Zbekiston respublikasi oliy va o



Yüklə 4,25 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə40/259
tarix05.06.2022
ölçüsü4,25 Mb.
#88919
1   ...   36   37   38   39   40   41   42   43   ...   259
id313213

SHOIR BO„LSANG... 
Abdumannon HASANOV, 
 doktoranti (ToshDO„TAU)
 
―Shoir qanday bo‗lishi kerak?‖ degan savol faqat ijodga, she`riyatga 
qiziquvchilarni emas, balki adabiyotga oshno tutingan har qanday insonni 
qiziqtirishi tabiiy. Biz mazkur savolga javobni XX asr o‗zbek adabiyotining 
zabardast vakillari Abdulla Oripov va Erkin Vohidov asarlaridan, xususan, 
―Jannatga yo‗l‖ va ―Ruhlar isyoni‖ dostonlaridan javob topish mumkin. 
Mazkur ikki asarda ham shoirlik, shoir shaxsi, shoirlik mas`uliyati va burchi 
masalalariga oid fikrlar talaygina. Holbuki, bu ikki dostonning bosh mavzusi faqat 
shu masalaga bag‗ishlanmagan bo‗lsa-da, unda ijodkor shaxsi, uning el-u xalq, 
Vatan, millat oldidagi burchi, mas`uliyati va vazifalari ancha teran mushohada 
etilgan. 
Erkin Vohidov o‗zining ―Ruhlar isyoni‖ dostonida otashin bengal shoiri 
Nazrul Islomning Hindiston milliy mustaqilligi yo‗lida qilgan fidoyiligi va 
yo‗lboshchiligini yoritgan bo‗lsa, Abdulla Oripov ―Jannatga yo‗l‖ dostonida 
insonning bu dunyoda qiladigan ishlari – yaxshilik, yomonlik va ular orasidagi 
uchinchi unsur – beparvolik (befarqlik)ning u dunyoda baholanishini falsafiy 
mushohada etgan. 
Erkin Vohidovning ―Ruhlar isyoni‖ dostonida qalam ahlining shonli va 
mas`uliyatli hayoti haqida ko‗plab purma`no fikrlar ifodalanib, ularning aksari 
yorqin timsollar vositasida dalillanadi. Asardan olingan quyidagi satrlarga nazar 
tashlaylik: 


91 
Kuy, g‗azali odamzodning 
Darddir, ezgu armondir. 
Yaralishdan 
Iste`dodning - 
Tabiati isyondir [3, 158]. 
Haqiqiy iste`dod sohibining tabiati tengsizlikka, haqsizlikka, adolatsizlikka 
qarshi isyondir, deb hisoblaydi shoir. Demak, shoirning qalbi, iste`dodi 
jamiyatdagi razolat, fisq-u fasod, manfurlik, zulm kabi salbiy illatlarni o‗z vaqtida 
ilg‗ab, unga qarshi isyon qila bilishi lozim. Shu tariqa ijodkor jamiyatdagi salbiy 
holatlarni bartaraf qilishga rahnamo bo‗lmog‗i darkor. 
Erkin Vohidov mazkur dostonni yozishdan maqsadini izohlar ekan: ―Ruhlar 
isyoni‖ garchi Nazrul Islomga bag‗ishlangan bo‗lsa-da, asar faqat otashin shoir 
hayoti ifodasidan iborat emas. 
Unda men shoir hayoti bahonasida o‗zimning, umuman shoirlik, insonlik, 
fidoyilik, erk tashnaligi haqidagi, erkka tashna ijod ahlining zamonasi, xalqi bilan 
murakkab munosabati haqidagi, qolaversa, inson hayotining ma`nosi, hayotning 
ham shafqatsiz, ham adolatli haqiqati haqidagi o‗y mushohadalarimni kitobxon 
bilan baham ko‗rdim‖, - deydi. Shu nuqtai nazardan aytishimiz mumkinki, 
dostonda shoir qanday bo‗lishi kerak, degan savolga javob bo‗ladigan ko‗plab 
fikrlarni, jumladan, shoir va xalq, shoir va davr, shoir va uning ona tili, shoir va 
kitobxon munosabatlari qanday bo‗lishi lozimligi haqida etarlicha o‗gitlar topish 
mumkin. 
Endi bu boradagi fikrlarni shoirning zamondoshi Abdulla Oripov qarashlari 
bilan tahlil qilaylik. A. Oripovning ―Jannatga yo‗l‖ dostonida tasvirlanishicha, 
shoir Yigit ancha kech – ya`ni u dunyoda Tarozibon oldida shoirlik mas`uliyatini 
anglab yetadi: 
Tarozibon

Sen shoirsan, senga Olloh yorug‗ nur berdi, 
Otash berdi, zabon berdi, ham ulug‗ yurak. 
Timsolingda bechoralar o‗z dardin ko‗rdi, 
Baxtin ko‗rdi, shodliklarin ko‗rganlar beshak. 
Boya senga bir bandani aytib bergandim: 
Qora yurak, hasadgo‗y ham manfur va olchoq 
O‗zgasini qiziqsinib o‗zing aytganding: 
Tovlamachi va tekinxo‗r, sulloh, yalinchoq. 
Taniysanmi sen ularni?... 
Aybingni endi 
Bir oz anglab olgandirsan, zukkosan, gapir. 
Sen ularni ko‗rib, bir so‗z dedingmi axir? 
Ilohiy dil bergan edi senga xudoyim, 
Quloq sol deb sho‗rliklarning ohi-vohiga. 
Sen-chi, samo shulasini kuylading doim, 
She`rlar bitding yulduzlarga, gulga, ohuga [4, 118]. 


92 
Ijodkor butun asar davomida yaxshilik va ezgulikni imkon borida yoki 
sharoit taqozosi bilan ro‗yobga chiqariladigan xohish emas, balki doimiy amalga 
oshirilishi lozim bo‗lgan vazifa sifatida talqin etgan. Yomonlik va yovuzlikka 
befarqlik esa, shoirning e`tirofiga ko‗ra, atayin qilingan gunoh kabidir. Shu o‗rinda 
buyuk bobokalonimiz Amir Temurning dushmandan ham befarq, loqayd 
odamlarning xavfli ekanligi haqida aytgan hikmatlari yodga tushadi. 
Shoir va ijodkorlarning o‗zlari tomonidan yozilgan avtobiografiya va 
esdaliklarida ham ijtimoiy hayot va ijod o‗rtasidagi mutanosiblik bot-bot 
takrorlanishi bejiz emas. Zero, bu jarayonda ijodkor nafaqat xalqqa nafi tegadi, 
balki shu orqali xalq bilan bir qozonda qaynaydi. 
Abdulla Oripov mazkur dostonda shoirlikning asl mohiyatini to‗liq 
anglamay turib ijod etgan Yigitning aybsiz-aybdorligini jonli va tipik tarzda 
tasvirlashga harakat qilgan. Aslini olganda, ―Jannatga yo‗l‖ dostoni bosh 
qahramoni insofli, diyonatli, halol, kamtar shaxs. Lekin shoir uchun bu 
fazilatlarning o‗zi etarli emas. U odamlar orasidagi zolim, riyokor, tuban va xunrez 
shaxslarni jamiyatga ko‗rsatayotgan salbiy ta`sirini ko‗zgudagidek aniq-ravshan 
tasvirlab berishi kerak. Ayni mana shu jihatlarni e`tibordan chetda qoldirgan 
―Jannatga yo‗l‖ dostoni qahramoni har qancha yaxshilik va savob ishlarni amalga 
oshirgan bo‗lsa-da Do‗zax va Jannat orasida ―ovora qilinadi‖. 
Dostonning bosh qahramoni o‗z aybini anglab yetish ostonasida o‗quvchi-
kitobxonga ibrat bo‗ladi: har kim, u qaysi soha vakili bo‗lishidan qat‘iy nazar, 
zulm, yovuzlik, adolatsizlikka qarshi kurashmog‗i uning insoniy burchidir. 
Ayniqsa, inson qalbining tarjimoni – shoirlar boshqalarning dilidan tiliga chiqa 
olmagan alam va iztiroblarni, orzu-istaklarni, zavq va yoki nafratni aytishda dadil 
va jasoratli bo‗lmog‗i lozim. 
―Ruhlar isyoni‖ dostonining bosh qahramoni juda faol. U istibdod tuzumida 
xalq dardini bor vujudi bilan his qiladi. U xalqni uyg‗otish barobarida xalq istaklari 
ro‗yobi uchun kurashda ma`naviy yo‗lboshchi maqomida turadi. Shu jihatdan u har 
qanday ijodkorga o‗rnak bo‗larli. 
Erkin Vohidov bu shoirga havas qilib o‗ziga va barcha qalam ahliga 
quyidagicha ijodiy istaklar bildiradi: 
Shoir bo‗lsang, 
Yurtda yasha 
Meniki deb aytgulik. 
Jannat yurtdan kechib o‗sha 
Xarobaga qaytgulik. 
Shoir bo‗lsang, 
Qalamingni nayza qilib tutolsang. 
Yurakdagi alamingni 
Oq qog‗ozga to‗kolsang. 
Shoir bo‗lsang, 
Qalb chirog‗ing 
Yonib tursa to abad. 
Bu dunyodan ketar chog‗ing 


93 
Yig‗lab qolsa she`riyat. 
O‗z bag‗riga olsa quchib 
Seni ona makoning.... 
Gar shu baxtlar bo‗lsa nasib 
Yo‗q dunyoda armoning [3, 218]. 
Har ikki ijodkorning mazkur dostonlari o‗tgan asrning 80-yillari oxirida 
bitilgan. Qaysidir ma`noda bu asarlar bir-biriga javob tariqasida yozilgandek. Har 
ikki asarda ham shoir va xalq orasidagi munosabat, shoirlik martabasi va 
mas`uliyati masalalari o‗sha dolg‗ali davrga nisbatan katta jasorat va qahramonlik 
bilan aniq va lo‗nda qilib talqin etilgan. 
Garchi har ikki ijodkor adabiyotda ritorika, biryoqlamalik, deklarativlik, 
bayonchilik, soxta ―baxtli zamon‖ga hamdu sanolar aytish odat bo‗lgan, 
adabiyotning ijtimoiy-estetik vazifalari qoliplashtirilgan bir paytda she`riyat 
ostonasiga qadam qo‗ygan bo‗lsalarda, o‗zlarining shoir sifatida el-xalq, Vatan 
oldidagi sharafli vazifalarini erta anglab olgan hamda o‗z e`tiqodlariga ko‗ra ijod 
qilish yo‗lida sobitlik namunalarini ko‗rsatgan. Shu bois ham ularning buyuk 
xizmatlari xalqimiz va davlatimizning e`tirofiga munosib ko‗rilgan. 
Buyuk bobomiz shoirlar sultoni hazrat Alisher Navoiy: 
Odami ersang, demagil odami, 
Onikim yo‗q xalq g‗amidin g‗ami, -
degan hikmati orqali xalq g‗ami va muammolarini o‗ylab yashash har bir 
odamning insoniylik burchi ekanligini uqtirgan edi. Ayni shu hikmat qalam 
ahlining ham bosh ijodiy shiori sifatida san`at yaratiqlari zamirini sug‗orib tursa, 
adabiyotning xalqchilligi, milliyligi, hayotiyligi yanada kuchayaveradi. 
Shoirning xalq va millat oldidigi yana bir muhim vazifasi o‗z ona tilining 
sofligini saqlash va kelajak avlodlarga bekamu ko‗st bebaho boylik sifatida yetib 
borishini ta`minlashdir. E.Vohidov ijodida milliy tilimizda mavjud bo‗lgan juda 
ko‗p so‗zlar o‗zining turli ma`no tovlanishlarini namoyon etish bilan birga 
yangidan-yangi ifoda imkoniyatlari mavjudligini ko‗rsata olgan. Shuning 
barobarida shoir adabiy tilda hali qo‗llanmagan yoki kam qo‗llanayotgan ba`zi 
so‗zlarni o‗z nazmiga joylab, ularning ifoda imkoniyatlaridan unumli foydalanish 
borasida o‗ziga xos ibrat namunasini ko‗rsatgan. Xususan, balokash [1, 118], 
nagan [1, 13], chulg‗anmoq [1, 118], jonfizo [1, 216], kiraverish [1, 206], 
beahamiyat [1, 192], chuldiramoq [1, 181], chirmanda [1, 179], tug‗simon [1, 172], 
somonchi [1, 165], safsataboz [1, 161], shimirmoq [1, 128], sohibnazar [1, 114], 
zamindor [1, 115], dillashmoq [1, 101], taroqlamoq [1, 92], to‗zim [1, 78], ukpar 
[1, 71], cho‗ng [2, 5], yaktak [2, 6], hamishalik [2, 8], qorxat [2, 16], chovli [2, 18], 
tongotar [2, 35], temirtan [2, 56], mo‗ltiramoq [2, 60], dog‗lik [2, 65], kelishtirmoq 
[2, 69], iqishiq [2, 78], aldoq [3, 18], so‗xta [3, 4], o‗tkarmoq [3, 8], chulg‗anmoq 
[3, 11], shafaqgun [3, 15], sog‗ar [3, 16], chorpoya [3, 18], chirk [3, 20], ohangar 
[3, 27], ranglamoq [3, 30], qorimoq [3, 33], zap [3, 36], yuvg‗uchi [3, 37], jarangos 
[3, 41], piypamoq [3, 42], yulg‗ich [3, 43], tillashmoq [3, 57], kinnachi [3, 66], 
bozingar [3, 90], ko‗rsatkich [3, 200], jigargo‗sha [3, 199], alahlamoq [3, 196] kabi 
so‗zlarning shoir she`rlarida qo‗llanishi milliy tilimizning noyob durlari bo‗lgan 


94 
sheva so‗zlarining adabiy tilga yaqinlashuviga xizmat qilish bilan bir qatorda shoir 
she`rlarining xalqchilligini oshirgan.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, shoirning burchi go‗zal so‗zlar bilan go‗zal 
manzaralarni vasf etishdangina iborat emas. U xalq dardi, qayg‗usi va orzulari 
bilan hamnafas yashashi kerak. Shoir xalq dilidan otilib chiqmoqqa shaylangan 
so‗zlarni nazm etishi kerak. Shuningdek, uning she`rlarida millat tili yasharib, 
boyib, sayqallanib borishi lozim. 
Foydalanilgan adabiyotlar: 
1.
Vohidov E. Ishq savdosi. Tanlangan asarlar.1-tom. – T.: Sharq, 2001.
2.
Vohidov E. She`r dunyosi. Tanlangan asarlar. 2-tom. – T.: Sharq, 2001.
3.
Vohidov E. Umrim daryosi. Tanlangan asarlar. 3-tom. – T.: Sharq, 2001.
4.
Oripov A. Tanlangan asarlar (she`rlar va dostonlar). 4 jildlik. 1-jild. – T.: 
G‗afur G‗ulom nomidagi Adabiyot va san`at nashriyoti, 2000. 
5.
Shoabdurahmonov Sh., Ishaev A., va b. O‗zbek xalq shevalari lug‗ati. - T.: 
1960. 

Yüklə 4,25 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   36   37   38   39   40   41   42   43   ...   259




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə