Navoiy innovatsiyalar instituti «tasdiqlayman» Navoiy innovatsiyalar instituti rektori


Ona tilidan o‘yin-topshiriq darslari



Yüklə 0,73 Mb.
səhifə55/135
tarix22.12.2023
ölçüsü0,73 Mb.
#154396
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   ...   135
Navoiy innovatsiyalar instituti «tasdiqlayman» Navoiy innovatsiy-fayllar.org

Ona tilidan o‘yin-topshiriq darslari. Ona tili mashg‘ulotlari shunday qurilmog‘i lozimki, har bir o‘rganiladigan til hodisasi o‘quvchi e’tiborini o‘ziga qaratsin, uni ijodiy faoliyat ko‘rsatishga undasin, o‘zligini namoyish etish imkoniyatini yaratsin. Bunga ta’limning noan’anaviy usullaridan unumli foydalanish, ayniqsa, ta’limiy o‘yinlarni qo‘llash orqali erishiladi.
Ta’limiy o‘yinlar o‘quvchilarni ijodiy faoliyat ko‘rsatishga, o‘rganilayotgan til hodisalarining mohiyatini anglab, mustaqil fikrlashga va xulosalar chiqarishga, har bir o‘quvchiga o‘zligini namoyish etish, o‘z fikr va mulohazalarini erkin bayon etib, o‘z nuqtayi nazarini himoya qilishiga keng imkoniyat yaratadi. Tezkorlik, sezgirlik, topqirlik, qat’iylik, o‘quv qiyinchiliklarini mustaqil yengish, boshlangan ishni nihoyasiga yetkazish kabi fazilatlarni tarkib toptirish ta’limiy o‘yinlar orqali amalga oshiriladi.
Ta’limiy o‘yinlarning boshqa o‘yin turlaridan tub farqi shundaki, bola bu jarayonda ishtirok etish orqali bilim oladi, egallagan ko‘nikma va malakalarini kengaytiradi. Tilga oid o‘yin-topshiriqlar ham boshqa fanlardan tashkil etiladigan ta’limiy o‘yinlar singari, avvalo, muayyan maqsadga qaratilgan vazifani bajaradi. Bu vazifalar o‘quvchini bilim, ko‘nikma va malakalar silsilasi bilan qurollantirishni nazarda tutadi. Modomiki shunday ekan, demak, o‘qituvchi o‘quvchilarni belgilangan vazifani bajarishga undaydi, yo‘naltiradi. Bu jarayon o‘quvchidan oldin egallagan bilimlarni xotirada tiklashni, zaruriyat tug‘ilganda uni yangi sharoitda qo‘llay olishni, o‘zida mavjud bo‘lgan barcha imkoniyatlarni ishga solishni talab etadi.
Ta’limiy o‘yinda harakat usuli ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘yin harakati o‘quvchilarning diqqatini o‘ziga tortishi bilan birga, ularni tez faoliyat ko‘rsatishga ham undamog‘i darkor. Chunki bellashayotgan o‘quvchilardan yoki muayyan guruhlardan tezkorlik, sezgirlik, chaqqonlik talab etiladi. Shuni unutmaslik lozimki, faqat harakat usulidan xabardor o‘quvchigina o‘yin shartini to‘g‘ri bajarishga yo‘l topadi.
Ta’limiy o‘yin hamma vaqt belgilangan qoidaga bo‘ysunadi. Shubhasiz, bu qoidalar o‘yin-topshiriqning shartida o‘z ifodasini topadi. O‘yin qoidasiga qat’iy amal qilish uni muvaffaqiyatli bajarishning asosiy shartidir.
Ma’lumki, ta’limiy o‘yindan ko‘zlangan maqsad uning natijasida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun musobaqadoshlar ishning yakunida nimaga erishishlari mumkinligini aniq bilishlari kerak.
Dars jarayonida tashkil etiladigan ta’limiy o‘yinlarning asosiy maqsadi o‘quvchilarni zerikish va toliqishdan saqlashdir. Shuni yodda tutmoq lozimki, o‘yin orqali singdirilgan bilim o‘quvchi xotirasiga mustahkam o‘rnashib qoladi va bu bilimlarni u har qanday tanish va notanish sharoitda ishga sola oladi.
Ona tilidan o‘quvchilarga beriladigan o‘yin-topshiriqlarni murakkablik darajasiga ko‘ra, asosan, uch turga ajratish mumkin:
1) qayta xotirlashga asoslangan o‘yin-topshiriqlar;
2) qisman ijodiy o‘yin-topshiriqlar;
3) ijodiy o‘yin-topshiriqlar.
Qayta xotirlashga asoslangan o‘yin-topshiriqlar o‘quvchidan hech qanday ijodiylikni, egallagan bilimlarini yangi sharoitda qo‘llashni, yaratuvchanlikni talab yetmaydi. Bunday o‘yin-topshiriqlarni bajarish o‘quvchiga katta murakkablik ham tug‘dirmaydi. Oldin o‘rganilgan mavzular va bo‘limlar yuzasidan muayyan bilimga ega bo‘lgan o‘quvchi bunday topshiriqlarni bemalol bajarishi mumkin. Chunonchi, fonetika bo‘limidan unli va undosh tovushlar o‘rganilgach, muayyan bir tovush juftlari bilan farqlanuvchi (masalan, i-u, o-a, u-u, i-e va h.k.) tovushdosh so‘zlar hosil qilish yuzasidan musobaqa tashkil etilishi mumkin. O‘quvchilar oldingi mashg‘ulotda shu tovush juftlari asosida so‘zlar hosil qilganligi tufayli bu o‘yin-topshiriqni qiynalmay bajara oladilar.
Qisman ijodiy o‘yin-topshiriqlar o‘quvchidan ma’lum bir yordamga asoslangan holda ijodiy faoliyat ko‘rsatishni talab etadi. Ta’limiy o‘yinning qisman ijodiy bo‘lishi o‘quvchilarning bilim saviyasiga bog‘liq. Agar o‘quvchi oldin egallangan bilimlarni yangi sharoitda, tom ma’noda notanish sharoitda qo‘llashda o‘zida ishonch sezsa va uni bemalol uddalay olsa, topshiriqning qisman ijodiyligiga ehtiyoj qolmaydi. Topshiriq shartini bajarish uchun o‘quvchi tashqaridan (masalan, sinfdoshlaridan, o‘qituvchisidan, darslik va o‘quv qo‘llanmasidan, lug‘atlardan, ma’lumotnomalardan va h.k.) yordam olsa, o‘z-o‘zidan ravshanki, topshiriq qisman ijodiy bo‘lib qoladi. Buning uchun o‘qituvchi o‘quvchilarning o‘quv imkoniyatlarini aniq bilishi va topshiriq shartini bajarish uchun ularga qanaqa yordam zarurligini belgilay olishi kerak.
Ijodiy o‘yin-topshiriqlar oldin egallangan bilimlarni tamomila yangi sharoitda qo‘llash demakdir. Shubhasiz, bu jarayon o‘quvchidan ijodiylikni, izlanuvchanlikni talab etadi. O‘yin-topshiriqni bajarishda o‘quvchi faqat o‘zida mavjud ichki imkoniyatlarga tayanadi, xolos.
Biz ona tilidan tashkil etiladigan o‘yin-topshiriqlarni qay maqsadga yo‘naltirilganligiga qarab:
1) lisoniy bilimlarni puxta o‘zlashtirishga qaratilgan o‘yinlar;
2) o‘quvchilarning so‘z boyligini oshirish va nutqini rivojlantirishga qaratilgan o‘yinlar kabi ikkita guruhga ajratdik.
Ona tilining qonun-qoidalari, tushunchalari va ta’riflarni puxta o‘zlashtirishga qaratilgan o‘yin-topshiriqlar lisoniy o‘yin-topshiriqlar sirasiga kiradi. Bunday o‘yinlarni tashkil etishda o‘qituvchi o‘quvchilarning aqliy faoliyati usullari: kuzatish, taqqoslash, guruhlash, umumlashtirish kabilarga tayanib ish ko‘radi. Bu usul til hodisalarini bilishning induktiv usuli bo‘lib, asosiy zaruriy qoida va ta’riflar yuqorida tilga olingan aqliy faoliyat usullari qo‘llanilganidan so‘ng chiqariladi.
Ona tilidan tashkil etiladigan o‘yin-topshiriqlarning asosiy qismini o‘quvchilarning so‘z boyligini oshirish va nutqini rivojlantirishga qaratilgan o‘yinlar tashkil etadi. Zero, «Maktabda ona tili o‘qitishning bosh maqsadi,–deb qayd etiladi «O‘zbek maktablarida ona tili ta’limi Кonsepsiyasi»da,–o‘quvchilarda mustaqillik, ijodiy fikrlash, fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishdan iborat». Ona tili ta’limining ana shu maqsadidan kelib chiqadigan bo‘lsak, til mashg‘ulotlaridan tashkil etiladigan o‘yin-topshiriqlar ham, birinchidan, o‘quvchilarning so‘z zaxirasini oshirish, so‘zdan nutqda to‘g‘ri va o‘rinli foydalanish, ko‘rgan, eshitgan, kuzatgan, bilgan narsalarni og‘zaki va yozma shakllarda ixcham, to‘g‘ri va ravon ifodalay olish, nutqda o‘zbek adabiy tilining boy ifoda vositalarini ishga sola bilishga xizmat qilmog‘i lozim.
Modomiki shunday ekan, ona tilidan tashkil etiladigan ta’limiy o‘yinlarning o‘ziga xos xususiyati lisoniy vazifa bilan nutqiy vazifaning o‘zaro uyg‘unligidadir. Lisoniy vazifa til hodisalarini kuzatish, ularni o‘zaro taqqoslab, o‘xshash va farqli tomonlarni aniqlash, umumlashtirishlar asosida qoida va ta’riflar chiqarish kabilarda namoyon bo‘lsa, nutqiy vazifa so‘zning ma’nosini sharhlash, nutqiy sharoitda uning o‘z va ko‘chma ma’noda qo‘llanganligini aniqlash, ma’lum bir so‘z o‘rnida shu ma’noni ifodalovchi boshqa so‘zni qo‘llash, gap yoki matnning mazmunini saqlagan holda shaklini o‘zgartirish kabilarda namoyon bo‘ladi. Darsda qo‘llaniladigan o‘yin-topshiriqlardan biri lisoniy malakalarni shakllantirishga qaratilsa, keyingisi nutqiy vazifani ko‘zlaydi. Ularning o‘zaro uyg‘unligi til hodisalarining mohiyatini anglab, uni amaliy ko‘nikma va malakaga aylantirishga keng yo‘l ochadi.
Ba’zan bir topshiriq shartida ham lisoniy, ham nutqiy vazifa qo‘yilishi mumkin. Masalan, berilgan so‘zlar sirasini davom ettirish, bu so‘zlar orasidagi o‘xshash tomonlarni aniqlash hamda hosil bo‘lgan so‘zlarga ma’nodoshlar topish, shu so‘zlarni qatnashtirib, gaplar tuzish kabilar lisoniy vazifa bilan nutqiy vazifaning bir yaxlitlik hosil qilishi namunasidir. O‘yin-topshiriq shartida avval nutqiy vazifa, keyin lisoniy vazifa qo‘yilishi mumkin. Bunday hollarda qoida, xulosa va ta’riflar bajarilgan nutqiy vazifalar asosida yuzaga chiqadi. O‘quvchi nutq birliklarini tahlil qilish asosida til birliklari xususida umumiy xulosaga keladi. Hozirgi zamon til ta’limi ko‘proq ana shu usulning samarali ekanligini ko‘rsatmoqda.
Ona tilidan o‘yin-topshiriqlarni tuzishda «til+me’yor+nutq mutanosibligi» prinsipiga qat’iy amal qilinsa, mashg‘ulotlarning samaradorlik darajasi ancha yuqori bo‘ladi. Bundan tashqari, ta’limiy o‘yinlarni tanlashda hamda ulardan foydalanishda o‘quvchilarning yosh xususiyatlari, mustaqil ishlash darajasi, bilim saviyasi va o‘qish ishtiyoqini kuchaytirishga qaratilganligi, tarbiyaviy maqsadlarni ko‘zlaganligi, o‘quvchilardagi faollik, tashabbuskorlik, sezgirlik, topqirlik, bilimdonlik, izlanuvchanlik kabi xususiyatlarni shakllantirishga yo‘naltirilganligi kabilarga qat’iy amal qilinadi.
Ta’limiy o‘yinlarni tanlashda har bir sinfning o‘quv imkoniyati, o‘quvchilarning o‘ziga xos xususiyatlari, o‘rgatilayotgan til hodisasining maqsadi kabilar hisobga olinadi. Chunki ma’lum bir sharoitda yaxshi natija bergan o‘yin, o‘zga sharoitlarda ijobiy samara bermasligi mumkin. Ta’limiy o‘yinlarni tanlash va tashkil qilishda, shuningdek, o‘yin-topshiriqlar tuzishda o‘qituvchining pedagogik tayyorgarligi, mahorati, metodik saviyasi, o‘yinga bo‘lgan shaxsiy munosabat va izlanishlari alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘yin-topshiriqlardan namunalar keltirib o‘tamiz:

Yüklə 0,73 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   ...   135




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə