O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus


-§. Turon —Movarounnahr —Turkiston : sivilizatsiyaviylik mezonlari va bosqichlari



Yüklə 3,28 Mb.
səhifə21/58
tarix06.05.2018
ölçüsü3,28 Mb.
#42512
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   58

16-§. Turon —Movarounnahr —Turkiston : sivilizatsiyaviylik mezonlari va bosqichlari
Reja
1.Qadimgi Turon jahoniy maqomining tabiiy va ijtimoiy-madaniy omillari.

2. Turonda sivilizatsiyaning boshlanishi va.Movarounnahrda islom dinining tarqalishi



3. Turkiy sivilizatsiya va Amir Temur va temuriylar davri sivilizatsiyas.

4. Mustamlakachilik va uning aksilsivilizatsiyaviy oqibatlari

5.Jadidchilikning turkiy asoslari
«Turon», «turonliklar» atamasi, ayniqsa, o‘rta asrlardagi arabiy, forsiy va turkiy adabiyotlarda (jumladan, Narshaxiy, Beruniy, Tabariy va boshqalarning asarlarida) ko‘p uchraydi. Qadimda va keyinroq ham Markaziy Osiyoning turkiy qavmlar yashaydigan hududlari turkiylar yurti, Turon nomi bilan yuritilgani manbalarda o‘z ifodasini topgan.

«Turon» atamasi antropologik jihatdan fanda muayyan kichik irqni ifodalash uchun ham ishlatiladi. Geografiyada bu atama Yer yuzidagi eng katta quruqlik va Markaziy Osiyodagi eng katta pasttekislik nomini anglatadi, biologiyaviy jihatdan bu yerda uchraydigan turlarning Turon nomida atalishi mavjud. Shuningdek, Turon Yer yuzining yopiq hududiy mintaqalariga kiradi. Ya’ni mintaqaning o‘zidagi tog‘lardan boshlanadigan barcha daryolar uning ichkarisida qoladi. Uning tog‘lari, daryolari va sahrolari tabiiy to‘siq, chegara sifatida boshqa hududlardan ajratib turadi.

Mintaqa Osiyoning nafaqat tabiiy jihatdan, balki iqtisodiy jihatdan ham strategik o‘rni , tabiiy boyliklarga mo‘lligi, Yevroosiyoning barcha madaniy qismlariga chiqish yo‘llarining mavjudligi mintaqada insoniyat hayotining juda qadimdan rivojlanishini ta’minlagan.

Bu davrda aholining tirikchiligi dehqonchilik va chorvachilikka asoslangan. Dehqonchilik tufayli yuzaga kelgan mehnat taqsimoti natijasida yaratilgan boyliklar hisobiga kishilar jamoalarini turli tashkiliy birliklarda, shu jumladan, jamiyat tarzida uyushtirish va ularni boshqarish vazifalarini ado etish uchun zarur miqdordagi kishilar bilan ta’minlash mumkin bo‘ldi. Keyinroq bu jarayon maxsus boshqaruvni shakllantirdiki, oxir-oqibatda davlat boshqaruvi vujudga keldi. Shuningdek, u jamiyatning muayyan tabaqalanishiga va aholining urbanizatsiyalashuviga, ya’ni shaharlar paydo bo‘lishiga zarur turtki bo‘ldi. Bu endi sivilizatsiyaning kelib chiqishidan dalolat edi.



Turonda sivilizatsiyaning boshlanishi. Bu yerda protodavlatlarning shakllanishi manbalarda miloddan avvalgi IX-VIII asrda boshlangani aytiladi. Tegishli tarzda bu hol ma’naviy hayotda o‘z ifodasini topgan. Qadimgi Turonda ijtimoiy munosabatlarda diniy qadriyatlarning ta’siri ham kuchli bo‘lgan.

Sharqdagi barcha an’anaviy jamiyatlarda bo’lgani singari Qadimgi Turonda ham ijtimoiy munosabatlarda diniy qadriyatlarning ta’siri kuchli bo’lgan. Mintaqa insoniyatga zardushtiylik dinini bergan.

Dualistik xususiyatga ega bo‘lgan zardushtiylik dini ko‘p xudolikdan yakka xudolikka o‘tishda muhim bosqich hisoblangan. Unda odamlarni xudolarga qurbonlik qilish man qilingan. Chunki inson yashash uchun yaratilgan va shunga ko‘ra uning hayotiga zavol bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q.

Bu dinning payg‘ambari Zardusht yagona xudo — Axura Mazdaga ibodat qilishni targ‘ib qilib unga oltita oliyjanoblik — haqqoniylik, donolik, aqli rasolik, hokimiyat, salomatlik va chidamlilik sifatlari xosdir, deydi. Zardushtiylik dinida havo, yer, suv va olov muqaddas hisoblangan.

Bu din Turon doirasidan chiqib Fors mamlakatida ham keng tarqalgan. Fors hukmdorlari zardushtiylik ta’limotini ifodalagan muqaddas «Avesto» qismlarini to‘plaganlar.

Zardushtiylik dini o‘z ichiga olamning yaxlit qiyofasini ham olgan. Unga ko‘ra olam yulduzlari qavati — oliyjanob fikrlar, oy yorug‘i — oliyjanob so‘zlar, quyosh qavati — oliyjanob ishlar, alohida nur sohasi — Axura Mazda va uning yaqinlari makonidan iborat. Axriman podsholigi — do‘zax, jahannam hisoblanadi. Ular o‘rtasidagi oltin davrdan boshlangan kurash keskin tus olib, halokat bilan yakunlanishi ham mumkin edi. Lekin barcha jarayonlar yana qaytadan boshlanadi va ezgulikning muqobili — zulmat timsoli bo‘lgan Axrimanning yengilishi bunga olib kelmaydi.

Zardushtiylik faol dunyoviy jamiyat tantanasiga ta’sir qiladigan g‘oya sifatida tavsif etiladi.

Zardushtiylik dinining yahudiylar dini va nasroniylikka ham tegishli ta’sir ko‘rsatganligi mutaxassislar tomonidan tan olingan. Keyinroq undan moniylik diniy ta’limoti o‘sib chiqqan.

Turonda avlodlar merosiga yuksak darajada sodiqlik an’anasi har doim ustunligi bilan ajralib turgan. Jamoachilik kishilar o‘rtasidagi munosabatlarda muhim hisoblangan.

Turonliklar qadimdan qo‘shni xalqlar bilan keng aloqada bo‘lganlar, ular migratsiyasi Yunoniston va Misrgacha borgan. Turonda ham oromiy yozuvidan foydalanilgan. Keyinroq bu yozuvdan qadimgi so‘g‘diy, baqtriyaviy, parfiyaviy va xorazmiy yozuvlar kelib chiqqan.

Bu yerdagi xalqlarning iqtisodiy va ma’naviy-madaniy aloqalarni ifodalagan savdo yo’llari juda qadimdan Sharq va G‘arbni bog‘lagan.

O’troq va ko’chmanchi xalqlar madaniati. Turonda ham Sharq mintaqalari aksariyat qismlarida uchraganidek, dehqonchilik va chorvachilik moddiy-madaniyat tarzlari sifatida yonma-yon mavjud bo‘lgan. Ya’ni, dehqonchilikka asoslangan hayot tarzi daryolar, ba’zi joylarda dengiz bo‘ylarida ham rivojlangan. Bu joylar bilan tutash kengliklardan katta-katta cho‘llar, sahrolar boshlangan. Turkistonda bularni kesib o‘tgan Sirdaryo va Amudaryo hayot kechirishda dehqonchilikkagina emas, balki chorvachilik uchun ham muhim omillar hisoblangan. Boshqa mintaqalardan farq qilib, bu yerda hududiy ikkita chegara o‘zaro ajratilmaydi. Bu ikki xo‘jalik tarzi o‘zaro bir-biriga bog‘liq bo‘lgan.

Sharqqa xos umumiylik — yerga bo‘lgan ijtimoiy mulkchilik (yoki davlat mulkchiligi)ning mavjudligidir. Xususiy mulkchilikka juda cheklangan tarzdagina yo‘l qo‘yilgan. Bu yerda ham huquqiy institutning qator sohalari (masalan, meros huquqi) amalda bo‘lgan. Bunga ko‘ra ota-ona, oila, urug‘ yoki qabila ixtiyoridagi mulk muayyan holatlarda meros huquqiga ko‘ra taqsimlangan.

Bu yerda Muhammad Payg‘ambarning yer, suv va yaylov barchaga tegishli, degan qoidasi ayni to‘g‘ri kelganday edi. Aslida kuch-mulk, hokimiyat - mulk tamoyili oxir-oqibatda o‘zini namoyon etardi. Mulkning ana shunday tabiati yuqorida turli jihatlardan tilga olingan an’anaviylik kishilarning ilk jamoalaridan tortib yaqin vaqtlargacha ham amalda bo‘lishini taqozo etdi.

An’anaviylik avvalboshdan ma’naviy qadriyatlar bo‘lgan o‘zaro yordam, birgalikda umumiy yumushlarni bajarish, o‘zaro tenglik va hokazolarni yuzaga keltirdiki, bular ba’zan munosabatlarda tekischilik hukmron bo‘lishiga ham olib keldi. Natijada shaxsiy tashabbusdan, individual faoliyatdan manfaatdor bo‘lmaslik kabi

holatlar qaror topdi.

Movarounnahrda islom dinining tarqalishi. Bu yerda islomning tarqalishi Muhammad payg‘ambar vasiyatlariga ko‘ra amalga oshganligi manbalarda aytiladi. Islom payg‘ambari musulmonchilikning tarqalishida fathni birinchi o‘ringa qo‘yganligi ma’lum.

Islomning tarqalishi ham dastlab payg‘ambar qo‘llagan tamoyillarga mos bo’ldi. Movarounnahrda islom dinini yoyish bilan bog‘liq arablarning yurishlari to‘rt marta amalga oshirildi. Katta o‘lja, soliqlar va musulmon bo‘lish evaziga katta urush bo‘lmadi va qon to‘kilmadi.

Oxirgisida Xurosondagi noib Qutayba ibn Muslim musulmonchilikni zarur bo‘lgan joylarda kuch bilan joriy etdi va hududning barcha madaniy qismini xalifalik tarkibiga qo‘shib oldi.

Islom dini tarqalishi natijasida ilgari shakllanib bo‘lgan ma’naviyat o‘zining qariyb barcha ko‘rinishlarida jiddiy o‘zgarishga uchradi. Jumladan, oilaviy hayot, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va axloqiy munosabatlarda musulmonchilik ustun mavqega ega bo‘ldi.

Movarounnahrda islomiy e’tiqod mustahkam qaror topdi. Hududda ijtimoiy ko‘tarilish yuz berdi. Bu yerdan chiqqan olim-u fozillar xalifalik markaziy shaharlarida ham ko‘zga yaqqol tashlandi. Movarounnahrda diniy ta’limotlar bilan birga dunyoviy bilimlar, xususan, tabiatshunoslik rivojlanishi alohida e’tiborga molik. Albatta, passionarlik bu jihatdan ham o‘z natijasini ko‘rsatdi, deyish mumkin.

Islom dini yoyilishining sivilizatsiyaviy jihati shundan iborat bo‘ldiki, Movarounnahrdagi 20 tacha bekliklarga bo‘linib ketgan tarqoqliklar o‘rnida Xuroson viloyati tarkibidagi nohiya qaror topib, islomiy sivilizatsiya doirasiga tortildi.

Islom dini bir yarim — ikki asr ichida jahon miqyosida yangi sivilizatsiyaning

qaror topishiga olib kelganligi to‘g‘risida xolis ilmiy fikrni birinchi bo‘lib ko‘pchilik

G‘arb olimlari (masalan, Adam Mets (1876—1916) o‘zining «Musulmon renesansi» degan asarida) ilgari surgan.

Turkiy sivilizatsiya. Tarixiy jarayon kechishiga sivilizatsiyaviy yondashish tamoyillari talablariga muvofiq Renesans davri yangi sivilizatsiya boshlanishi tarzida baholanishi mumkin. Agar G‘arbda uzoq turg‘unlikdan keyin Antik Yunoniston va Rim sivilizatsiyasi yutuqlari XIV—XVI asrlarda o‘zlashtirilib, uni tiklashni bildirsa va bir marta kechgan bo‘lsa, hozir markazini O‘zbekiston davlati egallagan katta hududda bu jarayon ikki marta - arabiy-islomiy sivilizatsiya tarkibida IX—XIII asrlarda va Temuriylar davrida yuz berib, Turon-Movarounnahr hududi muhim makon bo’lgan edi. Buni tarixiy nomi bilan turkey sivilizatsiya deyish mumkin. Bunda etno-siyosiy zamin turkiy xalqlar va ularning islomiy davlatchiligi bo‘lgan. Insoniyat tarixini turkiy xalqlar o‘tmishisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ularning Yevropa, Osiyo va hatto Shimoliy Afrika xalqlari taqdiri va tarixida qanday rol o‘ynagani fanda ma’lum. Milodiy birinchi mingyillik oxirlarida shakllangan ikkita turkiy davlat — Qarluqlar davlati va O‘g‘uz davlati o‘zlari tashkil topgan hududlarida turkiy etnosni birlashtirdilar. Musulmonchilikni qabul qilib, G‘arb va G‘arb-u Janubga siljishlari bilan butun O‘rta Sharq va Old Osiyo xalqlari hayotiga kuchli ta’sir ko‘rsatdilar.

Movarounnahrga tutash bo‘lgan shimoliy va sharqiy hududlarda sof turkiy davlatlar qaror topganidan so‘ng esa bu yerda ham siyosiy boshqaruv turkiylar qo‘liga o‘ta boshladi.



Hadisshunoslar faoliyati. IX—X asrlarda Movarounnahr Markaziy Osiyodan chiqqan allomalar Imom al-Buxoriy (810—870), Hakim at-Termiziy (824—894), Sulaymon Sijistoniy (817—880) kabi mutafakkirlarning hadisshunoslik faoliyati ma’naviy madaniyatni jiddiy rivojlantirdi.

Qur’oni Karimdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan manba — hadislar islom payg‘ambarining din, axloq va falsafadan tashqari ham hayotning ko‘pgina sohalariga tegishli ko‘rsatmalaridan iborat. Ularda mehr-oqibat, insonparvarlik, halollik, oliyjanoblik, sof ko‘ngillilik, oqibatlilik, insof-adolat, hurmat-izzat, mehnatsevarlik,

ilmning ahamiyati va hokazo qadriyatlar ifodalangan.

Diniy va dunyoviy bilimlar. Movarounnahrdagi islom ilmining rivojlanishi Arab-islom xalifaligida jiddiy ravnaqqa erishgan. Bu yerda ma’naviy-madaniy ravnaq o‘z davri uchun jiddiy yuksaklikni, g‘oya va e’tiqodlarning tengligini, e’tiqodiy bag‘rikenglik, sabrtoqatlilik, hurfikrlilikni ifodalagan lokal turkiy sivilizatsiya doirasida yetishib chiqqan Burhoniddin Marg‘inoniyning (1123—1197) «Hidoya» asarida erishilgan yuksak sivilizatsiyaviy maqom shundan iboratki, unda shariat qonunchiligi, musulmonlar jamiyatining barcha jihatlari nafaqat huquqiy, balki nazariy-metodologiyaviy yechimlari ham lozim darajada o‘z aksini topgan. Shunga ko‘ra «Hidoya» musulmonlarning bosh dorilfununi, al-Azharda (Misr) hozirgacha xanafiya mazhabi fiqhi bo‘yicha asosiy qo‘llanma sifatida uzluksiz o‘qitilib, o‘rganilib kelinadi.

Turkiy lokal sivilizatsiya, xalifalikdagi bosh ma’rifatparvar Ma’mun (813—833-yillarda xalifa bo‘lgan) va Bag‘doddagi mo‘taziliylar oqimi ko‘rsatgan faoliyatning davomi sifatida qaror topdi. Bag‘dodda «Bayt ul-hikma» boshlig‘i bo‘lgan Muhammad al-Xorazmiy (783—850) matematikaning barcha asosiy sohalari, geografiya, tarix va boshqa fanlarning qator tarmoqlari bo‘yicha jahonshumul tadqiqotlarni bajarishgan.

Ahmad al-Farg‘oniy (861-yilda vafot etgan) tabiatshunoslikning ko’pgina muhim sohalari bo‘yicha katta jasorat ko‘rsatgan olim sifatida vatanining shuhratini keng yoydi. Uning birgina «Astronomiya negizlari» asari Yevropada N.Kopernikka qadar asosiy qo‘llanma bo‘lgan.

Qomusiy bilimlar sohibi Abu Nasr al-Forobiy (873—950) birinchi manbalar asosida qadimgi yunon madaniyatini chuqur o‘rganib, Sharq Arastusi — «Ikkinchi muallim» nomini olgan hamda o‘z ilmiy va amaliy faoliyati bilan jahonga mashhur bo‘lgan siymodir.

Ulkan mutafakkir olim, o‘z davri bilimlari barchasini egallagan, Shayx ur-rais Faxriy unvoni sohibi bo‘lgan Abu Ali ibn Sino tibbiyotga oid birgina «Tib qonunlari» asari bilan dunyo tabobat ilmiga asos soldi.

Sharqning benazir qomusiy olimi, chuqur tafakkur sohibi Abu Rayhon al-Beruniy (973—1048) o‘zi faoliyat ko‘rsatgan ilm sohalarida ko‘pdan ko‘p yangiliklarni bergan. U, jumladan, X.Kolumbdan 460 yil oldin Amerika qit’asi borlig‘ini hisoblab topgan, N.Kopernikdan 500 yil ilgari geliotsentristik nuqtayi nazarni asoslagan. Bu o‘rinda uning doimiy homiysi, o‘rta asrlar turkiy davlatchiligining yirik vakillaridan bo‘lgan Mahmud G‘aznaviyning ham xizmatini ta’kidlash lozimdir.

Abu Abdulloh al-Xorazmiy (997-yilda vafot etgan) Vatan madaniyati tarixida qomusiy olim sifatida mashhur bo‘lgan. Xorazm va Buxoroda yashab ijod etgan bu siymoga shuhrat keltirgan hamda bizgacha yetib kelgan «Ilmlar kaliti» asari bilimlarning barcha sohalarini o‘z ichiga olgan.

Ijtimoiy-gumanitar bilimlar. IX—XII asrlarda Movarounnahrda yuz bergan sivilizatsiya davrida fanning ijtimoiyotshunoslik sohasi ancha rivojlandi. Abul Hasan Boyhaqiyning (995—1077) o‘ttiz jildlik tarixiy asarida g‘aznaviylar davri tarixi batafsil yoritildi. Majidduddin Adioning «Turkiston mamlakati tarixi», Muhammad Narshahiyning (899—959) «Buxoro tarixi» kabi asarlari tarix ilmining rivojlanganligidan dalolatdir. Fanning filologiya, geografiya sohalari Mahmud Qoshg‘ariyning (IX asr) «Devonu lug‘oti turk» asarida, filologiya, fiqxshunoslik, islom tarixi, falsafa masalalari Mahmud az-Zamahshariyning (1075—1144) ko‘pgina asarlarida fundamental tadqiq qilinadi. Bu mutafakkirlarning ayniqsa turkiy va arab tilshunosligiga doir qarashlari hozir ham ahamiyatini yo‘qotmagan.

Movarounnahrda somoniylar va g‘aznaviylar davlatchiligi davrida hukmdorlar homiyligida adabiyot rivoj topdi. G‘azna shahrida 400 dan ortiq ijodkor to‘planganligi manbalarda ko‘rsatilgan. Bular orasida Abulqosim Firdavsiy ham bo‘lgan.

Turkiy hududiy sivilizatsiya doirasida Sharqiy Turkistondan Yettisuv, Farg‘ona, Movarounnahrdan Xurosonga qadar hududlarda turkiy tilda badiiy ijodning yorqin qadriyatlari yaratilganligi manbalarda aytiladi. Bizgacha yetib kelganlari orasida Yusuf Xos Hojibning (XI asr) «Qutadg‘u bilig» («Saodatga boshlovchi bilim»), Ahmad Yugnakiyning (XII asrning ikkinchi yarmi — XIII asrning boshi) «Hibbat ul-haqoyiq» («Haqiqatlar armug‘oni»), Ahmad Yassaviyning (1166—1167 yilda vafot etgan) «Hikmatlar» asarlari alohida ahamiyatli.

Ma’naviy ko‘tarilish Buxoro, Samarqand, Xiva, Urganch, Marg‘ilon, Termiz, Marv, Farg‘ona kabi shaharlarning gurkirab o‘sishiga xizmat qildi.

Hududimiz sivilizatsiyasining birinchi davriga xos jihatlarni quyidagicha ko‘rsatish mumkin: birinchidan, milliy-mintaqaviy davlat mustaqilligi bilan bog‘liq muhim omillar; ikkinchidan, ma’naviy o‘zgarishlar markazida insonning komillikka erishuvi masalalari; uchinchidan, axloq-odob masalalari; to‘rtinchidan, bu davr bilimlarida diniy va dunyoviy qarashlar mushtarak tarzda tadqiq etilgan. Shunday qilib ushbu davrda yaratilgan ilmiy meros o‘zining olamshumul ahamiyati bilan yurtimiz dovrug‘ini olamga taratib kelmoqda.

Zardushtiylik dini o‘z ichiga olamning yaxlit qiyofasini ham olgan. Unga ko‘ra olam yulduzlari qavati — oliyjanob fikrlar, oy yorug‘i — oliyjanob so‘zlar, quyosh qavati — oliyjanob ishlar, alohida nur sohasi — Axura Mazda va uning yaqinlari makonidan iborat. Axriman podsholigi — do‘zax, jahannam hisoblanadi.



Amir Temur va temuriylar davri sivilizatsiyasi. Ma’lumki, barcha buyuk shaxslar o‘z davrining ulkan muammolari, mislsiz qarama-qarshiliklarini zimmalariga olib yashaydilar. Amir Temur ham tarix sahnasiga chiqqanida mo‘g‘ullarning 140 yillik istibdodi oqibatida xalq ommasi ma’naviy qashshoq, iqtisodiy nochor va siyosiy huquqsiz edi. Shunday sharoitda Temurning faoliyati milliy mustaqillikni tiklab, markazlashgan davlat tuzishga qaratildi.

Amir Temur nafaqat turkiy dunyoda sivilizatsiyaning vujudga kelishiga zamin yaratdi, balki islom mintaqasida uning rivojlanishiga ko‘mak berdi. Temur va uning avlodlari davri sivilizatsiyasi, ma’naviy qadriyatlari birinchi navbatda turkiy va, shuningdek, fors-tojik tillarida yaratildi. Bundan ilgari arab tilida yaratilgan ma’naviy

qadriyatlar lozim darajada o‘zlashtirildi.

Amir Temurdan avval va keyin o‘tgan ne-ne jahongirlar, jumladan, Qurush22, makedoniyalik Iskandar23 , Sezar24 , Chingiz25 , Napoleon26 va boshqalarning birontasi yangi sivilizatsiya asoschisi bo‘la olmagan.



Temur tuzuklari. Temurning sivilizatorlik faoliyati ko‘lami o‘z davri uchun muhim bo‘lgan barcha sohalarni qamragan edi. Muhim siyosiy-huquqiy va dasturiy manba sifatida katta ahamiyatga ega bo‘lgan «Temur tuzuklari»da keltirilishicha davlat boshqaruvi o‘n ikki tamoyilda amalga oshirilgan:

— har yerda va har vaqt islom dinini quvvatladim».

- ”Adolat va insof bilan tangrining yaratgan bandalarini o‘zimdan rozi qildim… Zolimlardan mazlumlar haqqini oldim».

- “maslahat, kengash, tadbirkorlik, faollik va hushyorlik-ehtiyotkorlik bilan g‘anim qo‘shinlarini yengib, mamlakatlarini o‘zimga bo‘ysundirdim. Saltanat ishlarini murosayi madora, muruvvat va sabr-u toqat bilan yurgizdim”.

- « o‘tgan sultonlarning qonunlari va turish-turmushlarini donolardan so‘rab-surishtirdim. Har qaysilarining yo‘l-yo‘riqlari, turish-turmushlari, qilishqilmishlari,

aytgan gaplarini xotiramda saqladim va yaxshi axloqlari, ma’qul sifatlaridan namuna olib, unga amal qildim».

- olimlar, sipohlar, bahodirlar bilan ittifoq bo‘lib, mard-u maydonligiga tayanib 30 tacha mamlakat tasarruf etilar ekan — bu ular bilan qilingan oqilona munosabatlarning natijasidir.

- adolat va insof bilan ish ko‘rib, kishilarga haqqoniyat yuzasidan muomalada bo‘lish muhim hisoblangan.

- sayyidlar, ulamo-yu mashoyix, oqil-u donolarni e’tiborli hisoblab, ularning maslahati bilan davlat ishlarini ta’minlagan.

- puxta o‘ylab boshlangan ishni azm-u jazm bilan nihoyasiga yetkazishga erishgan.

- raiyat ahvolidan doimo xabardor, har bir ulus, xalq va toifa bilan lozim darajada munosabatda bo‘lgan.

- saltanat tasarrufidagi turk-u tojik, arab-u ajamning ulug‘ini hurmat qilgan, qadriga yetgan, aybiga iqror bo‘lganlarni kechirgan.

- hukmdor mansabning qaysi darajasida bo‘lishiga qaramay farzandlar, qarindosh-urug‘, yor-u birodarlarning sodiqlik qilganlarini unutmaslikni muhim sanagan.

- boqiy mato bo‘lgan jonlarini foniy dunyoga bag‘ishlagan sipohlarni qadrlash, bunda ularning o‘z valine’matlari sodiqligini hisobga olish zarur hisoblangan.



Temuriy ma]rifatchilik. Islom ma’rifatchililigiga bo‘lgan e’tiborni Temurning muhim sifatlaridan hisoblamoq kerak. Islom dini peshvolari shaxsi, ta’limotlari, mozor va maqbaralariga alohida e’tibor bergan. Xalifa Ali, Payg‘ambarning forsiy sahobasi Salmon, Xanafiya mazhabining asoschisi imom A’zam ibn Xanafiya, imomlardan Hasan ibn Ali, Muso Kozim, Muhammad Toki, Ali ibn Muso, so‘fiylar Abduqodir Jiloniy, Ahmad Yassaviy, Zangi ota qabrlari obod qilinib, ziyoratgohlarga aylantirildan.

O‘tmishda biron-bir hukmdor hozirgi jahoniy dinlarning birontasiga ham Temurchalik e’tibor bermagan bo‘lsa kerak. Bu Temuriy ma’rifatparvarlik faoliyat insonda va jamiyat miqyosida ma’naviy qadriyatlarning salmog‘i va ahamiyatini oshirmasligi mumkin emas edi.

Ular xurosonlik mashhur ulamo Zayniddin Abu Bakr Toybodiy, movarounnahrlik shayx Shamsiddin Kulol va Said Baraka. Shuningdek, Samarqandda o‘z davrida mashhur bo‘lgan ulamolardan Abdujabbor Xorazmiy, Bahriddin Ahmad va boshqa taniqli siymolar har doim uning e’tiborida bo‘lgan.

Temur davlatida Samarqand siyosiy poytaxtgina emas, balki ilmiy markaz ham edi. Bu yerga olim va mutaxassislar olib kelinib ularning matematika, me’morchilik, san’atshunoslik va boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatishi uchun hamma sharoit yaratib berildi. Bu to‘g‘rida Movarounnahrda bo‘lgan yevropalik sayohatchilar yetarli ma’lumotlar qoldirganlar.

Samarqandning yuksak darajada yuksalishi Temur davriga to‘g‘ri keladi. Hukmdor bu yerda ulkan me’morchilik ishlarini amalga oshirdi. Poytaxt atrofida o‘sha davrda jahonda mashhur bo‘lgan shaharlar nomlariga go‘zal manzilgohlar barpo etildi. Umuman, Temur amalga oshirgan qurilish-me’morchilik namunalari jahon san’atining yuksak namunasi bo‘lgan.

Temuriylar davri. Amir Temur faoliyati bilan boshlangan sivilizatsiya bosqichi temuriylar— Shohruh (Sohibqironning o‘g‘li) Ulug‘bek (uning o‘g‘li), Husayn Boyqaro, Bobur (avlodlari) davrida davom ettirildi.

Temur vafotidan so‘ng uning saltanati o‘rnida markazlari Samarqand va Hirot shaharlari bo‘lgan Movarounnahr va Xuroson davlatlari qaror topadi. Bu davlatlardagi sivilizatsiya ayniqsa, Muhammad Tarag‘ay — Ulug‘bek (fan), Alisher Navoiy (ma’naviy madaniyatning ko‘pgina sohalari), Zahiriddin Bobur (asosan Hindistonda sarkardalik, badiiy ijod, geografik-tarixiy ishlar) faoliyatlari bilan bog‘liq. Haqiqatan ham bu yerda 1018 ta yulduz o‘rganilib jadval tuzilgan. Zarur asboblari ham maxsus tayyorlangan, o‘lchov ishlari o‘ta aniqlikda olib borilgan. Bunday akademiya o‘z davrida ham, ancha keyingacha ham hech qayerda bo‘lmagan. Shuningdek, Ulug‘bek tarix va musiqaga oid ilmiy ishlar yozgan.



Alisher Navoiy faoliyati. Temuriylar davlatchiligi madaniy tarixini, ayniqsa Xurosonda buyuk gumanist, o‘rta asrlar sharoitida despotism va zulmga qarshi kurashgan, xalq himoyachisi Alisher Navoiyning serqirra faoliyatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Mamlakatda Bosh vazir vazifasida ishlagan Navoiy davlat boshqaruvining kuchli bo‘lishiga, jamiyatda adolatning ustuvor bo‘lishiga hissa qo‘shdi. Dinning ravnaqiga ko‘mak berdi. Olim-u fozillarga rahnamolik qildi. San’atning ko‘p tarmoqlari rivojlanishiga homiylik ko‘rsatdi. Juda katta mol-u mulkka ega bo‘lgan Navoiy Davlat xarajatlarining ham ma’lum qismini o‘zi ko‘tardi.

Bular qanchalik keng ko‘lamli, ulug‘ va go‘zal obidalar bo‘lmasin, baribir Navoiy komilligini uning badiiy ijodi nihoyasiga yetkazdi. Shoirning shakllanishida birinchi navbatda an’anaviy turkiy va forsigo‘y adabiyotning o‘rni g‘oyat katta bo‘lgan.

Navoiy badiiyatining markazida inson, xalq, Vatan turadi. Uning ideali komil inson, din-u diyonatli farovon xalq va gullabyashnayotgan yurtdir. Asarlarining qahramonlari ishq-u sadoqatda, do‘st-u birodarlikda, adolat-u tinchlikda komillik darajasiga ko‘tarilgan siymolardir. So‘fiylikning ilm va naqshbandiya tariqati zaminida turgan shoir har doim mehnatni ulug‘lagan.

Turkiy islomiy sivilizatsiya vakili bo‘lgan Navoiyning bunday katta badiiy qudrati haqida uning ustozi Abdurahmon Jomiy gapirar ekan: “Ravnaqdan qolib ketgan va xorlik burchagidan o‘rin olgan turkiy so‘zga yangidan hayot berdi. Uni ijod maydoniga olib chiqdi. U forsiy tilda yozganda, boshqalarda so‘z aytishga majol qolmasdi. Bu mo‘jizakor nazm qarshisida Nizomiy kim-u Xusrav kim bo‘ldi?!” — deydi.

Navoiyning sivilizatorlik roli yana shundaki, qator turkiy xalqlar shoirlari forsiyda qalam tebratish an’analarini to‘xtatib, uning ketidan ergashib, o‘z etnosi tilida ijod qila boshladilar. Masalan, Ozarbayjon shoirlari Navoiyga qadar forsiygo‘y bo‘lsalar, so‘ngra Fuzuliydan Nobariygacha ozar turkiysiga o‘tganlar. OzarbayjondanNavoiy turkiy adabiyot asoschisi tarzida qadrlanadi.

Navoiydan keyin temuriylar davri sivilizatsiyasi maqomida faoliyat ko‘rsatgan shaxs — bu temuriy sulola vakili Zahiriddin Muhammad Bobur edi. U mashhur lashkarboshi27, o‘zga yurtda yangi saltanat yaratgan28 ma’rifatparvar davlat arbobi29, g‘oyat nozikta’b ijod sohibi, zukko olim, mamlakat obodonligiga rahnamo sifatida Movarounnahr, Xuroson va Hindiston xalqlari tarixiga kirgan.

Markaziy Osiyodagi Ikkinchi renessans davri namoyondalari ham olam sivilizatsiyasining rivojlanishiga salmoqli ta’sir ko‘rsatdi va ko‘rsatib kelmoqda.
Sivilizatsiyaviy turg’unlik. Amir Temurning sivilizatsiyaviy maqom talablariga har jihatdan javob beradigan serqirra faoliyati Movarounnahr, Turkistonda uzoq muddat o‘z ta’sirini ko‘rsatdi va o‘ziga xos taraqqiyotni ta’minladi. Lekin bir qator obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra Temurning vatanida uning yetuk izdoshlari sa’y-harakatlariga qaramay XVI asr boshlarida sulolaviy almashuv sodir bo‘ldi. Yurt Dashti qipchoqdan kelgan Muhammad Shayboniyxon boshliq ko‘chmanchilar tomonidan zabt etildi.

Sharqning an’anaviyligi Movarounnahrga hukmdorlar dashtdan olib kelgan davlat-siyosiy boshqaruv sharoitlarida yaqqol ko‘zga tashlandi. Kuch — hokimiyat tamoyili to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qildi. Hukmdor irodasiga na din, na odat, va na ayni malikalarning xohishi qarshi tura olmadi. Shundan keyin o‘tgan vaqt mobaynida faqat ikki hukmdor — sulola asoschisi Shayboniyxon va uning avlodidan iste’dodli Abdullaxon II davrida markazlashgan yirik davlat tuzilmasiga ega bo‘lindi. Bu o‘z navbatida yalpi rivojlanishga muayyan ko‘mak bermasligi mumkin emasdi.

Shayboniylar o‘rniga kelgan va ularga qarindosh bo‘lgan Ashtarxoniylar sulolasining yurtda bir yarim asrcha hukmronligi oldingi erishilgan darajani ham saqlab qolish nari tursin, balki ancha orqaga ketishiga olib keldi. Ularning har birida yalpi sivilizatsiyaviy orqaga ketishlik bilan birga u yoki bu sohalarda qandaydir jonlanishni (masalan, sug‘orish tizimida) ham ko‘rish mumkin edi. Lekin bu hududiy umumiy bozorni, XVI asr — XIX asrning birinchi yarmida Turkistondagi sivilizatsiyaviy turg‘unlik xo‘jalik ixtisoslashuvini, siyosiy-etnik va ma’naviy yaxlitlikni ta’minlashga qodir jarayon bo‘la olmagan.

Turkiston hududiy jihatdan o‘ziga xoslikka ega. Masalan, faqatgina O‘zbekiston tarkibiga kirgan hududda Xorazm cheksiz sahro, Farg‘ona vodiysi va Surxondaryo tog‘lar, Samarqand va Buxoro Qashqadaryodan katta cho‘llar orqali bir-biridan ajralib turadi. Shunga ko‘ra yurtning katta-kichik bekliklarga bo‘linishi, beklarning esa doimo mustaqillikka intilish hissi ustun bo‘lavergan.

Bunday sharoitda ma’naviy sohada o‘zbek xalqi o‘tmish ajdodlari erishgan darajani saqlab qololmasligi aniq edi. Shunga qaramay madaniy hayot so‘nib ham ketmadi. Xonliklarning umumiy darajasidan birmuncha yuqoriroq tarzda adabiyot, san’atning boshqa ba’zi turlari, tarixnavislik, umuminsoniy qadriyatlar hisoblanishi mumkin bo‘lgan an’analar va odatlar, hunarmandchilikning turli tarmoqlari mavjud edi.

Uch xonlik sharoitida ularni birlashtirib, o‘tmishda bo‘lganidek, yaxlit mamlakatni yuzaga keltirishni ziyolilarning ma’lum qismi orzu qilgan.

Rossiya imperiyasi mustamlakachiligining aksilsivilizatsiyaviy oqibatlari.G‘arbiy Yevropada boshlangan industrial sivilizatsiyaning iqtisodiy ehtiyojlari Osiyoning ancha qismini, Amerika, Afrika, Avstraliya qit’alarini mustamlaka maqsadlarida bosib olish va o‘zlashtirishni kun tartibiga qo‘ygan edi. Rossiya davlati esa yangi hududlarni bosib olishda katta qulayliklarga ega edi. Rossiya bosqinchiligi G‘arbiy Yevropa mamlakatlarining mustamlakachilik siyosatida bo‘lganidek, asosan iqtisodiy manfaatlar bilan cheklanmay, balki siyosiy-harbiy maqsadlarni ham ko‘zlagan edi. Markaziy Osiyoda Rossiya bilan Hindistonda turgan Angliyaning o‘zaro to‘qnashuvi xavfidan tashqari, Rossiyaning Qrim urushida Turkiya va Yevropaning asosiy davlatlaridan yengilganligi uchun Xonliklarning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishining sivilizatsiyaviy oqibatlari turkiy xalqlardan buning muqobilini qaytarib olishi ham ushbu mustamlakachilikdan kutilgan edi. Shu sababdan ham bosqinchilik g‘oyat shafqatsiz kechdi.

Rossiya mustamlakachilari Turkistonning bosib olingan hududlarida hayotning hamma sohalarini o‘z davlati, millati xohishiga ko‘ra o‘zgartirish harakatini boshlab yubordilar. Bosh gubernatorlik tuzildi, uning boshlig‘i podsho noibi, qo‘shinlar qo‘mondoni, kazaklar atamani, bosh mirshab, bosh prokuror, vassallar hisoblangan

Buxoro va Xivaning nazoratchisi edi. Ko‘rinib turibdiki, IX asrning ikkinchi yarmida boshqaruvning bu tarzi shu davrdagi Yevropa sivilizatsiyasida erishilgan maqomga mutlaqo mos kelmagan va sof rus mustamlakachilik edi.

Shahar va qishloqlarni boshqarish ham mustamlakachilik maqsadlariga bo‘ysundirilib, ko‘chirib keltirilgan rus aholi manfaatlariga xizmat qilgan. O‘lka darvozasi lang ochiq — unga Rossiyadan istagan toifadagi aholi kelib mahalliy xalq hisobidan juda ko‘p narsalarga erisha boshlaganlar. Bularni hatto Rossiyaning o‘zida kinoyali tarzda «janob toshkentliklar» deb atashgan. Iqtisodiy jihatdan rus mustamlakachiligi shunda ko‘rinadiki, ulkan boyliklarni talash maqsadida soliq siyosatidan tortib temir yo‘llar qurilishigacha barcha vositalar ishga solindi.

Metropoliya (Markaz) Turkistonga sanoat mahsulotlarini sotish bozori sifatida ham qaragan. Sotilgan mahsulotlar puliga ipak, paxta, teri, quruq mevalar xarid qilinib, markaziy shaharlarga jo‘natilib turilgan.

Mustamlakachilar mavjud bo‘lgan maktablar va madrasalar tarmoqlari xavfli hisoblanib, ruslashtirishni ayni shu sohadan — rus-tuzem maktablari qurishdan boshlashga qaror qilindi.

Tub aholi ma’naviy-ruhiy kechinmalariga zarur ta’sir ko‘rsatadigan musulmon muassasalari — madrasalar, diniy boshqaruv idoralari, oila va nikoh tizimi ishlariga faol aralashuv boshlandi.

Ayni vaqtda mustamlakachilar mahalliy doiralarning ma’lum qismidan boshqaruvning quyi bo‘g‘inlarida foydalanishni lozim topdi.

Xo‘sh, ajdodlari jahoniy sivilizatsiyalar yaratgan mahalliy xalq bularga javoban qanday yo‘l tutdi? Mehnatkash xalq ko‘pincha stixiyali tarzda norozilik bildirib, kurashga chiqa boshladi. Ilgari siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy-ruhiy hukmron bo‘lganlarning nisbatan oz qismi mustamlakachilar olib borgan bosqinchilik, nasoralashtirish va ruslashtirishga qarshi milliy davlat istiqlolini tiklash yo‘lida amaliy va g‘oyaviy kurash olib bordi. Bunga yaqqol misol Madali eshon boshchilik qilgan xalq qo‘zg‘olonidir.

Ma’rifatparvarlik. Turkiston xalqlarining an’anaviy, sharqona ma’rifatparvarlik mafkuralari, jumladan jadidchilik doirasida ham mustamlakachilikka munosabat bildirildi. Ma’lumki, Sharq an’anaviy jamiyatlari sharoitida takrorlanib turadigan ijtimoiy turg‘unlikdan chiqish uchun taraqqiyparvar kuchlar aql-idrokning o‘rni va ahamiyatiga katta e’tibor berganlar. Odatda har bir monistik din payg‘ambarining targ‘ibotidan keyingi davrlar qator mamlakatlarni qamrab olgan umumiy jarayonning ifodasi bo‘lgan.

Ma’rifatparvarlik o‘zini namoyon etishi, mavjud bo‘lishi va o‘zgarishida umumiy qonuniyatlarga bo‘ysunsa-da, qaysi zaminda qaror topganligiga va qaysi davrda mavjudligiga ko‘ra o‘ziga xosliklarga ega bo‘lmasligi mumkin emas. Ta’kidlash joizki, ma’rifatparlikning umumiy va xususiy namoyon bo‘lishi doimo

o‘zaro bog‘liq.

Turkiston ma’rifatparvarligi agar mafkura tarzida olinsa, uning ijtimoiy zaminini aholining keng qatlami — mehnatkashlar tabaqalari va mulkdorlarning millatparvar qismi tashkil etgan. Albatta, aholining keng qatlami o‘z-o‘zicha ma’rifatparvarlik tashuvchisi bo‘la olmaydi. Aholi bu qismining fikr-o‘yi, xohish-istagi va intilishlari ilg‘or ziyolilar — shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar, huquqshunoslar va boshqalar tomonidan ifodalanadi. Ma’rifatparvarlik shu ma’noda ijtimoiy tus va keng ma’no kasb etgan.

Ma’rifatparvarlikning ijtimoiy qoloqlik va istiqlolni tiklash ehtiyojlari kuchaygan davrini qator boqichlarga bo‘lish mumkin:

Birinchi bosqich XIX asr ikkinchi yarmida hozirgi O‘zbekiston hududi tarkiblariga kirgan xonliklarda va Turkiston guberniyasida yashagan ziyolilarning ma’rifatparvarligini o‘z ichiga oladi.

Ikkinchi bosqich ma’rifatparvarlik jadidchilikdan iborat bo‘ldi. Jadidlik muayyan ma’noda keng hududdagi o‘zining asoslariga ega bo‘lgan. Turkistonda ma’rifatparvarlik jadidchilik harakatida namoyon bo‘ldi.

Jadidchilikning turkiy asoslari. Jadidchilik haqida to‘xtalganda, eng avvalo, Turkistonning o‘zida mavjud obyektiv ehtiyojlar haqida gapirmoq lozim bo‘ladi. Ayni vaqtda turkey dunyoning jahon taraqqiyotidan uzilib qolganligi, turkiy xalqlarning tarqoqligi, ijtimoiy munosabatlarning turg‘unligi va hokazolarga e’tiborni qaratibgina qolmay, balki ma’rifat orqali ularni bartaraf qilish mumkinligiga ishongan Ismoilbek Gaspiralining (1851—1914) nazariy va amaliy faoliyati muhim ahamiyatga ega. U Rossiya imperiyasi tarkibidagi mustamlaka qilingan turkiy o‘lkalardagi o‘qish-o‘qitish ishini mutlaqo isloh qilishni, dunyoviy fanlarni o‘qitishni yo‘lga qo‘yishni, ta’limning «usuli jadid» tarzini amalga oshirishni kun tartibiga qo‘ydi. Xususan, o‘zi tuzgan darslik va dastur asosida faoliyat ko‘rsatib, jadid maktablarining qadim maktablardan ustunligini isbotladi. I.Gaspirali, uning «Tarjumon» gazetasi platformasini qabul qilib, hayotga tadbiq etuvchilar jadidlar deb atala boshlandi.

Turkistonlik jadidlarning tan olingan boshlig‘i Mahmudxo‘ja Behbudiyning (Samarqand) «Bilmoq kerakki, haq olinur, berilmaydur », ularning Toshkentdagi yirik vakili Munavvarqori Abdurashidxonovning «Hurriyat olinur, berilmas», Abdurauf Fitratning (Buxoro) milliy istiqlol yevropaviy ma’rifat, ilm-fan, huquq, texnik rivojlanish inson sha’ni kafolatlari orqali qo‘lga kiritilishi to‘g‘risidagi fikrlari ko‘rsatadiki, jadidlar maktab-maorif, matbuotchilik, teatr imkoniyatlaridan yanada yuksakroq ko‘tarilib, siyosiy-huquqiy talablar qo‘yishgacha bordilar. Xususan, siyosiyhuquqiy sohada ular quyidagi masalalarni: Rossiyadan to‘la ajralib chiqish yoxud Rossiya federativ tuzilma bo‘lgan sharoitda uning tarkibidagi milliy-huquqiy muxtoriyatga erishish yoki Rossiya davlati tarkibida milliy-ma’naviy-diniy muxtoriyatga ega bo‘lish masalalarini ko‘tarib chiqdilar.

Bu maqsadlarga erishish uchun zarur siyosiy tashkilotlar va muassasalar kerakligi ma’lum bo‘lgandan so‘ng jadidchilik faoliyati tashkiliy sohada ham o‘zini ko‘rsata boshladi. Vaqt e’tibori bilan bu Rossiya imperiyasida boshlangan dolg‘ali yillarga to‘g‘ri keldi. 1914—18 yillarda «Miftox ul-maorif», «Ravshan ul-islom», «Ittifoq ul-muslimin», «Miftox-ul-islom», «Sho‘royi Islom», «Sho‘royi Ulamo», «Temur to‘dasi», «Erk sotsialistik partiyasi», «Jadid taraqqiyparvar partiyasi», «Chig‘atoy gurungi» kabi partiyalar, uyushmalar va jamiyatlar faoliyat ko‘rsatdi. Bunday tashkilotlardan 20 tachasi Toshkent shahrida ish boshladi.

Jadidlar istiqlol yo‘lida Turkistonda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsalar, ular Buxoro va Xivada sovetlar yordamida hokimiyatga keltirilib, o‘lka, ayniqsa, Buxoro boyliklari talandi. Shundan so‘ng boshlanib ketgan ozodlik kurashlari jabhasiga, mafkurachilar soxtakorlik bilan atagan «bosmachilar» chiqdi. Bu kurashchilar islom dini bayrog‘i ostida Farg‘onada 20-yillar o‘rtalarigacha, Buxoro va Xivada 30-yillar boshlarigacha milliy mustaqillikni tiklashga harakat qildilar.

Sovet hokimiyati davrida hukmron tashviqot bilan jadidlarning ma’lum qismi kommunistlar safiga qo‘shildi. Ijodkorlardan ko‘pchiligi yangi tuzumga xizmat qildi. Ammo sotsialistik voqelik ularning jadid o‘tmishini kechirmadi.

Yuqorida aytilganidek, Rossiya mustamlakachiligi Turkiston — O‘zbekistonda ijtimoiy turg‘unlikning barqaror davom etishiga olib keldi. Jahon ijtimoiy-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etish uchun mahalliy kuchlarni birlashtirish qiyinlashdi. Bunday sharoitda kuchlarning bo‘lib yuborilishi, o‘zaro muxolifliklar va mojarolar yuz berishiga imkoniyat yaratildi, aniqrog‘i, shunday muhit vujudga keltirildi. Petrograddagi Fevral inqilobi bu jarayonlarni o‘tkirlashtirgan bo‘lsa, Oktabr to‘ntarishi ularni yanada keskinlashtirdi.

Sovet hokimiyati Turkistonda rus bolsheviklari30 tomonidan zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘rnatildi. Ular hokimiyatga kelib Metropoliyada ham, chekka mustamlaka o‘lkalarda ham biroz o‘zgartirilgan holda marksizm ta’limotini hayotga tadbiq eta boshladilar.

Nazariyaning kemtikligi. K.Marks kapitalizmni o‘z ichki ziddiyatlariga o‘ralashib qolgan, salohiyatini oxir-oqibatda tugatadigan tuzum hisoblab, uning go‘rkovini yo‘qsillarda ko‘rdi. Yo‘qsillar zo‘ravonlik bilan o‘rnatgan proletariat diktaturasi davlati xususiy mulkdorlar qarshiligini sindiradi, qurilgan sotsialistik31 jamiyat keyinroq o‘zining yuqori bosqichiga — kommunizmga32 o‘tganida sinflar yo‘qoladi, hech qanday davlatga zaruriyat qolmaydi va erkinlik davri boshlanadi.

Marksistik nazariyadagi bu mantiq va barcha mamlakatlar yo‘qsillarini birlashtirish g‘oyasi inqilobiy kuchlar tomonidan qabul qilindi. Lekin marksizmda

kapitalizmning boshqa holatlarga kirishi, xususan, zarur islohotlar o‘tkazish, yangi shakllarning berishi hisobga olinmagan edi.

Oktabr to’ntarishi va uning halokatli oqibatlari. Rus inqilobchilari sardori Lenin marksizmdan Rossiyada ijtimoiy to‘ntarish qilishda foydalandi. Petrogradda

nisbatan osonlik bilan Muvaqqat hukumatdan (uning ko‘pgina vazirlari Angliyadagi Oksford va Parijdagi Sorbonno kabi oliy maqomdagi universitetlarni bitirgan Oktyabr to‘ntarishi va uning halokatli oqibatlari ziyoli demokrat edilar) hokimiyatni qurolli yo‘l bilan tortib olgan bolsheviklar mavjud dahshatli qiyinchiliklarni bartaraf qilishga

ko‘pdan ko‘p va’dalar berib, boshlanib ketgan fuqarolar urushida ustun keldi. Inqilobchilar umid qilgan jahon inqilobi yuz bermadi.

Lenin, keyin Stalin boshchiligida bolsheviklar insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan eksperimentni boshlab yubordi, kapitalga qarshi zafarli yurish boshlandi. Lekin boshlanib ketgan fuqarolar urushida sobiq podsho tarafdorlaridan tortib don kazaklari-yu islohotparast sotsialistlargacha bo‘lgan kuchlarning qarshiligiga duch kelindi. Qo‘li ustun kelgan kommunistlar vayron bo‘lgan mamlakatda hayotni izga solish uchun bir-biridan dahshatli yo‘llar va vositalarni ishga solishdi.

Mulkdorlarning qo‘lidagi boylikni tortib olib, xo‘jalik hayoti ustidan ishchi nazorati o‘rnatdilar. Qishloqda kambag‘allar boylarga qarshi qo‘yilib, ularning barcha mulklari kolxozga — jamoa xo‘jaligiga olib berildi. O‘zlari esa qul o‘rnida ishlatildi.

Ularning g‘allasi hisobiga chet eldan asbob-uskunalar sotib olingan. Zavodlar bevosita qo‘l kuchi yordamida mutlaqo noinsoniy sharoitlarda qurilgan. Magnitogorsk metallurgiya zavodi qurilishida ishlaganlardan 60 ming kishi turli kasallaklardan o‘lib

ketgan. Ular ichida «quloq» qilingan o‘zbeklar ham bo‘lgan.

Ma’muriy-buyruqbozlik bilan barpo etilgan davlat totalitar tusda bo‘lib, fuqarolar erkinligi cheklangan, kishilar ishlab chiqarish sohasida ham, kundalik hayotda ham doimo qo‘rquv ostida bo‘ldilar.

Lekin fashizmga qarshi urushda hadsiz-hisobsiz qurbonlar evaziga erishilgan g‘oliblik bilan yanada mustahkamlanganligiga qaramay, 50—60-yillarda Sovet davlatiga bo‘lgan e’tiqodga darz keta boshladi. 70—80-yillarda esa ziyolilar tuzumni tobora ko‘proq tanqid qila boshladilar, uning tuzatib bo‘lmaydigan jihatlarini ochiqdan ochiq ko‘rsatdilar (masalan, akademik Saxarov va boshqalar). Ma’murlar

tomonidan bunday harakat aksilinqilobiylikda ayblandi.

Markaziy Osiyo xalqlari o‘zlarining xohish-irodalariga mutlaqo xilof holda bolsheviklarning bu halokatli eksperimenti obyekti bo‘ldi. Mustamlakachilik birinchi davrida bo‘lganidek, bu hududning geosiyosiy o‘rni va ahamiyati V.Leninning diqqat markazida edi.

Shunga ko‘ra Turkistonliklarning milliy davlat istiqloli yo‘lidagi barcha harakatlari shafqatsiz bostirildi. Masalan, 1917-yil 26—27- noyabrda ko‘pchiligini jadidlar tashkil etgan siyosiy kuchlar tomonidan barcha demokratik tamoyillarga ko‘ra Qo‘qon shahrida tuzilgan Turkiston milliy-hududiy muxtoriyati ag‘darib tashlandi. Qo‘qon o‘t ichida qoldi. Hech qachon zamonaviy sivilizatsiya maqomida bo‘lmagan rus inqilobchilari, ayniqsa bolsheviklar barcha vositalarni, hatto o‘zini turkiy xalqlarning ashaddiy dushmani hisoblab kelgan arman dashnoqlarini ham ishga solib Farg‘ona vodiysida qirg‘inbarotlik qildilar. Holbuki, Lenin «millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, ularning g‘ayri millatlar jamoalaridan davlat bo‘lib ajralishi, o‘z mustaqil milliy davlatini tuzishi» mumkinligi to‘g‘risida yozgan edi.



Markaziy osiyo xalqlarining sun’iy ravishda ajratilishi. Sovet davlati «lenincha milliy siyosat» niqobida Markaziy Osiyo xalqlarini bir-biridan ajratib tashladi. Bu ish barcha obyektiv omillarni nazarpisand qilmay amalga oshirildi.

Lekin Metropoliya va u yerdan Markaziy Osiyoga yuborilgan bolshevik rahbarlar til va etnik o‘ziga xoslikni haddan tashqari bo‘rttirib, ataylab ularni hududiy ajralishga olib keldilar. Ko‘pgina mahalliy ziyolilar va rahbarlar turkiy xalqlarni bo‘lib yubormaslik kerak, degan pozitsiyada bo‘lganligi ham boshlab yuborilgan bu jarayonga ta’sir ko‘rsata olmadi.

Bunday bo‘linish natijasida Yevropa mumtoz mustamlakachiligining oltin qoidasi — «bo‘lib tashla, hukumronlik qil» tamoyilidan foydalanish amalda bo‘ldi. Binobarin, shunday yo‘l bilan mustamlaka ustidan hokimlik qilish oson edi.

Sovetlar davrida amalga oshirilgan «milliy hududiy ajralish» siyosati oqibati o‘laroq tashkil etilgan «ittifoqdosh respublika » va «muxtor respublika» hamda «milliy okrug»lar to‘g‘ridan to‘g‘ri mustamlakachilikni xaspo‘shlash uchun qilingan edi.



Xomashyo manbayi. Sovet davlatining Metropoliya sanoati manfaatini ko‘zlab olib borgan siyosati iqtisodiy sohada paxta yakka hokimligini keltirib chiqardi. Qurilgan zavod va fabrikalar ham asosan shu tarmoq bilan bog‘liq edi. Ularda ishlagan ishchilar va injener-texnik xodimlar asosan rus mutaxassislari edi.

Agrar sohada olib borilgan jamoalashtirish oqibati ayniqsa ayanchli bo‘ldi. Chorvachilikka katta ziyon yetkazildi. Sug‘orib xo‘jalik yurgizishga asoslangan tizim O‘zbekistonda an’anaviy bo‘lib qadimdan bu yurtda hayotni ta’minlab kelgan. Shunga ko‘ra o‘zbeklarni boshqa yurtlarga ochlikdan yalpi ko‘chishi ro‘y bermagan.



Lekin Sovet davlati o‘tkazgan eksperimentlar natijasida «Qizil imperiya»ning boshqa joylarida bo‘lganidek, bu yerda ham bir necha marta ocharchilik yuz berdi. O‘tgan asr 80-yillari oxirida Sovet matbuotida mavjud qiyinchiliklarning ayni shu hodisalar bilan bog‘liq ekanligi yozilgan edi.

Ma’naviy asorat. Ma’naviyat sohasida mustamlakachilik yanada yaqqolroq ro‘y berdi: ish yuritish rus tilida olib borildi. Bu nafaqat Metropoliyadan yuborilgan amaldorlar mahalliy tilni bilmaganligi, balki shovinistik siyosat bilan ham bog‘liq bo‘lgan. Millatning guli bo‘lgan ziyolilar qatag‘on qilindi. Ularning o‘rnini egallaganlar salohiyati esa ko‘p hollarda mustamlakachilar talablari darajasida bo‘lgan. Xotin-qizlarga tadbiqan asriy an’analar bilan hisoblashmay, ko‘p hollarda zo‘ravonlik bilan o‘tkazilgan «Hujum» kompaniyasi ancha qurbonliklarga olib keldi. Maorif, fan va ma’naviy madaniyatning boshqa barcha tarmoqlari qoldiq tamoyilida harakatlanib, bunda ham mahalliy voqelikdan mutlaqo yiroq xayoliy, kishilar turmushi uchun zararli bo‘lgan kommunistik utopiyani targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan edi. Shaxsning o‘rniga, manfaatlariga e’tiborsizlik, barchani baravarlashtirishga urinishlar oqibatlari o‘laroq odamlar layoqatsiz, befarq bo‘lib bordi. Shunga ko‘ra bu sohalarda milliy talablar va ehtiyojlar asosida rivojlanish ta’minlanmadi. Bunday vaziyat O‘zbekistonda davlat mustaqilligi e’lon qilingunga qadar davom etdi, deyish mumkin.Shunday qilib, O‘zbekistonda mustamlakachilikning ikkinchi bosqichi sovetcha, o‘ziga xos tarzda kechgan bo‘lsa-da, mohiyatan birinchi davrining davom etishidan boshqa narsa emas edi. Hozirgi vaqtda sovet hokimiyati o‘rnatilganligigina emas, balki marksistik sotsializm ham sivilizatsiyaviy maqomda bo‘lmagani e’tirof qilinmoqda. Xo‘jalik va madaniy sohada amalga oshirilgan o‘zgarishlar bir tomonlama bo‘lganligi haqiqat. Muayyan erishilgan natijalar ham berilgan behisob qurbonlar evaziga olingan edi.

Yüklə 3,28 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   58




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə