Texnika falsafasi



Yüklə 3,24 Mb.
səhifə57/75
tarix23.12.2023
ölçüsü3,24 Mb.
#155246
növüУчебник
1   ...   53   54   55   56   57   58   59   60   ...   75
Техника фалсафаси.23-24

Harbiy texnika tarixi. Kamon va sopqonning takomillash-tirilishi harbiy mashinalar ixtiro qilinishiga olib keldi. Ular-ning orasida o‘q otadigan katapulta va tosh otadigan ballistalar qayd etiladi. Ushbu mashinalar ho‘kiz yolidan eshilgan va tarang tortilgan arqonlar kuchi bilan harakatga keltirilgan. Harbiy mashinalar o‘lchamlari hisoblash yo‘li bilan aniqlangan ilk moslamalar hisoblanadi. Bunda hisoblash moduli bo‘lib, arqon o‘tkaziladigan teshikning kattaligi xizmat qilgan. Og‘irligi 0,8 kg. dan oshmaydigan toshlarni uloqtiradigan kichkina mashinalar bo‘lgan, biroq 80-120 kg. keladigan toshlarni uloqtiradigan mahobatli mashinalar ham yasalgan.
Xitoyda yaratilgan qadimgi toshotar mashina quyi qismi yerga ko‘milgan bukiluvchan langarcho‘p ko‘rinishida bo‘lgan, unga tosh bilan “o‘qlanadigan” palaxmon mahkamlangan. Yevropada toshotar mashina-ning shunga o‘xshagan bir turi frondibola deb atalgan.
Qal’alarni uzoq masofadan va baland traektoriya bo‘ylab bombardimon qilish uchun “Monankomn” yoki lotin tilidagi manbalarga ko‘ra “Onagr” deb atalgan qudratli harbiy mashinadan foydalanilgan. Mazkur qurilma zamirida ichiga ho‘kiz yolidan eshilgan qalin arqon tortilgan o‘ta mustahkam gorizontal rom bo‘lgan. O‘sha arqonga mustahkam richag o‘rnatilgan va uning bo‘sh uchiga tosh bilan o‘qlangan palaxmon osilgan. Alohida moslamalar vosita-sida richag pastga tortilgan, bunda tarang arqon jangovar holatga kelgan, so‘ng bo‘shatilgan richag bir lahzada rostlangan, palaxmondagi tosh esa katta kuch bilan uloqtirilgan.
Palinton (ballista) ham tosh otish uchun mo‘ljallangan harbiy mashina hisoblangan. Ushbu qurilma nisbatan murakkab tuzilishga ega bo‘lgan. Ikki mustahkam vertikal romlar ichiga, 45° qiyalikka ega bo‘lgan jangovar novning ikkala tomoniga qalin arqonlar tortilgan. Eshilgan arqon dastalariga mustahkam richaglar o‘rnatilgan va ularning bo‘sh uchlari jangovar nov bo‘ylab yuradigan mustahkam kamon ipi bilan biriktirilgan. Moslama yordamida kamon ipi tortilgan, bunda richag va arqonlar jangovar holatga keltirilgan. Kamon ipi oldiga tosh joylashtirilgan. Toshni uloqtirish tortilgan kamon ipini qo‘yib yuborish yo‘li bilan amalga oshirilgan: arqonlar dastlabki holatga kelgan, kamon ipi rostlangan, tosh jangovar nov yo‘nalishiga mos ravishda katta kuch bilan uloq-tirilgan.
Yuqorida zikr etilgan qurilmalar tosh otish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, yevtiton yoki katapulta nayza yoki ulkan kamon o‘qlarini otish uchun mo‘ljallangan. Yevtiton tuzilish jihatidan palintonga o‘xshash bo‘lgan, biroq romlar o‘rtasidagi nov 45° burchak ostida emas, balki gorizontal joylashtirilgan. Yer bag‘irlab o‘q otish uchun ushbu harbiy mashinadan foydalanilgan.
O‘qotar mashinalarga quvvati va o‘qlari xususiyati (tosh, kamon o‘qi, nayza, yondiriladigan idishlar, ichiga zaharli ilonlar solingan savatlar, zaharlangan o‘limtik va h.k.)ga qarab, 4 tadan 10 tagacha maxsus o‘rgatilgan mexanik va ularning yordamchilaridan iborat guruh xizmat ko‘rsatgan. Toshotar mashina va og‘ir o‘qotar texnika raqibning uncha mustahkam bo‘lmagan istehkomlari, to‘p va kema-larini vayron qilish uchun mo‘ljallangan. Yengil o‘qotar mashinalar dushmanning tirik kuchiga shikast yetkazishga xizmat qilgan. Toshotar qurilmadan uloqtirilgan snaryad 100-200 qadam masofadan nishonga aniq tushishi mumkin bo‘lgan, o‘q uzish uzoqligi taxminan 300 metrni tashkil etgan. Maxsus mo‘ljalga olish moslamalari va traektoriyani o‘zgartirish uchun asboblar mavjud bo‘lgan.
Tarixchilar qayd etishicha, bunday texnika qadimgi xitoylar, yunon va rimliklarda bo‘lgan. Biroq shunga o‘xshash qurilmalar haqidagi ma’lumotlarga o‘rta asrlarga oid manbalarda ham duch kelish mumkin, faqat ushbu davrda ularni yasash uchun tegishli materiallar, eng muhimi – hunarmandlar, texnika ishlab chiqaruvchilar yashaydigan ko‘p sonli shaharlar mavjud bo‘lgan.
Masalan, vizantiyalik mexanik Demetriy Poliorket qal’alarni ishg‘ol qilish uchun ko‘p sonli qurilmalarni ixtiro qilgan. Ularning orasida toshotar va o‘qotar qurollarning snaryadlaridan yashirinish uchun maxsus qurilma – tuproq ishlarini bajarish uchun to‘siq, qal’ani buzish uchun ishlatilgan uchli yog‘och qurol – taranni qo‘llash paytida foydalaniladigan to‘siqlar, shuningdek, bunday ishlarni bajarish uchun xavfsiz o‘tish va qaytish imkonini beradigan galereyalar bo‘lgan. Biroq Poliorket ixtiro qilgan eng muhim qurilma sakkiz temir g‘ildirak ustiga o‘rnatilgan harakatlanuvchi piramidasimon minora – gelepola hisoblangan. Ushbu minora to‘qqiz qavatli bo‘lgan. Uning bo‘yi 35 metrga yetgan, ba’zan undan ham baland bo‘lgan. Har bir qavatda toshotar va o‘qotar qurilmalar o‘rnatilgan, shuningdek, qal’ani ishg‘ol qilish uchun askarlarning bo‘linmalari joylashgan. Minoraning raqib tomonga qaratilgan oldi qismi temir varaq bilan qoplangan, bu inshootni yondiruvchi snaryadlardan saqlagan. Gelepolani 3400 kishi itarib, raqib qal’asining devori yaqiniga olib kelingan, himoyachilar qarshiligi tosh va o‘q yomg‘iri bilan bostirilganidan keyin gelepoladan ko‘priklar tashlangan, ular orqali askarlar qal’ani ishg‘ol qilishga o‘tishgan.
Biroq yer tekis bo‘lmasa, ushbu mahobatli qurilmani siljitish ham, boshqarish ham mumkin bo‘lmagan. Mazkur qurilmani tavsif-lagan mualliflar o‘qlardagi ishqalanish haqida hech narsa bilmagan. Bugungi kunda ulkan yuk ko‘tarkichlar tekis yerda yotqizilgan relslar bo‘ylab harakatlanishi tasodifiy bir hol emas. To‘g‘ri, bunday qurilmalar keyinchalik o‘rta asrda qo‘llanilgan, biroq ular bu darajada zalvorli bo‘lmagan, temir o‘qlar va gupchaklar bilan jihozlangan, umuman olganda, qal’ani ishg‘ol qilish uchun mo‘ljal-langan himoyalangan og‘ir narvonlarni o‘zida ifodalagan.
Inson kuchini tejash uchun yaratilgan dinamik harbiy moslama-lar bilan bir qatorda, kinematik moslamalarga ham tavsif berilgan: ular kuchni emas, balki harakatni o‘zgartirish uchun xizmat qilgan. Qadimgi yunonlar harbiy muhandislik tafakkurining cho‘qqisi polibola, ya’ni gorizontal yo‘nalishda avtomatik o‘q uzish uchun mo‘ljallangan uloqtiruvchi mashina hisoblanadi. Polibolada kamon ipini tortish, o‘qni uzatish va o‘q uzish avtomatik tarzda, maxsus chig‘irni aylantirish yo‘li bilan harakatga keltirilgan zanjir yordamida amalga oshirilgan.
Qadimgi yunonlarda ham, rimliklarda ham uzoqdagi nishonlarni urish uchun asosiy qurol bo‘lib artilleriya qurilmasini eslatadigan mashina xizmat qilgan. Unda portlovchi modda kuchidan emas, balki aylantirib o‘ralgan arqonlar bikrligidan foydalanil-gan. Tarixchilar fikriga ko‘ra, bunday qurilmalar miloddan avvalgi IV asr boshida ixtiro qilingan. Takomillashtirishlardan keyin ular og‘irligi 30 kg. gacha bo‘lgan toshni 180 metr masofaga uloqtira boshlagan. Aytishlaricha, Arximed bunday mexanizmlar konstruksiya-sini sezilarli darajada takomillashtirgan.
Keyinchalik Ktesibiy (taxminan miloddan avvalgi 100-150 yillar) va vizantiyalik Filo (taxminan miloddan avvalgi 180 yil) bunday artilleriyani takomillashtirishga harakat qilishgan. Xusu-san, Filo aylantirib o‘ralgan arqonlarni bronzadan yasalgan prujina yoki siqilgan havo bilan almashtirishni taklif qilgan. Biroq mazkur urinishlarning birortasi ham samara bermagan.
G‘arbiy Yevropada XIII-XIV asrlarda qal’ani ishg‘ol qilish uchun quyidagi qurollar qo‘llanilgan: taranlar, toshotar va o‘qotar to‘plar (onagrlar, ballistalar, katapultalar, ulkan arbaletlar va h.k.). Qal’a devorining “tishlari”ni vayron qilish uchun maxsus ilmoqlar (uchiga changak o‘rnatilgan uzun langarcho‘plar)dan foydalanilgan. Qal’a devoridan harakatlanadigan yog‘och minoralar yordamida oshib o‘tilgan. Bunday minoralar bir necha qavatdan iborat bo‘lgan va devorga chiqish uchun ko‘prikchalar bo‘lgan. Ushbu minoralarda turib askarlar dushman qal’asi devorlariga uchiga changak biriktirilgan narvonlarni tashlaganlar (bu jihatdan ular gelepolalarga o‘xshagan). Bundan tashqari, raqib qal’asini ishg‘ol qilishda “sambuk” deb atalgan narvonlardan ham foydalanilgan.
Dushman istehkomlariga yaqinlashganda hujum qiluvchilar ko‘chma yoki harakatlanadigan (g‘altaklar yoki g‘ildiraklar ustiga o‘rnatilgan) qalqon va vineyalar bilan o‘zlarini to‘sganlar. Qalqonlar hujum qiluvchilarni faqat old tomondan, vineyalar esa – yon tomon va tepadan himoyalagan. Vineya olg‘a siljishiga qarab, unga orqa tomondan yangi bo‘g‘inlar biriktirilgan.
Dengiz janglarida eshkakli yelkan va eshkakli harbiy kemalar ishtirok etgan. Ularning burun qismi o‘tkir qilib yasalgan, bu raqib kemalarini “taran” qilish imkonini bergan. Katta kemalarga toshotar va o‘qotar qurilmalar ham o‘rnatilgan, ularning yordamida turli-tuman yondiruvchi snaryadlar ham uloqtirilgan.
O‘rta asrlarda o‘qotar qurilmalar qadimgi mexanizmlar bilan muayyan tamoyillarga muvofiq yasalgan, biroq ularning tiplari, gabarit, uloqtiradigan ob’ektlari, o‘q uzish tezligi o‘zgargan. Bunda harbiy texnikaning rivojlanish jarayonida tadrijiylik kuzatiladi. Jumladan, qadimgi toshotar qurilma – frondibola o‘rta asrlarda posangi bilan jihozlash orqali takomillashtirilgan. Arkballista ulkan kamonning kamon ipini tortish uchun chig‘ir birikmasidan iborat bo‘lgan. O‘qotar qurilmalar orasida eng og‘iri brikol hisoblangan – unda daraxtning bukiluvchanlik xossasidan foydalanilgan.
Ayrim tarixchilar qayd etishicha, xitoyliklar VII-X asrlarga kelib harbiy mashinalarning asosiy turlarini mustaqil ravishda ishlab chiqqanlar, ularni ishlab chiqarish borasida eng yuksak natijalarga esa X-XII asrlarda erishganlar va bunday mashinalar Xitoydan Markaziy Osiyoga ham kelgan. Markaziy Osiyo mamlakat-larida kelib chiqishiga ko‘ra yunoncha bo‘lgan, Vizantiyadan olingan toshotar va o‘qotar qurilmalardan foydalanilgan.
Shu narsa diqqatga sazovorki, Xitoyda yasalgan toshotar qurilmalarning ayrim turlari “musulmoncha” mashinalar deb atalgan. XIII asr boshida Xitoyning harbiy texnikasi bilan mo‘g‘ul-lar tanishgan, asr o‘rtalarida esa mo‘g‘ul bog‘dixoni Xubilay Xitoy bilan urush boshlagan, unga qarshi “musulmoncha” toshotar qurilma-larni qo‘llagan. Keyinchalik mo‘g‘ullar bunday mashinalardan Rusni istilo qilish jarayonida ham foydalanishgan.
O‘qotar qurolga o‘tilishi mexaniklar oldiga yangi vazifalarni qo‘ygan: qurol yasash texnikasini takomillashtirish, qurol-aslaha-ning mustahkamligini ta’minlash, o‘qotar qurolning nishonga aniq urish xossalarini yaxshilash. Poroxning kashf qilinishi bunday moddani topish yo‘lida uzoq yillar izlangan turli mamlakatlar texniklari faoliyatining mahsuli bo‘lsa kerak. Chunonchi, VII asrning so‘nggi choragida vizantiyaliklar “jonli olov” yoki “yunon olovi”ni birinchi marta qo‘llaganlar.
Ba’zi manbalarda qayd etilishicha, poroxni suriyalik usta Kallinik 671 yilda ixtiro qilgan, uni tayyorlash usulini vizantiyaliklar XII asrgacha sir saqlaganlar. “Yunon olovi” taxminan selitra, oltingugurt, neft, qatron, kanifol va boshqa moddalar birikmasidan iborat bo‘lgan. U suvda cho‘kmagan va o‘chmagan. Flotda uni uloqtirish uchun bochkalar, shisha va temir soqqalar, shuningdek, maxsus mis quvurlardan foydalanilgan. Xususan, mis quvurlar yordamida yondiruvchi suyuqlik raqib kemalari yoki qo‘shinlari ustiga yonuvchi oqimlar ko‘rinishida yuborilgan. O‘rta asrlarda qo‘llanilgan ushbu olov otish qurilmalari dastaki sifonlar, modflar, olovli muguzlar deb atalgan.
“Yunon olovi” o‘qotar qurol paydo bo‘lganidan keyingina o‘z ahamiyatini yo‘qotgan.
Bu o‘rinda yana Xitoyni eslash o‘rinli. Vizantiyada “yunon olovi” paydo bo‘lishi bilan deyarli bir vaqtda Xitoyda yaratilgan alximiyaga oid asarda oltingugurt, selitra va pistako‘mirdan iborat yonuvchi tarkib tavsifi keltirilgan. X asr boshiga kelib, Xitoyda porox nainki ixtiro qilingan, balki harbiy maqsadlarda qo‘llanila boshlagan.
Turli manbalarda porox ixtirochilari sifatida tabiatshunos Rojer Bekon, monax Bertold Shvarsa, shuningdek, qator alximiklar tilga olinadi. Sharqda bo‘lganidek, Yevropada ham XIV asr boshida o‘qotar qurol paydo bo‘ladi. Oradan bir necha o‘n yilliklar o‘tgach, qirol Eduard III boshchiligidagi inglizlar qo‘shini Kale shahrini o‘qqa tutadi. Ayni shu davrda o‘qotar qurol Rusga avval G‘arbdan, keyinchalik esa Sharqdan kirib keladi. Oradan yuz yil o‘tgach, Rusda og‘irligi 300 kg. gacha bo‘lgan to‘plar yaratiladi.
To‘p va miltiqlarning stvollariga ishlov berish zarurati metallga ishlov berish hamda yuk ko‘tarish texnikasining rivojla-nishini rag‘batlantirgan. Metallning o‘rni va ahamiyati ham oshgan: mashinalarning yog‘och qismlari asosan metalldan yasala boshlagan.
Umuman olganda, harbiy mashinalar materiallar sifati bilan belgilangan. Biroq bunday mashinalarni yaratish avvalboshdan tabiatshunoslik, matematika va san’at, xullas inson madaniyatini rivojlantirishning barcha yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu hol inson madaniyatining barcha yo‘nalishlarini tahlil qilishni, ularning o‘zaro aloqalari va birgalikda rivojlanish qonuniyat-larini topish yo‘lida izlanishni taqozo qiladi.

Yüklə 3,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   53   54   55   56   57   58   59   60   ...   75




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə