Samarqand davlat universiteti



Yüklə 480,47 Kb.
səhifə68/80
tarix17.03.2023
ölçüsü480,47 Kb.
#102775
1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   ...   80
8b661b467baad283577aa48d96001b02 BOLALAR NUTQINI O`STIRISH NAZARIYASI VA METODIKASI

E`tiborga molik jihati:O`yindan avval kerakli bilimlar berilishi.

So`z” o`yini


Maqsad: Bolalar lug`at boyligini oshirish, nofaol lug`atni faollashtirish.
O`yin sharti: boshqalar aytgan so`zni takrorlamaslik.
O`yining borishi: Tarbiyachi biror so`z aytib o`yinni boshlab beradi. Masalan: qo`yosh-deydi. Bola esa –osmon deydi,keyingi bola –ko`z…
Didaktik o‘yinlar. Nutq o`stirish mashg`ulotlarida didaktik o‘yinlardan foydalanish
1.Didaktik o‘yinlarning turlari va ularning xususiyatlari.
2.Didaktik o‘yinlarga xos bo‘lgan qonun-qoidalar va ularni tashkil etishga qo‘yiladigan talablar.
3.O‘yin – maktabgacha ta’lim-tarbiyaning qudratli quroli.
4.Maktabgacha ta’lim amaliyotida qo‘llaniladigan didaktik o‘yinlar.


Tayanch so‘zlar: passiv o‘quvchilarni jamoaga aralashtirish, sofdillik, rostgo’йlik, harakatchanlik, badiiy asarda ko‘tarilgan hayotiy muammoni aniqlash, mashg‘ulot ssenariysi, rollar va vazifalarni bolalar o‘rtasida oqilona taqsimlash, kasb topqirligi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalarning dunyoqarashini kengaytirish, bilimlarini mustahkamlash, ijodiy tafakkurini shakllantirish, tasavvurini kengaytirishga yo‘naltirilgan didaktik o‘yinlardan biri «Nima qilyapti?» deb nomlanadi. Bu o‘yin jihozi uy hayvonlarining harakatdagi suratlaridir. Tarbiyachi tarbiyalanuvchilarga harakatdagi birorta uy hayvoni suratini ko‘rsatadi. Ular uy hayvonining nomi va harakatini topib aytishadi. Masalan, bu ot. U chopyapti. Bu it. U huryapti. Bu mushuk. U yotibdi va hk. So‘ngra bolalar shu surat mazmuni asosida ot qayoqdan kelayotgani, qayoqqa chopayotgani, nega chopayotgani, u chopyaptimi yoki yo‘rg‘alab ketyaptimi va hk.larni, it kimga, nima uchun hurayotgani, ya’ni tasvirdagi holatdan oldingi va keyingi hodisalarni tasavvur qilgan holda kichik hikoyachalar tuzishga yo‘naltirilishi talab qilinadi. Kichik hikoyachalarda suratdagi hayvonlarning bir-biri bilan suhbatini ham tashkil etish mumkin. Suhbatlarning mazmunini bolalarning o‘zlari belgilashadai. SHu tariqa ularda tafakkur mustaqilligi, ijodkorlik va yaratuvchanlik hissi shakllana boradi.

* *
*


Maktabgacha adabiy ta’lim jarayonida tarbiyalanuvchilarning nutqini o‘stirish yoki badiiy asarlar mohiyatiga chuqurroq kirishlarini ta’milash, ularga bilim berish, dunyoqarashini kengaytirish, aqliy faoliyati va ijodiy tafakkurini rivojlantirish maqsadiga qo‘l keladigan didaktik o‘yinlardan yana biri «Odam va hayvonlar» deb nomlanadi. Bu o‘yin tarbiyalanuvchilarning dialogik nutqini, suhbat uchun mazmun tanlash imkoniyati taraqqiyotini ham ta’minlaydi. Bu o‘yinda uy hayvonlarining odamlarga keltiradigan foydasi kashf etiladi. Tarbiyachi avval tarbiyalanuvchilarning har biriga uy hayvonlari va parrandalarining suratini tarqatib chiqadi. So‘ngra quyidagi hikoyani boshlaydi: «Qadim-qadim zamonda odam yolg‘iz o‘zi yasharkan. Tabiatda qattiq qurg‘oqchilik bo‘libdi va hayvonlarning ko‘pi qirilib ketibdi. SHunda tirik qolgan hayvonlar va qushlarning bir qismi odamning oldiga kelishibdi va:
- Bizni boq. Bizni boqsang sening barcha ishlaringni engillatamiz, senga yordam beramiz, - deyishibdi.
- Sizlar nima qilishni bilasizlar? – deb so‘rabdi Odam…».
SHundan keyin bog‘cha opa bolalardan birma-bir javob berishni talab qiladi. Ular qo‘llaridagi suratda aks etgan uy hayvonining nomini va u bajarishi, foyda keltirishi mumkin bo‘lgan jihatlarini gapirib beradilar. Qaysi bola qo‘lidagi uy hayvonining xususiyatlarini to‘liq ochib bera olmasa, tarbiyachi boshqalarni ko‘makka chaqiradi. SHu tariqa ularda bilganlaridan amalda foydalanish, bilmaganlarini o‘rtoqlari ko‘magida bilib olish, ayni zamonda, ularda mustaqil fikrlash va izlanish ko‘nikmalari shakllanadi.

* *
*


SHaxs shakllanishida muhim ahamiyat kasb etuvchi, tarbiyalanuvchida ijodiy izlanish ko‘nikmasini takomillashtirishga yo‘naltirilgan navbatdagi didaktik o‘yin «Tug‘ilgan kun» deb nomlanadi. Bu o‘yinda mashg‘ulot jihozlari yovvoyi hayvonlar, ularning uyalari va eydigan taomlari tasviri tushirilgan kartochkalar bo‘ladi. Tarbiyachi bugun quyonning tug‘ilgan kuni ekanini, u o‘rmon hayvonlarini mehmonga chaqirmoqchiligini aytadi. Mehmon kutish uchun ko‘pgina taomlar pishirganini ta’kidlab dars taxtaga har xil oziq-ovqatlar rasmini qo‘yadi. So‘ngra bolalarga murojaat qilib deydi: «Qani shu taomlarga qarab topinglarchi, quyon o‘z tug‘ilgan kuniga kimlarni taklif qilibdi?» Bolalar bochkachadagi asal, likopchadagi yong‘oq, ko‘zachadagi sut, savatchadagi pichan, kosachadagi qurt-qumirsqalar va hk. taomlarga asoslangan holda ularni iste’mol qiladigan hayvonlarning nomlarini aytadilar. So‘ngra bolalarga o‘sha ovqatlarning oldiga qo‘llaridagi hayvonlar suratini yopishtirishni taklif qiladi. Keyin so‘raydi: «O‘ylab ko‘ringlarchi, quyon kimlarni tug‘ilgan kuniga chaqirmabdi? Nima uchun?» Tarbiyalanuvchilar qarashsa, quyon bo‘ri bilan tulkini tug‘ilgan kuniga chaqirmagani ayon bo‘ladi. Ular buning sabablarini bilganlaricha aytadilar. Fikrlar tugagach tarbiyachi hikoyasini davom ettirib: «Hayvonlar tug‘ilgan kunda maza qilib ovqatlanishibdi, o‘ynashibdi va kech bo‘lganda uylariga qaytishibdi», deydi va har xil uyalarning suratini darstaxtaga yopishtirib, bolalarga topshiriq beradi: «Har bir hayvonning suratini o‘z uyasi oldiga yopishtiring». Tarbiyalanuvchilar birma-bir chiqib ayiqni o‘z uyasiga, olmaxonni daraxtga, quyonni butalar ostiga, qushlarni daraxt shoxlariga va hk. joylashtirishadi. SHundan so‘ng hikoya yana davom ettiriladi: «Ertalab turib barcha hayvonlar quyonning tug‘ilgan kuni qanday o‘tganini gapirib berishibdi». Tarbiyachi shu o‘rinda tarbiyalanuvchilarga savol bilan murojaat qiladi: «Qani, o‘ylab ko‘ringlarchi, qaysi hayvon qanday hayvonchalarga quyonning tug‘ilgan kuni haqida gapirib beribdi?» va barcha hayvonlarning bolalari suratlari tushirilgan ko‘pgina kartochkalarni chiqaradi. Tarbiyalanuvchilar har bir hayvon bolasining nomini aytib kichik jonivorlarni o‘z onalari atrofiga yopishtirib chiqadilar. To‘g‘ri javoblar oldiga tarbiyachi har xil baholarni aks ettiruvchi belgilarni yopishtirib qo‘yadi. To‘g‘ri bajarilgan topshiriqlarning yulduzcha yoki «smayliki»lari ko‘payaveradi. SHu tariqa bolalar ham o‘ynaydilar, ham bilim oladilar, ham mustaqil mulohaza yuritib kashfiyotlar qiladilar.
Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarini bilim olishga, mustaqil fikrlashga, ularda shaxslik sifatlarini shakllantirishga yo‘naltiruvchi bunday didaktik o‘yinlarning barcha jihozlari avvaldan tayyorlab qo‘yilishi, o‘yinlarning chegarasi belgilab olinishi maqsadga muvofiqdir. Aks holda tarbiyalanuvchilar charchab qolishlari yoki ularning imkoniyatlaridan tashqari topshiriqlar bo‘lsa, qiziqmay qolishlari mumkin. SHu bois bolalarni bilimlarni engil va qiziqarli o‘zlashtirishlariga yo‘naltiruvchi bunday didaktik o‘yinlarning dastlab bir yoki ikkitasi bilan cheklanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Asta-sekinlik bilan bolalarning qiziqishlariga tayangan holda o‘yinlar mazmuni boyitilib, kengaytirilib, takomillashtirilib borilaveriladi.
Ko‘rinadiki, mazkur o‘yinlarda tarbiyachining roli juda chegaralangan va u tarbiyalanuvchilarni faqat yo‘naltirib turishi o‘rinli bo‘ladi. Didaktik o‘yinlarning samaradorligi, natijalarning ijobiyligi butun o‘yin davomida tarbiyachining emotsional munosabatiga bog‘liq. Bunday didaktik o‘yinlar bolalarning bilish, mustaqil fikrlash ko‘nikmalarining shakllanishi va rivojlanishiga, bilimlarini amaliyotga tatbiq etishlariga ko‘mak beradi. Maktabgacha ta’lim tizimida barcha o‘yinlarning nafaqat qiziqarli, balki ta’limiy va tarbiyaviy ahamiyat kasb etishi ham maqsadga muvofiqdir.

* *
*


Navbatdagi didaktik o‘yin bolalarda tez fikrlash ko‘nikmasini shakllantiradi. U «Tez aytish» deb nomlanadi. Bunda tarbiyachi har xil mavzularni o‘rtaga tashlaydi. Bolalar shu mavzuga doir so‘zlarni sanab beradilar. O‘yinning sharti shundayki, har yo‘nalish bo‘yicha kim ko‘p so‘z topsa u yulduzcha olaveradi. Oxirida yulduzchalari ko‘p bo‘lgan bola g‘olib bo‘ladi. Masalan, tarbiyachi: «Uy hayvonlari» deydi. Bolalar: «Sigir, echki, buzoq» va hk.; bog‘cha opa: «Multfilmlar» deydi. Bolalar: «Maugli», «Alisa ajoyibotlar mamlakatida», “Masha va ayiq” va hk.; tarbiyachi: «O‘quv qurollari» deydi. Bolalar: «Ruchka, qalam, sirkul» va hk.larni sanab boraveradilar. Tarbiyachi qushlar, yovvoyi hayvonlar, multiklarning qahramonlari, osmon jismlari va hk.larni navbat bilan o‘rtaga tashlayveradi. Bolalar javob topaveradilar. Bu jarayonda tarbiyalanuvchilarning fikrlashi tezlashadi, so‘z boyligi ko‘payadi, xotirasi charxlanadi, bilimi ortadi.

* *
*


Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya olayotgan bolalarning adabiy savodxonligini orttiruvchi so‘z o‘yinlaridan: tarbiyachi aytgan so‘zning oxirgi harfi bilan boshlanadigan so‘zlardan topib aytish: kitob – bahor – rasm – mashina – anjir … va hk.; bir mavzu doirasida jamlangan so‘zlarni topish (masalan, baliq – bolalar boshqa suv hayvonlarini sanaydilar); bo‘ri – bolalar boshqa yovvoyi hayvonlarning nomlarini sanaydilar; laylak – bolalar boshqa qushlarning nomlarini xotirlab aytib beradilar; tovuq – bolalar uy parrandalarini sanaydilar; it – uy hayvonlari sanaladi va hk. Mazkur so‘z o‘yinlari ham tarbiyalanuvchilarning tafakkuri mustaqilligini ta’minlash bilan birga ularni topqirlikka, vaziyatga va savolga mos yo‘nalishda tez fikrlashga o‘rgatadi. Ayni zamonda, bilim ham beradi. YA’ni bilimlarni tarbiyalanuvchilar tarbiyachidan tayyor holda olmay o‘zlari kashf etadilar. Mehnat qilib o‘zlashtirilgan bu bilimlar bolalarning ruhiyatiga o‘rnashib boradi.
Bu kabi didaktik o‘yinli mashg‘ulotlarda hamma tarbiyalanuvchilar hamkorlikda ishlaydilar, avval o‘zlashtirgan bilimlarini yangi vaziyatlarda qo‘llab yangi bilimlarni egallaydilar. Bu, o‘z navbatida, bola ruhiyatida bilimi va iqtidoriga ishonch uyg‘otadi, har bir tarbiyalanuvchini mas’uliyatga undaydi, javobgarlik hissini shakllantiradi.
Badiiy asar bilan tanishish mashg‘ulotlarida didaktik o‘yinlardan foydalanilganda tarbiyachidan mashg‘ulotning maqsadi, vazifalari, borishi, mantiqiy ketma-ketligi, tarbiyalanuvchilar bajarishi lozim bo‘lgan topshiriqlar tizimini aniq rejalashtirib olish talab qilinadi. Didaktik o‘yinlar tarbiyalanuvchilar oldiga qo‘yiladigan o‘quv-biluv xarakteridagi topshiriqlar ko‘magida muammoli vaziyatlarni vujudga keltirish yo‘llarini aniq bilish va oldindan loyihalashtirishni taqozo etadi. Bundan tashqari, bolalarni didaktik o‘yinning maqsadi va vazifalari bilan tanishtirish, o‘yin taqozo etadigan vazifalarni to‘g‘ri taqsimlash, ularga aniq yo‘llanma, ko‘rsatmalar berish mashg‘ulotning samarali natijasini ta’minlaydi. Didaktik o‘yin asosiga qurilgan o‘quv-biluv xarakteridagi muammolarni hal etishda ham tarbiyalanuvchilardagi mavjud bilim, ko‘nikma va malakalarni yangi, kutilmagan vaziyatlarda qo‘llash imkoniyatlari shakllanadi, asta-cekinlik bilan qat’iylasha boradi.

* *
*


Maktabgacha ta’lim muassasalari badiiy asarlar bilan tanishish mashg‘ulotlarida tarbiyalanuvchilarni ijodga undovchi didaktik o‘yinlarning turlari juda ko‘p. Masalan, “Ilk qadam” dasturidan o‘rin olgan “Donishmand yigit”25 ertagi matni o‘rganilganidan bir oz vaqt o‘tgach uning nomini aytmasdan bolalarga asardagi beshta tanish so‘z va iboralar: “to‘ng‘ich o‘g‘il”, “o‘rtancha o‘g‘il”, “kenja o‘g‘il”, “do‘stlar”, “uylar” hamda begona oltinchi so‘z “vertolyot” ko‘magida yangi ertak tuzish vazifasini topshirish mumkin. YOki “Ochko‘z boy” ertagi26 matnidan olingan “o‘tinchi chol”, “o‘rdak”, “savobi tegar”, “ochko‘z boy”, “tarvuz urug‘i” va oltinchisi begona so‘z “uchar gilam” ko‘magida yangi asar yaratishga undash mumkin. Tarbiyachi bunday o‘yin-topshiriqlar yordamida shakllanayotgan shaxsning yangi narsaga munosabatini o‘rganadi, bola shaxsida tanish so‘z va iboralardan o‘rinli foydalanib yangi badiiy matn yaratish qobiliyatini shakllantiradi. Tarbiyalanuvchi ijodkorlikka yo‘naltiriladi.

* *
*


Bolalardan tugagan ertakni davom ettirishni talab qilish ham didaktik o‘yinlarning samarali turlaridan biridir. Masalan, “Qimmat bilan uning onasini ajdar eb ketdi. Zumrad otasi bilan hayotini davom ettiryapti. Xo‘sh, uning hayoti qanday kechadi?” Ertak qahramonlarining keyingi hayotini tasavvur qilishga qaratilgan bunday o‘yin tarzidagi didaktik topshiriqlar bolalar uchun o‘ta foydali ijod turi hisoblanadi.
Ertak qahramonlari xarakterini o‘zgartirish bilan bog‘liq didaktik o‘yinlar ham bolalarni ham aqlan, ham ruhan yoqimli zo‘riqishga undaydi. Masalan: Zumrad bilan cholni salbiy, Qimmat bilan o‘gay onani ijobiy obraz sifatida tasavvur qilib yangi asar yaratishni talab qilish ham bolalarni ziyraklikka o‘rgatadi. Ertaklar, ularni kim to‘qishidan qat’i nazar, ko‘pincha inson mantiqiy fikri emas, xayoloti (fantaziyasi)ning mahsuli bo‘ladi. Bolalarning esa fantaziyasi o‘ta kuchli. Bundan maktabgacha adabiy ta’limni oqilona tashkil etishda foydalana bilish kerak, xolos.
Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim tizimi mashg‘ulotlarida: tanish ertak syujeti asosida yangi ertak yaratish, ya’ni o‘sha qahramonlar ishtirokida boshqa ertak to‘qish; mavjud qahramonlarning nomlarini almashtirib yangi matn yaratish; xotira bilan o‘ynash – badiiy matnlardagi kalit so‘zlar va hodisalarni eslash va ular ko‘magida yangi asar yaratish; xonada hikoyachi rolini bajarish – o‘ylab topilgan voqealarni aytib berish; ko‘zlarini yumib tush ko‘rish va ko‘rgan “tush”ini gapirib berish singari didaktik o‘yinlar ham mazkur bosqich adabiy ta’limining maqsadiga muvofiq keladi.
Bunday ertak to‘qish, hikoyachi o‘rnini egallash singari mashg‘ulotlar jarayonida tarbiyachilar tarbiyalanuvchilarning ijodini, u qanday bo‘lishidan qat’i nazar, yozib borishi katta samara beradi. Bola ustozining biror narsani o‘zgartirib yozmaganligi, tushirib qoldirmaganini nazorat qiladi. Bu unga o‘z so‘zi, yaratig‘i e’tiborsiz qolmaganini anglatadi. Bolalarning yaratiqlarini ota-onalarga o‘qib berish, bu jarayonga kattalarni ham jalb etish bolalarning adabiy savodxonligi ortishi garovi hamdir.

* *
*


Bulardan tashqari, darstaxtaga birini ko‘rsatib, ikkinchisini ko‘rsatmay ikkita rasm qo‘yish va shu suratlar asosida hikoya tuzishni talab qiluvchi “Topqirlar” o‘yinidan ham mashg‘ulotlar samaradorligini ta’minlashda foydalanish mumkin. Tarbiyachi bu o‘yindan foydalanganda bolalardan: yorug‘lik-(qalam), shkaf-(it), yomg‘ir-(mushuk), jo‘ja-(kalxat), shar-(qizcha) va hk. suratlar juftligi ishtirokida hikoya tuzishni talab qiladi. Bunday topshiriqni olgan yosh ijodkorlar teskari qarab turgan suratda nima tasvirlanganini bilmaydilar. Bolalar shu yashirin suratni qidirib dunyo-dunyo voqealarni aytib yuborganliklarini o‘zlari ham sezmay qoladilar. Kimning ertagida mana shu ikkinchi yashirin suratdagi timsol tasodifan ishtirok etib qolgan bo‘lsa, tarbiyachi belgilab boradi va o‘yinning oxirida buni yuzaga chiqaradi. Bu o‘yindan maqsad berkitilgan suratning nima ekanini topish emas, balki bolalarni ijodga, ular uchun o‘ta foydali bo‘lgan mashg‘ulotga undashdan iboratdir.

* *
*


Maktabgacha adabiy ta’limda bolalarni xayolparastlikka yo‘naltiruvchi didaktik o‘yinlardan yana biri “Siz nima qilgan bo‘lardingiz?” ijodiy o‘yinidir. Unda tarbiyachi har mashg‘ulotda tarbiyalanuvchilariga har xil mazmundagi: “dunyoda pul bo‘lmasa; dunyoni pul bosib ketsa; Toshkent (Guliston) boshqa planetaga tushib qolsa; dinozavr bilan to‘qnashib qolsangiz; suv osti shaharchasiga tushib qolsangiz; parilar mamlakatiga borib qolsangiz; sehrgar bo‘lib qolsangiz; bog‘cha opa bo‘lib qolsangiz; bog‘cha mudirasi bo‘lib qolsangiz; prezident bo‘lib qolsangiz va hk. – nima qilgan bo‘lardingiz?” tarzidagi g‘ayrioddiy, xayolparastlikka undaydigan savollar bilan murojaat qiladi va bolalarni ijodga, yangi badiiy matn yaratishga yo‘naltiradi.

* *
*


Maktabgacha adabiy ta’lim amaliyotini maqsadga muvofiq tashkil etishda tarbiyachining biror ertak mazmunini o‘zgartirib qayta aytib berishni tashkil eta bilishi ham ancha jiddiy didaktik o‘yin hisoblanadi. Bu o‘yinda minbar tarbiyachiniki bo‘ladi. Faqat buning uchun undan avval zarur vaziyat, ijodiy muhitni yaratib olish talab qilinadi. Ma’lumki, bolalar tabiatan ertaklar aslining tarafdori bo‘ladilar. Ular ertaklarning ayni o‘sha birinchi marta eshitgan so‘zlar bilan aytilishni istaydilar. O‘sha tanish so‘zlarni, ular dastlabki holatida eslab qolgan iboralarni, o‘sha hayajonni qaytadan tuyish, voqea-hodisalar rivojidan qayta hayratlanish, shodlanish ularga xush yoqadi.
Psixologlarning aytishicha, har qanday bola dunyoning o‘zi o‘zlashtirib olgan holatidan tez-tez o‘zgarib turishini xushlamaydi. Uning boshqacha yo‘nalishga qo‘yilishi, ya’ni tanish ertakni o‘zgacharoq shaklda eshitish bolaga yoqmaydi. U tinimsiz ravishda so‘zlarni tuzatishga, ertakchiga voqealarning aslini eslatishga urinadi. Bu jarayon bolani o‘ylantiradi, bezovta qiladi, ziyraklantiradi, izlantiradi, xushyorlikka undaydi, aqli va xotirasini peshlaydi. Bola o‘sha lazzat, hayajon, qo‘rquvni qayta his qilgisi keladi. O‘sha tuyg‘ularni qidiradi. Agar u ertakning o‘zgargan holati bilan kelishgan taqdirda ham, undagi o‘zgarishlar bolani yangi tuyg‘ularni his qilishga majbur qiladi. Ular endi ertak bilan emas, o‘z-o‘zlari bilan o‘ynaydilar. O‘zlariga javobgarlikni oladilar. Bu hol bolani yomon kuchlardan qo‘rqmaslikka, yaxshiliklardan zavqlanishga, go‘zallikdan hayratlanishga o‘rgatadi. Umuman, bolaning qahramonlarga munosabatida o‘zgarish bo‘ladi.
Bunday yangilangan ertaklar ko‘magida bolalar haqiqiy hayot bilan o‘ylab topilgan hodisalar orasidagi farqni anglab boradilar. Bu didaktik o‘yinning ikkinchi jihati shundaki, ular yangi ertakni o‘zlaricha tahlil qiladilar. Uning dastlabki varianti bilan yangisini taqqoslaydilar. Bir vaqtning o‘zida ertakning har ikkala shakliga o‘ziga yarasha munosabat bildiradilar. Tarbiyachi tarbiyalanuvchisi xayolidagi mana shu munosabatni, tahlilni, taqqoslashni so‘zga aylantira olishi, yuzaga – tilga chiqara bilishi kerak. Uning tarbiyachilik vazifasi mana shuni taqozo qiladi. Bu ijodkorlikning yozma ko‘rinishi keyinchalik, boshlang‘ich va yuqori maktabda yozilajak insholarda o‘z aksini topadi.

* *
*


Ertak to‘qish bolaga inson uchun o‘ta zarur bo‘lgan ko‘p haqiqatlarni taqdim etadigan vositadir. Maktabgacha yoshdagi bolalarni ertak eshitishga, aytishga, o‘ylab topilgan har xil hodisalarni tizimli hikoya qilishga o‘rgatish adabiy ta’limning keyingi bosqichlarida katta samara beradi. Masalan, bolalar bilan “Ertakchi bobo (momo)” didaktik o‘yinini tashil qilish mumkin. Odatda, bolalar nazarida, bobo-buvilari ertaklar xazinasiga o‘xshaydi. Tarbiyachi bolakaylarga ertakchi bolani bobo yoki buvi kiyimida ko‘rish kuchliroq ta’sir qilishini yaxshi biladi. Nutq o‘stirish va badiiy adabiyot bilan tanishish mashg‘ulotlarida tashkil etilgan bunday didaktik o‘yinlarda bolalar navbat bilan ertakchi momo yoki bobo kiyimida o‘rtoqlariga o‘zlari o‘ylab topgan voqealarni, eshitgan yoki to‘qigan ertaklarini hikoya qiladilar. O‘zining o‘rtog‘i, tengdoshi aytayotgan ertak, u to‘qigan hikoya atrofdagilarga ham qiziqarli bo‘ladi. Tarbiyachi esa “ertakchi”ning “asar”ini so‘zma-so‘z yozib borishi kerak. Tarbiyalanuvchilar esa ertak to‘qishga jiddiy yondashishga, ertagini qiziqarli qilishga, sarguzashtlar bilan boyitishga harakat qilishadi. Tarbiyachi bolalarga to‘qilajak ertak mavzularini tavsiya qilishi ham mumkin. Bolalarning yaratiqlarini guruhdagi “Ijodkorlar burchagi”ga yopishtirib qo‘yish, uni ota-onalarga ham ko‘rsatib turish bolalarda faxr hissini shakllantiradi. Bu tuyg‘u uni ruhiy kamolot sari etaklashi tayin.
Badiiy asarlar ustida ishlash mashg‘ulotlarini adabiy ta’limning maqsadiga muvofiq tarzda tashkil etishda tarbiyalanuvchilarga “assalomu alaykum”, “rahmat”, “marhamat”, “iltimos”, “kechirasiz” singari “sehrli” so‘zlar ko‘magida ertaklar yaratish bilan bog‘liq topshiriqlarni berishi ham kutilgan natijani ta’minlaydi. Albatta, bolalar aytgan ertaklarda chuqur ma’no, puxta mantiq bo‘lmasligi tabiiy. Bu yoshda ma’no-mantiq muhim emas. Eng muhimi – jarayon. Bola bu ijodiy jarayonda mustaqil ravishda o‘ylanadi, izlanadi. Aqlini, xotirasini o‘z ixtiyori bilan zo‘riqtiradi. CHunki bu o‘yin uning uchun qiziq, unga yoqadi. Odamning ruhiyatiga yoqimli bo‘lgan har qanday narsa uning o‘zi uchun foydalidir.

* *
*


Makabgacha adabiy ta’limni maqsadga muvofiq tarzda tashkil etishda tarbiyachining ertak qahramonlari o‘rniga bolalarning o‘zlari, ularning ota-onalari va qarindoshlari nomini qo‘yib aytib berishi ham bolalarda shaxslik belgilarining paydo bo‘lishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ertak qahramonlari o‘rnida ajdar bilan olishish, dushmanlarga qarshi kurashish, o‘g‘rilarni engish, zaiflarni himoya qilish uning ruhiyatida o‘ziga ishonch hissini shakllantiradi. Ichidagi tushunarsiz va sirli qo‘rquvni engishga ko‘maklashadi. Faqat hammasi real bo‘lishi, rostakam, jiddiy ifodalanishi kerak. Voqealar markazida esa real bola bo‘lishi kerak. SHunda bolalarning ayrimlari o‘zlarini qorong‘ilik yoki hayvonlardan qo‘rqmaydigandek his qiladilar. Bu bilan tarbiyachi tarbiyalanuvchilarning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashgan bo‘ladi. O‘zini voqealar markazida tasavvur qilish bolaga o‘zligini anglash uchun yordam beradi. Faqat tarbiyachi bu o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi, har bir ertakka sinfdagi bir bolani qahramon qilib kiritishi va ertakning matnini oldindan tayyyorlab qo‘yishi kerak bo‘ladi.
Odatda bolalar o‘z imkoniyatlaridan baland masalalarni hal etishni xush ko‘radilar. Qo‘llaridan kelmaydigan ishlarni qilishga tirishadilar. Tarbiyachi tarbiyalanuvchilariga xos bo‘lgan mana shu tabiiy xususiyatdan ularning o‘zlari uchun oqilona foydalana bilishi shart. CHunki ta’lim jarayonidagi har qanday tarbiya boladagi tabiiylik bilan uyg‘un bo‘lgandagina unga foydali bo‘ladi. “Bu bolaga og‘irlik qiladi” degan qarashni birinchi planga chiqarmaslik kerak. Ayni zamonda, beriladigan topshiriq bolaning intellektual imkoniyatlaridan o‘ta baland bo‘lishi ham mumkin emas. Bu uning shashtini qaytarib qo‘yishi mumkin. Topshiriq shunday tanlanishi kerakki, bola bir oz qiynalib, izlanib, aqli, xotirasini zo‘riqtirib, vazifani bajarsin. Bolalarni bunday ishlata bilish tarbiyachining mahoratiga bog‘liq.
SHu bilan birga, didaktik o‘yinlar jarayonida o‘yin qoidasidan tashqari taqiqlar bo‘lmasligi kerak. Ijod paytida, ertakchilik daqiqalarida hamma xohlaganday o‘tirsin. Kim eshitadi, kim eshitmaydi, buning ham unchalik ahamiyati yo‘q. Bordiyu, tanbeh berilsa ham uni tarbiyachi emas, bolalarning o‘zlari qilganlari ma’qul.
Tarbiyalanuvchilar tabiatan ertaklarning qahramoni bo‘lishni, hech qursa, ertakda nomi tilga olinishini juda-juda xush ko‘rishadi. Ertak aytish jarayonida asardagi geografik nomlarni bolalarga tanish joylar bilan o‘zgartirish ham ularning diqqatini o‘ziga tortadi. Bolaning qiziqish va e’tiborini kuchaytiradi, unga tegishli nom bolaning ruhiy shakllanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Mana shu tanish narsa yoki hodisa bola biror kino yoki sahna asarini ko‘rayotganda ham alohida vazifani bajaradi. Bu jarayon «men»ning shakllanishiga, farzandlik burchi, vatan tuyg‘usi, daxldorlik hissi singari insoniy fazilatlar rivojlanishiga bevosita o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bolalikda kattalar shaxsiyatidagi insoniy sifat-fazilatlar hech qanday zo‘riqishlarsiz ular tomonidan aytilayotgan hikoya yoki ertakning ifoda ohangi, aytuvchining munosabatlaridan tabiiy ravishda bola ruhiyatiga o‘tadi, o‘rnashadi. Bu jarayonga hech qanday tashqi kuch aralashmaydi.

* *
*


Bundan tashqari, badiiy asarlar bilan tashishish mashg‘ulotlarida bir necha kishi birgalikda biror badiiy asardagi ma’lum narsa-hodisa va timsollar rasmini chizish ham bolalarning ma’naviy kamolotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolalar ixtiyoriy ravishda 3–4 kishilik guruhlarga bo‘linishadi. Rasmni biri boshlaydi, ikkinchisi davom ettiradi – ularning har biri rasmni o‘z tasavvuri bilan davom ettiradi. CHizgilar biri birini to‘ldirishi ham, uchinchisi rasmga butunlay boshqa, begona narsani yopishtirishi ham mumkin. Natijada tushunarsiz bir shakl paydo bo‘ladi. Oxirida bu chizilgan “yaratiq”ni o‘qish, ya’ni tasvirni ta’riflab, sharhlab berish so‘raladi. Har bir bola o‘zidan oldin chizilgan narsani qanday tasavvur qilgani va o‘zi qo‘shgan tasvir nimani ifodalashini aytib beradi. SHu tariqa ma’nosiz narsadan mantiq sari boriladi. Bolalar bir-birlarining suratlarini ko‘rib kulishari, undan mantiq topishga intilishari, nom qo‘yishga tirishishlari mumkin. Bu jarayonda kechilgan tuyg‘ular samimiy va tabiiydir. Tarbiyachining vazifasi adabiy mashg‘ulotlarda tarbiyalanuvchilarni shunday holatlarga sola bilishdan iborat. Bolalar bu didaktik o‘yinning havosini bir qadar olganlaridan keyin o‘ylab chiza boshlashadi.
Maktabgacha adabiy ta’limning bolaga xos bo‘lgan tabiiylikka hamohang ravishda oqilona tashkil etilishi, tarbiyachi ruhiyatidagi onalik mehri, insonlik sifatlari uning xatti-harakatlarida, gap-so‘zida aks etib turishi kerak. Tarbiyalanuvchilar tarbiyachilarning har bir narsa-hodisaga, o‘zlariga munosabatdagi qirralarni, ustozga xos samimiylikni, rostlikni ichki bir tuyg‘u bilan ilg‘ab oladilar. Ular o‘zlari anglamagan holda katta psixolog. SHunga tayanib tarbiyachi opalariga o‘z munosabatini bildiradilar. Qaysidir tarbiyachini hurmat qiladilar, kimnidir o‘z idealiga aylantiradilar, qay biriga laqab qo‘yadilar yoki ortidan mazax qiladilar va hk. Ularda bu jarayon faqat aql bilan boshqarilmaydi. Bu ma’lum darajada aqlning, asosan, tuyg‘uning, hissiyotning ishi. Hech bir bog‘cha opa buni unutmasligi kerak.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, bo‘lajak tarbiyachining didaktik o‘yinlarni tashkil etish bilan bog‘liq bu bilimlardan xabardor bo‘lishi nafaqat uning professional yutug‘i, balki millat va mamlakat kelajagi taqdirini belgilash garovi hamdir.



Yüklə 480,47 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə