Respublikasi


MAVZU: SОVET MUSTABID TUZUMI DAVRIDA O’ZBEKISTON MADANIYATI VA SAN’ATI



Yüklə 0,7 Mb.
səhifə42/56
tarix15.04.2022
ölçüsü0,7 Mb.
#85503
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   ...   56
fayl 1854 20210917

MAVZU: SОVET MUSTABID TUZUMI DAVRIDA O’ZBEKISTON MADANIYATI VA SAN’ATI


Reja:

  1. Sovet davlatining Turkistonda yuritgan mustamlakachilik siyosati, uning mohiyati va maqsadlari.

  2. O’zbekistonda maorif, oliy ta'lim, fan va adabiyot.

  3. Ikkinchi jahon urushi yillarida O’zbekistonda fan va madaniyat.

  4. Sovet davrida O’zbekiston SSR da madaniy-ma’rifiy muassasalar tizimi.

  5. Qatag’onlik siyosati va uning oqibatlari.



Mavzuning o’quv maqsadi: Talabalarga mustabid sоvet tuzumi davrida O’zbekiston madaniyati va san’ati sohasidagi yutuq va muammolar haqida batafsil ma’lumotlar berish.
Sovet mustabid tuzumi davri madaniyati o'zining qarama-qarshi tomonlari va xususiyatlari bilan boshqa davrlar madaniy taraqqiyotidan farq qiladi. Bu davrning asosiy xususiyati hayotning barcha sohalari, jumladan, ma'naviy madaniyat sohasining kommunistik mafkuraga tobeligi bilan tavsiflanadi.

Ma’lumki, milliy madaniyat milliy e'tiqod va milliy his-tuyg' ular asosida rivojlanadi. Sovet mustabid tuzumi davrida ana shu xususiyat – milliy madaniy taraqqiyot o'zani begona madaniy oqim tomonga burib yuborildi. Natijada milliy madaniyat o'zining hayotbaxsh manbayidan, milliy e'tiqod va his-tuyg'ularidan ajratib qo'yildi. Madaniy-tarixiy hodisa g'oyaviylashtirildi, hukmron mafkura va hukmron sinf manfaatlariga bo'ysundirildi. Ikkinchi tomondan, sotsialistik lagerga kirmaydigan “begona davlatlar madaniy hayoti bilan milliy madaniyatlar o'rtasidagi tabiiy aloqadorlikka rahna solindi. Bu esa milliy madaniyatlarning umumbashariy madaniyatlardan uzilib qolishi va “begona” lashuviga olib keldi.

Bu davrning ikkinchi salbiy tomoni badiiy ijodiy jarayonning bir qadar cheklanganligi bilan xarakterlanadi. Ijodiy erkinlik hukmron mafkura ko'rsatmasi

asosida qurildi. Badiiy ijod “shaklan milliy, mazmunan sotsialistik uslubda bo'lishi shart qilib qo'yildi. Bu qonuniyat o'tmish madaniy merosga ham tatbiq etildi. Natijada o'tmish avlodlardan qolgan barcha madaniy boyliklarni o'rganishda, uning ana shu qonuniyatga javob bermaydigan tomonlari olinib, qolgan jihatlari “zararli”, “kommunizm quruvchisi”ning ongini zaharlaydigan “og'u” deb topildi. Bu esa avlodlardan avlodlarga qonuniy tarzda o'tuvchi yaxlit jarayonning buzilishiga sabab bo'ldi.

Har bir jarayonning ijobiy va salbiy tomonlari mavjud bo'lganidek, sobiq sho'rolar davrining ham o'ziga xos ijobiy tomonlari ham mavjud bo'lganki, bundan ko'z yumish umumiy tabiiy-tarixiy jarayonga bir tomonlama nazar tashlash bilan barobardir.

Sovet mustabid tuzumi davrida o'ziga xos madaniy taraqqiyot vujudga kelib, bu madaniy jarayon ozmi-ko'pmi umumbashariy madaniy taraqqiyotning rivojiga sezilarli ta'sir ko'rsata olgan. Bu davrda ilm-fan, texnika va san'atning ko'pgina sohalarida (ayniqsa, me'morchilikda) ulkan yutuqlarga erishildi. Fanning ayrim sohalardagi rivoji dunyo miqyosidagi darajaga ko'tarildi.

Sovet mustabid tuzumi davri madaniyatining asosiy tomonlaridan yana biri majburiy ta'limning joriy etilganligidir. Bu vazifani amalga oshirish uchun ko'plab maktablar tashkil etildi. Natijada qishloq joylari madaniy-maishiy hayotining yaxshilanishida ana shu maktablarning ta'siri sezilarli darajada bo'ldi. Yoki xalq xo'jaligining turli sohalarini kadrlar bilan ta'minlash uchun ta'lim tizimining bosqichma-bosqich yaxshilanib borilishi ham aholi madaniy saviyasining ko'tarilishida muhim rol o'ynagan.

XX asrning 20-yillaridayoq ozbek milliy professional teatri va milliy kino san'atlarining tamal toshi qo'yildi. Oliy va o'rta maxsus ta'lim o'z rivojlanish bosqichiga kirdi. Sovetlar davrida ham Rossiya imperiyasi amaldorlari tomonidan amalga oshiralayotgan siyosat – yerli xalqni ruslashtirish siyosati davom etdi. Milliy ma'naviy qadriyatlar millatning milliy g'ururi va o'zligini anglashga bo'lgan intilishlari bo'g'ib qo'yilishi davom etdi.

O'tmish madaniy merosga bo'lgan munosabatda sinfiylik tamoyili asosiy mezonga aylandi. Mazkur tamoyilning madaniy-ijodiy jarayonga tatbiq etilishi o'zbek milliy madaniyatining qadim ajdodlari tomonidan vujudga keltirilgan sarchashmalaridan bahramand bo'lishiga barham berdi.

O'tgan asrning 20-yillari boshida qabul qilingan San'at buyumlari va ilmiy kolleksiyalarini chet elga olib chiqib ketishni taqiqlash to'g'risida (1921-yil, 22- may), “Musulmon nashrlari uchun mablag ajratish” (1922 - yil, 10-avgust), “Turkistonda yerli bolalar uchun maktablar tarmog'ini kengaytirish” (1923 - yil, may) va boshqa ko'pgina chora-tadbirlar o'z samarasini bermay qolmadi. Maktablar tarmog'i tez sur'atlar bilan rivojlandi, matbaa ishi yaxshilanib madaniy- ma'rifiy ishlar ko'lamining ta'siri kengaydi. Bu ishlarning amalga oshuvi natijasida mahalliy xalq orasidan A.Avloniy, A.Fitrat, A.Qodiriy, S.Ayniy, Hamza, A.Cho’lpon, Botu (M.Xodiyev), Ziyo Said singari adiblar, M.Uyg'ur kabi atoqli aktyor va rejissyorlar yetishib chiqdi.

1925 - yilga kelib o'zbek tilida 17 nomdagi gazeta va jurnallar chiqa boshladi. Turkistonda yashovchi o'zbek, qozoq, rus va boshqa millat tillarida kitoblar chop etildi. 14 teatr, 19 kinoxona, 152 ta kutubxona va boshqa madaniy- ma’rifiy muassasalar faoliyat ko'rsata boshladi.

Savodsizlikni tugatish maqsadida xalq tilida maktablar tashkil etish sur'ati yanada kuchaytirildi. Ularni darsliklar va o'quv qurollari bilan ta'minlash chora- tadbirlari ko'rildi. 1930-yil 25-iyulda majburiy boshlang'ich ta'lim joriy etildi. XX asrning 30-40-yillari oralig'ida mehnatga yaroqli aholining deyarli barchasi savodsizlikni tugatish tizimida o'qib chiqdi. XX asrning 30-yillarining oxirlariga kelib, umumiy yetti yillik ta'limga o'tildi.

1920-yilda Toshkentda rasman tashkil etilgan O rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy Universiteti) nafaqat respublikamiz uchun, balki O'rta Osiyo respublikalari va Qozog'iston uchun oliy malakali mutaxassislar tayyorlab beruvchi yagona markazga aylandi.

XX asrning 20-30-yillarga kelib respublikamizning yirik shaharlarida xalq xo'jaligi uchun zarur bo'lgan mutaxassisliklarni yetkazib beruvchi ko'plab oliy va

o'rta maxsus o'quv yurtlari tashkil etila boshlandi. Bu davrda respublika madaniy hayoti partiyaning qattiq nazorati ostida tashkil etilardi. Partiyaning yo'1- yo'riqlariga ozgina bo'lsa-da beparvolik qilish, undan chetga chiqish va erkin ijodga intilish aksilinqilobiy harakat hisoblanar va qattiq jazoga mubtalo qilinar edi. O'tmish madaniy meros va qadimiy madaniy yodgorliklarga yangi sotsialistik madaniyatning dushmani sifatida qaralar edi. Madaniyatning tarkibiy qismi hisoblangan dinga qarshi ayovsiz kurash boshlandi.

Bu holat, ayniqsa, XX asrning 30-yillarida avjga chiqdi. Ko'plab dindorlar uzoq o'lkalarga, begona yurtlarga surgun qilindi. Islom va xristian dinlariga oid qanchadan qancha kitobtar yo'q qilinib, masjidlar, cherkovlar, xonoqohlar va maqbaralar vayronaga aylantirildi. Shunga qaramasdan, XX asrning 20-yillaridan boshlab respublika madaniy hayotida bir qator o'zgarishlar ro'y bera boshladi. Xalq ta'limi tizimida, madaniy yodgorliklarni saqlash va mahalliy matbuotning rivojlanishida sezilarli o'zgarishlar sodir bo'ldi.

Respublika madaniy hayotida o'sha davrning fidoyi siymolari eng murakkab sharoitda ham partiya yakkahokimligi va davlat tomonidan avj oldirilgan jazo choralariga qaramay, milliy ruh va milliy istiqlol uchun kurash olib bordilar. O'sha davrning mashhur adiblari va publitsistlari Munavvarqori, A. Fitrat, A. Cho'lpon,

A. Qodiriy, A. Avloniy, Hamza, G'. Yunus, Ashurali Zohiriy, Xurshid (Sh. Sharofiddinov), keyingi yosh avlod vakillaridan Botu (M.Xodiyev), Ziyo Said va boshqalar hamda o'zbek professional teatri tashkilotchilaridan M.Uyg'ur kabi ziyolilar shular jumlasidandir.

XX asrning 20-30-yillari Respublika madaniy hayotidagi og'ir yillar hisoblanadi. Bu davrda milhy adabiyot va san'atni saqlab qolish, uning ilg'or an'analarini tiklash uchun harakat avj oldi. Shu bilan birga adabiy-badiiy jarayonni hukmron sinf manfaatlariga bo'ysundirishga yordam beruvchi ikkinchi guruh ham paydo bo'ldiki, ular millat qahramonlarini qatag'on qilishda jonbozlik ko'rsatdilar.

Ana shu kurashlar natijasida o'zbek adabiyoti tarixida yangi janr – o'zbek romanchilik janri vujudga keldi. Abdulla Qodiriy “O'tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” nomli asarlar yaratib o'zbek romanchiligi asosiga tamal toshini qo'ydi.

A.Fitratning “Chin sevish” va “Abulfayzxon”, “Arslon”, A.Cho'lponning “Cho'riqiz isyoni”, “Yorqinoy” va “Zulmkor” nomli dramatik asarlarida Turkiston xalqlarining fojiasi, tuganmas dardlari to'laqonli aks ettirildi.

Sobiq TASSRning ijozati bilan tuzilgan “Chig'atoy gurungi” tashkiloti Turkiston xalqlari madaniy merosini to'plash va o'rganish yumushlari bilan birga madaniyat va adabiyot sohasi orqali milliy istiqlolni targ'ib qilish yo'lida faoliyat ko'rsatgan. Bu tashkilotga a'zo shoir va adiblar, ma'rifatparvarlar til va adabiyotning milliyligi masalasida ulkan ishlarni bajarishdi. O'tmish merosga, xususan, chig'atoy adabiyotiga katta ixlos bilan qaragan holda, xalq tiliga, xalqona ifodaga, milliy zaminga alohida e'tibor qaratdilar. O'z amaliy ishlari bilan ruslashtirish siyosatiga qarshi turdilar. Lekin bunday sa'y-harakatlar hukmron mafkura andazalariga mos tushmas edi.

Respublikaning mustaqilligi uchun kurash dastlab ochiqdan ochiq olib borilgan bo'lsa, partiya yakkahokimligi va totalitar tuzum o'rnatilishi hamda milliy istiqlol uchun kurashuvchilar ayovsiz jazolana boshlangandan so'ng bu kurash yashirin tarzda olib borildi. Masalan, maorif vaziri bo'lib ishlab turgan R.Inag'omov rahbarligidagi “18 lar guruhi” yer-suv islohoti kompaniyasi boshlanishi oldidan o'z faoliyatini ochiqchasiga olib borgan. R.Inag'omov, eng avvalo, partiya rahbarligi, uning gegemonligiga qarshi chiqadi. Partiyani diktatorlikda va demokratiyani bo'g'ishda ayblaydi, jamiyatni boshqarishda barcha guruhlarning erkin qatnashishini ta'kidlaydi. Davlatni boshqarishda faqat sho'rolarning ishtirokini tan olib, partiyaning asosiy vazifasini faqat targ'ibot va tashviqot ishlarini olib borishdan iborat, deb hisoblaydi.

Ayrim ma'rifatparvarlar mahalliy aholi bolalari uchun o'z mablag'idan maktablar ochdilar. Xalq ta’limining ko'pgina tashkilotchilari pedagogik faoliyat bilan shug'ullanishdan tashqari, maktablar uchun o'zbek tilida darslik tayyorlash ishida ham faol qatnashdilar. Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Fitrat, Ashurali Zohiriy, Shorasul Zunnun, Rahimjon Shokiriy, Elbek, Qayum Ramazon, Sh.Saidrizo Alizoda, Rafiq Mo'min, Abduqodir Shokiriy va boshqalar shular jumlasidandir.

XX asrning 30-yillarida adabiyot sohasiga G'ayratiy, Oybek, G'. G'ulom, Botu (M.Xodiyev), Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor, Oydin Sobirova, Usmon Nosir, Amin Umariy, Uyg'un singari yozuvchi va shoirlar kirib keldilar va xalq orasida tanila boshladilar.

XX asrning 20-30-yillarida o'zbek teatr san'ati shakllana boshladi. Bu davrda Hamza va Mannon Uyg'urlar tomonidan o'zbek professional teatri beshigi hisoblangan akademik teatr tashkil topdi. Natijada Yetim Bobojonov, Abror Hidoyatov, Muhiddin Qori Yoqubov kabi ulug' siymolar yetishib chiqdi. Bu davrda O'zbekiston kino san'ati asosiga tamal toshi qo'yildi. O'zbek musiqa, kinematografiya va teatr san'ati tezkorlik bilan rivojlandi. O'z davrining buyuk san'atkorlari: M.Ashrafiy, T.Sodiqov, M.Burhonov, (musiqa), Y.A'zamov, N.G'aniyev, S.Iskandarov, A.Umarov, R.Pirmuhamedov (kino-matografiya), L.Narzullayev, Z.Hidoyatova, Sh.Qayumov, T.Saidazimova, X.Nosirov (teatr) kabilar yetishib chiqdilar.



  1. asrning 30-yillari o'zbek fanining jadal rivoj topayotgan davrlaridan bin hisoblanadi. Bu davrda mashhur geolog olimlardan X.M.Abdullayev, G.A.Mavlonov, matematiklardan T.N.Qori Niyozov, T.A.Sarimsoqov, biolog olimlardan T.X.Zohidov. D.K.Saidov, A.M.Muzaffarov, A.To'laganov, kimyogarlardan O.S.Sodiqov, A.S.Sattorov, M.Yunusov, X.U.Usmonov K.S.Ahmedov, energetiklardan X.F.Fozilov, G.R.Rahimov, faylasuflardan I.M.Mo'minov, arxeologlardan Ya.G'.G'ulomov kabilar yetishib chiqdilar.

Bu davrning eng buyuk muvaffaqiyatlaridan biri – televideniyening vatani Toshkent bo'lib qolganligidir. 1928-yili o'zbekistonlik V.P.Grabovskiy va I.F.Belyanskiylar elektron nur yordamida harakatdagi tasvirni bir joydan ikkinchi joyga uzatadigan va qabul qilingan «radiotelefon» yaratdilar.

Xullas, XX asrning 30-yillarida ro'y bergan murakkab ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlar respublika madaniy hayotiga jiddiy ta'sir ko'rsatdi. Ayniqsa, ma'naviy hayot sohasidagi qatag'onlar milliy madaniyat taraqqiyotiga salbiy ta'sir ko'rsatdi.

“Xalqlar otasi” ning jamiyat turmushidagi barcha sohalarga “dohiylarcha rahbarligi” xato va kamchiliklarsiz ideal jamiyat qurilayotganligini madh etuvchi asarlarning ko'payishiga olib keldi. San'atning turli sohalarida hayot haqiqatini bir yoqlama korsatuvchi, qolipga solingan ijod namunalari paydo bo'lishiga sabab bo’ldi.

Qonunchilikning qo'pol ravishda buzilishi, insoniy qadr-qimmatning poymol etilishi natijasida milliy madaniyatning ko'pgina ko'zga ko'ringan namoyandalari - Munavvarqori, Abdulla Qodiriy, Cho’pon, Fitrat, Zohiriy, Shokir Sulaymon, Elbek, Usmon Nosir, Otajon Hoshimov va boshqa millatparvarlar yo'q qilindi.

II-jahon urushi yillari adabiyot va san'atdagi asosiy mavzu – insonparvarlik g'oyalarining yanada kuchaytirilishi cdi. Chunki fashizm butun insoniyat va uning tomonidan yaratilgan barcha madaniy merosni yo'q qiluvchi ofat hisoblanardi. Shu sababli urush yillarida yaratilgan barcha madaniy boyliklar insoniylik g'oyalariga yo'g'rilgan edi. Bu davrdagi asosiy mavzulardan biri – vatanparvarlik hissining oshib-toshib ketishi va barcha san'at asarlarida namoyon bo'lishi edi. Barcha narsa va harakat, barcha badiiy ijod - buyuk Vatan tuyg'usini shakllantirish, Vatan uchun jonini tikishdek qudratli hisga bag'ishlandi. Natijada bu davrda yaratilgan barcha san'at asarlarida millati, tili, e'tiqodi har xil bo’lgan kishilarning yagona, qudratli kuchiga aylangan ichki ruhiy hissiyot – Vatan tuyg'usi o'z ifodasini topdi.

O‘zbekiston ishchi va mehnatkashlari bilan bir qatorda fan, maorif va madaniyat xodimlari ham nemis-fashist bosqinchilari ustidan qozonilgan g‘alabaga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar. Hamma narsa front uchun, hamma narsa g‘alaba uchun! Shioriga labbay! deb javob bergan ko‘pgina olimlar urushning birinchi kunlaridayoq frontga ketdilar.

Ular orasida O‘zbekistonning mashhur olimlaridan – U.A.Orifov, Ya.X.To‘raqulov, I.Ismoilov, X.Usmanov va boshqalar bor edi. T.N.Qori- Niyozov, V.I.Romanovskiy, T.Z.Zohidov, I.A.Raykova, O.S.Sodiqov kabi olimlar natijasi xalq xo‘jaligi va front zaruriyati uchun xizmat qilgan muammolarni hal qilishda katta kuch bilan mehnat qildilar.

O‘zbek matematik, mexanik va astronomlari evakuatsiya, o‘q-dori, harbiy texnika sifatini oshirishga aloqador bo‘lgan bir qancha muhim ilmiy muammolarni hal qildilar. Bunda T.A. Sarimsoqov, V.I. Ramonovskiy, M. Kamolov, N.N. Nazarov va boshqa olimlarning hissasi katta bo‘ldi. Ularning ehtimollik nazariyasi va matematika statistikasi sohasidagi ijodiy izlanishlari artilleriya otishmalari va bomba tashlash aniqligini, jangovar samolyotlarning yuk ko‘tarish imkoniyatini oshirishga, respublikada ishlab chiqarilayotgan harbiy texnikaning sifat ko‘rsatkichlarini takomillashtirishga imkon berdi. Geolog olimlar foydali qazilma boyliklarni qidirib topish, sanoatni zarur xom ashyo bilan ta’minlash vazifalarini bajarishga katta e’tibor berdilar. O‘zbekiston tog‘lari va cho‘llarida 1943 yilning o‘zidagina 35 ta geologiya ekspeditsiyalari ish olib bordi. O‘zbekistonlik kimyogarlar paxta chiqindisidan xalq xo‘jaligida foydalanish taklifini, etil spirtini, sirka kislotasini, qamishni quruq qayta ishlash natijasida ko‘mir briketini olishning yangi usullarini ishlab chiqdilar. Bunda akademik O.S. Sodiqov boshliq guruh ishlari alohida ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston o‘simliklarining alkoloidlik xususiyatini o‘rganish yuzasidan akademik S.Yu. Yunusov rahbarligida katta ishlar olib borildi. O‘rta Osiyo davlat universiteti (O‘zMU)ning kimyo fakultetida urush davrida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan narkoz efiri, xlorli kalsiy, kofein, streptotsid, sulfidin, nikotin kislotasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Fakultet bazasida Toshkent farmatsevtika zavodi tashkil etildi. O‘zbekistonlik farmatsevtlar mahalliy xom ashyodan 15 ta yangi dori preparatlarini ishlab chiqarish usullarini kashf etdilar.

O‘zbekistonning ijtimoiy-gumanitar fanlari olimlari-tarixchilar, sharqshunoslar, adabiyotshunoslar, tilshunoslar, iqtisodchilar va faylasuflar o‘zlarining ijodiy mehnatlari bilan mamlakat ilmiy salohiyatini rivojlantirishga, ommaga insonparvarlik, vatanparvarlik, erksevarlik g‘oyalarini singdirishga qimmatli hissa qo‘shdilar. Ilmiy tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish, ularni muvofiqlashtirishni dastlab 1940 yilda tashkil etilgan SSSR FAning O‘zbekiston filiali (O’zFAN), keyin 1943 yil noyabrda ochilgan O‘zFA amalga oshirdi. O‘zFA ning birinchi prezidenti qilib T.N.Qori Niyozov saylandi. Bu o‘zbek xalqi hayotida

muhim voqea bo‘ldi. 1943-1945 yillarda qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar bilan O‘zFA Ittifoqda tanilgan ilmiy markazga aylandi. Bu paytda akademiya tarkibidagi 22ta ilmiy muassasada 818 ilmiy xodim fan olamining turli jabhalarida tadqiqot ishlarini olib bordilar. O‘zFAning faoliyatida ko‘chirib keltirilgan ilmiy xodimlarning ham o‘ziga xos hissasi bo‘ldi.

Urush yillarining qiyinchiliklariga qaramasdan O‘zbekistonda Oliy va o‘rta maxsus yurtlari va maorif muassasalarining faoliyati ham to‘xtab qolmadi. O‘zbekistonda 29 ta oliy va 52 ta o‘rta maxsus o‘quv yurti ishlab turdi, ularning soni markazdan ko‘chirib keltirilgan 31 ta oliy o‘quv yurti va 7 ta harbiy akademiya hisobiga yana ortib bordi. Bu o‘quv yurtlarida urush yillari mobaynida 11.750 nafar yuqori malakali mutaxassis va 6.673 nafar kadrlar tayyorlandi. Xalq ta’limi sohasida ham o‘qituvchilarning frontga ketishi, ko‘pgina binolarning gospitallarga, bolalar uyi va harbiy-o‘quv punktlariga berilishi, darslik va o‘quv qo‘llanmalarining, mutaxassis kadrlarning etishmovchiligi anchagina qiyinchiliklarni keltirib chiqargan edi. Shunday bo‘lsa ham urush yillarida o‘qitish ishlari muntazam olib borildi. O‘quvchilar maktabda o‘qish bilan birga yaradorlarga, frontga ketganlarning oila a’zolariga, urush nogironlarioilalariga yordam berdilar.

O‘zbek adabiyoti ham xalqimizning yovuz dushmanga qarshi kurash yillarida o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Oybek, Hamid Olimjon, Shayxzoda, G‘ofur G‘ulom, Uyg‘un, Sobir Abdulla, Zulfiya, Temur Fattoh kabi shoir va yozuvchilar urush maydonlariga safarbar etuvchi she’rlari va maqolalari bilan xalqni g‘alabaga ruhlantirdilar. Oybekning – Yovga o‘lim! she’ri, – Navoiy romani, G‘.G‘ulomning – Sen etim emassan she’ri, Hamid Olimjonning – Yigitlarni frontga jo‘natish, – Jangchi Tursun, – Roksananing ko‘z yoshlari va boshqa asarlar urush yillaridagi o‘zbek adabiyotining yorqin namunalaridir. M. Ismoiliy, Ilyos Muslim, Nazarmat, Adham Rahmat, N. Safarov, Ibrohim Rahim, Z. Fatxullin, Adham Hamdam kabi yozuvchi va jurnalistlar frontda ishtirok etib, – Qizil armiya, – Front haqiqati, – Qizil askar haqiqati, – Suvorovchi, – Vatan sharafi uchun kabi front gazetalarida xizmat qilish jarayonida, Hamid Olimjon,

Oybek, A.Umariy, G‘afur G‘ulom, Ra’no Uzoqova va boshqa shoir, ham yozuvchilar hukumat delegatsiyalari tarkibida frontning oldingi marralariga borib, o‘z qahramonlari bilan tanishdilar, yurtdoshlarining jasoratlarini tarannum etdilar. A.Axmatova, I. Virta, S. Gorodetskiy, A. Deych, K. Zelinskiy, YA. Kolas, N. Pogodin, A. Tolstoy, V. Yan kabi yozuvchi-shoirlar ham O‘zbekistonda yashab, o‘zbek adabiyotchilari bilan hamkorlikda ajoyib asarlar yaratdilar. Bunda respublika Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qilgan H.Olimjonning xizmati katta bo‘ldi. Dramaturgiya sohasida N. Pogodin, Hamid Olimjon, Uyg‘un va Sobir Abdullalar yozgan – O‘zbekiston qilichi va A. Umariyning – Qasos, Yashin va Sobir Abdullaning ― Davron ota kabi asarlari bilan birga Uyg‘un va Izzat Sulton

– Alisher Navoiy, Hamid Olimjon – Muqanna, Maqsud Shayxzoda – Jaloliddin Manguberdi, Oybek – Mahmud Tarobiy kabi dramatik asarlarini yaratdilar-ki, ularda o‘zbek xalqining bosqinchilarga qarshi kurash sahifalari aks ettirildi.

1941-1945 yillardagi urush davrida O‘zbekistonda ta’sirchan vosita hisoblangan teatr va san’at ancha rivojlandi. Teatr va san’at arboblari frontning oldingi marralarida bo‘ldilar. Bu davrda O‘zbekistonda 35 ta mahalliy va 16 ta ko‘chirib keltirilgan teatr jamoasi faoliyat ko‘rgazib, butun urush davomida 203 ta yangi postanovka tayyorladilar va 6.667.303 tomoshabinga 13.568 ta spektakl va konsertlar ko‘rsatdilar.

Ikkinchi jahon urushi yillarida respublikamizda 30 dan ortiq konsert brigadalari tashkil etilib, ular harakatdagi armiya qismlarida 35 mingdan ortiq, Turkiston harbiy okrugi qismlari va gospitaldagi nogironlarga 26 mingta konsert qo‘yib berib, jangchilarni ruhlantirdilar, ularni fashizm ustidan g‘alabaga undadilar. Ayniqsa, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Mukarrama Turg‘unboeva, Sora Eshonto‘raeva, Abror Hidoyatov, Shukur Burhonov kabi san’atkorlar ishtirokidagi konsert va tomoshalar jangchilar, tomoshabinlar qalbiga zo‘r ko‘tarinkilik baxshida etgan.

A.Abdullaev, Ch.Ahmarov, O‘.Tansiqboev kabi rassomlar urush lavhalari, badiiy yilnomalarni yaratib, xalqimizning front va front orqasidagi fidokorona mehnatini mahorat bilan tasvirladilar. Qisqa metrajli filmlar va 10 ta ovozli badiiy

filmlarini yaratish bilan I. A’zamov, K. Yormatov, N. G‘aniev, S. Muhamedov kabi o‘zbek rejissyorlari urush yillarida kinomotografiyani rivojlantirdilar. Bu davrda ishlangan – Nasriddin Buxoroda, – Tohir va Zuhra kabi filmlar – O‘zbekfilmning oltin fondiga aylandi. Umuman olganda urushda qo‘lga kiritilgan g‘alabaga o‘zbekistonliklar o‘zlarining fidokorona mehnatlari bilan katta hissa qo‘shdilar.

Shu bilan birga, XX asrning 40-yillaridan 50-yillarigacha davom etgan siyosiy qatag’onlar O’zbekiston madaniy hayoti va taraqqiyotiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Bu qatag'onlar asosan ilm-fan va madaniyat arboblariga qaratilgan edi. Ko'pgina yozuvchilar, shoirlar, olimlar va boshqa fan va madaniyat arboblari nohaq qoralandi, “millatchi”likda ayblanib, hatto «xalq dushmani» tamg'asini oldi. Natijada adabiyot, san'atning taraqqiyot yo’li yuqoridan belgilab beriladigan yo'lga solib qo'yildi. Asosiy e'tibor hayotni realistik, demokratik va oshkora tasvirlab berish o'rniga “xalqlar otasi”ning, partiya va rahbarlar gegemonligining buyuk qudrati hamda qahramonliklarini bo'rttirib tasvirlashga qaratildi.

Millat, xalq va Vatan tarixini yoritib beruvchi asarlarning mualliflariga “o'tmishni qo'msovchi, “o'tmishni ideallashtiruvchi” kabi ayblar qo'yildi. Yozilgan asarlar partiya organlari senzurasi tomonidan qattiq tekshirilar va rahbariyatga yoqmagan “zararli elementlar” uchun ijodiy organlar va mualliflar badnom qilinar edi. Partiya organlari ayrim yozuvchilar va shoirlarning asarlaridan jiddiy xatolar “topib”, ularni milliy cheklanganlikda, o'tmishning zararli tomonlarini ideallashtirishda ayblay boshladilar. Natijada Oybek, Abdulla Qahhor, M.Shayxzoda, Shukrullo, Said Ahmad, M.Boboyev, Mirtemir va boshqa ijodkorlarni badnom qildilar. Bir qator jurnallar, jumladan, “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari tahririyatiga jiddiy ayblar qo'yildi.

Xullas, ma'naviy hayotdagi qatag'onlar keyingi madaniy hayotda ko'pgina salbiy oqibatlarning kelib chiqishiga, ya'ni ijoddagi erkinlik o'rnini hadiksirash, mavzuning yuqoridan belgilab berilishini kutish kabi noxush hotatlarning ro'y berishiga olib keldi. Shuningdek, ijodning hukmron millat, mafkura va sinf tazyiqi ostida belgilab berilishi yozuvchilarning ijtimoiy taraqqiyot hodisalarini bir

tomonlama yoritishga, mavjud kamchiliklarni ko'rib-ko'rmaslikka olishga majbur etdi. Natijada XX asrning 70-yillaridan so'ng shahar hayotiga asosiy e'tibor berish bilan cheklanib, qishloq voqealarini yoritish e'tibordan chetda qola boshladi. Qishloq hayoti, madaniyat va turmush ikkinchi darajali mavzuga aylandi. Aholining ozchilik qismi yashaydigan shahar hayoti ko'klarga ko'tarib maqtaldi. Ayniqsa, badiiy filmlar ishlab chiqarishda yuzakilikka – g'oyaviy bo'sh, mazmunan sayoz, o'zbek millatining haqiqiy qiyofasini, urf-odatlari, qadriyatlarini, milliy o'zligini ochib bera olmaydigan filmlar ishlab chiqarishga o'tib olindi.

Xulosa qilib aytganda, bu davr O'zbekiston madaniy taraqqiyotini boshdan kechirgan bir bosqich sifatida tarix sahifasidan munosib joy oldi. Fan, texnika, adabiyot va san'at hamda maorif sohalarida muayyan siljishlar bo'lib o'tdi, ularning moddiy-texnika bazasi ancha mustahkamlandi.

1991-yil 1-sentabr kuni O'zbekistonning Mustaqil deb e'lon qilinishi, Milliy istiqlolga erishuvimiz xalqimizning ma'naviyat va madaniyatini yanada yuksaltirish imkoniyatini berdi. Bu shunday bir ne'matki, ajdodlar tomonidan yaratilgan madaniy-ma'naviy merosga xalq milliy ruhiyati orqali nazar tashlashga, uning sarchashmalarini qalban his qila bilish, xalqona milliy va diniy e'tiqodlarga chuqur ehtirom ila qarash imkoniyatini yaratib berdi.

Milliy istiqlolning mohiyatiga tushunib yetilgan taqdirdagina kishilarda chin vatanparvarlik hissi uyg'onadi, nafaqat o'tmish madaniy merosini, balki zamonaviy, qolaversa, xalqning kelajak madaniyati va ma'naviyati masalalarini ham chuqurroq anglab yetish hissi paydo bo'ladi. Milliy istiqlol shunday qudratli kuchga egaki, o'z millati, xalqi va elatining taqdiri, madaniyati va milliy qadriyatlari uchun kurash har bir fuqaroning insoniy e'tiqodiga aylandi. O'z navbatida, milliy madaniyatning taraqqiyoti har bir insonning zamonaviy taraqqiyot oqimiga qo'shilib ketishiga yordam berdi.



Yüklə 0,7 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   ...   56




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə