O‘zbekiston milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti


Ikkinchi bob bo‘yicha xulosalar



Yüklə 492,57 Kb.
səhifə7/11
tarix22.03.2024
ölçüsü492,57 Kb.
#182961
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
himoya yangisi

Ikkinchi bob bo‘yicha xulosalar
1. Fitrat ijodi va she’riyati unga zamondosh munaqqidlar tomonidan ham yuksak baholangan. Buning sifati o’laroq 1922-yilda chop etilgan “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamiga uning ijod namunalarining kiritilishi ham isbotlaydi.
2. O‘zbek yosh shoirlari to‘plamiga kirgan Fitratning she’rlarida mansura ikkita, erkin sher’iy tizim beshta va barmoqdagisi yettita ekanligi aniqlandi.
3. Fitrat she’rlarida an’anaviy tashbehlar, sifatlashlar qo‘llash bilan birga hech kimda uchramaydiga qiyoslar ham qo‘llagan. Uning ijodi va uslubiga zamondosh shoirlari ergashgan.
4. Fitrat bu maqolasida turk she’riyatidagi arab-fors she’riyatidan yuqtirilgan taqlidgo‘ylikka qarshi chiqadi. “Biz musulmonliqdan so‘ng adabiyot yo‘llarinda iyaruvchilikdan sira qutila olmag‘animiz, adabiyot yo‘llarinda eng katta hunarimiz ko‘prak eronlilarga, undan keyin arablarga iyarmak bo‘lgan”, - deb yozadi adabiyotshunos katta taassuf bilan. Vazn va qofiyaga, shaklbozlikka intilishni ham mana shu taqlidning afsusli natijasi deb biladi u. Ammo bu afsusni aslo boshqa millatlarni kamsitish, bo‘lak adabiyotlarni yerga urish deb tushunmaslik kerak. Chunki Fitrat har bir milliy adabiyot shu elning ruhiga, shu tilning xususiyatiga mos bo‘lishi tarafdori. Jumladan, u fors tiliga, undagi musiqiylikka katta baho beradi.


III bob. FITRAT SHE’RIYATIDA OBRAZLAR POETIKASI
3.1. Poetik obraz tushunchasi va uning Fitrat ijodidagi talqinlari
Bu o‘rinda poetik obraz istilohiga qisqacha ta’rif berish zarurati tug‘iladi. Obrazning eng ibtidoiy izohi shunday: obraz san’at va adabiyotni harakatga keltiruvchi asosiy tushunchalardan biridir, u asarda tasvirlangan narsa yoki, qiyoslash, o‘xshatish, bo‘rttirish kabi badiiy vositalar yordamida yaratiladigan shaxs bo‘lishi mumkin. Obraz go‘zallik qonuniyatlari asosida, ma’lum g‘oyaviy butunlikka ega bo‘lgan uslub hodisasidir. Hissiy idrokka ta’sir ko‘rsatishi bilan ayni vaqtda estetik hodisa sanaladi. Obrazni ijodkorning hayotiy kuzatishlari, tushunchalari va ijodiy yondashuvi, ya’ni reallik va xayolot kuchi shakllantiradi. U san’at va adabiyotdagi yagona obraz – insonning aniq va umumlashgan tasviri bo‘lib keladi. Faqat u bevosita ( insoniy qiyofada) yoki bilvosita (ramziy, majoziy yo‘lda turli jonivorlar, qushlar, narsa-buyumlar, ranglar, holatlar orqali) tasvirlanishi mumkin. Boshqacha aytganda, obyekt insoniylashadi yoki hissiyot obyektivlashadi. Demak, obraz voqelikni individuallashtirish, tipiklashtirish orqali, badiiy to‘qima, ma’nodorlik, tasvir va tizim uyg‘unligida hosil bo‘ladi. XIX asrga kelib dunyo she’riyatida “tuyg‘u she’riyati” va “tafakkur she’riyati” to‘qnash keldi va bu narsa obrazlar poetikasiga doir an’anaviy qarashlarni o‘zgar-tirib yubordi. XX asr “tafakkur she’riyati” ustuvorlikka erishgan davr bo‘ldi. Bu jarayon o‘zbek she’riyatida ham kuzatildi. Endi she’riyat tasviriy-tavsifiy qatorlarni tizishdan voz kechdi, fikr va g‘oyaga to‘yingan poetik timsollar tilida kuylay boshladi.
An’anaviy tasviriylik vazn va shaklda ham an’anaviylikni talab qilar edi. Poetik timsol bo‘lsa vaznga, ritmga, qofiyaga bog‘lab qo‘yilgan hodisa emas, har qanday vaznda, hatto hech bir vaznga sig‘maydigan poetik janrlar ichida ham bu timsollarni yaratish mumkin edi. Mukammal vazn va qofiya tizimiga ega bo‘lsa-yu, poetik obraz yaratilmagan bo‘lsa, bu she’r hech bir qiymatga ega emasligi ma’lum. Shu tariqa necha asrlardan beri foydalanib kelinayotgan poetik obrazlar sof lirik sathga o‘tdi va o‘zbek she’riyatida bayon adabiyoti o‘z nihoyasiga yetdi. Ustunlikka ega timsollar tizimi egalladi. Biz o‘rganayotgan davr she’riyati “qush tili”da yaratilganini e’tiborga olsak, obrazlar o‘z-o‘zidan ramziy-ishoraviy mazmunda boyib bordi.
Poetik obraz - sirli, oxirigacha yaratib bo‘linmagan element. Bizda mumtoz adabiyot va folklordan meros an’anaviy obrazlar tizimi mavjud, ammo uni har bir avlod qayta yaratadi, obrazlarga bo‘lgan munosabatiga ko‘ra o‘z avlodi yo‘li va uslubini belgilaydi. An’anaviy poetik obraz yoki mifopoetik obraz o‘zining birlamchi semantik qobig‘iga ega bo‘lishi mumkin, ammo u asar ichidagina tiriladi. Matndan tashqaridagi bulbul oshiq, ammo u hali tirik obraz emas. Qor, cholg‘u kabi hali obraz darajasida yetilmagan poetik unsurlar bo‘lsa, matndan tashqarida qor va cholg‘udan boshqa narsa emas. Demak, badiiy obraz - individuallashtirilgan umumlashma, ratsional va emotsional birlik, metaforiklik, assotsiativlik, ko‘p ma’nolilik (tugallanmaganlik) xususiyatlariga ega butunlik, lirik kechinmaning she’rdagi ifodasi.32 Obrazlar poetikasi juda keng tushuncha bo‘lib, V.Jirmunskiy, A.Veselovskiy, D.Tamarchenko, G.Pospelov, V.Tyupa, V.Xalizev, A.I.Nikolayev tadqiqotlarida atroflicha tahlil qilingan, tasniflangan. Qamrov ko‘lami keng tasniflardan biri M.Epshteynga tegishli bo‘lib, olim poetik obrazlarni guruhlashning 3 yo‘lini taklif qiladi:
1) predmetlilik darajasiga ko‘ra;
2) umumlashtirish darajasiga ko‘ra;
3) strukturasiga ko‘ra tasniflash.33
Bular ichida semantik umumiylik bo‘yicha tasniflash ma’lum ma’noda o‘zini oqlaydi. Xususan, muayyan turg‘un shaklga kelgan, asardan asarga ko‘chib yuruvchi motiv, topos, arxetip deb yuritiluvchi ko‘rinishlari o‘zbek she’riyatidagi poetik obrazlarni tasniflashda qisman qo‘l kelishi mumkin. Bu tushunchalarga o‘zbek adabiyotiga tatbiqan quyidagicha izoh berilgan: “Motiv (motiv-obraz) shakliy va mazmuniy jihatlardan muayyan turg‘unlik kasb etgan, bir yoki bir necha ijodkorning asarlarida qaytarilib turishi bilan ularning ijodiy intilishlarini namoyon etuvchi obrazdir. Masalan, Cho‘lpon ijodi uchun “yo‘l” obrazi motiv sanalishi mumkin. Chunki bu obraz uning ham she’riy, ham nasriy asarlarida tez-tez takrorlanadi. Yoki “yulduz”, “yo'lchi” motivlari XX asr 20 - 30-yillari she’riyatida, xususan, Fitrat, Cho‘lpon, Oybek va U.Nosir asarlarida ko‘p uchraydi. Topos motivga nisbatan kengroq tushuncha bo‘lib, u milliy madaniyatda katta bir adabiy davr mobaynida takrorlanuvchi obraz sanaladi. O‘zbek mumtoz she’riyatidagi payg‘ambarlar obrazlari, gul va bulbul, sham va parvona kabi takrorlanuvchi obrazlar topos sanalishi mumkin. Arxetip deganda esa inson tafakkuri, ijodiy tasavvuriga xos bo‘lgan turg‘un sxemalar, konstruktsiyalar, qoliplar tushunilib, ularning izlarini eng qadimgi davrlardan boshlab to hozirgi adabiyotgacha ko‘rish mumkin. Arxetip konstruktsiya va sxemalardan o‘ziga xos “syujet va syujet holatlari” jamg‘armasi hosil bo‘ladi va ular asardan asarga, davrdan davrga ko‘chib yuradi. Masalan, “bulbul-gul-chaqirtikanak”. Bizda obrazlar tasnifiga butunlay boshqacha yondashish zarur bo‘ladi. Chunki bizda an’anaviylikka asoslangan, ham poetik, ham tasavvufiy mazmunga ega bo‘lgan mukammal, bir butun tizim mavjud. Agar shu kunga qadar mumtoz adabiyot poetik obrazlar lug‘ati yaratilganda edi, yangi davr o‘zbek she’riyatida obrazlar qanday yangilangani va bugungi o‘zbek she’riyati uchun qanday zamin hozirlanganini kuzatish ancha oson kechar, qonuniyatlarni aniqlash ham tizimli hal qilinar edi. Jadid she’riyatida ham olamni poetik idrok etish “ilmi bade'” ruhida edi. Bu avlod o‘z she’riyatidagi o‘z markaziy obrazlarini tizimga solguncha, yangi poetik timsollarni yaratguncha to‘laligicha mumtoz adabiyot asosiga tayandi. Obrazlarga yondashuvdagi avlod munosabati avlod she’riyatini maydonga keltirdi. Bunda mavjud timsollar mohiyati yangilandi, semantik qamrovi kengaydi. Olima M.Tojiboeva fikricha, XIX asrning so‘ngida yashab ijod etgan shoirlarning ijodida poetik timsollar sof dunyoviy, ijtimoiy, milliy, ramziy asosga qurila boshladi. Oshiq, ma’shuqa, may, raqib, do‘st, shayton, qul, ko‘ngil, jon, qafas, ko‘z yosh kabi an’anaviy timsollar ham ijtimoiy, ham ruhoniy evrilishlar evaziga yangicha talqin etildi. Xayol, bulut, qor kabi yangi she’riyat timsollari paydo bo‘ldi. Shu tariqa an’anaviy va yangi o‘zbek she’riyatigagina xos poetik obrazlar tizimi shakllandi. Ularni ichdan timsollar va siymolar tarzida tasniflash mumkin. Avval mumtoz adabiyotdagi an’anaviy obrazlarga vorislik masalasini tekshiraylik. Undan so‘ng yangi o‘zbek she’riyatigagina xos markaziy poetik obrazlar tizimi tahliliga o‘tamiz. Taraqqiyparvarlik she’riyati obrazlar tizimini o‘rganar ekanmiz, bunda Fitrat she’rlari tahlilida yor ilm-ma’rifat, xalq, ag‘yor jaholat, zulm, istibdod ma’nolarida kelishini aytib o‘tish kerak bo‘ladi.
Biroq bu kun, ezilarkim, bu o‘lka
Har tomondan talanmishdir yo‘lsizcha,
Madaniyat degan g‘arbli olbosti,
Boqing, buning ko‘kragidan o‘q bosdi.
Fitrat “Sharq” she’rida o‘lkaning yaxlit, umumlashma obrazini chizadi. Shoir uni dunyoning eng go‘zal bog‘chasi deb tasvirlaydi. Uni go‘zallikda hech bir joy bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Jannatlar uning atrofida. Gullari esa jon suvidan unib chiqqan. Ko‘m-ko‘k holda saf tortgan yog‘ochlar mumtozlik haqqi uchun tangriga topinushga ko‘kka intiladilar. Har tomonini ko‘rkam va haybatli tog‘lar emas, haq yo‘lida kurashga otlangan alp askarlardir. Biror yovvoyi hayvon yirtqich tishini, tirnog‘ini suqmasin deb, uni tangrining o‘zi yorlaqab, tegrasida aylangan suv, muz, tog‘ qo‘rg‘oni himoya qiladi. Ammo, afsuslar bo‘lsinki, bu o‘lka har tomondan talangan, betimsol (yo‘lsizcha) talanganini tasvirlagan.
Fitrat o‘n yetti yoshidan boshlab avvaliga diniy, so‘ngra ijodiy va ilmiy ish bilan jiddiy shug‘ullangan. Bu o‘rinda shoir poetik dunyoqarashi shakllanishida diniy bilimlar va mumtoz adabiyot qonuniyatlari asos bo‘lganiga urg‘u bermoqchimiz. G‘oyaviy jihatdan uning ijodida Turkiston jadidlari, Buxoro jadidlari va Turkiya jadidchiligi ta’sirlari kuzatiladi. Uning she’riy asarlari “Hur-riyat”, “Buxoroi sharif”, “Inqilob”, “Oyina” va boshqa vaqtli matbuot sahifalarida, ayrim bayozlarda nashr bo‘lgan. Alohida tor timsollarning aynan takrori bo‘lib qolmay, balki zamon talablari asosida yangilanganligi, an’anaviy timsollar esa mohiyatan mumtoz xususiyatlarni saqlab qolgan bo‘lsa-da, ularni ichdan yangilashga, yangicha ma’no qatlamlarini ochishga bo‘lgan harakatlarni kuzatdik. Natijada an’anaviy timsollar jadid she’riyatida ijtimoiy mazmunni ifodalashga safarbar etilganini qayd etish mumkin. Aytish mumkinki, jadid she’riyatida mumtoz adabiyotdagi an’anaviy timsollarning ulushi ancha katta. Bu adabiy harakatning boshida, shubhasiz, Fitrat turadi. Yangi o‘zbek she’riyati timsollar tizimi Fitrat yaratgan poetik olam ostonasidan boshlanadi.
Tuyg‘u, ruhiy kechinma bilan poetik fikr uyg‘unligi lirik obraz yaratishning asosiy sharti sanaladi. Poetik obraz so‘zning turli ma’no tovlanishlari tufayli shakllanadi. Shoirning har bir yaratgan asarida teran mushohada, falsafiy ruh aks etmas ekan, u she’rxon yuragidan joy egallamaydi. Shoir yaratayotgan obraz, qo‘llayotgan mubolag‘a, tashbehlarini o‘quvchi ongiga, qalbiga oddiylikdan murakkablikkacha, murakkablikdan oddiylikkacha bo‘lgan masofani osonlik bilan anglatsa, go‘zal ifodalasagina, she’rning umri uzoq bo‘ladi. Ijodkor har bir so‘zni mahorat bilan qo‘llab, so‘zning ma’no qirralarini qanchalik mohirona ochsa, so‘z shunchalik teran anglashiladi. Satrlarda dard aks etayotgan bo‘lsa-da, uning jozibasi shu dard kabi abadiy tuyuladi va qalblarga shu qadar yaqin keladiki, yuraklarga singgib, shu darddan zavq olish hissini uyg‘otadi.
Go‘zallik soddalikdadir, deyilsa ham, aslida shu soddalik ortida bizga – qalb ko‘zimizga ozuqa bo‘la oladigan chin mo‘jiza yashiringandir. Adabiyotshunoslikda ilmiy tadqiqot, izlanishlar olib borishning eng maqbul usuli adabiy asarlarni mustaqil tahlil qilish va sharhlashdir. She’riyatning ma’no o‘lchovini o‘rganar ekanmiz, obraz, metafora, ramz alohida ta’kidlanishi kerak bo‘lgan unsurlardandir. Obraz, metafora, ramzning tartibi shuni ko‘rsatadiki, she’riyat nazariyasi nuqtai nazaridan muhim hisoblangan ikkita xususiyat birlashadi. Ulardan biri hissiyotlar, estetik elementlar, she’riyatning san’atning boshqa sohalari, jumladan, musiqa va rassomchilik bilan bog‘liq xususiyatlari yoki hissiyotlarning kombinatsiyasi. She’riyat so‘zlarni mutlaqo yangi usullar bilan birlashtirib, ularni predmet va belgi sifatida qo‘llaydi Darhaqiqat, har qanday obraz dunyoning ba’zi bir jihatlarida bizning ongimizda aks etishi va ular o‘rtasidagi aloqalarning o‘rnatilishi, namoyon bo‘lishidir. Boshqacha aytganda, tashqi dunyodan nimani anglayotganiga, uning faolligiga e’tiborni jamlashdir.
Obraz so‘zlar orqali amalga oshiriladigan hodisa sanaladi. Chunki olamdagi jamiki mavjudotlar va tushunchalarni ajratish hamda ularga nom berish so‘zlar bilan amalga oshiriladi. Xuddi shu narsa she’riyat uchun ham amal qiladi. She’riy tafakkurda esa so‘zlarning vazifasi o‘zgaradi. She’riyatdagi so‘zlarning eng muhim vazifasi yangi obrazlar yaratish, hissiyot va fikrlarni mavhumlashtirish orqali tafakkurni charxlashdir. Aniqrog‘i, koinotda mavjud bo‘lgan mavjudot va narsalarga shoirning hissiy va fikrlash muhitida shakllangan yangi o‘lchovlar berish va obrazlar yaratishdir. Chunki tasvir — hislar, taassurotlar va kechinmalarni ongdagi tasvirlarga aylantirish va sezgi assotsiatsiyaga asoslangan boylik bilan reallikka mos kelishdir.
Ustoz Abdulla Qahhor “Poeziya — yuksak san’at” maqolasida yozganidek, “She’rning mo‘jizalik sirlaridan voqif bo‘lish, bu sirlarni jilovlash har kimga ham muyassar bo‘lavermaydi. Bunga erishish uchun zehn, sabr va mehnatdan boshqa yana nimadir kerak”34. O‘sha “kerak nimadir”, nazarimizda, ilohiy ne’mat — badiiy kashf etish salohiyatidir. Har qanday adabiy tur singari, she’riyatni tahlil qilish va o‘rganish obyekti ham inson obrazidir.
Badiiylik – obrazlilik – ko‘chma ma’no uchligi badiiy tasvirning asosi sifatida qaraladi. Bizningcha, “ifoda”, “tasvir” va “ko‘chim” istilohlari anglatgan maʼnolar o‘rtasida nozik ayirmalar bor. Chunonchi, ifodalanish ko‘proq, hissiy tushunchalarga xos bo‘lib, tasvirlash, ko‘rsatish, namoyon etish bilan bog‘liq, bo‘lgani uchun konkret narsalarnigina tasvirlash mumkin. Masalan, iztirobni ifodalash, daraxtni esa tasvirlash mumkin. Demak, ifoda tasvirdan ko‘ra kengroq imkoniyatga ega, yaʼni tasvirlash mumkin bo‘lgan har qanday narsani ifodalash mumkin, ammo ifodalash mumkin bo‘lgan har qanday narsani tasvirlab bo‘lmaydi. Ammo badiiy ijodning siri ham shundaki, u tasvir imkoniyatlari tugagan joyda kuchini ishga solib, chegarani kengaytiradi, tasvirlash mumkin bo‘lmagan narsaning “suratini chizadi”, ifodani tasvirga tenglashtiradi. Xuddi ana shu nuqtada badiiy sanʼatlar deb atalgan tasvir vositalari tug‘iladi.
Sharq mumtoz poetikasida badiiy mahorat masalasi asosan poeziya misolida tekshirilgan. Bu, bizningcha, o‘sha davrda hozir biz anglandigan maʼnodagi to‘laqonli proza va dramaturgiya bo‘lmaganligi, sheʼriy shaklning hukmronligi bilan bog‘liq. Qizig‘i shundaki, zamonaviy adabiyotshunoslikning badiiy asar tahlili tamoyillari mumtoz poetikadan ancha farq qilsa-da, badiiy tasvir vositalarini sheʼriyat misolida tekshirish anʼanasi shakllangan.
Muayyan prozaik va dramatik asarlar, biror nosir yoxud dramaturg ijodi haqida gap ketganda tasviriylikni yuzaga keltiruvchi ayrim komponentlar haqida gapirib o‘tiladi, ammo badiiylik-tasviriylikning nazariy masalalari yoritilgan mavjud adabiyotlarning deyarli barchasida sheʼriy misollar tahlilga tortilgan35. Jahon kitobxonligi tajribasi shuni ko‘rsatadiki, asar g‘oyaviy jihatdan har qancha yuksak, xarakterlar har qancha mukammal bo‘lmasin, tili go‘zal bo‘lmagan, voqeani kitobxon ko‘z o‘ngida kino lentasidagiday gavdalantirib berolmaydigan asar sevib o‘qilmaydi. Hatto og‘zaki so‘zlashuv jarayonida ham biror voqeani mubolag‘a, o‘xshatish, sifatlash kabi vositalar bilan, turli xatti-harakatlar, kuchli emotsiya bilan aytish tinglovchilarni mahliyo qilib qo‘yishi, diqqatni tortishini har bir oddiy odam o‘z tajribasidan biladi.
Poetik obrazlar bilan bog‘liq yana bir jihat borki, bu haqda ham alohida to‘xtalib o‘tish kerak bo‘ladi. Mumtoz adabiyot to yangi davr o‘zbek she’riyati ostonalarigacha o‘z siymolarini payg‘ambarlar, tarixiy shaxslar ko‘rinishida yaratdi. Ularning ayrimlari yangi she’riyatga ham ko‘chib o‘tdi, buning misollarini avval ko‘rib o‘tdik. Endilikda yangi o‘zbek she’riyati ham o‘z siymolarini yaratdi, ularning ba’zilarini hatto achchiq istehzo bilan chizib berdi:
asl o‘g‘ullar - hurriyat kurashchilari, istiqlol erlari; Fitrat bir o‘zbek yigiti obrazini yaratar ekan, Cho‘lpon, Elbek uni kamolga yetkazdi. Cho‘lpon “Yupanmoq istagi” she’rida:
O‘ylangan o‘ylar-la ko‘ngil yupanmas,
Ko‘ngilning istagi o‘y bilan qonmas.
Aytarlar, bu tunda yorug‘ sham yonmas,
Chaqmasa gugurtni asl o‘g‘ullar… -
desa, “ Buzilgan o‘lkaga” she’rida ularni “tog‘ egasi - sor, burgutlar qayerda” deya yo‘qlaydi. “To‘fon” she’rida istiqlol erlari deya alqaydi; Elbek “O‘zbek yigitig‘a” she’rida yigitni seldek bosib kelgan istibdod talafotlarini ochiq ko‘z bilan, ravshanroq ko‘rish uchun tog‘ boshiga chiq deya undaydi.36


Yüklə 492,57 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə