Kirish magistrlik dissertatsiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi



Yüklə 119,55 Kb.
səhifə15/20
tarix18.05.2023
ölçüsü119,55 Kb.
#111148
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20
Botirova M. mag.diss

Uning mo‘ylovi go‘yo yaralangan qushning qanotiday bemajol titrardi (“Oqqushlar, oppoq qushlar…”).
O‘xshatish hosil qiluvchi leksik vositalar: kabi, singari, go‘yo, xuddi, misli, misoli, bamisli ko‘makchilari hisoblanadi. -day (-dek), -simon, ona –larcha va boshqa ko‘pgina qo‘shimchalar o‘xshatish hosil qiluvchi grammatik vositalardir. O‘xshatishlardagi nutqiy obrazlilikni oshiruvchi asosiy xususiyat favqulodda o‘xshatilishdir. Agar o‘xshatilayotgan narsa yoki hodisa orasidagi belgi oldindan ma’lum bo‘lsa, bunday o‘xshatishlar nutqning obrazliligini kuchaytiradi, deyish qiyin. Shunga ko‘ra o‘xshatishlarni ikki turga bo‘lish mumkin:
1. Umumnutq o‘xshatishlar
2. Badiiy o‘xshatishalar
Umumnutq o‘xshatishlarining obekt, subekti avvaldan ma’lum bo‘ladi.
Badiiy o‘xshatishlar asosida ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan belgi chog‘ishtiriladi. O‘xshatishga faqat badiiy vosita sifatida qarash uning nutq jarayondagi vazifasini toraytirishga olib keladi. O‘xshatish nutqning bezagi, til hodisasi bo‘lib u badiiy nutqdan tashqarida ham ifodalilikka, ta’sirchanlilikka xizmat qiladi. O‘xshatish badiiy nutq madaniyatining muhim belgilaridan biri sanaladi. Chunki:
1. O‘xshatishning nutqning obrazli ifadadorligini oshirishi nutq madaniyati talablariga mos keladi;
2. O‘xshatishda chog‘ishtirish orqali fikr aniq belgilar bilan ifodalanadi. Bu holat nutq madaniyatining ixchamlik va qisqalik talablariga mos keladi;
3. O‘xshatishlar orqali favqulotda kishining hayoliga kelmagan fikr ifodalanib, bu holat nutqning jozibadorligini kuchaytiradi.
Har bir adibning so‘z qo‘llash mahorati u qo‘llagan original o‘xshatishlar bilan ham belgilanadi. Chunki “dunyoni o‘ziga xos tarzda ko‘rish o‘xshatish semantikasida aks etadi”.51 O.Yoqubov ana shunday original, o‘ziga xos o‘xshatishlarni yarata olgan mahoratli ijodkordir. Yozuvchining barcha asarlarida o‘xshatishning go‘zal namunalarini kuzatishimiz mumkin.
Quyidagi matndagi о‘xshayotgan va о‘xshatilayotgan predmetlar orasida xuddi shunday predmetlik belgilari mavjud emas. Ko‘kda, qoq peshonada, xuddi ulkan oq qovunning bir pallasiday oppoq oy olamni allaqanday osuda, mayin, kumushrang yog‘duga g‘arq qilib yarqirab turibdi. (O. Yoqubov. «Oqqushlar, oppoq qushlar...») Bu o‘rinda oy qovunga o‘xshatilgan. Ma’lumki, bu predmetlar orasida predmetlik belgi mavjud emas. Ushbu predmetlarni bir-biriga qiyoslash uchun asos bo‘layotgan vosita yaproqning daraxt shoxlarida o‘sishi va qushlarning daraxt shoxlariga qo‘nishi bo‘lsa, bu holat ham muhim o‘xshashlik belgisi emas. Shu boisdan bu tipdagi o‘xshatishlarni obrazli o‘xshatishlar deyish joizdir. O‘xshatishning har qanday turida ham obrazlilik mavjud. Zero, bir predmetning biror belgi asosida ikkinchisiga o‘xshatilishining o‘zi obrazlilikning belgisidir. Biroq obrazlilik darajasining kuchliligi, badiiy serbo‘yoqliligi jihatidan murakkab belgi asosida vujudga keladigan badiiy o‘xshatishlar alohida ajralib turadi.52
Ketma-ket kelgan o‘xshatishlarning bunday ko‘rinishiga quyidagi matnlar ham misol bo‘la oladi: Daraxtlar daryoday shovullar, to‘zg‘igan xazonlar osmonda gala-gala notinch qushlarday charx uradi. Jazirama yoz pallasida ham bu yerlardan kechalari g‘ir-g‘ir shabada arimas, baxmalday tiniq osmon olmaday-olmaday oppoq yulduzlarga to‘lib ketadi. (O. Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar...”) Keltirilgan har ikkala matnda ikkitadan o‘xshatish mavjud. Birinchi matndagi o‘xshayotgan va o‘xshatilayotgan predmetlar xazonlar-qushlar. Bu o‘xshatish uchun asos bo‘lgan o‘xshatish belgisi shu predmetlarning sifatlovchisi bo‘lib kelgan to‘zg‘igan va notinch so‘zlari asosida vujudga kelgan. Ikkinchi o‘xshatishda daraxtlar daryoga qiyoslangan va unda sifatlovchilar ishtirok etmagan. Keyingi gapda osmon baxmalga, yulduzlar olmaga qiyoslanadi va bu qiyoslar uchun ham sifatlovchilar asosiy vosita vazifasini bajargan. Ketma-ket kelgan o‘xshatishlarning ikkinchi ko‘rinishida o‘xshatish hosil qiluvchi komponentlarning birida sifatlash mavjud bo‘lsa ham o‘xshatish vujudga kelishida sifatlashlar ishtirok etmaydi. Masalan, Baland cho‘qqilar ustiga qo‘ngan oy xuddi oq kaptarni, uning nimpushti shu`lasida elas-elas ko‘zga chalingan qirlar xuddi cho‘kkalab yotgan bahaybat qadimiy hayvonlarni eslatardi. (O.Yoqubov. «Oqqushlar, oppoq qushlar...») Matnda ikkita o‘xshatish: oy va oq kaptar, qirlar va bahaybat qadimiy hayvonlar mavjud. Har ikkala o‘xshatishning ikkinchi qismi sifatlovchidir. Ammo sifatlovchilar o‘xshatish hosil qilish uchun asos vazifasini bajarmagan, biroq fikrning yorqinligini uyushtirishda sifatlovchilarning muhim o‘rni borligi matndan ko‘rinib turadi. Zero, oy bilan oq kaptar orasidagi o‘xshash belgi oq rangligiga nisbatan ko‘proq, oyning cho‘qqi ustida turganligiga asoslangan, qirlar bilan hayvonlar o‘rtasidagi o‘xshash belgi ham cho‘kkalab yotganligidir. Demak, bu o‘xshatishlarda sifatlovchilar oq, bahaybat, qadimiy o‘xshatish hosil qilish uchun asos bo‘lgan belgini konkretlashtirish vazifasini bajargan, xolos.
Ikkita o‘xshatish uchun asos bo‘ladigan belgi bir predmetga mujassamlashgan hollar ham uchraydi. Bunday o‘xshatishlarda ham o‘xshatish obekti ikkita, biroq har ikkala obekt ham bir predmetga xos. Masalan, Go‘yo qumga ishqab artilgan kumush barkashday yarqirab ketgan to‘lin oy qoq peshonaga kelgan, tepadagi qo‘rg‘on xarobalari ham, pastdagi o‘zan ham – hammayoq uning sutday tiniq osuda shu`lasiga g‘arq bo‘lgandi. (O.Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar...”) Mazkur matnda oy shakl-ko‘rinish belgisiga ko‘ra kumush barkashga qiyoslangan, oyning shu`lasi tiniqlik belgisiga ko‘ra sutga qiyoslangan. Har ikkala o‘xshatish uchun asos bo‘lgan belgi bir predmetga, ya’ni oyga xos.53
Badiiy matnlarda o‘xshatishlar qo‘llanilishini tahlil qilishdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad badiiy matn uchun xarakterli bo‘lgan o‘xshatishlarning turli ko‘rinishlarini aniqlash, ulardagi o‘xshash belgining avvaldan ma’lum yoki no ma’lumligiga ko‘ra matndagi funksional xususiyatlarini izohlashdan iborat. Badiiy matnlarda uchraydigan ko‘plab o‘xshatishlarda o‘xshatish obekti va o‘xshatish predmetdagi qiyoslanadigan belgi aniq va mavhum tushunchalar o‘rtasida bo‘ladi va bunday belgilar doimiy belgi emasligiga ko‘ra xarakterlanadi. Bu esdaliklar xayolida g‘ujg‘on urdi-yu, dilini kuz oftobiday tiniq beg‘ubor bir tuyg‘u chulg‘ab oldi. (O.Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar...”) Bu matndagi o‘xshatish obekti – tuyg‘u, (tiniq, beg‘ubor tuyg‘u) bilan, o‘xshatish predmeti – kuz oftobi orasida qiyoslanuvchi belgi mavjud emasligi o‘xshatishning bu ko‘rinishi badiiy idrok bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi. Badiiy matnlarda, xususan, nasriy matnlarda o‘xshatishning obrazli idrok etilgan belgi asosida hosil bo‘ladigan ko‘rinishlari ham ko‘p uchraydi va badiiy nasrning bo‘yoqdorligini kuchaytiradi. O‘xshatishlarning bu turi ko‘pincha birikmali bo‘lib, o‘xshatish obekti bilan o‘xshatish predmeti bir necha belgi asosida qiyoslangan shakllari ham ko‘p uchraydi. Bunday o‘xshatishlarda o‘xshatish obekti yoki predmeti sifatlashli bo‘ladi.
O‘xshatishning badiiy nasrda turli ko‘rinishlari mavjud bo‘lsa-da, ular orasida struktural jihatdan alohida ajralib turuvchi o‘xshatish turi o‘xshatish obekti va o‘xshatish subekti orasida o‘xshash belgi mavjud bo‘lmagan holda hosil bo‘ladigan o‘xshatishlardir. Ma’lumki, o‘xshash belgining mavjud bo‘lishi o‘xshatish uchun yetakchi asos hisoblanadi. O‘xshatishda shu belgi mavjud bo‘lmagan hollarda fikrning obrazli ifodalanishida o‘xshatish belgisi vazifasini fantaziya, mubolag‘a bajarganini kuzatish mumkin. Shu nuqtai nazardan o‘xshatishning bu turi yorqin, ta’sirchan badiiy fikr ifodalash vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, Shoqosimning nazarida go‘yo botgan oftob qayta chiqib olam charaqlab ketganday bo‘ldi. (O.Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar...”) Bu matndagi olam charaqlab ketganday bo‘ldi birikmasi “ko‘ngli yorishmoq” ma’nosini ifodalagan. Matnda o‘xshatish uchun ikki asos bor. Birinchi asos “xafalik”, ikkinchi asos “xursandlik”, ya’ni ko‘ngil yorishmoqlik. Birinchi asos uchun o‘xshovchi obraz – botgan oftob, ikkinchi asos uchun o‘xshovchi obraz – qayta chiqqan oftob. Biroq ko‘rinib turibdiki, bu ikki asos ham matnda yashiringan, uni matndagi o‘xshatish yordamida ifodalangan “ko‘ngli yorishmoq” ma’nosi orqali anglash mumkin.54 O‘xshatishning bu ko‘rinishida o‘xshatish asosi bitta bo‘lib, ochiq o‘xshovchi belgi bo‘lmaydi. Shu boisdan o‘xshatishning belgisiz turiga shakl nuqtai nazaridan yondashish matnning tub mohiyatini yorqin gavdalantirish imkoniyatini bermaydi. Binobarin, shakl nuqtai nazaridan ushbu o‘xshatishga yondashadigan bo‘lsak, olamning charaqlab ketishi, oftobning qayta chiqishiga o‘xshatilgan. Ammo matnda ifodalanayotgan ma’no shu o‘xshatish asosida yashiringanki, bu hol o‘xshatishning mazkur turi semantik ma’noga tayanishidan dalolat beradi. O‘xshatishning bunday turining yana xarakterli bir ko‘rinishi mavjudki, unda o‘xshash belgi bo‘lmaganligi uchun o‘xshatish asosi ham mavhum.
Belgisiz o‘xshatishlarning obyekt va subyekti aniq bo‘lgan, biroq ular orasidagi o‘xshash belgi leksik vositalar orqali emas, idrok etish, tasavvur qilish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘rinishi ham mavjud. Har bir odamning umrida bahor oftobiday yarq etib, dilida toabad so‘nmas iz qoldirg‘uvchi shunday ma’sud onlar bo‘lar ekan. (O. Yoqubov. «Oqqushlar, oppoq qushlar...») Matndagi mavjud o‘xshatishning obekt va subekti bahor oftobi va ma’sud onlar. Lekin shu tushunchalar orasida har ikkalasi uchun umumiy bo‘lgan belgi mavjud emas. Zotan, bahor oftobining belgisi – iliqlik; ma’sud onlarning belgisi – hursandlik. Shu boisdan bu o‘xshatishning vujudga kelishi ham bevosita ijodkorning tasavvuri, narsa, hodisaning obrazli idrok etishi bilan bog‘liq. Ba’zan fikrning jonlantirish orqali ifodalanishi, mubolag‘a ham belgisiz o‘xshatishlar hosil bo‘lishi uchun asos bo‘ladi. Masalan, ...bedazorlar, ...chinorlar, ...oq teraklar ko‘zga tashlanar buning hammasi kuz oftobining iliq nuriga cho‘milib, go‘yo ona bag‘rida erkalangan go‘dakday erkalanar edi. (O. Yoqubov. «Oqqushlar, oppoq qushlar...») O‘xshatishning badiiy vosita sifatida mohiyati asosan individualligi bilan belgilanadi.55 Yuqorida ko‘rib o‘tilgan o‘xshatishning barcha ko‘rinishlari individual uslubga xosligi bilan xarakterlanadi. Shu boisdan keltirilgan o‘xshatishlar emosional-ekspressivligi, obrazlilikning yorqin gavdalanishi jihatidan alohida ajralib turadi. Shuningdek, individual o‘xshatishlarning katta qismi murakkab belgi asosida shakllanganligini kuzatish mumkinki, bu o‘xshatishning o‘zbek badiiy adabiyotida sayqal topgan badiiy vositalardan biri ekanligini ko‘rsatadi.56
О‘xshatish uchun holat asosiy belgi vazifasini bajarganini quyidagi misolda ham kuzatish mumkin: О‘sha kuni oftob odatdagidan ham ayovsiz о‘t purkab, sahroni bamisoli olov seliga kо‘mdi. (O.Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar...”)



Yüklə 119,55 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə