Estetikaning predmeti, maqsadi va vazifalari. Estetikaning asosiy kategoriyalari. Tabiat va texnogen sivilizatsiya estetikasi



Yüklə 75,56 Kb.
səhifə10/26
tarix17.05.2023
ölçüsü75,56 Kb.
#110815
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   26
7-Mavzu. Estetika. (1)

Kulgililik. Bu bordagi mavjud nazariyalar kulgililikning predmetini obyektiv xususiyat sifatida yoki shaxsning subyektiv imkoniyatlari natijasi yohud subyekt va obyekt o‘zaro aloqadorligining natijasi sifatida ko‘rib chiqiladi va mazkur metodologik yondoshuv kulgililikdagi ko‘pma’nolikning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Estetik tafakkur tarixida kulgililik bir qadar keng o‘rganilgan. Jumladan, Aflotun ojiz va layoqatsizlarni kulgili odamlar, deydi. Nodonlik esa insonni kulgili qiladi. Biroq, kulgililikning mohiyati, uning kelib chiqishi sabablari haqida Aflotun biror-bir fikrni aytgan emas. Quldorlik tuzumi zodagonlarining namoyondasi bo‘lgan Aflotun uchun kulgililikning demokratik mohiyati begona edi.
Arastu fikricha, kulgi ayrim xatoliklar hamda kishilarga ozor yetkazmaydigan va zarar keltirmaydigan xunuklikni keltirib chiqaradi. Insondagi jahldorlik, suskashlik, qizg‘onchiqlik, subutsizlik, izzattalablik, shuhratparrastlik kabi illatlar kulgililik uchun obyekt bo‘ladi. Arastu fikricha, kulgi–axloq hududlarini bezarar buzishdir. Arastu estetikasida kulgi inkor etilib, komediyaning xarakteri nazariy jihatdan asoslanadi. Arastuning fikriga ko‘ra, har qanday ozod inson hazil bilan ro‘baro‘ kelishi mumkin. Bu xolatda kulgi insonning shaxsiy ehtiyojini qondiradi. Qiziqchi esa–boshqalarning ermagi, ovunchog‘idir.
Mumtozchilik (klassisizm) estetikasi komediyaga «bebosh omma», masharaboz va jozibador malay sifatida munosabat bildiradi. Ma’rifatparvarlik estetikasi esa kulgililikni estetik ideallarga qarama–qarshi yo‘llar orqali ochib berishga, kulgililik kundalik ikir–chikirlar emas, balki oliy darajadagi tuyg‘u sifatida e’tirof etiladi. Lessingning fikriga ko‘ra, kulgi kasallikni davolamaydi, lekin u sog‘lom organizmni yanada mustahkamlaydi.
I.Kant kulgililikning tabiatini latifa misolida ochib berishga harakat qiladi, F.Shiller esa xajviyani voqelik bilan ideal orasidagi qarama–qarshilik orqali ko‘rsatib o‘tadi. G.Hegel kulgililikning asosini zohiriy ishonch va botiniy to‘laqonli bo‘lmaganlik orasidagi qarama–qarshilik orqali ifodalaydi.
Kishilik jamiyati fojia va kulgining haqiqiy hukumdori hisoblanadi. Inson kulishga va kuldirishga qodir bo‘lgan yagona mohiyatdir. Kulgililik voqelikning obyektiv ijtimoiy qadriyati hisoblanishi barobarida tabiat bilan qisman aloqa bog‘laydi. Bu aloqa to‘g‘ridan–to‘g‘ri emas, balki bilvosita amalga oshadi. Ayniqsa, hayvonlarning tabiiy xususiyati insoniy hatti–harakatlar bilan yaqinlashadi va ular estetik baho obyektiga aylanadi. Masalan, tulkiga xos ayyorlik, quvlik, chaqqonlik inson faoliyatida kulgililik prizmasidan o‘tib, estetik baxo oladi.
Kulgilililk boshqa nafosatli hodisalar singari faqat obyektiv tomonga ega bo‘lmay, subyektiv tomonlarni ham o‘zida birlashtiradi. Kulgililikning subyektiv tomoni – keng ma’nodagi hazil (yumor) tuyg‘usidir. (Moler hazil tuyg‘usini insonni hayvondan ajratib turadigan xususiyati deb atagan edi.) Hazil – insonlararo munosabatlarni tabiiy va erkin idrok etishi, turli beo‘xshov ziddiyatlarni anglagan xolda ularga nisbatan oqilona kulgi bilan javob berish qobiliyatidir. Hazil tuyg‘usi juda murakkab aqliy tuyg‘u bo‘lib, unda shaxs o‘zining butun borlig‘i bilan namoyon bo‘ladi, uda insonning his–tuyg‘usi, aqliy madaniyati, orzu–umidlari va tabiati aks etadi. Shuning uchun ham insonning nima uchun kulayotganligiga qarab, uning qanday illat va qanday fazilatga ega ekanligini bilish mumkin bo‘ladi.
Kulgi o‘z tabiati jihatidan demokratik mazmunga ega bo‘lib, barcha odamlarni bir–biriga qovushtirib baravarlashtiradi, chunki kulishayotgan odamlar o‘zaro tenglashadilar. Kulgi eskilik bilan kurashning omilkor vositasigina bo‘lib qolmay, balki insonning kuch–qudrati va ozodligi timsoli hamdir. Kulgi beqiyos rango–ranglik, xilma–xil qirralarga ega bo‘lib, mayin, rag‘batlantiruvchi, hushfe’l hazil tuyg‘usidan tortib, to ayovsiz achchiq istehzogacha bo‘lgan keng doirada amal qiladi.
Kulgililik o‘zining barcha xilma–xil ko‘rinishlari boyligi bilan san’atning me’morchilikdan boshqa deyarli hamma turlarida namoyon bo‘ladi. Biroq, u o‘zining eng to‘la bo‘lgan estetik ifodasini komediyada topadi.
Komediya o‘z mavzuini jamiyatdagi va insondagi beo‘xshovliklar, nomutanosiblikdan oladi. Kulgililikning namoyon bo‘lish shakllarining xilma–xilligi ularning san’atda rang–barang tarzda aks etilishini yuzaga keltiradi. Komediya bilan kulgi bir–biridan ajramaydigan egiz tushunchalardir. Kulgi komediyada tasvirlanayotgan voqea–hodisalar mohiyatini ochib berishning hal qiluvchi vositasi, tasvirlanayotgan obyektga nisbatan estetik baholashning va muallif munosabati ifodasining asosiy shakli bo‘lib xizmat qiladi. Komediya san’atida kulgini asosiy estetik vosita qilib ishga solish uning ijtimoiy ahamiyatini pasaytirmaydi, chunki kulgi dunyoning barkamol emasligini ta’kidlab qolmasdan, balki uni qayta qurib yangilashni ham ko‘zda tutadi.
Kulgining komediyadagi o‘rni ko‘p jihatlardan uning o‘ziga xos ijtimoiy burch–vazifalarida ifoda topadi. Komediya, birinchi navbatda, badiiy tanqid va o‘z–o‘zini tanqid qilishning o‘ziga xos shaklidir. Komediyalarning asosan tanqidiy yo‘nalganligini ko‘pincha o‘ta soddalashtirib, komediya yomon xulq, yomon odam, yomon hodisalarni to‘g‘ridan–to‘g‘ri, bevosita tuzatishga, yaxshilashga olib keladi deb tushunadilar va tushuntiradilar.
Obyektiv kulgililik kulgi quroli bevosita o‘zlariga qarshi qaratilgan odamlarga, ular fahm–farosatiga yetib bormasligi haqida gapirganida Lessing haq fikrni aytgani shubhasizdir. Komediyaning bosh vazifasi utilitar–maishiy mohiyati emas, balki estetik yo‘nalishdadir, ya’ni komediya axloq–odobdan saboq berib qolmay, hayotdagi kulgulilikni ilg‘ab olishdagi qobiliyatni o‘stiradi, odamlarda hazil tuyg‘usi kabi qimmatbaho fazilatni ham rivojlantiradi.
Komediya asarlarining buyuk ijodkorlari nafosatli baholarining aniqligi va to‘g‘riligi bilan ajralib turadilar. Ular hech mahal achchiq, savag‘ich, istehzoli kulgini faqat mayin hazil va muruvvatli tabassumga loyiq hodisalarga nisbatan ishlatmaganlar va aksincha, ayovsiz, keskin qoralanishi lozim bo‘lgan hodisalarni tasvirlayotganlarida mayin hazil va muruvvatli tabassumdan butunlay yuz o‘girganlar.
Kulgining badiiy shakllari orasida satira alohida o‘ringa ega. Umumnazariy ma’noda satira voqelikni badiiy tasvirlash turi bo‘lib, unda hayotning salbiy hodisalari ustidan kulish–bunday hodisalar asosida yuksak insonning orzulariga zid ekanligini bo‘rttirib ko‘rsatish maqsadi yotadi. Satira har xil ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi mumkin. Unga lirika ham, epos ham, drama ham begona emas. Satira markazida doim hayotning salbiy voqea–hodisalari joylashgan bo‘lib, butun fosh qilish kuchi ularga qarshi qaratilgan bo‘ladi. Shuning uchun komediya san’atiga xos tanqidiylik, yo‘nalganlik satirada eng to‘la va eng aniq ifoda topadi. Satirani asosan kulgi fosh eitb qo‘yadi, lekin kulgi bu jarayonda qahr–g‘azabdan ajralmagan holda namoyon bo‘ladi.
Badiiy adabiyotda satira eng hajmli komediya turlaridan sanaladi. Atoqli yozuvchilar Gogol, Chexov, Saltikov–Shchedrin, Bulgakov, A.Qahhor, Sh.Boshbekovlarning ijodida mazkur janr umumbashariy muammolarni ko‘tarish darajasiga chiqadi va bu bilan millat, xalq, ma’naviyat fojeasiga yaqinlashadi. Satira janri voqelikni anglashning barcha estetik shakllaridan unumli foydalanishni talab etadi. Dastlab, kulgililikning barcha turlari – zardali hazil tuyg‘usi, achchiq kinoya, nozik hazil tuyg‘usi kabilar ishga solinadi. Satira yengillik, o‘tkir fikrlilik va hazildan istisno bo‘lmay, ular bilan qo‘shilib ketgan holda fosh qilish burchini og‘ishmay amalga oshiraveradi.
Satira badiiy umumlashtirishning alohida turi sifatida mumkin qadar keng mushohada etiladi. Shu boisdan satira obyekti bo‘lgan kimsalar gohida yirik ramziy umumlashmalar darajasiga ko‘tariladi. Zero, sudho‘r, ziqna, qizg‘onchiq odamlarni ko‘rganimizda «Qori ishkamba» nomini bejiz tilga olmaymiz. Chunki bu bilan o‘sha tegishli odamning «Qori ishkamba»ga o‘xshagan xislatlari borligiga ishora qilib, uni satirik jihatdan umumlashtirishga uringan bo‘lamiz.
Satira mazmunining xususiyati uning mubolag‘a (giperbola) va g‘aroyibot hajvi (grotesk) kabi keskin bo‘rttirish vositalaridan kelib chiqadi. Jamiyat rivojlanib borishi jarayonida satiraning obyekti bilan birga uning subyekti ham o‘zgarib boradi. Hozirgi davrda umuminsoniy maqsad–manfaatlarning ustuvorligi umuminsoniy qadriyatlar vositasida jahon xalqlari hayotidan tobora mustahkam o‘rin egallab borayotgan ekan, insoniyatning mana shu bosh taraqqiyot yo‘lini to‘sadigan barcha chirik, eskirib qolgan, dogmaga aylangan narsalar, xolatlar adabiyot va san’atning o‘tkir va hayotchan satira obyekti bo‘lib qolaveradi.
Kulgi–insoniy voqelik. Inson o‘zining aqli yordamida kuladi. U, albatta, o‘zining ahmoqligidan ham kulishi mumkin, biroq bu kulgi telbaning mazmunsiz kulgisi hisoblanadi. Kulgidagi lazzatning manbaida masxara, istehzo kabi obyektlarning ustidan afzallik tuyg‘usi yotadi.
Kulgi – biror–bir bema’nilik bilan to‘qnashuv natijasida yuzaga keluvchi yoqimsiz tuyg‘ulardan halos bo‘lishdir. Kulgililik botinining zohirga o‘tishi, vosita va maqsadining nomuvofiqligidir. Kulgililik tabiatan insonparvarlikka borib taqaladi.U inson huquqlari hamda tajavuzkor (reaksion) kuchlarga qarshi kurashishdagi qadimiy qurol, hisoblanadi. Kulgi ulug‘lantiradi va hotirjam qiladi; unda ko‘tarinkilik va sokinlik singari kuchli dushman yo‘q. Og‘ir vaziyatlarda hazil, askiya, mutoyiba, xushchaqchaqlik, quvnoq suhbat, hozirjavoblik inson ruxini yuksaltiradi. Inson boshqa insonda kulgini mutloqo bir–biriga o‘xshamaydigan ikkita uslub orqali paydo qiladi: bexosdan, ya’ni o‘zining noqulay hatti–harakati tufayli; to‘la onglangan xolatda, ya’ni o‘zining zukkoligi va gapga chechanligi bilan.

Yüklə 75,56 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   26




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə