Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari


Siyosiy mafkura va uning asosiy ko‘rinishlari



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə11/16
tarix21.02.2018
ölçüsü1,1 Mb.
#27268
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   16

Siyosiy mafkura va uning asosiy ko‘rinishlari

Siyosatshunoslik fanining eng muhim aspektlaridan biri hisoblanmish siyosiy mafkuralar masalasi qadim zamonlardan beri qizg‘in bahs va munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda. Zero siyosiy mafkura mafkuraning siyosiy ko‘rinishi ekan, avvalo mafkuraning o‘zi nima ekanligini aniqlab olish maqsadga muvofiqdir.

Davrlar osha, mafkurasiz insonning kundalik hayotini, u yashab faoliyat ko‘rsatayotgan jamiyat hayotidagi jarayonlarni nafaqat tushunish, balki tasavvur ham qilish mushkul. Mafkura bo‘lmasa har bir shaxs, va, qolaversa, davlat o‘zi ketayotgan yo‘lida ikqilanib qoladi; qaerda mafkuraviy bo‘shliq vujudga kelsa, o‘sha erda begona bir mafkura hukmronlik qilishni boshlaydi.

Misli ko‘rilmagan darajada urushlar va fojealarni boshidan kechirgan yigirmanchi asr ham poyoniga etdi; insoniyat yangi asr boshida turgan bir paytda turli xil eski va yangi mafkuralarning o‘zaro qarama-qarshiliklari go‘yoki har qachongidan ham shiddatli tus olayotganday. Rang-barang, ba’zan bir-birlariga mutlaqo zid keladigan dunyoqarashlar, siyosiy va diniy oqimlar, mazhab va sektalar orasidagi fikr talashuvlar goho bahs-munozara chegarasidan chiqib, qonli to‘qnashuvlar, ommaviy qirg‘inlarga sabab bo‘lmoqda.

O‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligiga kelib dunyoda ikki asosiy qarama-qarshi qutb ziddiyati barham topgan bo‘lsa-da, turli xil maqsadlarni ko‘zlovchi va, binobarin, turli xil manfaatlarni ifoda etuvchi mafkuralar kurashi jahon ijtimoiy hayotida birinchi o‘ringa chiqib oldi. Ta’kidlab o‘tish joizki, bunday kurashdan ko‘zlangan asosiy maqsad — odamlar, avvalambor yoshlar, qalbini egallash, muayyan bir mamlakat yoki mintaqadagi biror millat yoki xalqning ongiga, uning his-tuyg‘ulariga ta’sir o‘tkazish, uni o‘z dunyoqarashiga bo‘ysundirish, ma’naviy jihatdan zaif va, ohir-oqibatda, tobe qilish.

Ijtimoiy guruhlarning turli-tuman va hatto bir-biriga qarama-qarshi manfaatlari mavjud bo‘lgan sharoitda jamiyat­ning bir butunligini va undagi siyosiy tartibni, konsensusga erishish va jamiyatning taraqqiyot yo‘lidan olg‘a borishini nima ta’minlashi mumkin? Siyosiy mafkuralar aynan shunday omil sifatida maydonga chiqadi.

Insonning faoliyati, ayniqsa, siyosiy faoliyat idrok etilganlik va bir maqsadga yo‘naltirilganlik xususiyatiga ega. Bu faoliyat — xoh saylovlarda ovoz berish bo‘lsin, xoh siyosiy tadbirlarda ishtirok etish bo‘lsin — aniq-ravshan yo‘naltirilgandir.

Siyosiy mafkura - u yoki bu ijtimoiy guruhning manfaatlarini ifodalovchi va himoya qiluvchi hamda ko‘proq miqdordagi kishilarning individual o‘y-fikrlari va hatti-harakatlarini hokimiyatdan foydalanishning muayyan maqsad va vazifalariga bo‘ysundirishni talab qiluvchi tizimlashgan g‘oyalar, qarashlarning yig‘indisidir. Qisqacha qilib aytganda, siyosiy mafkura - muayyan ijtimoiy guruhning hokimiyatga intilishini, yoki undan foydalanishini asoslovchi va siyosiy harakatning u yoki bu strategiyasini ko‘zda tutuvchi g‘oyaviy tizimdir.

Mafkura siyosatning dunyoqarash asosini tashkil etadi va partiyalar, milliy birlashmalarning manfaatlarini naza­riy asoslashga, ularning faoliyat dasturlarini ifodalashga, asoslovchi va xohish-irodani shakllantiruvchi omil sifati­da namoyon bo‘lishga xizmat qiladi.

«Mafkura» yoki ideologiya- g‘oyalar haqidagi fan bo‘lib, XIII asrdan boshlab keng yoyildi.

Qachonlardir mafkuralar hokimiyatga da’vo qiluvchi yoki o‘zlarining hukmronlik imtiyozlarini yoqlovchi ijtimoiy guruhlar va sinflarning manfaatlarini ifodalash va himoya qilish uchun yaratilgan. Hukmron sinflar ommaviy ongni chalg‘itish maqsadida mafkuradan foydalanganlar. Bugungi kunda aholining axborot olish darajasi ancha o‘sdi va guyo endi mafkuraga ehtiyoj qolmagandek tuyuladi.

Biroq amaliyot shuni ko‘rsatadiki, aynan umummilliy, birlashtiruvchi maqsadlar va ideallarni oqilona asoslab beruvchi siyosiy mafkuraning mavjud emasligi jamiyat barcha umumiy qatlamlarining atrofida mustahkam jipslashuviga to‘sqinlik qiladi.

“Ideologiya” so‘zining etimologiyasi qadimgi yunon tili ildizlariga borib taqaladi. “Ideos” va “logos” so‘zlarining birikmasidan hosil bo‘lgan bu atama g‘oyalar haqidagi ta’limot degan ma’noni beradi. Evropa tillarida “ideologiya” deb nomlanmish bu atama ilk bor 1789 yildagi Buyuk Fransuz Inqilobi yillari davrida A.Destyut de Trasi tomonidan muomalaga kiritilgan. Mana shu davrdan boshlab murakkab ruhiy hodisa haqida xilma-xil qarashlar qaror topa boshladi. Xususan, iqtisodiy determinizm ta’limoti mafkuraviy oqimlar ijtimoiy guruhlarning moddiy shart-sharoitlari bilan bog‘liq ekanligidan kelib chiqadi. U bu oqimlarni umuman jamoa manfaatlarini himoya qiluvchi nazariy tasavvurlar sifatida tavsiflaydi.

Ijtimoiy guruhning jamiyatda tutgan o‘rniga ko‘ra (agar sinf ijtimoiy taraqqiyotning lider tendensiyalarga mos keladigan manfaatlarga ega bo‘lsa) iqtisodiy determinizm mafkuraning bir tomonlamaligini e’tiborga olgan holda uning nazariy bilim vazifasini bajarishi mumkinligini ilgari suradi.

Bugungi kunda ham G‘arb davlatlari siyosiy bilimlar sohasida mafkuraviy oqimlarning manbalari va maqomi haqidagi munozaralar tamom bo‘lganicha yo‘q. Neo-anarxizm tarafdorlari uchun mafkura ommaviy ongning mahsuli bo‘lib ko‘rinadi. Liberal-pozitivistik an’analarga ko‘ra, mafkura ijtimoiy va siyosiy sharoitlarga bog‘liq bo‘lmagan, tarixdan yuqori turuvchi hodisa sifatida ta’riflanadi. Neo-makiavellizm (R.Moska, R.Mixels, V.Pareto) ongning estetik yoki diniy shaklllarini ham siyosiy mafkuraning o‘ziga xos namoyon bo‘lish shakllari sifatida talqin etadi. G‘arbda mafkurani siyosatda biron-bir muhim mavqe va ahamiyatga ega bo‘lmagan “hokimiyatning xizmatkori” sifatida tavsiflovchi qarashlar ham keng tarqalgan.

Shu bilan birga G‘arb siyosatshunosligida mafkuraga nisbatan bir qator barqaror bo‘lgan munosabatlar ham qaror topdi. Jumladan, mafkura bilan fanni bir-biridan murosasiz ayirib qo‘yish, mafkuraning bilish vazifalariga shubha bilan qarash, ularni inkor qilishdan iboratdir. XX-asr boshlaridayoq M.Veber mafkurani va boshqa g‘oyaviy, diniy tuzilmalarni ko‘r-ko‘rona ishonish sohasiga kiritgan edi. Bu bilan u mafkuraning ilmiyligi masalasini qo‘yishni ham inkor etadi. Shu sohaning taniqli mutaxassisi K.Mayngem har qanday mafkurani voqelikning noadekvat (noto‘g‘ri), bir tomonlama aks etish sifatida, voqealarning haqiqiy ahvolini ongli ravishda yashiradigan g‘oyalar yig‘indisi sifatida olib qaraydi. Mafkuraning ijtimoiy-tarixiy manbalarini chetga surib qo‘yib, uni jamoani birlashtiruvchi qurol sifatida (O.Lemberg, T.Parsons) ya’ni haddan tashqari funksional talqin qilishlar ham keng tarqalgandir.

Mafkurani ayrim guruhlar va individlarning psixologiyasidan (R.Pays, D.Braun) iborat qilib ko‘rsatish hollari ham kam emas. Shu bilan birga ilmiy adabiyotda mafkurani xalqning, millatning dunyodagi o‘rnini, manfaatlarini, orzu-intilishlarini g‘oya, o‘tmish va kelajakni bog‘laydigan ko‘prik sifatida ta’riflashlar (I.Karimov) ham mavjuddir.

Mafkura o‘zining siyosiy funksiyalarini bajarishi bilan jamiyatni yo qandaydir ijtimoiy, milliy guruh manfaatlari asosida, yoki aholining muayyan ijtimoiy-iqtisodiy guruhlariga tayanmaydigan ongli ravishda ishlab chiqilgan maqsadlari negizida jipslashtirish, birlashtirishga intiladi. Aholini real birlashtirish qobiliyati mafkuraning g‘oyasi va qoidalariga kishilarning yaxshi turmush tarzi haqidagi kundalik qarashlari va tasavvurlariga qanchalik mos kelishiga bog‘liqdir.

Har qanday mafkura oqilona, nazariy asoslangan qoidalardan tashqari aholiga faqat ishonish uchun taklif qilinadigan maqsad va ideallarni qamrab oladi.

Siyosiy mafkuraning amal qilish darajalari bir xil emas. U nazariy-konseptual, dasturiy-direktivalik va xulq-atvorlik darajalarida amal qiladi.

Nazariy-konseptual darajasida u yoki bu sinf, ijtimoiy qatlam, millat, davlatning manfaatlari va ideallarini ochib beruvchi asosiy qoidalar qaror toptiriladi.

Dasturiy-direktivalik darajada ijtimoiy-falsafiy tamoyillar va ideallar siyosiy elitaning aniq dasturlari, shiorlari va talablariga aylantiriladi va boshqaruv qarorlarini qabul qilish, ommaning siyosiy xulq-atvorini rag‘batlantirish uchun g‘oyaviy asos bo‘lib xizmat qiladi. Mafkura amal qilishning ushbu darajasi “siyosatning yaratuvchi elementi” deb ham talqin etiladi.

Xulq-atvorlik darajada mazkur mafkura maqsadlari va tamoyillari fuqarolar tomonidan o‘zlashtiriladi, hamda ularning jamiyat siyosiy hayotida ishtirok etishning u yoki bu shakllarida o‘z ifodasini topadi. Bu darajada mafkura kishilarning hatti-harakatiga aylanib, ularni jipslashtiradi, birlashtiradi, muayyan yo‘lga yo‘naltiradi, safarbar etadi.

Mafkuralarning jamiyat hayotidagi roli ular bajaradigan funksiyalar tomonidan belgilangan. Siyosiy mafkuralar siyosiy dunyoqarash sifatida namoyon bo‘lib, ishonch-e’tiqod kuchini kasb etuvchi qadriyatlarni o‘z ichiga olishidan kelib chiqib, ularning quyidagi funksiyalarini ajratib ko‘rsatish mumkin:

- yo‘naltirish funksiyasi. U jamiyat, ijtimoiy taraqqiyot, shaxs, hokimiyat haqidagi asosiy tasavvurlarni o‘z ichiga olgani holda mafkuraning inson faoliyatining mazmun va mezonlari tizimini belgilab berishida ifodalanadi;

- safarbarlik funksiyasi. Mafkura ancha mukammal jamiyat haqidagi ideallarni takdim etar ekan, siyosiy faoliyatning bevosita motivlari sifatida maydonga chiqadi va jamiyatni, ijtimoiy guruhlarni mazkur ideallarni amalga oshirishga safarbar qiladi;

- integrativ funksiya. Siyosiy voqelikka dunyoning o‘zlari taklif etayotgan manzarasiga mos mazmun baxsh ztib, siyosiy mafkuralar uning o‘z miqyoslariga ko‘ra har qanday shaxsiy va guruhiy maqsadlardan ustun turuvchi juda katta ahamiyat kasb etishini ta’minlaydi. Siyosiy mafkuralar xususiy manfaatlarga qarama-qarshi turadi va aynan shu bois integratsiyalovchi omil sifatida namoyon bo‘ladi.

- amortizatsiya funksiyasi. Siyosiy mafkuralar jamiyat, guruhlar, individ ehtiyojlari bilan ularni qondirishning amaldagi imkoniyatlari o‘rtasida nomuvofiqlik yuzaga kelgan vaziyatda ijtimoiy keskinlikni yumshatishga xizmat qiladi. Taklif etilaetgan ideallar individni muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng o‘zida yana qaytadan faol harakatlar uchun kuch topishga majbur qiluvchi, ilhom beruvchi mazmun sifatida maydonga chiqadi;

- muayyan ijtimoiy guruh manfaatlarini ifodalash va himoya qilish funksiyasi. Siyosiy mafkuralar qandaydir ijtimoiy guruhning manfaatlar asosida paydo bo‘lishi tufayli ular ana shu manfaatlarni ifodalash va ularni boshqalar oldiga qo‘yishga xizmat qiladi.

Bu funksiyalarni siyosiy mafkuralar o‘zlarini siyosiy ongning boshqa shakllaridan, masalan, siyosiy ruhshunoslikdan farq qiluvchi ikki xususiyati tufayli amalga oshiradi:



  • total ahamiyatga (yoki globallikka) da’vo qilish;

  • me’yoriylik.

Har qanday siyosiy mafkura boshqa mafkuralarni siqib qo‘yishga va o‘zi ilgari surayotgan g‘oyani amalga oshirish yo‘lida hamma narsadan foydalanishga intiladi. Mafkurani targ‘ibot ishi bilan chalkashtirmaslik lozim. Agar mafkura siyosiy tasavvurlarning mavjudlik shakli bo‘lsa, siyosiy targ‘ibot ularni tarqatishning asosiy vositasidir. Hozirgi zamonning asosiy mafkuraviy oqimlari siyosatshunoslikda mustaqil fan sifatida g‘oyaviy-siyosiy miqyosga ega bo‘ladi. Shu sababli siyosat bilan mafkura o‘rtasidagi nisbat siyosatshunoslik tahlilining muhim ob’ektlaridan biri hisoblanadi.

Deyarli barcha rivojlangan Fapb mamlakatlarining tajribasi shuni yaqqol isbotlaydiki, siyosiy fenomenlarning ilmiy tahlili tadqaqotchining g‘oyaviy pozitsiyalari bilan bemalol kelisha oladi. Agar XX asrning 60-yillarida G‘arbdagi ko‘p jamiyatshunoslar mafkuralarining tamom bo‘lganligi haqidagi konsepsiyaning tashabbuskorlari sifatida chiqqan bo‘lsalar, 70—80-yillarga kelib qayta mafkuralashtirishning zarurligi haqida so‘z yurita boshladilar, mashhur fransuz sotsio­logi R. Aron esa «mafkuralarning o‘lmasligini» e’lon qaldi. Fapb siyosatshunoslarining ko‘pchiligi o‘z yondashuvlari, qoidalari, xayrixohliklariga ko‘ra liberallar, konservatorlar, sotsial-demokratlar, marksistlar va boshqalar sifatvda tavsif-lanadi. Bunday tasnifning asosida, shubhasiz, mafkuraviy baholash ham yotadi. Shu sababli so‘z mafkuradan holi qilish haqida emas, balki g‘oyaviy-siyosiy oqimlar, yondashuvlar plyuralizmining qaror topishi, ularning yonma-yon yashashi va bir-biriga nisbatan ochiqligi haqida borishi lozim.



Zamonaviy siyosiy mafkuralar

Hozirgi dunyo - murakkab mafkuraviy ziddiyatlar dunyosi, undagi mafkuraviy poligonlar yadro poligonlariga qaraganda kuchliroq va xavfliroqdir. Bunday sharoitlarda mafkura sohasidagi g‘alabaning ahamiyati siyosat va iqtisodiyot sohasidagi g‘alabaning ahamiyatidan kam emas.

Hozirgi kunda progressiv mafkuralar xalqlarning milliy-madaniy va ma’naviy-axloqiy an’analariga, umuminsoniy qadriyatlarga va demokratik tamoyillarga, qudratli axborot texnologiyalariga asoslanmoqaa. Taraqqiyot, inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilinishi, gumanizm, yadrosiz dunyo, milliy va diniy murosa, mintaqaviy nizolarni bartaraf etish g‘oyalari ustuvor g‘oyalardir.

Biroq mafkuraviy vositalar yordamida o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga intiluvchi siyosiy kuch va harakatlar, shu jumladan, tajovuzkor millatchilik va shovinizm, neofashizm, irqchilik, diniy fanatizm va ekstremizm singarilar ham mavjud. XX asr oxiriga kelib yuz bergan tub ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar, ikki mafkuraning qarama-qarshi turishiga xos bo‘lgan ikki qutbli dunyoning yo‘q qilinishi, globallashuv jarayonlari va axborotga asoslangan jamiyatining shakllanishi dunyo­ning mafkuraviy manzarasiga butunlay o‘zgacha kiyofa baxsh etdi. YAngi «mafkuraviy makonni», millionlab odamlarning ongini egallab olish uchun bo‘layotgan kurash tobora dolzarb va ko‘p qirrali bo‘lib bormoqda. Shu munosabat bilan, nazarimizda, mafkurani siyosiy dunyoning ajralmas qismi sifatida o‘rganish siyosatshunoslikning dolzarb vazifasi bo‘lib qolaveradi.

Mafkuralar siyosat olamiga keng ko‘lamdagi e’tiqodlar to‘plamini olib kiradi. Insoniyat bunday “e’tiqod”larsiz yashay olmaydi, lekin aksariyat hollarda biz ulardan qaysi birini tanlashga ikqilanib qolamiz. Misol tariqasida quyidagi jumlalarga e’tiboringizni qarating:


  • “Men hech qachon o‘z shaxsiy erkinliklarimning hech qaysi bir qismini qurbon qilmayman”;

  • “Men uchun o‘z xavfsizligim va yurtim xavfsizligi har narsadan ustun, shuning uchun ham shaxsiy erkinliklarimning ma’lum qismini tinchlik va osoyishtalik yo‘lida qurbon qilishga tayyorman”;

  • “Siyosiy hokimiyat ishchi va dexqonlar qo‘lida bo‘lsagina jamiyatda tenglik va adolat hukm suradi”;

  • “qariyb ikki ming yil o‘z Vatanidan maxrum qilingan va barcha xalqlarning nafratiga uchrab kelgan yahudiylar teng huquqlilik asosida o‘z davlatiga ega bo‘lishlari lozim”, va hokazolar.

Margaret Tetcher va fon Xayek kabi erkin bozor iqtisodining tarafdorlari bozor munosabatlariga shaxs erkinligini olg‘a suruvchi yagona zamin sifatida qarashlari, iqtisodni oldindan rejalashtirish va davlatning intervensiya (aralashish) siyosati oxir-oqibatda majburlashga va o‘z navbatida shaxs erkinligiga tahdid soluvchi kuch sifatida tan olishlari mumkin. Bunga qarama-qarshi tarzda, hukumat intervensiyasining ashaddiy tarafdori davlatning aralashuv siyosatida daromadni individlar orasida eng adolatli yo‘sinda taqsimlanish sababi va mantiqni ko‘radi. Fashistlarning agressiv millatchilik va elitizm g‘oyalarini olg‘a surishlari o‘z-o‘zidan xalqlar va millatlar orasida tenglik sari intiluvchilarga qarata qattiq zarba bo‘ladi. Xuddi shu yo‘sinda, yuqorida e’tiboringizni jalb qilgan bir necha jumlalar va, o‘z navbatida, mafkuralar advokatlari bir-birlari bilan kelishishlari juda ham mashaqqatli kechadi.

Siyosiy mafkura zamon va makondan tashqarida bo‘lgan mavhum ruhiy hodisa emas. U muayyan tarixiy sharoit bilan bog‘liq, aniq ijtimoiy mazmunga ega bo‘lgan ma’naviy hodisadir.

Har bir tarixiy davr o‘ziga xos va o‘ziga mos mafkuraviy oqimlarni ilgari suradi. Bundan hozirgi zamon ham mustasno emas. U ham ko‘plab mafkuraviy oqimlarni ilgari surdi. Biz quyida hozirgi zamonning eng nufuzli mafkuraviy oqimlarini, jumladan, liberalizm, konservatizm, sotsial-demokratiya kabi ko‘rinishlariga qarab chiqamiz.

Oxirgi ikki-uch asrlar mobaynida eng yirik va keng tarqalgan mafkuraviy oqimlardan biri - liberalizm. Bu atama lotincha “liberalis” so‘zidan olingan bo‘lib, “erkin” degan ma’noni anglatadi.



Liberalizm XVII-XVIII asrlarda ma’rifatparvarlik g‘oyalari negizida tarix sahnasiga chiqib kelayotgan burjuaziya sinfining mafkurasi sifatida shakllandi. Bu mafkuraning asosiy qoidalari Jon Lokk, Tomas Gobbs, SHarl Lui Monteskyo, Adam Smit, Tomas Jefferson, Jon Styuart Mill va boshqalarning assarlarida asoslanib beriladi.

Liberalizm poydevorini shaxs erkinligi, uning barcha jamiyat institutlariga nisbatan eng oliy qadriyat ekanligi, shaxsning ham o‘z oldida, ham jamiyat oldida mas’ulligi, barcha kishilarning o‘zini o‘zi ro‘yobga chiqarish huquqini tan olishligi kabi tamoyillar tashkil etadi. Bu mafkura parlament tuzumining muhim siyosiy muammolarni hal etishda murosa-yu madora, kelishuvning tarafdoridir. U davlatning kengayib ketgan iqtisodiy va ijtimoiy funksiyalariga salbiy munosabatdadir.

Liberalizm hokimiyatning taqsimlanishi, siyosiy plyuralizm, elitalar raqobati, qonunning mutlaq ustuvorligini e’tirof etadi. U fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ta’minlashni o‘zining asosiy maqsadi, deb biladi. Mazkur mafkuraning barcha ko‘rinishlarida inson shaxsining individual erkinligi, qadr-qimmati, boshqa kishilarning qarashlari va e’tiqodlariga sabr-chidamli bo‘lishlik talablari doimo himoya qilinib kelinadi. Shaxs erkinligini hurmat qilish bilan bog‘lab liberalizm o‘zining g‘oyaviy ko‘rsatmalarida individualizm va insonparvarlik tamoyillarini uyg‘un ravishda mujassamlashtiradi.

Erkinlik tamoyili liberalizm tarafdorlari tomonidan davlat cheklashlaridan erkin bo‘lishlik sifatida talqin etiladi. Bu g‘oyani angliyalik mutafakkirlar Jon Lokk va Jon Styuart Mill yaxshi ifoda etadilar. Jumladan, Mill bu g‘oyani quyidagicha izohlaydi: “Inson o‘ziga nima kerakligini har qanday hukumatdan ham yaxshiroq biladi”.

Liberalizm tarafdorlari uchun erkinlik uchun kurash insonning iqtisodiy, jismoniy va intellektual erkinligi yo‘lidagi barcha to‘siqlarni, cheklashlarni tugatish uchun kurashni anglatadi. Ular hokimiyatni meros qilib qoldirishning barcha shakllariga va tabaqaviy imtiyozlarga qarshi chiqadilar. Bu ko‘rsatmalar negizida “davlat - tungi qorovul” degan g‘oya qaror topadi. Ushbu g‘oyaning mohiyati shundan iboratki, davlat faqat ijtimoiy tartibni qo‘riqlash va mamlakatni tashqaridan bo‘ladigan tahdiddan himoya qilishni ta’minlaydigan, kamroq bo‘lgan, eng kerakli vazifalar bilan ta’minlanishi darkor. Shuning uchun aynan liberalizmda fuqarolik jamiyatining davlat ustidan ustuvorligi g‘oyasi qaror topdi va amalga oshirilmoqda. Jumladan, J.Lokk fuqarolik jamiyati - bu doimiy birlamchi, davlat esa undan kelib chiquvchidir, deb ta’kidlab o‘tgan edi.

Liberalizm mafkurasi uchun shaxsning erkin rivojlanishi va o‘zini o‘zi tasdiqlash g‘oyasi xarakterli bo‘libgina qolmay, balki erkinlikning bozor talqinini xususiy tadbirkorlik erkinligi sifatida xarakterlash xosdir. Bu mafkura erkinlik va xususiy mulkning o‘xshashligiga asoslanadi. Unda xususiy mulk inson erkinligining kafolati va o‘lchovi sifatida qaraladi. Iqtisodiy erkinlikdan siyosiy va fuqarolik erkinligi kelib chiqadi.

Iqtisodiy nazariyada liberalizm tadbirkorlik, bozor va raqobat erkinligini targ‘ibot va tashviqot etadi. Shu bilan birga, mazkur mafkuraning tarafdorlari shaxsni bozor tizimiga amal qilishning salbiy oqibatlaridan saqlashni hukumatning vazifasi deb biladilar.

Mumtoz liberalizmning g‘oyalari anglo-sakson mamlakatlarida, avvalo AQSHning siyosiy va iqtisodiy amaliyotida o‘zining to‘liqroq gavdalanishini topdi. AQSHda individualizm jamiyat tuzilishining bosh tamoyili sifatida qaraladi. Mustaqillik va o‘zining kuchiga tayanish, raqobat erkinligi - Amerika turmush tarzining asosiy g‘oyaviy ustunlaridir.

Mafkuraning har qanday ko‘rinishi o‘zgarmasdan qola olmagani kabi liberalizm ham o‘zgarishlardan chetda qolmadi. U ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning ta’siri ostida XX-asrning 30-yillarida neo-liberalizmga aylandi. Bu yangi mafkuraviy oqimning paydo bo‘lishini tadqiqotchilar AQSH prezidenti Franklin D.Ruzveltning “YAngi yo‘l” siyosati bilan bog‘laydilar.

AQSH prezidenti liberalizm mafkurasiga asoslangan siyosatga bir qator muhim tuzatishlar (aniqrog‘i, o‘zgartishlar) kiritadi. Bu tuzatishlar davlatning iqtisodiy va sotsial rolini qaytadan ko‘rib chiqish bilan bog‘liq edi. Neo-liberalizm tarafdorlari davlatning iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishi, faol ijtimoiy siyosatni olib borishi zarurligini tan oladilar. Ular ijtimoiy adolatni o‘rnatishni, monopoliyalar hokimiyatini cheklashni, moddiy boyliklarni soliq tizimi va davlatning ijtimoiy dasturlari orqali jamiyatning quyi qatlamlari foydasiga qayta taqsimlashni yoqlab chiqadilar. Neo-liberallar siyosiy dasturining negizini boshqaruvchi va boshqarilayotganlarning o‘zaro kelishuvi, siyosiy jarayonda ommaning ishtirok etishi zarurligi, siyosiy qarorlarni qabul qilish amaliyotini demokratlashtirish tashkil etiladi.

Liberalizm G‘arb mamlakatlari demokratiyasining asosidir. Bu mafkura bayrog‘i ostida AQSHda “oqilona davlat”, “yashil farovonlik davlati” kabi modellar yaratilgan. Bugungi kunda neo-liberalizm AQSH Demokratik partiyasi va boshqa demokratik mamlakatlardagi siyosiy partiyalar faoliyatining g‘oyaviy-nazariy negizi bo‘lib qolmoqda.

Hozirgi zamonning eng yirik mafkuraviy oqimlaridan yana biri - konservatizm. Ushbu atama lotincha “konservare” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, u saqlash, qo‘riqlash kabi ma’nolarni beradi.



Konservatizm XVIII-asrda dunyoviy va cherkov feodallari, kelajak oldida xadiksiragan turli ijtimoiy qatlamlar manfaatlarining ifodachisi, liberalizmning qoralovchisi, Xudo tomonidan o‘rnatilgan tartiblarning buzilmasligi g‘oyasining ilgari suruvchisi sifatida yuzaga keldi. Uning asosiy qoida va tamoyillari ingliz mutafakkir va siyosatdoni Edmund Berk, fransuz jamoat arboblari J. de Mestr va L. de Bonald tomonidan asoslab beriladi. Bu qoidalarning negizida tabiiy ravishda qaror topgan narsalar tartibining buzilmasligi, oila, millat, din, tabaqaviy bo‘linishi bilan bog‘liq bo‘lgan an’anaviy qadriyatlarni saqlab qolish g‘oyasi yotadi. Ana shundan kelib chiqib, konservatorlar ijtimoiy taraqqiyotda yangiliklarga nisbatan vorislikning ustuvorligini yoqlab chiqadilar. Ularning fikricha, siyosiy tamoyillarni urf-odatlarga, milliy an’analarga, qaror topgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy institutlarga moslashtirish lozim. Ularda zinapoya tarzidagi ijtimoiy tuzilishning yuqoridan o‘rnatilganiga hech qanday shubha yo‘q, va shuning uchun uni inson tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi. Binobarin, tenglik tamoyili inson tabiatiga zid keladi va uni jamiyat tuzilishining negiziga qo‘yib bo‘lmaydi.

Konservatorlar har doim elitarizm bilan bog‘liq bo‘lgan “haddan tashqari demokratizm”ga qarshi chiqadilar.

Tarixiy taraqqiyot natijasida konservatizm ham, liberalizm singari, muhim o‘zgarishlarga yuz tutdi. U burjua munosabatlari qaror topishi bilan yirik kapital manfaatlarini himoya qiluvchi g‘oyaga aylandi. Konservatorlar ham, liberallarga o‘xshab, bozor, raqobat erkinligi ta’minlanishini, iqtisodiyotga davlatning aralashishini cheklashni talab qildilar.

XX-asrning 70-yillarida konservatizm tarixida yangi faza - neo-konservatizm (D.Bell, Z.Bjezinski, N.Kristoll, A.Xayek) boshlanadi. Bu yangi oqimning paydo bo‘lishini tadqiqotchilar Buyuk Britaniyada Margaret Tetcher boshchiligida Konservatorlar (1979y.), AQSHda Ronald Reygan boshchiligida Respublikachilar (1981y.), GFRda Gelmut Kol boshchiligida XDS-XSS bloki (1980y.) hokimiyatga kelishlari bilan bog‘laydilar.

Neo-konservatizmning qaror topishi tasodifiy emas. U asosan neo-liberalizm va sotsializmga qarshi turish maqsadida shakllandi. Neo-liberalizm davlatning iqtisodiy faoliyatga aralashishi zarurligini tan oldi va davlat ijtimoiy dasturlarining rivojlantirishini qo‘llab-quvvatladi. Neo-konservatizm esa iqtisodiyotga aralashishning cheklanishini talab qilib chiqdi.

Anti-etatizm, davlatning ijtimoiy vazifalarini cheklash - neo-konservatizm g‘oyaviy-siyosiy ko‘rsatmalarining belgilovchi alomatidir. Neo-konservatorlar qarashlariga ko‘ra, “kamroq aralashadigan, kamroq boshqaradigan hukumat eng yaxshi hukumatdir”.

Neo-konservatorlar aholining kam ta’minlangan qatlamlari foydasiga resurslarni qayta taqsimlash maqsadida yirik kapitalga solinayotgan soliqlarga qarshi chiqadilar. Ular teng taqsimlashning ashaddiy dushmani sifatida davlatning ijtimoiy dasturlarini qisqartirishni talab qiladilar. Ularning fikricha, hozircha davlat kishilar uchun natijalar tengligini emas, balki imkoniyatlar tengligini yaratib berishi zarur! “Davlat sog‘in sigir emas. Davlatning “sog‘iladigan sigir”ga aylanishi insonni buzadi, ishdan chiqaradi; har bir kishi o‘z faoliyatida davlatga emas, balki o‘zining kuchiga hamda o‘zining yaqinlari va hamfuqarolariga tayanishi darkor.

Shunday qilib, konservatizm mafkurasida oila, din, axloq, ayrim ijtimoiy guruhlarning imtiyozli o‘rni xaqidagi eski davrning odat va qadriyatlari yangi, burjua munosabatlari davrining qadriyatlari - individualizm, bozor erkinligi kabi g‘oyalar bilan chambarchas bog‘lanib ketadi. Bu mafkura liberalizm bilan qarama-qarshi turib, G‘arb mamlakatlarining ommaviy ongiga katta ta’sir o‘tkazadi.

Zamonamiz hayotida etarli darajada keng ko‘lamli ta’sirga ega bo‘lgan mafkuraviy oqimlardan biri sotsial-demokratiyadir. Bu mafkura asosan markazda turuvchi kuchlarning siyosiy doktrinasi hisoblanadi.

Sotsial-demokratiya oqimi XIX-asrning oxirida nemis mutafakkir va jamoat arboblari K.Kautski hamda E.Bernshteyn tomonidan asoslab berildi. Ushbu mafkuraga binoan, yangi jamiyatga sinfiy kurash orqali, inqilobiy yo‘l emas, balki tinch, evolyusion yo‘l bilan - burjua jamiyatini asta sekin isloh qilish bilan o‘tiladi. Sotsial-demokratlar bu ko‘rsatmalarni amalga oshirishni davlatni jamiyat iqtisodiy hayotiga faol aralashishni, daromadlarni ehtiyojmand kishilar foydasiga qayta taqsimlash, iqtisodiyotning davlat sektorini va ko‘plab davlat ijtimoiy dasturlarini rivojlantirish bilan bog‘laydilar.

Sotsial-demokratiya - ijtimoiy adolat va ijtimoiy hamkorlikka asoslanuvchi siyosiy yunalish bo‘lib, u jamiyatda turli-tuman guruhlarning tinch-totuv va ahil hayot kechirishi, millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik tarafdori, tashqi siyosatda esa boshqa mamlakatlar bilan teng huquqli hamkorlik tarafdoridir.

Sotsial-demokratiya ijtimoiy va madaniy muhitni muhofaza qilish, insonning ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlash, mustaqil va erkin shaxsni rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy munosabatlar tizimini ko‘zda tutadi. Sotsial-demokratiya mehnat qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan aholi uchun teng imkoniyatlar yaratish, aholining ehtiyojmand qismi uchun esa mehr-muruvvat ko‘rsatish, barcha aholi uchun esa ijtimoiy muhofaza va sifatli turmush tarzini ta’minlashni ko‘zda tutadi.

Sotsial-demokratiya mafkurasining asosiy negizini ijtimoiy muhofaza tashkil etadi. Ijtimoiy muhofazaning bosh maqsadi insonning turmush va bozor alg‘ov-dalg‘ovlaridan himoya qilishdir. U mehnatni muhofaza qilishning samarali mexanizmlarini joriy etishni ko‘zda tutadi. Sotsial-demokratiyada insoniy mehr-oqibat markaziy o‘rin tutadi. U bugungi kundagi eng zarur qadriyatlardan biridir. Ushbu mafkura dunyo mamlakatlari, xususan Evropa mamlakatlari tajribasida sinovdan muvaffaqqiyatli o‘tgan bo‘lib, hozirgi zamonaviy jamiyatlar taraqqiyoti yo‘lida o‘zining har tomonlama samarali ekanligini ko‘rsatmokda.

Dunyoda sotsial-demokratik yunalishdagi 80 dan ortiq siyosiy partiya va harakatlar mavjud bo‘lib, ular 17 mlnga yaqin odamni o‘z saflariga birlashtirgan. Ushbu partiya va harakatlarning ko‘pchiligi Sotsialistik internatsional (Sotsintern)ga birlashganlar. Hozirgi kunda ko‘pgina mamlakatlarda sotsial demokratlar hokimiyat tepasida ekanligini, xususan aksariyat Evropa mamlakatlarida sotsial-demokratlarning mavqei juda baland ekniligini ko‘rishimiz mumkin. Dunyo tajribasi ushbu mafkuraning hayotiyligini va progressiv xarakterda ekanligini yaqqol tasdiqlaydi.

Jahonda sotsial-demokratiya mafkurasi negizida turli-tuman “sotsializm modellari” shakllandi. Bular ichida shved va nemis modeli ahamiyatga molik. Germaniya va SHvetsiyada sotsial-demokratik partiyalar boshqaruvi davrida hayotning yuqori sifatiga erishildi.

Ammo, 1970-yillarning oxiriga kelib bu mamlakatlarning iqtisodiyotida davlat monopoliyasi va byurokratizm, xususiy tadbirkorlik uchun rag‘batlantirishning pasayishi bilan bog‘liq bo‘lgan negativ tendensiyalar kuchaydi. Bunday tendensiyalar ushbu mamlakatlarning taraqqiyot sur’atlarining pasayishiga olib keldi. Natijada, sotsial-demokratlar ko‘pchilik saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi va hokimiyatni konservativ mafkura vakillariga topshirishga majbur bo‘ldilar. 90-yillarning oxiriga kelib, sotsial-demokratlar saylovlarda g‘alaba qozonib, yana hokimiyatni konservatorlardan qaytarib oldilar.

Shunday qilib, sotsial-demokratiya hozirgi zamonning eng ta’siri yuqori mafkuralaridan biridir. U ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish yo‘li bilan jamiyatni rivojlantirishni va xalqning farovonligiga erishishni ko‘zda tutadi.

YUqoridagi mafkuralar bilan birga bir qator mafkuralar ham borki, ularni amaliyotga tatbiq etish jamiyat rivojlanishiga u yoki bu darajada salbiy rol o‘ynashi mumkin. Bunday mafkuralar qatoriga natsionalizm, kommunizm, anarxizm, fashizm, diniy fundamentalizm kabilarni kiritishimiz mumikn.


Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə