Harbiy raxbar faoliyatida pedagogik qobiliyat


Qadimgi Sharq mutafakkirlari pedagog mahorati haqidagi fikrlari



Yüklə 340,13 Kb.
səhifə18/18
tarix30.12.2023
ölçüsü340,13 Kb.
#167739
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   18
Mustaqil ish HRM

1.Qadimgi Sharq mutafakkirlari pedagog mahorati haqidagi fikrlari.
Insoniyat tarixining barcha bosqichlarida yosh avlod tarbiyasi, komil insonni tarbiyalab yetishtirish masalasi eng muhim vazifalardan sanalib kelingan. Shu sababli, har doim o‘qituvchi va tarbiyachiga alohida hurmat va e’tibor ko‘rsatilgan. Shu bilan birga ularning kasbiy mahoratiga, bilim saviyasiga, axloqiy sifatlariga yuksak talablar qo‘yib kelingan.
Ma’lumki, umumiy ta’lim maktablarida, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarida yoshlarga ta’lim-tarbiya beruvchi mutaxassisni o‘qituvchi, muallim, pedagog, ustoz, mudarris, domla deb yuritiladi. O‘qituvchilik eng qadimiy va boqiy kasblardan hisoblanadi. O‘qituvchilik kasbining, u bilan birga pedagogika ilmining, pedagogik axloqning vujudga kelishi tarbiyaning paydo bo‘lishi, ya’ni insonlar to‘plagan yurish-turish, xatti-harakatlar, mehnat sohasidagi dastlabki tajribalarni, urf-odatlarni, aqliy, axloqiy, ilohiy bilimlarni yoshlarga o‘rgatish; yozuv ixtiro qilingach o‘qish, yozishni o‘rganish uchun tashkil etilgan dastlabki maktablarning paydo bo‘lishi bilan uzviy bog‘liq.
Odamlar to‘plagan turmush tajribasini yoshlarga o‘rgatish, ularni hayotga, mehnat faoliyatiga tayyorlash ehtiyoji natijasida qadim zamonlardayoq ta’lim va tarbiya mustaqil ijtimoiy faoliyat sifatida paydo bo‘ldi.
Materialistik ta’limotga ko‘ra ibtidoiy tuzum davrida tarbiya mehnat jarayonida vujudga kelgan, jamoada amalga oshirilgan; yoshlarga mehnat ko‘nikmalari, jamoaning urf-odatlari, marosimlarini bajarish o‘rgatilgan. Ibtidoiy jamoa tuzumining urug‘chilik bosqichida tarbiya ijtimoiy vazifa sifatida ajralib chiqqan, ya’ni keksa yoshdagi kishilar bolalarni tarbiyalash ishi bilan shug‘ullangan. Bolalar tanasini chiniqtirish, chidamlilikka o‘rgatish, harbiy-jismoniy mashqlarni bajartirishga ko‘proq e’tibor qaratilgan.
Ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilish davrida bola tarbiyasi oilada amalga oshiriladi. Ayrim kishilar tajriba natijasida dehqonchilik, chorvachilik, tabibchilik, kasb-hunar sohalarida to‘plangan aqliy, axloqiy bilimlarni o‘z bolalariga, yaqin kishilar va hukmdorlarning bolalariga o‘rgata boshlaydilar.
Ilohiy ta’limotga ko‘ra tarbiya bu o‘zligini anglash, o‘z-o‘zini boshqarish, tevarak atrofdagi olamni bilib olish, yer yuzida va jannatda yashash uchun hozirlik ko‘rish, tangri dargohiga intilishdan iborat. Dinlar paydo bo‘lgach, diniy tarbiya muqaddas kitoblardagi g‘oyalar asosida ota-onalar yoki maxsus tayyorlangan kishilar tomonidan amalga oshirila boshlagan.
Imom Buxoriyning «Al-jomih as-sahih» asarining «Ilm kitobi» bo‘limida (Hadis. Birinchi kitob. Toshkent, 1991, 28-51-betlar) ilm egallash fazilati va xosiyatlari, ilm o‘rganish va o‘rgatish odobi to‘g‘risida fikrlar berilgan. Bu yerda ilm egallash odobining 54 qoidasi haqida hikoya qilingan. Ularda payg‘ambarimiz Muhammad SAV ning ilm o‘rgatish va o‘rganishga doir pand-nasihatlari bayon etilgan. Islom dini qabul qilingan mamlakatlarda maktab va madrasalarda saboq bergan mullalar (muallimlar), mudarrislar va tolibi ilmlar bir necha asrlar davomida bu pand-nasihatlarga amal qilganlar. Ularning tahlili ilm o‘rgatuvchi va o‘rganuvchilarga nisbatan quyidagi didaktik talablarni qo‘yadi va axloqiy-pedagogik g‘oyalarni ifodalashga imkon beradi:
– ilm beruvchining ovozi tinglovchilarning hammasiga eshitilarli, me’yorida bo‘lishi;
– ilm mazmunini «aytgan edilar, xabar beradilar, guvohlik beradilar» kabi samimiy yoqimli so‘zlar bilan ifodalash;
– biror ta’limiy yoki tarbiyaviy masalani o‘rtaga tashlab, muhokama, munozara yo‘li bilan o‘rgatish;
– ilm o‘rganish va o‘rgatish uchun ma’lum kunlarni qat’iy belgilab qo‘yish;
– ilmni fahmlab, teran tushunib, anglab o‘rganish, esda mustahkam saqlash;
– teran tushunilgan, yaxshi anglab olingan ilmlarni yod olish;
– ilm o‘rgatish jarayonida bolaga, lozim hollarda, tanbeh berish mumkinligi;
– kishi ilmni o‘zi o‘rganib, o‘zgalarga ham o‘rgatishi, ilmga o‘zi amal qilishi zarurligi;
– ilmning susayishi, ilmga e’tiborsizlik jamiyatni muqarrar inqirozga yetaklashini tushunish;
– ilmni oson, yengil qilib, odamlarni bezdirmay o‘rgatish;
– ilmni so‘rab bilib olish, ilm o‘rganishda uyalmaslik, o‘zi uyalsa, boshqa birov orqali so‘rab bilib olish lozimligi;
– ilmga doir savol bergan odamga so‘raganidan ko‘ra ko‘proq javob qaytarish;
– bilim tinglovchiga tushunarli bo‘lishi uchun har bir gapni bir necha marta (uch bor) qaytarishning afzalligi;
– ilmni ishtiyoq bilan o‘rganishning afzalligi;
– ayollarga ham ilm o‘rgatish lozimligi;
– eshitganni yaxshiroq bilib olish, mukammal tushunish uchun qayta so‘rash joizligi;
– ilmni bilgan kishi bilmaganga, eshitganlar eshitmaganlarga yetkazishi lozimligi;
– ilm berayotgan ulamoning so‘zlariga jim turib, diqqat bilan quloq solishning ma’qulligi;
– odamlarga juda oz bilishlarini anglatish;
– ilmni tushunishni, ilm olishni istamagan kishi o‘rniga ilmni tushunadigan qavmga (kishilarga) o‘rgatish joizligi.
Islom ta’limotida bayon etilgan bu didaktik g‘oyalar musulmon maktablarida o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasidagi muomala munosabatlarini tartibga soluvchi axloqiy qoidalar sifatida amaliyotda qo‘llanilgan. Ular Markaziy Osiyoda yashagan allomalarning tarbiyashunoslikka doir ta’limotlari uchun ilmiy zamin vazifasini ham bajargan.
Axloqiy pand-nasihatlarning, ta’lim-tarbiyaning ijodkori ham, asrlar davomida yoshlarni kamolot sari yetaklab, ularga hayot ilmini, turmush saboqlarini o‘rgatib kelgan to‘ng‘ich tarbiyachi ham hayot, xalqdir. Yer yuzidagi barcha kishilar singari turkiy qabilalar ham qadim zamonlardayoq hayotiy ehtiyoj taqozosi bilan o‘z bolalarini sog‘lom, baquvvat, mehnatsevar, katta-kichiklarni izzat-hurmat qiladigan, xushaxloq, botir, jamoani, Vatanni himoya qila oladigan mard kishilar bo‘lib ulg‘ayishlarini orzu qilganlar. Tarbiya sohasida to‘plagan tajribalarini, orzu-istaklarini umumlashtirib, maqol, topishmoq, ertak, rivoyat, hikoyat, doston kabilar shaklida ifodalab yoshlarga, oila a’zolariga, boshqalarga o‘rgatganlar. Shu tariqa o‘zbek xalq pedagogikasi vujudga kelgan. Unda ijobiy axloqiy sifatlar, fazilatlar ulug‘lanadi, salbiy illatlar esa qoralanadi.
O‘zbek xalq pedagogikasining shaxs va jamiyat uchun foydali, ilg‘or, axloqiy g‘oyalari og‘izdan-og‘izga, avloddan-avlodga o‘tib, milliy oilaviy urf-odatlar, an’analar sifatida bizgacha yetib kelgan.
O‘zbek xalq pedagogikasi asarlarida murabbiy, ustoz eng hurmatli, mo‘tabar inson sifatida ulug‘lanadi. «Ustoz otangday ulug‘», «Ota-ona bolani dunyoga keltiradi, ustoz esa uni yuksaklikka, osmonga ko‘taradi» kabi hikmatlarda murabbiy, ustozlarning mehnati, qadr-qimmati ulug‘lanadi.
Qayum Nosiriyning «Favoqih al julaso» («Do‘st bog‘ining mevalari») asarida shunday bayon etiladi:
«Bir kuni Iskandardan:
– Sen ustozingni onangdan ko‘ra yaqinroq hurmat qilar ekansan, Shu rostmi?» – deb so‘radilar.
– Ha, – deb javob berdi Iskandar, – ona meni yo‘qlik osmonidan olib tushdi, ustozim esa yerdan ko‘kka ko‘tardi».
Ko‘plab hikmat va maqollar o‘rin olgan «Otalar so‘zi» nomli asarda esa shunday hikoyat keltirilgan.
«Buzurgmehrdan:
– Nima uchun ustozingni otangdan afzalroq hurmat qilasan? – deb so‘radilar.
– Chunki otam meni o‘tkinchi hayotga olib keldi, ustozim esa boqiy hayot bag‘ishladi, – deb javob berdi».
Yuqorida bayon etilgan fikrlardan ko‘rinadiki, xalqimiz ustozlarga, o‘qituvchilarga, tarbiyachilarga juda katta hurmat va etibor qaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, ulardan juda katta ma’sul iyat, bilimdonlik, mahorat, fidoyilik talab qiladi.
«Otalar so‘zi» asarida shunday satrlar keltirilgan:
«O‘zi haqida o‘ylamay, faqat elga bilim berish haqida o‘ylagan olim kishi xuddi shamga o‘xshaydi, u o‘zini yondiradi va xalqni ziyoli qiladi».
«Haqiqiy olim shunday kishiki, uning so‘zi, o‘yi, fikri va ishi bir xil bo‘ladi».
«Olimning yomonligi kemaning sinishiga o‘xshaydi. Chunki kema sinsa ham o‘zi cho‘kadi, ham o‘zgalarni cho‘ktiradi».
«Olim qachonki o‘zining barcha his-ehtiroslarining ustidan hokim bo‘lolsa, shundagina uni olim deyish mumkin».
«Olimlar bilan o‘tirsang, foyda olasan, Chunki gul yonida o‘tirgan odamga gul hidi urib qoladi».
«Olim ko‘r bo‘lsa ham dunyoni ko‘radi. Johil sog‘ bo‘lsa ham uzoqni ko‘rmaydi».
«Odamning eng yomoni nodon bo‘lib, foyda keltirmaganidir».
O‘rta asr sharqning mashhur mutafakkiri, qadimgi Yunon ilmi va falsafasining sharqdagi eng yirik targ‘ibotchisi va uning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, «ikkinchi muallim» nomini olgan Abu Nasr al-Forobiy (873 – 930) o‘z asarlarida har bir kishi jamiyatga, davlatga munosib inson bo‘lishi uchun ta’lim va tarbiya olishi lozim deb hisoblaydi. «Yoshlarga ta’lim va tarbiya beradigan ustoz shogirdiga nisbatan juda qattiq zug‘um qilishga intilmasligi, shuningdek, haddan tashqari ko‘p yon berishga ham intilmasligi lozim, Chunki ortiqcha zug‘um shogirdda ustozga nisbatan nafrat uyg‘otadi, bordi-yu, shogird ustozning juda ham yumshoqligini ‘ayqab qolsa, bu hol ustozni mensimaslikka va u beradigan bilimga sovishiga olib keladi», – deb yozadi Forobiy.
Forobiyning ta’kidlashicha, har bir kishining fel-atvoriga qarab tarbiya ikki usul – ixtiyoriy va majburiy usullar bilan amalga oshirilishi mumkin. Bordi-yu, tarbiyalanuvchilar fan va hunar o‘rganishga moyillik bildirsalar, ularga nisbatan ilhomlantirish, rag‘batlantirish usuli qo‘llaniladi; aksincha, mabodo ular o‘zboshimcha va itoatsiz bo‘lsalar, majburiy usulni qo‘llash mumkin.
Musulmon maktabida ishlaydigan kishilardan ziyrak, aqlli va axloqli odam bo‘lish talab etilgan. Xalq aqlli kishilarni dono deb ataydi. Farobiyning ko‘rsatishicha, aqlli kishi – o‘tkir zehn-idrokli, fazilatli bo‘lishi, o‘zining qobiliyati va idrokini yaxshi ishlarga yo‘naltirishi, yomon ishlardan o‘zini saqlashi lozim. Farobiy «Aql to‘g‘risida» nomli risolasida o‘zida o‘n ikki xislatni birlashtirgan kishinigina axloqli odam deb hisoblaydi. Bu hislatlar qatoriga quyidagilar kiradi:
– odamda barcha organlar mukammal taraqqiy etgan bo‘lishi;
– barcha masalalarni tezda va to‘g‘ri tushuna olishi;
– xotirasi baquvvat, zehni o‘tkir bo‘lishi;
– so‘zlari aniq, fikrni ravon bayon eta olishi;
– o‘qishga muhabbatli bo‘lishi;
– Me’yorga amal qila olishi;
– haqiqatni va haqiqat tarafdorlarini sevadigan, yolg‘onchilarga nafrat bilan qaraydigan bo‘lishi;
– g‘urur va vijdonini qadrlaydigan bo‘lishi;
– mol-dunyoga mukkasidan ketmagan bo‘lishi;
– adolatni sevadigan, jabr-zulm o‘tkazuvchilarga nafrat bilan qaraydigan bo‘lishi;
– qat’iylik ko‘rsata olishi;
– qo‘rqmas va jasur bo‘lishi.
Sanab o‘tilgan hislatlarni umumlashtirgan holda quyidagi fikrni bildiradi: «O‘qituvchi aql-farosatga, chiroyli nutqga ega bo‘lishi va o‘quvchilarga aytmoqchi bo‘lgan fikrlarni to‘la va aniq ifodalay olishni bilmog‘i zarur. Shu bilan birga o‘z or-nomusini qadrlashi, adolatli bo‘lishi lozim. Ana Shundagina u insoniylikning yuksak darajasiga ega bo‘ladi va baxt cho‘qqisiga erishadi», deb ta’kidlaydi Farobiy. Mutafakkir Farobiy o‘qituvchi shaxsiga xos qator fazilatlarga xolisona, oqilona sharh berish imkoniyatiga erishgan buyuk zotdir. Shuning uchun mazkur sharhlar, ilmiy ilovalar, teran fikrlar, ibratli mulohazalar hozirgi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.
Buyuk qomusiy olim, faylasuf, pedagog Abu Rayhon Beruniy (973 – 1048) ning pedagogik ijodida inson va uning baxt-saodati, ta’lim-tarbiyasi, kamoloti bosh masala bo‘lgan.
Buyuk pedagog olim tarbiyaning maqsadi, vazifalari va roli, inson, yosh avlodning rivojlanishi haqidagi fikrlari chin ma’noda insonparvarlik va insonshunoslik asosiga qurilgan.
Bilish va tarbiyaning tabiatga uyg‘unlik printsiplarini Beruniyning hamma asarlarida kuzatish mumkin. Beruniy insonni tabiatning bir qismi deb biladi. Tabiat va jamiyat ilmini o‘rganishda «o‘zim tekshirib ko‘rmaguncha ishonmayman» degan shiorga butun umr amal qildi.
Beruniy o‘sha vaqtda keng tarqalgan o‘qitishning sxolastik metodlariga qarshi chiqib, «o‘quvchini hamma narsaga o‘rgatish» san’atiga, tabiat ko‘rsatmalariga asoslanishga, bolaning shaxsiy xususiyatlarini hisobga olishga chaqirgan edi. «Maqsad gapni cho‘zish emas, – deydi Beruniy, – balki o‘quvchini zeriktirmaslik. Chunki doimo bir xil narsaga qarayverish malollik va sabrsizlikka olib keladi. O‘quvchi fandan-fanga o‘tib tursa, turli bog‘larda yurganga o‘xshaydi. Birini ko‘rib ulgurmay, boshqasi boshlanadi va o‘quvchi «Har bir yangi narsada o‘ziga yarasha lazzat bor» deyilganidek, ularni ko‘rishga qiziqadi va ko‘zdan kechirishni istaydi. Bir xil narsa charchatadi, xotiraga malol keltiradi», – deb yozgan.
Beruniy ta’lim jarayonining tabiatiga chuqur kirib borib, bolalarning yosh xususiyatlarini hisobga olish asosiga qurilgan o‘qitish tabiatga uyg‘unligini uqtiradi.
Beruniy o‘qitish jarayonida bolalarga tushunarli bo‘lmagan so‘zlarni quruq yodlashga qurilgan ta’limni qattiq qoralaydi. U yozadi: «Tushunish yodlashdan yaxshiroq va afzaldir». Ikkinchi bir asarida esa bu talabni chuqurlashtirib, «kuzatishning ko‘pligi ko‘rilgan narsalarni eslab qolish qobiliyatini yaratadi» degan fikrni bildiradi.
Beruniyning pedagogik g‘oyalaridan eng muhimi bilimni puxta va mustahkam egallash zarurligidir. Tarbiyashunos olim o‘quvchiga murojaat qilib, shunday deydi: «Biliming shunday bo‘lishi kerakki, u yalang‘ochligingda ham o‘zingda qolsin, bilimingni hammomdagi ho‘llik ham yuvolmasin».
Bilimlarning o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi, ta’limda samaradorlikka erishish uchun Beruniy quyidagilarga amal qilishni tavsiya etadi:
– sezgi organlarining ma’lumotlariga ko‘ra bilishni davom ettirish;
– fanni o‘rganayotganda fikrlash, xotirlab esga olish;
– o‘rganilayotgan ilmlarni to‘la bilib olish uchun o‘sha ilmni tashkil etib turgan elementlarni puxta o‘rganib chiqish;
– bilishda oddiydan murakkabga, ma’lumdan noma’lumga, yaqindan uzoqqa, osondan qiyinga, dalillardan xulosalarga qarab borish;
– uzoq o‘tmishga oid bilimlarni o‘rganganda shu ilm, fan tarixini o‘rganish;
– hodisalarni, fan asoslarini bir-birlariga taqqoslab, solishtirib har tomonlama o‘rganish.
Abu Ali ibn Sino (980 – 1037) o‘rta asrda yetishgan buyuk donishmand edi. U falsafa, tabobat, falakkiyot, ekologiya, botanika, geologiya, musiqa, adabiyot kabi fan sohalariga bag‘ishlab asarlar yozgan. U o‘z asarlarida ta’lim-tarbiyaga oid qimmatli fikrlarni ham keltirgan. Uning fikricha, tarbiya yagona jarayon bo‘lib, yoshlarga aqliy, jismoniy, nafosat, axloqiy tarbiya berishni va hunar o‘rgatishni nazarda tutadi. «Tib qonunlari» asarida bolani olti yoshdan o‘qitish va tarbiyalash uchun muallimga topshirish haqida so‘z yuritiladi. Ibn Sino ta’lim jarayonida quyidagi qoidalarga amal qilish lozimligini ta’kidlaydi:
– o‘qitishda oddiydan murakkabga qarab borish;
– bolaning qobiliyat va mayllarini e’tiborga olish;
– bolaga kuchi yetadigan mashqlarni bajartirish;
– ta’limni jismoniy mashqlar bilan qo‘shib olib borish.
Bolaga ta’lim va tarbiya berish uchun sahovatli, dono, iymonli, axloqiy va aqliy tarbiya usullarini yaxshi biladigan, irodasi kuchli muallim va tarbiyachini tanlash zarur. Muallim sog‘lom, pok, halol, xushmuomala kishi bo‘lmog‘i lozim. Barkamol inson qilib yetishtirish uchun tarbiyachi bolani o‘rni bilan rivojlantirishni ham, o‘rni bilan jazolashni ham bilsin. Vaqti-vaqti bilan bolani maqtab, yomon xulqini qoralab, yaxshi qiliqlarini o‘z vaqtida rag‘batlantirib ham turishi kerak.
«O‘qituvchi matonatli, sof vijdonli, rostgo‘y va bolani tarbiyalash uslublarini, axloq qoidalarini yaxshi biladigan odam bo‘lmog‘i lozim. O‘qituvchi o‘kuvchining butun ichki va tashqi dunyosini o‘rganib, uning aql qatlamlariga kira olmog‘i lozim», - deydi ibn Sino.
Ibn Sinoning ko‘rsatishicha, muallim avvalo bolaga Qur’on ta’limotini o‘rgatishi lozim, so‘ngra bolaning nimaga qiziqishini, qaysi fanga, kasbga yoki san’atga mayli borligini aniqlashi zarur. Bilim va hunarni bolaning hayot kechirish va yashash vositasi deb bilsin. So‘ngra biror kasb-hunarni mukammal o‘rganishi kerak. Ilm va hunar o‘rganayotganda bolaning qobiliyati, qiziqishi va mayllarini e’tiborga olish zarur. Aks holda ta’lim va tarbiya kutilgan natija bermaydi. Shuning uchun muallim bolaga ta’lim berishga kirishishdan oldin o‘quvchining xarakterini o‘rganishi va bilim darajasini aniqlashi kerak. Bunda avvalo bola diqqatining xususiyatlarini, qiziqishlarini va qobiliyatlarini e’tiborga olib, unga qaysi hunar yoki san’atni o‘rganishi mumkinligini ko‘rsatishi kerak.
Boshqalarga bilim, ziyo tarqatuvchi, tarbiya beruvchi insonlar haqida so‘z yuritar ekan, Ibn Sino Shunday deydi: «Ma’rifatchi (orif) botir odam bo‘ladi, shunday bo‘lmay ham bo‘larmidi! U o‘limdan ham qo‘rqmaydigan, sahovat egasi bo‘ladi, shunday bo‘lmay ham bo‘larmidi! U barcha behad narsalarga hirs qo‘yishdan uzoq va barcha adashganlarga mehribondir, Shunday bo‘lmay ham bo‘larmidi! U o‘z nafsoniyati bilan ulug‘vor bo‘ladi, shunday bo‘lmay ham bo‘larmidi!».
Alisher Navoiy (1441 – 1501) o‘zbek adabiyotining asoschisidir. Shu bilan birga, u pedagog-mudarris hamdir. O‘z asarlarida, ayniqsa «Mahbub-ul-qulub» asarida kasb axloqi, turli guruh kishilarining odobi, mahorati masalalarini maqolatlar shaklida yoritadi. U ta’lim-tarbiya masalalariga alohida e’tibor berar ekan, tarbiya jarayonlarini, axloq-odob talablarini ko‘rsatadi. Ta’limda ilmiylik, asoslanganlik, tarixiylik kabi printsiplarni asos qilib oladi. O‘z davridagi musulmon maktablarining yutuq va kamchiliklarini tahlil qiladi. O‘qituvchi odobi, muallimlik kasbi, mudarrislar, maktabdorlar to‘g‘risida gapirar ekan, muallim o‘z shogirdlarini va ta’lim berayotgan fanini sevishi zarur deydi. O‘ziga ham, o‘quvchiga ham talabchan bo‘lishi lozimligini uqtiradi. O‘qituvchi jamiyatda obro‘li va hurmatga loyiq insondir, deb hisoblaydi. Shogirdlar muallimni hurmat qilishlari, e’zozlashlari zarurligini uqtiradi.
Alisher Navoiy o‘z zamonasidagi maktabdorlar (muallimlar) haqida gapirib, ular bolalarga jabr qilish, azob berish, kaltaklashga o‘rganib qolishganini tanqid qiladi. Ular toshbag‘ir, darg‘azab, gunohsizlardan achchiqlanishga odatlanishgan. Muallimlardagi bu salbiy sifatlar tarbiya jarayonining qiyinchiliklaridan, bolalarning tabiati, fel-atvori, fahm-farosati turli-tumanligi ta’sirida vujudga keladi, deb hisoblaydi.
Navoiyning «Mahbub-ul-qulub» asarida o‘qituvchi odobiga doir quyidagi talablar bayon etilgan:
– mudarris ota-onasining mansabi, boyligiga qarab bolaga muomala qilmasligi lozim;
– gerdayish, manmanlik, ta’magirlik, nodonlik kabi illatlar o‘qituvchi axloqiga yot sifatlardir;
– muallim yaramas ishlardan, nopoklikdan yiroq bo‘lishi kerak;
– xalq nazarida olim hisoblanadigan mudarrislar yomon ishlardan, fisqu-fasoddan o‘zlarini tiya bilishlari zurur.
O‘qituvchining kasb mahoratini tarbiyalashning mohiyati to‘g‘risidagi mulohazalar «Qobusnoma», «Qutadg‘u bilig» kabi buyuk asarlarda ham bayon etib berilgan. Chunki bu asarlarning barchasi odobnomaning xuddi o‘zginasi bo‘lganligi sababli tarbiyachi-murabbiyning o‘ziga xos xislatlarining shakllanishi bosqichlari ifodalab berilgan.
XIX–XX asrlarda davom etgan Turkistondagi jadidlar harakatining asoschilaridan biri, buyuk ma’rifat’parvar o‘qituvchi, mohir tadqiqotchi Abdulla Avloniy ta’lim tizimini, o‘qitishni takomillashtirib, o‘qituvchilar malakasini oshirish, bo‘lg‘usi o‘qituvchini tayyorlash muammolariga mutlaqo yangicha yondashgan olimdir. Uning fikricha, ijodiy izlanish, o‘qish va o‘qitishning yangi shakli, uslub hamda vositalarini qidirish o‘qituvchining eng muhim sifatlaridan biri hisoblanadi.
Shunday qilib, O‘rta Osiyo mutafakkirlari va o‘zbek ma’rifatparvarlari o‘qituvchi kuchli xotiraga, iroda va tafakkurga, aql-zakovatga, chiroyli nutqqa ega bo‘lishi, ko‘zlagan maqsadni amalga oshirish yo‘lida jonbozlik, qat’iyatlik ko‘rsatishi, o‘quvchilarning ruhiy dunyosiga to‘g‘ri yo‘l topa olishi, ularga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishi, vijdonli, samimiy, odobli, nazokatli, ishchan, ma’sul shaxs sifatida faoliyat ko‘rsatishi zarur ekanligini o‘z asarlarida ta’kidlab o‘tadilar.
2.Qadimgi Yunoniston va Qadimgi Rim faylasuflarining pedagog mahorati haqidagi fikrlari.
Eramizdan oldingi oltinchi asrdan milodiy beshinchi asrgacha o‘tgan davrda Yunonistondagi quldorlik davlatlari va Rim imperiyasida bir qadar demokratik tartiblar, respublika boshqaruvi o‘rnatildi. Bu yerda o‘ziga xos ta’lim-tarbiya tizimlari va pedagogik ta’limotlar yaratildi. Yunonistonlik olimlar – Demokrit (460-370), Suqrot (469-339), Aflotun (427-347), Arastu (383-322), Shuningdek mashhur Rim pedagogi Kvintilian (42-118)lar o‘z asarlarida ta’lim-tarbiya, o‘qituvchi axloqi, mahoratiga doir pedagogik nazariyalar yaratdilar.
Masalan, Demokrit tarbiyaning tabiatga mosligi g‘oyasini o‘rtaga qo‘ygan. O‘qitish jarayonida bolalarning qiziquvchanligini hisobga olish zarurligini uqtirgan. Ta’limning kishi tabiatini o‘zgartiruvchi qudratli kuch ekanligini, o‘qitishda majburlash usulidan ko‘ra, ishontirish vositasidan foydalanish afzalligini, salbiy namunalarning zararliligini ta’kidlagan edi.
U tarbiyada mehnatning roli muhimligini ko‘rsatib, pedagoglar, ota-onalar bolani yomon o‘rnakdan ehtiyot qilib, yaxshi xulq hosil qilish uchun foydali xatti-harakatlarni ko‘proq qildirishlari lozim, degan edi.
Aflotun bola tarbiyachiga itoat qilishi zarurligi to‘g‘risidagi g‘oyani ilgari suradi. U bolani muttasil nazorat qilib borish; uning yaxshi xulqi, itoatkorligini rag‘batlantirish, itoatsizlik qilsa – qo‘rqitish va urib ham to‘g‘ri yo‘lga solish lozimligini ta’kidlaydi. «Agar pedagog yoki ota-ona, – degan edi u, – bolaga: mana bu – adolatli, bu esa – adolatsiz; bu ishni qilish yaxshi, bu esa – uyat; bu narsa – muqaddas, bu esa – nopoklik; bu ishni qilish kerak, buni qilmaslik lozim, deb aytmasa va ko‘rsatmasa bolani tarbiyalay olmaydi».
Arastuning «Iskandarga nasihat»ida bayon etilgan pedagogik g‘oyalar yoshlarni axloqiy tarbiyalash nuqtai nazaridan hamon qimmatini yo‘qotmagan. Shuningdek, Arastuning «Afina siyosati» asarida tasvirlangan afinaliklarning o‘qituvchilarni saylash taomili ham o‘qituvchi bobida diqqatga sazovordir. Chunonchi, muallimdan yoshlarda sinfiy burchga sadoqat, intizomlilik, davlatni boshqara olish kabi axloqiy fazilatlarni tarbiyalash talab etilgan. Saylab qo‘yish – o‘qituvchi-tarbiyachilar zimmasiga katta majburiyatlar yuklagan. Bu taomil Afina davlatida pedagoglik ishining ommaviyligini, unga katta e’tibor berilganligini ko‘rsatadi. O‘qituvchi etib saylangan kishi unga davlatning kelajagi – yoshlarni tarbiyalashdek ulug‘ vazifa ishonib to‘shirilganligidan fahrlangan. Davlat va tarbiyalanuvchilar bilan o‘qituvchi o‘rtasidagi muomala, munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarga amal qilish talab etilgan.
Rim pedagoglaridan eng mashhuri – Mark Fabiy Kvintilian «Notiqni tarbiyalash to‘g‘risida» nomli asarida pedagogik muammolarni, shuningdek, o‘qituvchi odobiga doir masalalarni ham bayon etadi. Kvintilian o‘z zamonasidagi Grek va Rim pedagogik g‘oyalarini yaxshi o‘rganib, notiqlar maktabida ko‘p yillar o‘qituvchilik qilib orttirgan katta tajribasini umumlashtirdi. Uning fikricha, bola maktabda ta’lim-tarbiya olishi lozim. O‘qituvchi o‘zi tarbiyalayotgan har bir bolaga ehtiyotlik bilan va e’tibor berib muomala qilishi kerak, Chunki befahm va qobiliyatsiz bola kamdan-kam uchraydi. O‘qituvchining o‘zi o‘qimishli bo‘lishi, bolalarni sevishi, o‘zini yaxshi tuta bilishi, bolalarni bo‘lar-bo‘lmasga maqtayvermasligi yoki jazolayvermasligi, o‘z shogirdlari uchun o‘rnak bo‘lishi va ularni sinchiklab o‘rganishi lozim. Har bir o‘qituvchi o‘qitishning hamma bosqichlarini o‘tishi kerak. Yuqori tipdagi maktab o‘qituvchisi, avvalo boshlang‘ich maktabda muallimlik qilishi maqsadga muvofiq. Muallim va tarbiyachilarning talaffuzi yaxshi bo‘lishi kerak.
O‘qituvchi odobi va mahoratining tarixiy ildizlari haqida gap borar ekan, qadimgi Yunoniston va Rim pedagoglarining yuqorida keltirilgan g‘oyalarini tilga olish o‘rinlidir. Chunki Markaziy Osiyoda yashagan mutafakkirlar Hindiston, Xitoy kabi sharq mamlakatlari madaniyati, ilm-fani, pedagogikasi bilan bir qatorda qadimgi Yunoniston, Rim madaniyati, falsafasi, pedagogikasiga ham e’tibor berganlar. Jahon allomalarining ilmiy aloqalari, ma’rifatparvarlik, pedagogik, axloqiy ta’limotlari Markaziy Osiyoda pedagogika sohasidagi fikrlar taraqqiyotining tarixiy ildizlaridan biridir.
Tayyorladi: J.Egamberdiyev
Yüklə 340,13 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   18




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə