Va iqtisodiy siyosat



Yüklə 319,41 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə3/9
tarix12.03.2022
ölçüsü319,41 Kb.
#84448
1   2   3   4   5   6   7   8   9
5-мавзу

Amir Temur 


Uchinchi vazir esa egasiz qolgan, o`lib ketgan va qochganlarga tegishli mollarni, kelib-

ketayotganlar,  savdogarlar  mol-mulkidan  olinadigan  zakot  va  bojlarni,  mamlakat  chorvasini 

boshqarib, bularning barchasida to`plangan daromadlarni omonat tarzida saqlagan. Agar g`oyib 

bo`lganlar va vafot etganlarning mol-mulki bo`lsa, ularni o`z merosxo`rlariga topshirgan. 

To`rtinchi  vazir  saltanat  ishlarini  yurituvchi  vazir  bo`lib,  u  saltanatdagi  jami 

idoralarning kirim-chiqimlari, xazinadan sarf qilingan xarajat, hatto otxona va saroydagi boshqa 

jonzotlarga qilingan xarajatlardan ogoh bo`lib borgan. Vazirlar Devonbegiga bo`ysungan. 

Sohibqiron Amir Temur, jumladan, shunday degan edilar: "Amr qildimki, sadrlar sadri 

(sadr,  vaqf  yerlar  va  vaqf  etilgan  boshqa  mulkning  hisob-kitobini  olib  boruvchi  mansabdor) 

sayyidlar  va  boshqa  arboblarga  suyurg`ol  tariqasida  berilgan  yerlar  va  vaqflarning  ahvolini, 

ularning  vazifalarini  qay  darajada  ado  etayotganliklarini  tekshirib,  menga  arz  qilib  tursin... 

Saltanatning  har  bir  idorasida  kirim-chiqimlarni,  kundalik  xarajatlarni  yozib  borish  uchun  bir 

kitob tayinlansin". 

Sohibqiron davrida yerga egalikning beshta asosiy ko`rinishi bo`lgan: 

1.  Suyurg`ol  yerlar.  Katta  hajmdagi  bu  yerlar  davlat  tomonidan  ajratib  berilib,  bir 

avloddan  ikkinchisiga  o`tgan.  Suyurg`ol  egasi  markaziy  xazinaga  to`lanadigan  soliqdan  ozod 

qilingan. Bunday yer egalari dehqonlarni ishlatib, yer solig`i - xiroj olganlar. 

2.  Tarxon  yerlar.  Bu  yerlar  xususiy  mulk  bo`lib,  ular  odamlarga  biron-bir  xizmati 

uchun berilgan. 

3. Ushr yerlar. Sayyid va xo`jalarga mansub yerlardir. Bundan olingan hosilning undan 

biri davlatga berilgan. 

4.  Vaqf  yerlar,  masjid,  madrasa,  xonaqoh,  qabriston  va  shu  singari  joylarga  doir 

yerlardir.  Vaqfda  yer,  suv,  bozor,  qul,  pullar  va  boshqalar  mol-mulki  bilan  in'om  etilardi. 

Masalan, Amir Temurning Ahmad Yassaviy uchun qurdirgan vaqfnomasi katta ahamiyatga ega. 

Ahmad  Yassaviy  va  boshqa  avliyolar,  din  peshvolarining  maqbaralari  uchun  vaqfdan  mablag` 

ajratilgan. 

5. Askarlarga, askarlarning rahbarlariga beriladigan yerlar. 

Kimdakim biron sahroni obod qilsa yoki qoriz (er osti suvlarini tortib chiqarish uchun 

qurilgan  inshoot)  qursa,  biron  bog`  ko`kartirsa  yohud  birorta  xarob  bo`lib  yotgan  joyni  obod 

qilsa, birinchi  yili undan hech narsa olmaganlar. Ikkinchi  yili raiyat o`z roziligi bilan berganini 

olgan. Uchinchi yildagina soliq qonun-qoidasiga muvofiq xiroj yig`ilgan. 

Amir  Temur  kattayu  kichik  har  bir  shahar,  har  bir  qishloqda  masjid,  madrasa  va 

xonaqohlar  bino  qilishni,  faqiru  miskinlarga  langarxona  (yo`lovchilar  qo`nib  o`tadigan, 

kambag`al yetim-yesirlarga ovqat beriladigan joy), g`aribxona qurishni, kasallar uchun shifoxona 

bunyod etishni va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlashni buyurgan edi. 

Amir  Temur  Angliya  va  Farangiston  qirollariga  murojaat  qilib,  xalqaro  savdo 

aloqalarini  rivojlantirdi.  Markaziy  Osiyo  orqali  o`tadigan  Buyuk  ipak  yo`lida  karvonlarning 

xavfsizligini  ta'minladi.  Mashriqdan  Mag`ribgacha  bo`lgan  savdo-sotiq  ishlarini  kuchaytirib, 

turli ravotlar, karvonsaroylar, savdo rastalari qurdirdi. 

Sohibqiron 1365-1366 yilning qishida qarshi shahrining atrofini, 1370 yili Samarqandni 

devor  bilan  o`rab,  qo`rg`on  bunyod  ettirgan.  1380  yilda  Shahrisabzda  Oqsaroyni  qurishga 

kirishib,  shahar  atrofini  devor  bilan  o`ragan.  Bu  misollar  aytib  turibdiki,  devor  va  qo`rg`onlar 

bekorga  barpo  bo`lmagan.  Ular  chegara  vazifasini  o`tab,  shahar  aholisini  do`st-dushmandan, 

bordi-keldidan  muhofaza  qilgan.  Qarshi  so`zi  ichkari  va  tashqari  degan  ma'nolarga  egadir. 

Ma'lumki,  Amir  Temur  saltanatining  chegarasi  harbiy  yurishlar  vaqtida  beqaror  edi,  lekin 

shunday  bo`lishiga  qaramay,  uning  yurtidan  biron-bir  narsa  tashqariga  so`roqsiz  olib  chiqib 

ketilmagan.  Jahongir  bu  haqda:  "Mamlakatni  himoya  qilib,  dushmanni  yo`latmagan  navkarni 

yuqori martabaga ko`tarib, hurmatlasinlar. O`g`ri va qaroqchilarni jazolasinlar, fasodchi, buzuqi, 




nafsi  yomon  kishilarni  mamlakatdan  haydasinlar.  Atrofdan  kirgan-chiqqan  mol-mulk,  chetdan 

kirgan  va  chetga  chiqadigan  yot  kishilar,  har  mamlakatdan  kelgan  karvonlar  va  hukmdorlik 

haqidagi  xabarlar  qo`shni  podsholar,  ularning  gaplari,  ishlari  uzoq  o`lkalardan  bo`lib,  mening 

dargohimda  yuzlangan  ulamo,  fuzalo  haqidagi  batafsil  xabarlarni  (xabarnavislar)  rostlik, 

to`g`rilik  bilan  menga  yozib  tursinlar.  Xabarlarni  kunma-kun,  haftama-hafta,  oyma-oy  mening 

arzimga  yetkazib  tursinlar",  degan  edi.  Mazkur  vazifalarni  bajarmoq  uchun  har  bir  shahar  va 

qishloqda  qutvol  (qal'a  boshlig`i)  tayinlanib,  ular  sipoh  va  raiyatga  soqchilik  qilganlar  va  yana 

yo`l  ustiga  kuzatuvchilar,  zobit  (idora  etuvchi,  boshqaruvchi,  qo`shin  boshlig`i)lar  tayinlanib, 

ular  yo`llarni  qo`riqlab,  o`tkinchilar,  savdogarlar,  musofirlarni  kuzatib,  mol-mulki  va  boshqa 

narsalarini manzildan-manzilga yetkazib qo`yganlar. Yo`l ustida bironta odamning biror narsasi 

yo`qolsa,  o`zi  o`ldirilsa  yoki  boshqa  kor-hol  yuz  bersa,  buning  uchun  javob  berish  ularning 

zimmasida bo`lgan. 

Buyuk jahongirning mana bu so`zlari  yanada qimmatliroqdir: "Har mamlakat va diyor 

sayohatchilari  musofirlarining  boshini  siladimki,  turli  mamlakatlardan  menga  xabar  keltirib 

turdilar. Har bir mamlakat va diyorga savdogarlar va karvonboshilar tayinladimki, ular qayerga 

borishmasin:  Xitoy,  Xo`tan,  Chinu  Mochin,  Hindiston,  Arab  mamlakatlari,  Misr,  Shom,  Rum, 

Jazoir,  Farangiston  (Ovrupa),  u  yerlarning  nafis  matolari  va  munosib  tuhfalaridan  keltirishsin. 

O`sha  mamlakatda  yashovchi  kishilarning  hol-ahvoli,  turish-turmushlari  haqida  menga  xabar 

olib  kelsinlar,  har  bir  mamlakat  hukmdorining  o`z  raiyatiga  qanday  muomalayu  munosabatda 

ekanligini aniqlasinlar". 

Amir  Temur  davrida  ulufa  (oziq-ovqat,  maosh,  soliq  turi)  berish  quyidagicha  edi. 

Amirlar, mingboshilar,  yuzboshilar, o`nboshilar va sipohiylarga ushbu tartibda maosh berilgan: 

oddiy  sipohiyga  o`z  vazifasini  o`rinlatib  bajarish  sharti  bilan  maoshi  mingan  otining  bahosiga 

teng  bo`lgan.  Bahodirlarning  maoshi  ikki  ot  bahosidan  to`rt  otgacha  tayinlangan.  O`nboshilar 

maoshi  qo`l  ostidagi  oddiy  sipohiylarnikidan  o`n  barobar  ortiq  bo`lgan.  Yuzboshilar  maoshi 

o`nboshilarnikiga qaraganda ikki barobar, mingboshilarniki esa  yuzboshilarnikidan uch barobar 

ziyoda edi. Chorpilchor (urush vaqtida) xatoga yo`l qo`ygan sipohiylarning maoshi o`ndan birga 

kamaytirilgan.  O`nboshi  yuzboshi  tasdig`i  bilan,  yuzboshi  mingboshining  tasdig`i  bilan, 

mingboshi bosh  amir tasdig`i  bilan ulufa olganlar. Bosh amir  -  amir-ul-umaroning maoshi  qo`l 

ostidagilardan o`n barobar, devonbegi va vazirlarning maoshlari amirlarnikidan o`n barobar ortiq 

bo`lgan.  Yasovul  (xonlarning  kichik  xizmatchisi,  qo`riqchi),  chopovul  (chopqunchi,  asosan 

tunda o`tkaziladigan bosqin qatnashchisi), kalakchi (aholidan yig`ilgan hosildan xiroj miqdorini 

belgilovchi  mansabdor)larning  maoshi  xizmatiga  yarasha,  mingdan  o`n  ming  tangagacha 

bo`lgan.  Sayyidlar,  olimlar,  fozil  kishilar,  hakimlar,  tabiblar,  munajjimlar,  qissaxonlar, 

xabarchilar,  tarixdonlarning  o`z  hollariga  qarab  suyurg`ol,  vazifa  va  maosh  belgilangan. 

Xizmatchilar,  farrosh  (bu  yerda  palos  to`shovchi  ma'nosida)larga  yuzdan  ming  tangagacha 

maosh berilardi. 

Umuman, davlat tomonidan beriladigan maoshlarning to`liq ma'lumotlarini Devonbegi 

va vazirlar Amir Temurga bildirib, so`ngra tanho (bu yerda saroy xizmatchilari, lashkarboshilar 

va  askarlar  uchun  maxsus  xazinadan  beriladigan  maosh.  Ba'zida  alohida  xizmat  ko`rsatgan 

beklarga tanho sifatida yer-suv berilgan) berganlar. 

Sohibqiron vasiyatiga ko`ra uning to`ng`ich o`g`li Muhammad Jahongir Mirzo valiahd 

va  viloyat  hokimi  bo`lib,  o`n  ikki  ming  otliq  askarga  ulufa  olib,  bir  viloyat  olgandi.  Uchinchi 

o’g`li  Mironshoh  mirzo  to`qqiz  ming  otliq  askarga  teng  ulufa  olgan  va  bir  viloyatni  tasarruf 

qilgan. To`rtinchi o`g`li Shohruh Mirzo yetti ming otlik askarga ulufa olgan va bir viloyat egasi 

bo`lgan. Nabiralari ham uch mingdan yetti minggacha otliqqa ulufa va bir viloyat oladilar. 

Amir  Temur  davrida  piyodalar,  kalakchilar,  yasovullar,  chopovullarning  bir  yillik 

maoshlarini hisoblab, belgilangan mablag`ni devonxonaga keltirib, shu yerda ularga tarqatilgan. 




Sipohiylar  va  bahodirlarning  yarim  yillik  maoshlari  ham  hisoblanib,  tanho  xazinasidan  olib 

berilgan. 

O`nboshi,  yuzboshilarga  maosh  shahar  aholisidan  olinadigan  soliqlardan  yig`ilgan 

xazinadan  va  podsholiq  mulki  daromadidan  naqd  pul  hisobida  olingan.  Mingboshilarga  viloyat 

ichidagi  yerlardan  tiyul  (xiroj  va  soliq  yig`ib  olish  haqi  bilan  in'om  etiladigan  yer-mulk)lardan 

berilgan.  Amirlar  va  amir-ul-umarolarga  viloyatlardan  biri  tiyul  etib  belgilangan.  Temur 

viloyatlardan  tushgan  daromadlarni  taqsimlash  haqida  shunday  degan  edi:  "Viloyatlar  va 

mamlakatlardan olingan jami daromadni taqsimlab, maosh berish yerliklariga biriga kam, biriga 

ortiq  qilib  yozsinlar.  So`ng  yerliklar  devonxonaga  keltirilsin.  Amirlar,  mingboshilar  shu 

yerliklardan birini chiqarib olsin". 

Amirlar,  mingboshilar  raiyatdan  molu  jihot  (naqd  pul  va  mahsulot  bilan  to`lanadigan 

soliq)  yiqqanlarida,  xirojdan  ortiqcha  sovariy  (podsho  va  xonlar  o`z  viloyatlaridan 

o`tayotganlarida  xalqdan  talab  qilinadigan  tortiqlar),  qo`nalg`a  (choparlar  va  elchilarga  qo`noq 

berish  solig`i)  va  shilon  (podshohlar  va  amirlarning  ovqati  uchun  yig`iladigan  soliq)  talab 

qilinmagan.  Tiyul  qilib  berilgan  har  bir  mamlakatga  ikkitadan  vazir  tayinlagan.  Ularning 

birinchisi  viloyatdan  yig`ilgan  mollarni  yozib  raiyat  ahvolini  tekshirib  turib,  tiyul  egasi 

(jog`irdor) ning fuqarolarga zulm yetkazmasligi  uchun ularning holidan xabardor bo`lib turgan, 

yig`ilgan  butun  mol-mulklarni  kirim  daftariga  yozgan.  Ikkinchisi  daromadning  xarj  etilgan 

qismini chiqim daftariga yozib, yig`ilgan mollardan sipohiylarning maoshiga taqsim qilingan. 

Amir  Temur  bu  ishlar  haqida  yana  quyidagilarni  yozgan:  "Qaysi  amirga  tiyul  berilar 

ekan,  uni  uch  yilgacha  o`z  holiga  qo`ysinlar.  Uch  yil  o`tgandan  so`ng  uni  tekshirib  ko`rsinlar. 

Agar mamlakat obod, raiyat rozi ekan, shu holicha qoldirsinlar. Agar ahvol bunga xilof ravishda 

bo`lsa, ul viloyat holisa (davlat ixtiyoridagi barcha soliqlardan ozod etilgan yer-suv)ga o`tkazilib, 

uch yilgacha o`sha jog`irdorga ulufa berilmasin". 

Sohibqiron  mamlakatlarni  fath  etish  bilan  birga,  to`plangan  mol-dunyoni,  olinadigan 

boj  soliqlarini  xayrli  maqsadlar  uchun  sarf  qilgan:  "To`plangan  xazinadagi  naqd  pul  va 

qimmatbaho  buyumlarni  sipohlarga  taqsimlab  berdim.  Qo`shinga  yetarli  darajada  ozuqa 

berdim",  degan  edi.  Piri  Amir  Shamsiddin  Kulol  haqida:  "Ular  menga  Xorazmga  borishimni 

maslahat berdilar. Agar g`alaba qozonsam, Samarqandning bir yillik xirojini ularga nazr qilishga 

qaror qildim", - deydi. 

Ma'lumki, xiroj yer solig`i uchun va umuman daromad solig`i uchun qo`llanilgan. Xiroj 

ayrim  hollarda  daromadning  uchdan  birini  tashkil  etgan.  Shuningdek,  xirojni  "mol"  deb  ham 

atashgan.  "Raiyatga  haq-nohaq  jarimalar  soluvchi  vazir  saltanatni  buzadi",-  degan  edi 

sohibqiron. 

Muruvvatli  jahongir:  "Kimki  mening  xizmatimni  qilgan  bo`lsa,  xizmat  haqini  ado 

etdim.  Farzandlar,  qarindoshlar,  oshna-og`aynilar,  qo`ni-qo`shnilar  va  men  bilan  bir  vaqtlar 

do`stlik  qilgan  barcha  odamlarni  davlatu  ne'mat  martabasiga  erishganimda  unutmadim,  molu 

mulk  va  naqd  pul  bilan  haqlarini  ado  etdim",-deydi.  Shuningdek,  u  amirlar  va  sipohiylarni 

martaba  va  unvonlar,  zaru  zarvarlar  bilan  xushnud  etgan,  bazmlarda  o`z  yonidan  joy  bergan, 

xullas,  ularning  jang  vaqtidagi  qahramonliklarini  hech  vaqt  unutmagan.  Sohibqiron  hayr-ehson 

ishlari bilan odamlarning ko`nglini olgan. 

Sipoh va raiyatga bir ko`z bilan qarab, bahodirlar, dovyuraklarga maxsus faxriy o`tova 

(bosh kiyimiga taqiladigan qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan ziynatli belgi), kamar va tarkash 

(sadoq  -  o`qdon)  taqdim  etib,  martabalarini  yanada  yuqori  ko`tartirdi.  Har  el  va  har 

mamlakatning  ulug`larini,  boshliq-oqsoqollarini  qadrladi.  Ularga  sovg`a-salomlar  berib, 

xizmatlaridan  foydalandi.  Sipohiylarni  hamisha  jangda  tayyor  turishlari  uchun  oylik  haqlarini 

so`rattirmay,  vaqtida  bergan.  Sarmoyasi  qo`lidan  chiqib  ketgan  savdogarga  o`z  sarmoyasini 

qaytadan tiklab olishi uchun xazinadan yetarli miqdorda oltin berilgan. 




U vaqtlarda bozor ahlidan soliq olish qal'a boshlig`i zimmasiga yuklangan. Soliq olish 

Qur'oni  Karim  ta'limotiga  muvofiq  edi.  Hadis  va  "Hidoya"  kitoblarida  bu  to`g`rida  to`la 

ma'lumotlar  berilgan.  Hech  bir  shahar  va  qishloqqa  odamlardan  sari  shumor  (jon  boshidan 

olinadigan  soliq)  va  xonashumor  (har  bir  xonadondan  olinadigan  soliq)  olinmagan.  Raiyatdan 

mol-xiroj  yig`ishda  ularni  og`ir  ahvolga  solishdan  yoki  mamlakatni  qashshoqlikka  tushirib 

qo`yishdan  saqlanilgan.  Negaki,  Amir  Temur  "Raiyatni  xonavayron  qilish  davlat  xazinasining 

kambag`allashishiga  olib  keladi.  Xazinaning  kamayib  qolishi  esa  sipohning  tarqalib  ketishiga 

sabab bo`ladi. Sipohning tarqoqligi esa, o`z navbatida saltanatning kuchsizlanishiga olib boradi. 

Fath  etilgan  yerlik fuqaro azaldan berib kelingan xiroj miqdoridan rozi bo`lsa, ularning roziligi 

bilan ish ko`rsinlar. Xirojni ekindan olingan hosilga va yerning unumdorligiga qarab yig`sinlar. 

Fatx  etilgan  har  bir  mamlakatning  mol-mulkini,  buyumlarini  talon-tarojdan  saqlasinlar.  O`sha 

mamlakatdan tushgan o`lja mollarni hisob-kitob qilsinlar", - degan edi. 

Yevropadan  ancha  ilgari  bu  davlatda  budjet  tushunchasi  bo`lgan.  Davlat  xazinasi, 

kirim,  chiqim,  hisob-kitob  qat'iy  olib  borilgan,  taftish  yo`lga  qo`yilgan  edi.  Buning  uchun 

ma'lum mas'ul shaxslar ajratilgan va doim hisob berib borganlar. 

A.Temurning davlat va iqtisodiyot sohasidagi asosiy fikrlari "Temur tuzuklari"da to`la 

bayon etilgan. Tuzuklar Amir Temurning 1342-1405 yillar oralig`idagi faoliyatini aks ettiradi va 

ikki  qismdan  (maqoladan)  iborat.  Birinchi  qismda  asosan  yagona  davlat  barpo  etish,  uni 

mustahkamlash,  qo`shni  (27)  yurt  va  mamlakatlarni  zabt  etish  masalalari  yoritilgan  bo`lsa, 

ikkinchi qismda sohibqiron nomidan aytilgan o`ziga xos vasiyat, pand-nasihat, turli sohalardagi, 

shu jumladan ijtimoiy-iqtisodiyotga oid fikr-mulohazalar keltirilgan. 

A.Temur  mamlakatda  gadolar  bo`lmasligi  kerak,  degan  qoidaga  amal  qilgan  va  uning 

yo`lini ham belgilab bergan. Gadolarning barchasi to`plangan va ularga bir yillik kerakli yemish, 

kiyim-kechak  berilgan,  ularni  biror  foydali  ish  bilan  shug`ullanishga  jalb  etilgan.  Odatda, 

ko`pchilik  gadoylikni  tark etib, biror faoliyat  bilan kun ko`rgan. Gadoychilikni tark etmaganlar 

qul qilib sotilgan yoki mamlakatdan chiqarib yuborilgan. 

 


Yüklə 319,41 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə