O‘zbekiston respublikasi



Yüklə 2,02 Mb.
səhifə37/42
tarix29.08.2018
ölçüsü2,02 Mb.
#65403
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   42

hech kim qarshi chiqmadi — «tinchgina davlat to‘ntarishi» ro‘y berdi.

1994-yil mart oyidagi yangi qonun chiqaruvchi organ saylovlari urug‘-

aymoqlar va guruhlar tomonidan qonunlarning qo‘pol buzilishi bilan o‘tdiki,

konstitutsion sud tergov o‘tkazgandan so‘ng bu saylovlarni haqiqiy emas deb

hisobladi. Prezident saylangan deputatlarni tarqatishga majbur bo‘ldi va qonun

chiqaruvchi hokimiyat vaqtincha uning qo‘liga o‘tdi.

Konstitutsiya va parlamentning yangilanishigacha siyosiy barqarorlikni

saqlab qolish uchun Qozog‘iston xalqlari Assambleyasi qarorlariga ko‘ra

o‘tkazilgan referendum prezident vakolatini 2000-yilgacha uzaytirdi.

Konstitutsiyaga ko‘ra, umumxalq saylovlarida saylanadigan keng vakolatlarga

ega bo‘lgan prezident ijro etuvchi hokimiyatni boshqaradi, qonun chiqaruvchi

hokimiyat esa senat va majlisdan iborat ikki palatali parlamentga tegishlidir.

1995-yilning oxirida hukumat tomonidan senatga ko‘rsatilgan nomzodlarning

bilvosita va muqobilsiz saylovlari hamda orasida muxolifat vakillari

bo‘lmagan majlisga ko‘rsatilgan ko‘p sonli nomzodlar o‘rtasida keskin kurash

bilan umumxalq saylovlari bo‘lib o‘tdi.

Prezident va uning tarafdorlari, ommaviy axborot vositalari va har ikki

yilda bir marta saylanadigan parlament deputatlarining bir qismi urug‘-

aymoqlar va guruhlarning ig‘volariga qarshilik qilib, korrupsiyaga qarshi

kurashib va radikal-milliy qozoqlar va ruslar hamda islomiy tanqidchilarning

yo‘lini to‘sib qo‘ygan holda saylovlarni to‘la boshqarib bordi. Ko‘p millatli

jamiyatni birlashtirish uchun prezident qoshida maslahat-mashvarat organi —

Qozog‘iston xalqlari Assambleyasi tuzildi.

Prezident tashabbusi bilan 1997-yilda, qozoq-rus birligini mustahkamlash

va eng kuchli juz ta’sirini susaytirish maqsadida, poytaxt mamlakatning

janubi-sharqiy burchagida joylashgan Olmaotadan ko‘pchilik aholisi ruslardan

iborat bo‘lgan va eng muhim industrial-agrar mintaqada joylashgan Ostona

shahriga ko‘chirildi.

2000-yilda qabul qilingan qonun prezidentga muddati tugagandan so‘ng

ham sobiq prezident sifatida hukumat siyosatiga aralashishga to‘la imkon

berdi.

Nazarboyev tomonidan 15—20 yilga mo‘ljallangan samarali ijtimoiy



yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini barpo etishga qaratilgan islohotlarni amalga

oshirish qiyinligi oshkor bo‘ldi. Tabiiy resurslarni qayta ishlovchi sohalar

ularni qazib oluvchi sohalarga nisbatan orqada qoldi, chunki sanoatdagi

deyarli barcha jihozlar eskirgan edi. G‘alla yetishtirish va chorvachilikda

mashinalar va zamonaviy texnologiyalar yetishmas edi. Eng asosiysi — ittifoq

buyurtmalari va investitsiyalarining to‘xtab qolishi tarqoq sohalar sharoitida

sanoat va qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishining keskin pasayishiga olib keldi,

315


natijada 1991-yildan to 1996-yilgacha bo‘lgan davrda Qozog‘iston yalpi ichki

mahsuloti (YAIM) 31 foizga qisqardi.

Sanoat mahsulotlari va, hatto, oziq-ovqat yetishmas edi. Mehnatkashlarning

asosiy qismi ishsiz qoldi. Inflatsiya tez o‘sa boshladi. Qish paytida

uylar isitilmas, korxonalar to‘xtab qolardi. Yem yo‘qligidan qoramol qirilib

ketdi. Shunda iqtisodiy islohotlar Milliy kengashi tuzildi. Hissadorlik

jamiyatlariga aylantirilayotgan korxonalar aksiyalarining 50 foizi avvaliga

davlat ixtiyorida qoldi. Bu korxonalarda ishlab chiqarish samaradorligi oshgandan

keyin bu aksiyalar sotilardi. Yerni mulk sifatida emas, balki uzoq

muddatli ijaraga berish ma’qulroq, deb topildi. Jinoyatchilikka, ayniqsa,

korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytirildi. Monopoliyaga qarshi qonunlar qabul

qilindi.


1994-yildan Qozog‘iston valutasi — tenge muomalaga kirdi. Ammo narxnavo

o‘sishi davom etdi va tengeni mustahkamlash uchun XVF dan yordam

olindi. Xorijiy kompaniyalarga mamlakat tabiiy resurslarini ishlab chiqarish

uchun litsenziyalar berildi, ular ishtirokida neft va gaz qazib olish va Kaspiy

orqali Yevropaga hamda Xitoyga quvurlar yotqizish uchun qudratli

korporatsiyalar barpo etila boshlandi.

1996—1998-yillarda xususiylashtirish davom etishi natijasida xususiy sektor

ancha o‘sdi. Davlat ixtiyorida ilgarigi mulkning atigi 16,1 foizi qoldi, ularning

ham 45 foizi xorijiy kompaniyalar qo‘liga o‘tdi.

Bir necha milliard dollar investitsiya jalb etildi, inflatsiya pasaydi va

1996—1997-yillardan boshlab ishlab chiqarish o‘sa boshladi. Shu bilan birga

iqtisodiyotda xususiy sektor afzalligi mustahkamlandi, u asr oxiriga kelib

Qozog‘iston yalpi mahsulotining 75 foizini ishlab chiqara boshladi.

Rossiyadagi 1998-yil inqiroziga bog‘liq qiyinchiliklarga qaramasdan, neft

va boshqa qimmatbaho xomashyoni sotishdan kelgan daromadlar hissadorlikning

oshishi, ishlab chiqarish va yalpi ichki mahsulot o‘sishiga yordam

berdi.

Ijtimoiy muammolarni hal qilish yo‘llarini izlash faollashmoqda.



Mulkdorlar yangi sinfini shakllantirish, bandlikni va nochor oilalarga

yordamni kuchaytirishdan tashqari, hukumat aholi demografik tarkibini

qozoqlar foydasiga hal qilishga urinmoqda. Tug‘ilishning nihoyatda ko‘pligi,

qo‘shni mamlakatlardagi qozoqlar bir qismining ko‘chib kelishi, ruslarning

emigratsiyasi tufayli qozoqlar ulushi tobora oshib bormoqda. Ruslarning

ko‘chib ketishini hukumat rag‘batlantirayotgani yo‘q, ammo boshqaruvning

«qozoqlashib» borishi va qozoq madaniyatining ustunligi ularni Rossiya

Federatsiyasiga ko‘chib ketishga majbur qilmoqda. Hukumat qozoqlarning

butun mamlakat bo‘ylab tarqalishiga katta e’tibor bermoqda. Asr oxirida

qozoqlar allaqachon aholining yarmini tashkil etdi.

Qozog‘istonning xalqaro xavfsizligi va yadro qurolini tarqatmaslik shartnomasiga

qo‘shilishi kafolati bilan Qozog‘istonga SSSRdan meros qolgan

raketa-yadro qurolining Rossiya Federatsiyasida zararsizlantirilishi to‘g‘ri316

sida kelishib olindi. Baykonur kosmodromining Rossiya Federatsiyasi

tomonidan ijaraga olinishi va undan foydalanishning xavfsizlik shartlari

ishlab chiqilgan. Qozog‘iston MDHni mustahkamlashni faol qo‘llab-quvvatlaydi

va eng muhim savdo sheriklari Rossiya Federatsiyasi hamda Belorussiya

bilan bojxona ittifoqi, qo‘shni Markaziy Osiyo respublikalari bilan iqtisodiy

integratsiya to‘g‘risida shartnoma tuzdi. U MDH davlatlari bir qismi

bilan harbiy sohada hamkorlik qiladi va o‘z qurolli kuchlarini vujudga keltirdi.

Nazarboyevning «ko‘p yo‘nalishli tashqi siyosati» MDH doirasidan ham

tashqariga chiqdi. Qozog‘iston Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa

mamlakatlari hamda Turkiya, Eron, Yaponiya va Malayziyaga o‘z xomashyosini

berish, ulardan kreditlar, investitsiya va yuksak texnologiyalarni keltirish

yo‘li bilan hamkorlik qiladi. U 10 ta Osiyo mamlakatlari iqtisodiy hamkorligi

(MOH) da ishtirok etadi. Qozog‘iston YEXHT a’zosi, NATO bilan hamkorlik

qiladi, Shanxay Hamkorlik Toshkiloti (SHHT)ning a’zosidir. Keng va ko‘p

tomonlama aloqalar islohotlar va iqtisodiyotni rivojlantirish hamda xavfsizlikni

ta’minlash, jumladan, islom fundamentalizmining tahdidini bartaraf

etishga imkon beradi. O‘zbekiston bilan abadiy do‘stlik to‘g‘risida shartnoma

imzolagan. Qo‘shnichilik aloqalari kuchaymoqda.

Hozirgi vaqtda Qozog‘iston agrar-industrial mamlakat bo‘lib, 2006-yilda

YAIM 77,9 mlrd dollarga yetdi va aholi jon boshiga 5120 dollarni tashkil

etadi. Neft va neft mahsulotlari, rangli va qora metall, ruda, g‘allani eksport

qiladi. Temir ruda zaxiralari bo‘yicha dunyoda 8-o‘rinda turadi. Dunyoda

mis eksporti bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birida turadi. G‘alla yetishtirishda

MDH mamlakatlari ichida uchinchi o‘rinni egallaydi.

Qirg‘iziston Respublikasi

Markaziy Osiyo respublikalari ichida eng kichigi — tog‘li Qirg‘iziston

ittifoq markaziga bo‘ysundirilgan sanoatga ega bo‘lib, markaz dotatsiyasi

respublika budjetining 60 foizini qoplar edi. Aholining 53 foizdan kamrog‘i

qirg‘izlar, ruslar — 21 foiz, o‘zbeklar — 13 foizni tashkil etar, boshqa

turkiyzabon xalqlar, ukrainlar, nemislar istiqomat qilardi. Mamlakatda

ko‘pchilikni tashkil etgan shimoliy va janubiy qirg‘izlar o‘rtasida raqiblik,

shuningdek, janubda qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida ham raqobat bor edi.

Sanoatda rus mutaxassislari asosiy rol o‘ynardi.

Rossiyaning markaziy shaharlarida o‘qish davomida liberalizmga moyillik

orttirgan qirg‘iz mutaxassislarining ta’siri va saylovchilar Assotsiatsiyasi

harakatlari tufayli SSSR Xalq deputatlari syezdiga yuborilgan delegatlar

ichida sovet tuzumini saqlab qolish tarafdorlari qo‘shni respublikalardagiga

nisbatan ko‘p emas edi. 1990-yilda esa Qirg‘iziston janubidagi o‘zbeklar va

qirg‘izlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni bartaraf eta olmagani va milliy-liberal

va milliy-demokratik ruhdagi o‘nlab partiya va guruhlarning paydo bo‘lishi

sababli kommunistik partiya o‘z mavqeyini yo‘qotdi. Yuz minglab kishilarni

317

birlashtirgan «Qirg‘iziston» demokratik harakati mamlakat suvereniteti va



bozor islohotlariga da’vat etdi. Uning ta’sirida Oliy Kengash 1990-yil dekabrida

suverenitet deklaratsiyasini qabul qildi va SSSRni konfederatsiyaga aylantirishga

ovoz berdi.

Moskvada g‘alaba qozongan Demokratik Rossiya bilan yakdil bo‘lgan

milliy-liberal va demokratlar talabiga ko‘ra, Oliy Kengash Qirg‘izistonning

siyosiy suverenitetini e’lon qilishga va, hatto, kompartiyani taqiqlashga majbur

bo‘ldi. 1991-yil oktabrdagi umumxalq saylovlarida liberal-demokrat, akademik

A. Akayev mamlakat prezidenti etib saylandi. U «o‘tmish bilan bahslashmasdan

olg‘a yurish»ga da’vat etdi.

Qirg‘izistonda davlatchilikning shakllanishi liberal-demokratik partiya va

guruhlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, Akayevning o‘z «jamoa»si yo‘qligi

ilgarigi «nomenklatura» va yaqinda tiklangan kompartiyaning islohotlarga

shafqatsiz qarshilik ko‘rsatishi hamda urug‘-aymoqlar o‘rtasidagi raqiblik,

hokimiyatning suiiste’mol qilinishi va korrupsiya sharoitida kuchaygan millatlararo

mojarolar ta’sirida murakkablashgan edi.

Ammo ba’zi respublikalar uchun an’anaviy bo‘lgan konformistik (loqaydlik,

befarqlik) ruhdagi aholining ovoz berishi oqibatida 1992-yil kuzidagi Oliy

Kengash saylovlarida islohot dushmanlari — sobiq sovet-kommunist arboblar

va turli urug‘larning rahbarlari ko‘pchilik ovozga ega bo‘lishdi. Qayta tiklangan

kompartiya qasd olishga harakat qildi. Ortga qaytish xavfi tug‘ildi.

Shunga qaramasdan, 1993-yil may oyida oldinga qadam qo‘yishga, ya’ni

Oliy Kengash tomonidan yangi konstitutsiyaning qabul qilinishiga erishildi,

erkinliklari e’tirof etildi, ammo xususiy mulk cheklab qo‘yildi. Qirg‘iziston

umumxalq saylovida saylanadigan prezidentli va ikki palatali parlament —

Jo‘qorg‘i Kengesi ega respublikaga aylandi. Prezident oldida javobgar bo‘lgan

hukumat parlamentga bo‘ysunadi. Mamlakat poytaxti nomi Bishkek deb

o‘zgartirildi.

1994 va 1995-yillardagi referendumlarda konstitutsiyaga hokimiyat turli

tarmoqlarining vazifalarini belgilash va ularning o‘zaro munosabatini

belgilovchi tuzatishlar kiritildi.

Hukumatda o‘z mansabini suiiste’mol qilish hollaridan xabar topgan

raqiblarning tobora kuchayib borayotgan hujumlaridan o‘zini himoya qilish

maqsadida A. Akayev 1994-yil boshida prezidentga ishonch to‘g‘risida

referendum o‘tkazdi va ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Kelasi yili

yana prezident etib saylandi.

2000-yildagi parlament saylovlarida Akayevni qo‘llab-quvvatlayotganlar

ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lishdi va Prezidentga ancha xayrixoh bo‘lib qolgan

kommunistlar muvaffaqiyatga erishishdi. Hukumat «Ar-Napis» demokratik

harakatidagi Akayevni tanqid qiluvchilar faolligiga zarba berib, uning rahbarini

hibsga oldi. Bu esa ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi va vaziyatni keskinlashtirdi.

Ammo Akayev raqiblari kuchsizlashgan edi. 2000-yildagi prezident

saylovlarida unga saylovchilarning 75 foizi ovoz berdi va u to‘rtinchi marta

prezident etib saylandi.

318


Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish qiyinroq kechdi. 1990-

yildan boshlangan ishlab chiqarishning pasayishi, ittifoq markazining

buyurtma va investitsiyalari to‘xtagandan so‘ng, yanada tezlashdi.

1995-yilda mamlakatda ishlab chiqarish hajmi 1990-yildagiga nisbatan

39 foizni tashkil etdi. 1991—1993-yillarda Rossiya Federatsiyasi texnik kreditlar

taqdim etgan bo‘lsa-da, dotatsiyalarning to‘xtashi va daromadning qisqarishi

budjetni parchaladi va yirik inflatsiyani yanada tezlashtirdi. Hukumatning

narxlar o‘sishini to‘xtatishga urinishlari zoye ketdi. Maorif, sog‘liqni saqlash

va ijtimoiy ta’minot tizimi izdan chiqdi. Bu ijtimoiy va millatlararo munosabatlarning

murakkablashishi, hokimiyatning suiiste’mol qilinishi va

jinoyatchilikning o‘sishiga olib keldi.

1991-yildayoq hukumat XVF ishtirokida xo‘jalikni davlat tasarrufidan

chiqarish dasturini ishlab chiqqan edi. Narxlarni liberallashtirish boshlandi,

1993-yilda esa milliy valuta — som muomalaga kiritildi. Lekin, hatto, XVF

yordami bilan ham inflatsiyani pasaytirish va uning barqarorlashishiga erishila

olmadi.1998-yilga kelib davlat qo‘lida uning ilgarigi mulkining atigi 5,6 foizi

qoldi. Bu mulkning katta qismi korxonalar xodimlari, menejerlar, xorijiy va

mahalliy investorlar ixtiyoriga o‘tdi. Jahon banki ishtirokida ishlab chiqarishni

moliyalash yo‘lga qo‘yildi va banklar tizimi yaratildi.

1996-yildan boshlab ishlab chiqarish o‘sa boshladi, 1997-yilda esa hukumat

islohotlarning ikkinchi bosqichi, ya’ni korxonalarni boshqarish

samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish boshlanganini

e’lon qildi. Ko‘pgina millatchilarga qarshi chiqib, 1991-yildagi yer to‘g‘risidagi

qonunda yer nafaqat qirg‘izlarga, balki barcha Qirg‘iziston fuqarolariga

tegishli ekanligi haqida yozilishiga erishildi. Samarasiz foydalanilayotgan yerlar,

ya’ni barcha haydalma yerlarning 50 foizi davlat fondiga aylandi. Bu yerlardan

qishloq xo‘jalik ishlab chiqaruvchilar uchastkalarni egalik huquqlarini meros

qoldirish huquqi bilan 50 yil muddatga ijara olishardi. Bu xususiy xo‘jaliklar

sonining oshishi va mustahkamlanishining boshlanishi bo‘ldi.

Prezident farmoniga ko‘ra, 1996-yildan boshlab yerni ijaraga olish, sotish

va garovga berish mumkin bo‘ldi. Bu yerga bozor munosabatlarining joriy

etilishi edi. Ikki yildan so‘ng, 1998-yilda yerga xususiy mulkchilik to‘g‘risidagi

qonun qabul qilingandan keyin, uning hajmini qisqartirish va egalari doirasini

cheklashlar ishlab chiqildi. 90-yillarning ikkinchi yarmida oziq-ovqat

ishlab chiqarishi jonlana boshladi, ammo ko‘pchilik aholining turmush darajasi

deyarli yaxshilanmadi.

Mamlakat uchun nihoyatda zarur bo‘lgan rus mutaxassislari va yer

egalarining ko‘chib ketishlarini to‘xtatish maqsadida Prezident rus tilining

millatlararo so‘zlashuv tili deb tan olinishiga hamda, eng avvalo, Rossiya

madaniyati va fani yutuqlarini o‘rganish maqsadida Slavyan universitetining

ochilishiga erishdi. Mamlakat barcha fuqarolarining yerga egalik qilish

huquqining e’tirof etilishi uni ruslarga, o‘zbeklarga hamda boshqa millat

vakillariga berishga va bu bilan ko‘pgina mojarolarni bartaraf etishga imkon

berdi. Millatchi ekstremistlar va islom aqidaparastlarining millatlararo nizolar

319

urug‘ini sochishga bo‘lgan urinishlari bartaraf qilindi. Mamlakatni xalqaro



mojarochilardan himoya qilish maqsadida qurolli kuchlar barpo etildi. Ular

tez-tez ro‘y berib turgan islom aqidaparastlari to‘dalari hujumlarini qaytarib

turibdi. 2005-yilga kelib ahvol murakkablashdi. Hukumatga qarshi kuchlar

«Lola inqilobi» o‘tkazdilar. A. Akayev hokimiyatdan voz kechdi. Q. Bakiyev

vaqtinchalik prezidentlik lavozimini egalladi va ko‘p o‘tmay prezidentlikka

saylandi. Yechilmagan muammolar ko‘p.

Qirg‘iziston Rossiya Federatsiyasi va MDHning boshqa mamlakatlari

bilan hamkorlik bilangina cheklanmadi. Uning rahbariyati nafaqat Markaziy

Osiyo davlatlari, shu jumladan, O‘zbekiston bilan, balki Xitoy bilan ham

munosabatni mustahkamlashga urinmoqda. Mamlakat Markaziy Osiyo

davlatlari iqtisodiy integratsiyasi va Osiyoning 10 davlati iqtisodiy hamkorligida

ishtirok etmoqda, yuqori darajada rivojlangan ko‘pgina mamlakatlar:

AQSH, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi va boshqalar bilan moliyaviy-iqtisodiy va

texnik hamkorlik hamda savdoni rivojlantirmoqda. Mamlakat xavfsizligini

ta’minlashda qo‘shnilar bilan mos kelishuvlarga erishish hamda Shanxay

Hamkorlik Tashkilotida ishtirok etish muhim ahamiyatga ega.

Qirg‘izistonda YAIM 2007-yilga kelib 15,5 mlrd dollarga yetdi va aholi

jon boshiga 2764 dollarni tashkil etdi. To‘rtdan uch qismi tog‘likdan iborat

bo‘lgan bu mamlakatda YAIM ning 25 foizi sanoat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Sanoatning esa 40 foizini oltin ishlab chiqarish tashkil etadi. 2003-yilda

mamlakatda 22,5 tonna oltin qazib olindi va uni ishlab chiqarish bo‘yicha

MDH mamlakatlari ichida Rossiya va O‘zbekistondan keyin uchinchi o‘ringa

chiqdi. Rossiya bilan hamkorlikda Qirg‘iziston yiliga 2000 tonna uran ishlab

chiqaradi. 2006-yilda o‘rtacha ish haqi 80 dollarni tashkil etdi.

Turkmaniston Respublikasi

Turkmaniston — aholisi eng kam bo‘lgan Markaziy Osiyo respublikasi

edi. O‘sha vaqtlarda uning boy neft-gaz konlarining (butun dunyoda aniqlangan

gaz zaxiralarining uchdan bir qismi) qazilishi endi boshlangan, haydaladigan

yerning 70 foizida esa paxta yetishtirilar edi. Barcha qazib olish va ishlab

chiqarish federal markaz uchun xizmat qilardi, markaz esa aholining yashashi

(tirik qolishi) uchungina zaxiralar berardi. Bu aholining 70 foizini tashkil

etuvchi turkmanlar hamda ruslar, o‘zbeklar va boshqa millat vakillarining

an’anaviy befarqligi (konformistligi) va passivligini yana chuqurlashtirardi.

Faqatgina 1989-yilda Ashxabodda birinchi masjid qurildi, noroziliklar

namoyon bo‘ldi. Til va madaniyatni tiklash, iqtisodiy mustaqillikka erishish

uchun kurashuvchi harakatlar paydo bo‘ldi. Ammo bu yerda kompartiya

rahbariyati oshkoralikni boshqarib turar, «norasmiy elementlar» rivojlanishiga

to‘sqinlik qilar va islohotlarning yo‘nalishi, muddatlari hamda ko‘lamini

belgilab berardi.

320


Respublika suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiya Oliy Kengash tomonidan

1991-yil avgustida qabul qilindi. Oliy Kengash kompartiya rahbari

S. Niyozovni rais etib sayladi. SSSR amalda parchalanib bo‘lganidan so‘ng,

1991-yil oxirida referendum asosida Turkmaniston mustaqillikka erishdi va

umumxalq saylovlarida Niyozov uning Prezidenti etib saylandi. «Biz o‘ziga

xos yangi jamiyat quramiz va unga o‘z yo‘limiz bilan boramiz», — degan edi

Niyozov o‘z yo‘li haqida.

Prezident turkman an’analarining tiklanishini qo‘llab-quvvatladi va

ko‘pchilikka zarar yetkazmasdan islohotlarni amalga oshirish va yaqin

kelajakda Iroq hujumidan qutqarilgandan keyin mashhur bo‘lgan

Quvaytdagidek umumiy farovonlikni va’da qildi. Bu aholini o‘ziga rom

qilar va umid uyg‘otardi.

Millatlararo mojarolar, tarqoq liberal va demokratik guruhlarning chiqishlari

90-yillarning boshida bostirildi, ularning rahbarlari hibsga olindi yoki

muhojirlikka ketishdi.

1992-yilda yangi konstitutsiya qabul qilinishi bilan hokimiyat yanada

mustahkamlandi. Umumxalq saylovlarida saylanadigan prezident nihoyatda

keng vakolatga ega bo‘ldi va hokimiyatning har bir tarmog‘iga boshchilik

qildi. Qonun chiqarish Majlis — saylanuvchi parlamentga topshirildi. Ammo

qarorlarni qabul qiluvchi oliy vakillik organi Xalq maslahati bo‘ldi. U Prezident

tomonidan boshqarilar hamda hukumat boshlig‘i va a’zolari huquqni himoya

qilish organlari va viloyat rahbarlaridan iborat edi. Mamlakatda Niyozov

boshqarayotgan yagona partiya — Demokratik partiya qoldi. Aholini birlashtirish

uchun amnistiya (umumiy afv) e’lon qilindi, keyinchalik esa o‘lim

jazosi bekor qilindi.

Konstitutsiya qabul qilingandan keyin saylovchilarning 99,5 foizi Niyozovni

prezidentlikka qayta saylash, u ko‘rsatgan nomzodlarni majlisga saylash uchun

ovoz berdilar. Keyinchalik, bundan ham muvaffaqiyatliroq o‘tgan referendumda

Niyozovning vakolatini oshirish ma’qullandi va u Turkmanboshi hamda

turkmanlar otasi, degan unvonga ega bo‘ldi, 2000-yilda esa majlis uning hokimiyatining

muddatsizligi to‘g‘risidagi qonun qabul qildi. Turkmanboshining

portret va so‘zlari hamma joyda paydo bo‘ldi, ko‘chalar, korxonalar va shaharlar

uning nomiga qo‘yildi, poytaxtda uning ulkan, doim quyosh tomonga burilib

turuvchi haykali o‘rnatildi. Farovonlik to‘g‘risidagi rejalari uchun uni hamma

joyda — bolalar bog‘chasidan tortib Xalq maslahatigacha ulug‘lar edilar. Hatto,

uning obro‘siga va xalqning unga bo‘lgan muhabbatiga shubha qilish Turkmaniston

uchun zarar, deb baholanar edi. Nihoyat, uning tomondan odamlarning

hayot normalarini mustahkamlash uchun ishlab chiqilgan, hamma uchun

majburiy bo‘lgan «Turkmanlarning ma’naviyat kodeksi» qabul qilindi.

«Ruxnoma» kitobi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga kiruvchilar imtihon topshirardi,

u Qur’oni karim bilan tenglashtirildi. Turkmanboshi tuzumi mustabid

(totalitar) xarakterga ega bo‘ldi va siyosiy barqarorlikni kafolatladi.

Va’da qilingan farovonlikka erishish ancha qiyin bo‘lib chiqdi. Mamlakatdagi

ijtimoiy-iqtisodiy ahvol og‘ir edi. Rossiyadan olingan kreditlar tezda

321

qadrsizlandi. Gaz va paxtani Rossiya hamda MDHning boshqa davlatlariga



sotish na dollar, na yangi texnologiyalar keltirdi. Gaz qazib olish va paxta

yetishtirish, ularni yetkazib berishni ko‘paytirish hamda ular evaziga dollar

olish juda qiyin kechdi. Aholiga oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar yetishmas

edi. Pensiya va oyliklarni to‘lash kechikardi. Ayanchli statistik ma’lumotlar

e’lon qilinmas edi.

1992-yildan boshlab hukumat sanoatni rivojlantirish va bozor munosabatlarining

iqtisodiy poydevorini yaratishga qaratilgan «Barqarorlikning 10 yili»

dasturini qabul qildi. 1993-yilda milliy valuta — manat joriy qilindi. Uning

qiymati hamda narxlar hukumat tomonidan belgilanar edi. Xorijiy valuta

bilan muomala qilish taqiqlangan edi.

Boy mamlakatlarning hukumatlari Turkmanboshi rejimini ma’qullamasalar-

da, undagi barqarorlik, mamlakatning tabiiy boyliklari va arzon ishchi

kuchi hamda hukumatning bozor iqtisodiyotiga intilishi turkman paxtasi va

gazini sotib olishning kengayishiga, rejimga kreditlar berilishi va xo‘jalikka

investitsiyalar qo‘yilishiga yordam berdi. Eksportdan kelgan mablag‘lar va

kreditlarni hukumat undirma va to‘qimachilik sanoatiga sarflar edi. Bu sohalar

uchun eng yangi texnologiya hamda jihozlar sotib olindi. 90-yillarning ikkinchi

yarmida gaz va neft qazib olish o‘sa boshladi va paxtaning asosiy qismi

yangi korxonalarda qayta ishlana boshladi, bozorga to‘qimachilik mahsulotlari

chiqarila boshlandi. Ishlab chiqarishning o‘sishi to‘la bandlikni ta’minladi.


Yüklə 2,02 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   42




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə