Himoya qoplamalarini hosil qilish texnologiyasi


Nazorat savollari va topshiriqlar



Yüklə 3,52 Mb.
səhifə37/40
tarix13.04.2023
ölçüsü3,52 Mb.
#105416
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   40
Himoya qoplamalarini hosil qilish texnalogiyasi

Nazorat savollari va topshiriqlar
Issiqlik izolyatsiyasi qanday turlarga bo‘linadi?
To‘shaladigan issiqlik izolyatsiyasining hosil qilinish tartibini tushuntiring.
Mastikali issiqlik izolyatsiyasi qanday materiallardan hosil qilinadi?
Quyiladigan issiqlik izolyatsiyasining hosil qilinish tartibini tushuntiring.
O‘raladigan issiqlik izolyatsiyasi qanday materiallardan hosil qilinadi?
Yig‘ma-blokli issiqlik izolyatsiyasining hosil qilinish tartibini tushuntiring.
Yig‘ma-blokli issiqlik izolyatsiyasi qanday afzalliklarga ega?
Issiqlik izolyatsiyasining sifati qanday nazorat qilinadi?
Issiqlik izolyatsiyasi ishlarini bajarishda mehnat muhofazasi bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ko‘zda tutiladi?

4-BOB


Korroziyadan himoyalovchi qoplamalarni hosil qilish

4.1. Korroziya to‘g‘risida umumiy ma’lumotlar.


Korroziya atamasi lotincha «corrodere» so‘zidan olingan bo‘lib, biron-bir narsani o‘ymoq, shilmoq, yeb qo‘ymoq, kemirmoq ma’nolarini anglatadi. Korroziya atrof-muhitning kimyoviy, fizik-kimyoviy ta’sirida metallarning o‘z-o‘zidan yemirilishidir. Keng ma’noda olib qaralganda faqatgina metallar emas, balki istalgan materiallar: beton, plastmassa, yog‘och, asbesttsement, rezina, keramik materiallar ham korroziyaga uchraydi. Korroziya natijasida materiallarning zanglashi, chirishi, yemirilishi, nurashi va buzilishi yuzaga keladi.
Korroziya mamlakatlarning xalq xo‘jaligiga katta zarar keltiradi. Sanoati rivojlangan davlatlarda korroziya keltiradigan yillik zarar yalpi ichki mahsulotlarning 3-5 foizini tashkil etadi, metallar nobudgarchiligi esa 20 foizgacha yetadi.
Korroziya keltiradigan zarar materiallar narxi va yaroqsiz holga kelgan konstruktsiya, jihoz va turli buyumlarni tayyorlash uchun sarflanadigan harajatlar yig‘indisidan tarkib topadi.
Korroziya ro‘y berish mexanizmiga ko‘ra kimyoviy va elektrokimyoviy turlarga bo‘linadi. Elektrokimyoviy korroziya ko‘p tarqalgan tur hisoblanadi. Korroziyaning ro‘y berish jarayonlarini o‘rganish asosida turli materiallarni korroziyadan himoyalash metodlari ishlab chiqiladi.

4.2. Bino va inshootlar konstruktsiyalarini korroziyadan himoyalash usullari.


Qurilish konstruktsiyalarini korroziyadan dastlabki himoyalashda ular sirtida korroziyaga bardoshli qoplamalar hosil qilinadi. Zarur bo‘lgan hollarda konstruktsiyalar sirtida ikkinchi himoya qoplamasini hosil qilish ko‘zda tutiladi. Ishlatiladigan materiallarning turiga ko‘ra quyidagi himoya qoplamalari qo‘llaniladi:
Lak-bo‘yoq qoplamalari;
Plyonkali va varaqli materiallarni yopishtirib hosil qilinadigan qoplamalar;
Keramik, shlakositall, oyna va tabiiy toshlardan koshinlash yo‘li bilan hosil qilinadigan qoplamalar;
TSement, suyuq shisha, bitum va polimer bog‘lovchilar asosidagi suvaladigan qoplamalar;
Konstruktsiyalarga kimyoviy bardoshli materiallarni shimdirish.
Qurilish konstruktsiyalariga ta’sir qiluvchi muhitlar ta’sir darajasiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi: noagressiv, kuchsiz agressiv, o‘rtacha agressiv va kuchli agressiv. Fizik holatiga ko‘ra muhitlar qattiq, suyuq va gaz holida bo‘lishi mumkin. Konstruktsiya materialiga ta’sir etish xarakteriga ko‘ra muhitlar kimyoviy va biologik aktiv turlarga bo‘linadi.
Agressiv muhitda ishlaydigan beton va temir-beton konstruktsiyalarni loyihalashda betonning korroziyaga bardoshliligini va po‘lat armaturalarni himoyalash xususiyatini oshiruvchi qo‘shimchalardan foydalanish ko‘zda tutiladi. Tayyorlanadigan konstruktsiyalarda betonning o‘tkazuvchanligini kamaytirish, darzbardoshliligini va betonning himoya qatlamini oshirish talab etiladi.
Korroziyadan himoyalash samaradorligi yetarli bo‘lmagan hollarda konstruktsiyalarni tayyorlashda ularni quyidagi usullarda qo‘shimcha himoyalash ko‘zda tutiladi:
Lak-bo‘yoq (aerozol) qoplamasi bilan konstruktsiya qattiq va gaz holidagi muhit ta’sirida ishlaganda;
Ko‘p qatlamli mastikali lak-bo‘yoq qoplamasi bilan – suyuq muhit ta’sirida va qoplama qattiq agressiv muhitga bevosita tegib turgan hollarda;
Yopishtiriladigan qoplama bilan – suyuq muhit ta’sirida, konstruktsiya gruntda joylashganda va o‘tkazmaydigan qatlam sifatida koshinli qoplamalar qo‘llanilganda;
Koshinli qoplamalar, jumladan polimer betonli qoplamalar – suyuq muhit ta’sirida, konstruktsiya gruntda joylashganda va mexanik shikastlanishlardan himoyalovchi sifatida yopishtiriladigan qoplama qo‘llanilganda;
Kimyoviy bardoshli materiallarni shimdirish – konstruktsiya suyuq muhit va grunt ta’sirida ishlaganda;
Gidrofoblash (suv shimmaydigan holga keltirish) – konstruktsiya suv yoki yog‘ingarchiliklar (yomg‘ir, qor) bilan davriy ravishda namlanadigan sharoitda ishlaganda.
Temir-beton konstruktsiyalarni korroziyadan himoyalash chora-tadbirlari himoyalanadigan konstruktsiyaning turi va xususiyatlari, tayyorlanish texnologiyasi, barpo etilishi va ishlash sharoitini hisobga olgan holda “Ishlarni bajarish loyihasi”da belgilanadi.
Bino va inshootlarning agressiv muhitda ishlaydigan beton va temir-beton konstruktsiyalarida quyidagi tsementlardan foydalanish tavsiya etiladi: portlandtsement, shlakli portlandtsement, sulfatga bardoshli tsement, glinozemli tsement va taranglanuvchi tsement. Temir-beton konstruktsiyalar uchun tayyorlanadigan beton qorishmasi tarkibida hamda konstruktsiyalarning choklari va tutash qismlarini yaxlitlash uchun tayyorlanadigan qorishmalar tarkibida xlorli tuzlar bo‘lmasligi kerak.
Tekis sirtli yig‘ma temir-beton konstruktsiyalar uchun betonning himoya qatlami qalinligi kuchsiz agressiv va o‘rtacha agressiv muhitlar uchun 15 mm, kuchli agressiv muhitlar uchun 20 mm dan kam bo‘lmasligi kerak. Huddi shunday monolit konstruktsiyalar uchun himoya qatlamining zaruriy qalinligi 5 mm ga orttirib olinadi.
Suyuq muhit ta’sirida ishlaydigan konstruktsiyalarning tutashuvchi qismlaridagi biriktiruvchi elementlar va payvandlanadigan detallar sirti metall yoki kombinatsiyalangan qoplamalar bilan himoyalanishi kerak.
Metallashgan qoplamalar va kombinatsiyalangan qoplamalarning metallashgan qatlami qalinligi ruxli va alyuminiyli qoplamalar uchun kamida 120 mkm bo‘lishi kerak. Ruxli qoplamalar qalinligi qoplama qaynoq ruxlash usulida hosil qilinganda kamida 50 mkm, galvanik usulda hosil qilinganda kamida 30 mkm bo‘lishi kerak.
Yog‘och konstruktsiyalarni biologik omillar ta’sirida yuzaga keladigan korroziyadan himoyalashda quyidagi usullar qo‘llaniladi: antiseptiklash, konservatsiyalash, lak-bo‘yoq materiallarini surtish, kompleks ta’sir etuvchi tarkiblarni shimdirish. Agar yog‘och konstruktsiyalar kimyoviy agressiv muhitda ishlaydigan bo‘lsa, himoya qoplamasi uchun lak-bo‘yoq materiallaridan foydalaniladi yoki kompleks ta’sir etuvchi tarkiblar shimdiriladi.
Yog‘och konstruktsiyalarni himoyalashda, muhitning agressiv ta’siri darajasiga bog‘liq ravishda, suvda eriydigan va yuvilib chiqib ketishi qiyin bo‘lgan antiseptiklardan foydalaniladi yoki yog‘och sirtiga antiseptik pastalar bilan ishlov beriladi. Himoya qoplamasi namga bardoshli lak-bo‘yoq materiallaridan hosil qilinadi yoki namlikdan va biologik ta’sirlardan himoyalovchi tarkiblar shimdiriladi.
Yog‘och sirtida himoya qoplamasini hosil qilishda pentaftalli, perxlorvinilli, epoksidli va epoksid-fenolli lak va emallardan foydalaniladi. Antiseptiklashda ftorli natriy, kremniy-ftorli ammoniy va maxsus ishlab chiqilgan antiseptiklovchi preparatlardan foydalanish tavsiya etiladi. Yog‘ochni konservatsiyalashda toshko‘mir moyi, antratsenli va slanetsli moylardan foydalanish yaxshi samara beradi.
Yog‘och konstruktsiyalarni kimyoviy himoyalash uchun kimyoviy bardoshli, namlikka bardoshli lak-bo‘yoq materiallari va shimiluvchi tarkiblar ishlab chiqilgan.

Yüklə 3,52 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   40




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə