O‘zbekiston milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti


Milliy ong va milliy she’riyat



Yüklə 492,57 Kb.
səhifə4/11
tarix22.03.2024
ölçüsü492,57 Kb.
#182961
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
himoya yangisi

1.2. Milliy ong va milliy she’riyat
Jadid adabiyoti o‘zbek adabiyoti darsliklarida “Milliy uyg‘onish” atamasi bilan beriladi. Jadidlar millatning erku ozodligi va milliy mustaqillik kuychisi bo‘lganlar. Fitrat ham shu adabiy muhit vakili. U tilga va adabiyotga oid qator maqolalari bilan soflik va milliylikni yoqlab chiqqan olimdir. O‘zining “Aruz haqida” risolasida barmoq she’riy tizimini “milliy vazn” deb ataydi va birinchilardan bo‘lib shu vaznda she’rlar yoza boshladi. Tilimiz imkoniyatlarini bu vazn o‘zida erkin ko‘rsata olishi bilan Fitrat fikrlarini isbotladi va bugungi kungacha she’riyatimizning yetakchi vazni bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumki, jadid adabiyotining eng muhim mavzularidan biri – vatanparvarlik mavzuidir. Bu – keng xalq manfaatlariga qaratilgan tom ma’nodagi vatanparvarlikdir. Davr ijodkorlarining bunday hayotbaxsh tuyg‘ulari xarobaga aylangan Turkistonning iqtisodiy taraqqiyotini, xalqning ozod, teng huquqli bo‘lishini, istiqlol kunlariga yetishini orzu qilgan tuyg‘u – vatanparvarlikdir. Abdurauf Fitrat ham o‘z ijodini yoniq vatanparvarlik tuyg‘ularini isyonkorona kuylashdan boshladi. Fitratning Vatan va millat ozodligi, milliy istiqlol mavzusiga qaratilgan she’rlari orasida 1917-18-yillarda “Hurriyat” gazetasida e’lon qilingan “Yurt qayg‘usi” turkum sochmalari alohida diqqatga sazovor. “Yurt qayg‘usi”16 4 parchadan iborat. Bu mansura she’rda lirik qahramonni istirobga slogan narsa “Ulug‘ Turon”ning zabun holi. “Shoir uning dunyoni “urho”lari bilan titratgan yo‘lbars yurakli bolalarini qumsaydi. Temur ruhiga sig‘inadi. “Arslonlar arsloni”dan fotiha tilaydi. “Turonning eski Sharaf va ulug‘ligini qaytarmoqqa ont ichadi. Ona yurtiga xitoban:
Onam seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir?
Nomusmi, vijdon bila iymonmi kerakdur?-
deb murojat qiladi. Shoir bu misrada “Tajohuli orifona”, bilib turib bilmaslikka olish san’atidan mohirlik bilan foydalangan. Bu she’riy san’atda shoir bilgan narsasini, yana so‘raydi va bu bilan ma’no yanada kuchli ta’kidlanadi. Misrada ona Vatanni qutqarish uchun jon kerak, jon bo‘lganda ham Vatan uchun ming karra fido bo‘ladigan jon kerak. Va bu jonda nomus va vijdon bo‘lmog‘i lozimligi shoirona uqtirilgan. Hadislarda “Vatanni sevmoq iymondandir” deya ta’kidlanadi. Misra so‘ngida shunga ishora qilgan shoir Vatanni ozod qilmoq uchun iymon(iymonli farzandlar) kerak bo‘lishi ta’kidlangan. Bunday misralarni yozish o‘sha vaqtlarda boshni kundaga qo‘yish bilan barobar bo‘lgan. Ammo shoir xalqi haqni aytmasa uning shoirligi yolg‘on bo‘ladi. Fitrat esa ana shundan chin shoir edi. U xalqini, Vatanini, vijdonini alday olmasdi.
Jadidlar istiqlolga eltuvchi yo‘lni ilmdan, marifatdan deb bildilar va o‘z ijodlarida shu g‘oyani tarannum etdilar. Bu borada Fitrat ijodida “O‘qitg‘uvchilar yurtiga” she’rini keltirish mumkin:
Orqadoshlar, to‘planaylik jahlning uyin yiqqali,
El ko‘zin olg‘an qorong‘u pardalarni yirtkali.
Biz erurmiz ma'rifat arslonlari, ilm erlari,
To‘planaylik, turk eliga to‘g‘ri yo‘llar ochqali.
Ellari mahvdan kutkaran ilm erur,
Bizlari ham bu kundan o‘zi qutqarur.
Biz erurmiz elning insonlik qonin qaynatg‘uchi,
Turk arslonin o‘rinsiz uyqudan uyg‘otguchi.
Ma’rifat bayrog‘i ostiga yig‘ildik barchamiz
Kim, bizi otganlara haq yo‘llarin ko‘rsatkuchi...
Ellari mahvdan qutqaran ilm erur,
Bizlari ham bu kundan o‘zi qutqarur.
Haydang, o‘rtoq, qutqaraylik jahldan Turonlari,
Yerutaylik ma’rifat nuri-la Turkistonlari,
Ilm o‘chog‘ida yetishkan er-yigitlar, to‘planing!
Ko‘chiraylik jahl urdusin, ochaylik onglari...
Ellari mahvdan qutqaran ilm erur,
Bizlari ham bu kundan o‘zi qutqarur. 17
She’rda jadidlarning il-ma’rifat haqidagi g‘oyalari o‘z aksini topgan. Turkistonni ilm orqali istiqlolga eltish mumkinligi kuylangan.
Fitratning lirik ijodi “Sayha” bilan boshlangani yuqorida aytib o‘tildi. “Sayha”ning shoirning o‘z Vatanida emas, balki xorijda dunyo yuzini ko‘rishi, shubhasiz, undagi o‘tkir isyonkorlik ruhi bilan aloqador. Undagi deyarli jami she’rlar vatanparvarlik mavzuida ekanligi, ularda shonli o‘tmishga ega bo‘lgan bir yurtning tanazzulidan bahs etilganligi adabiyotshunoslar tomonidan qayd etilgan. Undagi barcha she’rlar Vatan haqida edi. Vatan haqida esa osoyishta so‘zlab bo‘lmasdi. Uning dardi nihoyasiz, jarohatlari halokatli edi. Shoir uning “holi xarobligidan”, “panjai g‘am”dan piyrahani – libosi chokligidan dod soldi. Unga mehru muhabbatini hayqirib aytdi. U bilan iftixor etdi. Uni har narsadan muqaddas tutdi. U uchun baxt va najot axtardi:
Binmo sahari azmi tavofi Vatani man,
Oh-oh, chi Vatan, sajdagohu jonu tani man.
Ham mohi manu osoyishi, izzu sharafi man,
Ham Ka’bai man, qiblai man, ham chamani man.
“Sayha”ga kirgan she’rlardan biri- “Mihani mo” mana shunday boshlanar edi.
Buxorolik yana bir vatanparvar shoir Isroil Subhoniy har bir satridan ohu fig‘on, o‘tli dard silqib turgan ushbu she’rni o‘zbek tiliga aruz vaznida tarjima etib, 1992-yilda “Navqiron Buxoro” jurnalida nashr ettirdi:
Tongla tavof aylagali chiq, Vatanimdur,
Oh-oh, ne Vatan, sajdagohu jonu tanimdir.
Izzat, sharafim, tinchimu arshimda to‘lin oy,
Ham Qiblamu ham Ka’bamu va ham chamanimdur.
Shoir ana shunday qiblam, Ka’bam, sajdagohim deb yuksaklarga ko‘targan, ilohiy tus bergan, ta’riflagan, sevgan ona Vatanini Rossiyaning mustamlakachilik siyosati, istibdodi, zulmi xarob qilayotganligidan chuqur iztirobga tushadi, qalbi larzaga keladi. Bu hol ijodkorni ona Vatan himoyasi uchun kurashga chorlaydi, qahramonlikka undaydi.
Albatta, xalqni o‘z ona Vatanini sevishga, e’zozlashga, uni qaramlikdan, istibdoddan ozod qilishga undagan, da’vat qilgan asarlar Rossiyaning mustamlakachilik siyosatiga zid edi. Shuning uchun ham rus hukumati Fitratning bu she’rini ham va shu turkum asarlarning barchasini ham ta’qib qildi. Jadidlarning ona Vatan – shonli Turkistonni ulug‘lashlari, kuylashlari o‘z o‘rnida Rossiyaning mustamlakachilik siyosatiga, istibdodga qarshi kurashlarning bir ko‘rinishi, badiiy ifodasi edi. Rossiyaning Turkistondagi ma’murlari jadid shoirlarining Vatan ishqi, xalq dardi bilan yonib yaratgan asarlarini chop etilishiga, xalq orasida tarqalishiga qattiq qarshilik ko‘rsatdilar, mualliflarini ta’qib etdilar.
Abdurauf Fitratning “Mihani mo” she’rini o‘z sahifalarida chop etganligi uchun “Sadoyi Turkiston” gazetasining 1914-yil iyun sonlari musodara qilindi, muharrirlari Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev va Muzaffarzodalar sudga berilib, katta jarima to‘lashga majbur qilindi.
“Sayha”ning nusxasi O‘zbekistonda mavjud emasligi tufayli bu to‘plamga kirgan boshqa she’rlarni tahlil qilish imkoniyati cheklanadi. Ammo keyingi davrlarda bu mavzu Fitrat ijodida yanayam o‘tkirlashib bordi.
Abdurauf Fitrat “Hurriyat” gazetasi sahifalarida e’lon qilgan uch sochmasi va bir she’rini “Yurt qayg‘usi” deb atadi. U mazkur turkumni “Vatan hasrati”, “Xalq dardi” kabi balandparvoz, jarangdor nomlashdan o‘zini tiydi.
Fitrat “Hurriyat” gazetasining 27-sonidan boshlab (1917-yil 28- iyul) muharrirlik qila boshlaydi. Xuddi shu kuni Petrogradda tarixga “iyul voqelari” nomi bilan kirgan sharmandali qo‘zg‘alishlar barham topib, Lenin boshliq bolsheviklar ikki hokimiyatchilik muvozanatini zo‘ravonlarcha buzib tashlab, qurolli to‘ntarish bilan hokimiyatni egallashni niyat qilgan edilar. Gazetaning mana shu 27-sonida “Yurt qayg‘usi” bosilib chiqdi. She’rda Fitrat shunday yozadi:
“Ey, ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi!
Senga ne bo‘ldi?
Nechuk kunlarga qolding?
Dunyoni “ur-ho”lari bilan titratgan yo‘lbars yurakli bolalaring qani?
Nechun tovushlari chiqmaydir?
Yer yuzining bir necha polvonlari bo‘lgan botir turklaring qani?
Nechun chekindilar?
Nechun ketdilar?
Kurash maydonlarin o‘zgalarga nechun qo‘ydilar?
Nechun... nechun... nechun?..
Gapur menga, ey ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi!
Senga ne bo‘ldi?”18
Turkistonning achinarli ahvolini, turkiy xalqning mazlumligi, taraqqiyotdan orqada qolganligini bundan oldin “Hind sayyohi”, “Rohbari najot” kabi keng ko‘lamli adabiy-publitsistik asarlarida epik planda ko‘rsatib bergan Fitrat o‘z nasriy she’rida mana shunday yoniq pafos bilan millat va Vatan inqirozidan so‘z ochadi. Uning shonli o‘tmishini eslatish orqali orini qo‘zg‘amoqchi, munavvar kechmishiga munosib bo‘lishga chorlamakchi bo‘ladi. U “Bir o‘zbek yigitining tilidan” nasriy she’rida (“Hurriyat”, 1917-yil, 18-avgust) Vatan bosh oyog‘i yalang, tanasida adadsiz qamchi izlari, ko‘ksidagi yaralaridan qon tomayotgan holsiz, darmonsiz ayol timsolida ifodalandi. Bu timsol o‘zbek yigitini tushida ham, o‘ngida ham ta’qib etadi. O‘zbek yigiti “g‘amli ona – muqaddas Turon” xayoli bilan so‘zlashuvga kirishadi. Undan ayrilmoqni o‘zi uchun o‘lim, uning uchun o‘lmoqni esa tiriklik hisoblaydi, uni qutqarmoqqa ont ichadi.
“Qarayman: kimsasizlik yukindan orig‘lagan tanda zolimona urulg‘an qamchilarning yarasi bor.
Ko‘raman: johilona qiling‘an emlarda nosulg‘a qaytg‘an yaralarindan qonlar oqib turadir!”, - deb yozadi otashnafas shoir. Asar yangi shaklda – sochim she’r shaklida yozilgan bo‘lsa-da, pafosi, obrazliligi, poetik sintaksisining mukammalligi bilan yuksak sharq she’riyatini esga soladi. “Qarayman”, “ko‘raman”; “zolimona urulg‘an qamchilar” va “johilona qiling‘an em(davo)lar” shaklidagi sintaktik qolip folklordagi sintaktik parallelizmlarga, qisman saj’ga asoslangan. “Nosul” – tuzalmaydigan yara obrazi ham shoirning g‘oyaviy maqsadini haddi a’losida ko‘rsata olgan. Bundan tashqari shoir ochiq istioralardan ham mahorat bilan foydalangan: “zolimona urulg‘an qamchilar” va “johilona qiling‘an em(davo)lar”. Bulardan birinchisi ko‘hna Osiyoni asrlar mobaynida asoratda qoldirgan notenglikka, zo‘ravonlikka asoslangan nosoz ijtimoiy tuzumni; ikkinchisi esa xalqni jaholatda saqlab kelgan xurofotni, jaholatni anglatadi.
Shoir “Bosh-ayog‘lari yalang‘och, tirsaklarigacha qop-qora loyqag‘a botg‘an, baqirurg‘a tovushi, qutulurg‘a kuchi qolmag‘an” Vatan xayolini mungli xotin qiyofasida tasavvur etib “Zolimlar seni kimsasizmi ko‘rdilar? Yo‘q, sen kimsasiz emassan. Mana men butun borlig‘im bilan senga ko‘mak qilurg‘a hozir. Mana men chin ko‘ngil bilan sening yo‘lingda o‘lurg‘a rozi... Ustimga insonlar emas, shaytonlar qo‘shini kelsa, Oyog‘imga zanjirlar emas, jahannam ilonlari sorilsa, yana sen sari choparman. Dunyoning butun balolari boshimga to‘kulsa, Zulm cho‘lining temir tikonlari ko‘zlarimga kirsa, yanan seni qutqarurman. Men sening uchun tirildim, sening uchun yasharman, sening uchun o‘larman. O‘lim sening o‘limingni istaganlarga, nafrat seni ko‘mgani kelganlarga”, deya kurashga bel bog‘laganda, shubhasiz, Vatan ozodligi yo‘lida jonini berurg‘a tayyor bir fidoyining ehtirosli niyatini ifoda etgan edi. Vatanni ona deb anglash, ona Vatan degan jumlaning o‘zi, balki, Vatanni mungli ayol qiyofasida tasavvur etgan jonso‘z, jasoratli shoirimiz Fitratdan boshlangandir? Ne ajab...
Shoir mamlakat uchun g‘oyat muhim va mashaqqatli bo‘lgan kunlarda tarixdan, ota-bobolar ruhidan najot izlaydi. U o‘zining nasriy she’rlaridan birini monolog shaklida yozib, unda shon-sharafli Temur qabriga madad so‘rab boradi, turkiylarning buyuk sarkardasi, markazlashgan davlatning ulug‘ tashkilotchisidan imdod so‘raydi: “Ezilgan boshim, qisilgan vijdonim, kuygan qonim, o‘rtangan jonim uchun bu sag‘anangdan davo izlab keldim, xoqonim! Yuz yillardan beri jafo ko‘rib, g‘am chekib kelgan qonli ko‘z yoshlarim etaklaringga to‘karga keldim. Qorong‘ular ichra yog‘dusiz qolgan o‘zbek ko‘zlari uchun tuprog‘ingdan surma olgani keldim. Nomusini bad kishilarning oyog‘lari ostinda ko‘rib, turklik qoni qaynag‘ay, musulmonliq hamiyati toshgay, tamug‘ (do‘zax) olovlari kabi sachragay. Lekin o‘z kuchsizligini anglab, qaytib o‘tirgan va qon yig‘lagan turklik holini arz etarga keldim, xoqonim!” (“Hurriyat”, 47-son).
Atoqli olim, professor Naim Karimov o‘zlarining “Fitratning shaytonga isyoni” nomli maqolalarida Fitratning topilmagan “Temur sag‘anasi” nomli dramatik asarini topishda, tiklashda, hech bo‘lmasa g‘oyaviy-badiiy tendensiyasini aniqlashda “Yurt qayg‘usi” degan umumiy nom ostida chop qilingan uch qismdan iborat mana shu nasriy she’rlar zamin, manba vazifasini o‘tashi mumkinligini qayd qiladir19 . Bu qarashni Hamid Olimjonning 1936-yilda yozilgan “Fitratning adabiy ijodi haqida” maqolasi ham quvvatlaydi. Unda shunday fikr bor: “Muallif Temur sag‘anasiga borib, o‘z fojiasini aytib yig‘laydi: “Xoqonim, ezilib, talangan, talanib yiqilgan, yiqilib yaralang‘an turk elining bir bolasi sendan ko‘mak istarga keldi. Bog‘lari buzilg‘an, gullari so‘lg‘an, bulbullari uchirilg‘an Turonning bir qorovuli senga arz etarga keldi”. Fitrat dramasidan olingan parcha ham pafosi, sintaktik tuzilish, badiiy-tasviriy vositalari bilan she’rga o‘xshab ketadi. Bu esa «Yurt qayg‘usi” ma’lum dramaning yaratilishga asos bo‘lgan bo‘lishi mumkin degan taxminni quvvatlantiradi.
Fitratning vatanparvarlik mavzuidagi chuqur mazmunli, yuksak badiiyatli she’rlaridan yana biri “Sharq”dir. Unda o‘lkaning yaxlit, umumlashma obrazi chiziladi. Sharq, shoir ta’rficha, dunyoning eng go‘zal bog‘chasidir. Uni go‘zallikda hech bir joy bilan qiyos etib bo‘lmaydi. Jannatlar uning atrofida. Uning gullari jon suvidan ekilgan. O‘ngdan, so‘ldan. Har yondan ko‘rkam haybatli tog‘lar qurshagan. Yo‘q, ular tog‘lar emas, haq yo‘lida kurashga yasov tortgan alp askarlardir. Biror yovvoyi hayvon yirtqich tishini, tirnog‘ini suqib qolmasin deya. Uni Tangrining o‘zi yorlaqab, tegrasidan aylangan suv, muz, tog‘ qo‘rg‘oni bilan muhofaza etadi. Ammo she’r faqat Vatan ta’rifidan iborat emas. Shoir mana shu go‘zal manzarani she’rning keyingi qismida ifoda etilajak tanazzul manzaralariga kuchli qarshilantiradi:
Biroq bu kun esizlarkim, bu o‘lka
Har tomondan talanmishdir yo‘lsizcha.
Madaniyat degan G‘arbli olbosti Boqing, buning ko‘kragidan o‘q bosdi.
Mana, go‘yo shiddatli bir dovul kelganu, bundagi go‘zallikni barbod qilgan. Bu dovulning ismi – madaniyat. Nega “madaniyat”? Madaniyat hayotning mazmuni bo‘lishga qaratilgan emasmi? Gap nomda emas, mohiyatda. 1917-yil Oktyabr inqilobi xalq uchun, xalqning nomidan amalga oshirilgan edi. Oqibati-chi? Insondagi insoniylik barbod bo‘lib, yovvoyilik, yovuzlik junbushga keldi. Odamzod bir-birini yo‘q qilishga tushdi. Hayvondan xor bo‘ldi. Bu inson emas, iblis (olbosti - alvasti) a’molidir. O‘lkaning ko‘ksiga o‘q qadagan o‘shadir.
Shoirning fikrlash tarzi – shunday. Manzara asta-sekin oydinlashib boradi. Yongan qishloqlar, omonsiz talanganlar, qon to‘la ariqlar o‘rnini tafsilotlar oladi:
To‘rt-besh yashar bolaning boshini
Boqing: keskin qilich bilan kesmishlar.
Yig‘lab turg‘on onasining bo‘yniga
Bir ip bilan osmishlar...
Yang‘ig‘ina kelin bo‘lgan bir qizning
Ko‘kragini eri bo‘lg‘on yigitning
Jonsiz yotqon gavdasi uzra qo‘yub
Nayza bilan teshmishlar...
Xotunlarning pardasi,
Bolalarning yuragi,
Qarilarning gavdasi
Yorilg‘on, ezilg‘on...
Shoir so‘roqqa tutadi:
Kim bergan
Bu o‘g‘urli o‘lkaga buncha o‘tni?
Kim to‘kkan
Bu muqaddas ishga buncha qonni?
Bilmaysizmi?
Bu dahshatlarning bunyodkori kim? “Tulki bilan shayton”ga dars bergan “mal’un” kim? So‘roq beradi shoir va “anglizlar!” “hamda uning quyrug‘ini tutqonlar”, - deya javob beradi. Shu she’rni tahlil qilgan taniqli jadidshunos olim, professor Begali Qosimov quyidagilarni yozadilar: “Qay yer bu o‘lka? Hindmi? Afg‘onmi? Turkistonmi? “Angliz”chi? U shartli emasmikan? She’rni, albatta, kengroq ham, torroq ham tushunish mumkin. Ya’ni, Sharq-G‘arb, Turkiston-Rus shaklida ham anglash mumkin. To‘g‘rirog‘i ham keyingisi bo‘lsa kerak. Va bunga yetarli asos bor edi. Uzoqqa borish shart emas, Qo‘qon fojiasini eslash kifoya”20.
Xuddi shu she’r H.Boltaboyevning ham diqqatini jalb qilgan. Olim she’rning g‘oyaviy-badiiy salmog‘iga katta baho berib, “Fitratning poetik merosida “Sharq” deb nomlangan kichik doston (shoirning o‘zi uni “poema” deb tavsiya etadi) ” salmoqli mavqega ega. Unda shoir o‘tli Sharqning “dardli, og‘ir yaralarini yorib ko‘rsatadi”, - deb yozadi21.
Jadid she’riyatiga oid maxsus tadqiqot yaratgan adabiyotshunos Nodira Afoqova ham mazkur she’rga to‘xtalib o‘tib, “Fitrat, umuman, insonning inson tomonidan tahqir etilishga, inson erkiga tajovuz qilinishiga qarshi edi”, - deydi22.
Sharq mavzusi shoirning boshqa she’rlarida ham davom ettirildi. “Bu muqaddas ishga qonini to‘kkan”, yurt hurligi uchun kurashganlar qurbon berildi. Bunga sabab zamona zulmigina emas, balki avomning o‘z vatandoshlari va o‘g‘lonlari taqdiriga loqaydligi hamdir. Shoir “Ovunchoq (Mirmuhsinga bag‘ishladim)”, “Behbudiyning sag‘anasin izladim” kabi she’rlarida ham mavzuni davom ettiradi, rivojlantiradi.
Qop-qora, eski, titrak
Oldimizni to‘sib turgan bulut parchasi
Kuchli bir el ko‘rgach turmas, yirtilar, - deya umid qiladi u. Biroq umidning o‘zi tanho najot yo‘li emas, shuning uchun o‘sha kuchli elni tashqaridan emas, o‘z elining farzandlaridan kutadi:
So‘kish, qarg‘ash, la’nat
Aralash bo‘g‘iq tovushlarni
Quvla sen bu sezgisiz o‘lkadan.
Fitrat adabiyotshunos olim sifatida Sharq she’riyatining jozib xislatlarini o‘z ilmiy asarlarida tahlil etgan bo‘lsa, shoir sifatida she’rlarida o‘sha jozibani amaliyotda ko‘rsatib bera oldi.
Fitratning she’rlari vazn, qofiya, shakl nuqtayi nazarlaridan mutlaqo yangi she’rlar bo‘lsa-da, biz unda ming yillik nafis sharq she’riyatining to‘q obrazliligini, teran ramziyligini, yuksak pafosini, yorqin tasviriyligini ko‘ra olamiz.
Fitrat she’riyatida sevib qo‘llanilgan usullardan biri ta’did, tansiq us-sifot – ya’ni uyushiq bo‘laklarga asoslangan san’atlardir. Shoir biror narsa–hodisaning sifatlarini qatorlashtirishni (tansiq us-sifot), shu orqali muayyan predmet yoki hodisani har taraflama ko‘rsatishni, urg‘u berishni sevgani singari ba’zan otlarni ketma-ket keltirib ta’kidlashni ham haddi a’losiga ko‘taradi. Uning ilk she’rlaridan biri bo‘lgan “Mihani mo” she’ridayoq bu usulni ko‘ramiz:
Binmo sahari azmi tavofi Vatani man,
Oh-oh, chi Vatan, sajdagohu jonu tani man.
Ham mohi manu osoyishi, izzu sharafi man,
Ham Ka’bai man, qiblai man, ham chamani man.
Tarjimasi:
Tongla tavof aylagali chiq, Vatanimdur,
Oh-oh, ne Vatan, sajdagohu jonu tanimdir.
Izzat, sharafim, tinchimu arshimda to‘lin oy,
Ham Qiblamu ham Ka’bamu va ham chamanimdur.
Shoir 1-misradan tashqari barcha misralarda ta’did usulini qo‘llaydi. Vatanning lirik qahramon uchun qanday bir muhim ekanligini aynan ta’did orqali ta’kidlaydi. U ta’did qatoriga 10 ta otni tizadi. Bunday usul o‘quvchida kuchli taassurot uyg‘otadi. She’r hazaji musammani axrabi makfufi mahzuf (maf’uvlu mafoiylu mafoiylu fauvlun) vaznida yozilgan. Tarjimada ham vazn va badiiy san’at saqlangan.
Xuddi shu usulni 1917-yilda yozilgan “Yurt qayg‘usi” she’rida ham ko‘ramiz:
Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir,
Nomusmi, vijdon bila imonmi kerakdir?23
Muallif inson uchun ko‘z qorasiday aziz, hayotdan qadrli bo‘lgan barcha narsasini Vatan yo‘lida tikishga tayyor; bular: jon, nomus, vijdon va iymon. Tikish uchun tayyor qo‘yilgan qadriyatlarning o‘ziyoq Vatan tushunchasining naqadar yuksakligidan dalolat beradi. Vaholanki, bularning barchasi inson uchun hamma narsadan, hatto hayotidan ham balandroq turadi. Bu she’r ham yuqoridagi vaznda yozilgan.
Fitrat she’rlarida uchraydigan yana bir mumtoz san’at – istioradir. Ma’lumki, istiora – Sharq mumtoz she’riyatining eng ko‘p qo‘llangan tipik vositalaridan biridir. Istiora – badiiy ko‘chimlardan biri. “Oriyatga olmoq”, ya’ni birovning buyumidan badalsiz, to‘lovsiz foydalanib turish degan ma’noni anglatadi. Istiora o‘xshatish asosidagi ko‘chim bo‘lib, ba’zan uni “qisqargan o‘xshatish” ham deydilar. Chunki tashbeh – o‘xshatishning 4ta unsuri bo‘ladi:
1. O‘xshatilgan narsa – mushabbah.
2. O‘xshagan narsa – mushabbah.
3. O‘xshash jihat – vajhi shibh.
4. O‘xshatish vositasi – odoti tashbeh. Masalan, “qor kabi oppoq soch” deydigan bo‘lsak, soch - o‘xshatilgan narsa (mushabbah); qor - o‘xshagan narsa (mushabbah); oqlik - o‘xshash jihat (vajhi shibh); kabi - o‘xshatish vositasi (odoti tashbeh) bo‘ladi. Agar shu o‘xshatishdan uchta unsur: o‘xshatilgan narsa – mushabbah, o‘xshash jihat – vajhi shibh va o‘xshatish vositasi – odoti tashbeh olib tashlansa-yu, matnda shoir “yog‘di o‘t ustiga qor” (Alisher Navoiy) desa, “qor” bu yerda istiora, aniqrog‘i yopiq istiora bo‘ladi. Yopiq istiora xuddi topishmoqqa o‘xshaydi, yopiq istiorada shoir nimani nazarda tutganligini matndagi boshqa so‘z, obraz va belgilarga ko‘ra aniqlash mumkin bo‘ladi. Sharq she’riyatida, masalan, Bedil ijodida ba’zan shunday murakkab istioralar ham yuzaga kelganki, ularni topish butun-butun davrlarda bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan.
“Ovunchoq” she’rida shoir oydinlik, bulut, el singari yopiq metafora(istiora)lardan, shuningdek, “umid guli” degan ochiq istioradan foydalandi;
To‘sib turgan oydinlikning yo‘lini
Shu qop-qora, eski. Titrak bulutlar
Kuchli bir el ko‘rgach, turmas, yirtilar,
Umid kuni sening uchun ham tug‘ar.
She’rning dastlabki o‘zbek jurnalisti va ma’rifatparvarlaridan biri bo‘lgan Mirmuhsin Shermuhammedovga bag‘ishlanganini, uning isyonkorlik ruhida asarlar bitgani, hatto 1917-yil 25-aprelda “Turon” gazetasida bosilgan bir maqolasi uchun jazoga tortilib, toshbo‘ron qilib o‘ldirishga hukm qilinganini nazarda tutsak, bu istioralarning ham ma’nosi oydinlashadi. Fitrat oydinlik istiorasida – hurlik va ozodlikni, bulutlar istiorasida – zulm va istibdodni, kuchli el istiorasida – xalqning zulmni qo‘porib tashlashga qodir qudratli kuchini nanazarda tutadi va she’rning oxirgi misralarida “Umid guli bizim uchun ham kular” deya istiqbolni gul qiyofasida tasavvur etadi.
Shoirning muhabbat mavzuidagi she’rlarida an’anaviy “gul”, “malak”, “qora ko‘zim”, “nozli quyosh” singari istioralardan ham foydalanadi. Ishqiy she’rlarda, shuningdek shoir badiiy tasavvurining mahsuli bo‘lgan istioralarga ham duch kelamiz:
Go‘zalim, bevafo gulistonim,
Bog‘ umrimda toza rayhonim.
G‘am-u qayg‘ularim hujumindan
Sen eding mehribon nigahbonim.
She’r an’anaviy aruzda – hafif bahrida bitilgan bo‘lsa ham, undagi chaman, bog‘ bilan bog‘liq tasvirlar mumtoz she’riyatni esga solsa ham, yorni gulistonga, rayhonga istiora qilish davr she’riyatida yangilik edi.
Fitratning Vatan qayg‘usi, yurtning xarobligi, jaholat mavzulari qalamga olingan she’rlarida she’rxon qalbini titratguvchi boyqush, haqsizliq shahri, bahorsiz cho‘llar (“Behbudiyning sag‘anasin izladim”); qop-qora haykal, mungli kecha, mungli uy, sham (“Mening kecham”), qullik chuqurlari, qayg‘u tutunlari, zulm zanjirlari, jahannam ilonlari, shayton qo‘shinlari, zulm cho‘lining temir tikonlari (“Yurt qayg‘usi”) singari istioralarga duch kelamiz. Bu istioralar qalbi yoniq ma’rifatparvar yashagan davrning manzarasini tasavvurimizda oydinlashtiradi. Qalbdagi vatanparvarlik, millatparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otadi. Ayni paytda yuksak badiiyat nishonasi o‘laroq estetik zavq tug‘diradi.
Fitrat jonlantirish, o‘xshatish, sifatlash kabi badiiy tasvir vositalaridan ham mahorat bilan foydalangan.
Sen kelgach
Xayolim
Umid, armon chechaklari ochilgan
Uchmoq kabi bog‘chalarda bulbuldek
Sayrab yubordi.
“Nega bo‘yla?” degan ishqiy she’rdan olingan ushbu parcha o‘zining badiiy quvvati bilan mumtoz g‘azallardan hech bir qolishmaydi. Chunki unda shunchaki bayon, ma’lumot qabilida qo‘llangan bitta ham so‘z yo‘q. Har bir so‘z muayyan tasviriy vositaning uzviga aylangan, har bir so‘z visoldan mast oshiqning toza tuyg‘ulari bilan ruhlanib turibdi. Bu manzarada visol – jannatiy bog‘chadek tasavvur etiladi, bu bog‘da umid va armon otlig‘ chechaklar o‘sadi. Yorning tashrifi bilan bu jannatiy chamanda oshiqning xayoli bulbul singari sayrab yuboradi. Birgina “sayrab yubordi” fe’lining o‘zida qancha ko‘tarinkilik, shodlik va oshuftalik mujassam! Yo‘q. Shoir “sayradi” demaydi, aynan “sayrab yubordi” deydi. Mana shu birgina ko‘makchi fe’lning o‘ziyoq kutilmagan shodlikni, pafosni, zavqni ifoda etib turibdi.
Shoir “Yana yondim” she’rida “To‘sib turar yo‘limni umidsizlik qayg‘ulari tongi otmas bir tunday” deya umidsizlikni nihoyasiz tunga o‘xshatsa, “Shoir” she’rida “Bashariyat dunyosin kichik, nozli qanoti uzra qo‘yar” deb, ilhomning, so‘z dunyosining tabiatini ochib beradi.
Mana shu misra darhol ko‘z oldimizga nozik qanotlari bilan uchib yurgan ilhom mabudasini jonlantiradi. Ammo mana shu nozik qanotda shoir bashariyat dunyosini ko‘tarishga qodir! Mana tazod, mana istiora!
“O‘gut” she’rida esa tazodning ajoyib ko‘rinishiga duch kelamiz. She’r o‘zbek yigitiga murojaat tarzida yozilgan bo‘lib, Fitrat aynan mana shu yigitning ko‘zlarida xalqni nurli istiqbolga olib chiquvchi nurni ko‘radi. Shuning uchun uni kurashga, tinmaslikka, harakatga, shijoatga da’vat etadi. Bu da’vat tazodiy fe’llardan tiziladi:
Turma – yugur, tinma – tirish, bukilma – yuksal,
Hurkma – kirish, qo‘rqma – yopish, yo‘rilma – qo‘zg‘al.
Bu parchadagi yo‘rilma so‘zi “sudralma” degan ma’noni anglatadi.
Fitrat barmoq vaznini o‘ziga xos tarzda qo‘llaydi. Chunonchi, uning “Bir oz kul” she’ri 11 hijoli barmoqda yozilgan, ammo 4- bandning 3-4-misralaridan keyin qo‘shimcha misralar kiritilgan:
Tuproq kabi yiqilmisham yo‘lingda deya olmam.
Istar esang menga kelib gapurma, yonimda hech o‘turma.
Bu she’r tashqi jihatdan mustazodni esga soladi. “Ovunchoq” she’ri ham 11 hijoli barmoqda, faqat 5-misra 3 hijoli, 12-misra 7 hijoli, qofiya yo‘q. Savol tug‘iladi: nega bu she’rlarning ayrim o‘rinlarida vazn buzilgan? Buning sababi shundaki, shoir o‘z fikr-kechinmalari, hislarining to‘lqinlarini mana shu tariqa shaklda – notekis ritmda ham ifoda etadi.
Bunday hodisa boshqa she’rlarda ham kuzatiladi. “ishqimning tarixi” she’ri 8+8=16 hijoli vaznda, 2- va 3-bandlarda bu tartib buziladi:
Lekin sen, ay yuragimning birdan bir sevikli yori,
Ko‘rkamlik bog‘chalarinda sezmasdan qayg‘ularimni bulbuldek sayrab ucharding.
Ko‘klarning xoniga o‘xshab – kimlarning o‘rtanishini
Bilmasdan, yerdagilarning dunyosin naq yoritarding.
Qoldikcha bo‘yla xabarsiz ishqimdan, jon chechagim sen,
Ko‘nglimning tuyg‘ulari-la shoirlik sezgularimni
Bu yo‘ldan o‘tka solarding, bir qo‘ldan yerga urarding, ham yo‘q etarding, fikrimning to‘plaganini.
Fitrat she’rlarida ba’zan aksincha holat – muayyan turoqlarning yetishmasligi holati ham kuzatiladi. “Achchig‘lanma degan eding” she’ri 15 misra, 4+4+2=10 hijoli barmoqda, faqat 13-misra 9 hijoli bo‘lib, turoqlari 4+2+3 tartibida keladi. Bizningcha, bu holat, birinchidan, XX asr boshlarida barmoqni o‘zlashtirish yo‘lidagi qiyinchiliklar bilan izohlansa, ikkinchi tomondan, Fitrat qalbidagi erkinlikka bo‘lgan intilish uning she’rlarida, bu she’rlarning shaklida ham o‘zini namoyon etgan.
Fitrat hislarini erkin qo‘ygan, uni aruz ramkalari ichida ham, barmoq ramkalari ichida ham qisintirishni istamagan. Umuman olganda, Fitrat she’riyatda yuksak mahorat namunalarini ko‘rsata oldi. XX asr boshlarida butun Turkistonda yangi kuchga kira boshlagan jadidchilik harakati o‘lkaning barcha sohadagi ishlarining kelajagini belgilab berdi. Jumladan, yangi adabiyot, publitsistika, siyosat va hokazolar. Davr ushbu yo‘nalishlarning xarakterini aniqlab bergan namoyandalarini ham o‘rtaga chiqardi. Ushbu islohotchilik, ya’ni jadidchilik nomi bilan tarixga kirgan keng qamrovli harakat jamiyatning barcha sohalarini teng qamrab oldi. O‘sha davr ko‘zga tashlangan islohotchi shaxslaridan biri Abdurauf Fitrat bo‘lib, uning faoliyati va ijodi yaqin tariximizning eng porloq sahifalaridan birini tashkil qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 
XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda kechgan milliy uyg‘onish harakatlari o‘lka xalqlarining o‘zligini tanishda jiddiy omil bo‘ldi. Garchi bu jarayon jadidchilik, islomchilik hamda turkchilik singari yo‘nalishlarda rivoj topganday bo‘lib tuyulsa ham tez orada madaniy va ma’rifiy sohalarda o‘zining amaliy natijalarini bera boshladi. Xalq moddiy hayoti va ma’naviy dunyosining aksi sanalgan badiiy adabiyot ham ayni o‘sha vaqtlarda milliy shakllanish davriga kirdi.
Abdurauf Fitrat she’riyati haqida so‘z ketganda shuni aytish kerakki, shoir ilk she’ridan boshlab Turk dunyosini, Turkiston birligi, istiqlol g‘oyasini ilgari surdi, u turk dunyosiga millatparvar va yoniq shoir sifatida tanilgan edi. Bu haqda unga zamondosh tanqidchilaridan Abdurahmon Sa’diy shunday yozadi: “Fitrat – hozirgi o‘zbek she’riyatida arab, fors so‘zlariga yo‘lni berkitdi. O‘zbek she’r tuzilishining rivojlanish yo‘llarini belgilay borib, ko‘pgina yosh shoirlarni o‘zining uslubi va tili bilan ergashtira oldi, atrofiga yosh shoirlarni to‘plab ularga til va uslubdan yo‘l ko‘rsatmakdadir”. Fitrat she’riyati nochor qolgan shoirning o‘tli nidolaridangina iborat emas, u Turkistonni oyoq osti qilgan kelgindilarga, jaholat tufayli tovushlari o‘chgan vatandoshlariga achchiq nafratli murojaatidir. She’rlarning shakliy qurilishlari ham mavzu e’tibori bilan o‘ziga xosdir. Bu she’riyat yangicha bo‘lib, yangicha shuur, yangicha dunyoqarashning, yangicha tamoyillarini o‘zida aks ettiradi. Yangi o‘zbek she’riyati butun dunyoni uyg‘otadigan bir qudratga ega bo‘lishi kerak edi.
Bir tarafdan Turkistonda ochlik, qashshoqlik hukm surib turgan zamonda, bir tarafdan rus imperiyasi bilan ingliz jahongirlari Turkistonni egallash haqida yashirin muzokaralar olib borayotgan kunlarda “turklikning qonini qaynatguvchi, iymonini yuksaltguvchi quvvat bergan bir suyunchli so‘z tug‘ildi, ya’ni 27- no‘yabrning kechasinda milliy laylatulqadrimiz bo‘lgan Turkiston Muxtoriyati e’lon qilindi.” Shul qop-qorong‘u dunyoning uzoq bir yerinda oydin bir yulduz kabi yalqillagan bu muxtoriyatni olqishlarkan, Fitrat mahkama eshiklaridan yig‘lab qaytgan, yirtqich jandarmaning tepkisi bilan yiqilgan, yondirilgan, osilgan dindoshlarimizning holatini shunday arz etadi: “Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik, qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi, og‘zimiz qulflandi, yerimiz bosildi, talandi, sharafimiz surildi, nomusimiz g‘asb qilindi, huquqlarimizga tajovuzlar bo‘ldi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi, to‘zumli turdik, sabr etdik. Kuchga tayangan har buyruqqa bo‘yinsundik, butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik. Yolg‘iz bir fikrni bermadik, yashinturdik. Biz yanglishgan edik. Yana yanglishdik. Bu alamli tuyg‘u yangi o‘zbek she’riyatining mag‘zini tashkil qiladi. Yangi o‘zbek she’riyatining buloqlarining ko‘zlarini ochgan buyuk alloma Abdurauf Fitrat bo‘ladilar. O‘ttiz asrlik o‘zbek adabiyoti, xususan o‘zbek she’riyati dunyoviy hodisadir. Bu hodisani tadqiq qiladigan akademiyalar, institutlar, assambleyalar, forumlar kerak. Dunyoviy hodisani dunyo miqyosida amalga oshiradigan kuchli mustaqil demokratik davlat zarur!
Fitratning bizga ma’lum bo‘lgan she’rlari, shu jumladan o‘zbekchalari u qadar ko‘p emas. Mutaxassislar uning o‘zbekcha she’rlari adadini 20 atrofida belgilaydilar. U, taxmin qilish mumkinki, talabalik yillaridayoq she’r mashq qilgan. Ilk she’rlarini Buxoro muhiti an’anasiga ko‘ra forscha yozgan. XX asrning boshlarida uni “Mijmar” taxallusli shoir sifatida taniganlar. Mijmar — xushbo‘y narsalar solib tutatiladigan cho‘g‘don. Ne’matulla Muharram uni o‘z tazkirasiga kiritar ekan, shoirning kasbi (sarrof) va taxallusidan kelib chiqib, so‘z o‘yini qiladi, unga iltifot ko‘rsatadi. Chunonchi uni “udso‘z” (xushbo‘y narsalarni tutatuvchi), “baxurafro‘z” (yoqimli narsalarni yoquvchi) deb ta’riflaydi. Sarrof so‘zining “so‘z ustasi”, “suxandon” ma’nolaridan ham samarali foydalanadi. “Xushbayon”, “majlissheva” (o‘tirishlarga jon kirituvchi), “roqiy” (sehrgar) kabi so‘zlarni ishlatadi.
Birinchi bob bo‘yicha xulosa
1. Fitrat zamonaviy o‘zbek she’riyatining barmoqqa o‘tishida ijodi, she’rlari va ilmiy merosi bilan katta hissa qo‘shgan. Manbalar bilan tanishish jarayonida aruzdan barmoqda birinchilardan bo‘lib she’r yozganligi oydinlashdi.
2. Fitratga zamondosh munaqqidlar va bugungi fitratshunos olimlarning ilmiy maqolalari va tadqiqotlari o‘rganilib, shoir nafaqat milliy she’riyatimizga barmoq vaznini qaytardi, balki tilning sofligiga ham alohida e’tibor qaratgani aniqlandi.
3. Fitrat nafaqat o’z ijodi bilan, balki ilmiy qarashlari bilan ham zamonaviy o‘zbek she’riyati rivojiga katta hissa qo‘shdi. Xususan “she’r va shoirlik” maqolasida ilgari surgan fikrlari unga zamondosh shoirlar va undan keyin adabiyotga kirib kelgan izdoshlari ijodiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
4. Fitratning ilmiy va ijodiy faoliyatining eng yetakchi g‘oyalaridan biri, boshqa jadidlar kabi, milliylik va milliy istiqlol g‘oyalaridir. Bu g‘oyalarni shoir majoziy qiyos va obrazlar bilan, hech kimga o‘xshamagan tashbehlar bilan qiyin siyosiy davrda ayta oldi.


Yüklə 492,57 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə