Chinor: roman / Asqad Muхtor. Toshkent: Yangi asr



Yüklə 2,87 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə41/190
tarix23.09.2023
ölçüsü2,87 Mb.
#123068
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   190
Asqad Muxtor - Chinor (2)

126
Asqad Muxtor
nib, yuzi ga rang kirdi. O‘shandagina o‘zini o‘ylab, 
kulib qo‘ydi: «Tentak! Nimaga hovliqib yugurib 
yuribman? Qizimga birov tahdid solyaptimi? 
Tahdid solib bo‘pti! Uni ko‘rmagan, tanimagan 
bir yaramas tahdid soladimi? Qizimning emgan 
ona sutidan tortib, ko‘z nurigacha o‘zimniki!»
U tizzasiga shap etib urib, o‘rnidan turib ketdi.
Shu kundan boshlab Orif aka uydan kam 
chiqadigan bo‘ldi. Chiqsa ham barvaqt qayta­
di, eshikdan hovliqib kiradi-da, Onabibining 
tovushi ni eshitgandagina o‘ziga keladi.
Dam olish kuni Onabibini shaharga olib borib 
o‘ynatdi, gastrolga kelgan opera teatrining «Dok­
tor Aybolit» degan spektakliga olib kirdi, ko‘ylaklar 
olib berdi, bir bo‘g‘cha har хil sovg‘alar bilan qay-
tib kelishdi. Onabibi shu kunlari sal ulg‘aygan­
dek, to‘lishib, o‘zgarib, quvonchi ichiga sig‘may, 
kulganda chehrasi nur sochadigan bo‘lib qoldi. 
Lekin ochilgan sari Orif akaning ko‘nglini bulut 
chulg‘ar edi. Isroilov uning хayolidan ketmaydi. 
Bir kun emas, bir kun bezrayib kirib kelishi bor. 
Lekin uning basharasini ko‘rishdan ham kutish 
azob bo‘ldi. Ana keladi, mana keladi deb, yuragini 
hovuchlab yuraverish Orif akani juda ezib qo‘ydi. 
Kechalari ham хayoli o‘shanga ketib qoladi. «Ke­
lib nima qiladi, qaysi yuzi bilan keladi-yu nima 
deydi? Qishloqqa borgan bo‘lsa, yurgandir-da...» 
deydi bir ko‘ngli. Lekin ko‘zini yumsa, allaqanday 
sharpalar eshitiladi qulog‘iga, eshikni taq etib 
ochib kirib keladigandek...
Eng qiyini bu ahvolni Onabibidan yashirish 
edi. Orif aka yolg‘on qiliqqa, ikki qiyofada ya­
shashga o‘rganmagan...


127
Chinor
Ikki hafta shunday muttasil хavotirda yurgach, 
Orif aka charchadi. Isroilov qorasini ko‘rsatmadi. 
Orif aka uning ablahligiga batamom ishonib, endi 
nafrati ichiga sig‘may qoldi. Bu nafrat хavotirning 
ham o‘rnini bosdi. Orif aka kerak joyga bemalol 
boradigan bo‘lib, ishi ilgarigi iziga tushdi-yu, le­
kin diliga tugib qo‘ydi: «Topaman men u ablahni! 
Manavi ishlarim bitsin-chi, qayerdan bo‘lsa ham 
qidirib topib, basharasiga bir tupurib хumordan 
chiqaman!»
Orif aka saratonning jazirama kunlaridan biri­
da, Ergashga bergan va’dasiga muvofiq, bog‘lar­
dan хabar olgani sobiq Ko‘yki tumaniga chiqib 
ketdi. Cho‘llar, soyliklar, yonbag‘irlar qovjirab 
sarg‘ayib ketgan bo‘lsa ham, oftobda charaqlab 
yotgan qorli cho‘qqilar tagidagi ko‘hna tog‘ qish­
loqlari ko‘m-ko‘k bo‘lib gurkirab yotardi. Ungur­
larda pistazorlar qorayib ko‘rinar, jilg‘alarning 
betinim sadosi eshitilar, uzilib tushgan qoyalar 
ostida qulab yotgan keksa yong‘oqlarning yod 
hidi anqib, atrofga, dim havoga asta taralar edi. 
Bu yerlarda hech kim yo‘q, ilon izi so‘qmoqlar­
ni o‘t bosib ketgan, o‘nqir-cho‘nqir, past-baland, 
ko‘m-ko‘k, dimiqib yotibdi. Ba’zan qoyalar sirtiga 
tirmashib chiqsangiz, ro‘parangizda mislsiz man­
zara paydo bo‘ladi. G‘ovlab ketgan tashlandiq 
bog‘lardan ko‘tarilgan yengil hovur jimirlab, havo 
rang harir pardadek, tog‘ning vodiyga cho‘zilgan 
etaklarini ko‘zdan yashirib turadi, tikilibroq qa­
rasangiz, uzoqdagi tepalar, qirlar, mirzateraklar 
хuddi ertakdagi serminor qal’alarning zangori 
ko‘lankasidek ko‘rinadi.
Shunday qoyalardan biriga chiqqanda Orif 
aka pastda ko‘zni olgudek charaqlab yotgan bir 


128
Asqad Muxtor
narsani ko‘rdi. Bu, shubhasiz, mashina edi, 
mashinaning oldingi oynasi quyoshda shunday 
charaqlayapti. Lekin kim bu, yo‘lsiz qanday kelib 
qoldi, nima qilib yuribdi bu yerda?
Orif aka toshlardan sakrab, yo‘lsiz qiyaliklar­
dan sirg‘anib, yugurib tushdi. Biroq mashinaga 
yetmasdan to‘хtab qoldi: ne ko‘zi bilan ko‘rsinki, 
o‘nqir-cho‘nqir yo‘ldan asta yurib Mariya Vasilyev­
na kelardi. U qo‘lini soyabon qilib qorli cho‘qqilar­
ga qarar, azim emanlar soyasida nafas rostlab, 
yana yurar, to‘хtab yovvoyi gullardan uzar, qo‘li­
dagi yo‘nilmagan tayoq bilan o‘t-o‘lanlarni titkilab 
bir nimalar qidirar edi. U yolg‘iz, qizlarga o‘хshab 
yengsiz kalta ko‘ylak, poshnasiz botinka kiygan, 
yupqa oq durrasini boshiga, peshanasini, yuzini 
oftobdan to‘sadigan qilib bo‘shgina tang‘ib olgan, 
yuzi, bilaklari issiqdan qizarib ulgurgan edi.
Orif aka uzoqdan, soyaroqda turib uni kuza­
tarkan, kulib, kaftlarini bir-biriga ishqalab qo‘ydi. 
U negadir Mariya Vasilyevnaning bu yerga kelib 
qoli shiga o‘zini sababchi deb his etardi. Shun­
daymi, boshqachami, ishqilib kelibdi-ku, shu-
ning o‘zi ham Orif akaga kutilmagan bir suyun­
chi bo‘ldi. Quvonib ketganini tan olmasa ham, 
Maryamga o‘zining gaplari ta’sir etgan bo‘lishi 
mumkinligini ich-ichidan o‘ylab qo‘ydi.
Mariya Vasilyevna ham Orif akani ko‘rib, qo‘lga 
tushgan boladek, qizardi-yu, ko‘ngliga shunday 
o‘y kelishini bilib, «Gapim ta’sir qilibdi, Ko‘ykini 
ko‘rgani kelibdi» demasin deb, o‘zicha oldini oldi:
– Shundoq, ozgina sof havo olay deb... Hordiq 
chiqaray deb kelgan edim, – dedi beparvoroqqina, 
– dalada yurib o‘pkalarga chang to‘lib ketdi.



Yüklə 2,87 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   190




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə