Blackcurse



Yüklə 488,58 Kb.
səhifə2/9
tarix11.03.2018
ölçüsü488,58 Kb.
#31122
1   2   3   4   5   6   7   8   9

Angliya IX – XI asrlarda

Britaniya hududida V asrning II yarmidan VII asr boshlarigacha bir necha varvar qirolliklari qaror topadi. Janubi-sharqda yutlar asos solgan Kent qirolligi, Uesseks – janubda, sakslar asos solgan, Sharqiy Angliya – angllar asos solgan, Nortumbriya va Mersiya – angllar asos solgan. Britaniyaning mahalliy Kelt aholisi germanlar bilan qo’shilib ketadi, shu tariqa kelt elementi ingliz xalqining etnik tarkibiga kiradi.

Anglosakson qirolliklarida feodal tuzumning qaror topishi o’zining alohida xususiyatlariga ega edi. Ulardan eng muhimlari – jamoa tartiblarining barqarorligi, allodning kech paydo bo’lishi, erkin dehqonlarning yuqolish jarayonining va yirik feodal yer egalari paydo bo’lishining sekin borishini ko’rsatish mumkin. Bu xususiyatlar Britaniyaning kam romanlashganligidan, anglosakson istilolarining o’ta vayron qiluvchi xarakteridan (rim ta’sirini istilolar yuqotib yuborgan) hamda Rim Galliyasini istilo qilgan frank, ostgot va burgundlarga qaraganda Britaniyani istilo qilgan angl, saks, yut, frizlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning quyi darajasida turganligidan kelib chiqadi. Bosib olingan Britaniyada istilochilar aholining asosiy qismini tashkil etib, feodal munosabatlarning rivojlanishi yemirilib borayotgan ibtidoiy jamoa tuzumning ichki evolyutsiyasi yo’li bilan sodir bo’ladi .

VI-VII asrlarga oid anglosakson “haqiqatlari”ga ko’ra, Britaniyada anglosaksonlarning asosiy mashg’uloti dehqonchilk bo’lgan, lekin chorvachilik xo’jalikda muhim o’rin tutgan. Baliqchilik, ovchilik, tuz, temir, qo’rg’oshin qazib olish bilan ham shug’ullanganlar. Anglosakslar yerni 4-8 ta ho’kiz qo’shilgan og’ir plugda haydaganlar. Ba’zida yengil Plug ham ishlatilgan. Ikki dalali almashlab ekish tarqalgan. Bug’doy, arpa, roj, no’xat ekilgan. Yerlar hosil yig’ib olingandan keyin jamoa yayloviga aylangan. Dastlab anglosakson jamiyatining asosini erkin dehqon–jamoachilar–Kerllar tashkil etgan. VII asr o’rtasigacha kichik, individual oila hukmron bo’lmay, dehqonchilik jamoasidan qo’shni jamoaga o’tish tugallanmagan edi. Jamoa ixtiyoridagi yerlar allodga aylanmagan edi. Erga egalik qilishni jamoa tartiblari belgilagan. Hujjatlarda jamoa huquqi bo’yicha egalik qilinadigan oila yeri “folklend” deyilgan. Uni meros qoldirish, ayol tomonidan bo’ladigan qarindoshlarga uzatish va begonaga berish man qilingan. Folklendga egalik qilishdagi to’siqlar Angliyada xususiy mulkchilik paydo bo’lishini va feodal yer egaliklari paydo bo’lishini sekinlashtirdi. Mustahkam jamoalarning saqlanib qolganligi ham feodallashuvni sekinlashtiradi. Sekinlik bilan anglosakslarda kerllar bilan bir qatorda erllar–boylar paydo bo’ladi. Ular yuqori vergeld bilan himoyalangan. Jamiyatning quyi tabaqasini asosan keltlardan bo’lgan qullar va yarim erkin aholi tashkil qilgan. Qullar zodagonlar yerlarida ishlagan. Yarim erkin lit va uellar (Uels nomidan kelib chiqqan bo’lishi mumkin) boylar yerida ishlab, natural obrok to’lashgan. Keltlarning bir qismi o’z yeri va erkinligini saqlab qolgan.

VII asrda bo’sh va kerllar egallagan yerlarni qirol tomonidan vassallarga hadya etish odatga aylanadi. Bunday yerlar “boklend” deb atalgan. (“bok”– yorliq, “land”– yer) Bu yerlar xususiy milk maqomiga ega bo’lgan va to’lovlardan ozod etilgan. Bu yer o’z egasiga immunitet huquqini bergan. Boklend paydo bo’lishi bilan Angliyada yirik yer egaligining tarqalishi boshlanadi. Erkin jamoachilar orasida mulkiy toifalanish kuchayib yirik yer egalariga qaramlikka tortila boshlanadi. Shunga qaramasdan erkin jamoachilarning asosiy qismi IX asrgacha feodallashuv jarayoniga kam tortilgan edi, erkin jamoa o’z ahamiyatini saqlab qolgan edi. Shuning uchun yirik pomest’elarda keltlardan kelib chiqqan qullar va yarim erkin aholi ishlagan.

Cherkov ham Angliyaning feodallashuviga ta’sir ko’rsatadi. VI asr oxirlarida boshlangan xristianlashish VII asrning II yarmida tugaydi. Yangi din hukmron toifa manfaatlariga mos kelgan. Qirol va feodallarning episkop va monastirlarga hadyasi yirik cherkov yer egaligining o’sishini ta’minlagan. Cherkov hadya, meros orqali yer olishdan manfaatdorligi uchun yerga xususiy mulkchilikni va dehqonlarni qaramlikka o’tishini oqlaydi. Shunga ko’ra xristianlik anglasakson dehqonlarining qattiq qarshiligiga duch keladi. Anglosakson qirolliklarida davlat tepasida qirol turgan, lekin dastlabki davrlarda mahalliy boshqaruv erkin qishloq jamoalari tuzumiga ko’ra tashkil qilingan. Qishloqlarning erkin kishilari yig’inida xo’jalik va boshqa jamoa ishlari hal qilingan. O’z oqsoqollarini saylaganlar, sud ishlari hal qilingan. Feodal munosabatlari rivojlanishi bilan jamoa yig’ini glaford yoki uning boshqaruvchisiga bo’sungan. IX asrdan xalq yig’inlari yirik ma’muriy okruglar doirasida to’planadigan bo’lgan. Bu okruglar keyinchalik graflik deb ataladigan bo’ladi. Boshqaruvning jamoa tartiblarining uzoq vaqt saqlanib qolganligi anglosakson feodal davlatlari siyosiy tuzumining xarakterli tomoni hisoblanadi. Anglosakson qirolliklarida doimo o’zaro kurash davom etgan. IX asr boshlarida Uesseksning ahamiyati ortib, qirol Egbert 829 yilda anglosakson qirolliklarini yagona Angliya qirolligiga birlashtiradi. Bu birlashuv ichki va tashqi siyosiy vaziyat tufayli yuzaga kelgan edi. Anglosakson jamiyatining yuqori tabaqasi dehqonlarning krepostnoylikka qarshi kurashini bostirish uchun kuchli yagona davlatga birlashishni zarur topadi. VIII asr oxiridan boshlab normannlarning Angliyaga hujumi zo’rayadi. Angliyaning janubi-g’arbida joylashgan Yesseks joylashuviga ko’ra daniyaliklar hujumiga ko’proq duch keladi va qarshilik ko’rsatish marakziga aylanadi. Daniyaliklar butun shimoli-sharqni bosib olib, o’z huquq va tartiblarini o’rnatadilar.

Birlashgan Angliya qirolligida xalq yig’ini chaqirilmasdan, uning o’rnida qirol huzurida “uitenagemot” (“donolar kengashi”) faoliyat ko’rsatadi. Endi hamma masalalar qirol tomonidan hal qilingan.

Anglosakson feodal davlati rivojlanishida qirol Alfred boshqaruvi alohida davrni tashkil etadi. (871-899) U erkin dehqonlardan xalq qo’shini, hamda feodallarning og’ir qurollandan suvoriylar qo’shinini tuzadi. Jangovor flot barpo etishda ham muvaffaqiyatga erishadi. Daniyaliklar hujumini to’xtatib, ular bilan shartnoma tuziladi. Shartnomaga ko’ra Angliya 2 Qismga bo’linadi: janubi-g’arbda Angliya, shimoli-sharqda Daniya hukmronligi o’rnatiladi (“Denlo”) Qirol Edgar davrida (959-975) anglosakslar daniyaliklarni bo’ysundiradi va Angliya yerlari yana yaxlit davlatga bo’ysunadi. Natijada daniyaliklar va boshqa kelib qolgan skandinaviya xalqlari o’zlariga tili va ijtimoiy tuzumi yaqin bo’lgan anglosakslar bilan qo’shilib ketadi.

Daniyaliklarda IX-X asrlarda jamoa tartiblari mustahkam bo’lib, erkin dehqonlar ko’pchilikni tashkil etgan. Shunga ko’ra Angliyaning shimoli-sharqida daniyaliklar o’rnashishi feodallashishni yanayam sekimlashtirgan. Anglosakson jamiyatining feodallashuvi daniyaliklar bilan kurash davrida ham davom etadi. Hujum sababli dehqonlarning xonavayron bo’lishi yerlarni feodallar qo’liga o’tib ketishiga olib keldi.

X asr oxiri – XI asr boshlarida mamlakat janubida qaram dehqonlarning barshchina mehnatiga asoslangan yirik votchinalar paydo bo’ladi. Daniya bilan urush yangi harbiylar tabaqasini vujudga keltiradi. (ten) Bu mayda va o’rta hol yer egalaridan bo’lajak ritsarlar toifasi shakllanadi. Yirik yer egalari avvalgidek erllar deb atalgan. X-XI asrlarda erkin dehqonlarni bo’ysundirishda immunitet katta ahamiyatga ega bo’lgan. Feodallashuvning rivojlanishiga qaramasdan XI asrda ham Angliyada erkin jamoa tartiblari saqlanib qolgan edi.


Franklar davlatida Feodalizmning rivojlanishi


  1. Merovinglar davrida franklar davlati.

  2. Franklar davlatida feodal munosabatlar rivoji.

  3. Karolinglar davlatining parchalanib ketishi.

486 yilda franklar shimoliy Galliyani istilo qilib o’zlarining davlatini tuzadilar. Uning tepasida Meroveylar urug’i boshlig’i Xlodvig (486-511 yy.) turardi. SHu tariqa Franklar davlatining merovinglar davri boshlandi. V asrning oxiridan VII asr oxirigacha davom etdi. VI asr o’rtalariga kelib, Franklar davlatiga hozirgi Fransiyaning deyarli hammasi kiradi. Franklar Reyn ortidagi tyuring, alemann, bavar, saks qabilalarini ham bo’ysundiradi. Varvar qirolliklari orasida Frank davlati uzoq vaqft saqlanib qolib, o’z tarkibiga ko’plab varvar qiroliklarini qo’shib olgan. Franklar davlati tarixi misolida feodal munosabatlar paydo bo’lishidan tortib tugallanishigacha bo’lgan davrni kuzatish mumkin. Feodallashuv bu davlatda yemirilib borayotgan rim davri munosabatlari va germanlarning urug’-qabila munosabatlari sintezi shaklida sodir bo’ladi. Feodallashuv franklarda ilk feodal davlatining paydo bo’lishi bilan birga bordi. Harbiy demokratiya tartibiga xos boshqaruv organlari ahamiyatini yo’qotib boradi. Harbiy yo’lboshchi qirolga aylana boradi. Istilo natijasida gall-rim aholisini itoatda saqlash ehtiyoti bu jarayonni tezlashtiradi. Bundan tashqari, istilo qilingan yerda franklar rivojlangan sinfiy jamiyat munosabatlariga duch keldilar. Bu jamiyat franklar tomonidan yo’qotilgan quldorlik idoralari o’rniga boshqasini tuzishni taqazo qiladi. Butun boshqaruv qurol qo’lida to’plana boradi. Galliya grafliklariga bo’linib, unga qirol amaldori-graf rahbarlik qilgan.

Yirik yer egaligining va amaldorlarning shaxsiy hokimiyati o’sishi Xlodvig vorislar davridayoq qirol hokimiyatini zaiflashtiradi. Qirollar yerlarni doimiy tarqatilishi natijasida mulklaridan va daromadlaridan mahrum bo’lib, yirik feodallarning ayirmachilik harakatlariga qarshilik qilishi qiyinlashadi. Xlodvig vafotidan keyin Franklar davlati parchalanishi boshlandi. VI asr oxirida Frank davlatida uch mustaqil hudud qaror topadi. Neystriya-markazi Parij bo’lgan, SHimoli-G’arbiy Galliya, Avstraziya – franklar davlatining shimoli-sharqi, (asl frank yerlari) Burgundiya-sobiq Burgundiya qirolligi yerlari. VII asr oxiriga kelib janubi-g’arbda Akvitaniya ajrala boshlaydi. Bu to’rtala hudud etnik tarkibiga, ijtimoiy tuzumining o’ziga xosligiga ko’ra va feodallashuv darajasiga ko’ra bir-biridan farq qilgan.

Bu hududlar natural xo’jalik xukumronligi sharoitida o’zaro iqtisodiy bog’lanmaganligi bir davlatga birlashuviga to’siq bo’ladi. Merovinglar xonadonidan bo’lgan qirollar hukumronlik uchun o’zaro urushlari mahalliy feodallarni kuchaytirishga olib keladi.

VII asr oxiriga kelib qirollikda hokimiyat mayordomlar qo’liga to’planadi. (Qirol saroy boshqaruvchisi) Keyin ular yirik yer egalariga aylanganlar. Qirolning butun boshqaruvi mayordomlar qo’lida to’planadi. Merovning qirollari hokimiyatni yo’qotib mayordomlar tomonidan tayinlangan yoki almashtirilgan (“Dangasa qirollar”davri).

Frank zadogonlari o’rtasida uzoq davom etgan urushdan keyin 687y Avstraziya mayordomi Pinin Geristalskiy barcha frank davlatining mayordomi bo’lib oldi. Avstraziyada feodalashuv sekin borgani uchun u mayda va o’rta feodallarga va erkin allodchilarga tayangan. Bu tabaqalar yordamida Avstraziya mayordamlari butun frank davlatini birlashtirishga erishdilar. Pipin avlodlari birlashgan Frank qirolligini egallab yangi Karolinglar sulolasiga asos soldilar. Ular VII asr oxiridan IX asr o’rtalarigacha xukumronlik qiladilar. Karolinglar davrida Frank davlati kuchayib, imperiyaga aylanadi. O’rta va mayda yer egalari istilolar uchun, kuchli davlat xokimiyatiga muhtojligi tufayli qirollarni qo’llab quvvatlaganlar.VIII asrda frank jamiyatida feodallashuv jadal boradi. O’zaro urushlar, tashqi urushlar og’ir to’lovlar tufayli dehqonlar qashshoqlashib alloddan mahrum bo’ladi va monastir, yepiskop, feodallarga qaram bo’lib qoladilar. yer tufayli qaram dehqonlar xo’jayinga feodal majburiyat o’tkazadilar.

Shunday qilib VIII asr boshida Frank davlatida ikki tabaqa qaror topadi. 1)yirik yer egalari 2)feodal qaram dehqonlar.

Yirik yer egalari gall-rim zadagonlari va germanlardan iborat bo’lib, yerga xususiy mulk (allod) huquqidan foydalangan, markaziy hokimiyatdan mustaqil bo’lgan. Qaram dehqonlar gall-rim qularining avlodlari, kolon, german qullari va litlaridan tashkil topgan. Germanlarning mulkini va erkinligini yo’qotgan dehqon jamoalari xam ular safini to’ldirib borgan. Bu kategoriyalar o’rtasida farq tobora yo’qolib boradi.

Ular bilan bir qatorda mayda va o’rta allodchilar, erkin dehqonlar ham saqlangan. Ular ham o’zgalar mehnatidan foydalanganlar. VIII asr oxiridagi agrar to’ntarish bu o’rta qatlamni u yoki bu tomonga singib ketishiga va shu asosda feodal jamiyatning ikki asosiy toifasiga shakllanishiga olib keldi.

Karl Martell (715-741 yy.) davrida frank davlati ancha mustahkamlandi. Frezlar, bavarlar, alemannlar qayta buysindirildi. 732 y Puate yonidaga jangda arablar tor mor etildi. Dehqonlardan tuzilgan eski tartibdagi qo’shin yangi sharoitlarga mos kelmagani uchun feodallardan tuziladigan suvoriylar drujinasi joriy qilindi. Bundan tashqari feodallashuv natijasida dehqonlar kasod bo’lib, uzoq urushlarda qatnasha olmas edi. Suvoriylarga Karl benefetsiy tartibida yer ulashib beradi, chunki ular yaxshi qurollangan va xar doim urushga tayyor turishi kerak edi. yer ularga to’la huquq bilan beriladi. Natijada qirol yerlarining katta qismi feodallar qo’liga o’tib ketadi. Benefetsiy faqat harbiy xizmat davrida tegishli bo’ladi. Egasi qirolga sodiqlik haqida qasamyot qabul qilib, qirol vassaliga aylanadi. Vassal qasamni buzganda senor yerni qaytarib olgan. Isyonchi feodallardan tortib olingan yer benefetsiy uchun fond bo’lib xizmat qilgan. Keyinchalik Karl qisman cherkov yerlarini musodara qilishga majbur bo’lgan. Cherkov yerlarini olgan feodal qisman soliq to’lagan. Biroq Karl yangi istilo etilgan yerlarda xristianlikni tarqatish bilan birga, cherkovga yer xam ulashadi.

Mayda allod tartiblarini yemirilishi natijasi bo’lgan benefetsiy islohatlari ijtimoiy oqibatlarga olib keladi. U yerga feodal mulkchilik mustahkamlanishini va dehqonlarni qaram bo’lib qolishini tezlashtirdi. Urush, harbiy ish endi feodallar kasbiga aylanib qoldi. Hududlarni benefetsiy qilib berilishi tufayli erkin aholi ham ba’zida qaramlikka tushib qolish hollari bo’lgan. Dehqonlar qirol fuqoroligidan hususiy kishilar mulki bo’lib qoldi. Natijada qirol hokimiyati kuchsizlanib, feodallar hokimiyati kuchaydi. Benefetsiy islohati dastlab davlat hokimiyatini va uni harbiy qudratini mustahkamlaydi. Benefetsiy egalari yerdan mahrum bo’lmaslik uchun o’z xizmatlarini o’tab turganlar.

Biroq bunday egalik IX-X asrlarga kelib, feod shaklini oladi, merosiy egalikka aylanib qoladi.

Frank davlatining kuchaygan davri Karl Buyuk (768-814) davriga to’g’ri keladi. VIII asr II yarmi va IX asr boshlarida frank davlatida feodallashuv tezlashadi. Qirol hokimiyati feodallarning shaxsiy xokimiyati kuchayishiga yordam beradi. Cherkovga va feodallarga immunitet yorliqlari berilib, ular mulki davlat xizmatchilariga bo’ysunmagan. Immunistlarga aholi ustidan sud-ma’muriy hokimiyat berilgan. Aholidan olinadigan daromad endi davlat xazinasiga emas, feodallar qo’liga o’tadi. Immunitet feodal mulkchilik huquqini mustahkamlaydi. Immunitet hududida uning egasi erkin aholi ustidan ham nazoratga ega bo’lgan. Karl Buyuk bundan davlat hokimiyatini mustahkamlash, tartibini saqlash, qo’shin to’plash vazifasini immunistlarga yuklash sifatida foydalanmoqchi bo’lgan. Biroq, immunitet imtiyozlari kengayishi siyosiy tarqoqlikni keltirib chiqargan sabablardan biri bo’ladi.

Nima uchun Karl Buyuk davrida davlat kuchaydi?

Mahalliy boshqaruv feodallasha boradi. Graf o’z okrugini senoriga aylana boradi. Erkin aholi uning vassaliga aylanib qoladi. 877 yil Kersiy kapitulyariyi graf lavozimini merosiyligi e’tirof etadi.

Feodallashuvning tugallanishi imperiyani parchalanib ketishiga olib keldi. Iqtisodiy va etnik birlikka ega bo’lmagan xalqlarni o’rta va mayda feodallari qirolni qo’llab turgandagina davlatning yaxlitligi ta’minlanishi mumkin edi. IX asrga kelib feodallashuv tugagach, feodallarning markaziy xokimiyatga munosabati o’zgardi. Yirik feodallar mustaqil bo’lib olishdi, mayda va o’rta feodallar vassalga aylanib, o’z senorlari bilan ko’proq bog’langan edi. Dehqonlar esa qaram qilib bo’lingan edi. Dehqonlarni chiqishini bostirishni feodallarning o’zlari eplaydilar. Natural xo’jalik sharoitida Karolinglar davlati parchalanib ketishi muqarrar edi.

817 yil Karlning o’g’li Lyudovik imperiyaning o’g’illariga taqsimlab beradi. 843 yil uning vafotidan keyin o’g’illari Verdenda yangi taqsimlash haqida shartnoma tuzadilar. U hozirgi Fransiya, Germaniya, Italiyaga asos bo’ldi.
IV-VI asrlardaVizantiyada feodal munosabatlarning paydo bo’lishi va

rivojlanishi


  1. Vizantiya imperiyasining paydo bo’lishi. IV – VI asrlarda Vizantiyaning agrar tuzumi.

  2. Hunarmandchilik va savdo.

  3. Yustinian davrida Vizantiya.

  4. Vizantiyaga varvar qabilalari hujumi va uning oqibatlari.

330 yilda Rim imperatori Konstantin I Rim imperiyasi poytaxtini yunonlarning megara koloniyasi bo’lgan Bospor soxilidagi Vizantiy shaxarchasiga ko’chirib keladi. Yangi poytaxt imperator sharafiga Konstantinopol nomini oladi. Konstantinopolning poytaxtga aylantirilishi shaxarning qulay joylashuvi bilan izohlanadi: bu yerda Yevropadan Osiyoga, Qora dengizdan Egey dengiziga o’tadigan muhim savdo yo’llari kesishgan. Shahar ham quruqlikdan, ham suv yo’llari orqali yaxshi himoyalangan harbiy strategik markaz hisoblangan.

395 yil imperiya bo’linib ketgach, Sharqiy Rim imperiyasi tarkibiga Bolqon yarimoroli, Kichik Osiyo, Shimoliy Mesopotamiya, Armanistonning bir qismi, Suriya, Falastin, Misr, Kirenaika va Sharqiy O’rta Yer dengizining ko’plab orollari kirgan. Bu hududda greklar, daklar, frakiyaliklar, illiriyaliklar, ellinlashgan Kichik Osiyo qabilalari, armanlar, gruzinlar, yevreylar, suriyaliklar, koptlar, va b. yashashgan. Ellinlashish va romanlashish asosan shahar aholisiga xos bo’lib, ko’plab xalq va qabilalar o’z tillari, an'analari va madaniyatini saqlab qolishgan edi. Ammo imperiyaning anchagina quroq aholisi orasida grek tili keng tarqalgan bo’lib, imperiyaning davlat tili hisoblangan.

Imperiya eng qadimgi dehqonchilik madaniyati paydo bo’lgan hududlarni o’z ichiga olgan edi. Bu yerda donli ekinlar kup tarqalgan, Misr va Suriyada irrigasiya ishlari muhim o’rin tutgan. Uzumchilik, zaytun, bog’dorchilik, janubda xurmo ekinlari tarqalgan, chorvachilik ham katta ahamiyatga ega bo’lgan.

Sharqiy Rim imperiyasi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida bir qator farqli xususiyatlar mavjud: birinchidan, qishloq xo’jaligining tushkunligi kechroq, VI asr oxiridan boshlab sezila boradi. Ikkinchidan, latifundiya ko’rinishidagi yirik yer egaliklari paydo bo’lishi sekin borgan va ular kamchilikni tashkil qilgan. Yirik yer egaliklari asosan imperator tasarrufida bo’lib, u butun imperiyaga tarqalib yotgan edi. Vizantiya ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining yana bir farqi shuki, Sharqiy viloyatlar qishloq xo’jligida qul mehnatidan kam foydalanishgan (3–farqi).

IV-VI asrlarda ayniqsa Dunay bo’yi viloyatlarida, Frakiya, Makedoniya, Kichik Osiyoning markaziy viloyatlarida erkin dehqon egaliklari va jamoachilarning ahamiyati kuchli bo’lgan. Erkin dehqonlar qo’shni jamoa bo’lib yashaganlar (“miitrokamiya”) va davlatga soliq to’laganlar.

Vizantiyada kolonlik keng tarqalgan va kolonlarning katta qismi yerga biriktirilgan. Ular o’z xo’jayinlariga va davlatga majburiyat o’taganlar. IV-VI asrlarda asosiy ishlab chiqaruvchilar qullar emas, balki kolonlar va erkin jamoachilar hisoblangan.

Imperiya qishloq xo’jaligida qul mehnati g’arbdagi kabi muhim ahamiyatga ega bo’lmasada, Gresiyada, Kichik Osiyoning g’arbiy qismida, Suriya, Kirenaika, Misrda nisbatan tarqalgan edi. Qullar hali yirik yer egalari, imperator pomeste’sida va boy dehqonlar yerlarida ishlashgan. Qul mehnatidan foydalanishning bu davrdagi asosiy shakli ularga pekuliy ko’rinishida yer uchastkasi berib qo’yish bo’lgan. Qullardan bu usulda foydalanish mamlakatda qulchilik munosabatlarini tushkunligini birmuncha sekinlashtirgan.

Xulosa qilib aytganda, Vizantiya agrar tuzumining o’ziga xos tomonlari – erkin dehqonlar va dehqon jamoalarining saqlanib qolganligi, kolonlik tarqalishi sharqiy viloyatlarning barqarorligini ta'minlagan va quldorlik tuzumining inqirozini hamda feodallashishni sekinlashtirdi.

G’arbiy Rim imperiyasida shaharlar inqirozi kuchaygan bir paytda Vizantiyada VI asrda ham aholisi gavjum, savdo-sotiq rivojlangan Konstantinopol, Fessalonika, Korinf, Efes, Antioxiya, Bayrut, Damashq, Aleksandriya kabi yirik shaharlar bo’lib, ular muhim siyosiy, madaniy hamda rivojlangan hunarmandchilik va savdo markazlari hisoblangan. Vizantiyaning qulay quruqlik va dengiz savdosi yo’llari ustida joylashganligi, Konstantinopolning Osiyo va Yevropani bog’lab turuvchi ko’prik ekanligi ham mamlakatning iqtisodiy rivojiga ta'sir etdi. Vizantiya savdogarlari karvon va suv yo’li orqali So’g’diyona, Eron, Xitoy, Hindiston bilan savdo olib borganlar. Vizantiya savdogarlari Sharqdan ipak, fil suyagi, marvarid, ziravorlar keltirishgan bo’lsalar, kiyim bosh, shisha va b. olib borib sotar edilar. Shimolda Vizantiya dengizchilari Britaniya orollari va Skandinaviya sohillarigacha yetib borganlar. Vizantiya puli oltin solid – xalqaro valyuta rolini o’tagan. K. Marks Konstantinopolni Sharq va G’arb o’rtasida “oltin ko’prik” deb atagan edi. (Asarlar T. 9, 240b.)

Vizantiya Shaharlari hunarmandchiligida qul mehnatidan foydalanilgan. Shaxsiy ustaxonalarda – ergasteriyalarda ishlovchi qul – hunarmandlardan tashqari davlat va shahar munisipial idoralariga qarashli qullar ham ko’pchilikni tashkil etgan. Davlat qullari armiya uchun kiyim, qurol va saroy uchun buyumlar tayyorlash ustaxonalarida ishlaganlar.

Hunarmandchilikda ustaxonalarni qullarga pekuliy tarzida berilishi qul mehnatini samaradorligini oshiradi. Hunarmandchilik rivoji, shaharlardan va tashqi savdodan keladigan daromad hukumatga kuchli armiya va flot saqlashga imkon beradi. Bu Vizantiyaga keng istilochilik urushlari olib boriishga, varvarlar istilosini bartaraf etishga, kuchli markaziy hokimiyatga ega yaxlit davlat bo’lib qolishga yordam beradi.

Vizantiyaning gullab-yashnagan davri Yustinianning imperatorlik yillariga to’g’ri keladi (527-565 yillar). Yustinianning ichki siyosati mamlakat markazlashuvini va iqtisodini musthkamlash, savdoni rivojlantirish, yangi savdo makonlari topishga qaratilgan edi. Bu davrda Vizantiyaliklarning muhim yutuqlaridan biri pilla qurtidan ipak olishni o’zlashtirilishi bo’ldi. Xitoyliklar pilla olish usulini asrlar mobaynida sir saqlashgan. Rivoyatlarga ko’ra, ikkita nestorian monaxi ichi kovak hassasida pilla qurtini yashirincha Vizantiyaga olib kelishgan. VI asrdayoq Vizantiyaliklar Suriya va Finikiyada pilla yetishtirishni yo’lga qo’yadilar. Yustinian davrida shaharlarda savdo va hunarmandchilikning taraqqiyoti ko’plab qasrlar va ibodatxonalar qurishga imkon beradi. Mashhur Avliyo Sofiya ibodatxonasi ham shu davrda qurilgan edi.

Agrar siyosatda Yustinian yirik cherkov yer egaliklari o’sishini rag’batlantirgan, ayni paytda o’rta yer egaliklariga homiylik qiladi. Yirik yer egaliklarini, birinchi navbatda, eski senator aristokrat yer egalarining hokimiyatini cheklashga urinadi.

Yustinian davrida rim huquqi isloh qilinadi. Bu davrga kelib ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlardagi jiddiy o’zgarishlar eski huquqiy normalarni qayta ko’rib chiqilishini taqozo qiladi. 528-534 yillarda Tribonian boshchiligida Rim yurisprudensiyasi isloh qilinib, “Fuqaro huquqlari to’plami” tuzildi. U uch qismdan iborat bo’lgan:

1.Yustinian kodeksi – imperator Adriandan Yustiniangacha bo’lgan davrda chiqarilgan muhim qonunlar to’plami. 12 jilddan iborat bo’lgan.

2. Digestlar yoki Pandektlar – mashhur Rim yuristlarining fikrlari. 50 jilddan iborat.

3. Institusiyalar – Rim fuqarolik huquqi bo’yicha qisqacha qo’llanma.

Yustinianning o’zi 534-565 yillarda chiqargan qonunlar «Novellalar» nomini olgan.

Yustinian qonunlari imperiyada yashovchi turli xalqlar – fuqarolar o’rtasidagi farqni yo’qotishga xizmat qildi. Imperiyaning barcha erkin fuqarolari yagona qonunga bo’ysunadigan bo’lishdi. Yagona davlat, yagona qonun, – Yustinian qonunlarining asosiy g’oyasi edi.

Yustinianning tashqi siyosati Rim quldorlik imperiyasini tiklash maqsadiga qaratilgan edi. Buning uchun Rim imperiyasi hududida paydo bo’lgan varvar qirolliklarini bo’ysundirish kerak edi. Birinchi bo’lib Shimoliy Afrikadagi vandallar qirolligi, keyinroq Italiyadagi ostgot va Ispaniyadagi vestgot qirolligi zabt etildi. Yustinianga sharqda Kavkaz uchun Sosoniylar Eroni bilan uzoq urushlar olib borishga to’g’ri keldi. Bundan tashqari Vizantiya Xitoy, Hindiston va Seylon bilan savdoda Eron bilan doimo raqobatlashib kelar edi. Eron bilan 540 yilda boshlanib ketgan urush tanaffuslar bilan 562 yilgacha davom etadi. Sulhga ko’ra, Lazika (G’arbiy Gruziya) Vizantiyaga, Svanetiya Eronga tegadi.

V asr oxiri – VI asr boshlarida Vizantiyaga slavyanlar qabilalarining ommaviy yopirilib kirishi boshlanadi. Yustinian davridan keyin davlatning kuchsizlanishi mamlakatni slavyanlar tomonidan egallab olinishiga sharoit yaratgan. Vizantiyalik tarixchi Mavrikiy «Strategikon» asarida slavyanlarning o’troq dehqonchilik bilan shug’ullanishganini yozadi. Buni arxeologik tadqiqotlar ham tasdiqlaydi. Ularda chorvachilik, baliqchilik, ovchilik ham muhim o’rin tutgan. VI asrda slavyanlarda urug’ munosabatlari yemirilishi boshlanadi.

Vizantiyada VI asrda yashagan boshqa bir tarixchi Prokopiy Kesariyskiy ma'lumotlariga asoslanilsa, slavyanlarning siyosiy tuzumi harbiy demokratiyaga xos ko’rinishda bo’lgan. «Bu qabilalar, sklavinlar va antlar, – yozadi u, – bir kishi tomonidan boshqarilmaydi…». Muallif eng muhim ishlar ularda xalq yig’inida hal qilinishini, har bir qabila knyaz deb atalgan o’z yo’lboshchisiga ega ekanligini ham ta'kidlaydi.

Mavrikiy slavyanlarni “qulga aylantirish yoki bo’ysundirishning iloji yo’q” ligini yozadi. Slavyan va boshqa varvarlarning kirib kelishi qulchilikka asoslangan yirik yer egaliklarini qisqarishiga olib keladi. Yirik yer egaliklari feodal asosda tashkil qilina boradi, qul mehnati o’rniga qaram dehqonlar mehnatidan foydalanishga o’tiladi.

Shunday qilib IV asrdan VII asrgacha Vizantiyada quldorlik munosabatlari yemirilib, feodal tuzum belgilari paydo bo’ladi. Quldorlik munosabatlarining uzoq vaqt saqlanib qolganligi, erkin qishloq jamoalarining barqarorligi Vizantiyada feodalizm genezisining o’ziga xos jihati hisoblanadi. Katta shaharlar savdo-hunarmandchilik markazi sifatida ahamiyatini yo’qotmagan.

Ilk o’rta asrlarda kuchli markaziy hokimiyatning mavjudligi Vizantiyada feodalizm genezisining yana bir muhim farqi hisoblanadi. Vizantiyaning ma’muriy tuzilishi o’zgaradi. Eski diosez va viloyatlar yangi harbiy-ma’muriy okrug fem bilan almashadi. Femlarning harbiy kuchlarining asosini stration maqomini olgan erkin dehqonlar tashkil qilgan. Stration yer egaliklari imtiyozli bo’lib, ba’zi majburiyatlardan ozod etilgan. Fem qo’shinining komandiri – stratig harbiy va fuqarolik hokimiyatini amalga oshirgan.

Fem tuzumi davlatning markazlashuvini birmuncha kuchsizlantirgan. Bu esa feodallashish jarayoni bilan bog’liq edi. VIII asr – IX asr I yarmida Vizantiya shaharlarining tushkunlik davri hisoblanadi. VIII asr IX asrning I yarmida Vizantiya qishloqlarida erkin qishloq jamoasining ahamiyati katta bo’lgan. Uning yemirilishi asosida feodal munosabatlar shakllana boshlaydi. VIII asrda yaratilan “Dehqonchilik qonunlari” bu haqda ma’lumot beradi. Haydaladigan yerlar, bog’lar, uzumzorlar jamoachilarning shaxsiy mulki hisoblangan. Bo’linmagan yerlar: yaylov, o’rmon, buloq va jamoa mulki hisoblangan. Jamoaning barcha mulki yagona soliq okrugi tashkil qilgan.

Jamoalarning jipslashuvida slavyanlar koloniyasining muhim o’rin tutgan. Hayot tarzi, tili va madaniyatiga ko’ra begona muhitga tushib, slavyanlar jamoa aloqalarini rivojlantirganlar. Armanlar, suriyaliklar va b. ham shunday ahvolda bo’lganlar.

Slavyanlarga sekinlik bilan toifalanish va imperiyadagi rivojlangan tovar – pul munosabatlari tufayli allod paydo bo’ladi. Yangi tipdagi yer egalari shakllanadi. Yirik yer egalari jamoa yerlarini tortib olib, jamoachilarni o’zlariga bo’sundirishlariga qarshi 820 yilda Kichik Osiyoda Foma Slavyanin boshchiligida qo’zg’olon boshlanadi. Qo’zg’olonda dehqonlar, shahar kambag’allari va qullar ishtirok etgan. Hukumat qiyinchilik bilan 823 yilda qo’zg’olonni bostiradi. Xalq harakatlari bostirilgandan keyin jamoaning qarshiligi pasayadi. Qo’zg’olonlarni bostirish paytida ko’plab jamoa yerlari egallab olinadi. IX-XI asrlardagi hosilsizlik va epidemiyalar ham dehqonlarni xonavayron qiladi. Kasod bo’lgan dehqonlar o’z yerlarini boy kishilarga (dinat) topshirib, qaram kishi sifatida parik xo’jayin yeridan foydalanadilar. Ba’zilari shaharlarga ketib qoladilar. Ba’zida dinatlar jamoachilarni pariklarga aylantirganlar.

Erkin dehqonlar fem tuzumining, imperiyaning harbiy va moliyaviy qudratining asosi edi. Shuning uchun Makedonskiy sulolasi imperatorlari dehqonlar yerlarini tortib olinishiga qarshi qonunlar chiqaradilar. Bu qonunlarga dinatlar amal qilmaganlar.

IX-X asrlarda dehqonlarning hammasi pariklarga aylandilar, ya’ni o’z mulklarida ishlagan bo’lsada, yerga egalik huquqidan mahrum bo’lishgan. IX-X asrlarda ham pomeste’larda qul mehnatidan foydalanish hollari uchragan. IX-XI asrlarda feodal rentasi pul va mahsulot ko’rinishida bo’lgan. VII asr o’rtasida Vizantiya hududi VI asr o’rtasidagiga qaraganda ikki barobar kichrayadi.


Yüklə 488,58 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə