Oʻzbekiston respublikasi oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi fargʻona davlat universiteti pedagogika-psixologiya fakulteti pedagogika kafedrasi muzey pedagogikasi fani boʻyicha



Yüklə 344,38 Kb.
səhifə5/54
tarix11.12.2023
ölçüsü344,38 Kb.
#145404
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   54
Pedagogika-psixologiya fakulteti pedagogika kafedrasi-fayllar.org

Muzey pedagogikasi - madaniy-ma’rifiy tadbirlar tarixi va xususiyatlarini, tashrif buyuruvchilarning turli toifalariga muzeyning ta’sir etish usullarini, boshqa ta’lim muassasalari bilan oʻzaro aloqalarni oʻrganadi. Bu pedagogika fanining maxsus boʻlimi va muzeyning ilmiy-amaliy faoliyati sohasi boʻlib, uning mazmuni muzey muhiti sharoitida madaniy tajribani oʻtkazishni oʻz ichiga oladi17.
“Muzey pedagogikasi” tushunchasi oʻz mazmun-mohiyatida quyidagi funksiyalarni amalga oshirishini ifoda etadi:
• axborot berish – muzey, avvalo, tashrif buyuruvchiga qaysidir sohada axborot beradi.
• ta’lim berish – muzey oʻzida jamlangan materiallar vositasida tashrif buyuruvchilarning bilim doirasini kengaytirishda muhim oʻrin tutadi, bundan tashqari, muzeydagi kommunikasiya jarayonida tashrif buyuruvchilar muzey sohasida ayrim malaka va koʻnikmalarni oʻzlashtirish imkoniga ega boʻladilar. Muzey boshqa ta’lim muassasalarida olingan bilimlarga qoʻshimcha bilim olish imkoniga ega maskandir.
• ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish – muzey ayrim sohalarda tashrif buyuruvchining ma’naviy madaniyatini shakllantirish, uning shaxsiy ijodiy xislatlarini ochishga ijobiy ta’sir etuvchi maskandir. Muzeyda shaxsni ijodiy jarayonlarga undovchi alohida sharoitlar mavjud. Eng muhimi uning ta’sirchan «ilhom baxsh etuvchi» imkoniyatga egaligi, oʻtmish qadriyatlar, an’ana va urf-odatlar aks etganligidir.
• muloqotchanlikni shakllantirish – muzey mavzusiga oid mavzularda qiziqishlar boʻyicha turli tadbirlarning tashkil etilishi jarayonida oʻsmir-yoshlar faol muloqotga chorlanadi. Muzey taqdim etadigan muzey-axborotlari muloqotchanlikka qulay imkoniyat yaratadi, bunda mazmunli, qiziqarli, norasmiy shaxsiy muloqot yuzaga keladi. Muloqot uchrashuv, seminar, viktorina va boshqa tadbirlar shaklida oʻtkazilishi mumkin (1.1.1-rasmga qarang).
Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirishda muzey xodimlari tomonidan muzey-pedagogik dasturlari joriy etilgan, dasturlar asosan oʻquvchi-yoshlar, talabalar auditoriyasiga moʻljallangan muzey zallari boʻylab interaktiv sayohat, turli tadbirlardan tashkil etiladi. Umuman olganda, muzeyda ma’rifiy sohada tashkil etiladigan va amalga oshiriladigan ishlarning mazmun-mohiyati juda koʻp qirralidir. Mazkur ishlarning asosiy shakllari: an’anaviy (ekskursiyalar, leksiyalar), ommaviy tadbirlar, oʻquv mashgʻulotlari kabilardan iborat.
Bugungi kunda ta’lim yoki ijtimoiy-madaniy hordiq chiqarish faoliyatini muzey vositalarisiz tasavvur qilish qiyin, shuning uchun muzeyning ijtimoiy-madaniy, ma’rifiy faoliyatini biladigan malakali mutaxassissiz bu sohani chuqur oʻrganish va undan unumli foydalanish mushkul. Ta’kidlash joizki, ushbu murakkab vazifa oʻquvchilarni muzey materiallari asosida oʻqitish va tarbiyalash, shuningdek, ularning nazariy tushunchalarini boyitish orqali muzey muhiti va oʻquv muassasasida pedagogik muammolarni hal qilishga qodir oʻqituvchilarni tayyorlashni ta’minlaydigan yangi pedagogik yoʻnalish, ya’ni muzey pedagogikasi doirasida muvaffaqiyatli hal etilmoqda.
Muzeyda ham, maktabda ham teng muvaffaqiyat bilan ishlay oladigan mutaxassislarni tayyorlash gʻoyasi XX asr boshlarida vujudga keldi. Muzey kolleksiyasi tashrif buyuruvchilarga turli bilim sohalarining ichki aloqalarini taqdim eta oladi. Bu hol asosan muzey xodimi va maktab oʻqituvchilarining kasbiy tafakkurining oʻziga xos xususiyatlarini belgilaydi18.
Oʻqituvchining muzeyda ta’lim faoliyatini amalga oshiruvchi funksiyasi muzey-pedagogik jarayonni tashkil etish va ma’lum bir dastur asosida oʻquvchining yodgorlik bilan bevosita muloqotini ta’minlashdir. Shuni ta’kidlash kerakki, oʻqituvchining roli muzey orqali koʻp darajali ta’limni amalga oshirishda, jumladan, vizual fikrlash, estetik idrok, muzey madaniyati va ijodiy tamoyillarini shakllantirishda sezilarli darajada oshdi. Muzeyda ta’lim jarayonini tashkil etuvchi oʻqituvchi oʻquvchilarga kerakli ma’lumotlarni ajratishgina emas, balki ularning ma’lum bir tizim doirasida oʻzlashtirilishi, tahlil qilinishi va moslashuvini ta’minlaydi. Shunday qilib, u muzey yodgorligining taassurotiga, tushunchasiga va talqiniga yoʻl ochadi.
Bugungi kunga kelib Amerika Qoʻshma Shtatlari boʻlajak oʻqituvchilarni muzey pedagogikasiga kasbiy tayyorlashning zamonaviy tajribasiga ega. Bu sohada mutaxassislar bir qancha oliy oʻquv yurtlarida (Vashington, Los-Anjeles va Janubiy Karolina universitetlarida) tayyorlanadi. Ular orasida Vashington universiteti alohida oʻringa ega, unda muzeylar bilan hamkorlikda yaratilgan muzey pedagogikasi boʻlimi Qoʻshma Shtatlardagi birinchi boʻlgan professional kursni ishlab chiqdi. Oʻquv dasturi oliy ta’limning ikkinchi darajasi-magistraturaga moʻljallangan. Bu shuni anglatadiki, bakalavr darajasiga ega boʻlgan talabalar tasviriy san’at, muzeyshunoslik va tegishli gumanitar va tabiiy fanlar boʻyicha kompetensiyalarga ega boʻladi. Oʻqitishning yangi bosqichida talabalar psixologiya, sotsiologiya, ta’lim nazariyasi va amaliyoti sohasida kasbiy bilimlarga ega boʻladilar, muzey va pedagogik faoliyatda ilmiy-tadqiqot olib borish koʻnikma va malakalarni egallaydilar.
Bu amaliyot davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanmoqda, chunki u ta’lim tizimidagi ijobiy oʻzgarishlarga oʻz hissasini qoʻshmoqda. Shu munosabat bilan Amerika muzeylarining aksariyati oʻqituvchilarning badiiy madaniyatini rivojlantirish va ularni turli yoʻnalishdagi muzeylarda ishlashga tayyorlash dasturlarini ishlab chiqadi. Bu dasturlar koʻpincha muayyan oʻquv predmetining majburiy tarkibiy qismi sifatida yaratiladi va maktablarda amalga oshirish uchun moʻljallangan. Ular oʻqituvchilar uchun turli oʻquv kurslari taqdim etadi va oʻqituvchiga darsni oʻtkazishga koʻmaklashuvchi darslarning metodik ishlanmalari, axborot materiallari toʻplamlari hamda oʻqituvchiga vaqtinchalik foydalanish uchun beriladigan metodik qoʻllanmalarni oʻz ichiga oladi ("oʻqituvchi paketlari"). Ushbu qoʻllanmalarda koʻrsatmalar, turli diagramma va jadvallar, audio va video materiallar hamda slaydlar mavjud.
Qoʻshma Shtatlardagi barcha yirik muzeylarda keng qamrovli oʻquv kutubxonalari mavjud. Oʻqituvchilar, muzey xodimlari va ularning yordamchilari - muzey koʻngillilari bu yerda darslarga tayyorgarlik koʻrish va maslahat olish imkoniga ega. Amerika muzeylarida oʻqituvchi tayyorlash 1994-yilda qabul qilingan badiiy fanlarni oʻqitish boʻyicha milliy standartlar maqsadlariga javob beradi, bu esa, maktabda oʻquvchilarni san’atga oʻrgatishning amaliy ahamiyatini ortishiga imkon beradi.
Germaniyadagi muzey va ta’lim muassasasi oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar oʻqituvchiga muayyan oʻquv vazifalarini hal etishga yordam berishga asoslangan. Shu ma’noda san’at muzeyi ham bundan mustasno emas. Har qanday boshqa turdagi muzeylarda boʻlgani kabi oʻqituvchi bu yerda ham "ekspert" vazifasini bajaradi, ya’ni kasbiy vazifalari asosida oʻquvchining xulqi va bilimini nazorat qilgan holda muzey-pedagogik jarayonining vosita va mazmunini tanlaydi. Maktab oʻquvchilarining mustaqil ishlariga metodik rahbarlik qilish, ularga maxsus "ish kitobi" (рабочая тетрадь) yaratishga yordam berish katta oʻrin tutadi19.
Ularning mavzusi maktab oʻquv dasturiga hamohang boʻlib, oʻqituvchi va muzey xodimiga bolalarning ma’lum mavzular boʻyicha bilim va koʻnikmalarini chuqurlashtirish va kengaytirish imkonini beradi. Odatda, "ish kitobi" uch qismdan iborat boʻlib muzey xodimlari tomonidan oʻqituvchilar bilan maslahatlashgan holda yaratiladi. Ulardan biri darsda foydalanilgan yodgorliklar haqida qisqa ma’lumot boʻlsa, ikkinchisi oʻqituvchi va oʻquvchining birgalikdagi faoliyatiga qaratiladi. Oʻquvchi tomonidan topshiriqlarni bajarish maktabda olgan bilimlarini chuqurlashtirish imkonini beradi. "Ish kitobi"ning yana bir vazifasi oʻqituvchiga muzey ekspozisiyasi tilini oʻrganish va muzey asl nusxalarini tarixiy yoki badiiy ahamiyati jihatidan baholashga yordam berishdan iborat.
Shunday qilib, muzeyning Germaniyadagi maktab bilan oʻzaro aloqasi avvalo muzey faoliyatining maktab oʻquv jarayoniga boʻysunishi va muzey materialini ishlab chiqishda oʻqituvchining yordami bilan belgilanadi. Bu oʻzaro ta’sirda oʻziga xos topilma oʻqituvchining muzey yoʻnalishini rivojlantiruvchi "ish kitobi"ni ishlab chiqish va ulardan foydalanish boʻldi.
Rossiyada bu sohadagi ixtisoslashuv qariyb oʻn yildan buyon madaniyat oliy oʻquv yurtlarining muzeyshunoslik fakultetlarida "Muzeylarni boshqarish va yodgorliklarni muhofaza qilish - tarix va madaniyat" mutaxassisligi boʻyicha amalga oshirilmoqda. Biroq, an’anaviy muzey, san’at yoki pedagogik ta’limning cheklangan doirasida oʻqitish muayyan kamchiliklarga ega boʻlib, zamonaviy talablarga javob bermaydi, chunki u tasviriy san’at, psixologiya sohasida yetarli darajada bilim bermaydi va muzey muhitining oʻziga xos xususiyatlarini toʻlaqonli ochib bermaydi.
Muzeyga tashrif buyuruvchilar bilan ishlashga yangicha yondashuvlarni izlab, muzeylar soʻnggi yillarda ta’lim muassasalari va pedagogika universitetlari bilan yangi, tizimli hamkorlik darajasiga erishish imkonini beradigan ta’lim xizmatlarini qayta tuza boshlaganida vaziyat oʻzgara boshladi. 1989-yilda Rossiya muzey pedagogikasi va bolalar ijodiyoti markazi tashkil etildi. Muzey amaliyotida birinchi marta dunyodagi eng yirik muzeylardan biri muzey va oʻquv majmuasiga aylantirildi, bu esa muzey tashabbusi bilan madaniyat va ta’lim sohalari oʻrtasidagi fanlararo oʻzaro aloqalar tizimini ishlab chiqishga kirishish imkonini berdi20. Uning jamoasiga san’atshunoslar, oʻqituvchilar, psixologlar, rassomlar, teatr mutaxassislari, oʻrta va oliy maktab xodimlari kiradi.
Muzeyning ta’lim muassasalari bilan hamkorligi tajribasi Rossiya muzeyida barcha darajadagi san’at va gumanitar ta’limning muhim tarkibiy qismlaridan biri boʻlib, ta’lim muassasalari bilan oʻzaro aloqalar darajalari va yoʻnalishlarini aniq tashkil etishi kerak boʻlgan tizimni ishlab chiqishga imkon berdi. Amaliyot shuni koʻrsatdiki, muzeyda tasviriy san’atni joriy etishning eng samarali modeli muzey-pedagogik dasturlari boʻlib, muayyan san’at muzeyining oʻziga xos xususiyatlarini va zamonaviy pedagogik usullarni uygʻunlashtirgan holda ishlab chiqilgan.
Oliy ta’lim muassasalari boʻlajak oʻqituvchilarni muzey-pedagogikasi faoliyatiga tayyorlashni bakalavriat yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida amalga oshirishi va qayta tayyorlash uchun imkoniyat yaratishi kerak. Shuningdek, ularni oʻqitish pedagogika kollejlarida yoki madaniyat va san’at universitetlarida tashkil etilishi mumkin.
Pedagogika universitetlarida tayyorlanuvchi boʻlajak oʻqituvchilar "muzey pedagogikasi" faoliyatiga oid quyidagi bilim, koʻnikma va malakalarni ega boʻlishi lozim:
- muzey va uning ijtimoiy-madaniy muassasalar tizimidagi oʻrni, muzey pedagogikasi tarixi haqida toʻliq tushunchaga ega boʻlish;
- zamonaviy muzeydagi ta’lim jarayonining oʻziga xos xususiyatlari, muzey pedagogikasi umumiy pedagogik jarayonning bir qismi ekanligi xaqida tushunchaga ega boʻlishi;
- muzey va pedagogik faoliyatning zamonaviy muzey biznesi rivojidagi oʻrnini, uning ta’limni insonparvarlashtirish, shaxs madaniyati va ijtimoiy munosabatlar madaniyatini shakllantirish muammolarini hal etishdagi ahamiyatini tushunish;
- ta’lim va madaniy tizimlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning umumiy va oʻziga xos ehtiyojlarini aniqlay olish;
- muzey-pedagogik jarayoni davomida ushbu oʻzaro aloqalarni tashkil etish koʻnikmalariga ega boʻlishi;
- muzey pedagogikasining metodlari, shakl va texnologiyalarini bilish va ulardan kasbiy faoliyatida foydalana olish;
- muzey pedagogikasi nazariyasi va tarixiga oid bilimlar tizimini egallash;
- oʻqituvchining barcha muzeylarda va ta’lim muassasalarida kasbiy faoliyati uchun badiiy qobiliyati va estetik gʻoyalarini rivojlantirish zaruriyatidan xabardor boʻlish;
- muzey qadriyatlarini oʻquvchilar tomonidan oʻzlashtirish jarayonini samarali tashkil eta olish va muzeyga boʻlgan qiziqishlarini muzey kommunikasiyasiga tizimli kiritish zarurati darajasiga koʻtara olish;
- muzey pedagogikasi sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari, metodikasi va tajriba ishlariga oid koʻnikma va malakalarini egallash (1.2.1-rasmga qarang).
Ma’lumki, har bir fan asosi u yoki bu ijtimoiy davrning muhim voqealari bilan bogʻlab oʻrganilganda, adabiyot, san’at, tarixiy voqealar oʻsha davrdagi muhim voqealar, adabiyot va san’at namoyondalarining oʻz zamonasida tutgan oʻrni, kiritgan yangiligi uning ijtimoiy hayot bilan bir qatorda rivojlanib, taraqqiy etganligi haqida ham ma’lumotlar beriladi. Shunga koʻra, maktab oʻqituvchilari va muzey xodimlari faoliyatida oʻzaro aloqadorlikni tashkil etishning oʻziga xos didaktik talablari, yoʻnalishlari, tamoyillari va imkoniyatlari mavjud boʻlib, bular pedagogikadagi an’anaviy metodikaga qaraganda innovatsion xarakter kasb etadi.
Yuqoridagi fikrlar asosida aytish mumkinki, muzey muhitida bolalar tarbiyalanadi, ya’ni estetik idrok etish, muzey madaniyati, badiiy did shakllanishi asosida tarbiya beriladi. Ijodkor shaxs kamolotga erishib rivojlanadi, shuningdek, muzey yodgorliklarini koʻrish, eshitish, ma’lumot olish orqali bilish (ta’lim olish) faoliyati shakllanadi. Demak, muzey va maktablar sharoitida pedagogik faoliyat – ta’lim-tarbiya va rivojlanishning yaxlit majmui boʻlib, shaxsni estetik tarbiyalash, bilim berish va rivojlanishiga asos boʻlib xizmat qiladi. Bularning barchasi muzey va ta’lim jarayonini oʻzaro aloqadorlikda olib borishda, oʻquvchilarni muzeylar vositasida ma’naviy merosga hurmat ruhida tarbiyalash, oʻz metodikasiga ega pedagog kadrlarni hamda ta’lim muassasalari rahbar kadrlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish kabi muhim sohalarni takomillashtirishda innovatsion yondashuvni taqozo etadi.



Yüklə 344,38 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   54




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə