Adabiy turlar va janrlar. Epik tur. Lirik tur. Dramatik tur


Eposning o‘rtacha janrlari



Yüklə 77,71 Kb.
səhifə3/12
tarix04.05.2023
ölçüsü77,71 Kb.
#108423
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
3-mavzu.

Eposning o‘rtacha janrlari
Qissa (arabcha, ma’nolari “voqeiy hodisa yoki afsonalar bayon qilingan epik asar; syujetning murakkabligi jihatidan romandan ko‘ra soddaroq badiiy asar”) – eng qadimgi janrlardan biri bo‘lib, unda, asosan ishqiy mazmun yetakchilik qiladi. Ayniqsa, “muayyan payg‘ambar yoki avliyo, dono shaxs yoki tengsiz pahlavonlar obrazlarining ibratomuz xatti-harakatlari misolida butun xalqning tarixini ideallashtirib ko‘rsatish” (B.Sarimsoqov) qissalarning mohiyatini tashkil qiladi. Ularning barchasini umuminsoniy yagona ruh birlashtirib turadi. Bahodir Sarimsoqovning ta’kidlashicha, bu - hayotda pokdomon bo‘lish, adolat uchun jon fido qilish, el-yurt qayg‘usi bilan yashash, sadoqatli muhabbat nuridan bahramand bo‘lishdir.
“Ibrohim Adham qissasi”, “Amiri Axtam qissasi”, “Bobo Ravshan qissasi”, “Qissasi Rabg‘uziy” (Nosiruddin Burhonuddin Rabg‘uziy), “Hazrati Ali haqida o‘n to‘rt qissa” kabi xalq kitoblari nomi bilan chop qilingan asarlar (Ular ko‘pincha to‘y-hashamlarda, choyxonalarda, maxsus yig‘inlarda – qissaxonlik kechalarida qissaxonlar tomonidan o‘qilgan) qissa janrining namunalaridir.
Jumladan, “Hazrati Ali haqidagi o‘n to‘rt qissa” da ham Hazrati Alining Allohga qo‘ygan ishqi va shu ishq yo‘lida ko‘rsatgan qahramonliklari (masalan, Ajdarning halok etilishi, Maqsura otlig‘ kofirning yuz yigirma ming qo‘shinini o‘ldirilishi va hokazo) mo‘jizalari keng hikoya qilinadi. Epik tasvir g‘oyatda mubolag‘ador tarzda, folklorga xos ohang va sodda til bilan bayon qilinadi, romantik tasvir yetakchilik qiladi.
Povest (ruscha so‘z, ma’nosi hikoya, rivoyat qilish)ning asosiy belgisi, unda “Hayotiy qamrovning romanga nisbatan torligi, hikoyaga nisbatan kengligi; shunga muvofiq syujet va kompozitsiyaning ham romanga nisbatan soddaligi, hikoyaga nisbatan murakkabligi hisoblanadi” (N.Hotamov, B.Sarimsoqov, 235-bet). “Romanda olamning yaxlit falsafiy konsepsiyasi” bo‘lishi shart bo‘lsa, bu hodisaning bir qismi(parchasi)ni bir-ikki qahramon taqdiri misolida yechilishi povest uchun yetarlidir. Faqatgina hayotiy voqealar tasviridan katta umumlashmalar chiqarish, muayyan davr hayot tarzidan gumanizm falsafasini yorqin e’zozlash pafos darajasiga ko‘tarilishi kerak. Shu sabab V.Belinskiy: “Povest ham ayni romanning o‘zginasidir, faqat kichik hajmdadir, asarning hajmi mazmunning hajmi va mohiyatiga qarab belgilanadi”, - degan edi “Poeziyaning xil va turlarga bo‘linishi” maqolasida.
Povestda syujet ham, konflikt ham, kompozitsiya va boshqa unsurlar ham qissaga nisbatan ixchamroq bo‘ladi, tezroq suratda rivojlanadi, realizm yetakchilik qiladi va chuqurroq ifodasini topadi. Asardagi asosiy personajlarning hayotlarida yuz bergan bir qator tipik voqealar siqiq tarzda, ko‘pincha, bitta yetakchi syujet yo‘nalishiga asoslangan holda yoritiladi. Jumladan, G‘.G‘ulomning “Yodgor” povestida Jo‘ra xarakterining shakllanishi bilan bog‘liq voqealar tasvirlanadi, barcha voqealar, Yodgor, Saodat, Mehrixon, Abdug‘ani, Obid, Umar aka kabi obrazlar – qahramon Jo‘ra xarakterining tipik xususiyatlarini ochishga, asardagi insoniylik g‘oyasini bo‘rttirib ko‘rsatishga bo‘ysinadi. G‘afur G‘ulomning “Shum bola”, S.Ayniyning “Sudxo‘rning o‘limi”, A.Qahhorning “Sinchalak”, O‘.Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, Ne’mat Aminovning “Bir asr hikoyati” povest janrining yetuk namunalari sanaladi.
Poema (yunoncha poiema – ijod)da hayot va odamlar qalbi epik (voqea) va lirik (kechinma - tuyg‘ular) tarzida kashf etiladi. To‘g‘rirog‘i, poemada epika va lirika birlashib, yaxlit liro-epik oqimni vujudga keltirib hayotiy voqea-hodisalarning va qahramon xarakteridagi kuchning ruhi (qalbi)ni ochadi, tahlil qiladi, hayajonli ifodalaydi. “Qisqasi, poema qalb qo‘shig‘i, undagi lirik element ham, epik element ham poeziya, qo‘shiq darajasiga ko‘tarilgan bo‘lmog‘i lozim... poemada voqea, dramatizm asosan qahramon qalbi orqali o‘tadi. Poemada kitobxonni voqealarning izchil tasviri emas, balki voqealar tufayli qahramon qalbida tug‘ilgan psixik kechinmalar – dramalar, o‘ylar, tuyg‘ular tasviri qiziqtiradi.”1 Lekin, bu poemada epik tasvir ikkinchi darajali ahamiyat kasb etadi, degani emas. Balki qahramon qalbidagi cheksiz o‘ylar, behisob tuyg‘ular dramatizmining haqqoniyligini, samimiyligini, boshqacha bo‘lishi mumkin emasligini asoslovchi, keltirib chiqaruvchi, rivojlantiruvchi omildir. Ana shu xislati bilan u epik turning “qo‘shig‘i”dir.
Poema – lirik, epik, liro-epik, dramatik bo‘lishidan qat’i nazar, ularning barchasida hayot (davr)ning epik qiyofasi shoir shaxsiyati (to‘g‘rirog‘i, lirik qahramon) qalbi orqali ochiladi; voqea-hukmronlik qiladi, uning hukmiga asosan qalb qo‘shig‘ini kuylaydi. Lekin bu qo‘shiq doston janriga nisbatan ixcham, anchayin kichik, ayni paytda, o‘ta real, o‘ta lirikdir.
“Zaynab va Omon” (Hamid Olimjon), “Toshkentnoma” (Maqsud Shayxzoda), “Surat” (Mirtemir), “Ruhlar isyoni” (Erkin Vohidov), “Jannatga yo‘l” (Abdulla Oripov), “Xalil Sulton” (Usmon Azim)kabi barkamol asarlar poema janrining barcha hislatu fazilatlarini, mumtoz xususiyatlarini o‘zida jam etganlar.

Yüklə 77,71 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə