Mavzu: Kasbiy nutq odobi. Sohaga oid (pedagogik) nutqning o‘ziga xosliklari


Shoyim Bo‘tayev. Otam nega jim? (hikoya)



Yüklə 125,49 Kb.
səhifə14/15
tarix24.12.2023
ölçüsü125,49 Kb.
#160876
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   15
Салимов Бехруз

Shoyim Bo‘tayev. Otam nega jim? (hikoya)
Bunaqa hangomalar uzun qish kechalariga yarashar edi.
Tom ortidan “duk-duk” qadam tovushi eshitilsa:
- Аna-a, giroy bova kelyaptilar, - deya hovliqar edik.
Koʼp oʼtmay qalin qora las choponining yelkalariga qoʼngan laylak qorni qoqa-qoqa u enkayib eshikdan kirib kelar va tancha ustiga qiyiqchasi orasida dastavez qilib keltirgan turshagu jiydalarni sochib yuborib:
- Olinglar, ermak qilinglar, - deya saxiylik koʼrsatardi.
Keyin tanchaning toʼr tomoniga oʼtib, joylashar, oyogʼiga issiqning tafti urilishi bilan:
- Oh,oh! – deganicha huzur qilganini eʼtirof etardi.
Onam va singillarim narigi uyga uxlashga kirib ketishmaguncha, otam bilan u yoq-bu yoqdan gaplashib oʼtirardi.
Аsta-sekin tanchaning choʼgʼi ham susayib, soviy boshlardi.
Аna shunda uning yodiga bu yil qishning qattigʼ kelgani tushib qolar, bunaqa sovuq faqat urush vaqtidagini boʼlganini otamga eslatib, keyin toʼsatdan:
- Oʼsha mahallarda oʼzimiz ham ja-a qoruvli edik-da, - deb qolardi. – Har kiftimizda oʼrtamiyona odamning uch-toʼrttasi bemalol davra qursa boʼlardi...
Otam jilmayib qoʼyardi.
U otamga nimadandir xavsirayotgandek qarab:
- Yo, notoʼgʼrimi? – derdi tahdid ohangida.
- Toʼgʼri, - uning gapini tasdiqlardi otam.
- Аna-a, shuni ayt-da, - derdi u oʼzining aybini otamga agʼdarmoqchi boʼlgandek. – Nima qilasan gapni opqochib?
Otam indamay qoʼya qolardi.
Men boʼlsam, ogʼzimni lang ochganimcha uning moshguruch soqoliga, ingichka qon tomirlari “toʼrlagan” yuziga, salqigan qovoqlari-yu quy koʼzlariga, yelkasiga...aqalli bitta odam sigʼishi ham gumon boʼlgan yelkasiga hayrat aralash boqib oʼtirardim.
Tashqarida ayoz.
Daraxtlar shoxidagi sumalaklar larzon-larzon.
Narigi uyda oyim, ukalarim dong qotishgan.
Xidir buva turishni xayoliga ham keltirmaydi, bolishni oʼmroviga tortadi.
- Usta Mamasoli kattalarga jilponglab-jilponglab moshin oldi, - deydi otamni qandaydir oʼzini qiziqtirgan mashvaratga tortmoqchi boʼlayotgandek. - E-e, kambagʼal qolaverarkan-da kambagʼalligicha! Biri ikki boʼlmaskan-da! Mana, menu sen. Xizmatimiz kimnikidan kam? Аyt! Kimnikidan kam?
U kimlardandir domangir boʼladi. Tancha ustida dumalab yotgan popukli, ostiga mis qoplangan nosqovogʼini olib, kaftiga qoqadi.
Tanchaning u burchagida otam yonboshlagan.
Men poygakda.
Otam:
- Tur, yot endi, bolam, – demaydi, desa, uch-toʼrt kungacha tumshayib yurishimni biladi.
Xidir buva pishillaydi:
- Bilashan-ku, a-a? Uyushni aptiniyam kuyganmash...
U tanchaning koʼrpasini koʼtarib nosini tuflaydi. Ogʼzining chetlarini bosh barmogʼi bilan artarkan, hovliqib davom etadi:
- Urush vaqtida zigʼir yogʼi qimmat edi. Usta Mamasoli juvoz haydab boyib oldi. Bir kuni juvozning oʼqi usta Mamasolining kunda ustida turgan chap bilagi ustiga tushib majaqlab yuboribdi. Ilmoqqa yaxshi ilmagan-da! Koʼrdingmi, gap qayoqda?! Yalpizlanib oʼzini prontovikka oʼtkazib olgani bilan sirini bilaman baribir...
Koʼz oʼngimda juvozning oʼqi ostida qolgan qoʼlini chiqarolmay “voy-voy”lab turgan usta Mamasoli butun qiyofasi bilan jonlanib, etim jimirlashadi...
- Shularning kattachilik qilganiga kuyasan-da, a, - ichi nimadandir toriqib ketgandek xoʼrsinadi Xidir buva. - Kal Musaning nafasiga yaqinlashib boʼlmaydi hozir, urush paytida paranji yopinib jon saqlaganini kim bilmaydi? Hamma biladi, biladi-yu, hech kim buni gapirmaydi. Gʼani choʼltogʼ-chi? Gʼani choʼltogʼ qoʼliga paxta qoʼyib otgan. E, tovba, shuyam gap bermaydi-ya, – Xidir buvaning sap-sariq tishlari orasidan “qochqin”u “qoʼrqoq”larning sirlari toʼkila boshlaydi. – Shuni aytadilar-da, suv keltirgan xoru koʼza sindirgan aziz, deb. - U otamning chap yelkasiga – shalvirab turgan boʼsh yengga oʼgʼrincha nazar tashlaydi. – Saniyam qoʼling urushda qolgan-ku, - deya maslahat beradi. – Hukumatga arza qilib bor-da, ortingdan manam boray, shuncha xizmat qilib bitta moshin minsak minibmiz-da, a.
Otam tilga kiradi.
- Obbo, Xidir polvon-ey! – deydi.
Sira bir-biriga oʼxshamaydigan feʼli bor-da ikkalasiniyam. Hayronman, qandoq oʼrtogʼ boʼlib qolishgan ekan.
Xidir buva “koʼmib kelgan qahramonligi”ning ustini tinimsiz qimirlayotgan lablari bilan ocha boshlaydi:
- Urushga ketganingdan kegin, oʼrtogʼ, maniyam yuragimga olov tushdi. Chidolmadim. Ha-a, chidolmadim! Patirning bir chetidan tishlab olgan luqmani koʼz yoshimga qoʼshib zoʼrgʼa yutdim. Ishon, zoʼrgʼa yutdim. Kemtik patirni rahmatli onaginamning qoʼliga tutqazdim-da, yoʼlga tushdim. Orqamga qaramadim. Ha-a, qaramadim! Sezib turibman, ammo-lekigin onamning koʼzlarida gʼilt-gʼilt yosh... Oʼzim ham yigʼlab yubormay deb qaramadim. Shundan keyin boshlanib ketdi. Mashq qildirdi, kegin jang maydoni, kegin... kegin... E-he! – ukallasini qimirlatib, peshonasiga shapillatadi. – Nelarni koʼrmadi bu bosh. Odamning boshi – soyning toshi emish, soyning toshi boʼlganda ham ming soyniki boʼlsa kerag-ov!
Xidir buvaning hikoyasi meni ohanrabodek oʼziga jalb etadi. Nazarimda, otamdan koʼra Xidir buva ancha ulugʼvordek.
Аllaqanday oʼkinchni his etaman.
Tashqarida ayoz.
Tancha muzdek.
Otam jim.
Xidir buva oq oralab qolgan moʼylovini barmoqlari orasida sekin-sekin tovlay boshlaydi.
Meni uyqu bosib, Xidir buvaning tovushi sekinlasha boshlaydi, ogʼzi qimirlayotganini gʼira-shira his qilaman. Soʼngra uni qorongʼilik yutadi. Koʼz oʼngim jimirlashib, qalqib ketaman...
Tashqarida ayoz.
Xidir buva hikoyasining eng qiziq joyiga kelgan boʼladi.
- Shu desang, oʼrtogʼ, oʼzimiznikilar ham qocharkan-e! Kattadan-kichigi orqasiga qaramaydi, de! Kam edik-da!.. Moʼr-malaxdek nemis kelyapti, tumandek bostirib... Eng oldinda Gitler!
Otam notinch qoʼzgʼalib qoʼyadi.
- Obbo, Xidir polvon-ey!
- Ha-da.
- Obbo, Xidir polvon-ey!
- Rost, anavi Gimler, Gibels deganlariyam bor.
Otam kulimsirab yoqa tutamlaydi.
– Yo, vallohi aʼlam?!
Xidir buva haqiqiy qahramon qiyofasiga kiradi, tomirlari boʼrtib turgan qoʼllarini musht qilib, tancha ustiga qoʼyadi, koʼzlarini burchakka, bir nuqtaga qadaydi.
- Men ham qochmoqchiydim, - goʼyo oʼzining juda samoviy qahramon emasligini, har qanday buyukda ham insonga xos kamchilik boʼlishini uqtirgandek davom etadi: - Lekigin... Lekigin buzuq tankni ichida komandir pusib turgan ekan. U pistoletni oʼqtalib qochayotganlarga “qayt” deydi, hech kim quloq solmaydi. Uris bormi, chulchut bormi, hamma qochyapti qarasam – jon shirin-da. Men ham endi qochmoqchi boʼlib turuvdim, komadir toʼpponchaning naqd ogʼzini menga toʼgʼrilab: “Sanginov, qochaman deb oʼylama, koʼksingdan darcha ochib qoʼyaman, pulemyotning yoniga bor”, dedi.
Men qancha urinmayin, buzuq tankning ichida pistolet oʼqtalib turgan komandirni tasavvur etolmasdim, Xidir buvaga zichroq qadalaman.
- Peshonada yozilgan ekan-da, dedim oʼzimcha, - u hikoyasida davom etadi, - ammo-lekigin sharafli oʼlim ekanligini bilardim. Ha-a, bilardim! Tavakkal, deb pulemyotning yoniga bordim, yotdim. Qoʼlim tepkida. Yuragim duk-duk uradi, de. Nemis tumandek bostirib kelyapti. Koʼzimni yumdim... E-voh, xayolimda tugʼilgan kulbam, ikkalamiz alaf tashigan tepaliklar, adirlar, uloq chopib yurganimiz soyliklar keladi. Koʼzimni ochaman. Nemis tumandek yaqinlashib qopti...
Xidir buva chaynaladi, ogʼzidagi konfetni yutishga koʼngli boʼlmay shimib yurgan bolakaydek maza qilib sukut saqlaydi. Toza tang qilib, keyin ulab ketadi:
- Аna oʼshanda Gitlerni qirq-ellik qadam narida koʼrdim. Qoʼshinning oldida kelayotgan ekan. Tishlarim gʼijirlab ketdi! Mendan oʼtib boʼpsizlar, ortimda ona yurtim, dedim, sizlarga hujum qanaqa boʼlishini koʼrsatib qoʼyaman, deb tepkini bosaveribman-bosaveribman, bir mahal mundo-o-oq qarasam, aralangan terakdek boʼlib nemislarning oʼligi qa-a-ato-o-or choʼzilib yotibdi...
Otam negadir kulgusini yashirmoqchi boʼlib, kafti ogʼzi bilan toʼsgancha:
- Obbo, Xidir polvon-ey! – deya oʼzi bilgan gapni takrorlaydi. – Gitler ham oʼldi, de?
- А, yoʼq, - deydi Xidir buva kulli ishonch bilan. – Qistaloqni olib qochib ketishgan ekan, zahar ichib oʼlganini kegin kinoda koʼrdim.
- Obbo, Xidir polvon-ey!
- Koʼzlarimga ishonmay qoldim. Yov qochgach, buzuq tankning ichidan komandir chiqib keldi, rangi paxtadek. Meni quchadi, oʼpadi, yigʼlaydi, haqiqiy geroysan, deydi qistaloq.
Tashqarida ayoz.
Otam jim.
Junjikib ketaman. Nega otam oʼz qahramonliklaridan gapirmaydi, deya alam bilan oʼylayman. Balki Xidir buva aytmoqchi, Gʼani choʼltogʼqa oʼxshab... – Xayolimga ilkis kelgan bu fikrdan koʼzlarim yarq etib ochilar, mudrab oʼtirib seskanib ketardim.
Xidir buvaga havasim keladi.
Tancha chetida oʼtirgan otam koʼzimga juda gʼarib, ojiz koʼrinar, unga qandaydir rahmim kelayotganday boʼlar edi.
- Ha-a, - Xidir buva afsus va nadomat bilan bosh chayqaydi, - komandirimiz meni quchib, oʼpib, chestniy geroysan, deb yigʼlab turganida bir daydi oʼq keldi-yu, uning kuragidan urib, qulatdi. Ogʼzidan qon keldi-yu, jon berdi. Geroyligimni u bilan birga koʼmib keldim, oʼzim koʼmdim! Ha-a, oʼzim koʼmdim!
U tuygʼusdan jimib qoladi.
Otam hamon sukutda, lekin koʼzlarida ogʼir gʼam yuki.
- Yuripmiz-da! – Xidir buva xoʼrsinadi. – Yalpizlanib-yalpizlanib usta Mamasoli moshin oldi, juvozning oʼqi ostida qolgan qoʼlini urushda boʼlgan deb yozdirgan-da...
Tashqarida ayoz.
Xidir buvaning ogʼzi qimirlaydi, gaplari eshitilmaydi. U qachon turib ketgani-yu chiroqning qachon oʼchganini, oʼrnimga kim yotqizib qoʼyganini bilmay qolaman.
Bahor kelib, kunlar ilidi.
Darvoza oldida turganimcha xat tashuvchi hozirgina tashlab ketgan telegrammani qayta-qayta oʼqiyman.
Hamon goʼdak ekanman.
Uzun qish kechalari tancha atrofida naqadar hayajonli, serzavq kechardi. Otam, otajonim dunyoning betama ishini jimgina soʼylab oʼtirgan ekan bu kechalarda.
Xidir buva...
Hamon eslayman uzun qish kechalarini.
Xidir buva yarqiroq mashina olib, oʼgʼliga mingazib qoʼydi. Gohi-gohida maʼraka-marosimlarda uning soʼzlari qulogʼimga chalinib qoladi:
- Oʼsha mahallarda oʼzimiz ham ja-a qoruvli edik-da, har kiftimizda oʼrtamiyon odamning toʼrtta-beshtasi bemalol davra qursa boʼlardi...
Otamning nomiga kelgan telegramma:“Hurmatli quroldosh doʼstimiz Iso Odilov! Sizni 19-tepalikni egallashda aktiv qatnashganingiz uchun taqdirlashgan, lekin baʼzi sabablarga koʼra topshirilmay qolgan “Qizil Yulduz” ordeningizni olish tantanasiga taklif etamiz. Polk komandiri I. Ye. Zaikin”.
Harflar orasidan nimalardir chiqib, koʼzlarimga qadaladi...
Beixtiyor koʼz oʼngimga bolishni oʼmroviga tortib nimalarnidir aytayotgan Xidir buva keladi.
Ogʼzi qimirlaydi, gaplari eshitilmaydi.
Tashqarida ayoz. Tancha muzdek. Kecha uzundan uzoq.
Otam esa...
U hamon jim.



Yüklə 125,49 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   15




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə