Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida bozor munosabatlariga asoslangan milliy iqtisodiyot barpo etildi



Yüklə 4,75 Mb.
səhifə16/234
tarix31.12.2021
ölçüsü4,75 Mb.
#82376
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   234
Узбекистон иктисодиёти lat

3.3. Makroiqtisodiy proporsiyalar
Milliy iqtisodiy tizim komponentlarining tuzilishi sohalar, tarmoqlar, ishlab chiqarish majmualarini tashkil etsa, ular o‘rtasidagi munosabat, ularning o‘zaro ta’siri milliy iqtisodiyot tarkibini ifodalaydi. Tarkibiy nisbatlar proporsiyalarni tashkil etadi. Taraqqiyot davomida mazkur proporsiyalarni oqilona darajada saqlab turish milliy iqtisodiyotning muhim tarkib hosil qiluvchi omili hisoblanadi. Iqtisodiy tizim komponentlari rivojlanishida mutanosiblikka amal qilish ushbu tizimning bir butunligini, yaxlitligini ta’minlaydi. Mutanosiblik – har qanday tizim (texnik, iqtisodiy, ijtimoiy) rivojlanishining qonuni hisoblanadi.

Milliy iqtisodiyotning makrotarkibi o‘z ichiga quyi tizimlar, komponentlar majmuasini oladi. Bu quyi tizimlar ko‘p yillik xo‘jalik amaliyoti davomida turli tasnifiy belgilar asosida tarkibiy tuzilmalarga integratsiyalashadilar. Bunday tasnifiy belgilar jumlasiga sektorli, takror ishlab chiqarish, tarmoq, institutsional, ijtimoiy va boshqalar kiradi.

Milliy hisoblar tizimi amaliyotiga ko‘ra, iqtisodiyot tarmoqlarini uchta sektor bo‘yicha tahlil qilish lozim:

– birlamchi (bu sektorda tabiiy resurslarni ishlab chiqarish, qazib olish va iste’mol qilish bilan bog‘liq tarmoqlar kiradi);

– ikkilamchi (sanoatning qayta ishlovchi tarmoqlari kiradi);

– uchlamchi (transport xizmatlari, kommunal xo‘jalik, qurilish, savdo, mudofaa, davlat boshqaruvi va boshqalar).

Ilmiy adabiyotlarda va xorijiy amaliyotda iqtisodiyotning real sektori va pul (moliya) sektori tushunchalaridan foydalaniladi. Iqtisodiyotning real sektori yalpi ichki mahsulot hajmi bilan aniqlansa, pul sektori ichki tovar almashinuvi uchun zarur bo‘lgan pul miqdori bilan aniqlanadi. Bu sektorlar subyektlar va pul oqimlari o‘rtasidagi barqaror bog‘liqlikni ifodalab, birgalikda daromadlar va xarajatlarning doiraviy aylanishini o‘zida aks ettiradi.

Milliy iqtisodiyot tarkibini o‘rganishda uning takror ishlab chiqarish, tarmoq, texnologik, mintaqaviy, institutsional, ijtimoiy tarkibini tahlil qilish muhim ahamiyatga ega.

Iqtisodiyotning takror ishlab chiqarish tarkibi makrodarajada yalpi ichki mahsulot takror ishlab chiqarish bosqichlari o‘rtasidagi o‘zaro nisbatlarni tahlil qilish uchun ilmiy muomalaga kiritilgan bo‘lib, uning tarkibiy qismlari o‘zgarishlarining yo‘nalishlarini o‘zida aks ettiradi. Bu o‘zgarishlar jamiyatning ijtimoiy yo‘nalganlik darajasi to‘g‘risida, ishlab chiqarishning ortiqcha resurs sig‘imligiga barham berish, iste’mol va jamg‘arish dinamikasi va shunga muvofiq ravishda milliy iqtisodiyotni yangilashning investitsiya imkoniyatlari va eksportga yo‘nalganlik darajasi haqida tasavvur beradi.

Iqtisodiyotning tarmoq tarkibi tarmoqlararo nisbatlar dinamikasi, ustuvor tarmoqlarning samaradorlik nuqtayi nazaridan o‘sishi, ijtimoiy yo‘nalganligi, ilmtalabligi, resurslarni tejash, aholining ekologik himoyalanganligini kuzatish imkonini beradi.

Iqtisodiyotning texnologik tarkibi ushbu ustuvor yo‘nalishlarni an’anaviy va eng yangi texnologiyalar o‘rtasidagi o‘zaro nisbat dinamikasi to‘g‘risidagi, ilmtalab yuqori texnologiyalarning iqtisodiyotga joriy etilish hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan aniqlashtiradi, to‘ldiradi.

Milliy iqtisodiyotning mintaqaviy (hududiy) tarkibi ishlab chiqarishni, ayniqsa, ijtimoiy infratuzilmani joylashtirish va kompleks rivojlantirishda muhim proporsiyalarni o‘zida aks ettiradi.

Institutsional tarkib ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarish shakllarini, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlar xatti-harakatining madaniy-qadriyatlar me’yorlari va stereotiplarini tavsiflaydi.

Iqtisodiyotning ijtimoiy tarkibi muhim iqtisodiy belgilar (mulk, daromadlar, malaka va boshqalar) bo‘yicha guruhlashtirilgan ijtimoiy guruhlar to‘plamini, shuningdek, ularning nisbiy dinamikasini o‘zida aks ettiradi.

Yuqorida keltirilgan barcha iqtisodiy tarkib turlari iqtisodiyotning bir butunligini shakllantiradi, uning unsurlarining o‘zaro ta’sirini ifodalaydi. Bu unsurlar o‘z xarakteriga ko‘ra tabiiy, texnologik, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, psixologik, sotsio-madaniy, tarixiy, konfessional bo‘ladi.

Iqtisodiy tizimning tarkibiy elementlari uning faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishi jarayonida zaruriy proporsiyalarni saqlab turadi. Oqilonalik (optimallik) mezonlari bo‘yicha makroiqtisodiy proporsiyalarga baho berish mamlakat iqtisodiy faoliyatining samaradorligi va iqtisodiyot tarkibida yuz berayotgan o‘zgarishlar yo‘nalishlari to‘g‘risida mulohaza yuritish imkonini beradi.

Ta’kidlash joizki, asosiy makroiqtisodiy proporsiyalar milliy darajada shakllanadi. Ular yalpi ichki mahsulot va uning unsurlari: pirovard iste’molga sarflangan xarajatlar, yalpi jamg‘arish va tashqi savdo saldosi harakatini tavsiflaydi. Agar takror ishlab chiqarish nisbatlari pirovard iste’mol foydasiga o‘zgarsa, u holda asosiy kapitalga, uni yangilashga kiritiladigan investitsiyalar hajmi kamayadi. Bu, o‘z navbatida, ishlab chiqarishning texnologik bazasi rivojlanishining pasayishiga, istiqbolda esa ishlab chiqarish salohiyatining pasayishiga olib keladi. Buning oqibatida pirovard iste’mol hajmi qisqaradi. Takror ishlab chiqarish jarayonining mo‘tadil harakati, eksport va importga mo‘ljallangan tarmoqlar rivojlanishi dinamikasi eksport va import o‘rtasidagi nisbatga, ularning hajmi va tarkibiga bog‘liq. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlaridan biri eksportga yo‘nalgan bo‘lishi lozim.

Milliy iqtisodiyot, iqtisodiy siyosat uchun ishlab chiqarish tarkibi va iste’mol tarkibi o‘rtasidagi, shuningdek, ishlab chiqarish va iste’mol o‘rtasidagi proporsiyalar muhim ahamiyat kasb etadi. Ishlab chiqarish hajmida ishlab chiqarish vositalarining ustun o‘ringa ega bo‘lishi natijasida vujudga keladigan nomutanosiblik, sobiq Ittifoq tajribasi ko‘rsatganidek, aholi turmush darajasining pasayishiga olib keladi. Yuqori texnologiyali tarmoqlarga nisbatan progressiv proporsiyalarga amal qilish lozim, chunki iqtisodiyot tarkibi material va energiya sig‘imi yuqori ishlab chiqarish turlari evaziga «og‘irlashmoqda». Iste’mol tarkibi tovarlar, xizmatlar, oziq-ovqat mahsulotlarining oqilona iste’mol me’yorlari yo‘nalishida o‘zgarib borishi lozim.

Makroiqtisodiy darajada real va pul sektori o‘rtasidagi nisbatlarni tartibga solish alohida ahamiyat kasb etib, ular bir-biriga nisbatan qarama-qarshi birlikda joylashgan bo‘ladilar. Ushbu sektorlarning biriga yetarli darajada baho bermaslik yoki ahamiyatining pasaytirilishi tarkibiy nomutanosibliklarga va aholi turmush darajasining pasayishiga olib keladi. Jami talab va jami taklif o‘rtasida muvozanatli nisbatga erishish zaruriyati aynan shu holat bilan tushuntiriladi.

Birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi sektorlar o‘rtasidagi, shuningdek, tovar va xizmatlar ishlab chiqarish o‘rtasidagi nomutanosibliklar milliy iqtisodiyot uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Iqtisodiyot tarkibida xizmatlar ulushining o‘sib borishi bugungi kunda ijobiy holat hisoblanadi.



Yüklə 4,75 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   234




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə