5-sinf adabiyoti. 1-bob adabiyot so‘z san’ati



Yüklə 2 Mb.
səhifə450/455
tarix17.12.2023
ölçüsü2 Mb.
#149897
1   ...   447   448   449   450   451   452   453   454   455
5 - 9-SINF ADABIYOT

CHINGIZ AYTMATOV
(1928-2008)
YOZUVCHI O‘ZI HAQIDA
«Bizning ovulimizda yetti otasini bilish odatiga qat’iy rioya qilinardi. Shu sababdan o‘zimizdan oldin o‘tgan yetti ajdodimizni bilish muqaddas burch ekanligi bolalikdanoq ongimizga singdirilardi. Odatda ovul qariyalari bu borada o‘g‘il bolalarni: «Qani aytchi, botir, kimlarning avlodidansan? Otang kim? Otangning ota-bobolari kimlar? Nima ish bilan shug‘ullanishgan? Odamlar ular haqida nima deydi?» kabi savollar bilan sinashardi. Agar bola bu savollarga javob berolmasa, uning ota-onasi qattiq izza qilinardi.
Aytmat bobomni ko‘rmaganman. U 1918-20-yillarda vafot etgan. Men esa 1928- yil 12- dekabrda tug‘ilganman. Bizning Shakar ovulimiz chekkasidagi Qurqurov daryosi qirg‘og‘ida eski, yerga botib borayotgan tegirmon toshi bor. Yillar o‘tgan sayin u ko‘proq yemirilib, yerga chuqurroq singib bormoqda. Ana shu yerda bobomning tegirmoni bo‘lgan. Bu tegirmon bir yilcha ishlagan xolos, keyin yonib ketgan. Shundan keyin inqirozga uchragan bobom 12 yoshi o‘g‘li To‘raqul — mening otam bilan u yerdan ketib, temir yo‘l tonnellari qurilishida ishlagan. Shu yerdan mening otam rus bojxona ma’muriyati yordamida Avliyoota shahridagi rus-tuzem maktabiga o‘qishga kirdi. Keyin u ikki marotaba Moskvada o‘qidi. Qirg‘izistonda rahbarlik lavozimlarida ishladi. Onam — Nagima Hamzayevna Aytmatova o‘qimishli, o‘z davrining il’g‘or ayollaridan bo‘lgan. Bu narsa ota-onamga meni rus madaniyati, tili va adabiyotiga oshno qilish imkonini bergan.
Buvim esa har yozda meni toqqa olib ketardi. U ovuldagi eng aqlli va hurmatga sazovor ayollardan edi. U men uchun ertak, doston, qadimiy qo‘shiqlarning bitmas-tuganmas xazinasi edi. Ehtimol, o‘shanda buvim o‘zi sezmagan holda o‘z tilimni sevishga, hurmat qilishga o‘rgatgandir. Bunga hech qanday shubham yo‘q. Ona tili! U haqda nihoyatda ko‘p gapirilgan. Lekin uning sirli mo‘jizasini tasvirlab bo‘lmaydi. Bolalikda shuurga singdirilgan ona tiligina qalbni she’riyat bilan sug‘orishi, insonda milliy g‘ururning ilk kurtaklarini uyg‘otishi va ajdodlar tilining naqadar serqirra va sermazmun ekanligini anglatishi mumkin. Bolalik nafaqat quvnoq davr, bolalik — inson shaxsi shakllanishining ilk davri hamdir.
Buvim mening bolaligimni turli ertak, qo‘shiq, dostonlar bilan bezagan. U meni turli davralarga, to‘y-hashamlarga o‘zi bilan birga olib borardi. Menga tez-tez o‘zining tushlari haqida gapirib berardi. Bu tushlar shunchalik qiziq ediki, u mudrab uxlab qolgan vaqtida ham men uni uyg‘otib, tushining davomini aytib berishini so‘rardim. Qisqa tushlar meni qoniqtirmasdi. Shunda buvim qo‘shnilarinikiga chiqib, «qarzga» tush so‘rar va menga so‘zlab berardi. Keyinchalik tushundimki, buvim bu tushlarni men uchun to‘qib berarkan.
Buvim ko‘p o‘tmay vafot etdi. Endi men shaharda, o‘z uyimizda yashay boshladim. Keyin maktabga bordim. Ikki yil o‘tgach, sevimli ovulimga qaytib bordim. Bu safargi kelishim uzoq va qiyinchilik bilan kechdi. 1937-yil mening otam — partiya xodimi, Moskvadagi qizil professura institutining tinglovchisi — qatag‘on qilindi. Bizning oila ovulga ko‘chib keldi. Aynan shu vaqtdan men uchun qiyinchiliklarga to‘la asl hayot maktabi boshlandi.
Onamning singlisi — Qoraqiz xola og‘ir kunlarda bizni o‘z bag‘riga oldi. U men uchun buvimning o‘rnini bosdi. Onam ovulga og‘ir ahvolda ko‘chib keldi va uzoq yillar kasallik bilan kurashdi. Oilamizda to‘rt farzand, men eng kattasi edim. Sharoit og‘ir edi, lekin... butun Shakar ahli: qo‘shnilar ham, ilgari bizga tanish bo‘lmagan odamlar ham bizni tashlab qo‘yishmadi. Ular imkonlari yetgancha biz bilan non, yoqilg‘i, kartoshka va hatto issiq kiyimlarni ham bo‘lishardi.
Men juda erta ishlay boshladim: 10 yoshimda dehqon mehnatining barcha zahmatini tatidim. Bir yildan so‘ng biz rayon markaziga — Kirov nomidagi rus qishlog‘iga ko‘chib o‘tdik. Onam hisobchi bo‘lib ishga kirdi. Men rus maktabiga qatnay boshladim. Turmushimiz endi izga tushayotgan kezda urush boshlanib qoldi.
1942-yilda o‘qishni tashlashga to‘g‘ri keldi. Chunki urush vaqti, onam­ning esa hammamizni o‘qitishga imkoni yo‘q edi. Men yana Shakarga qaytib keldim. Ovul urush mashaqqatlari iskanjasida edi. Boshqa odam topilmagach, o‘z tengqurlarim ichida savodli bo‘lganim uchun meni qishloq kengashiga kotib etib tayinlashdi. O‘shanda 14 yoshda edim. Aytishlaricha, qiyinchilik ko‘rmaguncha yaxshi kunlarning qadriga yetmaysan. Bolalikda men hayotni yorqin, go‘zal tasavvur etgan bo‘lsam, endi u ko‘z o‘ngimda o‘ta achchiq, og‘ir, beshafqat tarzda namoyon bo‘ldi. Urush yillari soliq agenti, keyin bug‘doy yig‘imida traktorchilar brigadasi hisobchisi bo‘lib ishladim. Urush davom etar, hayot esa ko‘z oldimda xalq turmushining yangidan yangi sahifalarini ochib berardi.
1946-yil 8-sinfni bitirgach, Jambul zoovettexnikumiga o‘qishga kirdim. U yerni bitirgach, a’lochi o‘quvchi sifatida Qirg‘iziston qishloq xo‘jaligi institutiga o‘qishga qabul qilindim va bu yerni ham a’lo baholar bilan bitirdim.
Yoshligimda badiiy adabiyotga oshno bo‘lgan edim, shu boismi maktabda erkin mavzulardagi insholarni bajonidil yozardim. Institutda o‘qish davomida badiiy adabiyot meni o‘ziga tamoman band etganini aniq sezdim. Shu sabab 1956-yili Moskvadagi Oliy adabiyot kursiga o‘qishga kirdim. Faqat ikki yilgina davom etgan mazkur kurs menga favqulodda ko‘p bilimlar berdi.
...Hech kim o‘z-o‘zidan yozuvchi bo‘lib qolmaydi: yillar sabog‘i, qilingan mehnat, badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqish va e’tiqod orqali bunga erishish mumkin».
Butun turkiy xalqlarining iftixori bo‘lmish yozuvchi Chingiz Aytmatov hozirgi zamon dunyo adabiyotining yorqin namoyandasidir. Uning qissa va romanlari jahonning deyarli barcha tillariga tarjima qilingan.
Chingiz Aytmatov 1928-yilning 12-dekabrida Qirg‘izistonning Talas vodiysidagi Shakar ovulida tug‘ilgan, bolaligidanoq hayot mashaqqatlarini tatigan. Bobosi Aytmat qo‘li gul hunarmand va ajoyib qo‘bizchi bo‘lgan. Otasi To‘raqul Aytmatov rus-tuzem maktabida tahsil ko‘rgan, o‘qimishli, fikri tiniq odam edi. Respublika miqyosidagi katta lavozimlarda turib, Qirg‘izistonda savodsizlikni tugatish, yurtga zamonaviy madaniyatni olib kirish yo‘lida astoydil mehnat qildi. 1937-yilda sho‘ro hukumati tomonidan qamalib ketgach, oila boshiga ko‘p og‘ir savdolar tushadi. Bo‘lajak adibning onasi Naima Aytmatova ham o‘qimishli, yuksak madaniyatli, oqila ayol bo‘lgan.
Oilaning to‘ng‘ich farzandi Chingiz avvaliga rus maktabida o‘qidi. Otasi qamalib, qishloqqa qaytishga majbur bo‘lishgach, qirg‘iz maktabida ta’lim oldi. U o‘smir yoshidan ikkinchi jahon urushi yillari front ortida xilma-xil yumushlarni bajaradi. Erkaklarning deyarli barchasi urushga ketgani sababli qishloqdagi eng savodli erkak sifatida 1942-yilda –o‘n to‘rt yoshida qishloq kengashi kotibi qilib tayinlandi. So‘ng soliq yig‘uvchi, traktorchilar brigadasida hisobchi bo‘lib ishladi.
Chingiz hayot mashaqqatlariga qaramay, yaxshi ta’lim oladi. Rus va qirg‘iz tillaridagi adabiyotlarni o‘qishdan charchamaydigan yigit maktab davridayoq juda bilimdon kishiga aylangandi. Shakar qishlog‘idagi buvisi, ammalari uni milliy odat va unutilmas an’analardan bahramand etganlar, onasi Naima zamonaviy madaniyat bilan oshno qilgan.
Eslashlaricha, Ch. Aytmatov yosh bolaligida haydovchi bo‘lishni orzu qilgan. Ammo turmush uni o‘zga yo‘llardan yurishga majbur qildi. O‘rta maktabni bitirgan yigitcha 1945-yilda zooveterinariya texnikumiga kirib, uni 1948-yilda bitirdi. So‘ng qishloq xo‘jalik institutiga o‘qishga kirib, uni 1953-yilga tugatdi. Tajriba fermasida zootexnik bo‘lib ishladi ham. O‘spirin yoshidan unga yozishga havas bor edi. U texnikum va institutda o‘qib yurganida ham badiiy adabiyotdan uzoqlashmadi. Tinimsiz o‘qir, qirg‘iz adiblarining asarlarini ruschaga, rus yozuvchilarining bitganlarini qirg‘izchaga ag‘darar, o‘z sohasiga doir voqealar haqida maqola va ocherklar yozardi.
Adabiyotga ishtiyoq tufayli bora-bora u kasbini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. 1956-1958-yillarda Moskvada Oliy adabiyot kursida tahsil ko‘rdi. Bu yerda chinakam adabiy jarayon bilan yuzlashdi. Badiiy adabiyot, adabiy qahramon haqida tushuncha paydo bo‘ldi. Oldin ham o‘qigan asl adabiyot namunalariga ijodkor ko‘zi bilan qaraydigan bo‘ldi. Keyinchalik u: “Agar men bu yerda o‘qimaganimda o‘z qissalarimni yoza olmagan bo‘lardim”, – deb aytadi. 1957-yilda “Yuzma-yuz”, 1958-yilda “Jamila” qissalari chop etildi.
Ch. Aytmatov 1958-1960-yillarda “Literaturniy Kirgizistan” jurnalida muharrir, 1961-yilda “Pravda” gazetasining O‘rta Osiyo va Qozog‘iston bo‘yicha maxsus muxbiri bo‘lib ishladi. 1962-yilda Qirg‘iziston kinomatografiya kengashi raisi bo‘ldi. 1988-1990-yillarda “Inostrannaya literatura” jurnalining Bosh muharriri bo‘ldi. 1991-yildan boshlab, Qirg‘iziston va Rossiya Federatsiyasining Lyuksemburg va Belgiyadagi elchisi bo‘lib ishladi. Ulug‘ yozuvchi 2008-yilning 10-iyunida og‘ir kasallikdan vafot etdi.
Yozuvchining “Birinchi muallim”, “Yuzma-yuz”, “Jamila”, “Alvido, Gulsari”, “Oq kema” singari asarlari uning nomini jahonga tanitdi. Adibning “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Kassandra tamg‘asi”, “Tog‘lar qulaganda (Mangu kelinchak)” romanlarida nafaqat bir millat va mamlakatga, balki butun insoniyatga daxldor ma’naviy-axloqiy muammolar aks ettirildi. Shuning uchun ham Chingiz Aytmatov asarlari jahonning 165 tiliga o‘girilib, 67,2 million nusxada chop etilgan. Albatta, bu raqamlar to‘xtovsiz ko‘payib boraveradi.
Ch. Aytmatovning deyarli barcha badiiy asarlari o‘zbekchaga tarjima qilingan. Chunki uning qalamiga mansub obrazlar millatidan qat’i nazar har bir kishiga yaqin va tushunarli. Siz quyida tanishadigan “Asrga tatigulik kun” romanidan olingan parcha ham har birimizga bevosita tegishli ruhiy holatlarni aks ettirganligi bilan e’tiborga loyiqdir.
Hurmatli o‘quvchi! Mana, Siz dunyoga mashhur yozuvchining dil izhori(hayot yo‘li) bilan tanishdingiz. Uning qanday qilib yaxshi o‘quvchi, yaxshi mutaxassis va tengsiz yozuvchi bo‘lib yetishganligi haqidagi iqroridan xabardor bo‘ldingiz. Quyida Siz o‘qiydigan asarda inson boshiga tushishi mumkin bo‘lgan eng dahshatli azob – o‘zligini unutish, ildizini bilmaslik ekani aks ettirtilgan.

Yüklə 2 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   447   448   449   450   451   452   453   454   455




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə