Yengillashtirilgan konstruksiyali devorlarni terishdan g‘ishtlar sarfini
kamaytirish va terishning xususiy massasini kamaytirish uchun foydalaniladi. Terish
ikkita parallel bo‘ylama terilgan devorlardan har 3...5 qatorda, ba’zan esa undan ham
ko‘proq ko‘ndalang terilgan qator bilan bog‘lashdan iborat. Hosil bo‘lgan bo‘shliq
issiqlikdan izolyasiyalovchi to‘kma, engil beton, isitgich bloklari yoki plitalari bilan
to‘ldiriladi. Ikki va undan kam g‘isht qalinligidagi konstruksiyaning bikirligini
orttirish uchun ko‘ndalang tomoni bilan terilgan qatorlarni turli sathlarda shaxmat
tartibida bajariladi. Engillashtirilgan terishlarning qo‘llanilishi g‘isht sarfini 30...40%
kamaytirishga, mehnat sarfi va ishlar qiymatini ancha qisqartirishga imkon beradi.
Armaturali g‘isht-tosh terish – uning o‘ziga xos xususiyati shundaki,
mustahkamlikni oshirish uchun choklarga armatura turlari yoki alohida sterjenlar
yotqiziladi (4.12-rasm). Ko‘ndalang armaturalash uchun to‘g‘ri to‘rtburchakli sim
to‘rlar yoki “zigzag”(ilon izi) to‘rlar qo‘llaniladi. To‘r sterjenlari diametri 3...8 mm
bo‘lganda sterjenlar orasidagi masofa 30...120 mm atrofida bo‘lishi kerak. “Zigzag”
to‘rlarini ikki qo‘shni qatorlarga shunday joylashtirish kerakki, bunda ulardagi simlar
o‘zaro perpendikulyar joylashishi kerak. To‘rlar vertikal bo‘yicha loyihaga ko‘ra
yotqiziladi, lekin terilgan har 5 qatordan kamida bittasida yotqiziladi. Odatda to‘rg‘ri
to‘rtburchak to‘rlar sterjenlarining diametri 5 mm gacha, “zigzag”lari 5 dan 8 mm
gacha bo‘ladi. Qorishmaning himoya qatlamini ta’minlash uchun terilgan chok
qalinligi sim diametrlaridan kamida 4 mm dan ortiq bo‘lishi kerak.
Bo‘ylama armaturalash uchun siqilgan armaturaning diametri 3 mm dan,
cho‘zilgan armaturaning diametri 8 mm dan kam bo‘lmasligi kerak. Armaturalash
g‘isht terishda joylangan sterjenlar yoki to‘rlar bilan, hamda uning yonida tashqi
tomondan ham amalga oshiriladi, bu ikkinchi holda g‘isht terishda o‘rnatilgan
xomutlar yordamida maxkamlanadi. Armaturalarni zanglashdan muxofaza qilish
uchun quruq sharoitda foydalanishda qorishma markasi 25 dan kam bo‘lmasligi nam
sharoitlarda esa 50 dan kam bo‘lmasligi kerak.
94
4.12-rasm. G‘ishtli ustunlar va derazalar hamda eshiklar orasidagi devorlarni
armaturalash:
a – to‘g‘ri to‘rtburchakli to‘rlar bilan; b – zigzagsimon to‘rlar bilan; 1 – to‘rlar
simlarining chiqib turgan uchlari.