O‘zbekiston milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti


Tadqiqotning metodologik asosi va tahlil usullari



Yüklə 492,57 Kb.
səhifə3/11
tarix22.03.2024
ölçüsü492,57 Kb.
#182961
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
himoya yangisi

Tadqiqotning metodologik asosi va tahlil usullari. Tadqiqot jarayonida badiiy, qiyosiy, psixologik,tahliliy,tavsiflash kabi metodlardan foydalanildi.
Tadqiqot natijalarining nazariy va amaliy ahamiyati. Abdurauf Fitrat asarlarida o‘z davri muammolarining qalamga olinganligi diqqatga sazavordir. Ijodkor she’riyati haqida so‘z ketganda shuni aytish kerakki - shoir ilk she’ridan boshlab Turk dunyosini, Turkiston birligi, istiqlol g‘oyasini ilgari surdi, u turk dunyosiga millatparvar va yoniq shoir sifatida tanilgan edi.
Bu haqda unga zamondosh tanqidchilardan Abdurahmon Sa’diy shunday yozadi: “Fitrat – hozirgi o‘zbek she’riyatida arab, fors so‘zlariga yo‘lni berkitdi. O‘zbek she’r tuzilishining rivojlanish yo‘llarini belgilay borib, ko‘pgina yosh shoirlarni o‘zining uslubi va tili bilan ergashtira oldi, atrofiga yosh shoirlarni to‘plab, ularga til va uslubdan yo‘l ko‘rsatmakdadir.” Shu orqali uning asarlari, she’rlari qalblarga kirib, uning nozik torlarini chertdi va o‘quvchiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi.
Tadqiqotning ilmiy ahamiyati adabiyot bo‘yicha ilmiy ishlar yaratish, adabiyotshunoslikka oid qo‘llanma, risola va darsliklar yaratishda foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Tadqiqot ishi filologiya ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olayotgan va shu yo‘nalishda ilmiy ish olib borayotgan talabalar uchun qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Tadqiqot natijalarining e’lon qilinishi. Tadqiqot ishi yuzasidan 2 ta maqola e’lon qilindi.
Tadqiqot ishi tuzilmasining tavsifi. Ushbu tadqiqot kirish, uch bob, olti fasl, umumiy xulosalar va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.

I bob. FITRAT VA MILLIY SHE’RIYAT TARAQQIYOTI
1.1. Zamonaviy o‘zbek she’riyatining yangilanishida Fitrat ijodining tutgan o‘rni
O‘zbek adabiyoti tarixida uzoq vaqt lirika yetakchilik qilib kelgan. Turkiy lirikaga arab aruzi, keyinroq fors aruzi tasirida aruz kirib keldi va mustahkam o‘rin egalladi. XX asr boshlarigacha she’riyatimizda aruz tizimi yetakchilik qilib keldi. Garchi milliy she’r tizimimiz aruzgacha va undan keyin ham bo‘lishiga qaramasdan shoirlarimizning katta qismi aruzda ijod qilishda davom etdilar. O‘zbek adabiyotining eng nodir asarlari aynan aruzda bitildi. Faqatgina XX asr boshlaridagina Fitrat o‘zining “Aruz haqida” risolasida she’riy tizimlarni va ularning imkoniyatlarini sodda va aniq qilib bayon qilib berdi1. Fitrat bu risolasida aruzning o‘zbek tiliga tushmasligini juda aniq misollar bilan isbotlab bera oldi. Faqat ilmiy qarashlar emas, o‘rnak bo‘lib birinchilar qatorida barmoqda she’rlar yozdi. Zamonaviy o‘zbek she’riyatining asoschisi hech shubhasiz, Fitratdir. Garchi Cho‘lpon keyinchalik zamonaviy she’riyatda barakali ijod qilgan bo‘lsada, har doim Fitratni o‘ziga ustoz deb bilgan2.
Fitrat ijodi nafaqat zamondosh shoirlariga, balki 60-80-yillarda yetishib chiqqan shoir va yozuvchilarga ham katta ta’sir o‘tkazgan. Abdurauf Fitrat ijodi va faoliyati yaqin tariximizning eng porloq sahifalaridan birini tashkil qiladi. U adabiyotga va ijtimoiy siyosiy hayotga kirib kelganda millat hayotida jadidchilik harakati yoyila boshlagan edi. Fitrat ham ziyoli inson sifatida bu harakatning qatnashchisi va eng faol kishilaridan biri bo‘lib qoldi. Jadid adabiyoti vakillari ijodida umumiy mavzu bo‘lgan istiqlol va vatanparvarlik g‘oyalari Fitrat ijodida ham yetakchi mavqe tutgan. U butun umri davomida Ona Vatanni ozod va obod qilish dardi bilan yashadi. Chet ellarga sayohat unga Vatandagi haqiqiy holatni xolis baholash imkonini berdi. Bu fikrimizning isbotini shoirning 1922-yilda chop etilgan “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamiga kirgan “Mirrix yulduziga” she’ri misolida ko‘rib o‘tsak:
Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ish buzarlar, shaytonlar.
Bu misralarda shoir o‘zini qo‘shib, aslida vatandoshlarining ikkiyuzlamachiligidan noliydi. Bu misralar o‘sha davrdagi adabiy-siyosiy davralarda ikkiyuzlamachi insonlar ko‘p bo‘lgani va shoirga ko‘p pand berganidan dalolat beradi. Fitratning Vatandan uzoq yillarga ayrilib, chet ellarda yurishi ham aslida orzu-havasdan emas, ilojsizlikdan bo‘lgan.
Ko‘pgina jadid adabiyoti vakillari qatori Fitratning hayoti ham qiyinchilik va sarson-sargardonlikda kechgan. Uning asarlari yurtimizda emas, Istanbul va boshqa shaharlarda chop etilgani esa shoirning ijodi yurtida qattiq senzuraga uchraganidan dalolat beradi. Jadidshunos olim Begali Qosimovning ko‘rsatishicha, Fitrat haqidagi dastlabki ma’lumot Buxoro amiri Abdulahadxonning saroy xodimlaridan bo‘lgan Hoji Abdul Nematulla Muxtaram tomonidan berilgan. U “sarrof Hoji Abdul Rauf valadi Abdul Rahim sarrof”ni “Mijmar” taxallusi bilan o‘zining “Tazkirat ush-shuaro” (1910) siga kiritgan va hayoti haqida qisqa ma’lumot berib, she’rlaridan birini keltirib o‘tadi. Garchi bu tazkirada shoir ijodidan namuna juda kam uchrasada, 1910-yilda tuzilgan tazkiraga Fitratning kiritilishi, uning ijodi o‘sha davrda ancha mashhur bo‘lganligi, va adabiyotshunoslar diqqat e’tiborini tortganligining dalilidir. Garchi bu vaqtda shoirning hali to‘plami ham nashr etilmagan edi. Fitratning ilk asari “Munozara” 1910-yilda Istanbulda chop etilgan bo‘lsada, Hoji Muin 1912-yildayoq o‘zbekchaga tarjima qilib, “Turkiston viloyatining gazeti”da chop ettiradi. Bu asar alohida nashr holida Mahmudxo‘ja Behbudiy so‘zboshisi bilan 1913-yilda nasr etilgan. Bu asar yurtimizda katta ishtiyoq bilan qabul qilingan. Adabiyotshunos olim Dilmurod Quronov bu asar Yevropa marifatparvarlik adabiyoti ta’sirida yozilganini qayd etgan bo‘lsada3, biz bu fikrga qo‘shilmaymiz. Sababi sayohatnomalar va safarnomalar yozish an’nasi Fitratga bu asar yozishiga ilhom va manba bo‘lib xizmat qilgan degan qarash haqiqatga yaqin. Qolaversa o‘sha vaqtda hind adabiy va siyosiy muhiti jadidlar diqqat markazida bo‘lgani ham bu asar yuzaga kelishining yana bir sababidir. Thakur ijodi Cho‘lponni qanchalik ilhomlantirgani uning qilgan tarjimalaridan ma’lum.
O‘zbek adabiy muhitida katta yangiliklardan biri bo‘lgan “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamidan Cho‘lpon, Botu bilan birga haqli ravishda Fitrat she’rlari ham o‘rin oldi. Bu ham Fitrat ijodi o‘zbek she’riyatida katta o‘rin tutganining dalilidir. Cho‘lpon va Botu ijodining katta qismini lirika tashkil qilgani holda, Fitrat ijod bilan birga katta siyosatchi va yirik olim hamdir. Uning ijodiy merosida she’rlar unchalik ko‘p bo‘lmasa ham, bu she’riyat hech kimnikiga o‘xshamaydi va takrorlanmasdir. Hatto Cho‘lpon ham uning she’rlariga ergashib, uning ijodidan tasirlanib she’rlar yozgan, yoddan hirgoyi qilib yurgan.4 Uning she’rlarida Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyalari o‘ziga xos qiyoslar, tashbehlar bilan ifodalangan. Buni lirikaning o‘ziga xos ta’sirchanligi bilan izohlash mumkin.
Abdurauf Fitrat talabalik yillaridayoq “bir devon bo‘lishga arzirli” (Sadriddin Ayniy) she’rlar yozib ulgurgan. U dastlab o‘z she’rlariga “Mijmar” (“mushk-anbar kabi turli xushbo‘y narsalarni solib tutatiladigan idish (manqal)”)5 taxallusini qo‘yadi. Sadriddin Ayniyning yozishiga ko‘ra: “Intiboh (ogohlik, g‘aflatdan uyg‘onish)6 davridan oldin ham g‘azal va qasidalar yozgan bo‘lsa-da, ammo ularda bugungi she’rlaridagi sayqal, yonish va kuyish uchramas edi”7.
Fitrat jadid sifatida tanilgan, o‘z asarlaridagi g‘oyalari bilan mavjud tuzum yuragiga vahima solar edi. Shuning uchun Said Olimxon uning she’rlarini Buxoroda nashr etishga ruxsat bermaydi. Shoirning “Sayha” (na’ra, da’vat, bongso‘z) to‘plami esa hijriy 1329, milodiy 1911-yilda Istanbulda talaba shoirning o‘z hisobidan bosiladi. Fitratshunos olim Hamidulla Boltaboyevning qayd etishicha, bu to‘plam hozir Istanbul dorilfununi kutubxonasida saqlanadi, uning muqovasiga “Fitrat. Sayha. Milliy she’rlar” deb yozilgan bo‘lib, fors tilida arab alifbosida chop etilgan8. Undan tanlab olingan o‘ndan ortiq she’rlar “Sadoyi Turkiston” gazetasining 1914-yil iyul oyi sonlarida e’lon qilingan. To‘plamda bu she’rlarning har bandidan keyin turk tilida uning mazmuni ham bayon etilgan9.
Misol:
Bozam ba she’r oftoda havoyi go‘reston,
Par mizanad dilam, yag‘zoyi go‘reston.
Mazmuni: Boshimga yig‘lash havasi tushdi,
Qanot urdi yuragim yig‘i osmonida.
Turk olimi Mehmed Sarayning ta’biriga ko‘ra, “Istanbulga kelib, turkchi millatparvar bo‘lgan Fitrat” forsiy she’rlarini Turkiya aholisi ham tushunishi uchun mana shunday yo‘l tanlagan. She’rda nega lirik qahramon boshiga yig‘lash havosi tushgani kuylanmoqda, chunki lirik qahramon yurtidagi ahvol unga kulishga imkon bermaydi. Yurak esa yig‘i osmonida. Osmonni bu o‘rinda ikki xil tahlil qilish mumkin; birinchidan osmon muhit ramzi bo‘lib kelishi mumkin va bu she’rning umumiy ma’nosiga mos tushadi. Yosh esa g‘amdan, darsdan. Shunday ekan lirik qahramonning qalbi dardli muhit (shoir yurti) bilan band, ya’ni yurak qanot urgan, qoqqan va yurti haqidagi o‘ylar bilan. Fitrat yurtidan qancha yiroq bo‘lmasin, yurt qayg‘usi bilan band bo‘lgani shu misralarda ham o‘z ifodasini topgan.
Zamondoshlarining yozishiga qaraganda, vatanparvarlik she’rlari to‘plami bo‘lgan “Sayha”ni o‘qigan kishilarni Buxoro hukumatigina emas, balki rus hukumati ham ta’qib qila boshladi. Turkiston general gubernatori gazetaning bu sonlarini man qilish bilan qanoatlanmay, tez orada uni yopib qo‘ygan. Sabab shu ediki, “bu she’rlarda Vatan mustaqilligi g‘oyasi birinchi marta yorqin shaklda ifodalab berildi”10 .
Fitratning she’rlari ta’qiqlab qo‘yilganiga qaramay Qrim va Qozon turklari orasida, G‘arbiy Turkiston, Eron va Germaniya kabi mamlakatlarda keng tarqaldi, jamiyatning hamma tabaqalari orasida qiziqish bilan o‘qildi.
Fitratning she’riy ijodi haqida gapirganda, uning faqat “Sayha” to‘plami haqida gapirish biryoqlamalik bo‘ladi. Chunki Fitrat o‘zbek tilida ham she’rlar yozgan. Uning o‘zbek tilidagi ko‘pgina she’rlari 20-yillarda vaqtli matbuot sahifalarida, “Inqilob”, “Qizil qalam” to‘plamlarida chop etilgan. 1922-yilda nashr qilingan “O‘zbek yosh shoirlari” majmuasidan esa shoirning 14 she’ri (“Kim deyay seni?”, “Bir oz kul”, “Achchiqlanma degan eding”, “Mirrix yulduziga”, “Ovunchoq”, “Ishqimning tarixi”, “Yana yondim”, “Nega bo‘yla?”, “Shoir”, “Behbudiyning sag‘anasin izladim”, “Parcha”, “O‘gut”, “Sharq”, “O‘qitg‘uvchilar yurtiga”) joy olgan. Bundan tashqari, “Hind ixtilochilari”ning Berlin nusxasida (1923-yil) Fitratning “bosilgan va bosilmoqda bo‘lgan” asarlarining ro‘yxati berilgan. Unda shoirning e’lon qilinmagan turkcha she’rlar kitobi “Uchqun” haqida ma’lumot beriladi. “Abulfayzxon” fojiasining Moskva nashrida shoir Fitratning “Uchqun” she’rlar kitobi sotuvga chiqqani xabari keltiriladi. Hatto kitobchaning narxi ham ko‘rsatilgan. Biroq bu to‘plam, H.Boltaboyevning qaydiga ko‘ra, na Moskva, na Sankt-Peterburg kutubxonalarida, na xorijda, na shoirning o‘z yurtida saqlanayotgan asarlari orasidan bu kungacha topilmagan11. Ehtimol, bu she’riy majmua biror kitobxonning qo‘lida, shaxsiy kutubxonalarda mavjud bo‘lishi va vaqti-soati bilan topilishi mumkin.
Fitrat she’riyati, shoirning o‘z tili bilan aytganda “rubobiy she’rlari” nafis va buyuk Sharq she’riyatining bor go‘zalliklaridan to‘yingan, uni o‘ziga xos tarzda ichdan yangilashga kamarbasta she’rlardan tarkib topgan. Bu haqda Fitratning zamondoshi va vatandoshi Sadriddin Ayniy shunday yozadi: “Fitratning she’riyati haqida yana shuni aytish kerak: shoir o‘zbek adiblari ichida birinchilardan bo‘lib folklor shakllarida she’rlar yozadi. Bu ming yilcha davr ichida aruzdan boshqa shaklni bilmagan yozma she’riyatimiz sohasida novatorlik edi”12. Fitrat adabiyotshunos olim sifatida Sharq she’riyatining jozib xislatlarini aksariyat ilmiy asarlarida tahlil etgan bo‘lsa, shoir sifatida she’rlarida o‘sha jozibaning o‘z zamonidagi nozik tovlanishlarini ko‘rsata bildi.
20-yillarning ayovsiz tanqidchilaridan biri Abdurahmon Sa’diy “Behbudiy va uning tegrasiga yig‘ilgan yozg‘uchilar” maqolasida shoir Fitratning o‘zbek she’riyati rivojiga qo‘shgan ulushi haqida gapirib: “Hozirgi o‘zbek she’riyatida Fitratning xizmati uning tili va uslubida ko‘rinadi, u she’riyatda arab va fors so‘zlariga yo‘lni bekitdi, o‘zbek she’r tuzilishining rivojlanish yo‘llarini belgilay borib, ko‘pgina yosh shoirlarni o‘zining uslubi va tili bilan ergashtira oldi, atrofiga yosh shoirlarni to‘plab, ularga til va uslub yog‘idan yo‘l ko‘rsatmoqdadir” deb yozadi13. Bu maqola fitratshunoslikda nihoyatda qimmatli ma’lumotlarga ega ekanligi bilan alohida qimmatga ega. Sababi bu maqola Fitratning zamondoshi tomonidan berilgangani bilan xarakterlanadi. Mustaqillik yillarda adabiyotimiz tarixini, shu jumladan jadid adabiyoti vakillari ijodini o‘rganishga katta e’tibor qaratildi va bu borada katta ishlar qilindi. Istiqlolning dastlabki yillarida jadid adabiyoti namoyondalari ijodiga, jumladan Fitrat ijodiga ham bir yoqlama qarash kuzatiladi. Ammo Abdurahmon Sa’diy maqolasida Fitratning ijodiga, uning adabiy muhitga ta’siri zamondosh sifatida baholanadi. Maqola Fitrat ijodini qoralashga qaratilgan bo‘lsada, uning tili haqidagi fikrlari nihoyatda o‘rinli aytilgan. Fitrat o‘z she’rlari bilan nafaqat o‘sha davrda an’anaga aylangan she’riy tizimni yangiladi, balki she’rda arab va fors so‘zlarni qo‘llashdan ham voz kechdi. Zamondosh munaqqidning unga yosh shoirlarning ergashishi, uning uslubini yoqlashi Fitratning she’riyatimizdagi o‘rniga berilgan baho desak bo‘ladi.
Shoirning “Go‘zalim, bevafo gulistonim” she’ri bir qarashda yorga murojaat tarzida qabul qilinadi. Ammo hali hech bir shoir yorni gulistonga qiyos qilmaganini e’tiborga oladigan bo‘lsak, bu yerda guliston yurt, uning bevafo ekanligi esa guliston bo‘lmay, qo‘ldan ketgani bilan izohlash mumkin.
Meni behuda tashlading- ketding,
Nega o‘ldirmadingda tark etding.
Ha, guliston o‘lka shoirni behuda, hali esini tanib ulgurmay tark etgan, bu guliston uni tark etganidan ko‘ra, o‘lgani afzal edi. Ammo guliston, ya’ni ozod-obod guliston uni tashlagan-ketgan. She’r yozilgan vaqtda Vatan, erk, ozodlik haqida yozib bo‘lmas, nafaqat yozib, hatto o‘ylab ham bo‘lmas edi. Ko‘pgina jadidlar qatori Fitrat ham buning o‘ziga xos yo‘llarini topgan. Badiiy adabiyotda bu ramziy obrazlashtirish deb nomlanadi.
She’rning yana bir misrasida:
Kel oyog‘ingga qon bo‘lib to‘kilay,
Bir nafas dard-hajrdan qutilay.
Deya xitob qiladi. Lirik qahramon nega qon bo‘lib to‘kilishi kerak. Chunki yana bir jadid Behbudiy aytganidek “Haq olinur, berilmas”. Shunday ekan bir nafas dard-istibdod, qullik dardidan qutilish uchun shoir qonini to‘kishga ham tayyor. Fitrat istiqlol haqidagi orzu-o‘ylarini ana shunday yo‘llar bilan bo‘lsada bayon qilgan. O‘sha vaqtlarda bundan boshqa yo‘l topa olmagan ham. Bu kabi satrlarni shoirning ko‘pgina she’rlarida uchratish mumkin.
Fitrat iste’dodli shoir edi. U ijodini she’r yozish bilan boshlagan. Uning she’rlari Vatan haqida edi. Shoir Vatanining boshiga tushgan musibatlarni sezib, ko‘rib, bilib turardi. Unga birgina da’vo millatdoshlarini g‘aflat uyqusidan uyg‘otish, ma’anaviyat chirog‘larini yoqish ekanini yaxshi anglardi. Bu yo‘lda adabiyotning, so‘zning, ayniqsa she’rning roli katta ekanini yaxshi anglagan shoir qo‘lidan kelgan hamma ishni qildi, ijod qildi, she’r yozdi. Siyosiy ta’qiblar, turli senzuralar, tahdidlar ham uni bu yo‘ldan qaytara olmadi. Shoir o‘z she’rlarida “Vatan dardi nihoyasizligidan, jarohatlari halokatli ekanidan dod soldi. Unga mehr-u muhabbatini hayqirib aytdi. U bilan faxrlandi, iftixor etdi. Uni har narsadan muqaddas tutdi. Uni “Qiblagoh”, “Sajdagoh” bildi, “izzi sharafi” atadi14.
Fitrat nafaqat o‘z ijodi bilan she’riyatimiz rivojiga hissa qo‘shdi, balki adabiyotshunos va shoir sifatida she’r ilmini ham chuqur tahlil qildiki. Bu qarashlar unga zamondosh va unga izdosh bo‘lgan shoirlarga uzoq vaqt dasturulamal bo‘lib xizmat qildi. Fitrat iste’dodli shoir bo‘lish bilan birga she’riyat nazariyasining nuktabin tadqiqotchisi ham edi. U 1919-yilda “She’r va shoirliq” maqolasini yozadi. Bu maqola yozilgan paytda hali chuqur nazariy umumlashmalar chiqarilgan ilmiy asarlar yaratilmagan, yangi tizim maktablari uchun qo‘llanma xarakteridagi sodda darslik, qo‘llanmalar yaratilayotgan edi.
Bu maqolada she’rga ta’rif berar ekan, oldin she’rga berilgan boshqa ta’riflarni “taftish” qilib, she’rga vazn, qofiya, badiiy san’atlar singari shakliy elementlar orqali berilgan ta’riflarni tanqid qiladi. Fitrat o‘z-o‘ziga she’r nadur? – degan savolni qo‘yadi va javob beradi: “she’rda kishilarning qonini qaynatg‘uvchi, singirlarini o‘ynatg‘uchi, miyasini titratguchi, sezgusini qo‘zg‘atguchi bir kuch, ma’naviy bir kuch bor. Shunday bir kuchi bo‘lmagan so‘z “vazn” va “qofiya”si bo‘lsun, she’r bo‘la olmaydur”. Ko‘rinadiki, Fitrat she’rda shaklni emas, ma’no-mazmunni, pafosni, fikrni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Vazn va qofiya esa mana shu ulkan mazmunning, mana shu shoirona o‘tning tashqi libosiginadir, xolos.
She’rdan maqsad “vaznu qofiya kabi she’riy birliklar emas, balki she’r qalbidagi haqiqatning she’rxon qalbiga ko‘chishidir”.
Demak, yurakdagi har qanday hissiyot ham she’r deb tashqariga otilavermasligi kerak ekan. Shoir ushbu ko‘chirish jarayonida “musavvirona ko‘rish, mutribona uqish, orifona idrok etish” qobiliyatlarini o‘zida mujassam qilishi lozimligi bilinadi. Xuddi shu ma’noda Fitrat bizga bir necha marta uqtirgan “she’r qalbdagi ma’naviy kuch” chuqur his etilgan, san’atkorona ishlatilgan so‘zlar vositasidagina, chin yo‘llar bilan ifodalangandagina she’rga aylanishi mumkin, degan ta’rif kelib chiqadi.
She’r haqidagi haqiqatni anglab yetgandan keyingina Fitrat uning ifoda usullari – shakl, vazn, qofiya kabi istilohlarni tushuntirishga kirishadi: “She’r ikki turlidir: manzum she’rlar, mansur she’rlar. Tizim so‘zlar bilan she’r so‘ylamak mumkin bo‘lgani kabi, sochim so‘zlar bilan ham she’r so‘ylamak mumkin bo‘lar. Sochim she’rlar (mansur she’rlar) uchun “vazn va qofiya”ning tegishliligi bo‘lmasa ham so‘zlarning hunarlicha (san’atkorona) bo‘lishi tegishlidir (ya’ni daxldordir)”.
Fitrat o‘z maqolasida mansur she’rlarga alohida e’tibor beradi. Fitratning mana shunday izohiga asoslanib, professor Hamidulla Boltaboyev shu jumlada Fitrat “vaznsiz bir she’r deb mansur she’rlarni nazarda tutadi. Fitrat talqinidagi “vaznsiz she’r” iborasi bizning quloqlarimizga “erkin”, “sarbast”, “verlibr” kabi atamalar orqali o‘rnashib qolgan she’riy nutqning ayni o‘zidir15. – deb yozadilar.
Bu yerda aytib o‘tish lozimki, adabiyotshunoslikda sarbast (erkin she’r, verlibr) va mansur she’rlar bir-biridan farqlanadi. Ma’lumki, nasr va nazm badiiy nutqning ikki ko‘rinishi, shaklidir. Nazmning bosh belgisi, rus adabiyotshunosi Y.N.Tinyanov ko‘rsatib berganidek, misralarga ajralishidir. Sarbast – bu nazm namunasi. Sarbastda misralardagi hijolar soni noteng bo‘ladi, shuning uchun sarbast she’rni o‘qiganda nasrday idrok etiladi. Ammo bunday notekis ritm uni sochma deyishga asos bo‘lolmaydi. Mansur she’r esa nasriy nutq ko‘rinishidir. Mansur she’r misralarga bo‘linmaydi, u sochma shaklda yoziladi. Mana shunga ko‘ra aytish mumkinki, Fitrat “vaznsiz bir she’r” deganda aynan sochma nutq shaklidagi lirikani nazarda tutgan, aslo sarbast she’rni emas. Chunki sarbast – o‘z vazniga ega.
Fitrat bu maqolasida turk she’riyatidagi arab-fors she’riyatidan yuqtirilgan taqlidgo‘ylikka qarshi chiqadi. “Biz musulmonliqdan so‘ng adabiyot yo‘llarinda iyaruvchilikdan sira qutila olmag‘animiz, adabiyot yo‘llarinda eng katta hunarimiz ko‘prak eronlilarga, undan keyin arablarga iyarmak bo‘lgan”, - deb yozadi adabiyotshunos katta taassuf bilan.
Fitrat birgina “She’r va shoirliq” nomli ixcham maqolasi orqali she’r nazariyasini ham uning amaliy jihatlarini yaxshi biluvchi nuktadon olim ekani ko‘rinadi. Ayni paytda Fitrat o‘zi nazariy jihatdan asoslab bergan holatlarni o‘z lirik ijodida muvaffaqiyat bilan qo‘llay oldi.
Bu tadqiqot aruzdan endi barmoq she’r tizimiga o‘tilgan bir vaqtda juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi va Fitratning o‘zbek she’riyati rivojiga adabiyotshunos sifatida qo‘shgan hissasi ham beqiyos ekanligining isbotidir.
Fitratning turk tili va adabiyoti ravnaqidagi xizmatini Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on, Edvard Ollvort, Boymirza Hayit, Mehmed Saray, Yusuf Avji kabi xorijlik olimlar ham o‘z ilmiy ishlarida xolisona ko‘rsatib o‘tganlar. Bu manbalarda Fitrat dramaturg va olim, nosir va publitsist sifatida tilga olinishi barobarida, unga doim “shoir” sifatlashi qo‘shib aytilganki, bu shunchaki shaxsiy munosabatning belgisi bo‘lmay, uning ijodidagi shoirlik iste’dodiga alohida hurmat nazari bilan qaraganliklarining alomati hamdir.
Fitratning zamonaviy o‘zbek she’riyatidagi beqiyos xizmatlaridan biri birinchilardan bo‘lib barmoqda ijod qilgani bo‘lsa, yana biri tilning sofligiga diqqat qaratgani bo‘ldi. Fitrat she’riyati an’anaviy obrazlar bilan birga yangicha usulga egali bilan ham farq qiladi. Ammo she’rlarining katta qismi fors tilida yaratilgani bu she’rlarlarning asl jozibasiga biroz ta’sir ham qilganini aytib o‘tish joiz.


Yüklə 492,57 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə