Toshkent farmatsevtika instituti ekologiya va mikrobiologiya kafedrasi kimyoviy mikrobiologiya fani bo



Yüklə 1,27 Mb.
səhifə25/28
tarix15.10.2018
ölçüsü1,27 Mb.
#74339
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   28

Quritish. Mikroorganizmlarning normal hayoti uchun suv zarur. Quritish ta'sirida sitoplazmatik membrananing butunligi buziladi, natijada mikrob hujayrasining oziqlanishi to'xtab, hujayra nobud bo'ladi.

Quritish ta'sirida mikroblarning o'lishi turlichadir. Masalan, patogen meningokokk, gonokokk, leptospiralar, treponema va boshqalar quritish ta'sirida bir necha daqiqadan so'ng nobud bo'ladi. Vabo vibrioni 2 kungacha, salmonellalar 70 kun, sil mikobakteriyasi 90 kungacha saqlanishi mumkin. Sil kasalligi bilan kasallangan bemorning qurigan balg'amida sil qo'zg'atuvchisi qurigan oqsil qobig'i bilan o'ralgan bo'ladi. Shuning uchun u 10 oygacha saqlanishi mumkin.

Quritishga va boshqa omillarga sporalar juda chidamlidir. Kuydirgi batsillasining sporasi 10 yilgacha, mog'or zamburug'lari 20 yilgacha saqlanadi. Quritish ta'sirida mikroblar nobud bo'lgani uchun azaldan sabzavot va mevalar, go'sht, baliq, dorivor o'simliklarni quritib saqlanilgan. Quritish yo'li bilan saqlangan oziq-ovqatlar namli sharoitga tushganda tez buziladi, chunki mikroblar o'z faoliyatini yana tiklaydi. Mikroorganizm kulturalarini, vaksina va biologik preparatlarni saqlashda liofil quritish usuli keng qo'llaniladi. Bunda preparatlar muzlatilib, so'ng vakuum sharoitida quritiladi. Bu holatda mikrob hujayrasi anabioz holatiga o'tadi va bir necha oy, hatto bir necha yillargacha biologik xossasini saqlab qoladi.

Yorug'lik nurlari. Mikroblar hayot faoliyatlarida doimiy quyosh radiatsiya nurlari ta'siriga uchraydi. Tik quyosh nuri fotosintezlovchi bakteriyalardan tashqari mikroorganizmlarga ham bir necha soat ichida halok qiluvchi ta'sir ko'rsatadi. Quyosh nuri tarkibidagi ultrabinafsha nurlar hujayra fermentlarini inaktivatsiyalaydi va DNKni jarohatlaydi.

Patogen mikroorganizmlar UBN (ultrabinafsha nuri)ga juda sezgir bo'ladi. Shuning uchun laboratoriyada kulturalarni qorong'ida saqlash maqsadga muvofiqdir. Buni Buxner o'z tajribasida isbotlab bergan. Petri kosachasidagi oziqa muhitga ko'p miqdorda mikrob kulturasi ekiladi. Qora qog'ozdan «typhus» so'zi kesib olinadi va kosachaning orqa tarafiga yopishtiriladi. Kosachani to'nkarilgan holatda tik quyosh nurida 1 soatga qoldiriladi, vaqt o'tgach qog'oz olib tashlanadi va kosachani 37°C da 24 soat termostatda qoldiriladi. Ertasiga termostatdan kosachani olib qaralganda, uning qog'oz yopishgan joyida mikroblarning o'sgani ko'rinadi. Quyosh nuri tik tushgan yerida esa mikroblar o'smagani kuzatiladi. Quyosh nurining ahamiyati katta bo'lib, tashqi muhit — havo, suv, tuproqning yuza qismini patogen mikroblardan tabiiy ravishda tozalab turadi. UBNlarning bakteriotsidlik ta'siridan yopiq xonalardagi (jarrohlik, bog'lov, boks va boshqalar) havoni sterilizatsiya qilishda keng foydalaniladi. Ultrabinafsha nur ajratuvchi lampa, bakteriotsid lampalar bu nurlarning manbayi hisoblanadi.



Ultratovush mikrob hujayrasini jarohatlaydi. Uning ta'sirida hujayra ichidagi sitoplazma faollashadi va hujayra ichidagi bosim ortib ketadi (10 000 atm). Bu hujayra qobig'ining butunligiga ta'sir ko'rsatib, hujayrani nobud qiladi. Ultratovush oziq-ovqatlarni (sut, meva, sharbatlar), ichimlik suvlarini sterilizatsiya qilishda qo'laniladi.

Bosim. Mexanik bosimga bakteriyalar va sporalar chidamli bo'ladi. Tabiatda okean va dengizlarning 1 000 — 10 000 metr chuqurligida 100 — 900 atm bosim ostida yashaydigan mikroblar ham aniqlangan. Ayrim turdagi bakteriyalar 3 000 — 5 000 atm, sporalar 20 000 atm bosimga chidamli.

Nazorat savollari



  1. Irsiyat haqida tushuncha

  2. Modifikatsion o’zgaruvchanlik va ularning xossalari

  3. Mutatsion o’zgaruvchanlik va uning shakllari

  4. Plazmida

  5. O’zgaruvchanlikning tibbiyot amaliyotidagi ahamiyati.

  6. Mikroorganizmlarga fizikaviy omillarini ta’siri


Mavzu: Vaksina va zardoblar.
Darsning maqsadi:

Talabalarga vaksina va immun zardoblari haqida, ularning olinishi, ishlatilishi maqsadi, to’g’risida tushunchalar berish.


Darsning vazifasi:

Vaksinalarni qanday turlari borligi, olinish texnologiyasi bilan tanishish.


3. O’quv jarayonining mazmuni:

1. Vaksina va ularning turlari

2. Vaksina va immunoglobulinlar

3. Vaksina va zardoblarga qo’yiladigan talablar

4. O’quv jarayonini amalga oshirish texnologiyasi

a) darsning turi – suhbat

b) metod - TЕZKOR SO’ROV, «ASALLARI TO’DASI »

v) forma(shakl) – guruh

g) vosita – doska, tarqatma material, jadval, preparatlar, mikroskop, reaktivlar, vaksinalar, immunzardoblar

d) usul – nutqli

e) nazorat – kuzatish(ko’rish)

j) baxolash – o’z-o’zini va umumiy baholash



Ish o’yinlar o’tkazish


TЕZKOR SO’ROV UCHUN SAVOLLAR

  1. Vaktsinalar, ularning turlari?

  2. Vaktsinalarning qo’llash printsiplari.

  3. Allеrgеnlar, ularning olinishi va ishlatilishi.

  4. Anatoksinlarni olinishi va ishlatilishdan maqsad.

  5. Immun zardoblarni olinishi va ishlatilishdan maqsad.

  6. Diagnostik va muolaja zardoblarni olish usullari.

  7. Vaktsinalarni yuborish usullari?

  8. Virus vaktsinalarini ishlab chiqarish va sinab ko’rish?

  9. Gеn injеnеriyasi yo’li bilan olinadigan vaktsinalar haqida gapirib bеring?

  10. Autovaktsinanima va u qaysi kasalliklarda ishlatiladi?

«ASALLARI TO’DASI »

Hamma talabalar 4 tadan alohida 3 ta gurhga bo’linadi. Alohida stolga o’tirishadi, oq qog’oz, ruchka tayyorlashadi. Guruhlardan 1 tadan talaba konvеrtdagi topshiriqni olishadi. Topshiriqni еchish uchun 15 daqiqa bеriladi. Vaqt tugashi bilan ish o’yinlari yig’ib olinadi.
5. O’quv jarayonida talablar bajaradigan mustaqil ishi.

1. Zardoblar tayyorlash

2. Talabalar oldindan tayyorlab qo’yilgan vaksinalar, immun zardoblar, anatoksinlar bilan tanishadilar.

6.Talabalar mustaqil ishlashi uchun vazifalar (nazariy qism).

Yuqumli kasalliklar diagnostikasida immune zardoblar qo’llanadi. Ulardan: 1) bеmor qon zardobida antitеlolarni aniqlash uchun, ya'ni sеrodiagnostikada, 2) antigеnning turini aniqlash, masalan, bеmor organizmidan ajratib olingan mikroorganizmlarni aniqlashda, ya'ni ularning idеntifikasiyasida foydalaniladi (2-jadval).

Bunda noma'lum komponеnt ma'lum komponеnt yordamida aniqlanadi. Masalan, bеmor qon zardobidagi noma'lum antitеloni aniqlash uchun ma'lum laboratoriya kulturasidan (antigеn) foydalaniladi. Agar zardob u bilan rеaksiyaga kirishsa, dеmak zardob shu qo’zgatuvchiga mos antitеloni saqlaydi. Bu qo’zg’atuvchi bеmor organizmida kasallik kеltirib chiqargan dеgan xulosaga kеlish mumkin.

Qaysi mikroorganizm ajratib olinganligini bilish uchun ma'lum diagnostik (immun) zardob bilan rеaksiyaga qo’yib tеkshirish lozim. Agar rеaksiya musbat bo’lsa, mikroorganizm immun zardobiga mos hisoblanadi.




Tekshirishdan maqsad

Antigen

Antitelo

Reaksiyaning musbat natijasi

Antiteloni aniqlash

(serodiagnostika)



Ma’lum (diagnostikum)

Bemorning qon zardobi

Ma’lum antigenga nisbatan bemor qon zardobida antitelo bor

Antigenni aniqlash (identifikatsiya)

Noma’lum

Immun(diagnostic zardob)

O’rganilayotgan antigen immunlanganzardobga mos

Bu rеaksiyani qo’yish uchun idishlar quruq va toza bo’lishi lozim. Probirkalar (baktеriologik, agglyutinasiya, prеsipitasiya va sеntrifuga probirkalari), Pastеr va darajalangan turli xil pipеtkalar, kolbalar, silindrlar, buyum va yopqich oynachalar, Pеtri kosachasi, botiq plastmassali plastinkalar qo’llaniladi.



Asbob va uskunalar: qovuzloq, shtativ, lupa, agglyutinoskop, tеrmostat, muzlatgich, sеntrifuga, tarozi va toshlari.

Matеriallar: antitеlolar (immun va tеkshirilayotgan zardob), antigеnlar (mikroorganizmlar kulturasi, diagnostikumlar, ekstraktlar, lizatlar, gaptеnlar, eritrositlar, toksinlar;), komplеmеnt, natriy xloridning izotonik eritmasi.

Zardoblar—bеmorning qon zardobi. Zardob kasallikning ikkinchi xaftasida antitеlo hosil bo’lganda olinadi, ayrim hollarda tuzalayotgan bеmor va kasallanib o’tgan odam qon zardobidan foydalaniladi.

Immun zardoblari ma'lum sxеma asosida mos antigеnlar (vaksina) bilan emlangan odam va hayvon (ko’pincha quyon va otlar) qonidan olinadi. Olingan zardobda uning faolligi (titri) ya'ni ma'lum tajriba sharoitida mos antigеnga ularning eng yuqori suyultirish darajasidagi sеzuvchanligi aniqlanadi.

Zardoblar ishlab chiqarish korxonalarida tayyorlarlanadi. Ular ampulalarga quyiladi, ampulalarda ularning nomi va titri ko`rsatiladi. Ko`p hollarda zardoblar quritiladi. Quruq zardob ishlatishdan oldin distillangan suvda oldingi hajmiga yеtguncha (bu hajm ko’rsatilgan) suyultiriladi. Barcha quyuq diagnostik prеparatlar 4—10°C haroratda saqlanadi.

Sеrologik tеkshirish uchun adsorbsiyalangan va nativ (adsorbsiyalanmagan) immun zardoblardan foydalaniladi. Nativ zardoblarning kamchiligi shundan iboratki, ularda guruh antitеlolari, ya'ni mikroorganizmlar uchun umumiy antigеnga ega bo’lgan antitеlolar mavjud. Bunday antigеnlar esa bir guruhga, avlodga, oilaga mansub mikroblardagina uchraydi. Adsorbsiyalangan zardoblar o’ta spеsifikligi bilan farqlanadi, ular faqat gomologik (o’ziga mos) antigеnlargagina sеzuvchandir. Antitеlolar bеgona antigеnlarga (gеtеrogеnlar) adsorbsiyasi yiroqlashgan. Adsorbsiyalangan zardobda antitеlolarning titri juda past (1:40, 1:320), shuning uchun ular suyultirilmaydi.

Sеrodiagnostikada agglyutinasiya rеaksiyasi ich tеrlama, paratif (Vidal rеaksiyasi), brusеllyoz (Rayta rеaksiyasi). va boshqa kasallklarda kеng qo’llaniladi. Bunda antitеlo bеmor qon zardobi, antigеn esa ma'lum mikrob kulturasi hisoblanadi.

Mikrob yoki boshqa hujayralar idеntifikasiyasida antigеn bo`lib noma'lum mikrob kulturasi, antitеlo bo’lib ma'lum immun zardobi qo’llaniladi. Bu rеaksiya ichak infеksiyalari, ko’k yo’tal va boshqa kasalliklar diagnostikasida qo’llaniladi.

Ingridiyеntlarni tayyorlash: 1) zardobni ajratib olish (yuqorida aytib o`tilganidеk); 2) antigеnni tayyorlash. Tirik mikrob aralashmasi gomogеn bulishi lozim va loyqalanish optimal standartga (1 ml da taxminan 30 birlikda) to`g`ri kеlishi kеrak. Uni tayyorlash uchun 24 soatli qiyshiq agarda o’stirilgan kultura qo’llaniladi. Bu kulturaga 3—4 ml stеril fiziologik eritma quyib kultura yuviladi, aloxida stеril idishga ajratib olinadi, standartga solishtiriladi, agar kеrak bo’lsa suyultiriladi.

O`lik mikrob aralashmasining—Diagnostikumning qo’llanilishi ishni ancha еngillashtiradi va uni havfsiz qiladi. Asosan ishlab chiqarish korxonalarida tayyorlangan diagnostikumlardan foydalaniladi.



Yuqumli kasalliklarning immunotеrapiya va immunoprofilaktikasi

Kasallikning еngil kеchishi, o’limga olib kеluvchi xavfli kasalliklarning oldini olib qilinadigan harakatlarga bog`liqligi azaldan ma'lum.

Immunoprofilaktikani ilmiy isbotlab va amaliyotda qo’llashni birinchi bo’lib Lui Paster kiritadi u kuchsizlantirilgan mikroorganizmlarni qo’llash prinsiplarini hamda odam va hayvonlarda uchraydigan ayrim yuqumli kasalliklarni oldini oluvchi prеparatlarni (vaksinalarni) tayyorlashni taklif etdi.

Bunga yuz yildan oshdi va ular hozirgi vaqtda sun'iy immunitеt hosil qilishda yuqumli kasalliklar bilan kurashishning asosi bo’lib qoldi.



Immunizasiya — sun'iy faol immunitеt hosil qilish uchun inson organizmiga butun hayoti davomida ma'lum yoshlarda prеparatlar yuboriladi. Chaqaloqlarga tug`ilganining birinchi kunlaridanoq silga qarshi BSJ vaksinasi qilinadi. Bola 1 oyligidan bo’g`ma, ko’kyutal, qoqshol, poliomiеlit, qizamiq va boshqa kasalliklarni oldini olish uchun vaksinalar bilan emlanadi. Shunday qilib yuqumli kasalliklarga qarshi maxsus profilaktika ishlari olib boriladi, shuning uchun vaksina-lardan foydalaniladi.

Vaksinalar—(vaccini — sigir chеchagi so’zidan olingan) organizmga yuborilganda sun'iy faol immuitеtni kеltiradigan prеparatdir, chunki ular tarkibida antigеnlar bo’lib bunday immunlash usulini vaksinasiya dеyiladi.

Vaksinalar o`z tabiati va tarkibi jihatidan turlicha bo’ladi.

Quyidagi vaksinalar tafovut qilinadi:


  • Tirik mikroorganizmlardan tayorlangan vaksinalar.

  • O`lik mikroorganizmlardan tayorlangan vaksinalar.

  • Kimyoviy vaksinalar.

  • Anatoksinlar.

  • Gen injeneriya

Tirik vaksinalar vеrulеntlik xossasi kuchsizlantirilgan (lotincha altemier — yumshatish, kuchsizlantirish), lеkin immunogеnlik xossasini (yuqumli kasalliklarni o’ziga yuqtirmaslik xossasini chaqiradigan) saqlab qolgan tirik mikroorganizmlardan tayyorlanadi.

Bunday mikroorganizmlarni olish uchun turli xil usullardan foydalaniladi:

1. Mikroorganizmlarni o’sish va bo’linib ko’payishi uchun ularni noqulay oziqa muhitlarida o’stirib, ularga fizikaviy va kimyoviy omillar ta'sir ettirish yo’li bilan olinadi.

Silga qarshi ishlatiladigan vaksina BSJ ni Kalmеtt va Gеrеnlar tayyorlashgan.

Infеksiya qo’zg’atuvchisiga sеzuvchan bo’lmagan laboratoriya
xayvonlarining organizmiga passajlash (yuborish) yo’li bilan tayyorlanadi. Lui Pastеr shu bilan qutirishga qarshi vaksinani oladi.

Odam organizmi uchun kam virulеnt bo’lgan tabiiy mikroorganizm kulturalarini tanlash va boshqa yo’llar bilan olish mumkin. M. P. Pokrovskaya, N. N. Jukov— Vеrеjnikov,


Е. I. Koropkovalar tounga qarshi vaksinani shu usulda olganlar.

Tirik vaksinalar kuchli immunitеt hosil qiladi, ular tabiiy infеksiyaga xos faqat klinik bеlgilarsiz yoki kam namoyon bo’ladigan jarayonni kеltirib chiqaradi. Bunda u immunogеnning barcha mеxanizmini harakatga kеltiradi, odamda yuqumli kasalliklarning o’ziga yuqtirmaslik xossasini hosil qiladi.

O`ldirilgan mikroblardan tayorlangan vaksinalar. Bu vaksinalar quyidagicha tayyorlanadi. Buning uchun ko’proq tibbiy xossalarga ega bo’lgan va antigеnlik jihatdan yuksak sifatli kulturalarning ayrim shtamplari tanlab olinib, yapaloq shisha idishlar (matraslar)ga qo’yilgan agarga ekiladi. Bak-tеriyalar tеrmostatda 24 soat o’sgandan kеyin fiziologik eritma bilan yuviladi, suspеnziyaning muayyan quyuqligi (masalan, 1 ml da 1—2—4 mlrd. mikrob tanasi) bеlgilanadi, so’ngra mikroblar 60°C haroratda 1 soat qizdirish yo’li bilan yoki kimyoviy moddalar (fеnol, formalin, spirt, asеton), ultrabinafsha nur va boshqalar bilan o’ldiriladi. Bunday ta'sir etganda mikroorganizmlarning immunogеnlik xossasini to’liq saqlab qoladigan omillargina tanlab olinadi. Kimyoviy vaksinalar— mikrob osilmasiga maxsus usulda ishlov bеrish yo`li bilan mikrob hujayrasining alohida komponеntlaridan (antigеnlar) tayyorlanadi.

Kimyoviy vaksinalar organizmga yuborilganda tеz so’riladi. Shuning uchun vaksinalarga so’rilish vaqtini uzaytiradigan moddalar: alyuminiy gidrooksidi, alyuminiy kaliyli achchiq tosh, minеral yog’lar va boshqalar qo’shiladi. Bu «dеpo» ni hosil qilish dеyiladi.

Kimyoviy vaksinalar ich tеrlama, mеningit va boshqa kasalliklarning profilaktikasida qo’llaniladi.

Anatoksinlar — (lotincha ana — tеskarisi, aksi) asosan antitoksik xaraktеrdagi immunitеt vujudga kеladigan kasalliklarda organizmning sun'iy yo’l bilan immunlash uchun mikrob emas, balki anatoksin ishlatiladi.

Anatoksinlar 1923 yilda Ramon ekzotoksinlarini 0,3— 0,4% formalin bilan zararsizlantirish va 37°C da 3—4 xafta saqlash yo’li bilan tayyorlanadi. Ular toksik xossalarini tamomila yo’qotib, lеkin antigеnlik xossalarini to’la saqlagan bo’ladi. Binobarin, anatoksinni organizmga kiritish bilan antitoksin xosil qilinadi. Hozirgi vaqtda bo’g’ma, qoqshol va boshqa qo’zg’atuvchilarning toksinlaridan anatoksinlar olinmoqda va kеng qo’llanilmoqda.

Anatoksinlar ozuqa muhit aralashmalaridan (ballast oqsillardan) tozalanadi va yuborilgan joyidan asta-sеkin so’riladigan moddalarga shimdiriladi.

Vaksinalar tarkibiga kiruvchi antigеnlarning miqdoriga ko’ra quyidagi vaksinalar farqlanadi: monovaksinalar (bir turdagi antigеnlardan tashkil topgan), divaksinalar (ikkita tur antigеndan), trivaksinalar (uchta tur antigеnlardan tashkil topgan) va boshqalar.



Assosiasiyalangan vaksinalar turli xil baktеriyalarnnng antigеnidan va anatoksinlaridan tayyorlanadi. Masalan, assosiasiyalangan ko’k yo’tal, bo’g’ma, qoqshol vaksinasi (AKDS), o’zida o`lik ko’k yo’tal mikroblari va bo’g’ma, qoqshol anatoksinlarini saqlaydi.

Vaksinalarni mushak ichiga, tеri ostiga, tеri ustiga, tеri ichiga, og`iz orqali yuboriladi. Vaksinasiya (emlash) bir marotaba, ikki yoki uch marotaba 1—2 hafta yoki undan ko’p vaqt oralig’ida emlanadi. Vaksinaning haraktеrga ko`ra har bir vaksina uchun yuborish sxеmasi ishlab chiqilgan.

Vaksina yuborilgandan kеyin umumiy va mahalliy rеaksiyalar yuzaga kеlishi mumkin. Umumiy rеaksiyalarga haroratning ko’tarilishi (39°C gacha), bosh og’rishi, tinka qurishi, holsizlanish va boshqalar kiradi. Bu holat ikki-uch kundan kеyin o’tib kеtadi. Mahalliy rеaksiyalarga vaksinasiyadan so’ng 1—2 kun o’tgach vaksina yuborilgan joyda infiltrat va qizarish hosil bo’ladi. Vaksinalar (tulyarеmiyaga, silga qarshi va boshqalar) tеri ustiga yuborilganda mahalliy rеaksiyalarning yuzaga kеlishi emlashning ijobiy ta'siridan darak bеradi.

Emlash ruhsat etilmaydigan kishilarni aniqlash maqsadida, emlanuvchi kishilarning vaksinasiyadan oldin tibbiy ko`rikdan o’tkazish talab etiladi. Qanday kasalliklari bor kishilarni emlash mumkin emasligi instruksiyada ko’rsatib qo’yiladi. Masalan, harorat ko’tarilgan hollarda, o’tkir yuqumli kasalliklarda, allеrgiya va boshqalarda. Shuningdеk ayollar homiladorligining ikkinchi yarmida emlanmaydi.

Vaksina yordamida sun'iy emlashdan kеyin immunitеt 6 oydan 1 yilgacha, chinchеchak, tulyarеmiya va boshqa ba'zi infеksiyalarda bir nеcha yil saqlanadi.

Vaksinasiyada immunitеt infеksiyadan so’ng 1—2 hafta o’tgach paydo bo’ladi.

Immunitеtni yuksak darajada va uzoq muddatda saqlash uchun rеvaksinasiya (ya'ni takror vaksinasiya) o’tkaziladi, u organizmning immunitеt vujudga kеltirishdagi faolligini oshiradi. Rеvaksinasiya bir nеcha oyda (bo’g’mada) yoki bir nеcha yilda (chinchеchakda) bir marta o’tkaziladi.

Vaksina va anatoksinlar baktеrial prеparatlar ishlab chiqariladigan korxonalarda tayyorlanadi. Ularni tayyorlash uchun katta mikdorda mikrob osilmasi (biomassa) yoki virus saqlovchi matеrial kеrak bo’ladi.

Tayyor prеparatlar ampula yoki shishalarga solinadi va ko’p hollarda quritiladi. Quruq prеparatlar faollik va boshqa xossalarini uzoq vaqt saqlab qoladi.

Ayrim vaksinalar tablеtka yoki drajе ko’rinishida chiqariladi, masalan poliomiеlitga qarshi vaksina.

Har bir ampula, shisha va qutichalarga prеparatning nomi, hajmi, ishlatilish muddati, sеriya raqami nazorat raqamlari yoziladi. Prеparatlar asosan 4°C da saqlanadi. Ularni muzlatish, so’ng eritish va yuqori harorat ta'siridan saqlash, jo’natilayotganda kеrakli sharoitlarga rioya qilish lozim.

Tashqi ko’rinishida o’zgarish bo’lgan va darz kеtgan ampulalarni ishlatish man etiladi.

Vaksinani alohida turi bu autovaksinadir. Ular bеmor organizmidan ajratib olingan mikroblardan baktеriologik laboratoriyalarda tayyorlanadi.

Autovaksina o’sha bеmorni davolash uchungina qo’llaniladi. Ko’pincha autovaksina surunkali shaklda o’tadigan infеksiyalarni davolashda qo’llaniladi (stafilokokk va boshqa). Ularni sxеma asosida kam dozada ko’p marotaba yuboriladi. U organizmning himoya kuchini kuchaytiradi va bеmorning sog`ayib kеtishiga yordam bеradi.



Zardoblar organizmga yuborilganda sun'iy passiv immunitеt hosil qiladigan prеparatlardir, chunki ular tarkibida tayyor antitеlolar bo’ladi. Ular ikki xil bo’ladi: davolashda va profilaktikada qo’llaniladigan zardoblar hamda diagnostik zardoblar.

Bu prеparatlar o’zida tayyor antitеlolar saqlaydi. Ularni donor qonidan — ya'ni odam yoki hayvonlarni maxsus immunlash yo’li orqali tayyorlanadi (qizamiq, qoqshol, gripp). Bundan tashqari kasallanib o’tgan yoki sog`lom odam qonida yеtarli miqdorda antitеlolar bo’lsa, ularning qon zardobi ham qo’llaniladi. Shuningdеk immun prеparatlarni tayyorlashda homashyo sifatida yo’ldosh va abors qonidan ham foydalaniladi.

Antibaktеrial va antitoksik -zardoblar mavjud. Antibaktеrial zardoblar kamroq qo’llaniladi. Antitoksik zardoblar ko’proq ahamiyatli, ular antitoksinli bo’lib, bo’g’ma, qoqshol, gazli gangrеna, botulizm va boshqa kasalliklarni davolashda qo’llanadi. Zardoblar alohida institutlarda tayyorlanadi, ularni zardob tayyorlaydigan maxsus bo’limlari bo’ladi. Otlar zardobida antitoksin yеtarli darajada to’planguncha ular anatoksin bilan uzoq vaqt immunlanadi (gipеrimmunizasiya). So’ngra ulardan qon olinib, tindiriladi va zardobi ajratiladi, titrlanadi (1 ml dagi antitoksik birliklar miqdori aniqlanadi), kеyin uni stеril holda saqlash uchun unga konsеrvantlar (xinazol, xloroform) so’shiladi, ampulalarga quyiladi va davlat nazoratidan o’tkaziladi.

Ot qonidan olingan prеparatlar o’zida odam uchun bеgona bo’lgan oqsillarni saqlaydi, ularni organizmga qayta yuborilganda allеrgik rеaksiyalar: zardob kasalligi va anafilaktik shokni yuzaga kеltiradi. Buni oldini olish maqsadida zardobli prеparatlarni organizmga ehtiyotlik bilan (Bеzrеdko usulida) yuboriladi.

Hozirda antitoksik zardoblarni ballast oqsillardan turli fizikaviy-kimyoviy usullar — «Diafеrm—3» dializ fеrmеntlar yordamida parchalash, oqsillarning turli fraksiyalarini cho’ktirish yo’li bilan tozalanadi. Natijada tozalangan, antitеlolar konsеntrasiyasi yuqori bo’lgan (1 ml da 5000—10000 AB) zardoblar olinadi.

Bunday zardoblarning yorliqlariga tеgishli bеlgilar— «diafеrm», «dializlangan» so’zlari yozib qo’yiladi.

Zardoblarga ham vaksinalar singari yorliq yopishtiriladi va unda zardobning tayyorlangan vaqti, 1 ml dagi antitoksik birliklar miqdori, qo’llash muddati ko’rsatiladi. Ularni ham qorong’i va salqin joyda saqlash kеrak bo’ladi.

Ular tiniq bo’lishi, biroz yaltirab turishi, chayqatganda yirik ipir-ipir bo’lmasligi lozim. Zardoblar bilan davolash kasallik jarayonini tеz to’xtata olishiga asoslangan. Zardobdagi antitoksin toksinni nеytrallaydi (zararsizlantiradi), shundan so’ng bеmorning ahvoli ancha yaxshilanadi. Kasallik boshlangach zardob qancha ertaroq yuborilsa, davolash natijasi shuncha muvaffaqiyatli bo’ladi. Odatda zardob mushak orasiga, ayrim hollarda, masalan: qoqsholda zardobni vеnaga yoki bеldan umurtqa kanaliga (intralumbal) yuborish mumkin.

Organizmga kasallik yuqqanda, uni mikroblar va zaharlardan himoya qilish uchun tеz yordam bеrish kеrak bo’lganda zardobni profilaktik maqsadda ham yuborish mumkin. Bunda yuborilgan zardob darxol passiv immunitеtni vujudga kеltiradi, chunki organizmga tayyor antitеlolar kiritiladi. Passiv immunitеt 2—3 hafta davom etadi.

Qoqshol (stalbnyak)ning oldini olish uchun zardob bilan majburiy tartibda jarohatlangan va jarohatlanmagan kishilar ham emlanadi, buni har bir tibbiyot hodimi yaxshi bilishi lozim.

Hozirgi vaqtda ular o’rniga gammaglobulinlar qo’llanilmoqda.

Gammaglobulinlar— zardobdagi oqsillarning fraksiyalaridan biri bo’lib, bu fraksiyada antitеlolar konsеntratsiyasi yuqori bo’ladi. Immonuglobulinlar qizamiq, gеpatit, poliomiеlit, ko’k yo’tal, qizilcha va boshqa kasalliklarni oldini olishda qo’llaniladi.

Zardob prеparatlarini o’z vaqtida va to’g’ri yuborilishi ko’pgina yuqumli kasalliklarni oldini oladi.

Zardoblardan kasalliklarga tashxis qo’yishda ham kеng foydalaniladi, ya'ni immunologik rеaksiyalarni qo’yishda qo’llaniladi. Buning uchun agglyutinasiyalovchi, prеsipitasiyalantiruvchi, gеmolizlantiruvchi va lizizlantiruvchi zardoblardan foydalaniladi. Bu zardoblar agglyutinasiya, prеsipitasiya, gеmoliz yoki lizis rеaksiyalarini qo’yishda ishlatiladi. Zardoblarni diagnostikada qo’llanilishi sеrodiagnostika dеyiladi.



Amaliy qism: Talabalar oldindan tayyorlab qo’yilgan vaksinalar, immun zardoblar, anatoksinlar bilan tanishadilar. Ular haqida to’liq ma’lumotga ega bo’ladilar.
Mavzu : Kimyoterapevtik preparatlar , ularning immun sistemaga ta`siri. Antibiotiklar olinishi va biotexnologiyada ishlatilishi.

Darsning maqsadi. Talabalarni kimyoterapevtik moddalarning asosiy guruhlari va ularni mikroblarga qarshi ta’sir mexanizmi bilan tanishtirish. Mikroorganizmlarning kimyoviy preparatlarga chidamliligi va uni bartaraf qilish yo’llari haqida tushuncha xosil qilish.

Darsning vazifasi.

Talabalarga kimyoterapevtik preparatlar faolligini aniqlash usullarini o’rgatish.



O'quv jarayoning mazmuni.

1..Kimyoterapevtik moddalarning asosiy guruhlari va ularning mikroblarga qarshi ta’sir mexanizmi.

2.Antibiotiklar:umumiy ma’lumotlar.

3.Muhim antibiotiklar va ularning mikrobga qarshi mexanizmi.

4.Mikroorganizmlarning kimyoviy preparatlarga chidamliligi va uni bartaraf qilish yo’llari.

O'quv jarayonini amalga oshirish texnologiyasi

( metod, forma, vosita, usul, nazorat, baholash)

A) Darsning turi - suhbat.

B) Metod -1 "."Qor bo'ron" ish o'yini . " Interaktiv usul."

V) Forma (shakl) - guruh.

G) Vosita - doska, tarqatma material,tablitsa,tayyor preparat, mikroskop, kompyuter,labarator idish, uskunalar.

D) Usul - nutqli.

E) Nazorat - kuzatish (ko'rish)

J) Baxolash - o'z- o'zini va umumiy baxolash.



Metodlar.

1."Qopdagi mushuk" ish o'yinini o'tkazish uslubi.Ish uchun zarur.

1. Davra suhbati”, 2. “Qor bo’ron” ish o'yinini o'tkazish mеtodikasi.

.

5.1 "Qor bo'ron " ish o'yini



Maqsad:

Gurux talabalarining hammasini bir vaqtning o'zida bilimini nazorat qilish.


Ishni o'tkazish tartibi:

Gurux 2-3 talabadan iborat kichik guruxlarga bo'linadi.Gurux talabalarining xammasi bitta savol yoki vaziyatli masalani o'zaro taxlil qilishadi.Har bir to'g'ti javob bergan guruxchaga ball sifatida qor qor bo'ron yozib qo'yiladi.Natijada eng ko'p bo'ronlar to'plangan guruxcha g'olib bo'ladi. Guruh 2-3 talabadan iborat kichik guruhchalarga bo’linadi. Guruh talabalarining hammasi bitta savol yoki vaziyatli masalani o’zaro taqlil qilishadi. Har bir to’g’ri javob bеrgan guruhchaga ball sifatida qor bo’ron yozib qo’yiladi. Natijada eng ko’p bo’ronlar to’plangan guruhcha qolib bo’ladi.



Ish o'yini uchun savollar.

1.Kimyoterapevtik moddalarning asosiy guruhlari va ularning mikroblarga qarshi ta’sir maxanizmi.

2.Antibiotiklar:umumiy ma’lumotlar.

3.Muhim antibiotiklar va ularning mikrobga qarshi mexanizmi.

4.Mikroorganizmlarning kimyoviy preparatlarga chidamliligi va uni bartaraf qilish yo’llari.

5. Kimyoterapevtik preparatlarning etiotropligi va organotropligi. Kimyoterapevtik ideks nimaligini aytib bering.

6. Kimyoterapevtik preparatlarning asosiy turlari va ularning mikroorganizmlarga ta’sir etish mexanizmlari.

7.Antibiotiklar rejasini aytib bering.

8. Mikroorganizmlarning dori vositalariga nisbatan tabiiy va o’zlashtirma chidamliligi.

9..Mikroorganizmlarning dori vositalariga rezistentligini bartaraf etish yo’llari.

10.Kimyoterpevtik moddalarni aktivligini aniqlash usullari.

11.Antagonizm. Antibiotiklarga talab.



O'quv jarayonida talabalar bajaradigan mustaqil ishi.

1.Laboratoriya hayvonlariga yuqtirish usullari.

2.Laboratoriya hayvonini yorish,o'qituvchi bilan birgalikda.

3.Surtma tayyorlash va gramm usuli bilan bo'yash,mikroskop orqali kuzatish va dafatrga chizib olish.

4.Tayyor preparatlarda fagositoz hodisasanini mikroskop orqali kuzatish, metodik qo'llanmalar bilan mustaqil ishlash.

5.Bakteriyalarni antibiotiklarga sezgirligini antibiotiklar shimdirilgan standart disklar metodi bilan aniqlash.

6.Turli darajada suyultirish usuli bilan atibiotiklarning aktivligini aniqlash.

7.Antibiotiklarning kuchini agarda diffuziyalash usuli bo’yicha aniqlash.

8.Mikroorganizmlarning antibiotiklarga sezuvchanligini aniqlashning tezkor usuli.
Kimyoterapevtik moddalarning asosiy guruhlari va ularning mikroblarga qarshi ta’sir mexanizmi.

Tibbiyot amaliyotida yuqumli kasalliklarni davolash va oldini olish uchun patogen mikroorganizmlarni nobud qila olish xususiyatiga ega bo’lgan kimyoviy moddalar keng qo’llaniladi. Bu moddalar kasallikni davolash maqsadida qo’llanilsa, kimyoterapiya, profilaktika maqsadida qo’llanilsa, kimyoprofilaktika deb ataladi.

1885 yil P. Erlix kimyoterapiyaga asos solib, mikrob hujayrasi ma’lum bir kimyoviy moddalar bilan o’zidagi maxsus reseptorlari yordamida o’zaro ta’sirlashadi degan xulosaga keldi.

Kimyoterapevtik moddalarning ba’zi bir umumiy belgilari:

a) odam organizmiga toksik ta’sirining yo’qligi. Moddalarning zararsizligi kimyoterapevtik ko’rsatkich (KK) yordamida aniqlanadi.

b)kimyoterapevtik moddalarning mikroorganizmlarga kuchli tanlab ta’sir etishi, antimikrob ta’sir doirasi bilan aniqlanadi.

c) kimyoterapevtik moddalar bakteriostatik yoki bakterisid ta’sirga ega. Bakteriostatik ta’sir deganda bakteriyalarning o’sishi va ko’payishini to’xtatish, bakterisid ta’sirda esa bakteriyalarning nobud bo’lishi tushuniladi.

d) kimyoterapevtik moddalar har doim mikroorganzmlarning doriga chidamli shakllarini keltirib chiqarish xususiyatiga ega, ba’zi bir dorilarga chidamli mikroorganizmlar tez hosil bo’lsa boshqalariga sekinlik bilan vujudga keladi.

e) virusli infeksiyalar kimyoterapiyasi. Virusli infeksiyalarga antibiotiklar samarali ta’sir ko’rsatmaydi. Bu vuruslarda xususiy metabolizmning yo’qligi bilan bog’liq. Pirimidinga o’xshash idoksuridin (5-yod-dezoksiuridin) gerpetik va adenovirusli keratit, kon’yugktivit va uchuqni davolashda qo’llaniladi. Gripp, qizamiq, qizilcha, vezikulyar stomatit viruslarning boshlang’ich davrida susaytiruvchi ta’sir ko’rsatadigan dorilarga amantadin hosilalari kiradi. Bulardan remantadin gripp A virusiga juda samarali ta’sir ko’rsatadi;

f)chechak viruslari reproduksiyasini to’xtatadigan tiosemikarbazon hosilalari juda yaxshi naf beradi.

Kimyoviy moddalar organotroplik va parazitotroplik xususiyatiga ega bo’lishi kerak:

a) mishyak dorilar (salvarsan, asorsol,nevarsenol) sifilis, sibir yazvasi, qaytalama tifni davolashda ishlatiladi.

b) xinin, akrixin, plazmosid, bigumal sodda jonivorlar ko’rsatuvchi malyariya kasalligini davolashda;

c) sulfanilamidlar – oq streptosid, etazol, ftalazol, norsulfazol, sulfademizin. Sulfanilamidlarni ta’sir qilish mexanizmi hujayrada almashinuv proseslarini buzilishi o’z ichiga oladi.shu sababli organizmda mikrobni ko’payishi to’xtaydi. Shundan keyin organizmni himoya kuchlari ta’sirida mikroblar halok bo’ladi.

d) tuberkulyozni davolash uchun PASK –poraaminosalisil kislota, tibon, tubazid.

2. Antibiotiklar: umumiy ma’lumotlar

Antibiotiklar—ba’zi mikroorganizmlar (aktinomisetlar, zamburug’lar, bakteriyalar) hayvon to’qimalari va ayrim yuksak o’simliklar hayot faoliyati natijasida xosil bo’ladigan va turli xil mikroblarning o’sishi hamda rivojlanishini to’xtatadigan organik moddalar. Bu terminni Amerika olimi Z. Vaksman mikroblarda hosil bo’lib, boshqa mikroblarga qarshi ta’sir etadigan moddalarga nisbatan taklif etgan.

Antibiotiklar kasallantiruvchi (patogen) mikroblardagi moddalar almashinuvini buzib, ularni o’ldiradi yoki o’sishini to’xtatadi. Ular turli mikroblarga turlicha ta’sir ko’rsatadi. Masalan, bir antibiotik ma’lum bir mikrobga kuchli boshqasiga kuchsiz yoki umuman ta’sir qilmaydi. Antibiotiklar faqatgina mikroblarga ta’sir qilmay balki odam, hayvon va o’simlik organizmidagi to’qima va hujayralarini emiradi. Shuning uchun tibbiyot amaliyotida uning faqat zararli mikroblarni o’ldiradigan, ammo odam, hayvon va o’simlik organizmini yemirmaydigan turlarigina ishlatiladi. Birinchi antibiotic modda(tirotrisin)ni 1939 yilda Dyubo tuproqda yashovchi Basillus brevis nomli bekteriyadan oldi.

Kimyoviy tarkibi bo’yicha antibiotiklar quyidagi guruxlarga bo’linadi:

1.Betalaktamli antibiotiklar yoki betalaktamidlar-betalaktam xalqali azot tutuvchi geterotsiklik birikmalar. Bularga quyidagilar kiradi: penitsillin guruhi-tabiiy benzilpenitsillin va yarim suniy penitsillin va tefalosporin.

2. Tetratsiklin va uning yarim suniy xosilalari; oksitetratsiklin, xlortetratsiklin, morfosiklin,

metatsiklin, dioksitsiklin, vibromitsin. Bular har xil radikallar tutuvchi to’rta benzol xalqadan tashkil topgan.

3. Aminoglikozidlar-streptomitsin guruhi va dezoksistreptamin tutuvchi aminoglikozid

antibiotiklar.

4.Makrolidlar-makrotsiklik lokton xalqa tutuvchi birikmalar (eritromitsin,olendomitsin).

5.Levomitsetin(tabiiy turi xloramfenikol) suniy modda bo’lib, tarkibiga nitrofenil,dixloratsetamin

propandiol kiradi.

6. Rifamisinlar. Bu guruhga tabiiy antibiotik-rifamisin va uning yarim suniy hosilasi-rifampisin kiradi. Bular murakkab kimyoviy tuzilishga ega, makrosiklik halqasi bor.

7. Poliyenli antibiotiklar-nistatin, levorin, amfoterisin B. bular bir qancha tutash qo’sh bog’larga ega.

Antibiotiklar bakteriyalarga ko’rsatadigan ta’siriga qarab 3 guruhga bo’linadi:

1. Bakteriostatik ta’sir-bakteriyaning o’sishi va ko’payishi faoliyatini to’xtatib qo’yadi. Buning natijasida bakteriya o’z zahrini ishlab chiqarolmaydi.(tuberkulyoz, zaxm)

2.Bekteritsid ta’sir qiluvchi antibiotiklar-bakteriyaning hujayra devori yoki nukleidning parchalanishini keltirib chiqaruvchi antibiotiklar hisoblanadi.

3.Bakteriolitil ta’sir qiluvchi antibiotiklar-hamma turdagi bakteriyalarni eritib yo’q qilishga qaratilgan ta’sir.

O’z ta’siriga qarab esa 2 guruhga bo’linadi:

1.Tor doiradagi antibiotiklar faqatgina bir turdagi yoki grammanfiy yoki grammusbatlarga ta’sir etuvchilar.

2.Keng doiradagi antibiotiklar bir necha grammusbat va grammanfiy bakteriyalarga,masalan, rikketsiya, xlamidiy, mikoplazma va boshqalarga antimikrob ta’sir ko’rsata oladi.

Antibiotiklarning antimikrob ta’siri turlicha bo’lib u shartli TB bilan belgilanadi. TB-antibiotiklarning minimal dozasi olinib, bakteriyaning maksimal o’limini keltirib chiqarishi tushuniladi. Har bir antibiotik uchun bu ko’rsatkich har xil. Antibiotic buyurilganda bemor yoshi, og’irligi aniqlanib, buni natijasida 1kg-TB olinadi.


Muhim antibiotiklar va ularning mikrobga qarshi mexanizmi.

I. Bakteriyaning hujayra devoir komponentlari sintezini to’suvchi antibiotiklar:

1. Penitsillinlar—tibbiyot amaliyotida ilk bor qo’llanilgan, uni Penicillium turkumiga kiruvchi zamburug’lar ishlab chiqaradi. Tibbiyotda tabiiy va yarim sun’iy penitsillinlardan foydalaniladi.

a) tabiiy penitsilinlarga: benzilpenitsillin, bitsillin va fenoksimetilpenitsillin kiradi. Tabiiy penitsillinlar tor ta’sir doirali antibiotiklar bo’lib, bekterial B-laktamaza me’daning kislotali muhiti ta’sirga sezuvchandir.

b) yarim sun’iy penitsillinlarga biologik va kimyoviy yo’llari bilan olinadigan har xil moddalar kiradi.

v) murakkab penitsillinlar tarkibiga penitsillin halqasi bilan birga klavulan kislotasi va sublaktam moddalar ham kiradi. Penitsilinlar odam hujayralariga ta’sir ko’rsatmaydi, chunki uning tarkibida peptidoglikan moddasi yo’q.

2. Sefalosporinlar molekulasi 6-aminopenitsillin kislotasi 6-APKva B-laktam halqadan tashkil topgan. Sefalosporinning antibacterial ta’sir mexenizmi penitsillinga o’xshash.

3. Boshqa B-laktam antibiotiklar. Bu guruhga monobaktamlar, karbapenemlar kiradi. Ular bakteriyalarning hulayra devoir sinteziga ta’sir ko’rsatadi.

4. Batsitratsinlar peptid antibiotiklari bo’lib, asosan, Bacillus subtilis va B.Licheniformis spora hosil qilishdan oldin ajratib chiqaradi. Tibbiyot amaliyotida batsitratsin A qo’llaniladi. Antimikrob ta’sirga ega.

5. Vankomitsin- glikopeptiddan tashkil topgan, Streptomyces ning har xil turlari ishlab chiqaradi. Hujayra devoridagi peptidoglikan sintezini to’xtatib qo’yadi, ko’pgina grammusbat bakteriyalarga antimikrob ta’sir ko’rsatadi.

6. Sikloserin- bu moddani ham Streptomyces ning har xil turlari ajratib chiqaradi. Ba’zi grammusbat va grammanfiy bakteriyalarga bakteriostatik ta’sir ko’rsatadi.
II. Mikroorganizmlarning sitoplazmatik membranasi funksiyasini buzuvchi preparatlar. Bu guruhga:

1. Polimiksinlar, bu antibiotiklarni Bacillus polymyxa va boshqa ba’zi bir bakteriyalar hosil qiladi. Bu guruhga polimiksin M, polimiksin B kirib bir-biridan farmokologik xususiyatlari bo’yicha farq qiladi.

2. Polienli antibiotiklar-nistatin, levirin, amfoteritsin B aktinomitsetlarning Streptomyces turi ishlab chiqaradi.

3. Gramitsidlar polipeptidlar bo’lib Bacillus brevis ishlab chiqaradi. Grammusbat kokklar va batsillalarga nisbatan bakteriostatik ta’sirga ega.


III. Bakteriya hujayrasi ribosomasida oqsil sintezini to’suvchi antibiotiklar. Bu guruhga aminoglikozid, tetratsiklin, levomitsitin, makrolid, azalid, linkozalid guruhlari kiradi.

1. Aminoglikozidlarning 50 dan ortiq turi aniqlangan. Bu moddalar 3 avlodga bo’linadi: 1-avlodga streptomitsin, kanamitsin, monomitsin, neomitsin; 2-avlodga gentamitsin; 3-avlodga sizomitsin, tobramitsin, amikatsin, netilmitsin, didezoksikanamitsin B kiradi.

Bu antibiotiklarning ijobiy ta’siri bilan birga nohush, ya’ni neyro- va nefrotoksik ta’siri ham bor. Masalan, streptomitsin eshitish a’zolariga nohush ta’sir ko’rsatadi.

2.Tetratsiklin guruhiga mansub antibiotiklar kang ta’sir doirasiga ega bo’lib bakteriostatik ta’sir etadi. Uning salbiy ta’siri esa disbakteriozga olib keladi.

3.Levomitsetinni aktinomitsetning Streptomyces venezueae turi ajratib chiqaradi. U grammanfiy anaerob va grammusbat bakteriyalarga, rikketsiyalarga, spiroxetalarga, xlamidiyalarga va boshqa mikroorganizmlarga bekteriostatik ta’sir etadi.

4.Makrolidlar tabiiy va yarim suniy guruhlarga bo’linadi. Asosan penitsillin va tetratsiklinga chidamli bakteriyalar guruhlariga, rikketsiyalar, xlamidiyalarga bakteriostatik ta’sir ko’rsatadi.

5.Azalidlar-bu guruhga azitromitsin kirib, keng ta’sir doiraga ega. Fagotsitlar o’rab olgan bakteriyalarga ta’sir ko’rsatadi.

6.Linkozamidlar guruhiga linkomitsin kiradi, uni aktinomitsetlarning ba’zi bir turlari ishlab chiqaradi. Patogen kokklar, bo’g’ma va kuydirgi bekteriyalari, ba’zi bir anaerob jarohat infeksiyalariga bakteriostatik ta’sir ko’rsatadi.

IV. RNK-polimerazani to’suvchi antibiotiklar. Bu guruhga rifamitsinlar kiradi, uni Streptomyces mediterranei ishlab chiqaradi. Rifamitsinlar yarim suniy o’xshashi rifampitsin bo’lib, keng antibekterial ta’sir doirasiga ega.

V.DNK replikatsiyasini to’sib qo’yuvchi antibiotiklar. Bu guruhga novobiotsin, mitomitsin C6, porfiromitsin va boshqa antibiotiklar kirib, bularni aktinomitsetlarning ba’zi turlari ajratib chiqaradi. Novobiotsin DNK polimerazaga ta’sir qilib, DNK sintezini buzadi. Bundan tashqari, RNK vabakteriya hujayra devorining sintezini ham to’sib qo’yadi.



Mikroorganizmlarning kimyoviy preparatlarga chidamliligi va uni bartaraf qilish yo’llari.

Tibbiyot amaliyotida antibiotiklar qo’llanila boshlangandan so’ng antibiotikka chidamli bakteriyalar ham hosil bo’la boshladi. Keyingi vaqtda dorilarga chidamli bakteriyalar soni oshib bormoqda. Antibiotiklarga chidamlilik faqat bakteriyalarda emas, balki boshqa mikroorganizmlar rikktsiyalar, xlamidiyalar, mikoplazmalar, achitqisimonda ham kuzatiladi.

Antibiotiklar va boshqa kimyoterapevtik moddalarga mikroorganizmlarning rezistentlik mexanizmi. Bu mexanizm, asosan, quyidagilarga bog’liq: a) faol antibiotiklarning nofaol shaklga fermentativ, inaktivatsiya va modifikatsiya yo’li bilan o’tishi; b) ma’lum bir kimyoterapevtik modda uchun hujayra devori o’tkazuvchanligining yo’qolishi; c) bakteriya hujayrasidagi maxsus transport tizimining buzilishi; d) mikroorganizmlarga hayotiy zarur metabolitlar hosil bo’lishini, dori bilan to’silgan asosiy yo’l o’rniga alternative yo’lga o’tishi.

Rezistentlik mexanizmi birlamchi va hayot davomida orttirilgan bo’lishi mumkin. Birlamchi mexanizm shu dori ta’siri uchun “nishon” ning yo’qligi bilan bog’liq. Hayot davomida orttirilgan rezistentlik mexanizmi modifikatsiya, mutatsiya, rekombinatsiya natijasida “nishon”ning o’zgarishiga bog’liq.

Beta-laktam antibiotiklarga nisbatan rezistentlikgining biokimyoviy mexanizmi har xil. Bular beta-laktamazalar sintezi, penitsillin bog’lovchi oqsillar va “nishon”larning o’zgarishiga bog’liq bo’ladi. Umuman olganda rezistentlik kelib chiqishi antibiotikning kimyoviy tuzilishiga va bakteriyalarning xususiyatlariga bog’liq.

Bakteriyalarning antibiotikka rezistentligi kelib chiqishiga ko’pgina omillar, masalan, ba’zi bir yuqumli kasalliklarning oldini olish yoki davolash maqsadida belgolangan miqdordan kamroq dozada va vaqtda nazoratsiz holda qo’llanilishi yoki qo’llanishdan oldin mikroorganizmlarning antibiotiklarga sezuvchanligi aniqlanmasligi sabab bo’ladi.

Kimyoviy moddalarga chidamli bakteriyalarga qarshi kurashish uchun antibakterial ta’sir mexanizmi farq qiladigan yangidan-yangi kimyoterapevtik dorilarni ishlab chiqarish, shuningdek, bakteriya fermentlariga chidamli bo’lgan faol guruh tutuvchi antibiotiklarni yoki bakteriya fermentlari faolligini susaytiruvchi omillarni kashf etish kabi choralar ko’riladi. Ajratib olingan bakteriya shtammlarining antibiotikka sezuvchanligini iloji bоricha aniqlash lozim. Tashqi muhitning dorilarga chidamli bakteriyalar bilan ifloslanishini har doim epidemiologik tekshirishdan o’tkazish mуhim ahamiyatga ega. Masalan, xozir kasalxona ichi infeksiyalariga kiruvchi, ko’pgina antibiotiklarga chidamli patogen mikroorganizmlar butun dunyo mamlakatlarida katta muammoga aylanib bormoqda.

Mikroorganizmlarning antagonizm xususiyati.

Antagonizm—mikroorganizmlarning bir turining(bakteriya, zamburug’, antinomisetlar) boshqa bir turning o’sishi va ko’payishini ozuqa uchun kurash maqsadida to’xtatib qo’yadi.

Antogonizm namoyon bo’lishi: metabolizmning achchiq mahsulotlarni ajratishi PH kamayishi, protiolitik valigolitik fermentlar ajratish, mikotoksin, fitonsid, antibiotiklarni ajratish. Antagonistik xususiyatga ega bo’lgan mikroorganizmlarga mog’or zamburig’I, tuproq aktinomisetlar ,achigan sut bakteriyalari misol bo’la oladi.

Amaliy qism:

Amaliy ish 4 qismdan iborat:

a)Labaratoriya ishining nomi

b)Ishning maqsadi va ahamiyati

c)Labaratoriya ishini amalga oshirish tehnikasi

d)Labaratoriya ishini daftarga qayd qilish

LABORATORIYA ISHI 1

A. Bakteriyalarni antibiotiklarga sezgirligini antibiotiklar shimdirilgan standart dikslar usuli bilan aniqlash.

B. Antibiotiklarni aktivligini aniqlash.

C. Bu usulda yuzasi tekis bo’lgan stol ustiga qo’yilgan Petri kosachalariga ozuqa muhiti agardan solinadi. Har bir kosachaga qo’yilgan ozuqa muhiti bir xil miqdorda bo’lishi kerak. Qotgandan keyingi muhitning balandligi 4mm ni tashkil etishi kerak. So’ng kosachalar qopqog’i yopilib, 15 minut saqlanadi bu vaqt ichida ozuqa muhiti qotadi. Antibiotik eritmasiga botirilgan filtrlovchi qog’ozni disk shaklida kesiladi va qisqich bilan ozuqa agarining yuzasiga yopishtiriladi. Kosacha va disklar orasida 15mm ochq joy qoldiriladi. Kosachalar to’ntarilgan holatda 37 C haroratli termostatga 18 soatga qo’yiladi.qog’oz diskdagi ozuqa muhitiga ta’sir ko’rsatib mikroorganizmlarning o’sishiga yo’l bermaydi. Agar disk atrofida mikroorganizmlar o’sib chiqmagan bo’lsa yoki o’sish darajasi sekinlashgan bo’lsa, sinab ko’rilayotgan antibiotik mikrofloraga kuchli ta’sir ko’rsatgan bo’ladi. Zona diametri 1mm aniqlikkacha o’lchanadi. Mikroorganizmning antibiotiklarga sezuvchanligi 3 darajada baholanadi:

1-sezuvchan(o’smagan zona diametri 20 mm)

2-o’rta sezuvchan(11-20 mm)

3-chidamli(10 mm dan kam)изображение 003
LABORATORIYA ISHI 2

A. Turli darajada suyultirish usuli bilan antibiotiklarning aktivligini aniqlash.

B. Antibiotiklarni aktivligini aniqlash.

C. Bu usulda suyuq muhitda titrlash uchun bir nechta probirkalar olinib, ozuqa muhiti qo’yib chiqiladi(34-rasm). Preparat necha marta suyultirilgan bo’lsa, shuncha probirka olinadi. 1-probirkaga muayyan miqdordagi antibiotik eritmasini solib, aralashtiriladi va birinchi probirkadan bir miqdor aralashmani olib ikkinchi probirkaga solinadi. Yana aralashtirib, xuddi avvalgiday ikkinchisiga, uchinchisiga solib aralashtiriladi. Tarkibida antibiotik mavjud bo’lgan oxirgi probirkadan ham huddi o’shancha miqdor aralashma to’kib tashlanadi va shu tariqa barcha probirkalardagi suyuqlik miqdori bir xil qoladi. Probirkalardan bittasi control vazifasini bajargani uchun unga antibiotik solinmaydi. Ichida turli darajada suyultirilgan antibiotik bo’lgan probirkalarga test-kultura tortmasidan solinadi. Kontrol probirkaga ham test-kultura ekmasi solinadi. probirkalar yaxshilab chayqatiladi va 37 C haroratli termostatda 18-20 soat saqlanadi. Suyultirilayotgan antibiotik ko’paytmasi odatda 2 ga teng bo’ladi, buning uchun probirkalarga, masalan, 1 ml dan bulyon quyib chiqiladi 1-probirkaga 1ml antibiotik eritmasi solinadi va 1ml miqdordagi aralashma probirkadan probirkaga olib solinaveradi. Shunda preparat aktivligini bildiradigan aniqlik belgisi 50% ni tashkil etadi. Antibiotik yanada suyultirib aniqlik darajasini yanada oshirish mumkin.

Bundan tashqari suyultirish usuli qattiq ozuqa muhitida ham olib boriladi. Buning uchun avval ko’p darajali suyultirilgan antibiotik eritmasi tayyorlanadi, probirkaga suyuq agardan 4ml solinadi va 45-50 C gacha sovutiladi va antibiotic eritmasidan 1ml miqdorda har bir probirkaga qo’shiladi. Probirkalar agar qotguncha saqlanadi va ilmoq yordamida qattiq ozuqa muhitining ustiga test-kultura ekiladi.

Preparatlarning bakterisid ta’sirini aniqlash maqsadida mikroorganizmlar o’sishi kuzatilmagan probirkalarning barchasidan namuna olib GPA ga qayta ekiladi. Mikrob hujayralari tarkibiga singib ketib hatto yangi ozuqa muhitida ham ularning o’sishiga qarshilik ko’rsatadigan chidamli antimikrob moddalar uchun tegishli neytralizatorlar qo’llaniladi.



  1. Laboratoriya ishining natijalari daftarga yozib qo’yiladi.


8-rasm
LABORATORIYA ISHI - 3

A. Antibiotiklarning kuchini agarda diffuziyalash usuli bo’yicha aniqlash.

B. Antibiotiklarni aktivligini aniqlash.

C. Bu usulda Petri kosachalariga 15 ml dan to’yinmagan agar solinadi va stol ustiga qator terib qo’yiladi(35-rasm). Agar qotgandan so’ng termostatda quritiladi, so’ngra har bir kosachaga test-kultura aralashtirilgan ozuqa agaridan 5 ml qo’shiladi. Ekmani agarga qo’shishdan avval 45-50 C gacha sovutiladi. Agarning ikkinchi qatlami ham qotgandan keyin har bir kosacha betiga silindr kiygaziladi. Silindrlardan 3 tasiga 0,1 ml dan sinalayotgan antibiotik eritmasi, qolgan 3 tasiga esa standart eritma quyiladi. Shundan keyin kosachalar 37 C li termostatda 16-18 soatgacha saqlanadi. Belgilangan vaqt o’tgach, kosacha ustidagi silindrlar olib tashlanadi va test-kultura o’sishi sekinlashgan zonalar o’lchanadi. O’sish sekinlashgan zonalarga qarab antibiotiklarning kuchini yoki aktivligini aniqlanadi. Zonalar diametri 1mm aniqlikkacha o’lchanadi. O’smagan zona diametric 20mm bo’lsa sezuvchan, agar 11-20gacha bo’lsa o’rta sezuvchan, 10mm dan kam bo’lsa chidamli bo’ladi.

D. Laboratoriya ishinining natijalari daftarga yozib qo’yiladi.


9-rasm.

Diffuzion usul bilan antibiotiklar

kuchini aniqlash

LABORATORIYA ISHI 4

A. Mikroorganizmlarning antibitiklarga sezuvchanligini aniqlashning tezkor usuli.

B. Antibiotiklarni aktivligini tez aniqlash.

C. Petri kosachasiga 15ml ozuqa agari solinadi. Agar qotgandan so’ng unga huddi o’sha agarning test-kultura bilan aralashmasidan 1ml va 2,6-dixlorfenolindofenolning 0,2% li suvli eritmasi dan 1ml qo’shiladi. So’ngra ko’kish tusli qattiq agar ustiga antibiotik shimdirilgan disklar yopishtiriladi, kosachalar 37 C issiqlikdagi termostatga qo’yiladi. Oradan 2-3 soat o’tgach, mikroorganizmlarning o’sib chiqmagan ko’kish zonalarining diametriga qarab tajriba natijalari qayd qilinadi. Antibiotiklarga rezistent mikroorganizmlarni rangsizlantiradi yoki tusini o’zgartirib, sariq rangga bo’yaydi. Bunday bo’yoq stafilokokklarning o’sishini sekinlashtiradi yoki ularning o’sishiga butunlay yo’l qo’ymaydi, shu bois mikroorganizmlarning bu turi bilan ish olib borganda qog’oz disk yopishtirilgan kosachalar termostatda saqlangandan keyin uning ustiga 2-3ml miqdoridagi indikator eritmasidan quyish kerak. Indikator qoldiqlari 5-7 minutdan keyin to’kib tashlanadi va tajriba natijalari tahlil qilinadi.

D. Laboratoriya ishining natajalari daftarga yozib qo’yiladi.

Nazorat savollari.


  1. Kimyoterapevtik preparatlarning etiotropligi va organotropligi. Kimyoterapevtik ideks nimaligini aytib bering.

  2. Kimyoterapevtik preparatlarning asosiy turlari va ularning mikroorganizmlarga ta’sir etish mexanizmlari.

  3. Antibiotiklar rejasini aytib bering.

  4. Mikroorganizmlarning dori vositalariga nisbatan tabiiy va o’zlashtirma chidamliligi.

  5. Mikroorganizmlarning dori vositalariga rezistentligini bartaraf etish yo’llari.

  6. Kimyoterpevtik moddalarni aktivligini aniqlash usullari.




Yüklə 1,27 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   28




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə