istiqlol davri o‘zbek adabiyoti ko‘p asrlik milliy adabiyotning mantiqiy davomidir. Mustaqillik davri o‘zbek ada­biyoti bir qator o‘ziga xos belgilarga ega bo‘lgan badiiy-estetik hodisadir.
Istiqlol davri o‘zbek adabiyoti tubdan o‘zgargan milliy ongning, tamomila yangilanayotgan estetik tafakkurning mahsulidir. Mustaqillik tufayli millat ahli o‘z ma’naviyatining asosi bo‘lmish Qur’oni Karim bilan o‘zbek tilida tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Bu hol millatning tafakkuri sog‘lomlashuviga olib keldi. O‘zbek xalqining tafakkuri tarixini, umumiy qilib, Qur’oni Karim tarjima qilinguncha va tarjima qilingandan keyingi davrlarga ajratish mumkin. Negaki, bu muqaddas kitobning o‘zbekchaga ag‘darilishi millatning e’tiqodi, dunyoqarashi va ma’naviyatida o‘ziga xos inqilob yasadi. Tabiiyki, dunyoqarashi tozargan millatning adabiyoti ham yangilanadi. Shu tariqa, hukmron mafkura tazyiqidan qutulgan, dunyoni har xil anglash, izohlash hamda tasvirlash samarasi sifatida istiqlol adabiyoti dunyoga keldi.
Mustaqillik davri milliy adabiyot taraqqiyoti tarixidagi oddiy xronologik bosqich emas, balki bir qator jiddiy o‘ziga xos jihatlarga ega bo‘lgan alohida badiiy-estetik hodisadir. Istiqlol davri o‘zbek adabiyoti tamomila yangilanayot­gan estetik tafakkurning mahsuli o‘laroq tug‘ildi. U yagona hukmron mafkura tazyiqidan qutulgan, dunyoni har xil anglash, izohlash hamda tasvirlash imkoniyatiga ega bo‘lgan millat ijodiy dahosining samarasi sifatida dunyoga keldi. Ijtimoiy taraqqiyot yo‘sinlarini, muayyan shaxs ruhiyati manzaralarini sinfiy kurash va partiyaviy yondashuvsiz ham tasvirlash natijasi bo‘lib yaratildi.
Mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti tafakkur oinlari o‘zgacha ijodkorlarning estetik qarashlari natijasida dunyoga kelgan hodisa o‘laroq bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega.
Birinchidan, bu davr adabiyoti hukmron mafkura tazyiqidan qutulgan, olam va odam ruhiyatiga mansub hodisalarga xilma-xil qarashlarning mahsuli bo‘lgan adabiyotdir. Bu davrda olamning mavjudlik yo‘sinini turlicha izohlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu hol milliy adabiyotimizning ifoda imkoniyatlarini kengaytirdi. Ilmiy-estetik qarashlar xilma-xilligini yuzaga keltira boshladi.
Ikkinchidan, mustaqil o‘zbek davlati badiiy adabiyotni sho‘ro zamonida bo‘lgani kabi o‘z monopoliyasiga aylantirishga urinmadi. Shu bois ijod erkinligiga ob’yektiv sharoit yaratildi. Adabiyot ijodkorning ko‘ngil ishiga aylandi va aylanmoqda.
Bugun badiiy ijod bilan shug‘ullanayotganlar shaxs sifatida ham, ijodkor sifatida ham tamomila o‘ziga xos, xilma-xil kishilardir. Istiqloldan keyingi davrda haqiqiy adabiyot o‘z ko‘ngliga qarshi bormaydigan, uning royishlariga zug‘um o‘tkazmaydigan kishilar tomonidan yaratilayotganligi quvonarlidir. Adabiy tanqid, o‘quvchilar ommasi nima desa ham bu ijodkorlar o‘z bilganlanicha yozishdan qaytmaydilar. Ular ijodini o‘zlariga emas, aksincha, o‘zlarini ijodiga bo‘ysundirgan kishilardir. Shu yo‘sinda juda yaqin o‘tmishda ham ijtmoiy-siyosiy hodisa sanalib kelgan badiiy adabiyot milliy-estetik aktga evrildi.
Uchinchidan, istiqlol davri adabiyoti odamga ishchi kuchi, ishlab chiqaruvchi, mehnatkash sifatida yondashish tarzidan qutuldi. Milliy adabiyot millat vakillarining mehnatinigina emas, balki ularning shaxsiyatiga daxldor jihatlar: ruhiyati, hissiyoti, ko‘nglini tasvirlashga kirishdi. Bu adabiyot uchun insonning o‘zi asosiy qadriyatga aylana boshladi. Shu tariqa, milliy adabiyotning qahramonlari jug‘rofiyasi kengaydi, miqyosi ko‘lam kasb etdi. Odam biror ijtimoiy qatlamning vakili tarzida emas, murakkab va anglash mushkul bo‘lgan inson sifatida badiiy tadqiq etiladigan bo‘ldi.
To‘rtinchidan, mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti biror ijtimoiy tuzumning afzalligini ko‘rsatish, siyosiy tizimlarni takomillashtirishga emas, alohida inson shaxsining ma’naviyatini mukammallashtirishga yo‘naltirildi. Bu hol badiiy qahramonlarni turli rakurslardan turib, eng ichkin va yashirin jihatlarigacha tadqiq etish imkoniyatini berdi. Shu sababdan ham istiqlol davri adabiyoti «aholisi» sezilarli darajada nozik, ingichka, o‘ziga xos, betakror bo‘lib bormoqda. Bu davr adabiyotida tipik obrazlarni emas, badiiy tiplarni tasvir­lashga ko‘proq intilinayotganligining sababi ham shunda. Shu yo‘sin, bu davr adabiyoti ommani ko‘rsatishga emas, shaxsni tadqiq etishga yo‘naltirildi.
Beshinchidan, bu adabiyot inson, insonlararo munosabatlar g‘oyat mu­rakkab, chigal va izohlash mushkul ekanligi chuqur anglagan va ularni butun murakkabliklari bilan aks ettirishga harakat qilayotgan adabiyotdir. Sho‘rolar zamonida har bir adabiy qahramonning xatti-harakati ijtimoiy jihatdan asoslangan, iqtisodiyot qonunlaridan kelib chiqadigan bo‘lishi shart deb qaralardi. Natijada asarlar sxematik talablarga bo‘ysundirilardi. Holbuki, bir odamning xatti-harakatlari sababini adiblar tugul o‘sha kishining o‘zi ham to‘la tushuntirib bera olmaydi. Ana shu holatning milliy badiiyatimizga ko‘chganligi insonga sirli xilqat tarzida yondashish, uning taqdiridagi chigalliklarni tushunishga intilishni keltirib chiqarmoqda. Shu tariqa adabiyotdagi odam hayotdagi odamga qaraganda chuqurroq, murakkabroq, o‘ychilroq, ingichkaroq bo‘lib bormoqda.
Oltinchidan, bu davr adabiyoti mavzu dolzarblik, hozirjavoblik, zamonaviylik singari sirtqi belgilardan baland turishga va lahzalik holatlarning mangulikka suratlanishiga yo‘naltirilmoqda. Shu yo‘l bilan adabiyot hayotdan nusxa olishdan, ya’ni ko‘chirmachilikdan qutulib bormoqda. U ijtimoiy hodisalar bilan andarmon bo‘lish, ularning ortidan ergashish zaruriyatidan xalos bo‘ldi. Mazkur holat badiiy tasvirning chuqurlashuviga, odam ruhiyati qatlamlarini nozikroq idrok etishga imkon yaratadi.
Yettinchidan, mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti chinakamiga xilma-xil adabiyotga aylandi. Unda tajriba qilish, sinab ko‘rish, ochilmagan yo‘llardan yurish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu hol birovga o‘xshamaydigan, o‘zgalarni takrorlashga intilmaydigan, o‘ziga xos iste’dodlarning ko‘payishiga im­kon yaratadi. Xilma-xil badiiy asarlarning vujudga kelishi tufayli xilma-xil o‘quvchilar paydo bo‘ladi. Badiiy didi yuksak, so‘zni nozik his etadigan, sezimlardagi yengil tebranishlarni ham ilg‘ay oladigan kitobxon shakllanishiga turtki bo‘ladi. Ommaviylik badiiy adabiyot uchun asosiy maqsad, yuqori ko‘rsatkich emasligi anglab yetildi.
Sakkizinchidan, yuqorida sanab o‘tilgan omillar tufayli bu davr adabiyo­ti jo‘nlikdan, anchayinlikdan, to‘porilikdan qutildi va uning asl namunalarini hamisha ham izohlash, tushuntirish, mantiqiy qoliplarga solish mumkin bo‘lmay qoldi. Badiiy adabiyot mantiq va axloqdan ham teranroq sezimlar bilan ish ko‘rishi, eng murakkab mavhumlikni moddiylashtirishga da’vat etilgan hodisa ekanligi tan olindi.
To‘qqizinchidan, ijod erkinligi, xilma-xil fikrlash imkoniyati, badiiy so‘zga davlat miqyosida xo‘jayinlik qilishning barham topganligi iste’dodsiz(o‘rtamiyona) asarlarning ham yaratilishi hamda chop etilishiga imkon tug‘dirdi.
O‘ninchidan, bozor munosabatlari badiiy ijod sohasida ham namoyon bo‘la boshladi. Natijada xaridorgir, ommaning o‘tkinchi talablariga mos keladigan asarlar yaratishga harakat kuchaydi. Shuning oqibati o‘laroq o‘zbek adabiyotida erotik tasvirlar, sarguzasht yo‘nalishidagi oldi-qochdi bitiklar ko‘paydi.
Mustaqillik davrida milliy adabiyot millat ahlining ko‘nglini, ruhiyatini tas­virlashga e’tibor qaratmoqda. Natijada, inson asosiy badiiy qadriyatga aylandi.

Yüklə 2 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   447   448   449   450   451   452   453   454   455




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə