Kirish magistrlik dissertatsiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi



Yüklə 119,55 Kb.
səhifə17/20
tarix18.05.2023
ölçüsü119,55 Kb.
#111148
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20
Botirova M. mag.diss

Shovvozning yuragiga boyafi oftobday iliq mehr xazin bir kuyday yopirilib keldi. (O. Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar”)
Umuman, badiiy nasrda sifatlashlar predmet, narsa va hodisaning a) belgi xususiyatini bildirgan sо‘zlar yordamida hosil bо‘ladi: payvasta qosh, tig‘iz kiprik, bodomgul dо‘ppi, tiniq, jozibali yuz, nozik bо‘yin, latif kuy, sarin shabada, mayin shabada va boshqalar. Sifatlashlarning belgi-xususiyatlarni bildiruvchi ushbu sо‘zlar asosida vujudga kelgan tiplari doimiy sifatlashlardir. Biroq badiiy sо‘zlar asosida vujudga kelgan sifatlashlar nasriy nutq uchungina doimiy, umumnutqda bunday sifatlashlardan foydalanilmaydi. b) predmet, narsa- hodisaning holatini ifodalaydigan sо‘zlar vositasida hosil bо‘lgan: jimjit sahro, о‘tkir qarash, mayus yuz, uyqusiz kо‘z, hissiz nazar va boshqalar.
Rang bildiruvchi sifatlashlarning biror predmetning rangiga qiyoslash orqali hosil bo‘lgan turlari ta’sirchanlik va obrazlilik darajasining kuchliligi bilan ajralib turadi. Chunki sifatlashning bu turida ham o‘xshatish, ham sifatlash holati mavjud bo‘ladi. ...Uning so‘zlariga go‘yo yosh bolaning so‘zlariga kulayotganday, lolarang lablarini himarib bir kulib qo‘ya qolardi. (O. Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar”) Matndagi diqqatni jalb etuvchi ifodalardan biri lolarang lablar sifatlashidir. Bu sifatlash orqali qizil rang ifodalangan. “Qizillik” tushunchasining ifodalanishida shu sifatlashning o‘xshatish, ya’ni labning lolaga qiyoslanishi asosida vujudga kelganligi sabab bo‘lgan. Loladagi qizil rang o‘xshatish uchun asosiy belgi vazifasini bajargan.64
Qirmizrang o‘rikzorlar orasida nafis tillarang bedazorlar, hanuz ko‘m-ko‘k chinorlar, kumushrang yaproqlari hali to‘kilib bitmagan oq teraklar ko‘zga tashlanar. (O. Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar...”) Bu matn sifatlashga boyligi bilan xarakterlanadi. Zero, unda bir necha sifatlash mavjud bo‘lib, ular orasida rang so‘zi yordamida hosil bo‘lgan o‘xshatishli sifatlashlar qirmizrang o‘rikzorlar, tillarang bedazorlar, kumushrang yaproqlar alohida ajralib turadi. Bu har uchala sifatlashda uch xil qizil, sariq, oq rang belgi sifatida ajratilib ko‘rsatilgan va har uch holatda ham belgi o‘xshatish natijasida hosil bo‘lgan.
Badiiy nasr sifatlashlarga boy. Zero, fikriy tugallikka ega bo‘lgan birgina matnda bir necha sifatlashlarni kuzatish sifatlashning nasriy matnlarda keng miqyosda qo‘llaniluvchi vosita ekanligini ko‘rsatadi. Matnda sifatlashning bu xilda ketma-ket kelishi nutqning ta’sirchanligiga ta’sir qilmay qolmaydi. Masalan, Biroq sal o‘tmay ko‘z oldiga yana so‘nggi uchrashuv kelar, Mehrinisoning sovuq muomalasi, lablaridagi kinoyali tabassum, gulday ochilib ketgan ruxsori, bashang ust-boshlari namoyon bo‘lardi-yu, xayolidan zo‘r-bazo‘r haydagan mudhish o‘ylar qayta yopirilib kelab, o‘rnidan sapchib turib ketardi. (O. Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar...”) Bu matnda oltita sifatlash qo‘llanilgan. Binobarin, so‘nggi uchrashuv, sovuq muomala, kinoyali tabassum, gulday ochilib ketgan ruxsor, bashang ust-bosh, mudhish o‘y kabi sifatlashlar fikrni yorqin, ta’sirchan ifodalash imkonini yaratgan. Garchand, bu sifatlashlardan ayrimlari, ya’ni so‘nggi uchrashuv, gulday ochilib ketgan ruxsor, bashang ust-bosh nisbatan an`anaviy, predmet, harakat holatdagi doimiy belgiga asoslangan bo‘lsa ham, fikrning jozibador ifodalanishiga sezilarli ta’sir etgan. Bu jihatdan, ayniqsa, gulday ochilib ketgan ruxsori sifatlashi xarakterli. O‘zbek adabiyotida gul yuzli, gul yuz, yuzi gul kabi sifatlashlarning qo‘llanilishi an`anaviy va ko‘pincha gul so‘zi bilan bog‘liq sifatlashlar sof sifatlash xarakterida bo‘ladi. Ushbu matndagi gulday ochilib ketgan ruxsori sifatlashi o‘xshatishli sifatlash. Shuningdek, sifatlovchi vazifasida yuz so‘zining badiiy nutqqa xos sinonimi ruxsor so‘zining qo‘llanilishi ushbu mavjud ifodada individuallik kasb etgan.65 Matndagi sovuq muomala, mudhish o‘y sifatlashlaridagi sifatlovchi vazifasidagi so‘z ham sifatlanmish uchun muayyan belgini bildirmaydi. Shu boisdan bu ifodalarda ham ijodkor olami, badiiy ruh, badiiy bo‘yoqdorlik mavjud. Sifatlashning badiiy nutq jarayonidagi asosiy vazifasi tasviriylikni ta’minlashdir. Shunga ko‘ra predmet, narsa-hodisaning bir necha belgisini ajratish orqali ta’riflanishi badiiy sifatlashlarning muhim turlaridan hisoblanadi va badiiy bo‘yoqdorligi bilan ajralib turadi.
Sifatlashning о‘xshatishli sifatlash turi oddiy sifatlashlardan predmetning birdan ortiq bо‘lgan belgisini ajratib kо‘rsata olish xususiyatiga ham ega. Masalan, U bot-bot orqasiga о‘girilib qarar, shunda yupqa lablariga bilinar-bilinmas kulgi yugurib, simobday miltiragan mungli kо‘zlarida hayratomuz bir ifoda jilva qilardi. (O.Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar...”) Mazkur matnda ikkita sifatlash mavjud. Birinchi sifatlash yupqa lab bо‘lib, bu sifatlashda labning bitta belgisi ajratib kо‘rsatilsa, ikkinchi sifatlash mungli kо‘zlarda, “qayg‘ulilik” belgisi mavjud. Mungli kо‘zlar sifatlashi simobga о‘xshatilgan. Bu о‘xshatish orqali kо‘zning ikkinchi belgisi “chaqnoqlik” ham ifodalangan. Demak, ushbu о‘xshatishli sifatlash yordamida bir predmetning ikki belgisi alohida ajratilgan va nutqiy ekspressivlik kuchaytirilgan. 66
Sifatlash ham boshqa badiiy vositalar va so‘zlar singari ijodkorning so‘z qo‘llash mahoratini namoyon qiluvchi usullardan hisoblanadi. Binobarin, predmet, narsa-hodisaning ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan belgilarini ko‘rsatish ko‘pincha ijodkor mahorati bilan bog‘liqdir. Yoki biror predmetga xos bo‘lgan qator belgilarning mavjudligini ham ijodkor ko‘zi bilan, idroki bilan ko‘rish mumkin. Quyidagi gaplardagi sifatlashlarda bu holatni ochiq ko‘rish mumkin: Xuddi bugungiday seryulduz, sokin, salqin oqshom. Xuddi mana shunday oydin, tiniq va osuda oqshom. (O. Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar...”) Bu har ikkala gapda ham qator belgili sifatlash mavjud. Har ikkala gapda ham sifatlanmish oqshom. Birinchi gapda oqshomning sifatlashi sifatida seryulduz, sokin, salqin belgilari ajratilsa, ikkinchi gapda shu sifatlanmishning sifatlashi sifatida oydin, tiniq va osudalik belgisi ajratiladi. Shu tariqa oqshomning oltita sifatlash belgisi ajratib ko‘rsatiladi. Shubhasiz, sifatlash vositasida kishi ko‘z o‘ngida namoyon qilinadigan narsa-hodisaning bu xildagi belgilarining barchasini his etish va ta’riflash ijodkorga, badiiy nutqqa xosdir. Shuning uchun ham sifatlash boshqa uslubiy vositalar singari badiiy nutqning jilodorligini, ifodali ta’sirchanligini ta’minlovchi tasviriy vositalardan sanaladi. Quyida yan bir qancha misollar keltirib o‘tamiz:
Ammo bugungi rejalar, ayniqsa kechqurun bo‘ladigan ziyofat negadir ham cho‘chitar, ham yuragida allaqanday totli hayajon uyg‘otardi.
Qiz hali bo‘yoq tegmagan allaqanday beg‘ubor, erka ko‘zlarini noz bilan suzdi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tasviriy vositalar (trop va figuralar) badiiy nasrning mohiyatini namoyon qiluvchi o‘ziga xos xususiyatlarini yuzaga chiqaruvchi muhim vositalardan. Binobarin, bu vositalar badiiy matnlarda nutqning boshqa turlariga nisbatan keng ko‘lamda qo‘llaniladi va turli nutqiy imkoniyatlarni vujudga keltiradi. Shu xususiyatlariga ko‘ra ham ular badiiy yoki tasviriy vositalar deb yuritiladi.67



Yüklə 119,55 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə