Estetikaning predmeti, maqsadi va vazifalari. Estetikaning asosiy kategoriyalari. Tabiat va texnogen sivilizatsiya estetikasi


San’at estetikaning obyekti sifatida o‘ziga xos olam



Yüklə 75,56 Kb.
səhifə2/26
tarix17.05.2023
ölçüsü75,56 Kb.
#110815
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   26
7-Mavzu. Estetika. (1)

San’at estetikaning obyekti sifatida o‘ziga xos olam. Unda estetik xususiyatlar bo‘rtib ko‘zga tashlanadi. Shunga ko‘ra, uni nafosatga burkangan ijtimoiy hodisa deyish mumkin. San’at hayotni in’ikos ettirar ekan, insonning o‘zini o‘ziga ko‘rsatuvchi ulkan ko‘zgu vazifasini o‘taydi. U insonni o‘rgatadi, da’vat etadi, go‘zallashtiradi. Bu vazifalarni bajarishda estetika san’atning ko‘makchisi, yetakchisi hisoblanadi. Estetika bir tomondan, san’atning paydo bo‘lishidan tortib, uning turlariyu janrlarigacha, san’at asarining ichki murvatlaridan tortib, san’atkorning ijodkorlik tabiatigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni o‘rganadi. Ikkinchi tomondan, san’at uchun umumiy qonun-qoidalarni ishlab chiqadi va tadbiq etadi. Uchinchi tomondan, esa san’at asarini idrok etayotgan kishi ruhidagi o‘zgarishlarni nafosat nuqtai nazaridan tadqiq qiladi.
Shunday qilib, estetika san’atni to‘la qamrab oladi va uning ich–ichiga kirib boradi: badiiy asarning yaratilish arafasidagi shart–sharoitlardan tortib, to u bunyodga kelib, asl egasi – idrok etuvchiga yetib borgunigacha bo‘lgan va undan keyingi jarayonlarni tadqiq etadi hamda ulardan nazariy xulosalar chiqaradi. Zero «San’at falsafasi» iborasining siri ana shunda.
Estetika – falsafiy fanlardan biri. Falsafa esa fanlarning podshosidir. Darhaqiqat, u fanlar podshosi sifatida barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlarni o‘z qamroviga olib, ulardan umumiy xulosalar chiqarib, shular asosida insoniyatni haqiqat tomon yetaklaydi. Shu bois tafakkurni falsafaning predmeti deb atash maqsadga muvofiq. Estetika esa falsafiy fan sifatida barcha san’atshunoslik fanlari erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, shu xulosalar asosida insonni go‘zallik orqali haqiqatga yetishtirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, estetika ishlab chiqqan qonun–qoidalar barcha san’atshunoslik fanlari uchun umumiylik xususiyatiga ega. Masalan, uslub, ritm, kompozitsiya v. h. borasidagi qonuniyatlar barcha san’at turlariga taalluqli. Hech bir alohida san’at turi haqidagi fan bunday imtiyozga ega emas. Masalan, adabiyotshunoslik ishlab chiqqan qofiya nazariyasini musiqa yoki me’morlik san’atiga tadbiq etib bo‘lmaydi.
Estetikaning falsafiy mohiyatini yana uning san’at asariga yondashuvida ko‘rish mumkin. Ma’lumki, har bir san’atshunoslik ilmi o‘z tadqiqot obyektiga uch tomonlama – nazariy, tarixiy, tanqidiy jihatdan yondashadi. Masalan, adabiyotshunoslikni olaylik. Adabiyot nazariyasi faqat adabiyotgagina xos bo‘lgan badiiy qonuniyatlarni, badiiy qiyofa yaratish usuli va vositalarini o‘rganadi. Adabiyot tarixi muayyan tarixiy–badiiy jarayonlar orqali badiiy adabiyotning rivojlanish qonuniyatlarini ochib beradi. Adabiy tanqid esa adabiy–badiiy ijodning zamonaviy jarayonlarini tadqiq etadi va har bir yangi asarni baholaydi, asar ijodkorining ijodiy rivojlanishini kuzatib boradi. Musiqada ham, tasviriy san’atda ham va boshqa san’at turlarida ham shunday. Estetikada esa tadqiqot obyektiga yondoshuv uch emas, birgina nazariy jihatdan amalga oshiriladi: tarix ham, tanqid ham nazariyaga bo‘ysundiriladi. To‘g‘ri, «estetika tarixi» degan ibora va shu nomda kurslar o‘qitiladi. Lekin bu nom, ibora shartli tarzda qo‘llaniladi. Chunki, u fan tarixi emas, balki tarixan davrlarga bo‘lingan estetik nazariyalar tahlilidir.
Ma’lumki, san’at asarining mavjud bo‘lishi uchun to‘rt shart yoki unsur albatta zarur. Bular: ijodkor – badiiy asar –badiiy asarni idrok etuvchi – vositachi. Yuqoridagi misol nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak: yozuvchi – roman – kitobxon – tanqidchi. Adabiyotshunoslik bularning har birini odatda alohida-alohida o‘rganadi. Deylik, yozuvchi Odil Yoqubov ijodiy faoliyati haqida adabiy portret alohida, uning «Ulug‘bek xazinasi» romani to‘g‘risida tadqiqiy maqola alohida, «Ulug‘bek xazinasi» romani va zamonaviy kitobxonning didi, saviyasi va talablariga bag‘ishlangan taqriz hamda unda kitob nashriga (nashriyotga) doir mulohazalar alohida yozilishi mumkin. Estetika fani hammasini bir yo‘la, muayyan tizim sifatida tadqiq etadi va bu tadqiqot umumlashtiruvchilik, nazariylik xususiyatiga ega bo‘ladi.
Shunday qilib, estetikaning falsafiy mohiyatini ko‘rib o‘tdik. Endi uning boshqa fanlar bilan o‘zaro munosabatlariga to‘xtalamiz.



Yüklə 75,56 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   26




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə