O‘zbekiston milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti


BEHBUDIYNING SAG‘ANASIN IZLADIM



Yüklə 492,57 Kb.
səhifə6/11
tarix22.03.2024
ölçüsü492,57 Kb.
#182961
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
himoya yangisi

BEHBUDIYNING SAG‘ANASIN IZLADIM
Cho‘kmishdi yer uzra olam to‘sug‘i,
O‘ksuzlik boyqushi qanot qoqardi.
Botuvda qizarib turg‘an bulutdan
Ezilg‘an ko‘nglima motam yog‘ardi.
Haqsizliq shahrining qon hidli yeli
Armonim gulidan bir yaproq uzub,
Bahorsiz cho‘llarga sovurib qo‘ydi.
Ul nozli yaprog‘im so‘lib, sarg‘ayib,
Yo‘qsul qolg‘anlarday har yon yugurdi.
Zolimlar, mazlumlar, zulumlarning-da,
Qayg‘ular, alamlar, o‘lumlarning-da
Bariga uchradi, barchasin ko‘rdi,
O‘z yo‘qotqonin izladi, so‘rdi.
Bir darak topmag‘ach, birdan bir tikildi.
Bor kuchin to‘pladi.
Zolimning taxtini titratgan bir tovush
Qichqirdi:
-Otamning qabrini qay yerga yoshurding?!
Bot so‘yla!...
Kirli toj ko‘b qo‘rqdi botur tovshidan,
Seskanib, titrab... yoshrundi
Bir javob bermasdan.
Bu she’r shoirning yaqin safdoshi Behbudiyning vafoti va qabrining topilmagani munosabati bilan yozilgan. Bu she’r ham erkin she’r tizimida yozilgan. Bu she’rda keltirilgan “Haqsizlik yerining qon hidli yeli” jumlasi sovetlar davlatining bor bo‘y - bastini yaqqol va obrazli qilib ochib bera olgan. Bu kabi topilmalarni Fitrat she’rlarida yetarlicha qo‘llagan.
Fitratning “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamiga kirgan she’rlarining yettitasi barmoqda, 5 tasi erkin she’r tizimada, ikkitasi mansura shaklida yozilgan. Bu Fitrat she’riyatning barcha tizimlarida o‘z qalamini sinab ko‘rgani va muvaffaqiyatli ijod qilganidan dalolat beradi.

2.2. Fitrat lirikasining o‘ziga xos jihatlari
Fitrat she’riyatida ona Vatanining istibdod iskanjasida qolganidan kuyinish, uning ertangi kuni uchun qayg‘urish, iztirob ohanglari yetakchilik qiladi. Bu jihatdan Fitrat an’anaviy she’riyatni yangi mazmun bilan boyitganini ta’kidlash kerak. Fitratshunos olim Hamidulla Boltaboyevning yozishicha: “Fitrat she’riyati, ayniqsa, uning lirikasi (shoirning o‘z tilida aytganda, “rubobiy she’rlari”) nafis va buyuk Sharq she’riyatining bor go‘zalliklaridan to‘yingan, uni o‘ziga xos suratda ichdan yangilashga kamarbasta she’rlardan tarkib topganini sezmaslik mumkin emas”24.
Shoirning “Yurt qayg‘usi” sarlavhali turkum she’rlari to‘rt parcha bo‘lib, uchtasi mansuralar, bittasi qofiya va vazni joyida bo‘lgan rosmana she’r. Professor Begali Qosimovning yozishicha: “Bunday tajriba adabiyotimizda ilk bor Fitrat tomonidan amalga oshirilgani ma’lum. Masalan, u “Sadoyi Turkiston” gazetasining 1914-yil 18-iyul sonida bosilgan bir she’riga “She’ri mansur” (nasriy she’r) deb ot qo‘ygan edi. Ikkitasi Fevral, ikkitasi Oktyabrdan keyingi davrga to‘g‘ri keladi”25 . She’rlar ruknining sarlavhasidan ko‘rinib turganidek, yurt – Vatan qayg‘usiga bag‘ishlangan. Juda og‘ir va murakkab bir davr, inqiloblar zamoni edi. Chor hukumati quladi. Ayrim millatlar darhol istiqlol rejalarini ko‘ra boshladilar. Turkistonning taqdiri qanday bo‘ladi? Ayniqsa, so‘nggi asrlarda zalolatga botgan, dunyodan uzilib, fisqu-fasodga ko‘milgan, o‘z qiyofasini yo‘qota boshlab, o‘zga millat mustamlakasiga aylangan Turkistonning ahvoli og‘ir edi. Adibni qiynayotgan, iztirobga solgan dard shu – “Ulug‘ Turon”ning zabun holi edi.
Ey, ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi!
Senga ne bo‘ldi?
Holing qalaydir?
Nechuk kunlarga qolding! – deb boshlanar edi uning she’rlaridan biri. Shoir Vatanining “yuksak o‘rinlar”dan “qullik chuqurlari”ga tushish sabablarini so‘raydi. “Dunyoni “urho”lari bilan titratgan yo‘lbars yurakli bolalari”ni, “yer tuprog‘ini ko‘klarga uchiraturg‘on tog‘ gavdali o‘g‘lonlari”ni qo‘msaydi. Uning bu holi bilan kelisha olmaydi. Tomirlarida Temur qoni oqayotgan millatdoshlarini nomus va sha’n himoyasiga chorlaydi. Vatan va ona timsollari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekanligi ma’lum. Ona Vatan deyilishi bejiz emas. O‘zbek xalqi Vatan deganda onani, ona deganda Vatanni anglaydi. Bu tushunchalarning har birini muqaddas deb biladi. Fitratning “Bir o‘zbek yigitining tilidan” mansurasida Vatan bosh-oyog‘i yalang, tanasida adadsiz qamchi izlari, ko‘ksidagi yaralaridan qon tomayotgan holsiz, darmonsiz ayol sifatida ifodalangani sababi ham shunda. Bu timsol, bu xayol “o‘zbek yigiti”ni tushida ham, o‘ngida ham ta’qib qiladi. O‘zbek yigiti “g‘amli ona” – “muqaddas Turon” xayoli bilan muloqotga kirishadi. Undan ayrilmoqni o‘zi uchun o‘lim, uning uchun o‘lmoqni esa haqiqiy tiriklik hisoblaydi. Uni qutqarmoqqa ont ichadi26. She’rni shunday so‘zlar bilan yakunladi:
Ustimga insonlar emas, shaytonlar qo‘shuni kelsa,
Oyog‘imga zanjirlar emas, jahannam ilonlari sorilsa, yana sen sari ketarman.
Dunyoning butun balolari boshimga to‘kulsa,
Zulm tig‘ining temir tikonlari ko‘zlarimga kirsa, yana seni qutqararman.
Men sening uchun tirildim,
Sening uchun yasharman,
Sening uchun o‘lurman, ey turklikning muqaddas o‘chog‘i!
O‘lim, sening o‘limingni istaganlarga!
Nafrat, seni ko‘mgani kelganlarga!
Vatanga muhabbat tuyg‘usi, uning taqdiriga mas’ullik hissi, da’vatkor ruh, hayqiriq ohangi shu tarzda asarning boshidan oxirigacha o‘tgan edi. Shoir insonlar emas, shayton qo‘shinlar ustiga kelishidan ham cho‘chimaydi. Oyog‘iga zanjirlar emas, jahannam ilonlari sorilishi ham uni zarracha xavotirga solmaydi. Bu ham mayli, hatto dunyoning barcha balolari boshiga to‘kilishi ham uni qo‘rqita olmaydi. Ko‘zlariga zulm tig‘ining temir tikanlari kirishi ham uni o‘z oldiga qo‘yilgan ulug‘ maqsaddan qaytara olmaydi. Vatanni istibdod changalidan qutqarish uchun u har qanday qiynchilikka tayyor. Bu she’r zamirida Vatan muhabbati turishi bilan birga mustabid Rossiya timsoli ham anglashiladi. Uning adolatsiz siyosati, haqsizligi bois bu muqaddas makon ana shunday ayanchli ahvolga tushgani ta’sirchan lavhalar orqali tasvirlanadi. Yurtni mo‘g‘ullar bosqinidan qutqarib qolgan Sohibqiron Amir Temur – ozodlik timsoli. “Temur oldida” she’rida sag‘anasi poyida turib “ezilgan tani”, “qisilgan vijdoni”, “kuygan qoni”, “o‘rtangan joni” uchun davo izlaydi, “Arslonlar arsloni”dan fotiha tilaydi. “Turonning eski sharaf va ulug‘ligini qaytarmoq”qa ont ichadi.
Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir?!
Nomusmi vijdon bila iymonmi kerakdir?!
Temur bila Chingiz qoni toshdi tomrimizdin,
Aytgil, seni qutqarmoq uchun qonmi kerakdir?!
Yov suqg‘ali kelgach qilichini yuragingga,
Tush oldiga, ol ko‘ksumi – qalqonmi kerakdir?!
Boq, boq, mana turk tengizi toshqun qila qoldi,
Turon yovini quvg‘ali to‘fonmu kerakdur?!
Turon, yigiting, barchaga boq, qalqdi oyoqg‘a,
Yurtda qorovul qo‘yg‘ali arslonmu kerakdir?!
Fitrat ta’biricha, tomirlarida Amir Temur singari yovqur bobolar qoni oqqan, ajdodlari dunyoga hukmini o‘tkazib kelgan millat hech qachon xor bo‘lmaydi. Turkiy millat dengizni toshqin qilishi, o‘g‘lonlari, zarur bo‘lsa, Turon yovini quvgali to‘fon maqomiga yetishi, ona yurtni qo‘riqlash uchun arslon bo‘la olishi buning isbotidir. Bu misralardagi pafos yurt farzandlari qalbida ozodlikka bo‘lgan intilish tuyg‘usini kuchaytirishga, ular ko‘nglida shijoat hosil qilishga xizmat qilgani ayon. “Yurt qayg‘usi” turkumidagi yana bir mansurasida shoir quyidagicha xitob qiladi:
“Ey ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi!
Senga ne bo‘ldi?
Holing qalaydir?
Nechuk kunlarga qolding?
Ey Chingizlarning, Temurlarning, O‘g‘uzlarning shonli beshiklari!
Qani u chiqdig‘ing yuksak o‘rinlar?
Qullik chuqurlariga nedan tushding?
Dunyoni “urho”lari bilan titratkan yo‘lbars yurakli bolalaring qani?
Yer tuprog‘ini ko‘klarga uchuraturg‘an tog‘ gavdali o‘g‘lonlaring qani?
Nechun tovushlari chiqmaydur?...
Dunyo xalqini bo‘ysundirgan saltanatlaring nechun buzildi?
Insonlik olamini qanotlari ostinda olgan xoqonlig‘ning nechun kuchi o‘ldi?
Kuchingmi ketdi?
Kimsasizmi qoldi?”
Shoir arslonlar o‘lkasi deya shuhrat topgan, hukmini jahonga o‘tkazgan buyuk sarkardalar Vatani bo‘lgan, dunyoni “urho”lari bilan titratgan yo‘lbars yurakli bolalar beshigi – Turonning istibdod iskanjasiga tushganidan iztirob chekadi, faryod qiladi. Ona yurtning tarixdagi sha’ni-shavkatini yodga olib, ana shu shuhratli o‘tmishdan ibratlanish zarurligini uqtiradi.“Mansura – nasrdagi she’r. Sharq nazmi qat’iy qoliplar, muayyan talab va mezonlarga asoslanadi. Shu bois shoir an’anaviy she’riy janrlarga sig‘magan fikrlarini mansuralar orqali taqdim etgan. “Yurt qayg‘usi (Temur oldinda)” deb nomlangan mansura ham ushbu fikrni tasdiqlaydi. Mansura yurt taqdiriga kuyingan, uning istiqboli, istiqloli orzusida yongan shoir qalbidan kechgan iztiroblar talqini bilan boshlanadi”.27
“Bag‘rim yoniq, yuzim qora, ko‘nglim siniq, bo‘ynim bukuk.
Sening ziyoratingga keldim, sultonim!
Ezilgan boshim, qisilgan vijdonim, kuygan qonim, o‘rtangan jonim uchun bu sag‘anangdan davo izlab keldim, xoqonim!
Yuz yillardan beri jafo ko‘rub, g‘am chekib kelgan turkning qonli ko‘z yoshlarin etaklaringga to‘karga keldim.
Qorong‘uliklar ichra yog‘dusiz qolgan o‘zbek ko‘zlari uchun tuprog‘ingdan surma olg‘ali keldim.
Nomusini bad kishilar oyoqlari ostida ko‘rub, turklik qoni qaynag‘ay, musulmonlik hamiyati toshg‘ay, tamug‘ olovlari kabi sachrag‘ay.
Lekin o‘z kuchsizlig‘in anglab, qaytib o‘tirgan va qon yig‘lagan turkning holini aytarga keldim, xoqonim!”
Fitrat ana shu tarzda ulug‘ Sohibqiron maqbarasi huzurida ko‘ngil
dardini, millatning iztirobu hasratini izhor etadi. Bundan murod, albatta, ona zaminni istibdod iskanjasidan qutqarmoq, uni ozod ko‘rmoq orzusi edi. Zero, professor B.Qosimov ta’biri bilan aytganda, “Tarix shunchaki xabardor bo‘lib qo‘yish uchun o‘rganib qo‘yilmaydi. U oyna, ibrat, tarbiya vositasi bo‘lmog‘i kerak edi. “Oqqan daryo oqadi” deydilar. Qonda bor narsani tiklash oson. Lekin ularni oldin bilmoq kerak, keyin qanday tiklash masalasini o‘ylamoq lozim”28 Abdurauf Fitrat yurt qayg‘usi haqida yozar, Sohibqiron Amir Temur ruhiga yukinar ekan, millat bu ulug‘ siymoning shonli qismatidan ibratlanmog‘ini istadi. Sohibqiron huzuridagi iqrornomasi orqali millatga oyna tutmoqni, bu oynada unga malohatu qabohatini, yutuqlari-yu nuqsonlarini ko‘rsatmoqni orzu qildi. Yana o‘qiymiz: “Ulug‘ xoqonim! Turklik sharafi talandi. Turk uchun qo‘ydig‘ing davlat bitdi, turk ostig‘a qurdig‘ing xoqonlik yog‘iygami ketdi. Turkning nomusi, e’tibori, iymoni, vijdoni zolimlarning ayog‘lari ostinda qoldi. Turkning yurti, ulog‘i, o‘chog‘i, Turoni yot qo‘llarg‘a tushdi...
Sening qiliching bilan dunyo egasi bo‘lgan turk tinchgina bir yotoq topolmay qoldi. Sening kuching bilan dunyo xo‘jasi bo‘lgan turk qarluq temurlariga kirdi”. Bunday fikrlarni aytish Fitrat yashagan zamonda chinakam jasorat edi, boshni kundaga qo‘yish bilan barobar edi. Biroq bu hol buyuk millatparvar qalbiga qo‘rqinch sola olgan emas. U qalbida kechgan yurt taqdiri, millat istiqboli uchun kuyinish bilan bog‘liq jilovsiz g‘alayonlarni, tizginsiz shijoatni aslida qanday bo‘lsa shundayligicha izhor etadi. Bu tuyg‘ular ifodasidagi pafos o‘quvchi qalbida ham aks sado beradi. Uni mutolaa qiluvchi o‘zida beixtiyor Vatan va millat taqdiriga kuyinish, uning istiqboli uchun mas’uliyat hissi paydo bo‘lganini sezadi. Aslida, har qanday ijodkorning asar yozishdan muddaosi shu. Aks holda badiiy adabiyot o‘z vazifasini bajarmagan hisoblanadi. Millatning tarixi nechog‘lik shonli bo‘lganini idrok etgan farzandninggina qalbida shijoat tug‘iladi. Vatanning kechmishi naqadar ulug‘vor bo‘lganini his etgan avlodgina uni yana o‘sha ulug‘vor maqomda ko‘rmoq uchun bor quvvatini, butun imkoniyatini safarbar etadi. Buyuk Sohibqiron Amir Temur ziyorati Fitratda ana shunday tuyg‘ular paydo qiladi: “Ey arslonlar arsloni! Menim yozuqlarimdan o‘t, Meni qo‘limni tut, Belimni bog‘la, muqaddas fotihangni ber! Sening dunyoga sig‘magan g‘ayratingga ont ichamanki, Turonning eski sharaf va ulug‘ligini qaytarmasdan burun ayog‘laringga o‘tirmasman”. Shunday bir sharoitda yovqur bobolarimiz muxtoriyat e’lon qildilar. Muxtoriyat hali mustaqillik emas edi. Bu ulug‘ yo‘ldagi bir qo‘nib o‘tadigan manzil edi, xolos. Turkiston barcha xalqaro aloqalar ixtiyorini Rusiyaga topshirar, ichki idoralarnigina o‘zi olib borar edi. Mana shu nisbiy erk ham buyuk g‘alaba edi. Adibning mansuralaridan biri ushbu voqeaga bag‘ishlangan. “Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik, qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi, og‘zimiz qopandi29. Molimiz talandi, sharafimiz yemuruldi, nomusimiz g‘asb qilindi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi. To‘zimli turdik, sabr etdik, kuchga tayangan har buyruqg‘a bo‘yunsunduk, butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik. Yolg‘iz bir fikrni bermaduk, yoshunturduk, iymonlarimizga o‘rab saqladuk, bu – Turkiston muxtoriyati”! Mazkur turkumning yakuniy she’rida shoir ona yurtiga xitoban:
Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdur?
Nomusmi, vijdon bila iymonmi kerakdur?
Temur bila Chingiz qoni toshdi tomurumda,
Aytgil,
Seni qutqarmoq uchun qonmi kerakdur?
- deb murojaat qiladi. Fitrat iste’dodli shoir. U o‘z ijodini she’r bilan boshlagan edi. Ne’matilla Muhtaram yuqorida nomi zikr etilgan tazkirasida uning “Mijmar” (xushbo‘y ud yoqiladigan cho‘g‘don) taxallusi bilan she’rlar yozganini xabar qiladi. “Suxandonlarning harifi” (pahlavoni) deb ta’rif etadi. Ota kasbiga ishora qilib, “Sarrof” (zarshunos) ataydi. Ruhiy holatni g‘oyat nozik ifoda etgan tojikcha bir g‘azalini namuna qilib keltiradi. 1911-yilda Istanbulda chop etilgan “Sayha” (“Bong”) she’riy to‘plami Vatan haqida edi. Shoir uning dardi nihoyasizligidan, jarohatlari halokatli ekanligidan dod soldi. Unga mehru muhabbatini hayqirib aytdi. U bilan iftixor etdi. Uni har narsadan muqaddas tutdi.
1922-yilda bosilgan “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamidagi “Mirrix yulduziga” she’rida shoir yulduz bilan sirlashadi. Yerdagi tubanliklar, xo‘rliklardan so‘z ochadi. Ular timsolida asllikning buzilishini, tabiiy go‘zallikning, mukammallikning poymol bo‘lishini ko‘radi. Ikkinchidan, she’rning “Mirrix yulduziga” deb atalishida ham chuqur ma’no bor. Ma’lumki, Mirrix yulduzini Bahrom ham deb yuritiladi. Mars yulduzining sharqcha nomlanishi. U qadim astrologiya (ilmi nujum)ga ko‘ra jangu jadallar, urushlar ramzi. Binobarin, she’rning nomiyoq mamlakatdagi notinchlik, g‘avg‘o-to‘polonlarni anglatib turibdi. Fitrat har bir so‘z, har bir timsol zamiriga katta ma’nolarni yuklay olgan ijodkor edi. Shoir yulduzga murojaat etib:
Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ish buzarlar, shaytonlar!
- deya xitob qiladi.
Darhaqiqat,
“O‘rtoq qonin qonmay ichgan zuluklar,
Qardosh etin to‘ymay yegan qoplonlar” yulduzlar dunyosida bormi?
“O‘ksiz yo‘qsulning qonu “gurunglashib, chog‘ir kabi ichganlar”-chi?!
“Dunyo tuzugini” “o‘z qopchug‘larini to‘ldirish uchun” buzganlar, “qorin-qursoq yo‘lida elin-yurtin, borin-yo‘g‘in” sotganlar bormi u yerda? Yo‘q! Barcha tubanliklar yerdadir! Barcha riyolar yerda, Turkistonda!!! Mana u ko‘rgan millatlar tengligi:
Bormi senda bir o‘lkani yondirib,
O‘z qozonin qaynatg‘uvchi xoqonlar?!
“Sharq” she’rida o‘lkaning yaxlit, umumlashma obrazi chiziladi. U, shoir ta’rificha, dunyoning eng go‘zal bog‘chasidir. Uni go‘zallikda hech bir joy bilan qiyos etib bo‘lmaydi. Jannatlar uning atrofida. Uning gullari jon suvidan yetilgan. Saf tortgan ko‘m-ko‘k yog‘ochlar mumtozlik haqqi uchun tangriga topinishga ko‘kka intiladilar. O‘ngdan, so‘ldan – har yondan ko‘rkam haybatli tog‘lar qurshagan. Yo‘q, ular tog‘lar emas, haq yo‘lida kurashga yasov tortgan alp askarlardir. Biror yovvoyi hayvon yirtqich tishini, tirnog‘ini suqib qolmasin deya, uni tangrining o‘zi yorlaqab, tegrasidan aylangan suv, muz, tog‘ qo‘rg‘oni bilan muhofaza etadi. Biroq, bugun afsuslar bo‘lsinkim, bu o‘lka “har tomondan talangan”, betimsol (“yo‘lsizcha”) talangan:
Biroq bu kun ezilarkim bu o‘lka,
Har tomondan talanmishdir yo‘lsizcha.30
Ma’lumki, chor Rossiyasi o‘z bosqinchilik siyosatini madaniyat tarqatish niqobi bilan berkitgan edi. Fitrat madaniyat niqobi ostida qanday yovuzlik yashiringanini mana bu tarzda aytadi: Madaniyat degan G‘arbli olbosti, Boqing, buning ko‘kragidan o‘q bosdi. Hozircha, manzara umumiy. Go‘yo shiddatli bir dovul kelganu bundagi go‘zallikni barbod qilgan. Bu dovulning ismi – “madaniyat”. Nega “madaniyat”? Madaniyat hayotning mazmunli bo‘lishiga qaratilgan emasmi? Gap nomda emas, mohiyatda. Inqilob xalq uchun, xalqning nomi bilan amalga oshgan edi. Oqibatichi? Insondagi insoniylik barbod bo‘lib, yovvoyilik, yovuzlik junbushga keldi. Bir-birini yo‘q qilishga tushdi. Hayvondan xor bo‘ldi. Bu inson emas, iblis (olbosti) a’molidir. O‘lkaning ko‘ksiga o‘q qadagan o‘shadir. Shoirning fikrlash tarzi – shunday. Manzara asta-sekin oydinlashib boradi. Yongan qishloqlar, omonsiz talanganlar, qon to‘la ariqlar o‘rnini tafsilotlar oladi mana, boqing:
To‘rt-besh yashar bir bolaning boshini,
Keskir qilich bilan kesmishlar.
Yig‘lab turg‘on onasining bo‘ynig‘a,
Bir ip bilan osmishlar...
Yangigina kelinchak bo‘lgan bir qizning ko‘kragini erining jonsiz gavdasi ustiga qo‘yib, nayza bilan teshganlar. Tahqir etilgan “Xotunlarning pardasi”, “bolalarning yuragi”, “qarilarning gavdasi”... Bu tasvirlar mustamlakachilarning asl qiyofasini ochiq ko‘rsatadi. ...Xotunlarning pardasi, Bolalarning yuragi, Qarilarning gavdasi – Yirtilgan, Yorilgan, Ezilgan!31 Fitrat “o‘t”ni “o‘txona”dagidek tasvirlash barobarida, “nega bo‘yla?” (nega bunday?) degan savolni ham ko‘ndalang qo‘yadi. Bu yaralarning ijtimoiy ildizlarini axtaradi:
Kim bergan bu o‘g‘irli o‘lkaga buncha o‘qni?!
Kim to‘kkan bu muqaddas ishga buncha qonini?!
Shoir so‘roqqa tutadi. Darhaqiqat, bularning aybdori kim? Bu dahshatlarning bunyodkori kim? “Tulki bilan shayton”ga dars bergan “mal’un” kim? So‘roq beradi shoir va “Anglizlar!” “hamda uning quyrug‘ini tutganlar!”- deb javob qiladi. Qay yer bu o‘lka? Hindmi, Afg‘onmi, Turkistonmi? “Angliz”-chi? U shartli emasmikin. She’rni albatta, kengroq ham, torroq ham tushunish mumkin. Ya’ni Sharq-G‘arb, Turkiston-Rus shaklida ham anglash mumkin. To‘g‘rirog‘i keyingisidir. Shoirning “Kim deyay seni?”, “Bir oz kul”, “Achchig‘lanma degan eding”, “Ishqimning tarixi”, “Go‘zalim, bevafo gulistonim” kabi ishqiy she’rlarida mahzunlik, zamon boshiga solgan so‘ngsiz o‘kinch, iztirobga to‘la alam ko‘zga uriladi. “Sharq” sarlavhali she’rida Fitrat ona Vatanning ta’sirchan umumlashma obrazini tasvirlaydi. Shoir ta’rificha, yer yuzida timsoli yo‘q bu yurtning har yoni jannat bog‘lari misol yashillikka burkangan. Gullari jon suvidan oziqlangan. Yam-yashil kiyimli daraxtlari go‘yo Tangriga munojot aytadi. Tog‘lari bamisoli Haq yo‘lida kurashish-chun yasov tortgan askarlar misoli o‘z haqini ko‘kdan ham undirishni istagandek ko‘krak kerib yuksalgan. Biroq, afsuski, ana shu jannatmonand o‘lka yo‘lsizcha talanmish. Mana, “G‘arb madaniyati”ning avra-astari, nomi bilan mohiyati bir-biriga nechog‘lik zid ekani... Umuman, Fitrat she’riyatida G‘arb madaniyati degan tushunchaning asos zamini yo‘q ekani, faqat targ‘ib-tashviqdangina iboratligi mantiqan chuqur dalillangan, badiiy jihatdan ta’sirchan ifodalangan. Shuning barobarida, Sharq madaniyatining inqirozga yuz tutishi sabablari ochib berilgan. Bu orqali shoir millatni o‘zligini anglashga, qadimiy ildizlariga, boy imkoniyatlarga ega Sharq madaniyatini yuksaltirish zaruratiga diqqat qaratadi.


Yüklə 492,57 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə