Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida bozor munosabatlariga asoslangan milliy iqtisodiyot barpo etildi



Yüklə 4,75 Mb.
səhifə223/234
tarix31.12.2021
ölçüsü4,75 Mb.
#82376
1   ...   219   220   221   222   223   224   225   226   ...   234
Узбекистон иктисодиёти lat

25.4. O‘zbekiston va Markaziy Osiyo
O‘zbekiston uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega, chunki ko‘p yillik tarixiy rivojlanish davomida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida mustahkam hamkorlik munosabatlari shakllangan. Mamlakatlar iqtisodiyoti asosiy tarmoqlarining o‘xshashligi, ularning yaxlit hududiy birlikka ega ekanligi, suv va energetika manbalarining yagonaligi va ulardan birgalikda foydalanish zarurati, yagona transport va kommunikatsiya tizimining mavjudligi, ekologik muammolarning o‘xshashligi mintaqa respublikalari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning doimiy bo‘lishini ta’minlaydi. Mintaqa xalqlarining diniy, madaniy, til, urf-odat, an’ana va ma’naviy-psixologik birligi esa hamkorlik aloqalarining yanada chuqurroq va har tomonlama bo‘lishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bugungi kunga kelib iqtisodiyotda bozor munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va jahon xo‘jalik tizimida munosib o‘rinni egallash masalasi Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy, ma’naviy va intellektual salohiyatlarini birlashtirishni taqozo qilmoqda.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda mustaqillikning dastlabki yillaridanoq Markaziy Osiyo respublikalari davlat rahbarlari tomonidan o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirildi. O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida 1994-yil aprelda yagona iqtisodiy hududni barpo etish to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi bu borada qo‘yilgan jiddiy amaliy qadam bo‘ldi. Shartnoma tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining mintaqa bo‘ylab erkin harakatini ta’minlashi, kelishilgan soliq, budjet, narx, bojxona va valuta siyosatini yuritishga xizmat qilishi lozim edi. 1996-yil 5-aprelda yoqilg‘i-energetika va suv resurslaridan birgalikda foydalanish, mintaqada gaz quvurlarini qu­rish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. 1998-yil 26-martda Tojikiston yagona iqtisodiy hudud to‘g‘risidagi shartnomaning to‘laqonli a’zosiga aylandi.

O‘sha yili ushbu «to‘rtlik», «Markaziy Osiyo iqtisodiy hamdo‘stligi» tashkilotiga asos soldilar. Bu tashkilot doirasidagi vazifalarni hal etish uchun Davlatlararo Kengash, Bosh vazirlar, tashqi ishlar vazirlari, mudofaa vazirlari Kengashi, tashkilotning ichki organi – Ijroiya qo‘mita kabi institutsional tuzilmalar tashkil etildi. A’zo davlatlarning ulushlari hisobiga Markaziy Osiyo banki barpo etildi.

Mintaqaviy integratsiya mexanizmlarini tashkillashtirish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida 2002-yil 28-fevralda «Markaziy Osiyo iqtisodiy hamdo‘stligi» tashkilotini «Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti (MOHT)»ga aylantirish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. MOHT keng ko‘lamdagi masalalarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan mintaqaviy forumga aylandi.

Ma’lumki, muayyan hududda integratsion jarayonlar amalga oshayotganligini, mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning intensivligini ko‘rsatadigan ikkita muhim ko‘rsatkich mavjud:

Birinchisi – mamlakatlar o‘zaro tashqi savdo aylanmasi hajmi, ikkinchisi – o‘zaro tovar aylanmasining mamlakatlar yalpi ichki mahsulotidagi ulushi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatlarning bir-biriga nisbatan ochiqlik darajasini yoki bo‘lmasa, mamlakatlarning bir-biriga bog‘liqlik darajasini ifodalaydi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan o‘zaro tashqi savdo aylanmasi global iqtisodiy jarayonlar sharoitida o‘zgarib bormoqda. Masalan, mintaqa davlatlarining mamlakatimiz jami eksport hajmidagi ulushi 2000-yilda 8,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2016-yilga kelib 12,0 foizga teng bo‘ldi. Shuningdek, mintaqa davlatlarining mamlakatimiz jami import hajmidagi ulushi 2000-yilda 8,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2016-yilga kelib 9,2 foizga teng bo‘ldi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarida Qozog‘iston sezilarli rol o‘ynaydi. Ammo Tojikiston va Qirg‘iziston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarning ko‘lami kichkina hisoblanadi. Bu mintaqa mamlakatlari o‘zaro bozor aloqalarini jadallashtirishi lozimligini ham bildiradi. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zaro bir-birlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan sezilarli manfaat ko‘radi.

Birinchidan, respublikamizning geografik joylashuvi, suv yo‘llaridan uzoqlik, uzoq xorij mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarda transport xarajatlari bilan bog‘liq muammoni keltirib chiqaradi. Bu esa, tovar tannarxi va uning raqobatbardoshlik darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qo‘shni mamlakatlar bilan savdo aloqalarini, ayniqsa, chegaraoldi savdo-sotig‘ini rivojlantirish esa katta transport xarajatlarini talab qilmaydi. Buning ustiga tashqi savdoda preferensial imtiyozlarni ham hisobga oladigan bo‘lsak, samara yanada yuqori bo‘ladi.

Ikkinchidan, mintaqa mamlakatlarida bir turdagi tovarlarni katta miqdorda ishlab chiqarish imkoniyatlari mavjud. Gaz, neft, ko‘mir, oltin, paxta, meva, sabzavot mintaqadagi davlatlarning deyarli barchasida ishlab chiqariladi. Ana shu tarmoqlarda mahsulot miqdori va sifatini belgilash bo‘yicha kelishuvlarga erishish, bu mahsulotlarni qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha yagona siyosatni yuritish katta foyda beradi. Agar mintaqa mamlakatlari tashqi bozorga alohida-alohida chiqsalar, ular o‘zaro raqobatchilarga aylanadilar. Ularning birgalikda tashqi bozorga chiqishi mamlakatlar iqtisodiyotining tashqi bozor konyunkturasiga bog‘liqligini pasaytiradi va tovarlar raqobatbardoshligini oshiradi.

Uchinchidan, savdo aloqalarining rivojlanishi mintaqadagi boshqa integratsion aloqalarga asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Bu jarayonlar bosqichma-bosqich erkin savdo zonalari, bojxona ittifoqlari, umumiy bozor va yagona iqtisodiy hudud shakllanishiga ijobiy ta’sir o‘tkazishi tayin edi.

To‘rtinchidan, mintaqa doirasida tovar va xizmatlar, mehnat umumiy bozorlarining shakllanishi, qo‘shma korxonalar, birlashmalar, firmalar tuzish imkoniyatini kengaytiradi, natijada samarali xo‘jalik aloqalari vujudga keladi, o‘zaro ayirboshlash hajmi, mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligi oshardi. Afsuski, mintaqaviy integratsiyaning bu afzalliklaridan foydalanish samarasi hali ancha past. Bu borada foydalanilmayotgan imkoniyatlar juda katta.



Yüklə 4,75 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   219   220   221   222   223   224   225   226   ...   234




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə