Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari


Siyosatning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni va funksiyalari



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə2/16
tarix21.02.2018
ölçüsü1,1 Mb.
#27268
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16

Siyosatning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni va funksiyalari

Siyosat tushunchasini mukammal o‘rganish uchun uning yuqorida keltirilgan umumiy ta’rifi bilan cheklanib bo‘lmaydi. Buning uchun, siyosatning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni va funksiyalarini ko‘rib chiqish juda muhimdir.

Xo‘sh, siyosat ijtimoiy hayotda qanday o‘rin tutadi? Uning maqsadi va funksiyalari nimalardan iborat? Endi ushbu masalalar ustida batafsilroq to‘xtalib o‘tamiz.

Siyosat - jamiyatning asosiy sohalaridan biri hisoblanadi. U ijtimoiy hayotida tutgan o‘rni va roliga ko‘ra iqtisodiy va ma’naviy sohalarga ko‘p jihatdan o‘xshashdir.

Siyosat jamiyatning boshqa sohalari singari xalq manfaatlarini himoya qiladi. U ham xalqqa, ijtimoiy taraqqiyotga xizmat qiladi. Biroq, siyosat - jamiyatning o‘ziga xos, mustaqil sohasidir. U o‘zining ijtimoiy hayotda tutgan o‘rniga ko‘ra, iqtisodiy va ma’naviy sohalardan farq qiladi.

Siyosat - jamiyatning yashashi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy boyliklarini ishlab chiqaruvchi soha emas, balki uning birligi va yaxlitligi, xavfsizligi va barqarorligi, tinch-totuvligi va osoyishtaligini ta’minlovchi sohadir. Bu sohada xo‘jalik va ma’naviy–ma’rifiy ishlar bilan emas, balki ijtimoiy hayotni boshqarish, tartibga solish, xavfsizlikni ta’minlash masalalari bilan shug‘ullaniladi.

Siyosat jamiyatni boshqarish, tartibga solish va mustahkamlash uchun uning barcha sohalariga; ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviyatga chuqur kirib boradi va ta’sir o‘tkazadi. Jamiyatning siyosat kirib bormaydigan va ta’sir o‘tkazmaydigan bironta ham sohasi yo’q. Uning beistisno hamma sohalari siyosat obekti bo‘la oladi. Siyosatning iqtisodiy va ma’naviy sohalardan farq qiladigan xususiyatlaridan biri ana shundandir.

Siyosat - jamiyatning ijtimoiy muammolariga chuqur kirib boruvchi, ta’sir o‘tkazuvchi va ularni hal etuvchi sohadir. Bu sohada barcha ijtimoiy guruhlar, qatlamlar uchun belgilovchi ahamiyatga ega bo‘lgan, to‘g‘ri va oqilona yo’lni ko‘rsatib beradigan qarorlar ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.

Siyosat jamiyatning ijtimoiy sohasini boshqarish, tartibga solib turish bilan cheklanib qolmaydi. U iqtisodiyotni tartibga solish va yuksaltirishga, eski xo‘jalik yuritish tizimi o‘rniga yangi xo‘jalik yuritish tizimi qaror topishiga doir tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Agar u iqtisodiyotdan ustun tursa, uning yiG‘ilib qolgan muammolarini hal etishdan bosh tortsa, o‘zining maqsad va vazifalarini bajara olmaydi. Iqtisodiyotdan doim ustun turgan siyosat haqiqiy siyosat bo‘la olmaydi.

Siyosat iqtisodiyotdagi muammolarni hal etuvchi, uni tartibga soluvchi sohadir. U iqtisodiyotdagi muammolarning adolatsizliklar, haqsizliklar, qonunbuzarliklarning qanchalik to‘la va chuqur hal etilishiga erishsa, uning ta’sirchanligi, samaradorligi, xalqchilligi shunchalik yuqori bo‘ladi.

Siyosat jamiyatning ma’naviy, madaniy – ma’rifiy sohasini ham boshqaradi, tartibga solib turadi. U ommaning, har bir insonning ma’naviy madaniyatini oshirishga, uning tabiat, jamiyat sirlarini, ijtimoiy hayotdagi o‘z o‘rnini bilib va anglab olishiga doir tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Chunki, ijtimoiy, iqtisodiy sohalarni tartibga solish va mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarning o‘zi kutilgan natijalarni bermaydi. Shuning uchun ham siyosat ma’naviy–ma’rifiy sohani izchillik bilan qayta ko‘rishga va rivojlantirishga, oldingi davrdan meros bo‘lib qolgan zararli urf-odatlar, noto‘g‘ri tasavvurlar, mutelik, qaramlik, be’’amlik, boqimandalik va boshqa illatlarni barataraf etish, yangicha qarashlarni shakllantirishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Bu bilan siyosat nafaqat ijtimoiy sohalarni, shu bilan birga ma’naviy-ma’rifiy sohani ham tartibga soluvchi kuch sifatida maydonga chiqadi.

Ammo, siyosat jamiyatdagi har qanday iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy masalalarni hal etmaydi va hal eta olmaydi. Bunday deb o‘ylash ochiqdan-ochiq masalalarni sayqallashtirishdan, siyosatning asl mohiyatini tushunmaslikdan, buzub ko‘rsatish, uni bo‘rttirish, mutlaqlashtirish boshqa narsa emas.

Siyosat jamiyatdagi har qanday iqtisodiy, ma’naviy masalalarni hal etuvchi soha emas. U butun jamiyatning, xalqning manfaatlariga dahldor bo‘lgan iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarni o‘zlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni hal etadi. Boshqacha qilib aytganda, agar iqtisodiyot, ma’naviyat-ma’rifatda u yoki bu masala ushbu soha doirasida hal etilsa, siyosatda esa butun jamiyatga, barcha ijtimoiy guruhlarga doir masalalar hal etiladi. Siyosat – butun jamiyatga dahldor bo‘lgan masalalarni hal etuvchi sohadir.

Siyosatning ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarga ta’sir doirasi kattadir, ammo cheksiz emas. U jamiyatning boshqa sohalariga har doim aralashavermaydi. Faqat totalitar tuzumdagina siyosat har qanday paytda va har qanday joyda ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalar faoliyatiga aralashadi. Siyosat demokratik jamiyatda boshqa sohalar faoliyatiga ular doirasida g‘ayriqonuniy, mas’uliyatsiz xatti-xarakatlar sodir etilganda, ijtimoiy adolat buzilganda aralashishi mumkin. Jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalaridagi noqonuniy, mas’uliyatsiz xatti-xarakatlar, ijtimoiy adolatning buzilishi, ularning o‘z vazifasini holol bajarmasliklari, ijtimoiy muammolarning paydo bo‘lishi va kuchayishi, uning aralashishi qonuniyligini belgilab beradi. Qonunlarning bajarilmasligi, ijtimoiy adolat va ijtimoiy tartibning buzilishi, yovuzlik, zo‘ravonlik siyosatning boshqa sohalar faoliyatiga aralashish uchun obektiv asos bo‘ladi. Qonunlar bajarilmagan va ijtimoiy muammolar paydo bo‘lgan, kuchaygan paytda siyosatning ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy — ma’rifiy sohalarga aralashishi, aybdorlarni javobgarlikka tortishi mumkin va muqarrar bo‘lib qoladi. Iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi noqonuniy xatti—xarakatlarni bartaraf etish masalasi iqtisodiy yoki ma’naviy masala emas, balki siyosiy masaladir. Ana shu sohalardagi qonun buzarliklarni bartaraf etish xuddi siyosatning vazifasidir.

Siyosat o‘zining barcha vositalariga tayanib adolatsizlikni tartibsizlikni, qonunbuzarlikni bartaraf etadi, "ijtimoiy adolat va tartibni, uyG‘unlik va muvozanatni, tinch-totuvlik va osoyishtalikni o‘rnatadi. Shu tariqa siyosat — jamiyatning tayanchi, xalqning posboni, himoyachisi sifatida, butun ijtimoiy hayotini tartibga soluvchi kuch sifatida maydonga chiqadi.

Siyosatning moddiy va ma’naviy boyliklarni bevosita ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmasligi uning jamiyat taraqqiyoti uchun ahamiyati iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy sohalardan kam ekan, degan ma’noni anglatmaydi. Bunday deb o‘ylash siyosatni mensimaslikdan, uning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini kamsitishdan boshqa narsa emas.

Siyosatning jamiyat yashashi va taraqqiy etishidagi ahamiyati iqtisodiyot va ma’naviyatdan aslo kam emas. Xuddi iqtisodiyotsiz, ma’naviyatsiz, ma’rifatsiz jamiyatning yashashi va rivojlanishi mumkin bo‘lmagandek, uning siyosatsiz yashashi va rivojlanishi ham mumkin bo‘lmaydi. Jamiyatning moddiy va ma’naviy boyliklarni ishlab chiqarishsiz ochlikdan o‘limga qanchalik mahkum etilganidek, uning ijtimoiy muammolarni hal etmasdan, birlik, uyushqoqlik, adolat va tartib o‘rnatmasdan halokatga duchor bo‘lishi shunchalik muqarrardir.

Buyuk hakim va alloma Ibn Sino: «... agar mehnatkashlarga rahbarlik qiluvchi sultonlar, xonlar bo‘lmasa edi, bunday hollarda ularning barchalari bilan bulur edilar" deb bejiz aytmagan.

Siyosat tufayli jamiyatning barcha sohalari (boshqariladi, tartibga solinadi, ijtimoiy muammolar hal etiladi, jinoyatchilik ildizlari ijtimoiy hayotda qirqiladi, adolat va tartib o‘rnatiladi, xavfsizlik va barqarorlik, tinchlik, totuvlik-osoyishtalik, uyg‘unlik va muvozanat ta’minlanadi. Shuning uchun ham siyosat jamiyatning asosiy sohalaridan biri hisoblanadi.

Siyosatning bosh maqsadi - jamiyatning faqat iqtisodiy yoki ma’naviy-ma’rifiy sohasini rivojlantirish va moddiy, ma’naviy boyliklarni tobora ko‘proq ishlab chiqarish emas, balki uning beistisno barcha sohalarini taraqqiy ettirish va mustahkam bir butunligini, xavfsizligini, barqarorligini, tinch-totuvligini, osoyishtaligini ta’minlashdan iboratdir. U bu ulkan maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun xilma-xil nazariy va amaliy funksiyalarni bajaradi.

Siyosatning dastlabki va birinchi darajali funksiyasi - jtimoiy muammolarni bartaraf etish va jamiyatning xavfsizligi, barqarorligini ta’minlash va mustahkamlash yo’llarini ko‘rsatib beradigan, ilmiy asoslangan, oqilona dasturlarni, qonunlarni, qarorlarni ishlab chiqishdir. Chunki nazariy sohadagi chalkashlik, noaniqlik, boshboshdoqlik, pala-partishlikka chek qo‘ymasdan, ilmiy asoslangan, oqilona dasturlar, qonunlarni ishlab chiqmasdan amaliyotdagi muammolarni bartaraf etib bo‘lmaydi. Faqat nazariy chalkashlik va boshboshdoqlikni, noaniqlik va pala-partishlikni bartaraf etish, ilmiy asoslangan dasturlarni, qonunlarni, qarorlarni ishlab chiqish orqali ko‘zlangan maqsadlarga erishiladi. Siyosat jamiyatning barcha sohalari uchun taqdirolomon ahamiyatga ega bo‘lgan, to‘g‘ri yo’lni ko‘rsatib beradigan qarorlarni ishlab chiqiladigan sohadir.

Siyosat nafaqat dasturlar, qonunlar, qarorlarni ishlab chiqish, balki ularni qabul qilish funksiyasini ham bajaradi. Chunki dasturlar, qonunlar, qarorlarning ishlab chiqilishi - bu siyosiy hujjatlar degani emas. Ular loyihalardir, xolos. Bu loyihalar - har tomonlama muhokama qilinib, pishitilib, boyitilib, to‘ldirilib qabul qilingandagina siyosiy hujjatlarga, manbalarga aylanadilar. Siyosat - bu siyosiy hujjatlar, manbalar loyihalarini muhokama qilib, har tomonlama pishirib va boyitib qabul qilmoq demakdir.

Biroq, siyosat ijtimoiy muammolarni bartaraf etish va millatlararo, fuqarolararo totuvlikni ta’minlashga doir dasturlarni, qonunlarni, qarorlarni qabul qilish funksiyasini bajarish bilan ham cheklanib qolmaydi. U mazkur hujjatlarning hayotda izchil, qat’iy ijro etilishini ta’minlaydigan amaliy funksiyalarni ham bajaradi. Buyuk mutafakkir Gegel ko‘rsatib o‘tganidek, "masalaning mohiyati o‘z maqsadi bilan emas, balki o‘zining amalga oshirilishi bilan tamomiga etadi... ".

Siyosatning asosiy amaliy funksiyasi - qabul qilingan dasturlar, qonunlar, qarorlarni hayotda izchillik, qat’iyatlilik bilan amalga oshirish, butun jamiyatni turli-tuman illatlardan, xastaliklardan tozalashdir. Chunki bu vazifa ijtimoiy hayotda amalga oshirilmasdan qolar ekan, unda jamiyatning mustahkam xavfsizligiga, barqarorligiga, tinch-totuvligiga, farovonligiga, baxt-saodatiga erishib bo‘lmaydi. Dasturlar, qonunlar, qarorlar hayotda amalda ijro etilganda va jamiyat turli-tuman illatlardan tozalagandagina ko‘zlangan maqsadga erishiladi. Siyosat — bu qabul qilingan siyosiy qarorlar amalda ijro etiladigan, jamiyat xilma—xil xastaliklardan tozalanadigan, zaif va ojizlar zo‘ravonlardan himoya qilinadigan, ijtimoiy adolat va tartib o‘rnatiladigan sohadir.

Shu bilan birga siyosiy fanlarga muvofiq siyosatning turli-tuman funksiyalari mavjuddir. Olimlar bu funksiyalarni turlicha ta’riflaydilar. Hozirgi davr siyosatshunosligida shakllangan xarakterli nuqtai nazarlarni umumlashtirganda, siyosatning funksiyalari quyidagilardan iboratdir:



  • jamiyatning barcha ijtimoiy tabaqalari va guruhlarining hokimiyatga bog’liq manfaatlarini ifoda etadi. Bu ma’noda siyosat kishilarga o`z ehtiyojlarini qondirishlari va ijtimoiy maqomlarini o`zgartirishlari uchun qo’shimcha imkoniyatlar berish vositasidir;

  • siyosat fuqarolar manfaatlarini faollashtirish, ziddiyatlarni ochib berish, maqsadlarni qo’lga kiritish jarayonlarni kuzatib boorish natijasida jamiyatda paydo bo’lgan ziddiyatlarni o’zaro muvofiqlashtiradi va keltiradi, ularni davlat va fuqarolar o’rtasidagi ma’rifiy va madaniy muloqotlar oqimi sari yo’naltiradi. Shuning uchun ham Ploton siyosatni “birlikda yashash san’ati” deb bejiz aytmagan;

  • siyosat ijtimoiy majburlash vositasidan foydalanish imkoniyatini nazarda tutgan u yoki bu aholi tabaqalari yoki barcha sotsiumning bir butun manfaatlaridan kelib chiqadigan ijtimoiy va siyosiy jarayonlarga rahbarlik qilish va boshqarish, ya’ni ziddiyatlarni muvofiqlashtirish va keltirishga doir o’ziga xos funksiyani bajaradi;

  • siyosiy va ijtimoiy jarayonlarni muvofiqlashtirish va boshqarish asnosida aholi turli tabaqalarning manfaatlarni bir butun manfaatlar tizimiga keltirishning ustuvorligiga muhim ahamiyat berish asosida ularni integratsiya qilishni mo’ljallaydi. Siyosat ijtimoiy tizim bir butunligini ijtimoiy tartibni (hattoki idora etish rejimlari o`zgarganda ham) ta`minlaydi.

  • Siyosat shaxsni ijtimoiylashtirishning muhim vositasib, uni ijtmoiy munosabatlarining murakkab olib kiruvchi omildir. Siyosat sohasida shaxsning ijtimoiy faolligining ustuvor motivi – bu uning muhitga moslashuvi emas, balki shaxsning o`zgarish va takomillashish ehtiyojlaridir. Shu tariqa, inson siyosat vositasida o`zining hayotiy ehtiyojlarini qondirish, hozirgi zamon dunyosini real tasavvurlash qobiliyatiga ega bo`la oladi. Ana shu sababli ham siyosat o`ziga hos bo`lgan insonni kamolotga yetkazish funksiyasini ham bajaradi. U shaxsga o`zini mustaqil ijtimoiy faol mavjudot sifatida rivojlanish imkoniyatlarini yaratib beradi;

  • Siyosat fuqarolarning individual maqsadlari va guruhiy manfaatlarni amalga oshirishga imkoniyatlar yaratib, jamiyat va shaxsning ijtimoiy rivojlanishini yangilanib turishini (inovatsiyasini) ta`minlaydi. Boshqacha aytganda, jamiyat siyosiy muvofiqlashtirish usullaridan foydalangan holda hayotni ijtimoiy tashkil etishning yangi shakllarini barpo etadi, inson va tabiat, xalqlar o`rtasidagi munosabatlarni kengaytirish uchun shart-sharoitlarni yaratadi.

  • Albatta yuqorida keltirilgan fikrlar siyosatning eng asosiy funksiyalariga doirdir. Chunki siyosat nafaqat aniq ko`zga tashlanib turgan, ochiq ifodalagan funksiyalarni, shuningdek, latent (yashirin) funksiyalarni ham bajarishi mumkinligini AQSh olimi R.Merton qayd etgan edi. Tirik organizmlarda bo`lgani kabi u yoki bu jamiyatlarda siyosatning ma`lum funksiyalari rivojlanmagan xarakter kasb etishi mumkin. Masalan, jamiyatning u yoki bu sohalariga davlat aralashuvining ijobiy natijalarini tasavvur qila olmaslik holati siyosatni ijtimoiy jarayonlarni boshqarish imkoniyatlaridan butunlay yoki to`la mahrum qilib, uni yuz berayotgan hodisalarga nisbatan doimo kechikib munosabat bildiradigan holatga solib qo`yishi mumkin. Shuning uchun ham siyosatning asosiy funksiyalarini amalga oshish (yoki amalga oshmaslik) xarakterining yetukligi va rivojlanganligi to`g`risidagi tasavvurga ega bo`lishga zaruriyat tug`iladi.

Siyosatnnng tuzilishi, vositalari va usullari

Har qanday ijtimoiy hodisa singari siyosat ham yahlit va bir butun tizim hisoblanadi. Undan biror bir qismini ajratib bo‘lmaydi. Bu siyosat muayyan tarkibiy qismlardan iborat emas, degan ma’noni anglatmaydi, aslo. U ham muayyan ichki tuzilishga ega bo‘ladi.

Siyosat tarkibiga ko‘ra subyekt va obyektdan tashkil topadi. Uning subyekti — siyosiy sohaning birlamchi omili hisoblanadi. Bu omilsiz siyosat, siyosat bo‘la olmaydi. Siyosatning subyektiga ayrim shaxslar, ijtimoiy guruhlar, millatlar, davlatlar kiradi.Lekin, ularni har doim ham siyosatning real subekti deb, bo‘lmaydi.

Ayrim kishilar, ijtimoiy guruhlar, millatlar, davlatlar o‘zini—o‘zi anglagan va tashkiliy jihatdan uyushgan taqdirdagina siyosatning real subyektiga aylanadi



Siyosatning bosh sub’yekti — milliy davlat hokimiyati institutlari va ularning xalqaro birlashmalaridir. Aynan milliy davlat hokimiyati institutlari va ularning halqaro birlashmalari orqali siyosat bevosita ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Siyosatning subyekti faqat milliy davlat hokimiyati va ularning xalqaro birlashmalari bilan cheklanmaydi. Unga milliy va xalqaro nodavlat va jamoat tashkilotlari (siyosiy partiyalar, manfaatlar guruhlari, xarakatlar), ommaviy axborot vositalari ham kiradi. Bu tashkilotlarning jamiyatga ta’siri ko‘pincha rasmiy davlat institutlarining jamiyatga ta’siridan qolishmaydi, ayrim hollarda esa oshib ham ketadi.



Siyosatning ob’yekti — siyosiy sohaning tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu qismsiz siyosiy qarorlar ishlab chiqilmaydi va amalga oshirilmaydi.

Siyosatning obyektiga jamiyatning barcha sohalari- ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy—ma’rifiy, diniy sohalari kiradi. Bu sohalar o‘z manfaatlari va ehtiyojlarini siyosatda aks ettiradi va ularni qondirishga erishadi.

Siyosat obyektiga ko‘ra quyidagi yo’nalishlarga ajraladi: ichki, tashqi, ijtimoiy, milliy, diniy, iqtisodiy, moliyaviy, agrar, ekologik, madaniy, ilmiy— texnikaviy, geosiyosiy va boshqalar.

Siyosat subyektining maqsad va funksiyalari o‘z-o‘zidan, muayyan vositalarsiz ishlab chiqilmaydi va amalga oshirilmaydi. Bu maqsad va vazifalar turli—tuman vositalar yordamida ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.



Siyosat sub’yektining vositalari-bu siyosiy maqsad va funksiyalarni ro‘yobga chiqarishning, siyosiy g‘oyalarni real voqelikka aylantirishning qurollaridir. Ular, asosan, ikki qismga bo‘linadi:

1. Ma’naviy — mafkuraviy vositalar. Bu vositalarga falsafiy, siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, axloqiy, estetik, ruhiy, diniy bilimlar, malakalar, mahorat va ish tajribalari kiradi.

2. Moddiy — texnikaviy vositalar. Bu vositalarga, pul mablag‘lari, har xil binolar, jihozlar, asbob-uskunalar, qurol-aslahalar, elektron hisoblash mashinalari, kompyuterlar va boshqalar kiradi.

Ushbu ma’naviy — mafkuraviy va moddiy — texnikaviy vositalarning rivojlanganlik darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, siyosiy soha ham shunchalik rivoj topadi.

Siyosat ijtimoiy hayotni tartibga solishda xilma—xil usullardan, eng avvalo, ishontirish, tarbiyalash usulidan keng foydalanadi. Bu usul ijtimoiy muammolarni hal etishda asosiy o‘rin egallaydi. Aynan ishontirish, tarbiyalash, usuli uning ijtimoiy mohiyatini to‘laroq ifodalaydi. Ijtimoiy hayotni tartibga solishda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid, do‘q-po‘pisa qilmaslik, murosa-yu madora, xolisonalik, tenglik, manfaatdorlik, muntazamlilik, qat’iylik, izchillik, oshkoralik, ishontirish, tarbiyalash siyosatning asosiy tamoyillaridir.

Siyosatning ishontirish, tarbiyalash usuli ijtimoiy hayotni tartibga solishning eng maqbul va oqilona vositasidir. Chunki, bu usulning qo‘llanilishida ijtimoiy muammolar kuch ishlatmasdan, urush — so‘kishsiz, jabr- zulmsiz, ishontirish, real dalillarga tayanish, isbotlash, murosa-yu madora, mehr—shafqat asosida hal etiladi. Ishontirish, tarbiyalash vositalari—kuch ishlatish vositalaridan ustun turadi. Buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur bu haqda shunday degan edi: "Siyosatda maslahat, mulohazakorlik, o‘ylab ish qilish qurol kuchidan o‘n baravar foydaliroqdir". Xuddi ishontirish, tarbiyalash usuli tufayli davlat faoliyati ijtimoiy hayotni odilona va xolisona tartibga solishga qodir bo‘ladi. Siyosat—bu ijtimoiy muammolarni tushuntirish ishontirish asosida hal etish demakdir.

Biroq, siyosatning ishontirish, tarbiyalash usulini mutlaqlashtirib, uni faqat ushbu usul bilan cheklab bo‘lmaydi. Bu holda siyosatning iqtisodiy, ma’naviy va madaniy sohalardan farqi qolmaydi.

Siyosat o‘z oldida turgan funksiyalarni hal etishda kuch ishlatish, majburlash usulidan ham foydalanadi. Ijtimoiy hayotni tartibga solishda kuch ishlatish, majburlash usulidan foydalanish — siyosatning o‘ziga xos xususiyatidir. U ushbu usulni qo‘llash bilan jamiyatning iqtisodiy, ma’naviy va madaniy sohalaridan farq qiladi.

Siyosatning ishontirish, tarbiyalash usulini mutlaqlashtirish, uni universal usulga aylantirishga urinish jamiyat uchun zararlidir. Bu—siyosatning ijtimoiy tartibsizlik, qonunbuzarlikni jilovlash vositalaridan mahrum etishga va boshboshdoqlik, o‘zboshimchalik, safsatabozlik, mitingbozlik, jinoyatchilikning avj olishiga olib keladi. Shuning uchun ham, bu usulni mutlaqlashtirib bo‘lmaydi.

Siyosatning ijtimoiy hayotni tartibga solishda ishontirish, tarbiyalash usulidan foydalanish, uning kuch ishlatish, majburlash usulini qo‘llashni istisno etmaydi. Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy hayotni hamisha ham tinch, ishontirish, tarbiyalash usuli bilan tartibga solib bo‘lavermaydi. Ijtimoiy hayotda shunday muammolar borki, ularni kuch ishlatish, majburlash usulini qo‘llash orqaligina hal etish mumkin. Inson hayotiga, jamiyatning yaxlitligi, bir butunligi, tinch — totuvligi, xavfsizligi, barqarorligi, uyg‘unligiga tahdid soladigan yovuzliklarni faqat tushuntirish, ishontirish yo’li bilan hal etib bo‘lmaydi. Bunda xatti — harakatlarni kuch ishlatish, majbur etish usuli bilan hal etish mumkin. Siyosat qonunlarini qo‘pol ravishda buzgan kishilarni kuch ishlatish, majburlash usulidan foydalanish bilan buzilgan ijtimoiy adolat va tartib muvozanat tiklanadi, xalq manfaatini himoya qilinadi. Zotan, qonunbuzarlar jazolanmasdan qolar ekan, mavjud ijtimoiy muammolar yanada kuchayadi, odamlarning siyosatga bo‘lgan ishonchi so‘nadi.

Siyosatning kuch ishlatish, majburlash usuli ijtimoiy hayotni tartibga solishning maqbul usuli emas. Chunki, bu usul qo‘llanilganda, ijtimoiy muammolar kuch ishlatish, majburlash yuli bilan, murosasiz, ayovsiz, shafqatsizlik bilan hal etiladi, inson jismoniy va ruhiy tazyiqqa duchor qilinadi, jamiyatda moddiy va ma’naviy talofatlarga yo’l qo‘yiladi.
2- MAZU. SIYOSIY QARASHLARNING PAYDO BO‘LISHI

VA RIVOJLANISHI

Reja:


1. Qadimgi Sharq va G‘arbdagi siyosiy g‘oyalar va talimotlar

2. IX-XX asr boshlarida Markaziy Osiyodagi siyosiy qarashlar

3. XV-XIX asrlarda G‘arbdagi siyosiy fikr va siyosiy huquqiy g‘oyalar

4. Hozirgi davr siyosiy qarashlarining mohiyati. Siyosiy nazariyadagi asosiy yo‘nalishlar.



Qadimgi Sharq va G‘arbdagi siyosiy g‘oyalar va talimotlar

Siyosiy ta’limotlar tarixi faqat siyosatshunosliklikda emas, balki ijtimoiy fanlar tizimida ham muhim o‘rin tutadi. Zero, siyosiy ta’limotlarda turli sinflar va ijtimoiy guruhlarning manfaatlari o‘z ifodasini topadi. Mazkur manfaatlar siyosiy hokimiyat tomonidan himoyaga muhtoj bo‘ladi va ushbu ehtiyoj hukmron sinflarni o‘z nazariyalarini ishlab chiqish va asoslashga da’vat etadi.

Bundan tashqari, siyosiy ta’limotlar tarixi - ulkan tajriba. Zamonaviy siyosiy hayotning biron-bir muhim masalasini usiz hal etish mumkin emas. Bu tajriba hozirgi davr uchun dolzarb bo‘lgan ko‘plab original echimlarni o‘z ichiga olgani holda, olimlar va amaliyotchilarga o‘z izlanishlarini o‘tmish tajribasi, oldingi davrning o‘ziga xos xususiyatlari bilan qiyoslashdan iborat noyob imkoniyatni ham yaratib beradi.

Siyosiy fikr insoniyat sivilizatsiyasining vujudga keli­shi bilan bir vaqtda paydo bo‘lgan. Sivilizatsiyaning ilk o‘choqlari Sharqda - Misr, Mesopotamiya, Hindiston va Xitoyda -taxminan milodgacha bo‘lgan 4 ming yillikda yuzaga keldi. SHaharlar, davlatlar, yozuv, atrofini o‘rab turgan dunyo haqidagi bilimlar aynan shu erda paydo bo‘lgan. Savdo-sotiq va hunarmandchilik rivojlangan, kishilar va kishilar guruhlari o‘rtasidagi mulkiy tengsizlik ularning ijgimoiy mavqei bilan asoratga solinishi natijasida vujudga kelgan. Sivilizatsiya insonning faqat oila, ypyg‘ jamoasi doiralaridagina emas, balki davlat doirasida, ya’ni, ijtimoiy-iqtisodiy va sinfiy tengsizlik hukmronlik qilish va bo‘ysunish sharoitlarida ham birgalikda yashay olish qobiliyatini taqozo etadi. Bularning hammasi insonlarning ilk siyosiy tasavvurlarida o‘z aksini topadi.

Misrda hozirga qadar mahalliy hukmdorlar bo‘lmish fir’avnlar ulug‘vorligining ramzlari bo‘lgan maqbaralar - piramidalar saqlanib qolgan. Fir’avn siymosida hukmdorning oliy siyosiy hokimiyati ham, bosh kohin, ya’ni ma’naviy hukmdor ham birlashgan edi. U tabaqalarning ijtimoiy «piramidasi»ning tepasida turadigan va yaratuvchi xudo bilan odamlar orasida vositachi hisoblangan.

Eng qadimgi siyosiy-diniy hujjatlardan biri - «Ptaxotep nasihatlari» (milodgacha bo‘lgan XXVIII asr) barcha misrliklarning fir’avnga so‘zsiz va mutlaq bo‘ysunishlari, ij­timoiy tengsizlikning zaruriyati va maqsadga muvofiqligi, xo‘jayinlarning «quyi» tabaqaga mansub odamlarga yaxshi munosabatda bo‘lishlari lozimligi haqida so‘z yuritilgan.

Mesopotamiyada Vaviloniya, Ossuriya va Xett podsholigining qonunlari eng muhim yodgorliklardir. Ular podsholarni o‘z a’yonlari yordamida hukmronlik qiluvchi, xudolarga o‘xshash mavjudotlar sifatida tasavvur qilganlar. Masalan, Vavilon podshosi Hammurapi qonunlarida (milodgacha bo‘lgan XVIII asr) hukmdor qattiqqo‘l, ammo «kuchlining kuchsizni xafa qilishga yo‘l qo‘ymaydigan, etimlar va boylarga nisbatan adolat ko‘rsatilishi» haqida g‘amxo‘rlik qiluvchi, o‘z fuqarolarining adolatli otasi sifatida tasvirlangan.

Qadimgi Hindistonda muqaddas matnlar va Veda bitiklari siyosiy g‘oyalarning asosiy manbai bo‘lib xizmat qilgan. Insonning to‘g‘ri, imonli hayot kechirishini belgilab beruvchi diniy-falsafiy, siyosiy, axloqiy va huquqiy qoidalarning yig‘indisidan iborat bo‘lgan «Manu qonunlari» (inson­larning afsonaviy ajdodi) ham muqaddas kitoblarning ta’siri sezilib turadi.

Qadimgi Hindistonda yaratilgan eng mashhur va mazmundor siyosiy risola «Artxashastra yoki siyosat ilmi» bo‘lib (mi­lodgacha bo‘lgan IV-III asrlar) uning muallifi braxman Kautilya hisoblanadi. Risolada eng muhim davlat, siyosat va xo‘jalik masalalarining butun majmuasi tahlil etilgan, amaliy maslahatlar berilgan.

Ushbu kitobning davlat asoslariga bag‘ishlangan bo‘limida shunday deyiladi: «Davlatning asosiy unsurlari quyidagilar: podsho, vazir, mustahkamlangan shaharlar, qishloq joylari, xazina, qo‘shin va ittifoqlar». Asarda «podshoh ideali» juda mufassal tavsiflangan. Odamlarni uning tomoniga jalb qiluvchi sifatlar nuqtai-nazaridan u yuqori nasabli, baxtli va omadli, adolatli, so‘zidan qaytmaydigan, o‘z atrofiga yomon odamlarni yo‘latmaydigan kishi bo‘lishi lozim. U qiziquvchanlik, o‘qishga, bilishga bo‘lgan qobiliyat, bilgan narsasi xususida fikr yuritish, ma’nosiz fikrlarni rad etish va haqiqatni izchil himoya qilish singari aqliy sifatlarga ega bo‘lishi kerak. Uning faoliyati so‘zamollik, topqirlik, yaxshilik va yomonlikni qaytara olish, uzoqni ko‘rish, urush e’lon qilish yoki sulh tuzishda mohir bo‘lish kabi ijobiy xususiyatlar bilan ajralib turishi, shuningdek, u hirsdan, ochko‘zlik, parishonxotirlik, tuhmatga moyillik kabi salbiy sifatlardan holi bo‘li­shi lozim. Asarning shu bo‘limida quyidagicha ogohlantirish ham mavjud: «ijobiy fazilatlarga ega bo‘lmagan shoh o‘z fuqarolari yoki dushmanlari qo‘lida halok bo‘ladi»2.

Podshoh tomonidan o‘tkaziladigan mashvaratlarga (majlis, yig‘ilish) alohida e’tibor berilgan. Mashvarat yopiq bo‘lishi «undan biron so‘z tashqariga chiqmasligi, u erga qushlar ham nazar tashlay olmasligi» kerakligi uqtirilgan.

Mashvaratning quyidagi beshta unsuri sanab o‘tiladi:

•ishga kirishish usuli;

•etarli miqdordagi material va odamlarning mavjudligi;

•vaqt va joyning belgilanishi;

•muvaffaqiyatsizliklarga qarshi tura olishi;

•ishning xayrli yakunlanishi.

Asarning «O‘z mamlakatida sodiq kishilarning va sotqinlik kayfiyatidagi odamlarning partiyalari orqasidan kuzatish» deb atalgan bo‘limi alohida diqqatga sazovor. Bu o‘rinda josuslik va provokatsiyalar texnikasi tasvirlab berilgan. Aso­siy mansabdor shaxslar - oddiy shaharliklar, qishloq aholisi - barchaning ortidan doimiy kuzatuv olib borishi lozim.

Josuslarga odamlar to‘planadigan joylarga - majlislar zallariga va, hatto, ibodat uchun tahorat olinadigan joylarga kirib olish tavsiya etilgan. Sochlari qirilgan yoki o‘rib olingan darveshlar qiyofasidagi josuslar odamlarning mamnunligi yoki noroziliklarini bilib olishlari zarur bo‘lib, bu hukmdor siyosatidan mamnun va rozi bo‘lganlarni podshoh o‘z tuhfa va in’omlari, iltifoti orqali siylab, norozilarni jazoga tortishi uchun asos bo‘lgan.

Ko‘rinib turibdiki, podsho hokimiyati tomonidan josus­larga tavsiya qilinayotgan hatti-harakatlar nuqtai-nazaridan qaraganda «ideal shoh» obrazi o‘z jozibasini yo‘qotadi.

«Artxashastra»da ta’kidlanishiga ko‘ra, davlat tashqi siyosatida oltita usuldan foydalanishi lozim:

dushman tomonlarini o‘ziga bog‘lab qo‘yuvchi shartnoma tuzilishini taqozo etuvchi sulh;raqibga ziyon etkazish maqsadida urushish;befarqlik holatida kutish vaziyati;hujum, ya’ni dushmanga hujum qilish chora-tadbirlarini ko‘rish;

chetdagi boshqa birov bilan, boshqa davlatlar bilan ittifoq tuzish yo‘lini izlash;

goh urush, goh sulhdan foydalanishdan iborat ikki yoqlama siyosatdan foydalanish.

Asarda ko‘rib chiqilgan quyidagi masala ham diqqatga sazovor: kuchli, lekin adolatsiz hukmdorga qarshi urush boshlash kerakmi yoki kuchsiz, lekin adolat bilan hukmronlik qilayotgan hukmdorga qarshimi? «Artxashastra»dagi javob quyidagicha: kuchliroq bo‘lgan, lekin adolatsizlik bilan hukmronlik qilayotgan podshohga qarshi borish zarur. Zero, bunday hukmdorga hujum qilinsa, uning fuqarolari unga yordam bermaydilar; ular o‘sha hukmdorni quvib yuborishlari yoki dushman tomonga o‘tishlari mumkin. Agar ancha zaif, lekin adolatli hukmdorga hujum qilinsa, u holda fuqarolari unga yordam beradilar va urushning oqibati qanday tugashi noma’lum bo‘ladi.

Risolaning boshidan oxirigacha har qanday vositalar bi­lan hokimiyat va boylikni qo‘lga kiritish, himoya qilish va ko‘paytirish lozimligi ta’kidlanadi. Xususan, yaxshi vositalardan ham, shuningdek, agar ular ishonchli yoki birdan-bir imkoniyat bo‘lsa, yomon vositalardan ham bir xilda foydalanish kerak3. Bir necha ming yil o‘tgandan so‘ng bu fikrni italiyalik siyosatshunos Nikollo Makiavelli ham alohida takrorlagan.

Qadimgi Xitoyda siyosiy fikrning tug‘ilishi va uning xususiyati jiddiy o‘ziga xoslikka ega edi. Garchi osmon irodasi oliy, belgilovchi ibtido - dao (yo‘l, qonun) sifatida tan olinsa-da, unga muqaddas kitoblar ta’sir ko‘rsatmagan. Xitoy donishmandlarining diqqat markazida davlatni tashkil etish, uni boshqarish, inson va jamiyat munosabatlari muammolari turar edi.

Bu hol Xitoyning buyuk faylasufi Konfutsiy (asli nomi xitoychada — Kun Fu-szu— ma’nosi kun ustozi, miloddan oldingi 551-479 yillar) ijodida yaqqol namoyon bo‘ladi. Konfutsiyning asosiy asari «Lun-yuy» (Bahs va tahlil) hisoblanadi. Uning ta’limoti konfutsiylik deb atalib, Xitoy tarixida dinning o‘ziga xos ekvivalenti vazifasini bajargan.

Konfutsiy Xitoyning Lu podshohligida tug‘ilib, hayotining aksariyat qismini shu erda o‘tkazgan. Konfutsiy yashagan davrda Lu podshohligida ichki ijtimoiy-siyosiy vaziyat o‘ta og‘ir bo‘lgan. Podshoh nomigagina taxtda o‘tirgan, asosiy siyosat va hukmronlikni o‘sha davrdagi kuchli qabila boshqargan. Ushbu vaziyatdan kelib chiqib, Konfutsiy o‘z asarlarida hukmdorning adolatli bo‘lishi, olib borilayotgan siyosatning xalq manfaatlariga mosligini ta’minlash haqida orzu qilgan. O‘z asarlarida u shu g‘oyalarga da’vat qilib kelgan. Konfutsiy ta’limotidagi eng muhim g‘oyalardan biri hokimiyat bilan xalq o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda xalqning ishonchini saqlab qolishdan iborat edi. Aks holda, uning fikricha, dav­lat tanazzulga yuz tutadi4.

Konfutsiy qadimgi davr me’yorlarini chuqur o‘ylagan, o‘zi yashagan voqelikni hisobga olgan holda ijodiy talqin qilgan. Hokimiyat kelib chiqishining ilohiy va tabiiy jihatlarini tan olar ekan, u odamlarning hayotini qay tarzda tashkil etish, davlatda adolatli va oqilona tartibni ta’minlashni o‘zining asosiy maqsadi deb bilgan. Bu tartib beshta turli xil o‘zaro teng bo‘lmagan munosabatlarni taqozo etadi: hukmdor va tobelar, er va xotin, ota va o‘g‘il, aka va uka, ustoz va shogird o‘rtasidagi munosabatlar. Ularda bir tomondan farmoyish, amr-farmon, ikkinchi tomonidan, so‘zsiz bo‘ysunish bo‘lishi lozim. Hukmdorlikni adolat va marhamat bilan olib borish, bo‘ysunganda esa sadoqat va samimiylik ko‘rsatish kerak. Shu bilan birga, Konfutsiyda do‘stlar o‘rtasidagi munosabatlar ham alohida o‘ringa ega bo‘lib, do‘stlikda har ikki tomon ezgulik qoidasiga amal qiladilar.

Konfutsiyning siyosiy ta’limoti asosida ezgulik, insoniylik tamoyili yotadi. Insoniylik nima? - degan savolga u shunday javob bergan: «Uyda o‘zini odob bilan tutish, ishga ehtirom bilan qarash, boshqalar bilan munosabatda halol bo‘lish»5. Uning odob-axloq kodeksining oliy maqsadi - davlat va jamiyatda adolatli ijtimoiy-siyosiy rejim o‘rnatishdan iborat edi.

Konfutsiy davlaning patriarxal-paterpalistik konsepsiyasini rivojlantirgan. Uning ta’kidlashicha, davlat-katta oiladir. Imperator hokimiyati go‘yo oila boshlig‘i- otaning hokimiyatidek adolatli va qo‘l ostidagilariga mehr-shavqatga asoslangan. Hukmdor va fuqarolar munosabati - oila azolarining munosabatini eslatadi: kichiklar kattalar qaramog‘ida va ularga itoat qiladi. Konfutsiy odamlarni ijtimoiy kelib chiqishiga ko‘ra 4 qatlamga ajratadi:

1) aslzodalar (har qanday bilimga tug‘ilishdan ega);

2) bilimlarga o‘qish-o‘rganish jarayonida ega bo‘lganlar;

3) bilimlarni qiyinchilik bilan o‘zlashtiruvchilar;

4) bilim olishga intilmaydiganlar.

Shu tariqa odamlar o‘rtasida tengsizlik mavjudligi va omi odamlar, quyi tabaqalar, kichiklar oliy nasab aslzoda, kattalarga bo‘ysunishlari zarurligi belgilab beriladi. Hokimiyat oqsuyaklar qo‘lida to‘planishi lozimligiga asoslanadi. Konfutsiy hokimiyatning adolat va mehr-shavqatga asoslanishi, fuqarolar esa isyonlardan o‘zlarini tiyishlarini uqtiradi. Boshqarish— hammani joy-joyiga qo‘yish demakdir6. Davlat hokimiyati xalq ishonchisiz mavjud bo‘la olmaydi, ammo hukmdorlar hammaga o‘rnak bo‘lishlari lozim. Konfutsiy ta’limotiga ko‘ra «Hukmdor xalqni o‘z farzandidek sevishi, fuqarolar esa hukmdorni o‘z otasidek hurmat qilib, e’zozlashi lozim» deyiladi. Odamlarning «najib» va past kishilarga bo‘linishini o‘zgartirib bo‘lmaydi deyilgan. Bu ta’limot Xitoyda ko‘p asrlar hukmron ideologiya bo‘lib xizmat qilib keldi.

Adolatli tuzum o‘rnatish barcha odamlarga, eng avvalo, ularni boshqarayotgan kishilarga daxldor bo‘lgan muayyan qoidalar (li) va me’yorlar (syao) ga rioya qilingan taqdirdagina mumkin bo‘ladi. Li - boshqaruvning pog‘onali tizimida odamlarning xulq-atvor qoidalari bo‘lib, ular ayrimlarni xushomadgo‘ylikdan, boshqalarni o‘zboshimchalikdan asraydi va ularning har biriga o‘z qadr-qimmatini saqlash imkonini beradi. Hukmdor mansabdorlardan li ga muvofiq ravishda foydalanishga, mansabdor esa li ga qatiy rioya etishga majbur. Li ga so‘zsiz rioya qilinmagan taqdirda butun boshqaruv tuzilmasi yaroqsiz bo‘lib qoladi va oxir-oqibat buziladi.



Syao me’yorlari o‘z tabiati va vazifalariga ko‘ra ancha kengroqdir. Oiladagi, urug‘dagi, barcha darajadagi qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi munosabatlarning jami mana shu me’yorlar bilan tartibga solingan. Bu me’yorlar Xitoyga xos bo‘lgan qarindoshchilik munosabatlari madaniyatini ta’minladi. Oilada, qarindoshlar o‘rtasida o‘zaro hurmat munosabatlarining yo‘lga qo‘yilishi jamiyat va davlatda to‘g‘ri munosabatlar o‘rnatilishining garovidir.

Konfutsiylikda insonning faqat xulq-atvoriga emas, fazilatiga xos xususiyatlarga ham daxldor bo‘lgan yana bir me’yor - jen (jen — insonni sevish, insoniylik ma’nosida qo‘llanilgan) bor. Bu so‘zning mohiyatini Konfutsiyning quyidagi mulohazalaridan anglab olish mumkin: «Agar odobli bo‘lsangiz - sizga nisbatan hurmatsizlik qilmaydilar; agar tadbirkor bo‘lsangiz - sizni qo‘llab-quvvatlaydilar; agar siz halol bo‘lsan­giz - sizga ishonadilar; agar jiddiy bo‘lsangiz - muvaffaqiyatga erishasiz; agar xushfe’l bo‘lsangiz - boshqalarning xizmatlaridan foydalana olasiz»7. Jenning ma’nosi ana shu fazilatlarga ega bo‘lish va ularni doimiy ravishda ro‘yobga chiqarishdan iborat. Umumlashgan xulosa shuki, «siyosatda jenga jiddiy amal qilinsa, xalqni oson boshqarish mumkin»8. Konfutsiy vafotidan bir necha asr keyin uning siyosat sohasidagi g‘oyalari rasmiy mafkura darajasiga ko‘tarilgan axloqiy-siyosiy doktrinaga asos bo‘lib xizmat qildi.

Albatta, Konfutsiy ta’limoti - olijanob ta’limot, ammo realistik emas, undan Sharq mustabidligini mafkuraviy jihatdan oqlash maqsadlarida foydalansa bo‘ladi, deyish mum­kin. Xitoy siyosiy fikrining konfutsiylik bilan raqobatda bo‘lgan oqimi - legizmning asoschisi SHan YAn (milodgacha bo‘lgan 390-338 yillar) konfutsiancha uslubda ezgulikka chaqirishlar - quruq mahmadonalik konfutsiychilar esa xalqning elkasida o‘tirgan parazitlardir, degan edi. Shunga qaramay, fakt faktligicha qoldi: «milliard aholiga ega bo‘lgan Xitoy XX asrning ushbu mamlakatni larzaga keltirgan barcha inqiloblarga qaramay, hozirga qadar o‘zining qadriyat mezonlari, odatdagi madaniy stereotiplari, turmush tarzi, jamiyatdagi o‘zaro munosa­batlarning tabiatiga ko‘ra asosiy e’tibori bilan konfutsiy­lik mamlakati bo‘lib qolmoqda. Konfutsiylikning tarixiy ahamiyati ham mana shundadir»9.

Qadimgi Gretsiyaning siyosiy falsafasi haqli ravishda Qadimgi dunyo siyosiy fikrining cho‘qqisi hisoblanadi. U avval-boshdanoq ozod kishilar mafkurasi sifatida rivojlandi, shu sababli uning asosiy qadriyati ozodlikdir. Elladaning geo­grafik joylashuviga xos xususiyatlari, boshqaruvning turli shakllari yonma-yon yashashi, davlatlararo munosabatlarning, madaniy uslublarning xilma-xilligi siyosiy hayotning haqiqatan boy bo‘lishini ta’minladi. Ko‘plab shahar-davlatlarda fuqarolar hokimiyatni boshqarishda faol ishtirok etdilar, hokimiyatning legitimligi dunyoviy bo‘lib, butun Ellada hokimiyat uchun shafqatsiz kurash maydoniga aylandi.

Dastlab yunonlarda ham siyosat haqida afsonaviy tasavvurlar (Gomer, Gesiod va boshqalar) mavjud edi. Biroq milodgacha bo‘lgan VI-V asrlarga kelib, ular bilishning falsafiy usullari, ratsionalistik yondashuvlar tomonidan siqib chiqarildiki, bularning cho‘qqisi mantiqiy-tushunchaviy tahlil (Suqrot, Platon), empirik (Aristotel) va tarixiy (Polibiy) tadqiqotlar bo‘ldi.

Platon (Aflotun) (miloddan oldingi 427-347 yillar) Afinadaga zodagon oiladan chiqqan va Suqrotning shogirdi edi. Platon buyuk siyosiy-falsafiy daho sifatida o‘zining hayotini adolatga yo‘g‘rilgan davlat tuzish loyihasini yaratishga bag‘ishladi. Natijada u ob’ektiv idealizm falsafasiga asos soldi. Platon ideal davlatning sof ratsional modelini yaratishga intilgan edi. Uning davlatchilik haqidagi ta’limoti, g‘oyalar nazariyasi, etika va gnoseologiyasi — donishmand falsafasining asosi hisoblanadi. Platon yashagan davrning ijtimoiy-siyosiy qiyinchiliklariga qaramasdan, barqaror ijtimoiy tizimning qonun-qoidalari, tartib va tamoyillarini yaratishga harakat qildi. Platon fikricha, davlatchilikning asosiy g‘oyasi «adolat g‘oyasi, uning ideal siyosiy rejim yaratishdagi xizmatidir»10. Ko‘plab sayohatlar qilgan va hayotni kuzatgan Platon mav­jud hukumatlar noto‘g‘ri boshqariladi, degan xulosaga kelgan edi. Uning fikricha, xalqni hayotning barcha murakkabliklaridan mansab lavozimlarini egallagan to‘g‘ri fikrlovchi fay­lasuflar yoki xudo inoyati bilan faylasuf bo‘lgan hukmdorlargina halos eta oladilar11.

Atrofni o‘rab turgan dunyoda hamma narsa paydo bo‘ladi va yo‘q bo‘lib ketadi, g‘oyalar olamida esa davlat o‘z tabiatidaga tugallik tufayli o‘zgarishlardan tashqarida mavjud bo‘ladi. Bu davlatda hech qanday ziddiyatlar bo‘lishi mumkin emas, hamma narsa oqilona ko‘rilgan bo‘lishi lozim. Platon utopiya yaratishdan iborat nazariy faoliyat bilan shug‘ullana boshlagan. U o‘z tafakqurida voqelikda mavjud bo‘lmagan, qachonlardir hayotga tadbiq etilishi ehtimoldan uzoq bo‘lgan narsaning obrazini yaratdi. Shunga qaramay, Platon o‘z g‘oyalarini amalga oshirish imkoniyatlariga ega bo‘lishga intilgan edi. Siyosat nima, degan savolga Platon, «haqiqiy siyosat — to‘g‘ri tarbiyalash yo‘li bilan fuqarolarni adolatli va komil qilib etishtirishdir», deb javob bergan edi12.

Platonning siyosiy g‘oyalari uning «Davlat» asarida to‘liq bayon qilingan. Dialog ishtirokchilari chinakam adolat hukmron bo‘lgan ideal davlat qiyofasini yaratishga intilganlar. Platonning fikriga ko‘ra, davlatdagi barqarorlikning garovi mehnatni ko‘ngil moyilligiga qarab taqsimlashdir. Davlatni mazkur vazifa uchun maxsus tayyorlangan faylasuflar tabaqasi boshqarishi lozim. Davlatni himoya etish — alohida soqchilar tabaqasining ishi. Uchinchi tabaqa — dehqonlar va hunarmandlar - davlatning farovonligi uchun vijdonan mehnat qilishlari lozim.

Platon birinchi va ikkinchi tabaqaning hayot tarzini mufassal tasvirlaydi, ammo dehqonlar va hunarmandlarning turmush tarzi borasida hech narsa demaydi va bu hol tasodifiy emas. Platonning fikriga ko‘ra, bu tabaqa davlatda hech narsani hal etmaydi. Davlatning barcha ishlari birinchi va ikkin­chi tabaqa bilan bog‘liq. Bir-birining ishlariga aralashish, bir tabaqadan boshqasiga o‘tish - davlat uchun juda ulkan zarar. Mana shunday davlatdagina to‘la adolat o‘rnatiladi.

Platon o‘z g‘oyalarini Sitsiliyada (Sirakuza) hayotga tadbiq etishga o‘rindi. Bunday o‘rinishlardan hech qanday amaliy natija chiqmadi. G‘oyalarining utopiyadan iborat ekanligini his etgan Platon umrining oxirlarida yaratgan «Qonunlar» asarida kishilarni majburan bo‘ysundirib «baxtli» qiluvchi harbiy-politsiya davlatchiligini tashkil etish haqida ham fikrlar bildirib o‘tgan edi.

Platon faqat ideal davlat haqidagi ta’limotni yaratibgina qolmay, davlat ko‘rinishining boshqa shakllari haqida ham fikr yuritgan. Platonning fikricha, davlat ko‘rinishining ideal shakliga qonunchilik va aql-idrok asosida fuqarolarning eng yaxshilari hukmronlik qiladigan aristokratik res­publika yaqin turadi. Biroq adolatli davlat qurishning asosi bo‘lgan aql-idrok tamoyili bilan bir qatorda inson ruhida boshqa kuchlar ham borki, ular asosida davlat ko‘rinishining soxta, buzilgan shaklllari yotishi mumkin13.

Platon tomonidan yaratilgan ideal davlat loyihasini uning eng mashhur shogirdi Aristotel bu borada o‘zining mashhur bo‘lib ketgan «Platon mening do‘stim, ammo haqikat azizroqdir» degan iborasini aytib tanqid ostiga oldi. U Platonni har bir kishining shaxsiy baxtiga putur etkazgan holda, davlatning rolini orttirib yuborgani uchun tanqid qildi, odamlarning uchta tipi haqidaga afsonaning qachonlardir haqiqatga aylanishiga shubha bildirdi, chunki, uning fikricha odamlar mag‘rur va hasadgo‘ydirlar, o‘zlari hech qachon ular uchun oldindan belgilab qo‘yilgan rollarga rozi bo‘lmaydilar.

Aristotel harbiylar tabaqasida ayollar va bolalarning umumiy bo‘lishiga qarshi chiqib, jangchilarda xususiy mulkning bo‘lmasligi haqidagi fikrlarga nisbatan o‘zining munosabatini bildirar ekan, insonning tabiatiga faqat unga tegishli bo‘lgan narsalar haqida g‘amxo‘rlik qilish istagi xosligini ta’kidlab o‘tgan edi. Mulkiy tenglik ijtimoiy hayotning turg‘unligiga va kuchli, iste’dodli odamlarning noroziliklariga sabab bo‘lishi mumkin. Mulk bo‘lmasa, inson o‘zi­ning mehnatsevarlik, ayolga hurmat, bolalarga mehr, saxiylik va saxovatparvarlik singari eng yaxshi xislatlarini namoyon eta olmaydi.

Baribir, davlat tuzumining ana shu adolatsiz, soxta shakllariga individual xarakterlar tiplari mos keladi. Aql-idrok va donolik bilan bir qatorda insonlarga hokimiyatparastlik, shuhratparastlik, ochko‘zlik, xudbinlik kabi sifatlar ham xoski, ular jamiyat aristokratik tuzilishining aynishi va buzilishiga olib kelish mumkin.

Donolar davlati (aristokratiya) timokratiya kuch va shuhratparastlik hokimiyati bilan almashadi. Hokimiyat tepasida hayotining butun mazmuni urush va boylik orttirishdan iborat bo‘lgan jangchilar turadi. Shunday qilib, timokratiya boshqaruvning oligarxiya shakliga aylanishi mumkin.



Oligarxiya (ozchilik hokimiyati) - bu hokimiyat tepasida boylar turadigan tuzum, u mulk senziga, ya’ni mulkiy cheklashga asoslangan. Oligarxik davlatlarda olijanob odamlar ham hukmdorlarning manfaatparstligi tufayli kambag‘allik va xonavayron bo‘lishdan, fuqarolik huquqlarini yo‘qotishdan qochib qutula olmaydilar. Bunday odamlarning qalbi nafratga to‘ladi va ular davlat to‘ntarishi qilish rejasini o‘ylaydilar, barcha mablag‘larini ana shu maqsad yo‘lida sarflashdan ham qaytmaydilar. Kambag‘allarning g‘alabasi esa demokratik davlat ko‘rinishiga o‘tishni bildiradi.

Demokratiyada Gretsiya sharoitlarida fuqarolarning o‘ziga xos tengligi mavjud edi. Ko‘p masalalar qur’a tashlash orqali hal qilinar, forumlarda muhokamaga qo‘yilardi. Biroq xalq yig‘inida hamma narsani chaqqon demagoglar tomonidan boshqarilib turuvchi olomon hal etgan. Natijada demokratiya - bu xalq hokimiyati emas, balki xalq kimning ta’siri ostida bo‘lsa o‘shaning hokimiyati bo‘lib qolar edi. Eng asosiysi, Platonning fikriga ko‘ra, demokratiya cheklanmagan ozodlikni joriy etdi, hamma narsaga yo‘l qo‘yib berish xaosga, ya’ni tartibsizlikka olib keldi, odamlar hatto qonun bilan ham hisoblashamay qo‘ydilar.

Biroq «...me’yoridan ortiq ozodlik ayrim shaxs uchun ham, dav­lat uchun ham haddan ortiq qullikdan boshqa oqibatga olib kelmaydi. Demokratiya haddan ortiq ozodlikdan tiraniyaga aylanib ketadi, — degan edi Platon, — eng buyuk va eng shafqatsiz qullik paydo bo‘ladi. Odamlar tartib yo‘qligidan bezor bo‘ladilar, ana shu paytda tiranning mudhish gavdasi namoyon bo‘lib, u tar­tib o‘rnatadi, biroq odamlardan ozodlikni tortib oladi».

Aristotelning asosiy siyosiy asari - «Siyosat». “Davlat, - degan edi Aristotel, - odamlarning o‘zaro muloqotda bo‘lish, bir-birlariga yordam berish, umumiy ehtiyojlarini qondirish zarurati tufayli paydo bo‘ladi. Faqat xudolar (ulug‘liklari sababli) varvarlar (qoloqliklari sababli) va hayvonlar (aql-idrokka ega bo‘lmaganliklari sababli), davlatga ega emaslar. Davlatning asosi - insonning aql-idrokka ega tabiatidir. Adolat va adolatsizlik, ezgulik va yovuzlik, haqiqat va yolg‘on haqida tushunchalarga ega bo‘lgan holda odam­lar davlat muloqoti sharoitlarida yashay oladilar.

Davlatdagi eng asosiy kuch - hokimiyat, u davlatni jipslashtiradi va ayrim bo‘laklarga bo‘linib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Davlatda ham, xuddi oiladagi singari, kimdir boshqarishi, kimdir esa bo‘ysunishi lozim. Bir davlat boshqa davlatdan hokimiyatning tashkil etilishi shakli bilan farq qiladi.

Aristotel davlat ko‘rinishining unga ma’lum bo‘lgan 158 turini tahlil qilgan va mana shunday katta faktik asosga suyangan holda, davlat ko‘rinishi shakllarining tipologiyasini ishlab chiqqan. Davlat ko‘rinishining barcha shakllari, Aristotelning fikriga ko‘ra, uchta «to‘g‘ri» va uchta «noto‘g‘ri» shaklga borib taqaladi. Bitta eng yaxshi odam hukmronlik qiladigan davlatning to‘g‘ri shakli - podshoh hokimiyati deb ataladi; eng yaxshi odamlar boshqaradigan to‘g‘ri shakli — aristokratiya, ko‘pchilikni to‘g‘ri boshqarish esa politaya deb ataladi.

Davlat ishlari bir nafar tasodifiy shaxs qo‘lida bo‘lgan noto‘g‘ri shakl - tiraniya, ozchilikni tashkil etuvchi boylar hokimiyat tepasida turgan noto‘g‘ri shakl - oligarxiya, jipslashamagan ko‘pchilik boshqaruvidagi noto‘g‘ri shakl - demokratiya. Mohiyatga ko‘ra, Aristotel ko‘pchilikning uyushgan hokimiyati - mo‘‘tadil demokratiyani (politiya) ko‘pchilikning uyushmagan nomo‘‘tadil hokimiyati - olomon hokimiyati (oxlokratiya)dan alohida ajratadi. U tiraniyani boshqaruvning eng yomon shakli, demokratiyani esa barcha boshqaruv shaklla­rining eng beozori, deb hisoblagan.

Aristotel taklif qilgan tasnifda «qonun» va «umumiy foyda» tushunchalari mavjud. Aristotel davlat hayoti haqidagi qonunlarga juda katta ahamiyat bergan. Aristotelning fikricha, qonunlar umumiy foydani, davlatning foydasini, bar­cha fuqarolar foydasini, boylar va kambag‘allar, zodagonlar va xalq foydasini himoya qilishi kerak. Ular murosasozlik tabiatiga ega bo‘lib, hech kimning manfaati uchun xizmat qilmaydi. Lekin barcha toifaning o‘zaro muloqotda foyda olganlari holda yagona davlatda birga yashashlariga imkon yaratadi. To‘g‘ri shakllardan og‘ishlari xoh tiran hoqimiyati davrida bir kishiga yoqish uchun qilingan bo‘lsin, xoh boylar hukmronligida ozchilikka yoki demokratik rejimda ko‘pchilikka yoqish uchun qilingan bo‘lsin, baribir qonunlarga nopisandlik bilan qarash xususiyatiga ega bo‘ladi.

Qadimgi Rimda siyosiy-huquqiy ta’limotlar, eng avvalo, mashhur notiq va davlat arbobi Sitseron (milodgacha bo‘lgan 103-43 yillar) nomi bilan bog‘liq. Uning siyosiy va huquqiy qarashlari uchta asarda bayon etilgan bo‘lib, ular «Davlat haqida», «Qonunlar haqida», «Burchlar haqida» deb ataladi. U birinchi bo‘lib huquq va davlatning hamda huquqiy muomalaning sub’ekti sifatida «fuqaro» tushunchasini ilmiy muomalaga kiritdi.

Bunda tabiiy huquq va davlat ajralmasdir va bir paytda bo‘la­di, deb hisoblovchi Platon va Aristoteldan farqli o‘laroq, Sitseron, avval tabiiy huquq paydo bo‘ladi, so‘ngra esa davlat va yozilgan qonunlar vujudga keladi, deb hisoblagan14. Huquqshunos va tajribali ma’muriyatchi sifatida u «Davlat — bu qonun jamiyati. Boylikni va qobiliyatlarni barobar qilib bo‘lmasa-da, ammo hech bo‘lmaganda qonun oldidagi huquqlar teng bo‘lishi zarur»15, deb ta’kidlaydi.

Sitseron davlatni xalq mulki sifatida ta’riflaydi va bunda «rim xalqi» va «olomon» tushunchalarini qat’iyan farqlaydi. Uning fikriga ko‘ra, xalq kishilar huquqining umumiyligi va umumiy manfaatiga asoslangan birlashmasidir. «Olomon»ga esa u uning befarqligi, isyonlarga va davlatga zarar etkazuvchi boshqa noqonuniy hatti-harakatlarga moyilligi uchun ta’na qiladi va hurmat qilmaydi. Boshqaruvning uchta oddiy shaklini - podshoh hokimiyati, aristokratlar hokimiyati va xalq hokimiyatini (demokratiyani) bir-biridan farqlagan va ularning har biridagi afzalliklarini ko‘rgan holda Sitseron davlatning eng oqilona shakli sifatida ana shu afzalliklarning barchasi faoliyat ko‘rsatadigan qorishiq shaklning tarafdori bo‘lib chiqdi.

Rim imperiyasida siyosiy fikrning rivojlanishi uchun Seneka, Epikur, Mark Avreliy ko‘p ishlar qildilar. Svetoniy o‘zining «O‘n ikki Sezarning hayoti» kitobi bilan si­yosiy portretlar yaratish an’anasiga asos soldi.

Qadimgi Rimda huquqshunoslarning (Gay, Pavel, Ulpian, YUstinian va boshqalar) ijodiy sa’y-harakatlari tufayli yangi fan - yurisprudensiyaga (huquqshunoslikka) asos solindi, uning diqqat markazida nazariy va amaliy xususiyatga ega bo‘lgan muammolarning katta majmuasi turardi. Rim huquqining yutuqlari hozirga qadar huquqshunoslik fanlarining rivojlanishdagi boshlang‘ich asos bo‘lib kelmoqda.

Milodiy birinchi asrda Rim imperiyasi hududida nasroniylik dini (xristianlik) keng tarqaldi. Ilk xristian ilohiyotchilari har kim o‘z ishini qilishi kerak, deb hisoblab, siyosat bilan uncha qiziqmadilar. Biroq IV asr o‘rtalariga kelib xristianlik Rimning davlat diniga aylandi va xristian cherkovi siyosatga nisbatan o‘z qarashlarini ishlab chiqa boshladi.

Birinchilardan bo‘lib siyosatga cherkovning ko‘zga ko‘ringan arbobi Avliyo Avgustin (354-430) e’tibor berdi. Uning «Ilohiy shahar» risolasi davlat va huquq muassasalari haqidagi mulohazalardan iborat bo‘lib, muallif ushbu muassasalar insonning gunohi uchun xudo tomonidan yuborilgan, deb hisoblaydi. SHakllangan siyosiy munosabatlarni u «inson hayotining tabiiy tarkibi» deb ataydi va bu vaqtinchalik hodisa (qiyomat kunigacha) ekanligini ko‘rsatib o‘tadi. U insonning o‘ziga bo‘lgan muhabbati xudoga bo‘lgan nafrat darajasigacha etib borgan «er shahri» o‘rniga insonning xudoga bo‘lgan muhabbati uning o‘zidan nafratlanishi darajasigacha borgan «ilohiy shahar» kelishiga ishonadi.

Avgustin ta’limoti o‘rta asrlar katolik cherkovining diniy hokimiyatning dunyoviy hokimiyatdan ustunligini asoslovchi yangi mafkurasi uchun negiz bo‘lib xizmat qildi.

IX-XX asr boshlarida Markaziy Osiyodagi siyosiy qarashlar

Bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bu o‘tmish tajribasini chuqur idrok etishni talab qiladi.16 Shuni aytish mumkinki, o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixi, ushbu mintaqadagi siyosiy fikrning rivojlanish tarixi ana shu tajriba manbalardan biridir. IX-XI asrlarda Markaziy Osiyoda siyosiy fikrlar rivojlanishi (Abu Nasr Al-Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino va boshqalar).

Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyasining ilmu-ziyo taratgan, o‘z davri taraqqiyotining yuqori cho‘qqilariga chiqqan, ma’rifat va madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lgan. Uning hududida eng qadimgi zamonlardan boshlab dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq, ilmu-fan bilan shug‘ullangan qudratli davlat birlashmalari birin-ketin, bir-birining o‘rnini egallagan holda vujudga kelgan.

Ismoil Buxoriy, Abduxolik G‘ijduvoniy, Xo‘ja Bahoviddin Naqshband, Imom Termiziy, Ahmad YAssaviy kabi islom dunyosining ulamolari bilan bir qatorda Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Al Xorazmiy, Axmad al Farg‘oniy, Ibn Sino, Zamaxshariy kabi dunyoviy olimlar Ro‘dakiy, Daqiqiy, Firdavsiy kabi shoirlar Turon va Erondan etishib chiqdi. Bu borada, arab xalifaligida islom dini va siyosatning o‘zaro ittifoqi vujudga keldi.



Ibn Rushd (1126—1198) hayoti va faoliyati diqqatga sazovor. X asrda «Pok birodarlar» tashkiloti vujudga keldiki, bu tashkilot ruhoniy shialardan iborat bo‘lib, ular o‘z davrlarining ilmlariga oid ensiklopediyani yaratdilar. «Pok birodarlar va haqiqatgo‘y do‘stlarning risolalari» nomi bilan mashhur ushbu asar 51 risoladan iborat bo‘lib, falsafa, ma’naviyat, din, tilshunoslik hamda ijtimoiy — siyosiy sohalarni qamrab oladi. Ibn Rushd dinni boshqaruv san’ati deb bilgan, hatto ideal davlatda ham din ana shunday rol o‘ynashi kerak bo‘lgan, chunki hamma ham hayot falsafasi haqiqatini tushunib etmaydi.

Ma’lumki, IX —XII asrlarni Markaziy Osiyoda Uyg‘onish davri ham deb aytishadi, chunki IX asr boshiga kelib Movarounnahr arablar zulmidan ozod bo‘lib, bu erda mustaqil milliy davlatlar vujudga keldi. Barcha bilim tarmoqlari bilan birgalikda siyosiy, huquqiy va falsafiy qarashlar gurkirab rivojlandi.



Abu Nasr Farobiy (873 — 950) Arastu asarlarini chuqur o‘rganib, uning hatto xatolarini ko‘rsatib berishga muvaffaq bo‘ldi. U faqat o‘rta asr Sharqiga emas, balki Evropa ilm ahliga ham katta ta’sir ko‘rsata oldi. Farobiy buyuk alloma, ya’ni olim sifatida 160dan ortiq asarlar yozib qoldirdi. Uning asarlari fanning turli sohalariga bag‘ishlangan bo‘lib hanuzgacha o‘z amaliy ahamiyatini yo‘qotgan emas. Olim «Ixson al ulum» asarida ilmlar klassifikatsiyasini yaratdi, 30 dan ortiq ilmlar ta’rifini berdi. Uning ta’limotiga ko‘ra ilmlar 5 turga bo‘linadi: 1) til, 2) mantik. 3) matematika. 4) tabiiy va iloxiy bilimlar 5) shahar haqidagi fanlar. Musiqashunoslik fani ham Farobiy nomi bilan bog‘liq. Olim ijtimoiy — siyosiy hayot to‘g‘risida «Fozil shahar aholisining raylari», «Baxt soadatga erishuv haqida» ilmiy asarlar yaratdi.

Farobiy davlatni boshqarishning turli shakllarini tahlil etdi. Har tomonlama etuk shaxsning davlat boshqaruvi (monarxiya), etuk hislatlarga ega bo‘lgan bir necha shaxslar boshqaruvi (aristokratiya), demokratiya kabi idora qilish usullarini olim qayd etdi. Farobiy har tomonlama etuk, barcha aholini baxt — soadatga, ilm — ma’rifatga olib beruvchi ideal jamiyatni orzu qiladi. Farobiy insonparvar, buyuk mutaffakir olim edi. XII asrdayok uning asarlari lotin tiliga o‘girila boshlandi.

Farobiy o‘rta asr Sharq mutafakkirlari orasida birinchi bo‘lib jamiyat va davlat muammolari haqida fikr yuritdi. Olim shahar-davlat birlashmasining hayoti va o‘ziga xosligi, davlatning funksiyalari va uni boshqarish shakllari; davlat birlashmasining vazifalari va pirovard maqsadi, yalpi birlashuvga erishishning yo‘llari va usullari kabi masalani ko‘rib chiqdi.

Davlatning paydo bo‘lishi va faoliyat ko‘rsatishiga Farobiy odamlarning birlashishga bo‘lgan tabiiy intilishlarining natijasi sifatida qarali. U har bir insonning piro­vard maqsadi - baxtga erishish deb hisobladi. Ammo inson unga yakka o‘zi erisholmaydi. Buning uchun ko‘p odamlarning birgalikdagi kuch-g‘ayratlari va faoliyati hamda ana shu fao­liyat uchun sharoit yaratuvchi va uni yo‘naltiruvchi muayyan ijtimoiy tashkilot zarur.

Farobiy, davlatning normal faoliyat ko‘rsatishi ko‘p jihatdan uning qanday boshqarilayotganiga bog‘liq, deb hisoblangan va shu bois hukmdorning shaxsiga katta ahamiyat bergan. Uning fikricha, hukmdor muayyan aqliy va axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishi, boshqaruvning umumiy qonunlarini bilishi va mamlakat aholisini o‘z ortidan ergashtira olishi, odamlarni tarbiyalashi, ularning hatti-harakatlarini umu­miy baxt-saodatga erishishga yo‘naltirishi va ularni ana shunday faoliyatni amalga oshirishga undashi lozim.

Farobiy dono hukmdor boshchilik qiladigan mutlaq monarxiya tarafdori edi, hukmdor atrofida intellektual elita turishi kerak deb hisoblar, shu bilan birga, agar hukmdor unga zarur bo‘lgan barcha sifatlarga ega bo‘lmasa, davlatni jamoaviy tarzda boshqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin, deb bilardi.



Abu Rayhon Beruniy (973—1048) Ma’mun Akademiyasining a’zosi bo‘lib, 200ga yaqin ilmiy asarlarning muallifi. Evropada olim Al Boron nomi bilan mashhur. Farobiy kabi Beruniy ham buyuk qomusiy olim Uning «Geodeziya», «Mineralogiya», «Mas’ud qonuni», «Saydana», «Hindiston» kabi asarlari ma’lum va mashhur. Beruniy bosqinchilik, zulm, adolatsizlikni qattiq qoralaydi. Arab bosqinchiligi tufayli Vatanimizda sodir bo‘lgan madaniy yodgorliklarning yo‘q qilinishini qattiq qoralaydi. Jamoa va til kishilarning birlashuvi natijasida vujudga kelgan deb ta’kidlaydi.

Abu Rayhon Beruniy birinchilardan bo‘lib dunyo tarixi va madaniyatini u yoki bu mamlakatning geografik joylashuvi nuqtai-nazaridan yoritib berdi. Muayyan darajada uni geosiyosatning otasi deb atash ham mumkin. O‘z vaqtida Abu Rayxon Beruniy «Xristafor Kolumbdan qariyb besh asr oldin okean ortida quruqliq, ya’ni keyinchalik Ame­rika deb nom olgan qit’a borligini bashorat qilib, ilmiy asoslab bergan»17.

Beruniy har uch oyda almashinib turadigan fuqarolar to­monidan galma-galdan boshqariladigan davlatni ideal deb hisobladi, lekin uning fikricha, boshqaruvchi fuqarolar faqat zodagonlardan va yirik er egalaridan bo‘lishi zarur edi. Shuningdek, davlatning muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsati­shi uchun o‘zaro yorham, tinch-totuv yashash va umumjahon farovonligi singari qoidalarga rioya qilinishi lozim. U ayniqsa, davlatlarning tinch-totuv yashashini ko‘p targ‘ib qildi, chunki uni xalqning baxt-saodati va farovonligining garovi deb bilardi. Boshqaruv shakli haqidagi masalada u monarxiya shaklini qo‘llab-quvvatladi va uni boshqaruvning ideal shakli, deb hisobladi. Beruniyning fikriga ko‘ra, davlat va qonunlar inson baxt-saodati uchun xizmat qilishi, davlatni esa ma’rifatli podsho boshqarishi lozim edi.


Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə