2 soat Reja : So‘z tilning markaziy birligi sifatida


Til va nutq birliklari haqida dastlabki ma’lumotlar



Yüklə 184 Kb.
səhifə3/20
tarix28.11.2023
ölçüsü184 Kb.
#135927
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20
6-ma\'ruza

Til va nutq birliklari haqida dastlabki ma’lumotlar. Oldibgi ma’ruzalarda ta’kidlab aytilganidek, til va nutq o‘zaro dialektik bog‘liq bo‘lib, ijtimoiy-tarixiy, ijtimoiy-psixik hamda ijtimoiy-individual jarayon – hodisalar sifatida jamiyatga tengi yo‘q aloqa quroli va aloqa usuli bo‘lib xizmat qiladi. Shunday ekan, til va nutq jarayoni qanday amalga oshadi? Til va nutq qanday birliklar bilan “ish ko‘radi”? Umuman, til va nutq birliklariga qanday birliklar kiradi-yu, ularga xos xususiyatlar nimada? Ular orasidagi o‘zaro munosabat, bog‘liqlik qanday kechadi? Shu kabi savollar ko‘p yillardan beri tilshunoslarni o‘ylantirib keladi.
Til va nutq o‘zaro bog‘liq ekan, bundan o‘z-o‘zidan – mantiqiy ravishda til va nutq birliklarining ham o‘zaro bog‘liqligi, o‘zaro “ajralmas” aloqada ekanligi tushunchasi kelib chiqadi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Negaki, til va nutqning bog‘liqligi, jamiyatdagi vazifasi ular birliklarining faoliyati, faolligi sababli yuz beradi. Til va nutqning o‘zaro munosabati aslida ular birliklarining o‘zaro bog‘liqligidan, munosabatidan kelib chiqadi. Til va nutq jamiyatdagi o‘z “operatsiyalarini”, ta’sir qilish quvvatini muayyan birliklari orqali amalga oshiradi.
Hozirda tilshunoslikda, xususan, o‘zbek tilshunosligida til va nutqning asosiy birliklari sifatida fonema, morfema, leksema, model va tovush, so‘z (so‘z formasi), so‘z birikmasi hamda gap kabilar qayd etiladi. Aniqrog‘i til birliklariga: fonema, morfema, leksema (so‘z) va modellar; nutq birliklariga: tovush, so‘z (so‘z formasi), so‘z birikmasi, gap va boshqalar kiritiladi.
Aslida til birliklari muammosini hal qilish nutq birliklarisiz, nutq birliklari muammosini hal qilish esa til birliklarisiz amalga oshmaydi. Ularning, dialektik bog‘liqligi, munosabati ham shunda. Boshqacha aytganda, nutq birliklari nutqda til birliklaridan hosil bo‘ladi, ya’ni nutq birliklari asosida til birliklari mavjud bo‘ladi. Til birliklari nutq birliklari uchun moddiy asos vazifasini o‘taydi. Nutq birliklari (tovush, so‘z, so‘z birikmasi, gap kabilar) aslida tilning – til birliklarining harakatdagi ko‘rinishi, faolligidir.
So‘z – til birligi, so‘z forma – nutq birligi sifatida. So‘z til birligi, so‘z formani nutq birligi sifatida ta’riflashga o‘tishdan oldin so‘z tushuncha – terminiga to‘xtab o‘tamiz. So‘z haqida gap ketganda, ko‘pincha, unga “asosiy til birligi”, “til va nutqning eng muhim unsurlaridan biri”, “tilning eng kichik asosiy birligi” tarzida ta’rif beriladi. Lekin so‘z aslida juda murakkab xususiyatga ega. So‘zga uch-to‘rt og‘iz so‘z, hatto uch-to‘rt jumla bilan ham to‘la ta’rif berib bo‘lmaydi. Shu vaqtgacha tilshunoslik tarixida so‘zga 300dan ortiq ta’rif berilgan. Shunga ko‘ra ko‘p vaqtlardan beri tilshunoslikka oid adabiyotlarda so‘zga uning boshqa hodisalardan farqini belgilovchi aniq, mukammal ta’rif o‘z aksini topmay kelayapti. So‘zga berilgan ta’riflarni jamlab, ularga o‘z munosabatini bildirgan olimlardan biri I.M.Vasilevning fikricha, mazkur ta’riflarni 6 guruhga ajratish mumkin.
1. So‘z—bu gapning eng kichik bo‘lagi (L.V.Shcherba, L.Blumfild).
2. So‘z - bu eng kichik sintaktik birlik (Boduen de Kurtene, A.Meye, E.Sepir).
3. So‘z - bu tilning eng kichik ma’no birligi1 (A.Reformaskiy, L.EImslev).
4. So‘z - bu fonetik, grammatik va semantik belgilar jamlangan til birligi (V.V.Vinogradov, K.Byuller, A.Meye).
5. So‘z — bu obyektiv borliqning ifodasi (E.M.Galkina-Fedoruk, V.V.Vinogradov, V. Doroshevskiy).
6. So‘z - bu nutqning mustaqil va maqsadli elementi (F.Fortunatov, J.Vandries, V.V.Vinogradov).
Akademik Azim Hojiyev so‘zga oid quyidagicha ta’rif bergan. Unga ko‘ra: So‘z - leksemaning nutqda muayyan shakl va vazifa bilan voqelangan ko‘rinishi. O‘z tovush qobig‘iga ega bo‘lgan, obyektiv narsa-hodisalar haqidagi tushunchani, ular o‘rtasidagi aloqani yoki ularga munosabatlarni ifodalay oladigan, turli grammatik ma’no va vazifalarda qo‘llanadigan eng kichik nutq birligi”. A.Sobirov ham o‘z monografiyasida so‘zga o‘ziga xos ta’rif beradi: “Leksik va grammatik ma’nolarning muayyan tovush yoki
tovushlar birikmasi bilan barqaror munosabatidan tashkil topgan butunlikka so‘z deyiladi”.
Ko‘rinadiki, so‘zda uning barcha xususiyatlarini jamlab keluvchi 3 asosiy belgi mavjud bo‘ladi: 1. So‘zning tovush tomoni (moddiy qobig‘i), ya’ni uni tashkil qiluvchi fonemalar. 2. Uning atamalik xususiyati (nom bo‘la olishligi). 3. Muayyan bir tushunchani ifodalashi. Shular asosida so‘zning perseptiv (idrok qilish), nominativ (nomlash), signitifikativ (ma’no anglatish) vazifalari shakllangan. Demak, so‘zlar tildagi shunchaki birlik emas, ularda fizik, anatomik, ruhiy-psixologik, mantiqiy, ijtimoiy, tarixiy, geografik kabi ko‘plab xususiyatlar jamlangan bo‘ladi.
Ma’lumki, har qanday so‘zning ma’lum bir ma’no ifodalashi shu tilda so‘zlashuvchilar uchun yoki shu tilni biluvchilar uchun sir emas, albatta. Har qanday so‘z paydo bo‘lishidayoq o ‘z ma’nosi va tovushlar qiyofasiga (tovush qobig‘iga) ega bo‘ladi. Demak, har qanday so‘z, avvalo, tovush va ma’no birligiga ega bo‘ladi. Bu narsa so‘zning fonetik va semantik tomonlari.
So‘zning tovush tomoni uning ma’nosini yuzaga chiqaruvchidir. Xuddi shu tovush tomoni bilan so‘zning ma’nosi tinglovchiga yetadi, tushuniladi. Demak, u so‘zning ma’nosi uchun, yuzaga chiqishi uchun xizmat qiladi. Aytib o‘tilganidek, har bir so‘z (tub so‘z) aniq bir tovush qobig‘iga ega bo‘ladi. Bu qobiqdagi tovushlarni, ularning miqdorini, tartibini kishilar, ya’ni shu tilda so‘zlashuvchilar belgilamaydi. Balki har bir so‘z ma’lum ma’noni ifodalovchi sifatida o‘z tovush qobig‘i bilan yuzaga keladi va shu tovush qiyofasidagina u ma’no ifodalanadi, tushuniladi. Agar tovush qobig‘idagi tovush yoki tovushlar miqdori yoki tovushlar tartibi o‘zgartirilsa, u holda bu qobiqqa xos ma’no va shu qobiqdagi so‘z ham yo‘qoladi, o‘zgaradi. To‘g‘ri, so‘zning tovush qobig‘ida o‘zgarish bo‘lsa-da, ma’no saqlanishi mumkin.
Lekin bu hodisa, ya’ni so‘zning tovush qobig‘idagi o‘zgarish birdaniga emas, balki til taraqqiyoti jarayonida yuz bersagina shunday bo‘ladi. Shu hodisa tub so‘zlardagina emas, balki yasama so‘zlarda ham yuz berishi mumkin. Masalan, yomg‘ir-yog‘mir, yog‘och-og‘och, kiprik-kirpik, qo‘shni-qo‘nshi, magiz-mayiz va boshqalar. Albatta, so‘zning tovush qobig‘ida bo‘ladigan bunday o‘zgarishlar so‘zning o‘z ma’nosi bilan yashash jarayonida ma’lum qonuniyatlar asosida ro‘y beradi. Shuning uchun ham bu o‘zgarish ma’noning, shu bilan birga so‘zning yo‘qolishiga olib kelmaydi.
So‘zning yana bir belgisi uning ma’lum bir ma’noga egaligidir. So‘zning fonetik shakli uning ma’nosini yuzaga chiqaradi. Boshqacha aytganda, tovush yoki tovushlar majmuyida ma’lum ma’no yuzaga kelsagina, uni so‘z deb atash mumkin. Affikslar ham ma’lum tovush qiyofasiga va ma’noga ega bo‘lsa-da, lekin ularning tovush qiyofasi ma’noni yuzaga chiqaruvchi emas. Affiksga xos ma’no u qo‘shiladigan so‘z orqaligina (shu so‘z doirasidagina) yuzaga chiqadi. Bu aytilgan fikrlar so‘zning ikki asosiy xususiyatiga, ya’ni tovush va ma’no tomoniga oiddir. Lekin so‘z bundan boshqa yana bir qator xususiyatlarga egaki, xuddi shu xususiyatlari tufayli u tilshunoslikning turli sohalari uchun tekshirish obyekti bo‘ladi.
Inson tili tovush tilidir. Har tilning paydo bo‘lishidayoq o‘z tovush qiyofasiga ega bo‘lishi sababi ham shunda. So‘zning moddiy qobig‘ini hosil qiluvchi tovushlar va ular bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator hodisalar tilshunoslikning fonetika bo‘limida o‘rganiladi. Har qanday so‘zning ma’lum ma’noga ega bo‘lishini ko‘rdik. So‘zning ma’nosi va unga oid hodisalar (so‘z ma’nosining taraqqiyoti, bir ma’nolilik, ko‘p ma’nolilik va boshqalar) tilshunoslikning leksikologiya, yana ham aniqrog‘i, leksikologiyaning semasiologiya bo‘limida tahlil qilinadi.
So‘zlar fonetik, semantik strukturadan tashqari, morfema strukturasiga ham egadir (ish+chi+lar kabi). So‘zning bu tomoni morfemika bahsida o‘rganiladi. Yangi so‘zlarning paydo bo‘lishida so‘z yasalishi hodisasi muhim rol o‘ynaydi. Yangi so‘zlarning juda ko‘p miqdori har bir tilning o‘ziga xos so‘z yasash usullari bilan yaratiladi: terim (ter+im) affiksatsiya usuli, kitobsevar (kitob+sevar) - kompozitsiya usuli va boshqalar. So‘z bilan bog‘liq bu hodisa, ya’ni so‘z yasalishi va unga aloqador hodisalar tilshunoslikning so‘z yasalishi bo‘limida o‘rganiladi. So‘z nutqda turli-tuman grammatik ma’nolarni ifodalash uchun shu ma’nolarga xos formalarda qo‘llanadi. Boshqacha aytganda, so‘zlar forma yasalishi sistemalariga ham ega: kitob+lar+im, talaba+lar+imiz+ga, o‘qi+yap+ti+lar kabi. So‘zning forma yasalish sistemasi va u bilan bog‘liq hodisalar tilshunoslikning morfologiya bahsida o‘rganiladi. So‘zlar so‘z birikmalari va gaplarning tuzilishida asos bo‘lib xizmat qiladi. Bunday holatlar grammatikaning sintaksis bo‘limida o‘rganiladi.
Demak, so‘z o‘ta murakkab xususiyatlarga ega bo‘lgan til birligidir. U o‘zining muhim belgi-xususiyatlari bilan tilshunoslikning maxsus bo‘limlarining o‘rganish obyekti bo‘ladi.
So‘z til birligi sifatida ta’riflansa, uning shakli - so‘z, forma - nutq birligi sanaladi, chunki u nutqda muayyan grammatik ma’no va ushbu ma’noni ifoda etuvchi grammatik shaklga ega bo‘lgan holda voqelanadi.

Yüklə 184 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə