5-sinf adabiyoti. 1-bob adabiyot so‘z san’ati



Yüklə 2 Mb.
səhifə2/455
tarix17.12.2023
ölçüsü2 Mb.
#149897
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   455
5 - 9-SINF ADABIYOT

Savol va topshiriqlar

1. Hozirga qadar o‘qigan adabiy asarlardan qaysi bin Sizga eng kuchli ta’sir qilgan? Bu ta’sirning sababi nimada, deb o‘ylaysiz?


2. Ko‘chalar, metro bekatlari, teatrlar, shahar va qishloqlar, turli davlat mukofotlarining ko‘pchiligi shoir-yozuvchilar nomiga qo‘yilishining sababi nimada ekan?
3. Adabiy asar bilan muallim darsi o‘rtasida qanday o‘xshash va farqli tomonlar bor? Fikringizni aniq misollar bilan tushuntirishga harakat qiling.
4. Adabiy asarlar kishining didi, axloqi, bilimlari boyishiga kuchli ta’­sir ko‘rsatishini biror asar misolida isbotlashga urining.
5. Adabiyot daftaringizga ulug‘ kishilarning so‘z, adabiyot va kitob . o‘qishning ahamiyati to‘g‘risida aytgan hikmatlaridan beshtasini topib yozib keling va sinfdoshlaringizga o‘qib bering.


HIKMAT DURDONALARI
MAQOLLAR

Maqol deb eshitgansiz, albatta. Kishilar uni ko‘pincha, o‘zaro suhbatda, bir-birlari bilan gaplashganlarida ishlatadilar. O‘zingiz ham uni necha martalab ishlatgansiz, faqat e’tibor qilmagansiz.


Maqol ibratli so‘zdir. Shunday so‘zki, so‘zga husn beradi, fikrni tushunib olishni osonlashtiradi, uni yorqin, ta’sirchan qiladi. Shuning uchun ham maqol odamlar nutqida har doim hamroh bo‘ladi. Kimki uni ko‘p ishlatsa, o‘shaning nutqini shirali deydilar va diqqat bilan eshitadilar. Shu sababli, maqollar badiiy adabiyotda, ya’ni she’r va dostonlarimizda, hikoya va romanlarimizda ham ko‘p ishlatiladi. Hatto, boshidan oxirigacha maqol bilan yozilgan asarlarimiz ham bor. Masalan, Gulxaniy degan shoir butun bir asarini «Zarbulmasal» deb nomlagan. Unda Yapaloqqush va Boyo‘g‘lining quda-andachilik mojarolari tasvirlangan bo‘lib, ular tilidan 400 dan ortiq maqol keltiriladi. Ko‘ryapsizki, maqolda gap ko‘p.
«Maqol», aslida arabcha, «so‘z» degan ma’noni bildiradi. Uni «otalar so‘zi» ham deydilar. Bunday nomlash maqolni tushunishni osonlashtiradi. Haqiqatan ham, u ota-bobolarimizning qadim-qadimlardan ishlatib kelgan so‘zlari. Shu paytgacha eskirmay kelgan, unutilmagan so‘zlar.
Zamon o‘tishi bilan ko‘p so‘zlar eskiradi. O‘rniga yangisi keladi. Vaqti kelib, o‘sha yangisi ham o‘zgaradi, o‘rniga boshqasi keladi. Masalan, «qo‘l»ni bir vaqtlar «al» deyishgan. Hozir buni yoshlar emas, kattalar ham tushunmaydilar. Til-adabiyot bilan shug‘ullanuvchilargina biladilar. «Dunyo»ni «ochun», «kitob»ni «bitik» der edilar. Ko‘ryapsizki, hamma narsa o‘zgarishda ekan. Maqollar ham o‘zgaradi, lekin juda sekin o‘zgaradi. So‘zlari o‘zgarganda ham maqsadi, mazmun-mohiyati o‘zgarmaydi.
Xo‘sh, shunday qilib, maqol degani nima ekan?
Maqol ota-bobolarimizning uzoq yillar davomida ko‘rgan-kechirganlari, tajribalari asosida kelgan xulosa so‘zlaridir. Masalan, «Ona yurting omon bo‘lsa, rangi ro‘ying somon bo‘lmas», deymiz. Bu so‘zlar zamirida vatanidan ayrilib, musofirlikning achchiq alamilarini tortgan kishining, begona yurtlarda, notanish odamlar orasida vatansizlikdan rangi ro‘yi somon bo‘lgan kishining achchiq iztiroblari yotibdi. Yo bo‘lmasa, «O‘zgalar yurtida sulton bo‘lguncha, o‘z elingda cho‘pon bo‘l» degan maqolni oling. Bu so‘zlar tagida ham achchiq tajribalar, boshdan kechirishlar yotibdi. Beixtiyor shoh va shoir bobomiz Bobur yodga tushadi. Hindistonday katta mamlakatga podshohlik qilgan kishi yurtdoshlari Andijondan qovun olib borganlarida yig‘lagan edi. Haqiqatan ham, Vatan mehridan kuchli narsa dunyoda yo‘q.
Maqol yana qanday belgi-xususiyatlarga ega bo‘ladi?
Maqolda fikr aniq, xulosa tugal, ifoda lo‘nda bo‘lishi lozim. Va, albatta, ibratli fikr aytilishi talab etiladi, bu ibratli fikr hukm shaklida bo‘lishi kerak. Bularning hammasini yuqoridagi misollarda ko‘rish mumkin.
Ko‘plab maqollarda ichki qofiya bo‘ladi. Masalan, yuqoridagi ikki misolning birinchisida «omon» bilan «somon», ikkinchisida «sulton» bilan «cho‘pon» o‘zaro ohangdosh, ya’ni qofiyadoshdir. Shu jihatdan ular topishmoqlarga o‘xshab ketadilar. Masalan, «Pak-pakana bo‘yi bor, yetti qavat to‘ni bor», desak, bu yerda ham «bo‘yi» va «to‘ni» so‘zlari qofiyadosh. Shunga qaramay, u maqol emas. Chunki unda xulosa yo‘q. Hukm yo‘q. Unda sirlilik bor. Unda hamma so‘zlar bir narsani bekitishga qaratilgan. U narsaning belgilari berilyapti, xolos. Maqolda esa, aksincha, xulosa beriladi.
Maqol she’riy shaklda ham bo‘lishi mumkin.
Masalan:
Oltovlon ola bo‘lsa,
Og‘zidagini oldirar.
To‘rtovlon tugal bo‘lsa,
Tepadagini endirar.
Maqol birlik, o‘zaro ittifoqlik haqida. Bir kishining olti o‘g‘li bo‘lsa-yu, ular bir-birlari bilan ahil bo‘lmasalar, og‘zilaridagini oldiradilar. Ularni istagan odam xafa qilaverishi mumkin. To‘rt aka-uka bo‘lsa-yu, ahil bo‘lsalar, ular ko‘p ish qila oladilar. Ya’ni: ahillik bo‘lsa, oz odam bilan ham katta ishlar qilish mumkin. Ahillik bo‘lmasa, ko‘p kishi bilan ham hech ish qila olmaysan. Bu — ma’nosi.
Ifodaga kelsak, «oltovlon» ko‘pchilikni, «to‘rtovlon» ozchilikni anglatyapti. «Ola bo‘lmoq» noahillikni, «tugal bo‘lmoq» ahillikni bildirmoqda. «Og‘zidagini oldirmoq» bor narsalarini boy berib qo‘ymoq, «tepadagini endirmoq» qiyin, murakkab ishlarni ham osongina hal qilmoq ma’nolarini anglatyapti.
Maqolda o‘sha xalqning tarixi, urf-udumi, turmush tarzi, fe’l-atvori, ruhiyati, qo‘yingki, butun borlig‘i aks etadi. Shunga ko‘ra, maqol­lar xilma-xil mavzularda bo‘lishi mumkin. Masalan, do‘stlik, vatan, mehnat, ilm-hunar egallash, botirlik, saxovat, adolat va hokazo.
Maqollarda ko‘pincha so‘zlar ko‘chma ma’noda ishlatilgan bo‘ladi. Ularni o‘z ma’nosida tushunsak, kutilgan ma’no chiqmaydi. Masalan, «Dehqon bo‘lsang, kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda» maqolidagi so‘zlar o‘z ma’nosida qo‘llangan. Lekin «Qazisan, qartasan — axir aslingga tortasan», «Olma olmadan uzoq tushmaydi», «Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi» kabi ma’no jihatidan bir-biriga juda yaqin bo‘lgan maqollarda so‘zlar o‘z asl ma’nosida emas. Ularda gap aslida «qazi-qarta», «olma», «qarg‘a» haqida emas, odam va uning fe’l-atvori haqida. Shuning uchun ham ular ko‘chma ma’noda ishlatilmoqda deymiz.
Aziz farzand, xalq maqollari — boyligimiz. Ota-bobolarimizning siz bilan bizga qoldirgan xazinalaridan. Ularni izlab toping, sevib o‘rganing. Kerak o‘rinlarda foydalanishni odat qiling. Shunda ular butun umringiz davomida hamrohingiz bo‘ladi. Har bir gapirgan gapingizning salmog‘i oshadi. Sermazmun, ta’sirchan, keskir bo‘ladi. El orasida obro‘yingiz yuksaladi.

Yüklə 2 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   455




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə