5-sinf adabiyoti. 1-bob adabiyot so‘z san’ati


EZOP (miloddan avvalgi VI asr)



Yüklə 2 Mb.
səhifə13/455
tarix17.12.2023
ölçüsü2 Mb.
#149897
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   455
5 - 9-SINF ADABIYOT

EZOP (miloddan avvalgi VI asr)
Muhtaram o‘quvchi! Siz kundalik hayotingizda katta yoshdagi yaqinlaringiz yoki muallimlaringiz bilan muloqot va suhbatlaringizda ularning o‘z fikrlari yoki o‘git-nasihatlarining ta’sirliroq chiqishi uchun har xil maqol va masallarga, ya’ni hikmatli so‘zlar yoxud kichik-kichik ibratli voqealarga murojaat etishlariga e’tibor qilgan bo‘lsangiz kerak. Avvalgi darslardan bilib borayotganingizdek, maqol yoki masal orqali ifodalangan fikr oddiy xabar yo axborot tarzida bildirilgan mazmundan ko‘ra albatta ta’sirliroq bo‘lib, xotirangizda uzoq vaqt saqlanib qoladi Odatda, bilimlari chuqur, hayotiy tajribalari boy bo‘lgan kishilar shunday so‘zlashadi. Ana shunday so‘zlash usulini yevropaliklar «Ezop tilida so‘zlash» yoki «Ezopona til» deb yuritishadi.
Xo‘sh, nega bunday ibora paydo bo‘lgan, Ezop degani kim, qabilida savol tug‘ilishi tabiiy. Bu savollarga javob topish uchun qadimiy Yunonistonga, ya’ni hozirgi dunyo xaritalariga Gretsiya, Makedoniya nomi ostida kiritilgan mamlakatlar va o‘sha atroflardagi ko‘hna davlatlar. shaharlar tarixiga murojaat qilishimiz kerak.
Rivoyatlarga ko‘ra, miloddan avvalgi VI asrlarda Yunonistonda quldorlik tuzumi hukm surgan paytda qullar orasidan yetishib chiqqan nihoyatda aqlli, ammo o‘ta badbashara, xunuk bir donishmand bo‘lib, uni Ezop deb atashgan ekan. Uning asli kelib chiqishi o‘sha davrlardagi bo‘lib urushlar natijasida qul qilib olinib. Yunonistonga kelib qolgan. Aql-u farosati, topqirligi bilan o‘z xo‘jayinlarining mushkullarini oson qilib, hurmat va e’tibor qozongan. Hatto shaharlarni bosqinlardan asrab, podshohlarni qirg‘in-barot urushlardan to‘xtatib qolgan. Oxir-oqibat o‘zini qullikdan xalos etib, Lidiya shohi Krez saroyida xizmat qilgan, so‘ng Vavilon shohi Likurg saltanatida xazinabon darajasiga ko‘tarilgan. Keyinroq, haqgo‘yligi, adolatparastligi, kinoyali achchiq tili uchun ko‘rolmagan, hasadgo‘y dushmanlari uni Delfa shahrida tog‘ qoyasidan otib yuborib, o‘ldirganlar.
Ezop hayoti haqidagi ma’lumotlar o‘sha davrdagi va undan keyingi asrlardagi solnomachilar tomonidan yozib qoldirilgan rivoyatlar, ibratli hikoyatlar orqali yetib kelgan. Uning 500 ga yaqin masallari qadim davrlardayoq jamlanib, «Ezop masallari» nomi ostida kitob qilingan va donishmandlik o‘gitlari sifatida butun dunyoga tarqalgan.
«Ulug‘ masalchi»ning o‘zi haqida rivoyatlar ham juda ibratomuz. Masalan, ularning birida hikoya qilinishicha, Ezopning xo‘jayini safarga otlanar ekan, o‘z qullariga yuklarni bo‘lib olib, ko‘tarib ketishlari lozimligini buyuradi. Ezop ularning oldiga kelib, o‘ziga yengilroq yuk berishlarini iltimos qilganida, qullar uning o‘zi tanlab olishiga ruxsat beradilar. Ezop borib, to‘rt kishi zo‘rg‘a ko‘taradigan non solingan qutini tanlaydi. Atrofidagilar barchasi undan kulib, yengil narsa so‘rab, eng og‘ir yukni tanlagani uchun ahmoq deya masxara qiladilar.
Xo‘jayini uning og‘ir yukka o‘zini urganini ko‘rib, Ezopni maqtab qo‘yadi. Aslida Ezop olis safarga ketayotganlarini sezib, uzoqni ko‘zlab ish tutgan edi.
Anchagina yo‘lni bosib, kun peshinga yetganda, barcha to‘xtab, ovqatlanishga o‘tiradilar. Shunda Ezop ko‘tarib kelgan qutidan barchaga non ulashib, yukini ikki barobar yengillashtiradi. Kechga borib, yana yo‘lda ovqatga unnaganlarida, qutining ichidagi qolgan nonlarni ham ulashib, yukidan tamomila xoli bo‘lib oladi-yu boshqa qullar manzilgacha olgan yukini qiynalib ko‘tarishda davom etsa, Ezop qup-quruq qutini yelkalab, oldinda o‘ynoqlab, chopib boradi.
Yoki rivoyat aytuvchilar yana shunday ibratli voqeani hikoya qiladilar:
Ezopning xo‘jayini, Samos oroliga yetib kelishgach, uni shu yerlik mashhur faylasuf Ksanfga sotadi. Ezop Ksanfni eng og‘ir vaziyatlarda qutqarib, hech kim yecholmaydigan jumboqlarni yechib, xo‘jasiga sadoqat ko‘rsatadi. Ammo Ksanf o‘ta yengiltak, kaltafahm odam edi. Kunlarning birida u o‘z og‘aynilari bilan maishat qilib o‘tirib, mast holatda inson hamma narsaga qodir deb da’vo qilib qoladi. Shunda og‘aynilaridan biri Ksanfni mot qilish uchun «Inson dengizni ichib yuborishi mumkinmi?» deb so‘raydi. «Nega mumkin emas, mana men ham dengizni ichib yuborishim mumkin» deya Ksanf katta ketadi. U o‘zini bilmaydigan darajada mast edi. Shunda og‘aynisi u bilan garov o‘ynab, kim yutqazsa, o‘zida bor barcha mol-mulkini g‘olib bo‘lganga beradi, deb kelishadilar. Ertasi kuni Ksanfning uyiga garov bog‘lashgan og‘aynisi shaharning obro‘li odamlarini guvohlikka chaqirib, birga boshlab keladi. Ksanf Ezopning oyoqlariga yiqilib, qutqarib qolishini so‘raydi. Shunda Ezop xo‘jayiniga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib aytadiki, «Sen o‘z so‘zlaringdan qaytma. Dengiz bo‘yiga borib, barcha guvohlarning oldida senga bir kosa dengiz suvidan olib berishlarini buyur va og‘ayningdan garov shartlarini yana bir bor so‘rab ol. Shundan keyin ularga ayt, dengizga juda ko‘p daryo va irmoqlarning suvlari quyiladi. Men faqat dengiz suvini ichishga garov bog‘lashganman. Shuning uchun og‘aynim avval o‘sha daryo va irmoqlar suvini ajratib bersin, ana undan keyin men dengizni ichaman». Shunday qilib, Ksanf faylasuf Ezopning yordami bilan garovda yutib chiqadi. Biroq xavfdan qutulgach, unga yordam bergani uchun o‘zini qullikdan xalos etishini so‘ragan Ezopni arzimas bahona topib, kaltaklashga buyuradi.
Bu hikoyadan ko‘rinadiki, quldorlik zamonida qullar har qancha aqlli, topqir, sadoqatli bo‘lmasin, ularning qismati juda ayanchli edi. Xo‘jasini eng og‘ir damda qutqarib qolganiga qaramay, undan minnatdor bo‘lish o‘rniga, o‘zining kaltabin va ahmoqligini tan olishdan orlanib, qulni jazolashga buyuradi. Ayni paytda Ezop hayotidan olingan bu hikoyatlar uning naqadar donishmand va olijanob bo‘lganini, har qanday sharoitda bilim va mulohaza bilan ish ko‘ra olishini anglatadi. Bular Ezopning hayot ibratlari, uning kechmishlari va insoniy xususiyatlari borasidagi rivoyatlardir. Shu bilan birga Ezop tomonidan yaratilgan masallar bilan ham yaqindan tanishsangiz, hayot yo‘lingizda hamisha kerak bo‘ladigan yana ko‘p o‘git va pandlarni o‘qib, o‘zlashtirib olasiz, nihoyatda zarur xulosalar chiqarasiz.



Yüklə 2 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   455




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə