Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə5/16
tarix21.02.2018
ölçüsü1,1 Mb.
#27268
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16

4-MAVZU. SIYOSIY TIZIM

Reja:


1.“Siyosiy tizim” tushunchasi, mohiyati va tarkibi

2.Siyosiy tizimning vazifalari va turlari

3.Hozirgi O‘zbekiston siyosiy tizimining o‘ziga xos xususiyatlari

Siyosiy tizim” tushunchasi, mohiyati va tarkibi

Hozirgi zamon siyosatshunoslik fanida siyosatni sistemali tahlil qilish muhim o‘rin tutadi. Bunda so‘z jamiyatning siyosiy hayotini o‘ziga xos qonunlari va rivojlanish xususiyatlariga ega bo‘lgan qandaydir yaxlit tizim sifatida tasavvur qilish to‘g‘risida bormoqda. Bu qonunlarni bilish siyosatni chuqur tushunish imkonini beradi, jamiyat boshqaruvini takomillashtirish, uning rivojlanishini oldindan aytish uchun zarur nazariy asos yaratadi.

Siyosatda sistemali yondashuvning mohiyati va ahamiyati shundaki, u «siyosat» tushunchasini qandaydir yaxlitliklar, tizimlar, maydonlar sifatida shakllantirishga imkon beradi, uning atrof-muhit bilan o‘zaro ta’sirini turli usullar orqali tahlil qilishga, siyosatni aynan kishilarning faoliyati va xulq-atvorlari tizimi sifatida tasavvur etishga imkon beradi.

Avvalo, jamiyatning siyosiy tizimiga ta’rif berishdan oldin, tizim nima ekanligini oydinlashtirib olish kerak. Tizim ma’lum aloqa tufayli birlashgan elementlar yig‘indisini ifoda etadi. Siyosiy tizim esa, siyosiy hokimiyatlar bilan aloqador bo‘lgan elementlarni o‘zida birlashtiradi. Siyosiy tizim jamiyatning maqsad va vazifalarini aniqlash, jamiyat tizimidagi elementlarni birlashtirish va mavjud imkoniyatlarni amalga oshirishga safarbar qiluvchi mexanizmdir. Demak, jamiyatning siyosiy tizimi siyosiy hokimiyatni shakllantiruvchi va amalga oshiruvchi vositalari bo‘lgan davlat, davlat tashkilotlari va munosabatlarning yig‘indisi.

Uning mohiyati quyidagi vazifalarida o‘z ifodasini topadi. Siyosiy tizim o‘zida jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va milliy tuzilmalarini, demografik jarayonlarni, aholining ma’lumot darajasi, ijtimoiy ong holatini, ma’naviy va ma’rifiy hayotni, xalqaro ahvolni aks ettiradi. Siyosiy tizim orqali manfaatlarning asosiy guruhlari aniqlanadi. Masalan, hozirgi sharoitda, fikrimizcha, jamiyatimizning siyosiy tizimi oldida eng murakkabi bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tishda turli manfaatlar muvozanatini to‘g‘ri aniqlab olish vazifasi bo‘lishi mumkin.

Siyosiy tizim muvofiqlashtirish va yaxlit holga keltirish vazifalarini ham bajaradi. Siyosiy tizimni barqarorlashtirishni ta’minlash uchun siyosiy hayot ishtirokchilari manfaatlarining, ular o‘rtasida vujudga keladigan ziddiyatlarni hisobga olib, jamiyatdagi mavjud ijtimoiy guruhlar, kuchlarni, shuningdek, tashkilotlar va harakatlar manfaatlarini birlashtiradi.

Siyosiy tizim jamiyatda hokimiyat va boshqaruvni shakllantirish va amalda ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq munosabatlar, harakatlar yig‘indisidan iborat.

Siyosiy tizimning jamiyatni boshqa tizimlaridan qanday farqi bor?

Birinchidan, bu farq uning doirasida qabul qilinadigan qarorlarning butun jamiyat uchun majburiyligini anglatadi.

Ikkinchidan, uning ijtimoiy muhit va avvalo jamiyatning ijtimoiy – iqtisodiy tuzilmasi bilan bog‘lanib ketganligidir.

Uchinchidan, siyosiy tizimning mustaqil tarzda faoliyat yuritishidadir.

Siyosiy tizim siyosat sub’ektlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirning aniq tarixiy shakllarini o‘zida aks ettiradiki, bu ular majmuini vujuda keltiradi, siyosiy faoliyatni belgilangan chegaralarda tartibga soladi, rasmiylashtiradi va yakunlaydi. Jamiyatning siyosiy tizimi - bu siyosiy, ijtimoiy, yuridik, mafkuraviy, madaniy me’yorlarga, tarixiy an’analar va muayyan jamiyat siyosiy rejimining ko‘rsatmalariga bo‘ysunadigan siyosiy institutlar, xizmatlar, munosabatlar, jarayonlar, jamiyat siyosiy tashkiloti tamoyillarining yaxlit, tartibga solingan majmui.

Hozirgi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida amalda bo‘lgan turli-tuman ijtimoiy tizimlar, birinchi navbatda, ularga xos siyosiy tuzilmalarning xarakteriga ko‘ra farqlanadi.

Siyosiy tizimlarni tadqiq etish siyosiy hayotning turli tomonlarini ilmiy-nazariy ko‘rib chiqishdan boshlab, tushuncha va ta’riflarni empirik-sotsiologik tadqiqotlar ta’sirida ishlab chiqishga o‘tishni ta’minlaydi. Siyosiy tizimlar nazariyasini o‘zlashtirish rahbar kadrlarni tayyorlash uchun muhim metodologik va nazariy ahamiyatga ega, chunki bu ularni hozirga muammolarni tushunishga ilmiy yovdashuv bilan qurollantiradi.

Siyosiy tizim jamiyatning sinflarga bo‘linishi va davlatning paydo bo‘lishi jarayonida vujudga keladi. Davlat asosida birlashgan jamiyatning taraqqiyoti davomida siyosiy tizim yanada murakkab va ko‘p tarmokli ko‘rinish oladi. Shuning uchun uning tuzilishi, ishlash tartibi hamisha jamiyatning iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy-axlokiy rivojlanish darajasi, shuningdek bir qator xalqaro, geografik va boshqa omillar bi­lan belgilanadigan aniq tarixiy xususiyatga ega bo‘ladi.

Siyosiy tizim uzoq muddat mobaynida rivojlanishi (AQSH, Buyuk Britaniya) ham, shu bilan birga tezda, inqilobiy ravishda o‘zgarishi ham mumkin (sobiq SSSR, Sharqiy Evropa mamlakatlari). Bu jamiyat a’zolarining ijtimoiy-siyosiy faolligi, ularning siyosiy madaniyati darajasiga bog‘liq bo‘ladi. «Mamlakatimizda amalda davlat boshqaruvi tizimi tarkib topdi. Davlatimizda qonun chiqaruvchi oliy organ — Oliy Majlis bor, saylab qo‘yiladigan mahalliy vakolatli organlar- Kengashlar bor, Prezident bor, Bosh vazir, Bosh vazir o‘rinbosarlari bor, tegishli vakolatga ega bo‘lgan vazirlar va mahkamalar rahbarlari bor. Tarkibi, ana shu tizimning hammasi, undagi har bir hokimiyat tuzilmasi o‘z vazifalarini aniq bajarishi va yagona pirovard maqsadni - xalq irodasi va umidlarini ruyobga chiqarishni ko‘zlab ishlashi kerak»26.

Bu tizimning samarali ishlashi uchun quyidagilar zarur:


  • birinchidan, davlat boshqaruvi tizimining o‘zini rivojlangan va demokratik mamlakatlar namunasi asosida, ularga o‘xshab takomillashtirish. Bu to‘xtovsiz davom etadigan jarayondir;

  • ikkinchidan, kadrlar masalasini hal etish. Boshqaruv ti­zimining asosiy, hal qiluvchi joylarida zamonaviy fikr yuritadigan, o‘z xalqi, o‘z Vatani manfaatlariga g‘oyat sadoqatli, yuqori malakali kadrlar ishlashi lozim;

  • uchinchidan, ijroiya hokimiyati ustidan jamoatchilik, avvalo, saylab qo‘yiladigan hamda vakolotli organlar nazoratini, boshqacha aytganda, zarur vakolat berilgan xalq deputatlari amalga oshiradigan nazoratni butun choralar bilan kuchaytirish lozim»27.

Jamiyatning siyosiy tizimi bir qator tuzilmaviy yoki aniqrog‘i, asosiy boshlang‘ich tizimlardan tashkil topadi: ijtimo­iy institutlarga oid (davlat, siyosiy partiyalar va manfaatlar guruhi), normativ va tartibga soluvchi (uni kishilarning kundalik hayotidagi xulq-atvori bilan belgilanadigan turli-tu­man me’yorlar vujudga keltiradi), kommunikativ (siyosiy ti­zim institutlari o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yadi, bu tizimning unsurlariga, hukumatga axborot uzatadigan kanallar va ommaviy axborot vositalarini kiritish mumkin); mafkuraviy (siyosiy ong), siyosiy-madaniy, siyosiy shakldagi tizimlar shular jumlasidandir.

Jamiyatning siyosiy tizimi tuzilmasida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin:



  • siyosiy tashkilotlar (institutlar);

  • siyosiy me’yorlar (me’yorlar);

  • siyosiy munosabatlar;

  • siyosiy ong;

  • siyosiy madaniyat;

  • siyosiy muloqot;

  • siyosiy ishtirok

Siyosiy tizim tuzilmalarini nisbatan aniqroq tasavvur qilish uchun uning har bir tarkibiy qismini alohida ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.

Siyosiy tizimning eng faol va jo‘shqin qismi siyosiy tashkilotlar hisoblanadi. Siyosiy faoliyatning har qanday ko‘rinishi uyushgan shakllarda - yagona maqsadga tobe kishilarning birgalikdagi harakati va ushbu birlikni boshqarish uchun qabul qilingan muayyan qoidalar, me’yorlar orqali amalga oshiriladi.

Jamiyatning siyosiy tashkiloti - moddiy asosni vujudga keltiradigan muayyan tashkilotlar va muassasalar majmui, siyosiy tizim butun binosining poydevori, uning muayyan vazifalarini amalga oshiradigan ma’muriy-boshqaruv tuzilmasi. Ularning o‘zaro munosabati natijasida ushbu jamiyatda siyosiy hokimiyat amalga oshiriladi.

Siyosiy tashkilot davlat, partiyalar, jamoat tashkilotlari va harakatlari, ommaviy axborot vositalari va cherkovni o‘z ichiga oladi. Davlat va partiyaning o‘zi siyosiy tashkilot­lar hisoblanadi, ya’ni ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita keng kulamda siyosiy hokimiyatni amalga oshiradi va shunga intiladi, hokimiyatni amalga oshirish yoki hokimiyat uchun kurash ular faoliyatining asosi hisoblanadi. Nosiyosiy tashkilot­lar siyosiy hokimiyatni amalga oshirishda deyarli ishtirok etmaydilar. Ularning siyosiylashuv jarayoni mamlakat hayotining muayyan bosqichlaridagina sodir bo‘ladi.



Siyosiy munosabatlar - siyosiy hokimiyatni qo‘lga kiritish va amalga oshirish bilan bog‘liq holda jamiyatda qaror topadigan munosabatlar. Siyosiy munosabatlar siyosiy tizimning tarkibiy qismlari o‘rtasidagi to‘g‘ri va aylanma aloqalarning tuzilmaviy asosini o‘zida ifodalaydi.

Siyosiy tamoyillar va me’yorlar ham siyosiy tizimnint tar­kibiy qismi hisoblanadi va amalda siyosiy tizim doirasidagi siyosiy munosabatlarni tartibga soladi. Siyosiy rejimlar bir-biridan qanchalik farqlansa (masalan, avtoritarizm va demokratiya), tegishli siyosiy tizimlar faoliyatining asosida yotadigan tamoyil va me’yorlar ham o‘zaro shunchalik farqlanadi.

Siyosiy tamoyillar va me’yorlar konstitutsiya, qonun va kodekslar orqali mustahkamlanadi. Ular siyosiy munosabatlarga katta jo‘shqinlik bag‘ishlab, ularni tartibga soladi.



Siyosiy ong qonunlar va siyosatni amalga oshirish mexanizmlarini bilish imkonini beradi, insonning atrof-muhitga va siyosiy hayotga munosabatini shakllantiradi, dav­lat siyosatining maqsad va mazmunini tushunishga yordamlashadi, siyosiy tizimning qolgan barcha tizimlarini mo‘tadillashtiradi. Siyosiy ong — siyosatning sub’ektiv mezoni. Siyosiy faoliyatni aks ettirish darajasi va shakllariga ko‘ra siyosiy ong tuzilishida dialektik jihatdan o‘zaro bog‘liq ikki daraja — nazariy mafkuralashtirilgan va oddiy darajalar farqlanadi28.

Siyosiy madaniyat jamiyatda mavjud siyosiy tizimning tayanchi bo‘lib xizmat qiladi, aholining barcha qatlamlarini birlashtirish (yoki ajratish) imkonini yaratadi va bu bilan hokimiyatni qo‘llab-quvvatlash uchun keng ijtimoiy zamin tayyorlaydi yoki bunga nisbatan aksincha holat yuz beradi. Siyo­siy madaniyat, shuningdek tizimga nisbatan rivojlanishda qadriyat-odatlar ustunligi va talablarini taqozo qiladi.

Siyosiy madaniyat — jahon umumiy madaniyatining ajralmas tarkibiy qismi. Tarixiy-siyosiy rivojlanish jarayonida xalqlar siyosiy tajriba orttiradilar. Mazkur tajriba ta’sirida insonlarda siyosiy ong shakllanadi. Odamlarning siyosiy ongi esa, o‘z navbatida, ijtimoiy tabaqalar, xalqlarning siyosiy xulq-atvorini belgilaydi. Binobarin siyo­siy madaniyat uch jihatning, ya’ni tarixiy-siyosiy tajriba, siyosiy ong va siyosiy xulq-atvorning mushtarakligidir29.



Siyosiy muloqot tegishli axborotning tarqalishini o‘z ichi­ga oladi.

Siyosiy ishtirok fuqarolarning siyosiy tizim yoki muholifatni tegishli darajada qo‘llab-quvvatlashlarni o‘zi­da ifodalaydi.

Siyosiy tizimning tuzilishi:

    • Institutsiyaviy – uni davlat, siyosiy tashkilotlar va ular o’rtasidagi munosabatlar tashkil etadi.

    • Tartibga soluvchi – bu sohaga xos bo’lgan siyosiy va boshqa qoida, an’analar kiradi.

    • Amal qilish – siyosiy faoliyat usullari, siyosatda qo’yilgan maqsadga erishish.

    • Ma’naviy – siyosiy ongning asosiy bo’laklari tashkil etadi: mafkura va psixologiya.

Siyosiy tizim o'z navbatida bir qator kichik tizimlarga bo'linadi:

Madaniy-mafkuraviy kichik tizim - maqsadi mamlakatda amal qiladigan siyosiy partiyalarning ma'lum g’oyalar va qarashlarga tayanishlari bilan bog’liqdir. Siyosiy partiyalar o'zlarining turli g’oyalarini jamiyat taraqqiyoti yo'nalishlarining hokimiyat uchun kurash uslublari va konsepsiyalaridan kelib chiqib, ilgari surishlari mumkin.

Me'yoriy kichik tizim - bu davlat va siyosiy tuzilmalar darajasida tan olingan siyosiy ahloq hisoblanadi. Uning asosiy hujjati konstitutsiya bo'lib, u jamiyat va davlat hayotining me'yorlarini o'zida ifoda etadi.

Ommaviy axborot vositalari, kommunikatsiyalar, infratuzilmalar kichik tizimi - Uning jamiyat siyosiy tizimidagi o'rni matbuot, radio va televidenielarni o'z ichiga olganligi siyosiy jarayonlarni xolisona yetkazish va baholash, halqni uni ijrosini ta'minlashda safarbar etish bilan belgilanadi. Xullas, siyosiy tizimdagi uning asosiy o'rni siyosiy faoliyat bilan bog’liq.

Siyosiy tizimning mohiyati uni tashkil etuvchi barcha qismlar va ularning ishlash xususiyatlarini tadqiq etish jarayonida nisbatan to‘liq tushuniladi va ochiladi. Umumlashtirib olganda, ular quyidagilardan iborat bo‘ladi. Siyosiy tizim jamiyat mavjudligining iqtisodiy asoslari, ijtimoiy tuzilishi, demografik va ekologik jarayonlar, aholining savodxonligi darajasi va ma’lumotlarga egaligi, ijtimoiy ong holati, ma’naviy-mafkuraviy hayot va xalqaro hayotni qamrab olgan holda, jamiyat holatini aks ettiradi.

Shunday qilib, siyosiy tizim mohiyati va tushunchasining tahlili quyidagi xulosalarga olib keladi:

1) Siyosiy tizim faoliyatining asosida xususiy va ijti­moiy hayot tafovutlari yotadi. Shuning uchun siyosiy tizim­ning asosiy vazifasi - kishilar faoliyati va xulq-atvorini tartibga solishdan iborat;

2) Siyosiy tizim a’zolari turli yoki qarama-qarshi maqsadlarni ko‘zlashlari mumkin - bu ichki ziddiyatlarning manbai hisoblanadi. Bu ziddiyatlar kelishuv yoki kuch ishlatish yo‘li bilan bartaraf qilinishi mumkin;

3) Oliy siyosiy namoyandalar hamma narsaning qonuniy bo‘lishiga intiladilar (o‘zlarining xalq, jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilishlari), buning uchun o‘z ahvollarini oqlaydigan mafkurani yaratadilar va tarqatadilar. Xususan, yuqori doira alohida ijtimoiy guruhlar va shaxslarning xu­susiy manfaatlarini ifodalashga harakat qiladilar;

4) Har qanday siyosiy tizimning amal qilishi boshqa siyo­siy tizimlar bilan u yoki bu darajada aloqalarning mavjud bo‘lishini taqozo qiladi.

Bugungi kun siyosatshunoslik fanida siyosiy tizimlar fa­oliyatining ilmiy tahlili analitik model asosida amalga oshiriladi. Siyosatshunoslar siyosiy tizimlar faoliyatini yaqqol tasavvur qilish va tushunishga imkon beradigan bir qancha modellarni ishlab chiqqanlar. Ulardan ikkitasi - amerikalik politologlar D.Iston va G.Almondning siyosiy ti­zimlar nazariyasining asosini tashkil etadigan qarashlarini ko‘rib chiqish mumkin.



D.Iston «Siyosiy tizim» (1953), «Siyosiy tahlil chegaralari» (1965), «Siyosiy hayotning sistemali tahlili» (1965) kabi tadqiqotlarida har qanday siyosiy tizim, shuningdek bu tizimlarning asosini tashkil etadigan boshlangich tizimlar tahlilining asoslarini bayon qildi.

D.Iston siyosiy tizimni uning vositasida jamiyatda qadriyatlar (moddiy va ma’naviy) qat’iyat bilan taqsimlanadigan o‘zaro munosabatlar sifatida belgiladi va shu zaminda, uning a’zolari o‘rtasidagi ziddiyatlar bartaraf qilinishini ta’kidladi. Birinchidan, siyosiy tizim jamiyatda qadriyatlarni taqsimlashi kerak. Ikkinchidan, siyosiy tizim bu taqsimotning majburiy ekanligiga fuqarolarni ishontira olishi lozim. D.Iston siyosiy tizimning modeliga ko‘ra siyosiy tizim «kirish» (ya’ni, tizim nimani iste’mol qiladi), uning moslashuv va saqlanish mexanizmlari va funksiyalari, shu «chiqish»ga (ya’ni, u nima ishlab chiqaradi va qanday rivojlanadi) ega bo‘ladi. D.Iston kirishning ikki shaklini ajratib ko‘rsatadi: talab va qo‘llab-quvvatlash.



Talab - jamiyatda qadriyatlarni istalgan tarzda taqsimlash munosabati bilan hokimiyat organlariga yo‘naltirilgan fikr. D.Iston talablarning bir necha shakllarini ajratib ko‘rsatadi:

a) taqsimlovchi (ish haqi, ish vaqti, ta’lim olish, tibbiyot xizmati ko‘rsatish shartlari va boshqa xizmatlar haqida), ya’ni, boylik va xizmatlarni taqsimlashga taalluqli barcha talablar;

b) tartibga soluvchi (jamoat xavfsizligini ta’minlash, bozor va ishlab chiqaruvchilar ustidan nazorat va boshqalar haqida), ya’ni tartibga solish bilan birga boshqa barcha talablar;

v) aloqa qiluvchi (siyosiy axborotlarni taqdim etish, sisiy kuchlardan foydalanish va boshqalar haqida), ya’ni, muloqot va axborot sohasidagi talablar.

Talab siyosiy tizimni zaiflashtirish tamoyiliga ega.

Qo‘llab-quvvatlash, aksincha, siyosiy tizimni kuchaytirishga olib boradi. U siyosiy tizimga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan barcha fikrlar va axloqning barcha variantlarini qamrab oladi. Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, harbiy burchni bajarish, rahbariyatga sodiqlik, rejimni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkaziladigan namoyishlar va shu kabilar qo‘llab-quvvatlashning namoyon bo‘lish shakllari deb hisoblanishi mumkin.

Qo‘llab-quvvatlash muhit talabini tegishli qarorlarga aylantiriladigan hokimiyat organlarining nisbiy barqarorligini ta’minlaydi, shuningdek islohotlarni amalga oshirish maqsadida amaliy choralarni qo‘llash uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi. Qo‘llab-quvvatlash siyosiy hamjamiyat a’zolari o‘rtasida kelishuvni ta’minlashda alohida ahamiyatga ega. D.Iston siyosiy rejim, hokimiyat va siyosiy hamjamiyatni siyosiy tizimdagi qo‘llab-quvvatlashning asosiy ob’ektlari deb hisoblaydi. Ob’yektlarga muvofiq ravishda u qo‘llab-quvvatlashning uch turini ajratib ko‘rsatadi:

1) siyosiy tizim tayanadigan erkinlik, plyuralizm, mulkka egalik kabi qadriyatlarni o‘z ichiga olgan holda, barqaror ishonchlar majmui sifatida tushuniladigan rejimni, shu­ningdek, hokimiyat me’yorlari (konstitutsiyaviy, huquqiy) va tuzilmalarini qo‘llab-quvvatlash;

2) hokimiyatni, ya’ni xoh rasmiy, xoh norasmiy bo‘lsin, uning barcha institutlari, masalan, ma’muriy vazifalarni bajaradigan xarizmatik dohiylarni qo‘lab-quvvatlash;

3) siyosiy hamjamiyat, ya’ni siyosiy mehnat taqsimoti tufayli o‘zaro bog‘langan shaxslar guruhini qo‘llab-quvvatlash. «Kirish» natijasida atrof muhitning tizimga ta’sir ko‘rsatish jarayoni sodir bo‘ladi, buning oqibatida unda reaksiya-qadriyatlarni taqsimlash bo‘yicha nufuzli qarorlar ko‘rinishida «chiqish» yuz beradi.

Tashqaridan olingan ichki turtkilarga tizimning javobi qarorlar va harakatlar shaklida amalga oshiriladi, yangi qonunlar, bayonotlar ham ular qatoridan o‘rin olishi mumkin. Qarorlarning bajarilishi qonun kuchi bilan ta’minlanadi.

Siyosiy harakatlar bunday majburiy xususiyatga ega emas, lekin ijtimoiy hayotning turli tomonlariga sezilarli ta’­sir ko‘rsatadi. Ular jamiyat hayotining turli sohalarida boshqarish va dolzarb muammolarni hal qilish chora-tadbirlari tizimi shaklida amalga oshiriladi va iqtisodiy, ekologik, ijtimoiy va boshqa siyosatni tashkil etadi.

Shunday qilib, siyosiy tizim tashqi muhit bilan har tomonlama o‘zaro bog‘liq munosabatda bo‘ladi. U tushayotgan talab va qo‘llab-quvvatlashlarni o‘zini o‘zi boshqarishga ega ekanligi sharti bilan tegishli qarorlar va harakatlarga aylantirishi kerak. Unda kechayotgan siyosiy jarayonlar axborotlarning almashish, «kirish»dan «chiqishga»ga aylanish jarayonlaridir. Siyo­siy tizim atrof-muhitning signallariga javob qaytarar ekan, bir vaqtning o‘zida jamiyatda o‘zgarishlarni amalga oshiradi va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, agarda o‘zgaruvchanlik tizim faoliyatida uning o‘ziga xos xususiyati sifatida maydonga chiqsa, yashash va o‘zini saqlab qolish, aslini olganda, uning muhim belgilari hisoblanadi.

D.Iston siyosiy tizimning tashqi muhit bilan o‘zaro ta’siriga e’tibor qaratishga urg‘u berar ekan, siyosiy tizimning jamiyatda muvozanatni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradigan ichki tuzilmasiga to‘xtalmaydi. Bu unga siyosiy tizim chegaralarini aniq ta’riflashga imkon bermadi. Yana bir amerikalik siyosatshunos G.Almond bu kamchilikni bartaraf etishga intilib, «siyosiy tizim» tushunchasi ostida «siyosiy qarorlar qabul qilishga aloqador bo‘lgan barcha unsurlarni» tushunishni taklif qildi. U muayyan siyosiy funksiya va rollarni bajaradigan barcha institutlarni siyosiy tizim tarkibiga kiritdi.

G.Almond, shuningdek, «kirish» va «chiqish»ning funksiyalarini ajratib ko‘rsatdi, lekin D.Istondan farqli o‘laroq, u har bir siyosiy institut zimmasiga muayyan siyosiy vazifa yukladi.

G.Almond ta’limotiga ko‘ra, siyosiy tizimning tuzilishi si­yosiy faoliyatni shakllantiradigan va hamma kuzatishi mumkin bo‘lgan ish. Uning fikricha, barcha siyosiy tizimlar ikki asosiy funksiya majmui - «kiritish» va «chiqarish»ni amalga oshiradi.

«Kirishga oid funksiyalarga u quyidagilarni kiritdi:



  • siyosiy umumlashtirish va jamiyat a’zolari o‘rtasida qatnashish ruhining tarqalishiga yordam beradigan nimaiki bo‘lsa, qatnashishga jalb qilish;

  • manfaatlar artikulyasiyasi (talablarning shakllanish jarayoni). Manfaatlar guruhini amalga oshiradigan siyosiy konversiyalar jarayonidagi ilk funksional qadam;

  • manfaatlar birlashuvi (harakatlarning muqobil dasturlarida talablarni to‘ldirish qanday sodir bo‘ladi). Talablarni davlat siyosatining muqobillariga aylantirish qobiliyati;

  • axborot uzatish va ishontirish jarayonlarini o‘z ichiga oladigan siyosiy aloqa.

«Chiqish»ga oid funksiyalarga u quyidagilarni kiritdi:

  • me’yorlar ishlab chiqish;

  • sud tartibida me’yorlarni qo‘llash;

  • me’yorlarga rioya qilish ustidan nazorat.

Shunday qilib, G.Almondning fikricha, siyosiy rollar va funksiyalarni umumlashtirish va taqsimlash orqali nafaqat siyosiy tizimning o‘zi, balki butun jamiyatning barqarorligini, o‘zgaruvchan sharoitlarga moslashuvini ta’minlaydi.

Siyosiy tizimlar tipologiyasi

Hozirgi dunyoda mavjud bo‘lgan siyosiy tizimlarning xilma-xilligi ularning shakllanish va amal qilish jarayonlariga ko‘plab omillar: tarixiy an’analar, madaniyat, iqtisodiy rivojlanish, fuqarolik jamiyatining etukligi, siyo­siy shart-sharoitlar va shu kabilar ta’sir o‘tkazishini ko‘rsa, u yoki bu omillarning ustunligi ularning o‘ziga xosligi va betakrorligini taqozo etadi. Lekin ularni yaqinlashtiradigan, ularning universal mexanizmlari roli va amal qilish qonuniyatlarini namoyon etishga imkon beradigan ni­maiki bo‘lsa, nazariy va amaliy qiziqish uyg‘otadi.

Siyosiy tizimlarni tasniflashning amaliy ahamiyati shundaki, ular shart-sharoitlarning etarli yoki etarli emasligi, ularning siyosiy institutlarning o‘z siyosiy vazifalarini muvaffaqiyatli bajarish darajasida samarali ishlashini ta’minlay olish-olmasligini aniqlashga yordam beradi. Siyosiy tizimlar tipologiyasi turli-tuman belgilarni hisobga olish asosida amalga oshiriladi.

Siyosiy tizimlarning tasniflaridan biri ularning tashqi muhit bilan o‘zaro munosabatlari xarakteridan kelib chiqadi. Ushbu mezon bo‘yicha ular ochiq va yopiq siyosiy tizimlarga bo‘linadi.



Yopiq siyosiy tizimlar tashqi muhit bilan cheklangan darajada aloqaga kirishadi, boshqa tizimlarga xos qadriyatlarga o‘quvsiz bo‘la­di, rivojlanish imkoniyatlarini tizim ichidan qidiradi. Sobiq, sotsiolizm mamlakatlari bunta misol bo‘lib xizmat qiladi.

Ochiq siyosiy tizimlar tashqi dunyo bilan faol ravishda resurslar ayirboshlaydi, boshqa tizimlarning ilg‘or qadriyatlarini muvaffaqiyat bilan o‘zlashtiradi, ular harakatchan va jo‘shqin xususiyatga ega bo‘ladi.

Fransuz siyosatshunosi J.Blondeev siyosiy tizimlarni boshqaruvning mazmuni va shakli bo‘yicha farqlab, unga muvofiq quyidagi asosiy turlarini ajratib ko‘rsatgan:

1) liberal-demokratik tizimlar siyosiy qarorlar qabul qilishda individualizm va erkinlik qadriyatlariga asoslanadilar;

2) kommunistik tizimlar tenglik, ijtimoiy adolat qad-riyatlariga asoslanadilar;

3) an’anaviy siyosiy tizimlar boshqarishning oligarxik shakllariga tayanadilar va iqtisodiy resurslar va ijtimoiy maqomlarni notekis taqsimlashga asoslanadilar;

4) populistik siyosiy tizimlar rivojlanayotgan mamlakatlarda ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Evolyusiya nuqtai-nazaridan, an’anaviy va zamonaviylashtirilgan tizimlarni ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiq rivojlanishining tarixiy xususiyatlari jihatidan esa siyosat va partiyalar anglo-amerikaviy, evropa-mintaqaviy, rivojlangan mamlakatlarga bo‘linadi.

Hozirgi davrda G.Almondning siyosiy tizimlar tipologiyasi keng tadbiq etilmoqda. U siyosiy tizimlarni siyosiy madaniyatlar va siyosiy jarayon ishtirokchilari o‘rtasida siyo­siy rollarning taqsimlanishi bo‘yicha farqlaydi va siyosiy tizimlarning to‘rt turini ajratib ko‘rsatadi: anglo-ameri­kaviy, mintaqaviy-evropaviy, sanoatlashmagan va qisman sanoatlashgan, totalitar.



Anglo-amerika siyosiy tizimiga (AQSH, Buyuk Britaniya) si­yosiy jarayonlar - davlat, partiyalar, manfaatlar guruhi va shu kabilar ishtirokchilari o‘rtasida siyosiy rol va funksiyalarning yuqori darajada taqsimlanishi xosdir. Hukmronlik qilish va ta’sir ko‘rsatish siyosiy tizimning turli bo‘g‘inlari o‘rtasida taqsimlangan. Siyosiy tizim jamiyatda umum tomonidan e’tirof etilgan liberal qadriyatlar (erkinliklar, xavfsizlik, mulkka egalik va shu kabilar) himoyasiga asoslangan yagona madaniyat amal qiladi.

Kontinental-evropaviy siyosiy tizim turi (Fransiya, Germa­niya, Italiya va boshqalar) siyosiy madaniyatning, bir butun olganda, umumiy iddizlari va umumiy merosga ega alohida qismlardan iboratligi bilan farqlanadi. Ularga eski va yanga ma­daniyatning birga yashashi, jamiyatda o‘z ta’sir kuchiga ega bo‘lgan turli mafkuradagi turli siyosiy partiyalarning mavjudligi xos.

Sanoatlashmagan siyosiy tizimlar aralash siyosiy madaniyat (Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi) — Fapb qadriyatlari, etnik va diniy an’analar qorishmasidan iborat. Bu turdagi tizimlar uchun hokimiyatning oshkora taqsimlanmasligi xos­dir. Armiya va byurokratik apparat ko‘pincha qonunchilik funksiyalarini o‘zlariga olishadi. Qonunchilik organlari sud jarayonlariga aralashadi. Shaxsiy avtoritarizm, yagona partiyaning hukmronligi va kuch ishlatish imkoniyatining etarli darajada yuqoriliga. Sanoat­lashmagan siyosiy tizimlar turli-tuman keyingi yillarda ri­vojlanayotgan va kam rivojlangan bir qator mamlakatlar siyo­siy sahnasida paydo bo‘layotgan bu siyosiy tizimlarda monarxiyadan tortib harbiy-buyruqbozlikkacha bo‘lgan rejimlarni ko‘ramiz. Aholi asosiy qismining jamiyatni boshqarishdan chetlatilishi — ularning o‘ziga xos belgisi hisoblanadi.

Qisman sanoatlashgan siyosiy tizimlar ham omuxta siyosiy madaniyatga ega. Bunga Evropaning ayrim mamlakatlari, Osiyoning ayrim mamlakatlari va SSSR parchalanganidan keyin paydo bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari tizimini kiritish mumkin. Bu tur­dagi tizimlarning umumiy jihatlari quyidagilar:

demokratiyaning turli xillarini vujudga keltiruvchi siyosiy tizimning ijtimoiy asosi sifatidagi davlat va fuqarolik jamiyatining oz yoki ko‘p darajada bo‘linib ketishi;

yangi ijtimoiy institutlar sonining ortib borish darajasi;

davlat boshqaruvining ratsional-byurokratik xususiyati.

Bu turdagi siyosiy tizimlar davlat hokimiyati va boshqaruv tashkilotlarinint keng ko‘lamdagi rang-barang shakllari va rejimlarning barcha mashhur ko‘rinishlarini o‘z ichiga qamrab oladi.

Siyosiy tizimlarni siyosiy rejimlar, ya’ni hukmronlik xususiyati va jamiyatning siyosiy hayotini tashkil qilish tamoyillari bo‘yicha tasniflash etarli darajada keng tarqalgan hisoblanadi. Ushbu mezonlar bo‘yicha siyosiy tizimlarning uch asosiy: demokratik, avtoritar va totalitar, shuningdek, ular oraligidagi turlarini ajratib ko‘rsatish mumkin.

Siyosiy tizim o‘z navbatida bir qator kichik tizimlarga bo‘linadi. Madaniy-mafkuraviy kichik tizimning maqsadi mamlakatda amal qiladigan siyosiy partiyalarning ma’lum g‘oyalar va qarashlarga tayanishlari bilan bog‘liqdir. Siyosiy partiyalar o‘zlarining turli g‘oyalarni jamiyat taraqqiyoti yo‘nalishlarining hokimiyat uchun kurash uslublari va konsepsiyalaridan kelib chiqib, ilgari surishlari mumkin.

Ta’bir joiz bo‘lsa, shuni ta’kidlash lozimki, siyosiy partiyalar va harakatlar mamlakatda amal qilayotgan huquq me’yorlariga to‘la to‘kis rioya qilsalargina o‘sha jamiyatning siyosiy tizimida o‘zlarining munosib o‘rinlariga ega bo‘ladilar. Aks holda ularning faoliyati davlat tomonidan to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.

Bugungacha dunyodagi siyosiy partiyalarning faoliyatlarida liberal, konservativ, radikal, milliy, sotsialistik va boshqa turdagi mafkuralar ilgari surilganligi ma’lum. Demokratik davlat ma’lum bir konsepsiyaga tayansa ham, u yoki bu mafkurani davlat mafkurasi sifatida belgilamaydi.

Jamiyatning siyosiy tizimi va uning tashkiliy tuzilmalari ma’lum bir siyosiy me’yorga tayanib faoliyat ko‘rsatadilar. Aks holda uning faoliyati uyg‘un va barqaror rivojlana olmaydi.



Me’yoriy kichik tizim – bu davlat va siyosiy tuzilmalar darajasida tan olingan siyosiy axloq hisoblanadi. Uning asosiy hujjati konstitutsiya bo‘lib, u jamiyat va davlat hayotining me’yorlarini o‘zida ifoda etadi.

Ommaviy axborot vositalari, kommunikatsiyalar, infratuzilmalar kichik tizimi jamiyat rivojida katta o‘rin tutadi. Uning jamiyat siyosiy tizimidagi o‘rni matbuot, radio va televidenielarni o‘z ichiga olganligi siyosiy jarayonlarni holisona etkazish va baholash, xalqni uni ijrosini ta’minlashda safarbar etish bilan belgilanadi. Xullas, siyosiy tizimdagi uning asosiy o‘rni siyosiy faoliyat bilan bog‘liq.

Siyosiy tizimning yuqorida keltirilgan kichik tizimlari bir-biridan mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatadilar va ayni paytda ular bir-birlariga bog‘liqdir. Ularning o‘zaro uyg‘un holatdagi faoliyati siyosiy tizimning barcha mexanizmlarining normal ishlashini ta’minlaydi.

Umumlashtirib olganda, siyosiy tizimning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:


  • jamiyatning maqsad va vazifalarini aniqlashtirish, uning kundalik hayotiy faoliyati uchue zaruriy dasturlarni ishlab chiqish;

  • Qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun jamiyat resurslarini va imkoniyatlarni safarbar etish;

  • Jamiyat tizimi barcha elementlarini umumiy maqsad va qadriyatlar yo‘lida integratsiyalash va birlashtirish;

  • Jamiyat ichki va tashqi xavfsizligini va barqarorligini ta’minlash;

  • Jamiyat a’zolarining siyosiy ongini shakllantirish, ularni siyosiy ishtirok va faoliyatga moslashtirib borish.

    • Legitimlilik deganda i haqiqiy siyosiy hayotning zarur darajasiga rasmiy-siyosiy va huquqiy me’yorlar bilan erishilishini tushuniladi.

    • Jamiyatning siyosiy tizimida davlat markaziy o‘rinni egallaydi. Zero, jamiyatda mavjud bo‘lgan barcha tashkilotlar davlat faoliyati bilan bog‘liq bo‘ladi. Davlat o‘zining mukammal maqomiga ega bo‘lib, uning asosiy belgilariga quyidagilar kiradi:

  • ma’lum hududga,

  • o‘z aholisiga,

  • ma’lum bir tashkilotlariga ega bo‘ladi.

Davlatning yana bir muhim belgilari uning suveren bo‘lishidadir.

Avvalo, bu bizningcha jamiyatimizda sodir bo‘layotgan, hozirgi o‘tish davrida davlat boshqaruvining barcha sohasini isloh qilish va tartibga solish va uni tobora mustahkamlab, takomillashtirib borishida o‘z ifodasini topmoqda. Bu to‘g‘rida Prezident I.A.Karimov quyidagilarni ta’kidlaganlar. “O‘tish davrida jilovini qo‘ldan bermasligi kerak. Shundagina u davlat bo‘ladi. Jilov qo‘ldan ketgan joylarda ahvol qanday ayanchli ekanni ko‘rib turibmiz”30.



O‘zbekistonda shakllanayotgan siyosiy tizimning o‘ziga xos xususiyatlari

Hozirgi kunda O‘zbekistonda siyosiy tizimni shakllantirish, davlat qurilishi va boshqaruvi sohasida amalga oshirilgan muhim o‘zgarishlar ham davlatning jamiyat siyosiy tizimini mustahkamlashga kuchli ijobiy ta’sir etayotganligini ko‘rsatatmoqda. Prezident I.Karimovning: «Biz barpo etayotgan davlat, eng avvalo umumjahon sivilizatsiyasiga, davlat qurilishi sohasida boshqa xalqlar erishgan tajribalarga, ijtimoiy qadriyatlarga asoslanishi lozim»,31 degan fikrida mamlakatimizning ichki siyosiy hayoti to‘la demokratik asoslarga ega bo‘lishi lozimligi qayd etilganligini ko‘ramiz. O‘zbekistonda shakllangan siyosiy xilma-xillik, ko‘ppartiyaviylik uning siyosiy tizimi mohiyatini, mazmunini, asosiy yo‘nalishlarini belgilab bermoqda. Respublikada eng muhim masalalar bo‘yicha umumxalq muhokamasini o‘tkazish, demokratiyaning boshqa ko‘rinishlari-fuqarolar yig‘ilishlari, jamoatchilik fikr-mulohazalarini hisobga olish kabi vositalar orqali ish yuritish, uning siyosiy tizimi tarkibida siyosatning yangi sub’ektlari faoliyat ko‘rsatayotganligi mamlakatimizda siyosiy tizimning rivojlanib va takominllashib borayotganligini amalda ko‘rsatmoqda.

Dunyodagi rivojlangan mamlakatlarda davlat hokimiyatining 3 ta bo‘linish prinsipi mavjud. O‘zbekiston Konstitutsiyasining xalq hokimiyatchiligiga bag‘ishlangan 11-moddasida ham davlat hokimiyati 3 ta bo‘linish prinsipiga asoslanishi bayon etilgan. Ular 1) qonun chiqaruvchi (Oliy Majlis), 2) ijro etuvchi (Vazirlar Mahkamasi) va 3) sud hokimiyati.

Qonun chiqaruvchi hokimiyat jamiyat hayotining xilma-xil sohalaridagi o‘zgarishlarni, o‘zaro munosabatlarni tartibga solish, ularni huquqiy jihatdan kafolatlashga doir qonunlarni ishlab chiqadi. Davlat hokimiyati tomonidan ishlab chiqilgan qonunlarni bajarish va ularga amal qilish majburiy hisoblanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat g‘arbda: Parlament, Seym Kongress va h.k. deb yuritilsa Sharqda: Oliy majlis, Kengash, Halq qurali va h.k. deb ataladi.

Huquqiy davlatchilik va fuqarolik jamiyati gullab-yashnashi uchun ilk zamin — bu parlametarizmdan boshlanmog‘i shart. Zero, parlamentning qanday bo‘lishi, davlat hokimiyati organlari tizimida uning qanday o‘rin egallashi, qanday qonunlar qabul qilinishi, bu qonunlar inson huquqlari va erkinliklarini qay darajada ta’minlay olishi — davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarining xarakterigagina emas, balki bundan keyin davom etadigan davlat va jamiyat qurilishining barcha jihatlariga ta’sir qilishi shubhasiz edi.

Mustaqillik qo‘lga kiritilgan dastlabki paytlardanoq O‘zbekistonda demokratiyani taraqqiy toptirish uchun hozirgi zamon jahon standartlariga javob bera oladigan samarali va ishchan parlamentni shakllantirish zarur degan fikrda yakdil edi. Ammo bir ijtimoiy tizimdan ikkinchisiga o‘tish sharoitida bu vazifa — murakkabgina bo‘lib qolmay, balki hayot-mamotni hal qiladigan darajada qiyin masala ham edi.

“Bosqichma-bosqichlilik” tamoyiliga amal qilgan islohotchi-davlat ushbu jarayonni quyidagi bosqichlarda o‘tkazdi: O‘zSSR Oliy Sovetidan — mustaqil O‘zbekistonning Oliy Sovetiga, undan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga va yarimprofessional bir palatali parlamentdan — ikki palatali professional parlamentga. Birinchi bosqichda suverenitet asoslarini o‘rnatish, davlat va jamiyat qurilishi, bozor iqtisodiyotini rivojlantirish va ijtimoiy sohalarda muhim qonunlar qabul qilish kerak edi. Parlamentarizm saboqlarini o‘zlashtirish, bunda nafaqat parlament sub’ektlari, balki butun jamiyat bu saboqlarni o‘zlashtirmog‘i kerak edi. Gap shundaki, “parlament” iborasining o‘zi mustaqillik qo‘lga kiritilgunicha O‘zbekistonda ishlatilmas edi.

Milliy parlamentarizmning eng yangi tarixi O‘zbekiston 1991 yil 1 sentyabrda davlat mustaqilligiga erishgach, davlat hokimiyatining eng muhim institutlaridan biri sifatida milliy parlamentni rivojlantirishning sifat jihatidan yangi bosqichi boshlandi. Milliy parlamentarizmning eng yangi tarixi umum e’tirof etilgan uchta asosiy davrga bo‘linadi. Birinchi davr: 1991-1994 yillar, ikkinchisi: 1995-2004 yillar va uchinchi davr: 2005 yildan hozirgi paytgacha.

Birinchi davr: 1991-1994 yillar

O‘tish davri parlamenti deb atash mumkin bo‘lgan oxirgi chaqiriq Oliy Kengash davlat boshqaruvining mutlaqo yangi organlarini tashkil etishning, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan adolatli demokratik jamiyat qurishning huquqiy negizi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi. Parlament yosh davlatning suverenitetini mustahkamlashga qaratilgan «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi va boshqa bir qator qonunlarni qabul qildi.

Oliy Kengashning o‘n ikkinchi sessiyasi 1994 yil 23 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga birinchi saylovni 1994 yil 25 dekabrda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Uch bosqichda (1994 yil 25 dekabrda, 1995 yil 8 va 22 yanvarda) bo‘lib o‘tgan saylov yakunlariga binoan 245 nafar deputatdan iborat tarkibdagi parlament shakllantirildi. Saylov ko‘p partiyaviylik asosida o‘tkazildi.

Dunyo mamlakatlarining ba’zilaridagi parlamentlarida deputatlar soni qo‘yidagicha:



  1. AQSH Kongressiga 535 deputat saylanadi.

  2. Rossiya Federal Majlisiga 626 deputat saylanadi.

  3. Misrda Xalq Assambleyasiga 454 deputat saylanadi.

  4. Isroil Knessetiga 120 deputat saylanadi.

  5. Finlyandiya, Eduskuktiga 200 deputat saylanadi.

  6. Islandiya Altinggiga 63 deputat saylanadi va h.k.

Ikkinchi davr: 1995-2004 yillar

Oliy Kengash o‘rniga O‘zbekiston Respublikasining bir palatali parlamenti — Oliy Majlis shakllantirildi, Birinchi chaqiriq (1995-1999 yillar) Oliy Majlis tarkibida O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan 69 nafar, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan 47, «Vatan taraqqiyoti» partiyasidan 14 va «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan 7 nafar deputat bo‘lib, deputatlarning qolgan qismini hokimiyat vakillik organlaridan ko‘rsatilgan shaxslar tashkil etdi.



Ikkinchi chaqiriq (2000-2004 yillar) Oliy Majlisga saylov hokimiyat vakillik organlari bilan bir qatorda beshta siyosiy partiya va saylovchilar tashabbuskor guruhlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisda 11 nafar deputatni birlashtirgan «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi, 10 nafar deputatdan iborat «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi, 20 nafar deputatga ega bo‘lgan «Vatan taraqqiyoti» partiyasi fraksiyasi, 34 nafar deputat tashkil etgan Fidokorlar milliy-demokratik partiyasi fraksiyasi, 49 nafar deputatdan iborat Xalq-demokratik partiyasi fraksiyasi, 107 nafar kishidan iborat hokimiyat vakillik organlaridan saylangan deputatlar bloki va 16 nafar saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar bloki ro‘yxatga olindi. Keyinchalik «Vatan taraqqiyoti» va Fidokorlar partiyalari bitta Fidokorlar partiyasiga birlashganligi munosabati bilan ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisning ikkinchi sessiyasida ularning parlamentdagi fraksiyalari a’zolari ham birlashib, 54 nafar deputatni birlashtirgan bitta fraksiyani tashkil etdilar.

Ikkinchi chaqiriq Oliy Majlis tarkibida siyosiy partiyalarning fraksiyalari va deputatlar bloklaridan tashqari quyida ro‘yxati keltirilgan 13 ta qo‘mita ham faoliyat ko‘rsatdi.



Qonun ijodkorligi deputatlar ishining bosh yo‘nalishiga aylandi. 1995—2004 yillarda Oliy Majlis 240 ta qonun, 778 ta qaror qabul qildi, amaldagi qonun hujjatlariga 1573 ta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritdi, 130 dan ziyod xalqaro shartnoma va bitimni ratifikatsiya qildi. Mamlakatning qonun chiqaruvchi oliy organi mazkur bosqichda davlat suverenitetini, fuqarolar tinchligi va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga, jamiyatda demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga ko‘maklashadigan qonunlar ishlab chiqish va qabul qilishga intildi. Natijada parlament mamlakatning demokratik va taraqqiyot yo‘lidan mustaqil rivojlanib borishining huquqiy negizini anchagina kengaytirdi va mustahkamladi. Misol uchun, birinchi chaqiriq Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi, «Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida»gi, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonunlarda va boshqa qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida asos solingan normalar yanada rivojlantirildi. Parlament nazorati bir palatali Oliy Majlis faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Oliy Majlis qo‘mitalari va komissiyalari qonunlar, konvensiyalar, milliy dasturlar ijrosini nazorat qilish tartibida har yili 60 ga yaqin masalani ko‘rib chiqdilar. Bunday nazorat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, mamlakatning barcha viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrini qamrab oldi. Bir palatali Oliy Majlisning nazorat faoliyatini tahlil etish bir qator qonuniyatlarni namoyon etdi. Birinchidan, mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini va huquqni tatbiq etish amaliyotini hisobga olgan holda muqaddam qabul qilingan qonunlarni takomillashtirish tamoyili yil sayin kuchaya bordi. Ikkinchidan, qonun ijodkorligi ishi borgan sari tarmoq tusini kasb etib, ayrim sohalardagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga intildi. Uchinchidan, bir necha qo‘mita va komissiyalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan tayyorlangan hamda muhokamaga kiritilgan huquqiy hujjatlarning soni ortib bordi.

Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga saylov va ikki palatali parlamentga o‘tish (2004 yil dekabr 2005 yil yanvar). Ikki palatali parlamentga o‘tish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish asosida amalga oshirilgan konstitutsion islohotlar, shuningdek, asosiy konstitutsiyaviy qonunlar qabul qilinishi natijasida Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazilib, u ikki bosqichdan iborat bo‘ldi. Saylov o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, saylov uchastkalariga bo‘lingan 120 ta saylov okrugini tashkil etdi. Saylovning birinchi bosqichi 2004 yil 26 dekabr kuni o‘tkazilib, 62 nafar xalq noibi, 2005 yil 9 yanvarda bo‘lib o‘tgan ikkinchi bosqichda Qonunchilik palatasiga 58 nafar deputat saylandi. Saylovlar ham O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar, ham saylovchilarning tashabbuskor guruhlari ko‘rsatgan deputatlikka nomzodlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Saylovda quyidagi siyosiy partiyalar ishtirok etdi: “Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi”, “Xalq-demokratik partiyasi”, “Fidokorlar” Milliy-demokratik partiyasi (2000 yilning iyunida Fidokorlar partiyasi “Vatan taraqqiyoti” partiyasi bilan birlashgan), “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, shuningdek, “Milliy tiklanish” Demokratik partiyasi.



Uchinchi davr. Milliy parlamentarizm rivoj topishining uchinchi davri Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2005 yil 28 yanvardagi qo‘shma majlisidan boshlanib, bunda yangi ikki palatali Oliy Majlis deputatlari va senatorlari amalda o‘z ishlariga kirishdilar. Mamlakatimiz qonun chiqaruvchilarining ana shu tarixiy anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti IAKarimov dasturiy ma’ruza qilib, unda jamiyatimizni demokratlashtirish hamda yangilashning aniq va teran asoslantirilgan konsepsiyasini, shuningdek, mamlakatimizni 2005 yilda va uzoq muddatli istiqbolda isloh etish hamda modernizatsiya qilishning asosiy vazifalarini ilgari surdi.

O‘zbekiston Reepublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilishning davlatimiz boshlig‘i tomonidan olg‘a surilgan ustuvor yo‘nalishlari hamda aniq maqsadli vazifalari asosida ishlab chiqilgan — 2005-2009 yillarga mo‘ljallangan qonunchilik faoliyati dasturini qabul qildi.

Ikki palatali parlament tashkil etilgach, O‘zbekiston Respublikasida qonun chiqaruvchi hokimiyat o‘z taraqqiyotida yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Eng asosiysi, garchi qonunchilik jarayoni ancha murakkablashgan bo‘lsa-da, qabul qilingan qonunlarning sifati sezilarli darajada oshdi. Qonunlarni qabul qilishda siyosiy partiyalarning roli kuchaydi. Qonun loyihalarini partiyalarning fraksiyalarida oldindan ko‘rib chiqish, Qonunchilik palatasi yalpi majlislarida huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilishda ularning fikrlarini albatta eshitish amaliyoti shakllandi.

Ikki palatali parlament sharoitlarida qonunlar uch o‘qishda qabul qilinadi. Birinchi o‘qishda odatda qonun loyihasining umumiy konsepsiyasi va asosiy qoidalari tasdiqlanadi, ikkinchisida — har bir modda batafsil ko‘rib chiqiladi hamda shu modda yuzasidan alohida ovoz berish o‘tkaziladi, uchinchi o‘qishda esa qonun loyihasi muhokama qilinmasdan to‘laligicha ovozga qo‘yiladi. Shundan so‘ng qonun qabul qilinib, ma’qullash uchun Senatga yuboriladi.



Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə