O‘zbekiston milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti



Yüklə 492,57 Kb.
səhifə2/11
tarix22.03.2024
ölçüsü492,57 Kb.
#182961
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
himoya yangisi

Tadqiqotning obyekti. Abdurauf Fitratning 5 jildlik tanlangan asarlari va “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamiga kiritilgan she’rlari.
Tadqiqotning predmeti. Fitrat she’riyatining obraz va obrazlilik, badiiy tasvir usullari, milliy istiqlol motivlarini ochib berish ishning predmeti sifatida belgilandi.
Tadqiqotning maqsadi. Fitrat ijodining mohiyati xalqning qalb koʻzini ochishga va mehnat, yaratish, oʻqish, unish, kurashga daʼvatlari, uning ilk toʻplami “Sayha”ning kuchi, Vatanga muhabbat, xalqning gʻam-gʻussasiga achinish va zulmdan qutulishga undash kabi fikrlarini tahlil qilishdan iborat.
Tadqiqotning vazifalari.
- Fitrat she’riyatidagi milliy istiqlol motivlarini aniqlash;
- Shoir ijodida davr ruhi ifodasi va mahorat masalasini tahlil qilish;
- “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamidan Fitrat she’rlariga tavsif;
- XX asr o‘zbek she’riyatiga Fitrat ijodining ta’siri haqida.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
- Fitratning she’rlarida milliy istiqlol g‘oyalari keng ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
- Fitrat ijodini tadqiq etish, o‘rganish, adabiyotshunoslarimiz diqqat markazida bo‘lib kelgan. Olib borilgan tadqiqot ishlarida ijodkorning she’rlari haqida mulohazalar yuritildi.
- Milliy istiqlol g‘oyalari talabalar, ilmi toliblar uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Fitratning she’rlarida milliy istiqlol masalasi nihoyatda keng bo‘lib, biz unda ilm-maʼrifatga, erkin, ozod, baxt-saodatli hayotga, birinchi navbatda milliy mustaqillikka chorlash motivlarini o‘rganishni maqsad qilib oldik.
Tadqiqotning asosiy masalalari va farazlari. Tadqiqotda asosiy masala Fitrat she’riyatidagi milliy istiqlol motivlari talqinini o‘rganish.
Tadqiqot mavzusi bo‘yicha adabiyotlar tahlili. Abdurauf Fitrat o‘zbek va tojik xalqlarining madaniy rivojida salmoqli o‘rin tutuvchi yorqin siymolardan biridir. Uning taqdiri ham g‘oyat fojeali bo‘lgan – u ayni boy hayotiy tajriba orttirib, qalami qayralib, ilhomi to‘lishib turgan bir choqda Stalin istibdodining qurboni bo‘ldi. Oqlangandan keyin ham ko‘p yillar mobaynida uning asarlari nashr qilinmadi, nomi qora ro‘yxatlardan chiqmay keldi. So‘nggi yillardagina qayta qurish sharofati bilan, oshkoralik va demokratiyaning qanot yoza boshlagani tufayli Cho‘lpon, Elbek va boshqalar qatori Fitratning ham ba’zi bir asarlari dunyo yuzini ko‘rdi, adabiyotshunoslar ular to‘g‘risida maqolalar e’lon qila boshlashdi. Bular, albatta, Fitratni adabiyotimiz tarixidagi o‘zining haqli o‘rniga qaytarish borasida boshlagan ishlarimizning debochasi edi, xolos.
Fitrat kurashlarga, izlanishlarga, aldanishlar va kashfiyotlarga to‘la hayotiy yo‘lini bosib o‘tdi. U 1884-yilda Buxoroda tug‘ildi, eski maktabda o‘qidi, tarix, falsafa va adabiyotdan chuqur bilim oldi, arab, fors, turk tillarini mukammal o‘rgandi. Ayni choqda, eski maktab tahsilini ko‘rgan Fitrat o‘zining ta’biri bilan aytganda, “mutaassib ruhoniy” bo‘lib yetishgan edi.
XX asr boshida butun Sharqda bo‘lgani kabi Buxoroda ham ijtimoiy fikrda jiddiy uyg‘onish boshlanib, jadidchilik harakati kuchaydi. Fitrat ham, “yosh buxoroliklar” deb nom olgan jadidlarning so‘l qanotiga qo‘shiladi va oradan ko‘p o‘tmay 25 yoshida Turkiyaga o‘qishga ketadi. Istanbulda o‘tkazilgan to‘rt yillik hayot, turk ma’rifatparvarlari, adib va shoirlarining ijodi bilan tanishish, yevropacha falsafa va ijtimoiy ta’limotlardan o‘rganish Fitratning qarashlarida keskin burilish yasaydi – endi u Buxoro hayotidagi, Turkiston hayotidagi qoloqliklarni, bid’at va xurofatni aniqroq ko‘radi, jamiyat rivojiga to‘siq bo‘lib yotgan kuchlar haqida teranroq o‘ylay boshlaydi.
Bu izlanishlar Fitratni islohotchilik yo‘liga olib keladi – u din bilan ilmni birga qo‘shishga intiladi va ijtimoiy tuzumni yangilash g‘oyalarini o‘rtaga tashlaydi. Bunda u, ayniqsa, feodal psixologiyaning ko‘rinishlariga, dindagi, yashash tarzidagi mahdudlikka qarshi chiqadi. Fitratning jamiyatni isloh etish haqidagi g‘oyalari “Munozara” va “Bayonati sayyohi hindi” degan publitsistik risolalarida ifodalangan.
Fitrat hayoti va ijodining o‘rganilish tarixi va taqdiri ham murakkab kechdi. Fitrat ijodining u yoki bu qirrasiga oid dastlabki qaydlar 20-30-yillarda yaratilgan turli tarix, tazkira, bayoz, maqola, risola va tadqiqotlarda uchraydi. Bular qatorida Cho‘lponning “Chin sevish” (“Ishtirokiyun” gazetasi, 1920-yil, 25-noyabr), Turg‘unboy (Qayum Ramazonov)ning “Abo Muslim” (“Turkiston” gazetasi, 1921-yil, 30-noyabr), Vadud Mahmudning “Chin sevish” (“Qizil O‘zbekiston” gazetasi, 1921-yil), “Fitrat afandining yangi asarlari” (“Turkiston” gazetasi, 1923-yil 14-noyabr); bundan tashqari N.G‘anizoda, K.Aliyev, V.Xo‘jayev kabilarning maqolalarini ko‘rsatish mumkin. Bu maqolalarning ko‘pchiligi Fitratning dramatik asarlariga bag‘ishlangan. Fitrat ijodini o‘rganish sho‘ro davridagi siyosiy qatag‘onlar bois bir muddat to‘xtab qoldi.
XX asrda, asosan, 80-yillardan boshlab Izzat Sulton, Salohiddin Mamajonov, Baxtiyor Nazarov, Erik Karimov, Naim Karimov, Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimov, Ahmad Aliyev, Sherali Turdiyev, Hamidulla Boltaboyev, Ilhom G‘aniyev singari olimlar adib ijodining turli qirralarini o‘rgandilar. 1988-yilda birinchilardan bo‘lib Izzat Sulton va Salohiddin Mamajonovning “Madaniyatimizning ikki siymosi (Fitrat va Cho‘lpon ijodi haqida ba’zi mulohazalar)” maqolasi nufuzli “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida bosilib chiqdi. Shundan keyin qator maqolalar bilan birga Begali Qosimovning “Istiqlol fidoyilari” ruknidagi “Maslakdoshlar” kitobi, Hamidulla Boltaboyevning “Abdurauf Fitrat”, “Fitrat va jadidchilik”, Ilhom G‘aniyevning “Fitrat. E’tiqod. Ijod”, “Fitrat va Fitratshunoslik” kitoblari bosilib chiqdi. Fitrat ijodiga bag‘ishlangan dissertatsiyalar yaratildi.
Olimlarimizdan H.Boltaboyev, N.Karimov, E.Karimov, B.Qosimov, O.Sharafiddinov, S.Erkinov, Sh.Turdiyev, G.Rahimova, I.G‘aniyev va boshqalarning Fitrat hayoti, ijodi, faoliyatiga oid qator ilmiy, falsafiy maqola va risolalari e’lon qilingan.
H.Boltaboyev Fitrat hayoti, ijodi, uning xorijda o‘rganilishi, ma’rifatchiligi haqida ma’lumotlar berish bilan birga, adibning barcha asar va maqolalari ro‘yxatini e’lon qildi, ularning ba’zilarini qaytadan nashrga tayyorlab chop ettirdi. E.Karimov Fitratning hayoti va ijodini o‘rganib, ba’zi asarlarini tahlil qildi. B.Qosimov jadidizm davri adabiyotini o‘rganuvchi olim sifatida jadid vakillari qatorida Fitratning adabiy merosi, faoliyati va jadidchilik g‘oyalari haqida juda muhim ma’lumotlarni e’lon qildi.
O.Sharofiddinov va Sh.Turdiyevlar adib ijodining turli muammolariga oid maqolalar yozdilar. S.Erkinov Fitratning navoiyshunoslikka qo‘shgan hissasini, A.Aliyev esa uning “Bedil”, “Umar Xayyom” va boshqa asarlarini tahlil etdilar. N.Yo‘ldoshev va G.Rahimova “Rahbari najot” dan ba’zi boblarni o‘zbek tilida e’lon qildilar. I.G‘aniyev Fitrat ijodi, dramalari, fitratshunoslikka oid risolalar chop ettirdi.
A.Fitrat ijodining turli qirralarini o‘rganishga oid ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. H.Boltaboyevning “XX asr boshlari o‘zbek adabiyotshunosligi va Fitratning ilmiy merosi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida adabiyot nazariyasi asoslarining yaratilishi, o‘zbek adabiyoti tarixi va aruz ilmining rivojlanishida Fitrat tadqiqotlarining o‘rni va ahamiyati ko‘rsatiladi, uning adabiyotshunoslikka oid merosi tahlil etiladi. B.Ergashevning “Из истории становления и развития обшественно-политических идей джадидизма. Идеология младобухартсев” mavzusidagi falsafa fanlari doktorligi dissertatsiyasida Fitratning “yosh buxoroliklar” safidagi faoliyati, uning siyosiy qarashlari yoritib beriladi.
I.G‘aniyev “Abdurauf Fitratning tarixiy fojea yaratish mahorati. (“Abulfayzxon” tragediyasi asosida)” mavzusidagi filologiya fanlari nomzodligi dissertatsiyasida Fitrat dramalaridagi obrazlarning falsafiy konsepsiyasini, tarixiyligini, adibning obrazlar yaratish mahoratini keng asoslash bilan birga asar qahramonlarining axloqiy sifatlariga ham qisman to‘xtab o‘tadi.
M.Qurbonovaning filologiya fanlari nomzodligi dissertatsiyasida “Fitratning tilshunoslik merosi” til qoidalari, imlo masalalariga oid asar va qo‘llanmalari tahlil etiladi.
“Abdurauf Fitratning ijtimoiy-falsafiy qarashlari” mavzusidagi falsafa fanlari nomzodligi dissertatsiyasida Sh.G‘oibova Fitratning falsafiy qarashlari va jadidchilik faoliyatini yoritib, uning millatparvarlik va ma’rifatparvarligiga ham qisman e’tibor qaratadi.
Hamdo‘stlik davlatlari olimlaridan G‘ofur Ashurov (Tojikiston), Aziz Muxamedov (Ozarbayjon) Ibrohim Nurilin (Qozon) kabilar jadidchilik va ma’rifatchilik oqimiga aniqlik kiritib, unda Fitratning o‘rni va ijodini ijobiy baholaydilar.
Fitrat merosi va faoliyati chet el olimlarini ham o‘ziga jalb etib kelgan. Uni o‘rganish xorijda bizdagidan ancha ilgari, asrimizning 40-yillarida boshlangan.
Doktor Boymirza Hayit adibning jadidchilik faoliyati haqida, yana bir turk olimi Ibrohim Yorqin esa Fitrat ijodi va “Chig‘atoy gurungi”dagi faoliyati haqida ma’lumot beradi. Yapon olimi professor Xisao Kumasu adibning “Munozara” asarini tahlil etib, uning ahamiyatini yaxshi ochib beradi.
Abdurauf Fitratning ilmiy faoliyati ham, ijodining turli qirralari ham bir qancha tadqiqotlarga mavzu bo‘lgan va chuqur tahlil etilgan, lekin uning she’riyatidagi milliy motivlar hali alohida tadqiq etilmagan. Shuni e’tiborga olib, tadqiqot ishimizda shu mavzuni yoritib berishga harakat qilamiz.
Shahnoza Nazarova “XX asr boshlari o‘zbek she’riyatining yangilanish tamoyillari” nomli filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasida XX asr boshlaridagi she’riyatimizning yangilanish tamoyillarini ko‘rsatib berish, “milliy she’r” tushunchasiga ilmiy istiloh sifatida qarash va vazn, ritm, poetik obraz belgilarini tadqiq etish masalalarini tadqiqotning maqsadi qilib olgan.

Yüklə 492,57 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə