O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti



Yüklə 150,21 Kb.
səhifə17/34
tarix27.03.2023
ölçüsü150,21 Kb.
#103291
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   34
402. Shukurova S. BMI

Qizil yoki jipek jigde – yuz foiz paxtadan ishlangan bo‘lib, 19-asrning oxirlarida paydo bo‘lgan va 20-asrning dastlabki o‘n yilliklarida tobora ommalashib borgan. Uning to‘qilishi o‘zbeklarning alocha matosiga o‘xshab ketadi, faqat matoning ranggi va unga tushirilgan qizil, qora va oq chiziqlari alochadan farqlanadi. Jipek jigdening yoqa qismiga asosan, qizil, qora va yashil ranglardan iborat bo‘lgan kashtalar tushiriladi.
Oq jegde – ingichka paxta matosidan qilingan bo‘lib, dastlab qo‘lda tikilgan. Paxta ipini qattiq bo‘lishi va sarg‘ish kulrang tusini olishi uchun uni avval jo‘xori yormasi bilan suvda qaynatishgan. Keyinchalik esa oq jigde tijorat mashinasida ishlab chiqarilgan oq paxta matosidan tayyorlangan bo‘lib, butun yuzasi, orqa va yenglari bilan birga geometrik naqshlar bilan bezatilgan. Odatda kashtado‘zlik bezaklari qanchalik murakkab bo‘lsa, egasining maqomi shunchalik yuqori bo‘lgan. Shuning uchun ham oq jegdeni o‘ttiz yoshdan ellik yoshgacha bo‘lgan ayollar suvli kiymeshek yoki oq salla ustidan yopishgan.
Kempir jegde – boshqa jegdelarga qaraganda oddiy bezaklarga ega bo‘lgan va faqat yoqa qismiga soddaroq kashta tushirilgan. Uning yuza qismi tekis bo‘lgan ya’ni hech qanday kashta tushirilmagan, mato holaticha qoldirilgan.
Qoraqalpoqlar xalq madaniyatiga xos bo‘lgan kiymeshek – sochlar va tananing ustki qismini qoplaydigan, ammo yuzini ochiq qoldiradigan ayollarning bosh pardasi hisoblanadi. Kiymeshek so‘zi so‘zma-so‘z tarjima qilinganda, “kichkina kiyim” degan ma’noni anglatib, ximar so‘zidan kelib chiqqan ekan. U har doim mos keluvchi salla bilan taqilgan bo‘lib, old va orqa qismlari uchburchak shaklda bo‘lgan. Kiymeshekning ikkita asosiy turi mavjud bo‘lgan:
a) konservativ ravishda geometrik naqshlar bilan bezatilgan, qo‘pol oq matodan yoki paxta matosidan tikilgan oq rangli kiymeshek;
b) zanjirli naqshlar bilan bezatilgan, fabrikada ishlab chiqarilgan qizil va qora jundan tikilgan kiymeshek. Bunday kiymesheklar asosan gulli bo‘lib, zumorfik naqshlar bilan bezatilgan.
Kiymeshekning ushbu birinchi turi eng qadimgi turlaridan hisoblanib, 19-asrning birinchi yarmidan urfda bo‘lgan. Uni ellik yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan keksa yoshli ayollar kiygan. 19-asrning oxiri 20-asrning boshlarida esa sekin modadan chiqa boshlagan.
Ikkinchi turi esa qoraqalpoq kelinining to‘y liboslaridan bir qismi hisoblanib, 19-asrning oxirlarida urfda bo‘lgan va 1930-yillarning o‘rtalariga qadar kiyilgan. O‘sha davrda qizlar 15 yoshga kelib turmushga uzatilganligi bois, ularga yoshligidanoq hunarmandchilik sohasi kattalar tomonidan o‘rgatilgan. Shu bois ham qizlar turmush yoshiga yetguniga qadar o‘zlarining to‘y liboslarini o‘zlari tikishgan. To‘y libosi beshta asosiy qismdan iborat bo‘lgan: oltin kiymeshek, ko‘ylek, oltin jegde, oltin tur’me va zarli gewish. Ushbu liboslarning dastlabki uchtasini qizning o‘zi tayyorlagan. Ushbu kiyimlarni tayyorlash jarayonida matoga turli naqshlar berib to‘qish ularning qay darajada chevar ekanligini baholab bergan. Kiymesheklar har kuni emas, balki to‘y va boshqa rasmiy yoki bayram tadbirlarida kiyilgan. Shu sababli ham avloddan avlodga saqlanib kelgan.
Ma’lumotlarga qaraganda kiymeshek 16-asrning birinchi yarmida Eron va Markaziy Osiyoda bir vaqtning o‘zida paydo bo‘lgan bo‘lib, oddiy to‘rtburchak shakldagi sharf unga o‘xshatib bog‘langan ekan. Arabistonda ular ximar sifatida tanilgan va Qur’onda ham keltirilgan ekan. Kiymeshekka o‘xshash kiyimlarni o‘zbeklar, tojiklar, turkmanlar va hatto qirg‘izlar ham kiyishgan, ammo u qoraqalpoq kiymeshegidan butkul farq qilgan. Uning tarqalishiga asosiy sabab bu islomning qabul qilinishi bilan bog‘liq hisoblangan.
Qoraqalpoq ayollarining yana bir milliy madaniyatini o‘zida yorqin aks ettirgan kiyimlaridan biri “sa’wkele” hisoblanadi. Qoraqalpoq sa’wkelesi marvarid va yarim qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan tantanali bosh kiyimdir. Uni dastlab XIX asrda boy qabilaviy aristokratiya qizlari o‘zlarining nikoh marosimlarida kiyishgan. Sa’wkele uchta asosiy qismdan iborat bo‘lgan:
a) tumaq deb nomlanuvchi uzun gumbazli shapka yoki dubulg‘a;
b) marjon bilan o‘ralgan va bezatilgan peshona qoplamasi;
c) turli xil yuqori va pastki qismlardan tashkil topgan quloqchinlar.
Bunday bosh kiyimlarining vazifasi turlicha bo‘lib, birinchi navbatda kelinchakning yuqori maqomini mehmonlarga yetkazish bo‘lgan. Ikkinchi navbatda esa, nikoh paytida kelinning sochlarini yashirish uchun kiyilgan. Chunki qadimgi budparastlarning e’tiqodidan kelib chiqqan holda, yovuz kuchlar ayolning ochiq sochlari orqali kirib, butun tanasiga va ongiga o‘rnashib oladi va hali tug‘ilmagan bolasiga ham zarar yetkazadi deb o‘ylashgan. Shu sababli turmush qurmagan qizlar sochi ochiq holatda yursa ham, turmushga chiqayotgan paytidan boshlab sochlari yashiringan holatda bo‘lishi kerak bo‘lgan. Uning yana bir vazifasidan biri bu himoya qilish bo‘lgan. Ya’ni sa’wkelidagi marjon va turkuaz kabi qizil va yarim qimmatbaho toshlar, shuningdek, boydasi tarkibiga kiritilgan qatronlar munchoq kabi yomon ko‘z va zararli kasalliklardan himoya qilgan.
Qadimgi qoraqalpoq erkaklar liboslari ham ranglarning talabchanligi bilan ajralib tursa-da, qo‘shni xaqlar kiyimlari bilan deyarli o‘xshash bo‘lgan. Erkaklar sarposi turkumiga: do‘ppi, mo’yna shapka, ko‘ylak, sharvarlar, kamzul, chopon, kamar, poyabzal va boshqalar kirgan.
XIX asrda erkaklar, shakli qadimgi skiflar bosh kiyimlariga o‘xshash borik shapka kiyib yurishgan. Ular uchi egilgan konus shaklda bo‘lib, qora kigizdan tayyorlangan. Qadimgi turdagi erkak bosh kiyimlarini shogirme (to‘q rangli qo‘y terisidan tikiladi va juni tashqarisida bo‘ladi)malaxay (tulki mo‘ynasidan tayyorlanib, quloq va bo‘yinni yopadi), degeley (movut yoki duxobadan tayyorlangan bo‘lib, mo‘yna hoshiyali bo‘ladi) kabilar tashkil qilgan. Bundan tashqari bosh kiyimlarning yana bir turi qorako‘l telpagi bo‘lgan. Shapka tagidan esa maxiya deb nomlanuvchi do‘ppi kiyib yurilgan. Uning gumbazsimon shakli to‘rt qismga bo‘lib tikilgan. Gardishi esa boshqacha yo‘lli matodan ishlangan bo‘lib, atrofiga tasma qilingan.
Erkaklar kiyimlari orasida turli xil chopon va po‘stinlar ham bor bo‘lib, ularning eng mashhuri movut ya’ni tuya yungidan qo‘lda to‘qilgan keng shekpen choponlari bo‘lgan. Shekpen choponlarining va po‘stinlarining o‘ziga xosligi shundaki, ularning orqa tomoniga kashta bilan uchburchak shakldagi tumor tushirilgan. Ushbu tumor inson orqa tomondan zaifligi g‘oyasini o‘zida aks ettirgan bo‘lib, u belda o‘qi to‘la o‘qdon olib yurish an’anasidan kelib chiqqan. Shekpen choponlarining orqa tomoniga tushirilgan uchburchak tumor shakli – qadimgi ona mabudi ramzi va bir vaqtda o‘qning uchi (yovuz kuchlardan asrovchi kuch) hisoblangan.
Yana bir qiziq ma’lumotlardan biri o‘sha davrda erkaklar uchun kamar taqish majburiy bo’lgan. Chunki kamar sha’n va kuch ramzi hisoblangan. Kundalik kamar vazifasini ro‘molcha bajargan bo‘lsa, bayramlarda shoyi belbog‘ bilan bellarini bog‘lashgan. Boy erkaklar mol terisidan tikilgan kamar-belbeu belbog‘ini bog‘lashgan. Ushbu belbog‘da yo‘lbarsning boshi va panjasi tasviri tushirilgan bo‘lib, kumush qadama bezaklar bilan bezatilgan. Bundan tashqari turli xil shokilalar qadalgan mayin terili kamarlar ham urf bo‘lgan. Bunday turdagi kamarlar ovchilar tomonidan foydalanilgan va ular piyoli g‘ilofi, o‘qdon, chaqmoshtosh va boshqa ko‘chma hayot uchun zarur ashyolar bilan to‘ldirilgan.
O‘zbeklarning milliy kiyimlari ham ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, an’anaviy turmush tarzi, tabiiy-geografik muhit va xo‘jalik madaniy aloqalar bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘zbek ayollarining asosiy milliy kiyimlari – ro‘mol, keng ko‘ylak, uzun lozim, nimcha va kaltacha bo‘lgan. Bu kabi liboslarni tikishda alacha/alocha, beqasam, adras kabi turli ipak va matolardan foydalanilgan.
Erkaklarda oq yoki malla bo‘zdan tikilgan keng ko‘ylak, yaktak, to‘n, chopon, belbog‘ va salla kabilar odatiy turmush kiyimlari hisoblangan. Bosh kiyimlardan esa do‘ppi, kuloh kabilar kiyilgan. Islomiyat davridan boshlab do‘ppining ustidan salla o‘ralgan. Aslzodalarning bosh kiyimlari zarli va kumush iplar bilan bezatilgan bo‘lib, peshona qismiga turli olmos, qimmatbaho toshlardan yasalgan tog‘nog‘ichlar qadalgan. Qish faslida kuloh yoki badavlat kishilar mo‘ynali telpaklar kiyishgan.
O‘zbek milliy liboslari orasida boshqa xalqlarda uchramaydigan “munisak” (mursak) deb ataluvchi ayollarning o‘ziga xos ustki libosi bo‘lgan. Uning bichimi an’anaviy to‘n va ko‘ylakniki bilan deyarli bir xil bo‘lsa-da, unda yoqa bo‘lmagan. Munisakning qo‘ltiq ostidagi yon qismlari qat-qat yig‘ilib turgan. Munisak hamma joyda ham kiyilmagan. U Samarqand, Buxoro, Toshkent, Farg‘ona vodiysi va Xorazmda keng tarqalgan. Samarqand munisaklari (ayrim joylarda kaltacha deb nomlangan) boshqa joylardagi munisaklardan qo‘ltig‘i ostidagi burmalarning ko‘pligi bilan ajralib turgan. Avvallari munisak to‘y, marosim liboslari sanalgan, ammo XIX asr oxirlaridan u a’za libosi sifatida kiyilgan. Toshkentda esa u endi libos sifatida emas, balki marhumaning tobuti ustiga yopiladigan yopinchiq sifatida xizmat qiladi. Shu tariqa u o‘z vazifasini yo‘qotib, boshqa vazifa bajara boshlagan. L.Undareva liboslar vazifasining bu xilda o‘zgarishini quyidagicha izohlagan: “Liboslar ba’zi hollarda oddiy kundalik buyumdan diniy marosim buyumiga aylangan. Ularga moddiy narsa emas, g‘oyaviy hodisa deb qaralgan. Liboslar shu tariqa ma’naviy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Muayyan marosimlar – bayram, urf-udum, oilaviy tantanalar ta’sirida liboslarga munosabat o‘zgarib borgan”.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida O‘rta Osiyoning boshqa hududlarida bo‘lgani singari o‘zbeklarda ham do‘ppi, ro‘mol asosiy bosh kiyimi sifatida kiyilgan. Do‘ppi bichimi, shakli, naqshindorligi, ranglar uyg‘unligi va shu bilan birga zardo‘zlik san’atining qo‘llanilishi jihatidan nafaqat qoraqalpoq do‘ppilaridan, balki har bir viloyatning urf-odatlariga ko‘ra bir-biridan ajralib turgan. Bundan tashqari tarixiy ma’lumotlarga qaraganda o‘zbeklar orasida do‘ppi va ro‘moldan tashqari sallaga o‘xshagan bosh kiyimi ham bo‘lgan. Uni Samarqand tomonlarda “loki” deb nomlashgan. Loki bir necha qismdan tashkil topgan bo‘lib, avval boshga zar iplar bilan tikilgan “kultapo‘shak” (oddiy matodan qilingan turi ham mavjud) deb nomlangan bosh kiyimi kiyilgan. U old gardish, chuqur va to‘g‘ri burchakli uzun, ikki tomoni ochiq qopchiqdan iborat bo‘lgan. Qopchiqdan soch o‘tkazilgan. Kultapo‘shakning ustidan ro‘mol tashlangan. Ro‘mol ustidan zarhal naqshlar tushirilgan peshonaband (ayollarning peshona qismiga bog‘lanadigan mato yoki ro‘mol) bog‘langan. Peshonaband ustidan esa zar bilan to‘qilgan shoyi ro‘mol tashlangan. Xotin - qizlar boshlariga bitta yoki ikkita ro‘mol yopinishgan. Bittasi bosh ustiga tashlab, ikkinchisini uning ustidan peshonaband ko‘rinishida bog‘lab qo‘yishgan.
Tahlillardan ko‘rinib turibdiki, har bir millat, har bir xalq o‘zining milliyligiga, an’analariga ega. Shu jihatdan ham, ushbu an’analarni, milliy libos nomlarini yoki bir millatga taalluqli bo‘lgan atama hamda so‘zlarni bir tildan boshqa tilga tarjima qilayotganda o‘z ona tillaridagi biror yaqinroq ekvivalentiga almashtirib tarjima qilish katta xato hisoblanadi. Chunki bir so‘z alohida termin sifatida shakllanishi uchun yillar, balki, asrlar kerak bo‘ladi. U bildirgan ma’no va mazmunni boshqa so‘z bilan izohlash yoki ifodalash qo‘pol leksikologik xatolarga olib kelishi mumkin. Bu kabi so‘zlar (garchi ikkisi ham bir ildizga borib taqalsa-da) qardosh til doiralarida juda ko‘plab uchraydi. Ana shunday so‘zlardan yana biri zargarlik buyumlarida yaqqol namoyon bo‘ladi:
Har bir xalqning milliy kiyimlari madaniyatini yaqqol aks ettirib turganidek, zargarlik buyumlari ham millatning urf-odatlari va an’analarini o‘zida mujassam etadi. Xususan, o‘zbek va qoraqalpoq xalq madaniyatiga oid bo‘lgan taqinchoqlar ham bir-birini takrorlamas jihatlarga ega bo‘lib, zargarlik namunalarining noyob turlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda qadimdan zargarlik san’atining yirik markazlaridan biri bo‘lgan Buxoro viloyatida ishlangan buyumlar Toshkent zargarlik buyumlari kabi shokilalarning ko‘pligi, nafisligi bilan ajralib turgan. Taqinchoqlarni yasashda tilla, kumushdan, marjon, feruza, sadaf singari noyob va qimmatbaho toshlardan foydalanilgan.
“Tilla-bargak”, “tillaqosh”, “gajak”, “tavq”, “marjon”, “zebigardan”, “nazigardon”, “sirg‘a”, “bilakuzuk” kabi barcha turdagi taqinchoqlarni kelinlar bezak sifatida taqishgan. Shu bilan bir qatorda u ayollarni turli xil balo-qazolardan, yomon ko‘z va nazardan asrash vazifasini bajargan. Shunday taqinchoqlardan biri kelinlar peshonasiga taqiladigan “tillaqosh” bo‘lib, u ma’danga xuddi qoshga o‘xshatib shakl berish asosida yasalgan. Uning pastki qismi xuddi yaproq ko‘rinishidagi “shokila” (“tovush chiqaruvchi”, zargarlik buyumi)lardan iborat bo‘lib, yuqori qismi nafis naqshlar bilan bezatilgan va toshlab qadab chiqilgan. Tillaqoshlarga har xil naqshlar berish urf bo‘lgan bo‘lib, Buxoro, Samarqand, Toshkent va Qo‘qon viloyatlarida yasalgan.
Taqinchoqlardan yana biri “tilla bargak” bo‘lib, u ham peshanaga taqilgan. Tilla bargak bir-biriga ulangan kvadrat tangalardan iborat bo‘lib, yuqori qismida marjon, feruza toshlar bilan bezatilgan gulsimon tangachalar qatori joylashgan. Pastki qismini esa barg ko‘rinishidagi mayda shokilalar to‘ldirgan. Buxoro tillabarglari tuzilishi jihatidan Xorazm ayollarining “manglay tuzi” taqinchog‘iga juda o‘xshashdir.
Ko‘pgina zargarlik buyumlari bejiz barg ko‘rinishli bezaklar bilan bezatilmagan. Qadim zamonlardan odamlar bargni hayot va tabiatning uyg‘onish ramzi deb tushunishgan.
Tillaqosh, chakkaga taqiladigan “mohi tillo” (bibishak) va “gajak”, “zebigardon”, “nozigardon”, “barg”, “kundalsoz”, “halqa” kabi sirg‘alar, uzuklar, islomiy (shabak) usulida panjarasimon naqsh solingan bilaguzuklar va boshqa bezaklar ayollar liboslari to‘plamiga kirgan. Masalan, chakka va peshonaga taqiladigan yarim oy shaklidagi “mohi tillo” qadimiy ayollar sallasiga taqish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda hosildorlik marosimlariga oid arxaik belgilar aks ettirilgan. “Zebigardon” va “nozigardon” nomli zeb-u ziynatlar esa ayollarning ko‘ylak yoki choponlari ustidan ko‘krakka taqiladigan taqinchoqlari hisoblangan. Bu ko‘ylakning jozibadorligini yanada oshirgan.
Kelinlarga nikoh to‘yida, albatta, “xafaband” va “murgak” (tavq) taqilgan. Xafaband (gulband) – fors tilidan o‘zlashgan bo‘lib, ayollarning bo‘yin taqinchog‘i hisoblanadi. Bo‘yinni o‘rab turadigan tasma hamda marjon va turli shakldagi noziklardan terib yaratiladigan to‘rsimon shokilali tuzilishga ega. Ko‘krakkacha tushib turadigan shokilalar trapetsiya va boshqa shakllarda bo‘lib, gullari ramziy ma’nodagi shox, uchburchak, romb va handasiy naqshlardan iborat bo‘lgan. Gulband atamasi “yovuz ruh va band” degan ma’noni anglatib, yomonlik, yovuzlikdan saqlovchi tumor vazifasini bajargan. Ammo vaqt o‘tishi bilan atama o‘zgarib ketgan.
Tavq” (“arabcha – qushlar bo‘ynidagi halqa”) – quyma uslubda qator qilib ishlangan qushlar shaklidan iborat bo‘lib, ularning boshi o‘ng tarafga bitilgan. Taqinchoqlarda qushlar tasvirini ifodalanishi qadimdan xalqning ma’naviy dunyoqarashi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Qoraqalpoq zargarlik san’ati ham o‘zining uslubi, hashamatli, simmetrik shakli va jonli aylana konturlari bilan qardosh xalqlar zargarchiligidan ajralib turgan. Zargarlar o‘z mahsulotlari uchun kumush, oltin, bronza, serdolik, feruza hamda marjonga oid toshlardan, shuningdek, yirtqich hayvon, qushlarning tirnoq va qoziq tishlaridan foydalanishgan. Barcha zargarlik buyumlari yovuzlikdan asrovchi va baxtga eltuvchi tumorlar hisoblangan.
Qoraqalpoq naqshlari va bezaklari juda qadimiy bo‘lib, skiflar davriga borib taqaladi. Ular ibodat ramzlari va totemlarni o‘zida aks ettirgan. Bu zargarlik buyumlarining ko‘pchiligi, masalan, “tuyme”, “anshik/ayshiq” shokilalari, “burgutning qo‘yga hujumi”ni tasvirlaydigan chakka tumori “kiran”lar boshqa xalqlarda uchramaydi.
Tuyme” – ko‘krak bezaklariga qo‘shilagidan zargarlik buyumi bo‘lib, uning jumalaq tuyme, baqa tuyme (jalpaq tuyme) va shar tuyme kabi turlari mavjud. Jumalaq tuymeda “ilon izi” nomli belbog‘ naqshli va yarim tuxum shaklidagi bezaklar tushirilgan bo‘lib, uning ikki xil vazifasi bo‘lgan. Birinchisi ko‘ylakning bezagi bo‘lsa, ikkinchisi ko‘ylak yoqasini mustahkamlash uchun katta tugma bo‘lgan. Ular asosan kumushdan ishlangan. Baqa yoki jalpaq tuymelarning shakli qurbaqanikiga o‘xshash bo‘lib, o‘rta qismida qimmatbaho tosh qo‘yilgan va ba’zilarida shokilalar ham bo‘lgan. Shar tuymeda xoch shakliga ega quyosh va olov ramzlari tushirilgan bo‘lib, toshlar bilan bezatilgan katta ko‘ndalang shaklga ega ko‘krak bezagi hisoblangan.
Bronza va kumushdan ishlangan zargarlik bezagi “anshik/ayshiq” (“ona”) – qadimgi unumdorlik ma’budasi ramzi bo‘lgan. Uni ona bo‘lishga tayyorlanayotgan ayolga yovuz ko‘zlardan asrovchi tumor sifatida to‘y kuni berishgan. Bezaklari sxema tarzida ayol qomati va uning qornini tasvirlagan. Bundan tashqari anshik qadimiy totemlarning qarama-qarshi turgan qush yoki qo‘y, bo‘ri boshini tasvirlagan. Ular ayolning farzand ko‘rish kuchlarini kun-u tun himoya qilishgan. Ushbu bezakda qadimiy ikki dunyo: insonlar dunyosi va ruhlar dunyosining o‘zaro ta’siri saqlanib qolgan.
Qoraqalpoq zargarlik buyumlarining eng ta’sirchan taqinchoqlaridan biri bu “xaykel”dir. “Xaykel” nomi ajdodlarining sig‘inishlari va totemizmdan kelib chiqqan bo‘lib, shoxi tepaga qayrilgan buqa va shoxi pastga qayrilgan qo‘y tasvirlari tushirilgan taqinchoq turi hisoblangan. O‘sha davrda kuchli buqa va serpusht qo‘yning shoxi yovuz kuchlardan asrovchi xususiyatga ega deb hisoblangan va “oy buqasi” hamda “quyosh qo‘yi” ramzlari sifatida ko‘rilgan. U kelin sepining asosiy zargarlik buyumi hisoblangan. Shuning uchun ham yangi kelinlar farzand ko‘rishgacha bo‘lgan butun bir davr mobaynida uni tumor sifatida taqib yurishgan.
Zargarlik buyumining yana bir noyob namunalaridan biri bu – “tumar yoki tumarsha”. Afsonalarga qaraganda tumar – oddiy kovak g‘ilofli bo‘lib, uning ichida qadimdan “yovuzlik kuchlaridan asrovchi” igna saqlangan. Hududda islom dini kirib kelganidan so‘ng esa ignaning o‘rnini qog‘ozda yozilgan duo egallagan.
Bundan tashqari qoraqalpoq zargarchilik buyumlari orasida sirg‘a, burun sirg‘alari, uzuk hamda bilaguzuklar ham mavjud bo‘lib, qardosh xalqlar zargarlik buyumlaridan o‘zining yasalish uslubi va toshlari jihatidan ajralib turgan.
Bizga ma’lumki, asrlar davomida ma’lum bir xalqni madaniyati, turmush tarzi, kiyimlari yoki millat bo‘lib shakllanishi uchun barcha o‘ziga xos xususiyatlar rivoj topmog‘i kerak. Jumladan, milliy liboslar va zargarlik buyumlari haqida gap borar ekan, uning kelib chiqishi bugun yoki kecha shakllanib qolmagan, aksincha, unga asrlar o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Bunga ham bir qancha omillar mavjud bo‘lgan. Xususan:
a) ma’lum bir xalqning qaysi hududda istiqomat qilishi;
b) yashab turgan joydagi iqlim sharoiti;
c) diniy yoki e’tiqodiy nuqtayi nazardan insonlarning qarashlari;
d) asrlar davomida shakllangan madaniyat.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, lakunalar bir tomondan milliy madaniyatning o‘ziga xos belgisi, mentalitet xususiyatlari darajasining ko‘rsatkichi bo‘lsa, ikkinchi tomondan madaniyatlararo o‘zaro ta’sir sharoitida o‘zga ko‘rinishga kira oladigan birliklar hisoblanadi. Lakunalarni tadqiq qilish tillar va madaniyatlar o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatib berishga, madaniyatlararo muloqotda to‘siqlarni yengishga, chet tillarni o‘rgatishda samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.


Yüklə 150,21 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   34




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə