Adabiy turlar va janrlar. Epik tur. Lirik tur. Dramatik tur



Yüklə 77,71 Kb.
səhifə4/12
tarix04.05.2023
ölçüsü77,71 Kb.
#108423
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
3-mavzu.

Eposning kichik janrlari
Ballada (gr.balare co‘zidan fr. baler co‘zi kelib chiqqan, ma’nosi 1) “tovushga taqlid qilish, masalan, ma’rash”, 2) “raqs tushish”) janridagi bosh xislat – kutilmagan syujet (voqea)ning kutilmagan final (xotima) bilan tugashiga, qahramon qalb kechinmalari va ruhiyatining dramatik izhoriga bag‘ishlangan asardir; to‘g‘rirog‘i, undagi bu ikki (epik va lirik) holat-davr va qalb dramasi kashfi birlashib, qalb faryodi izhoriga aylanganda ballada tug‘iladi. Unda epik tasvir (yetakchi) va lirik tasvir (ichki tug‘yon; ikkilamchi) nisbati buzilmasligi, lirizm voqeaning ichida yashashi lozimligi shart. Bu epik turning bosh qonuniyatdir.
Jumladan, “Jangchi Tursun” (H.Olimjon) balladasida Tursun “jon shirin” ko‘ringanidan “qochmoqni xayol” qilib turganida, kutilmaganda onasidan xat oladi. Shu voqea tufayli asar boshida kutilgan voqea (“qochish”) boshqa (fashistlardan Vatanni ozod etish yo‘lida jon berish bilan) tugaydi, ya’ni asar xotimasi kutilmagan final bilan yakunlanadi. Ana shu jarayonda qattiq qo‘rquv ichida turgan Tursunning qalbida onaning faryodi tufayli o‘zgarish yuz beradi, hayot mohiyatini, umr mazmunini chuqur anglaydi va ona, ona-Vatan ozodligi uchun ayovsiz jangga kiradi: “qochoq”lik “qahramon”lik bilan almashinadi. Balladada “muhim narsa voqea emas, u uyg‘otgan sezgidir, o‘quvchiga u bergan o‘ydir” (V.Belinskiy, 191 – bet), saboqdir. “Jangchi Tursun”da bu quyidagicha ifodasini topgandir:


...Erkalanib yotadi
U Vatan tuprog‘ida.
Yosh bola yotganiday
Onaning quchog‘ida.

“Ballada syujetini harakatga keltiruvchi kuch lirizm va dramatizmdir... Keskin dramatizmsiz va kuchli lirizmsiz balladaning bo‘lishi aslo mumkin emas. Keskin dramatik tuyg‘ular, tug‘yonlar mahsuli bo‘lgan balladada to‘liq bir voqeaning boshidan to oxirigacha tasvirlab berish shart emas. Unda ko‘pincha inson hayotida kutilmaganda, tasodifan ro‘y bergan, uning taqdirini hal etadigan, hayotida burilish yasay oladigan dramatik mazmundagi epizodlar tanlanib, ular nihoyatda tarang holatda, avj nuqtada, eng keskin va shiddatli, baland ruh va yorqin bo‘yoqlarda, dialogik formada bayon etiladi. Balladada ko‘pincha bir yoki ikki asosiy qahramon bayon markaziga qo‘yiladi. Bu qahramonlarning irodasi o‘zining eng yorqin namoyon bo‘lgan paytida, faoliyati eng keskin joyida, xarakter xususiyatlari charaqlab ko‘ringan momentlarda ko‘rsatiladi” (Murod Ibrohimov. O‘zbek balladasi, T., “Fan”, 1974, 125-126 betlar).


Masal (arabcha so‘z, ma’nosi “namuna”) voqyelikni allegorik (kinoyaviy) va simvolik (ramziy) obrazlar yordamida ifodalovchi, real turmush va odamlarning ko‘rinishlari, xarakter qirralarini kinoya, kesatish, kulgu, g‘azab kabi xususiyatlar vositasida ochuvchi, “qissadan hissa” (bevosita yoki bilvosita) chiqaruvchi epik janrdir. U masal – hikoya, masal –ertak, masal – felyeton, masal – pamflet, masal – epigramma kabi ko‘rinishlarga ega bo‘lishidan qat’i nazar, voqyelikdagi barcha hodisalarning mohiyatini chuqur ochishga, ochganda ham axloqiy – didaktik saboq va xulosalari, o‘git va nasihatlari bilan insonni poklikka, ezgulikka yetaklashga qodirdir.
Masal janrining asoschisi Ezop bo‘lgani sabab, u “Ezop” nomi bilan ham yuritiladi: masal tili - Ezop tili kabi. Ezopdan so‘ng bu janrni Lafonten (fransuz), Krilov (rus), Gulxaniy (o‘zbek)lar yangi bosqichga ko‘tardilar. Masal, ko‘pincha, voqyelik va odamlar to‘g‘risidagi haqiqatni ochiqchasiga aytishning imkoniyati yo‘q paytlar ko‘plab yaratiladi va ramzli tarzda (pardali qilib) bu haqiqatlarga ishora etiladi. Obrazlilikni bu ko‘rinishi inson qalbini “jarohatlamaydi”, balki hissaning oson “hazm qilinishi”ni ta’minlaydi, ya’ni ko‘ngil xira tortmaydi, balki u haqiqat (syujet)ni qiziqarliligidan oson qabul qilganini “sezmay” qoladi. Jumladan, I.A.Krilovning “Xo‘roz va inju donasi” masali ana shunday asardir:


Xo‘roz hadeb go‘ng titkilar edi,
Topib oldi-ku bir dona inju.
O‘zicha dedi: “Nega kerak bu?
Go‘zallikning asl mohiyatini tushunmay, uni faqat o‘z nafsi, manfaati nuqtai nazaridan o‘lchaydigan farosatsiz insonlar Xo‘roz obrazi vositasida g‘oyatda kuchli piching (kesatiq) orqali fosh qilinmoqdaki, aslning , odamiylikning qadri balandligi, unga yetishish nodonlarning qo‘lidan kelmasligi baralla uqdirilmoqda. Nodonlikdan, tentakliklan forig‘lik(qutulish)ka chaqirmoqda.
Latifa(arabcha so‘z, ma’nosi “nozik, yoqimli, zarif”) xalqning o‘tkir mushohadasi asosiga qurilgan yoqimli va nozik kulguli eng kichik va nodir “hikoya” (“zarifa”, “ajiba”) sidir. Unda eng qisqa shakldagi qiziq voqeaning bir epizodi nasriy yo‘lda kulguli qilib aytiladi, epizod qiziqarli umumlashmaga, muhim fikrga, yorqin ifodaga boy bo‘ladi, bu xususiyati-topqirlik va mahorat bilan yaratilgan bo‘lsa, kishi xotirasida uzoq saqlanadi. Ayni paytda, ular og‘izdan og‘izga tez o‘tib, yanada sayqallashadilar.
Latifaning eng muhim xususiyatlaridan yana biri undagi konfliktning ikki (ijobiy va salbiy) qutbligidir, uning yorqin, bo‘rtib ko‘rinishidir; “boshqacha bo‘lishi mumkin”, degan tushunchaga o‘rin qoldirmasligidadir.
Latifa hamisha hayot bilan aloqadorlikda tug‘iladi. Har bir davrning, qavmning, millatning salbiy illatlari ayovsiz fosh etiladi, poraxo‘rlik, lo‘ttibozlik, mansabparastlik, maishatbozlik, eskilik, go‘llik, laqmalik, kaltafahmlik, farosatsizlik, ziqnalik, xasislik, uquvsizlik, dangasalik kabi kamchilik va nuqsonlar ustidan achchiq kulgu qo‘zg‘otadi. Uni yaqqol misolini gabrovoliklar (Bo‘lg‘oriya), shildaliklar (Olmoniya), qazvinliklar (Eron), shirinilar (Buxoro), oltiariqliklar (Farg‘ona), xonqaliklar (Xorazm) latifalarida yaqqol ko‘rish mumkin.
Ziqna Shirini ko‘k choy ichib, ishkomning soyasida yonboshlab yotgan edi, kimdir radiodan aytib qoldiki, har qaysi atom bombaning qiymati bir necha million so‘m turadi!
-E-e xudo!-deb yubordi Shirini falakka ko‘z tikkancha. - Axir seni saxovatli deydilar-ku! Agar shunday bo‘lsa, chindan bor bo‘lsang, bir hikmat qil: shu bombaning aslidan bizning chorboqqayam bittagina tashla, shunda kun ko‘rib, odamga o‘xshab yashay!”(Oxunjon Safarov. Shirinqishloq latifalari. Buxoro nashriyoti. 1994, 56 -bet).
Latifaning eng kichik ko‘rinishi matbuotda “xanda”lar nomi bilan yuritiladi. Xandalar biron-bir epizodning “qaymog‘ini” - mohiyatini birdaniga kulminasion cho‘qqiga chiqaradi va dialogik nutq vositasida uni kulgili tarzda yechimga olib keladi. Jumladan,
Folbin mijoziga fol ochayapti.

  • Ellik yoshgacha pulsizlikdan qiynalasan.

  • Keyin-chi?

  • Keyinmi?.. Ko‘nikib ketasan”.

Hikoya (arabcha so‘z, ma’nosi: “1) biror narsaning og‘zaki bayoni, tafsiloti; 2) nasriy yo‘l bilan yozilgan kichikroq badiiy asar”) – Izzat Sultonning asosli ta’kidlashicha, latifa mazmuniga kirgan voqeadan kattaroq, ammo povestga mazmun beruvchi voqeadan kichikroq sarguzashtni, ko‘pincha kishi hayotida bo‘lgan bir epizodni tasvirlaydi. Darvoqye, u “... minglab bo‘laklarga bo‘lingan romandir... kishilik taqdirining poyonsiz poemasidan bir epizod... shunday voqea va hodisani tanlab oladi va o‘zining tor ramkasida ifoda etadi” (V.Belinskiy). Hikoyanng eng ixcham ko‘rinishi novella (it. novella - yangilik) deb yuritiladi. “Xarakterning muayyan vaziyatdagi holati voqeaning keskin burilish nuqtasida, dinamik syujet, kuchli dramatizm, kutilmagan yechim asosida ko‘rsatish - hikoya (novella) uchun eng xarakterli xususiyatdir” (T.Boboyev). Abdulla Qahhorning “Anor”, “Bemor”, “O‘g‘ri” kabi asarlari hikoya janri talablariga to‘liq javob berishi bois, ular mumtoz hikoyalar sanaladi. Ularda kitobxon uchun yangilik bo‘la oladigan turmush voqealari realistik va qiziqarli tasvirlangan.
Novella janri inson hayotining tipik bir lahzasini tasvirlagani uchun, shu lahzani shunchalik yorqin ifodalashi kerakki, unda hamma so‘zlar badiiy “yuk” tashishi, “so‘z isrofgarchiligiga sabab bo‘ladigan ortiqcha detallar ham bo‘lmasligi” lozim. Bu haqiqatni so‘z san’atining buyuk ustasi Abdulla Qodiriy “O‘qish-o‘rganish” maqolasida A.P.Chexovning “Chinovnikning o‘limi” nomli g‘oyatda siqiq, quyuq yozilgan hikoyasi misolida asoslaydi. U yozadi:
“Hikoyani “ser suv” (ko‘p suvli) qiladigan narsalardan biri ko‘rsatish o‘rniga so‘zlab berishdir. Agar Ochumilovning “Baqalamun” ekanini uning so‘zlari orqali ko‘rsatilmasa, avtor tomonidan ta’riflansa, dunyo-dunyo so‘z ketar edi. Chexov buni aytib bermasdan, Ochumilovning o‘z so‘zi bilan ko‘rsatadi.
“Baqalamun” hikoyasining biron so‘zini chiqarib tashlash yoki biron so‘zni qo‘shish mumkin bo‘lmaganligi, so‘zga naqadar diqqat qilganligini ko‘rsatadi.”1

Yüklə 77,71 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə