Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi


Lingvistik metod. Qiyosiy, tipologik, chog‘ishtirma, tarixiy va qiyosiy-tarixiy metodlar



Yüklə 0,66 Mb.
səhifə5/32
tarix22.03.2024
ölçüsü0,66 Mb.
#183253
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   32
turkiy tillarning qiyosiy-tariixy grammatikasi-buxoro

Lingvistik metod. Qiyosiy, tipologik, chog‘ishtirma, tarixiy va qiyosiy-tarixiy metodlar
Reja:
1. Metod tushunchasining sharhi.
2. Lingvistik metodlar haqida umumiy ma’lumot.
3. Qiyosiy metod, tarixiy metod, qiyosiy-tarixiy metod (QTM) va tilshunoslik (QTT) tushunchalari.
4. Tovush mos kelishlari va almashunuvlari, analogiya qonunlari tushunchasi.
5. Turkiy tillarni qiyosiy-tarixiy o‘rganilishi tarixi haqida.
Adabiyotlar: / 17, 257-313; 18 ; 31, 485-486; 32, 7-54/
Tayanch tushunchalar: metod, tadqiq metodlari, lingvistik tadqiq metodlari, manbaning serqirraligi, xulosa-hukmlarning konkretlik tamoyili, qiyosiy metod, tarixiy metod, qiyosiy-tarixiy metod, tadqiqqotda zamon omili, tovushlar mos kelishi, tovushlar almashuinuvi, ularda mustasno (istisno), anlaut, inlaut, auslaut, lingvistik analogiya, Mahmud Koshg‘ariy, Vasiliy Radlov, Nikolay Baskakov, Fattoh Abdullayev
Ilmiy tadqiq jarayonida metod va metodologiya tushunchalarini keskin va izchil farqlash lozim. Metod deganda tadqiq manbayining b i r o r qirrasini o‘rganishga xoslangan u s u l , y o‘ l tushuniladi, xolos. Tadqiqotchining maqsadi (fahmiy yoki idrokiy bilim hosil qilishi), tadqiq manbayiga dialektik yoki nominalistik yondashishi, materialistik yoki idealistik dunyoqarashi kabi, asosan, subyektiv (tadqiqotchining bevosita o‘ziga aloqador) omillar bilan bog‘liq bo‘lgan m e t o d o l o g i y adan farqli ravishda metodlar obyektiv (haqqoniy, tadqiqotchining o‘zi bilangina aloqador bo‘lmagan) tabiatlidir va juda ko‘p hollarda tadqiqotchining metodologik tamoyillariga nisbatan befarqdir. Fikrni bitta yorqin misol bilan oydinlatamiz:
Faraz qilamizki, ko‘z oldimizda turgan (bevosita kuzatishda berilgan) bir xarsang tosh yoki qoyani o‘rganmoqchimiz - bizni bu toshning butun tarkibidagi o‘rni, tarixiy taraqqiyoti, abadiy yoki muvaqqatligi, atrofidagi narsa-hodisalar bilan aloqadorliklarini emas, balki toshning tabiiy xususiyatlarini bilish qiziqtiradi. Boshqacha qilib aytganda, bizni shu xarsang tosh haqida fahmiy bilimlar qiziqtiradi. Bu xarsang tosh serqirra bir narsadir - unga vazn, ko‘lam, shakl, tarkib, holat kabi o‘nlab belgi-xususiyat xos bo‘lib, ulardan har biri o‘ziga xos vosita yordamida aniqlanishi va tavsiflanishi mumkin. Masalan, vaznni o‘lchash va belgilash vositalari (tarozu, tortish kuchi, bosim v. h.) yordamida ko‘lamni aniqlah va tavsiflash mumkin emas - vazn va ko‘lam bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan alohida mezon va usullar bilan o‘lchanadi. Mana shu mezon va usullar xarsang toshning turli qirralarini o‘rganish metodlaridir. Masalan, vaznni belgilashning eng oddiy usuli - tarozu va toshlar, o‘lchov birliklari hozirgi kunda jamiyatimizda obyektiv tabiatga ega va hamma, dunyoqrashidan qat’iy nazar, ulardan bemalol foydalanadi. Tadqiq metodlari ham shunday - ulardan bir-biriga zid duhyoqarashlarda turgan, turli maqsadlarni ko‘zlagan tadqiqotchlar amaliyotda bir xil foydalanishi mumkin.
Til o‘ta serqirra ijtimoiy-ruhiy-fiziologik hodisadir. Uning minglab qirralari, rang-barang ijtimoiy, tabiiy (biologik, fizik, genetik v. b.), ruhiy hodisalar bilan juda murakkab aloqa-munosabatlari bor. Tilning o‘zi ham behad murakkab butunlik bo‘lib, uning lisoniy va nutqiy tomonlari, ularning har birining fonetika, leksika, morfologiya, sintaksis, so‘z yasalishi, stilistik qo‘llanilish kabi tarkibiy qismlari bor. Tilshunoslikda ikki tushuncha -
a) tilshunoslik bo‘limlari (sohalari),
b) tilshunoslik yo‘nalishlari (maktablari, oqimlari)ning farqlanishi bevosita shu bilan bogliqdir.
Tilshunoslik bo‘limlari (sohalari, qismlari - ruscha - разделы, отрасли языкознания) deganda tilning qurilish (struktur) birliklari va ularning o‘zaro munosabatlarini o‘rganuvchi, tilshunoslik tarkibiga kiruvchi
a) fonetika (fonologiya),
b) morfologiya (morfemika),
d) leksikologiya (semasiologiya, leksikografiya),
e) frazeologiya (paremiologiya),
f) sintaksis,
g) so‘z yasalishi (derivatsiya),
h) stilistika (uslubiyat, uslubshunoslik, lingvopoetika) kabi nisbatan mustaqil fanlar tushuniladi va ular bitta murakkab fanga - tilshunoslik (lingvistika) faniga birlashadi. Tilshunoslik bo‘limlari til sathlari - yaruslari bilan uzviy bog‘liqdir.
Tilshunoslik yo‘nalishlari (oqimlari, maktablari, turlari - ruscha: направления, школы, виды языкознания) deganda insoniy tilning ayrim qirralarini chuqurroq tadqiq qilishga (o‘rganish va tavsiflashga) ixtisoslashgan, o‘ziga xos tadqiq metodlariga ega bo‘lgan tilshunoslik turlari tushuniladi3. Esdan chiqarmaslik lozimki, tilshunoslik yo‘nalishlari hamisha ma`lum bir tadqiq m e t o d i bilan bog‘liqdir. Tadqiq metodi tilshunoslikning ma`lum bir yo‘nalishini birlashtiruvchi eng asosiy omildir. Shu asosda tilshunoslik yo‘nalishlari shu yo‘nalishda yetakchi bo‘lgan metod nomi bilan tarixiy tilshunoslik, qiyosiy tilshunoslik, tipologik tilshunoslik v. h. deb yuritiladi.
Odatda lingvistik tadqiq metodlari tilshunoslikning barcha bo‘limlari uchun umumiydir, ya`ni ayni bir usul bilan tilning fonetik qurilishi ham, leksik, morfologik v. b. tomonlari ham tadqiq qilinadi. Chunonchi, tarixiy tilshunoslikda tarixiy fonetika, tarixiy fonologiya, tarixiy morfemika, tarixiy sintaksis, tarixiy stilistika v. b. bo‘limlar mavjud. Shu bilan birga tilning ayrim sath birlik (bo‘lim, soha) larini o‘rganishga ixtisoslashgan tadqiq usullari ham bor. Chunonchi, eksperimental fonetika, semantik sintaksis, lingvistik semantika.
Tilshunoslikda lingvistik tadqiq metodi juda ko‘pdir. Tom ma`noda tilshunoslik tarixi - bu tilni tadqiq etish usullarining bosqichma-bosqich almashinib, yangilanib borishi, bir-birini to‘ldirib, til mohiyatiga chuqurlasha borish tarixidir; tilshunoslik tarixiga bag‘ishlangan har qanday tadqiq va qo‘llanma ayni zamonda tilning tadqiq metodlari masalalarini ham o‘z ichiga oladi. Bu yo‘nalishda XX asrning 80-yillarigacha qilingan ishlar haqida ma`lumotlarni Siz quyidagi kitob va ma`lumotnomalaridan, bundan keyingi davrlarga oid axborotni Internet tarmog‘ining Lingvistika vebsaytining "Tarix" va "Metodlar" bo‘limlaridan topishingiz mumkin:
a) Общее языкозание. Библиографический указатель литературы. Отв. ред. Б. А. Серебренников.- М.: Наука. 1965. 276 стр. ;
б) Амирова Т.А., Ольховников Б. А. , Рождественский Ю. В. Очерки по истории лингвистики. - М.: Наука. 1972. 560 стр.;
в) Звегинцев В.А. История языкознания ХIХХХ вв. в очерках и извлечениях. Части 1-2. М.: Просвещение. 1965-1966.
г) Лингвистический энциклопедический словарь. М.: СЭ. 1990 (Qayta nashrlari 1995, 1998, 2001).
д) Виноградов В.В. История русских лингвистических учений. М.: Высшая школа. 1978.
е) Березин Ф.М. Очерки по истории языкознания в России конца Х1Х начала ХХ веков. М.: Наука. 1968.
ж) Кондрашов Н.А. История лингвистических учений. М.:Просвещение. 1970.
з) История лингвистических учений. Отв. ред. А. И. Десницлая, С.Д. Кацнельсон 1-ая книга. Древний мир. Л.: Наука. 1980.;2-ая книга. Средневековый Восток. Л.: Наука. 1981.; 3-тья книга. Средневековая Европа. Л.: Наука. 1985.
и) Звегинцев В.А. История арабского языкознания. М.1958.
к) Основные направления структурализма. Отв. ред. О.С. Ахманова. М.: 1965.
л) Апресян Ю.Д. Идеи и методы современной структурной лингвистики. М.. 1966.
Tadqiq metodlari tilshunoslik yo‘nalishini belgilashi va ilmiy maktab ko‘p hollarda metod nomi bilan atalishi sababli "Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik", "Naturalistik tilshunoslik" , "Komparativistika", "Geneologik tilshunoslik", "Formal tilshunoslik", "Funksional tilshunoslik", "Areal tilshunoslik", "Struktur tilshunoslik", "Deskriptiv tilshunoslik", "Matematik tilshunoslik", "Kompyuter tilshunosligi", "Psixologik tilshunoslik" (psixolingvistika) v. h. kabi yo‘nalishlarga bag‘ishlangan ish va fayl-u saytlarda shu yo‘nalish uchun yetakchi bo‘lgan tadqiq metodlari haqida ma’lumot olish mumkin.
Bundan tashqari lingvistik tadqiq metodlariga maxsus bag‘ishlangan ishlar ham oz emas. Chunonchi, "Общее языкознание. Методы лингвистических исследований.– М.:Наука. 1973. Bunday ishlar o‘zbek tilida ham bor. Jumladan, С.Усмонов. Умумий тилшунослик.–Т.: Ўқитувчи.1972; Баскаков Н.А., Содиқов А., Абдуазизов А. Умумий тилшунослик. –Т.: Ўқитувчи, 1979; Р.Расулов. Умумий тилшунослик. Т. 2007 darslik va qo‘llanmalarida bu masalaga maxsus boblar ajratilgan.
Tilshunoslik tarixi shuni ko‘rsatib turibdiki, dialektik bilish tadqiq manbayi mohiyatiga bosqichma-bosqich uzluksiz chuqurlasha borish, soddaroq (oddiyroq) mohiyatdan murakkabrog‘iga qarab to‘xtovsiz siljish demakdir. Shu asosda tadqiq metodlari ham fan tarixida bir birini almashtirib turadi. Bir metod asosida ochilgan qonuniyatlar boshqa bir metod bilan aniqlangan hukmlarni rad va imkor qilgan hollarda ham bunday inkorni to‘g‘ri - dialektik tushunmoq lozim - bu qat’iy, mutlaq inkor emas, balki nisbiy, dialektik inkor - inkorning inkori, narsa mohiyatiga chuqurlasha borishning bir bosqichidir, xolos. Bir oddiy hayotiy misol bilan fikrni izohlaymiz: Tilning turli qirralari haqida turli usullar (metodlar) bilan hosil qilingan bilimlar va ochilgan qonuniyatlar bir katta binoning old, orqa, yon, ust tomonlaridan olingan suratlari bilan qiyoslanishi mumkin. Bu fotosuratlar bir biriga mutlaqo o‘xshamasa-da, ularning barchasi bitta zotda - bir binoning shaklida birlashadi; bu fotosuratlar bir-birini to‘ldirib, bino shakli haqida bilimlarimizni mukammal bo‘lishiga xizmat qiladi. Binoning to‘rt tomonidan suratini chizgan olimlarning birortasi ham xato yoki noto‘g‘ri ish qilmagan. Xato binoning bir tomonidan olingan tasvirini (resp. tilning bir qirrasi haqida ma’lum bir metod bilan o’rganiladigan qonuniyatni) binonig o‘zi bilan tenglashtirishdadir - kim bunga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, albatta, xato qilgan bo‘ladi. Shuning uchun Mir Alisher "Lisonut tayr"da:
“O‘z borur yo‘lida har bir muftaxir,
Yo‘lni aylab o‘z yolig‘a munhasir.
(Har bir yo‘lovch o‘z yo‘lini to‘gri deb biladi va umuman yo‘lni o‘z yo‘li bilan cheklaydi4 )", - deb yozadilar. Mir ta`birlaricha, oriflik bilan johillik farqi ham shundadir - orif o‘zaro o‘xshash bo‘lmagan tasvirlar bir binoga mansub ekanligini tushunadi, johil esa zohiriy farq asosida ularning birligini rad etadi. Ko‘p fikrlilik, taleranlik (bag‘ri kenglik), ustuvor demokratik tamoyillar har qanday qarashga - xususan, ilmiy talqinlarga - oriflik nuqtayi nazaridan yondashishni talab qiladi. 5 Shu bois istagan fanda tadqiq metodlarining almashinib turishi fanning uzluksiz taraqqiyoti belgisi sanalishi lozim. Ma’lum bir tadqiq usulini mutlaqlashtirish shak-shubhasiz fetishizmga olib keladi.
Lingvistik tadqiq metodlari rang-barang bo‘lgani holda fanimizda ularning mukammal tasnifi haligacha berilmagan. Lingvistik tadqiq metodlari odatda sixronik va diaxronik tadqiq usullari sifatida ikki guruhga ajratiladi.

Yüklə 0,66 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   32




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə