Respublikasi



Yüklə 0,7 Mb.
səhifə22/56
tarix15.04.2022
ölçüsü0,7 Mb.
#85503
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   56
fayl 1854 20210917

Turk xoqonligi davri madaniyati, san'ati va diniy qarashlari

V asrning ikkinchi va VI asrning birinchi yarmida Oltoy va Janubiy Sibir hududlarida uyushgan yangi bir kuch – turk qabilalar ittifoqi vujudga keladi. Bu ittifoqning eng ko'zga ko'ringan boshlig'i Bumin VI asrning o'rtalarida o'sha davrdagi Osiyoning ancha kuchli davlati hisoblangan Jujan xoqonligiga katta zarba beradi va o'zining Turk xoqonligiga asos soladi.

Bumin xoqon ukasi Istemi bilan birga qisqa vaqt ichida Enasoy (Yenisey) daryosi bo'ylarida yashovchi qirg'izlarni, Janubi-g'arbiy Manjuriyadagi kidanlar va shimoliy Xitoyni bosib oladi. Xitoy imperatorlari yiliga yuz ming to'p ipak mato hisobida o'lpon to'tashga majbur bo’ladilar. «Yabg'u xoqon» unvoniga ega bo'lgan Istemi boshchiligidagi Turk qo'shinlari tezlikda Yettisuv, Sharqiy Turkiston va

uning atrofida yashovchi turkiy qabilalar yerlarini, Markaziy Osiyoning Sirdaryo va Orol dengizigacha bo'lgan hududlarini bosib oladilar.

558-yilga kelgach, turklar Yoyiq (Ural) va Itil (Volga) daryolari bo'ylarini hamda Shimoliy Kavkazdagi avarlar yashaydigan hududlarni ham qo'lga kiritadilar. Besh yildan so'ng turklar Parkana, Choch viloyatlarini, so'ngra Sirdaryodan kechib o'tib, Zarafshon vodiysiga kirib boradilar. Samarqand, Kesh (Shahrisabz), Naxshab (Qarshi) va Buxoro shaharlarini egallaydilar. Buxoro yaqinida Eftalitlarning qo'shinlari bilan to'qnashib, ularni tor-mor etadilar va butun Amudaryo bo'ylaridan Kaspiy dengizigacha bo'igan yerlarni o'z tasarrufiga o'tkazadilar.

Turk xoqonligi Vizantiya bilan savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorlik o'rnatadi. 575-576-yillarda turklar Kimmeriylar Bosforini egallashib, Qrim yarimoroligacha kirib boradilar.

Xullas, VI asrning 70-80-yillariga kelib, Enasoy daryosining yuqori oqimidan to Amudaryo bo'ylarigacha, Manjuriyadan Kimmeriy Bosforigacha bo'lgan ulkan hududlar Turk xoqonligining tasarrufiga o'tadi. Turklar o'zlari bosib olgan hududlarning ichki hayotiga aralashmaydilar va hokimiyatni yerli sulolalar hukmdorlari orqali boshqaradilar. Natijada, turk xoqonligi tasarrufidagi ko'plab mayda feodal hokimiyatlar vujudga keladi. Xoqonlikka kiruvchi yerli sulolalar hukmdorlarning boyishi uchun xalqni ayovsiz talashi, urug'-aymoqchilikning kuchayib ketishi va mayda feodallarning hokimiyat uchun zimdan kurash olib borishi tufayli Turk xoqonligi 603-yilda ikki mustaqil davlatga – Mo'g'ulistonda tashkil topgan Sharqiy turk davlati va Markaziy Osiyo, Jung'oriya hamda Sharqiy Turkistonni birlashtirgan G'arbiy turk xoqonligiga bo'linib ketadi.

VII asrning birinchi choragida G'arbiy turk xoqonligi kuchayib, shimoliy chegaralarini Oltoy hududlarigacha, janubiy chegaralarini esa Hind daryosi bo'ylarigacha kengaytiradi. Yettisuv G'arbiy turk xoqonligining markaziga, Siyob shahri esa uning poytaxtiga aylanadi. G'arbiy xoqonlik aholisining kattagina qismi o'troq hayot kechirib, dehqonchilik bilan, shaharlar va yirik qishloqlar aholisi savdo-sotiq hamda hunarmandchilik bilan mashg'ul bo'lganlar.

Hunarmandchilikning kulolchilik, to'qimachilik, misgarlik, chilangarlik, temirchilik, zargarlik kabi turlari ancha rivojlangan. Farg'ona va So'g'diyonada oltin, mis, temir, simob va boshqa ma'danlar qazib olingan. Turk xoqonligining xazinasi savdo-sotiqdan keladigan daromad va viloyatlardan to'lanadigan boj hisobiga to'lg'azilgan. Hunarmandchilik, dehqonchilik va savdo-sotiqning rivojlanishi, birinchidan, o'troq aholining jipslashuviga sabab bo'lgan bo'lsa, ikkinchidan, aholining madaniy jihatdan taraqqiy etishining asosiy omili bo'lib xizmat qilgan.

VII asrning boshlariga kelib ishlab chiqarish jarayonining rivojlanishi, savdo-sotiq va hunarmandchilikning taraqqiy etishi yangidan yangi shaharlar va qishloqlarning vujudga kelishiga ta'sir ko'rsatadi. Buxoro, Zarafshon, Qashqadaryo va Xorazmning keng dashtlarida yangi qo'rg'on va qal'alar qurilib, ularga suv chiqarilib, atroflar obodonlashtiriladi. Bu davrga kelib, xoqonlik hududida ko'plab qal'alar, qo'rg'onlar, qasrlar, saroylar, huqandozlar, ko'shk va sardobalar qurilishi keng avj oladi. Bu inshootlarning qurilishida, birinchidan, hunarmandchilik, ikkinchidan, savdo-sotiq, uchinchidan, mahalliy hukmdorlarning shuhratparastligi (chunki ular o'zlarini haqiqiy hukmdor, xoqon deb hisoblaganlar), to'rtinchidan, markazlashgan xoqonlik tomonidan boshqarilsa-da, yerli mayda feodal hokimlar o'rtasida o'zaro nizo, bir-biriga ishonchsizlik tufayli o'z-o'zini himoya qilishga bo'lgan intilish kabi sabablar muhim rol o'ynagan. Shu boisdan mazkur arxitektura inshootlarining qurilishi bir necha baravar oshib ketgan. Masalan, Xorazm vohasidagi Burgut qal'a mavzeyida 100 ga yaqin ko'shk va qasrli qo'rg'onlar qurilgan bo'lsa, Buxoro atrofida 4000 ga yaqin qasrlar, Chochda 50 dan ortiq katta- kichik istehkomlar, yirik yer egalari qo'rg'onlari, ko'shk va obod qishloqlar qad ko'taradi.

Markaziy Osiyoga Shimoldan turkiy qabilalarning ko'chib kelishi natijasida (er.avv. II asrdan boshlab) turkiy lahjalar va shevalarda gaplashish odat tusiga kirgan. Turkiy til so'g'd va yunon tillari bilan bir qatorda muomala tiliga aylangan, ya'ni Eron lahjalari va shevalarida so'zlashuvchi ayrim guruhlar turkiy tilda so'zlasha boshlaganlar. Eron tillari guruhidagi tillar zaminida fors-tojik tillari

vujudga kelganidek, turkiy tillar zaminida o'zbek, turkman, qozoq, qirg'iz, uyg'ur va boshqa turkiy tillar paydo bo'ladi.

Eramizning boshlaridan VIII asrgacha bo'lgan davrda ijtimoiy hayotda ro'y bergan barcha o'zgarishlar me'morlik, haykaltaroshlik va tasviriy san'atda o'z ifodasini topgan. Tasviriy san'at, haykaltaroshlik va me'morlikning ilk o'rta asrlarga xos bo'lgan jihatlari ko'proq o'sha davrda qurilgan turli qasrlar, saroylar, qal'alar, qo'rg'onjar, ko'shklar, ibodatxonalar, otashkadalar va ularni bezagan rasmlarda, budda va nasroniylik ibodatxonalariga o’rnatilgan haykallar va sanamlarda, zarb etilgan tangalarda, xilma-xil bezaklarda o'z aksini topgan.

O'sha davrning o'ziga xos san'at asarlarini hamda bu san'at asarlarini yaratgan me'morlar, haykaltaroshlar va musavvirlarning dunyoqarashi, intilishlari- yu orzu-umidlarini qadimgi Bolaliktepa, Panjikent, Varaxsha, Afrosiyob, Quva va boshqa qadim shaharlar xarobalaridan topilgan devoriy suratlar, haykallar, ganchkor naqshlar, turli xil zeb-u ziynatlarda ko'rish mumkin. Bu yodgorliklar ilk o'rta asrning o'ta murakkab siyosiy va iqtisodiy, madaniy va maishiy hayotining sermazmun va serjilo, jozibali va ayanchli, zavqli va mungli manzaralarini o'z bag'rida yashirib kelgan. Misol uchun, Bolaliktepadan topilgan devoriy suratlardagi qo'llariga qadah tutgan juft-juft ayol-u erkaklarning tasviri o'sha davr hayotining jozibadorligini ko'rsatib bersa, Varaxsha saroyidagi oq fil ustidagi filbon va boshqa pahlavonlarning old va orqadan chovut solayotgan arslon hamda qanotli grifonlar bilan jang qilishi insonning hayot va yashash uchun kurashini ko'rsatib beradi.

Panjikent xarobalaridagi qariyb 15 metrga cho'zilgan rang tasvirda to'riq otliq suvoriy boshchiligida choparlarning yurishi, ularning dushman bilan olishuvi, suvoriyning ajdaho va otliq dushmanga qarshi yakkama-yakka janggi, chokarlarning devlar to'dasi bilan kurashi tasvirlangan. Suratning oxirida qulagan ajdahoni yanchib tashlab, o'z chokarlarini boshlab borayotgan suvoriyning g'alaba nashidasini surishi tasvirlangan. Panjikent xarobalarida xona devorlariga chizilgan suratlar turli xil mavzularga bag'ishlangan. Bu suratlardan biri dehqonchilikka bag'ishlangan bo'lib, unda kattagina g'alla xirmoni, yakka pallali tarozida g'alla

tortayotgan amaldor, donni qoplayotgan va qoplangan g'allani eshakka ortishga taraddud ko'rayotgan yalangoyoq keksa dehqon hamda o'spirin tasvirlangan. Yana bir tasvirda Siyovushning o'limi bilan bog'liq bo’lgan aza marosimi ifodalangan.

Qadimgi Afrosiyob xarobalarida topilgan suratda esa tantanali yurish tasvirlangan. Suratda tasvirlangan oq fil, uning ustiga o'rnatilgan taxtiravonga joylashib olgan malika, uning joriyasi, ot minib olgan hamrohlari va qo'riqchilari ko'z oldingizda namoyon bo'ladi. Fikrimizcha, bu suratda hukmdorning uylanish marosimiga oid kelin (malika)ni tushirib kelish lahzasi tasvirlangan bo'lishi mumkin. Chunki, qadimdan So'g'diyona va unga tutash bo'lgan hududlarda kelinni oq rangdagi ulovda tushirib kelish marosimi mavjud bo'lib, u o'z yangasi va boshqa hamrohlar kuzatuvida bo'lishi shart bo'lgan. Malikani kuzatib kelayotgan ayollarning birinchisining qo'liga so'g'dcha «malikaning yangasi» deb yozib qo'yilgani bundan dalolat beradi.

Turk xoqonligi davrida musiqa, raqs, qo'shiqchilik san'atlari, dorbozlik, masxarabozlik va qo'g'irchoqbozlik tomoshalari keng rivojlangan.

VI-VII asrlar Markaziy Osiyoda san'atning rivojlanganligi bilan xarakterlanadi. Ayniqsa, musiqa va qo'shiqchilik san'atlari yuqori darajaga ko'tarila boradi. Musiqa va qo'shiqchilik san'atlarining rivojlanishi So'g'diyona hududida yaqqol sezilib turgan.

Qadimgi Markaziy Osiyo musiqa madaniyati yuksak darajada rivojlanganligini mintaqaning turli hududlarida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida topilgan ashyoviy dalillar ham ko'rsatadi. Bunga musiqachilar tasviri tushirilgan turli xil buyumlar va idishlar dalil bo'la oladi. Masalan, rus olimi A.Belinskiyning ta'kidlab ko'rsatishicha, birgina Panjikentda har bir bayram, to'y-tomosha va hatto dam marosimlari sozanda, xonanda va raqqosalarsiz o'tmagan. Yoki V-VI asrlarga oid Bolaliktepadan topilgan tasvirda bazmi jamshid tasvirlangan bo'lib, unda chang va nay chalayotgan sozandalar, qo'shiq kuylayotgan xonanda ko'zga tashlanadi.

Shuningdek, Markaziy Osiyoda musiqa va qo'shiqchilik san'atlarining rivojlanganligini So'g'diyona, Baqtriya, Marg'iyona hududlarida bo'lgan chet ellik

sayyohlar va rasmiy kishilarning esdaliklari hamda yozishmalariga qarab bilsa bo'ladi. Masalan, VII asrda Afrosiyobga kelgan buddaviy monaxning yozishicha, bu paytdagi har bir bayram va shodiyona qo'shiq va raqslarsiz o'tmagan. Nafaqat bayram va to'y-tomoshalar, balki dafn marosimlarida ham sozanda va xonanda (go'yanda)lar qatnashganlar. Go'yandachilikning bizning davrimizgacha yetib kelganligi buning dalili bo'la oladi. Ushbu davr san'atkorlari nafaqat Markaziy Osiyoda faoliyat ko'rsatganlar, balki boshqa davlatlarda tashkil etilgan bayram, tantana va bazmlarda ham ishtirok etganlar.

Markaziy Osiyolik san'at ahli bilan xitoylik san'atkorlar o'rtasida doimiy hamkorlik mavjud bo'lgan. Ko'proq Markaziy Osiyolik san'atkorlar Xitoyda bo'ladigan tantanalar va bayramlarning doimiy ishtirokchisi bo'lgan. Xitoy manbalarida ko'rsatilishicha, VII – VIII asrlarda Markaziy Osiyoda musiqa, raqs, qo'shiqchilik va dorbozlik kabi san'atning boshqa sohalari ham rivoj topgan. Xitoy imperatorlari saroylarida o'tkaziladigan tantanalarda Turkistondan borgan dorbozlar, akrobatlar, ko'zboylag'ichlar, olovyutg’ich va purkagich afsungarlar hamda qiziqchilar o'z mahoratlarini zavq-shavq bilan namoyish qilganlar. Hatto Xitoyning Chan’on shahri aholisi qo'g'irchoq o'yinini ilk bor VII asrda Turkistondan borgan san'atkorlar ijrosida tomosha qilishga muyassar bo'lgan.

Islomgacha bo'lgan Turkiston musiqa madaniyatining rivojlanishida Marv viloyatida tug'ilib, Eron shohi Xusrav Parvez saroyida faoliyat ko'rsatgan Borbad Marvaziyning hissasi beqiyos katta bo'lgan. Borbadning musiqa madaniyatini rivojlantirishdagi buyuk xizmati azal-azaldan iqtisodiy-madaniy aloqada bo'lgan Turon va Xuroson xalqlari madaniyatining yanada boyishiga olib keldi. Borbad qisqa muddat ichida mashhur musiqashunos, bastakor, mashshoq-sozanda, hatto raqqos va shoir sifatida elga tanildi. Uning dovrug'i Turon-u Eronga yoyilgan. Naql qilishlaricha, Borbadning ovozi shunday yoqimli bo'lganki, uning ovozini eshitgan odamning qo'shiq sehridan chiqib ketishi qiyin bo'lgan. Shu sababli o'sha davrning ko'pgina hukmdorlari Borbadning o'z saroyida xizmat qilishini orzu qilganlar. Borbad Xusrav Parvez II ning olimlar, shoirlar, san'atkorlar va

hunarmand ahliga g'amxo'rlik qilayotganini eshitib, uning saroyiga yo'l oladi. Xusrav uni o'z saroyiga xizmat qilayotgan san'atkorlarga bosh qilib qo'yadi.

Borbad shoh Xusrav Parvezni adolatparvarlikka, ma'rifatparvarlik va raiyatparvarlikka undagan. Uni zulm qilishdan, aysh-ishratga berilishdan tiyib turgan. U Xusrav Parvezning san'atkorlarga homiyligi hurmati haqqi unga atab

«Xusravoniy» nomli kuyni yaratgan. Uning bu xizmatlari shohning sevimli xotini Shirin tomonidan munosib taqdirlanadi. Malika Borbadga o'zining Isfaxondagi mulkini in'om qiladi. Borbad ko'plab shogirdlar yetishtiradi. Naql qilishlaricha. Sosoniylar sulolasi davrida mashhur bo'lgan Nyokiso Changiy, Bomshod, Romtin, Ozodvor Changiy, Sarkash ismli san'atkorlar Borbadning shogirdlari bo'lganlar. Borbad o'z asarlarini ko'proq tabiat hodisalariga bag'ishlaydi. Bahor fasli, Navro'z bayrami uning sevimli mavzusi hisoblangan. Shu sababli uning «Gulzor», «Sabz bahor», «Rohigul», «Abhari kuhan», «Ravshan charog', «Polizbon», «Dilangizan» singari ko'pgina asarlarida Navro'z va tabiat go'zalligi tarannum etiladi. Shuningdek, sozanda «Yazdon ofarid», «Sabzdori sabz», «Partavi farxor», «Kini Siyovush», «Bog'i Shahriyor, «Isabdiz» singari qo'shiq va ohanglarni ham mavsum va marosimlarga bag'ishlab yaratadi. Borbad ko'pgina qo'shiqlarini avlod-ajdodlar tarixiga, xalq og'zaki ijodi va zardushtiylikning muqaddas kitobi «Avesto» ohanglariga bag'ishlagani haqida ma'lumotlar bor. Uning musiqa sohasidagi buyuk xizmati shundan iboratki, u yaratgan «Zerafkand», «Nufuxt», «Gulnush»,

«Oromishi jon», «Dargam» kabi kuy va taronalar eron, tojik, arab va turkiy xalqlarga mansub sozanandalar tomonidan hanuzgacha sevib ijro etiiadi.

Hozirgi kunda o'zbek-tojik musiqasi boyligi hisoblangan «Shashmaqom» ohanglari silsilasidagi «Zerafkand», «Xusravoni», «Navro'zi buzrug», «Navro'zi Ajam», «Navro'zi Xoro» maqom yo'llarida Borbad ijodining an'analari bevosita davom etib kelmoqda.

Umuman olganda, Borbadning Sharq musiqa madaniyatiga qo'shgan hissasi va uning mashhurligi haqida ko'plab asarlar yozilib, tadqiqotlar olib borilgan. Borbad ijodi ko'plab Sharq va G'arb olimlari tomonidan o'rganilgan. Masalan, Borbadning musiqa madaniyati tarixida yorqin iz qoldirganligi haqida daniyalik

mashhur sharqshunos A.Krestinsen shunday deb yozadi: «Borbad sosoniylar davri musiqasi rivojida asosiy o'rin tutgan, shuningdek, u haqiqatdan ham Sharq xalqlari musiqa san'atining asoschilaridan biri hisoblanadi. Hech qaysi san'at arbobi tarixda va adabiyotda uningdek yorqin iz qoldirmagan. Borbad o'z hayoti davomida 360 ta maxsus qo'shiq va 30 ta tarona yaratdi, ulardan 148 tasining nomi hozir ham manbalarda doimo eslanadi. U yaratgan asarlarning nomlari Sharq xalqlari musiqasida hozirgi kunlargacha o'zgarmagan». Borbadning nomi va iste'dodini abadiylashtirishda mashhur Sharq mutafakkirlarining roli benihoya kattadir. Abu Bakr Narshaxiy, Abu Abdulloh Rudakiy, Abdulqosim Firdavsiy, Ibn Sino, Nizomiy Ganjaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqalar o'z asarlarida Borbad nomini abadiylashtirib ketganlar.

Qadimgi Markaziy Osiyoning ilm-fani dunyoning barcha madaniy jihatdan taraqqiy etgan hududlaridagi singari, eng avvalo, dehqonchilik madaniyatining, hunarmandchilik va iqtisodiy-madaniy aloqalarning rivojlanishi bilan bog’liq holda vujudga kelgan. Bizgacha yetib kelgan ko'pgina hujjatlar, taqvimlar va boshqa yodgorliklarda ko'rsatilishicha, qadimgi Markaziy Osiyoda ilmi nujum, handasa, yer ilmi, fizika va boshqa tabiiy fanlar taraqqiyotida birmuncha ilgarilash mavjud bo'lgan.

Abu Rayhon Beruniy asarlarida ko'rsatilishicha, qadimgi Markaziy Osiyoda ilmi nujum (astronomiya) ancha rivojlangan. Xorazmlik, so'g'diyonalik, baqtriyalik va marg'iyonalik olimlar eng avvalo, sayyoralar va yulduzlarning turkumlarini o'rganib, ularga maxsus nomlar berishadi va burj (zodiak) tizimini aniqlaydilar. Har bir shohlik va xonlik saroylari qoshida astronomlar guruhi mavjud bo'lgan. Ular sayyoralar dunyosini kuzatganlar va harbiy harakatlarni amalga oshirish vaqtini, hattoki, har xil shikorlar va to'y-tomoshalarni o'tkazish mumkin bo’lgan

«qulay va noqulay» kunlarni aytib berganlar. Munajjimlik taqvimlarini tuzishib, osmon jismlari va inson taqdiri o'rtasidagi aloqani bashorat qilganlar. Sug'orish inshootlari, mustahkam qal'alar, saroylar, qasrlar va qo'rg'onlarning qurilishi handasa ilmining taraqqiy etishiga katta ta'sir ko'rsatgan bo'lsa, metall kuyish, toshni eritib shisha ishlab chiqarish, qurilish va turli xil binolarni bezashda xilma-

xil ranglardan foydalanish, kimyo hamda fizika fanlarining taraqqiy etishiga sabab bo'lgan.

Xullas, ilk o'rta asrlar Markaziy Osiyo madaniyati taraqqiyoti o'ziga xos tarzda rivojlangan. Moddiy va ma'naviy madaniy boyliklar yaratishda birmuncha muvaffaqiyatlarga erishilgan. Bu davrda, ayniqsa, turli elatlar va xalqlarning tili va yozma adabiyoti, san'ati va fani taraqqiy etib, qo'shni davlat va hududlar: Hindiston, Eron, Vizantiya, slavyan xalqlari madaniy taraqqiyotiga o'z ta'sirini ko'rsatgan. Ushbu davlatlar bilan iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarning yo'lga qo'yishi madaniy boyliklarning boshqa o'lkalarga yoyilishi va boshqa xalqlar madaniy hayotining ilg'or yutuqlarini o'rganish imkonini yaratib bergan. Bu davrda diniy dunyoqarashda o'zgarishlar ro'y bera boshlagan.




Yüklə 0,7 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   56




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə