Abdulla Qahhor



Yüklə 5,01 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə13/39
tarix24.12.2023
ölçüsü5,01 Kb.
#160527
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   39
Abdulla Qahhor. Anor [@kitoblar pdf]

1939-yil


86
MAYIZ YEMAGAN XOTIN
«Ayol kishi erkakka qo‘l berib so‘rashdimi, bas!.. Ro‘za
tutgan kishi og‘zini chayqasa, suv tomog‘iga ketmasa hamki,
ro‘zasi ochiladi – shu og‘iz chayqashdan bahra oladi-da!
Abdulhakimning qiziga usta Mavlonning o‘g‘li bir hovuch
mayiz berganini o‘z ko‘zim blian ko‘rganman. Hayo bormi
shularda? Shariat yo‘li – xo‘p yo‘l. O‘n bir yasharida paranji
yopinmagan qizdan qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa ura bering. Paranji
hayotning pardasi-da!»
Mulla Norqo‘zi har kuni bozordan qaytib samovarga
chiqadi va ko‘ngli tortgan odamlarni atrofiga to‘plab, yarim
kechagacha shariatdan yuz o‘girgan xotinlar to‘g‘risida
shunday vaysab o‘tiradi; ba’zan panjasini yozib, o‘zi bilgan
oilalarni sanab chiqadi:
– Sotiboldining xotini dorixonada ishlaydi, har kuni mingta
odam bilan javob-muomala qiladi: axir, bittasi bo‘lmasa bittasi
ko‘z qisadi-da! Meliqo‘zining xotini avtobusda konduktor, ba’zan
yarim kechada keladi; ishi erta tugagan kuni ham yarim kechagacha
yursa, ayshini qilsa eri bilib o‘tiriptimi? Izzatillaning singlisi bo‘lsa
artist – xaloyiqqa qarab muqom qiladi. Norbo‘taning qizi
doktorlikka o‘qiydi, mingta oshnasi bor desang-chi! Erkaklarning
ichida yurgandan keyin nima bo‘lar edi! Bo‘yga yetib qolgan
qizlarini maktabga yuborgan otalarga hayronman... Shular
xotinining yoki qizining o‘ynashlik qilib turgani ustiga kirsa-chi,
qur’on ursin agar, «benavat», deb chiqib ketadi... Puxta gap shu!
Ochiq xotin-qizlarning har bir harakatidan mulla Norqo‘zi
buzuqlikka dalolat qiladigan talay belgilar topadi. «Yetti qavat
parda ichida» o‘tiradigan o‘z xotini esa bular qarshisida ko‘zi-
ga farishta bo‘lib ko‘rinadi: namoz o‘qiydi, to‘pig‘idan yuqori-
sini ovrat hisoblab jiyakli ishton kiyadi...
Bir kuni kechqurun mulla Norqo‘zi hovlida cho‘t urib o‘tirar,
xotini esa namozshomgullarga suv quyar edi. Shu onda hovlining
ustidan pastlab uchgan samolyot o‘tib qoldi. Xotin chars
bedanaday pitirlab, qochmoqchi bo‘lganida yuzini kannakgulning
poyasiga urib oldi. Yuzi butoqqa yomon tegdi. Ko‘ngli ozdi.
– Axir, muncha! – dedi mulla Norqo‘zi, – samolyot
past ko‘ringani bilan undagi kishiga sen juda ko‘ringaningda
chumolicha ko‘rinasan.


87
– Chumolicha ko‘rinsam ham ko‘rinar ekanman-ku
ishqilib! – dedi xotin yig‘lamsirab.
Mulla Norqo‘zi hazil bilan uning alamini bosmoqchi bo‘ldi:
– E, hali men seni ochaman deb yuribman-ku!
Xotin uning yuziga xo‘mrayib qaradi-da, keyin zarda qilib,
uyga kirib ketdi va qorong‘u uyning allaqaysi burchagidan
uning tovushi eshitildi:
– Har kimning go‘ri boshqa... Zerikkan bo‘lsangiz, u dunyo-
bu dunyo yuzimni qora qilmasdan, javobimni bera qoling...
U bir hafta bo‘yi qovog‘ini ochmadi, uch kecha o‘rnini
boshqa solib yotdi. Mulla Norqo‘zi o‘sha gapni hazillashib
aytganini arz qilish uchun oldidan kelsa tishlar, ketidan kelsa
tepar edi; bir kechasi gapni xotinining diyonatli, pokdomon-
ligidan boshlagan edi, xotin ancha yumshadi.
– Hazilingiz qursin! – dedi chiroqni pastlatayotib,–
kishining imonini qochiradi. Ochilish u yoqda tursin, ochiq
xotinlarning yuzini ham ko‘rmayman, deb ont ichganman.
Bir kuni besh-oltita ochiq xotin orasiga kirib qolib, ne
vaqtgacha ko‘nglim g‘ash, ta’bim kir bo‘lib yurdim. Tushimda
rahmatlik dadamni ko‘rdim, men bilan gapirishmadilar. Gapni
ko‘ring-a, aytgani kishining yuzi chidamaydi: begona erkakning
qo‘li oq sochni qoraytirar emish. Tavba qildim...
– U nima degani ekan?
– Obbo, muncha suyuldingiz? Shunaqa gaplarga sizning
ham suyagingiz yo‘q. Nari yoting! Begona erkak kishining
qizligini esiga soladi, deydi-da!
– Shunaqa gaplarni ochiq gapirishadimi-a?
– Bo, xudo, paranjini tashlab ko‘chada yurishga yuzi chida-
gandan keyin uyati bormi! Qurib ketgurlar, biram sharmandaki...
Tavba qildim. Badaningda naming borida besh-oltita erkakni
ko‘rmasang, umr bo‘ladimi bu umr, deydi-ya! Tag‘in ham zilzila
bo‘lib hammani yer yutmas ekan-da! Tavba qildim-ey...
Mulla Norqo‘zi ertasiga samovarga chiqqanida yana
panjasini yozib o‘zi bilgan ochiq ayollarni sanab chiqdi va
xotini aytgan ayblarni bularning har qaysisiga taqdi, jinday
o‘zidan ham qo‘shdi:
– Axir, bittasi oppoq sochi bilan menga tegishdi-da!
Soching oqarsa ham tinib o‘lmas ekansan-da, desam, sochim
oq bo‘lsa ham ko‘nglim qora, deydi.


88
Shunda o‘tirganlardan biri, intihosiz gapdan zerikdi
shekilli, qattiq esnab, dedi:
– Men sizga aytsam, mulla Norqo‘zi, gap paranjida emas,
Nikolay zamonida islovotdagi xotinlar bosh yalang emas edi-
ku! Endi siz har narsa deysiz-u, bunchalik emas, ko‘zingizga
shunday ko‘rinadi. Mana, men sizga aytib beray: umrimda
xotin-xalajga suyuqlik qilgan odam emas edim, bahorda
qishloqqa ketayotib yo‘lda bir xotinga hamroh bo‘ldim. It
olib ketayotgan ekan. Hali sizday, mening ham ko‘zimga bu
xotin juda tayyorga o‘xshab ko‘rindi. Hazillashdim, suyuqlik
qildim. Indamaganidan keyin bir shama qilib ko‘ray-chi,
dedim. Itning og‘ziga charm to‘r tutib qo‘ygan ekan, «jonidan,
nega itingizning og‘zini bog‘lab qo‘yibsiz, ko‘chadan o‘zi
topib yegani yaxshi emasmi?» desam, «buning ham og‘zi
sizning og‘zingizday shalaq, ehtiyot yaxshi-da», deydi. Terlab
ketdim. Orqamga qaramay bir qochdim... Shariat xotinni qattiq
tutish kerak deydi-yu, ammo xotinni qancha qattiq tutsangiz,
shuncha g‘aflatda qolishingizni poylaydi.
Mulla Norqo‘zi bu odamning oddiy haqiqatni angla-
masligidan koyidi:
– Behuda gap! Mana mening xotinim, nima ekanini o‘zim
bilaman. Paranjisini tashlab ikki kun ko‘chada yursin-chi!
U odamning zardasi qaynab ketdi:
– Nega ko‘chada yuradi? Ko‘chada paranjilik yursa ham
ayniydi-da! To‘g‘risini aytaymi? Paranjilik xotin harom ishga
yaqinroq bo‘ladi. Sabab deng! Agar siz yuziga kulib qara-
masangiz, devorga shoti qo‘yib ko‘chaga mo‘ralaydi; ko‘y-
laklik olib bermasangiz, tom orqasidan ko‘ylakli uzatadigan
chiqib qoladi. Ochilgan xotin-chi, ko‘ylak olib bermasangiz
o‘zi ishlab, o‘zi oladi.
Ehtimol shundaydir, ammo mulla Norqo‘zining xotini
pokdomon. Agar mulla Norqo‘zi o‘n yil yuziga kulib qara-
masa, qopdan ko‘ylak, bo‘yradan lozim kiyishga majbur qilsa
ham, pinagini buzmaydi. Har qanday xotin bilan ham inoq
bo‘lavermaganining o‘zi o‘ta diyonatli, pokdomon ekanining
nishonasidir. Uning bitta-yu bitta o‘rtog‘i bor. Bu xotin
to‘g‘risida mulla Norqo‘zi shunday fikrda: agar farishta ilgari
o‘tgan bo‘lsa – shuning onasi, endi tug‘ilsa – shuning bolasi
bo‘ladi, agar hozir yer yuzida bo‘lsa – shu xotinning o‘zi.


89
Shuncha keladi, haftalab, o‘n kunlab turib qoladi, nainki shu
choqqacha mulla Norqo‘ziga tovushini eshittirmasa! Shariatni
mahkam ushlagan xotin shaharda ikkita bo‘lsa, biri – mulla
Norqo‘zining xotini, ikkinchisi – shu! Namoz o‘qiydi, odatdagi
ro‘zadan tashqari ashir oyida ro‘za tutadi, zavoddan chiqqan
nonni, hozirgi kushxonalarda so‘yilgan molning go‘shtini yemaydi.
U kelib turganda mulla Norqo‘zi tashqarida – mehmonxonada
yotib yuradi va uyini allaqanday nurdan munavvar bo‘lgandek
sezadi. Shuning uchun boshqa mehmonlarday sira uning «Izzati
uch kun» bo‘lmaydi, necha kun tursa ham, tovuq go‘shtini
quymoqqa o‘rab, qaymoqqa botirib yeydi. Uzoq turib qolgan
vaqtlarida xotini:
– Qurib ketsin, keta qolmaydi ham. Lablarim quruqshab
ketdi. Sadqai erkaklik keting, xilvatga tortib o‘pishni ham
bilmaysiz! – deb chiqsa, mulla Norqo‘zi urishib beradi.
– O‘zingga munosib gapni gapir! Yengil bo‘lma! Mehmon –
atoyi xudo.
Mulla Norqo‘zi safarga ketadigan bo‘lib qoldi; ketishidan
bir kun ilgari xotiniga aytib, o‘sha farishtani oldirdi va o‘rta
eshik oldiga borib qiyomatlik singlisidan iltimos qildi:
– Singlim, men o‘n kunda qaytib kelaman, kelgunimcha
o‘rtog‘ingiz bilan birga bo‘ling. Mana, o‘zingiz ko‘rgan joy,
bemalol ayshlaringni qilinglar. Xo‘pmi, singlim?
– Xo‘p, deyaptilar, – dedi mulla Norqo‘zining xotini,–
bu kishining ham, menga o‘xshab, boshqa gapirishadigan
o‘rtoqlari yo‘q.
Xotini kechqurun mehmonxonaga ovqat olib chiqqanida
mulla Norqo‘zidan o‘pkaladi:
– Uyatga ham o‘ldirasiz kishini! – dedi yig‘lamsirab,–
o‘rtog‘im har kelganida menga bir narsa olib keladi. Mana
bu safar bir jo‘ra shohi olib kelibdi. Shu choqqacha bitta
dastro‘mol ham berolganim yo‘q. Men-ku yilda besh gaz
chit ko‘rmayman, kelishingizda shu bechoraga bir narsa olib
kelsangiz-chi siz ham odam bo‘lib!
– E, devona, o‘zi narsaga muhtoj bo‘lsa, senga narsa
olib kelarmidi! Harna bo‘lsa xudoning bergani, olib qo‘ya
ber, yaxshi gapingni ayama!
– Hech bo‘lmasa bitta paranji olib keling, savob bo‘ladi.
Xotin kishiga paranji olib berish machit solishdan ham savob
emish. Paranjisi eski, har kelganida birovnikini yopinib keladi.


90
– Xayr, mayli. Ammo men kelguncha seni yolg‘iz tashlab
ketmasin. Qo‘ni-qo‘shnilar bilan kirdi-chiqdi qilmanglar.
Xotinining chehrasi ochilib ketdi-da, burilib ketar ekan,
qizlarga xos sho‘xlik bilan aylanib, dedi:
– Bir narsangizni buzib qo‘ydim, aytsam urishmaysizmi?
Olib kelgan suratingizdagi odamlar xuddi kishining aftiga qarab
turganga o‘xshaydi, igna bilan hammasining ko‘zini o‘yib
qo‘ydim.
Mulla Norqo‘zining achchig‘i keldi, chunki bu «Makkai
mukarramani» bir sartarosh o‘rtog‘idan ming iltimos bilan
olgan edi.
– Axir, undagi odamlar hammasi hoji-ku!
– Ha, o‘la qolsin, hoji odam emasmi!
Xotin kirib ketdi. Mulla Norqo‘zi ovqatini yeb, choyga
umidvor bo‘lib o‘tirganida, ko‘cha eshigidan yoshgina bir
xotin kirib keldi; chimmati qo‘lida, vajohatidan uyiga o‘g‘ri
kirgan, yordamga kishi chaqirgani kelgan odamga 
о
‘xshar
edi. Mulla Norqo‘ziga bir qaradi-da, to‘g‘ri ichkariga yo‘naldi.
Erkakni ko‘ra turib yuzini berkitmaganiga mulla Norqo‘zining
g‘ashi keldi va shunday beibo xotinning ichkariga – farishtalar
oldiga kirishini xohlamadi.
– Hay, hay! Xo‘sh, kimga ishingiz bor?
Xotin o‘rta eshikdan kirib ketdi. Mulla Norqo‘zi darg‘azab
bo‘lib o‘rnidan turdi va eshik oldiga borib bor tovushi bilan
baqirdi:
– Hay, xotin, deyman, qandoq behayosan! Jinnimi o‘zi bu...
Shu onda ichkaridan o‘z xotinining tovushi eshitildi:
– E, qandaqa xotin bu, birovning uyiga bostirib kiradi!..
Nimadir gursillab yerga tushdi, nimadir sindi. Uyning
eshigi sharaqlab ochildi. Bir lahza jimlikdan so‘ng haligi
begona xotinning baqirgan tovushi eshitildi:
– Xudo ko‘tarsin sen megajinni! Ikkita bolam bor! Bo‘ydoq
yigit qurib ketganmidi!!
Yana nimadir sindi.
– Hay, nima gap?! – dedi mulla Norqo‘zi bo‘sag‘ada
turib, – singlim, siz o‘zingizni bir chetga oling! Nima deydi
bu manjalaqi!!
Begona xotin ayvonga chiqib dod ustiga dod soldi. Birpasda
tom, devor ustlari, ichki-tashqi hovlining yuzi odamga to‘ldi.


91
Mulla Norqo‘zi ayvonning pastidan kelib u xotinning etagidan
tortgan edi, xotin jon-jahdi bilan bir tepib og‘zi-burnini qop-
qora qon qildi; bunga ham qanoat qilmay, uning ustiga o‘zini
tashladi.
– Voydod, xaloyiq, bu qanday erkakki, xotinini birovga
qo‘shib qo‘yib, o‘zi eshik poylab yotadi! Voydod, xotiningga
qo‘shgani bo‘ydoq yigit qurib ketganmidi! Ikkita bolam bor...
Odamlar ajratmaganda bu xotin mulla Norqo‘zini g‘ajib
tashlar edi. Mulla Norqo‘zi og‘zini ushlaganicha chetlandi.
Xotini eshik yonida devorga suyanganicha turar, rangi mur-
daday, o‘zi qaltirar edi. Begona xotin hushidan ketib yiqildi.
Ikki kishi – ayollar kirib, u farishtani uydan olib chiqishdi.
U atlas ko‘ylak, lozim kiygan, bosh yalang, oyoq yalang,
yoshgina chiroyli bir yigit edi. Hamma jim qoldi. Bu sukunatni
yetmish yoshlardagi bir chol buzdi. U, mulla Norqo‘ziga
qo‘lini paxsa qilib dedi:
– Sadqai odam keting-e, ayb emasmi?! Xotin qilish
qo‘lingizdan kelmasa taloq qiling! Qo‘ying-e, ko‘chib keting
mahalladan, yo biz ko‘chib ketamiz!..
Devor ustida turgan o‘n ikki yoshlardagi bir qiz devordan
kesak ko‘chirib olib mulla Norqo‘ziga o‘qtaldi.
– Hu o‘l, turqing qursin! Boshingga solaymi shu bilan!
Mahallada sasib, o‘quvchi qizlarga kun bermaysan-u, o‘zing
noto‘g‘ri ish qilasan...
Hammaning diqqati xotincha kiyingan va eshik yonida
yerga qarab turgan yigitga jalb bo‘ldi. Yana jimlik hukm
surdi. Bu sukunat og‘ir tegirmon toshi bo‘lib mulla Norqo‘zini
yanchib yubordi. U, devor ustidagi qizga qarab, bo‘g‘iq tovush
bilan o‘shqirdi:
– Sen gapirma! Senga kim qo‘yibdi gapirishni! Usta
Mavlonning o‘g‘lidan bir hovuch mayiz olganingni o‘z ko‘zim
bilan ko‘rganman!..
Hamma kulib yubordi. Tomdan kimdir qichqirdi:
– Ha, bu kishining xotini mayiz yemagan!

Yüklə 5,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   39




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə